OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mualliflik huquqini bilasizmi?

O‘tgan asrning yetmishinchi yillari oxirlarida matbuotda "Mash­hur g‘azallar tahlili" rukni paydo bo‘ldi. Bu mumtoz g‘azallarni o‘rganish yo‘lidagi yaxshi o‘ylangan yo‘l edi. Biroq tahlil uchun eng mashhur­ va manzur g‘azallar tanlanardiyu, ularning mohiyati sayoz yoritilardi. G‘azal janri, uning mutolaasi va tahlili mening sevimli mashg‘ulotim bo‘lganligi uchun, bu holdan juda iztirob chekardim. Shu boisdan, bunday tahlillarga javoban "Tahlil mukammal bo‘lsin" sarlavhali tanqidiy maqola yozdim.

 Maqolam "O‘zAS" haftanomasi (1987 yil, 27 fevral soni)da "G‘azal va tahlil" sarlavhasi bilan e'lon qilindi. Unga javoban mazkur rukn muallifi, rahmatli professor Ismatulla Abdullaev, mumtoz adabiyot mutaxassislari va navoiyshunos professorlar G‘ulom Karimov, Abduqodir Hayitmetov, Alibek Rustamovning aks sado maqolalari bosilib chiqdi. Mening fan nomzodligi dissertatsiyam g‘azal janri bo‘yicha bo‘lishidan tashqari, o‘sha paytda ishlab turgan maskanim O‘zRFA Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti o‘zbek adabiyoti tarixi bo‘limida "Navoiy qomusi" yaratish ishlari boshlangan, shoirning ming­ga yaqin g‘azali tahlili rejasi qomus so‘zligiga kiritilgan va ularning anchaginasini yozish  kaminaning chekiga tushgan edi. Shu sababdan, g‘azal tahlili bilan jiddiy shug‘ullanish ilmiy ijodimning alohida yo‘nalishiga aylanib qoldi. Navoiyning ko‘plab g‘azallari tahlilini yaratdim va matbuotda e'lon qildim. Alisher Navoiy g‘azallari tahlili asosida "Satrlar silsilasidagi sehr" nomli maxsus kitob (T., "O‘qituvchi", 1996) chop ettirdim. Yangi 10-sinf darsligida Navoiy lirikasini va yana o‘nga yaqin mumtoz adiblarimiz hayoti va ijodini yoritishimga to‘g‘ri keldi. Bunda ham mumtoz g‘azallar tahliliga munosib o‘rin ajratdim. Ustozim B.Qosimov hammuallifligida yozilgan bu dars­ligimiz to‘rt marta, jami besh yuz ming nusxadan ortiq miqdorda nashr etildi. O‘qituvchilardan g‘azal tahlillarining amaliy natijasi haqida e'tiroflar eshitilib turdi. Xullas, g‘azal tahlili ommalashib ketdi.

G‘azal tahlili borasida boshqa she'rshunos hamkasblarning faoliyatini ham kuzatib boraman. Ba'zan nodir va mukammal tahlillar e'lon qilinsa quvonaman va qoniqish hosil qilaman. Ammo ushbu yil boshida nufuzli bir gazetamizda ikkita g‘azal tahlili bosilib chiqdi. Qoniqmadim. Tahlillar o‘tgan asr yetmishinchi yillarida tanqidga uchragan sayozlikka tushib qolgan. Mualliflari tanish hamkasb­larim, "Aytsam, tilim kuyadi, ayt­masam, dilim kuyadi" qabilidagi kayfiyatda yurgan edim, "Ma'rifat" gazetasida (2008 yil, 26 yanvar) e'lon qilingan "Bir g‘azal tahlili" hammasidan oshib tushdi.

Metodist  N.G‘ulomova tomonidan e'lon qilingan "Bir g‘azal tahlili"  ko‘chirmakashlik asosiga qurilgan maqola bo‘lib chiqdi. Navoiyning:

Jong‘a chun dermen: "Ne erdi o‘lmakim kayfiyati?"
Derki: "Bois bo‘ldi jism ichra marazning shiddati"

- matlali g‘azaliga men yozgan sharhni N.G‘ulomova o‘z maqolasiga ko‘chirgan, ayrim qismlarini esa o‘z xohishiga ko‘ra buzib tatbiq etgan. Bunga ishonch hosil qilish uchun maqola matnini mening tahliliy maqolam e'lon qilingan quyidagi manbalar bilan taqqoslash mumkin: "Ishq o‘ti - azal qismati", "Yosh leninchi" gazetasi, 1991 yil, 28 sentyabr; "Satrlar silsilasidagi sehr" nomli o‘quv qo‘llanma, T., "O‘qituvchi", 1996, 71-77-betlar; "O‘zbek adabiyoti", 10-sinf uchun darslik, 1999 yilgi nash­ri, 60-67-betlar; 2000 yilgi nashri, 64-69-betlar; 2001 yilgi nashri, 64-69-betlar; 2003 yilgi nashri, 62-67-betlar. Adabiyotlar sirasini bu qadar batafsil keltirishimizning ma'nosi shuki, ushbu mashhur g‘azal tahlilini butun ma'rifiy jamoatchilik biladi-ku, qanday qilib boshqa birov uni o‘z nomidan e'lon qilishi mumkin? Yoki tahririyatga taqdim etilgan bu tahlilni nahotki muharrir tanimaydi? Bizningcha, boshqa tahririyatlar muharrirlari bundan mustasno bo‘lishlari mumkindir, biroq "Ma'rifat" muharrirlari umumiy o‘rta ta'lim materialini bilishga burchli.

Har bir g‘azal tahlili ham o‘ziga xos asar hisoblanadi.U muallifning daxlsiz intellektual mulkidir. Uni o‘zgarishsiz aynan ko‘chirib o‘zlashtirish yoki imoratini vayron qilib o‘zlashtirish mumkin emas. Hatto, g‘azal matnidagi har bir tinish belgisi ham  g‘azal tahlili muallifining xususiy talqi­ni bilan aloqador. Chunki har bir tinish belgisi ham qandaydir ma'no yoki ma'no tovlanishini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi. Qiyoslab ko‘ring, g‘azalning birorta nashrida ham tinish belgilari bizning talqinimizdagidek o‘rniga qo‘yilmagan.

Maqola aynan ko‘chirilganligi haqida qiyosiy dalillar ko‘p. Shulardan kichkina bir parchani misol uchun keltiramiz: "G‘azal ishqiy-falsafiy mavzuda bo‘lib, munozara yo‘sinidagi sharhi hol, izhor uslubida yaratilgan. Lirik qahramonning ishqiy qismati, kechinmalari hajviy ruhda yuzaga chiqarilgan". ("Satrlar silsilasidagi sehr", 71-72-betlar).

"G‘azal ishqiy-falsafiy mavzuda bo‘lib, munozara shaklida, shar­hi hol, izhor uslubida yaratilgan. Lirik qahramonning ishqiy qismati, kechinmalari hajviy ruhda berilgan" ("Bir g‘azal tahlili" maqolasi).

Maqolada ko‘chirilgan o‘rinlar shu qadar ko‘pki, ularni qiyos uchun keltirish katta joy ajratishni taqozo etadi. Bunga ehtiyoj ham yo‘q, nazarimizda.

Jamiyat huquqiy tafakkurini yuksaltirish milliy dasturi qabul qilinganiga o‘n yildan oshdi. Ammo huquqiy madaniyatning shakl­lanishi hamon qiyin kechmoqda. Ko‘chirmakash (plagiator)lik huquqbuzarligining tez-tez uchrab turishi mana shu huquqiy savodxonlik va huquqiy madaniyat yetishmayotganligining asoratidir. Jamoatchilikning huquqiy madaniyati yetarli bo‘lmaganligi uchun bunday hodisalarning mohiyatini anglab yetmaydi va ularga yetarli e'tibor bermaydi. Hatto, ayrimlarning o‘z qilayotgan ishi to‘g‘ri emasligi, qonunga zid ekanligi, boshqa birovning huquqini poymol etishi mumkinligi xayoliga ham kelmaydi. Oqibatda, bunday hodisalar ko‘payib bormoqda.

Shu ishni amalga oshirgan shaxs­ga oddiy hol bo‘lib ko‘ringan ko‘chirmakashlik, aslida, ma'naviy o‘g‘rilik, demakki, ma'naviy jinoyatdir. Axir, oddiygina mantiqdan kelib chiqsak, bir-biridan ko‘chirgan o‘quvchiga yomon baho qo‘yiladi-ku ?! Nahot, o‘qituvchining bunday qilmishiga izn berilsa? Ko‘chirmakashlik - jismoniy o‘g‘rilikdan-da dahshatliroq hodisa. Sharqning buyuk va mashhur donishmandi Kaykovus "Qobusnoma" asarida aytgan ekan: "Bilg‘il, aql bir moldirki, uni o‘g‘ri ololmas". Bundan yanada aniqroq anglashiladiki, ko‘chirmakashlik aql va fikr o‘g‘riligidir. Kaykovus aytganidek, aqliy (intellektual) mulkni o‘g‘irlash - imkonsiz. O‘g‘irlangan moddiy mol-mulk­ni turli yo‘llar bilan yo‘qotish mumkin, lekin ma'naviy o‘g‘rilikning izini yo‘qotish imkondan tash­qari. Chunki ko‘chirilgan matnning manbasi ham, o‘zi ham ommaviy nusxada ko‘paytirib tarqatiladi va saqlanadi.

Ko‘chirmakashlik mualliflik huquqida quyidagicha aniq ta'rifga ega: "Har qanday asar - ilmiy maqola, badiiy, musiqiy yoki bosh­qa ijod namunalari muallif aqliy faoliyatining mahsulidir. Ularni e'lon qilish  muayyan shaxs­ning mualliflik huquqini mustahkamlaydi. Mualliflikning boshqa shaxs tomonidan o‘zlashtirilishi uning o‘zgalar yozgan asarni o‘zining nomi bilan (plagiatlik yo‘li bilan) to‘la yoki qisman har qanday usulda chop etish bilan e'lon qilishda ifodalanadi". ("O‘zbekis­ton Respublikasining Jinoyat kodeksiga sharhlar". Toshkent, "Adolat", 1997 yil, 177-bet). Tushunarli bo‘lishi uchun, sharhdagi ayrim tushunchalarni yanada soddaroq sharh­lashga  urinib ko‘ramiz. Sharh­dagi: "Mualliflikning boshqa shaxs tomonidan o‘zlashtirilishi" tushunchasi - aynan ko‘chirmakashlikni anglatadi. Mualliflik huquqi bilan bog‘liq ko‘p holatlarda, ayniqsa, metodistlarimiz: "Metodika sohasidagi ishlarda boshqa tad­qiqotlardan falon foiz ko‘chirishga imtiyoz bor", degan da'voni o‘rtaga qo‘yadilar va bu bilan o‘zlarini oqlamoqchi bo‘ladilar. Ushbu da'voning xomxayol va asossiz ekanligiga iqror bo‘lish uchun mazkur sharhdagi: "to‘la yoki qisman har qanday usulda" degan so‘zlarga yana bir bora diqqat bilan e'tibor berilishini so‘raymiz. Bundan aniq tushuniladiki, birovning mualliflik mulkini xoh to‘la bo‘lsin, xoh qisman bo‘lsin, har qanday usulda, masalan, keltirilgan maqoladagidek turli guruh va rollarga taqsimlab tashlab o‘zlashtirish ham ko‘chirmakashlikdir. Mualliflik huquqini o‘zlashtirishda biror-bir sub'ektga alohida imtiyoz berilishi hech qanday qonun hujjatida ko‘zda tutilmagan. Bunday bo‘lishi adolat mezonlariga ham to‘g‘ri kelmasdi.

Jinoyatning bu turi uchun jazo muqarrar, faqat xalqimizning milliy mentalitetidagi andisha tufayli u ijrosiz qolib kelmoqda. Bu O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida quyidagicha mustahkamlangan: "Tafakkur mulki ob'ektiga nisbatan mualliflik huquqini o‘zlashtirib olish... - eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq bilan jazolanadi" (O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga sharhlar. Toshkent, "Adolat", 1997 yil, 177-bet).

Xo‘sh, birovning intellektual mulkidan, aytaylik, ijodiy asaridan ko‘chirmakashlik qilmasdan foydalanish mumkinmi? Albatta, bemalol. Buning yo‘li juda oddiy. Ilmiy ishning oddiy qonun-qoidalaridan xabardor odamlarga malol kelmasin-ku, oshkora ko‘chirmakashlikka yo‘l qo‘ygan kishilar shu odatiy holdan ham bexabardek taas­surot uyg‘onadi kishida. Kimning­dir asaridan ko‘chirma olib ishlatganda, albatta, muallifning ism-familiyasini  va asari joylashgan manbani ko‘rsatish zarur. Bu ishning nomi "havola" deyiladi. Olingan parcha, albatta, qo‘shtirnoq ichida keltirilishi lozim. Bu o‘zgalarning ijodiy mahsulidan foydalanishning odob-axloq va huquq normalariga to‘g‘ri keladigan halol yo‘li. Boshqalarning asarlaridan foydalanib, yangi asar yaratish hodisasi ham bor. Bu ijodiy ish "hosila asar" deb nomlanadi. Uning qonun-qoidalari mualliflik huquqi to‘g‘risidagi qonunda va huquqshunoslikka doir ilmiy kitob­larda ko‘rsatilgan. Biroq uni g‘azal tahlili haqidagi maqolaga tatbiq etib bo‘lmaydi.

Ba'zan, muallifning o‘zi ko‘chirma olishning qonun-qoidalarini kelishtirgan bo‘lsa ham, tahririyat xodimlari bilib-bilmay mualliflik huquqiga xilof harakatlarni sodir etishlari mumkin. Ular asarni ommabop ko‘rinishga keltiraman deb, uning ilmiy apparatini, ya'ni havola va qo‘shtirnoqlarini olib tashlaydilar. Matnni yalpisiga tahrir etib, o‘zgartirib yuboradilar. Natijada, asos asar bilan ko‘chirma olgan muallif matn­lari shu qadar aralashib ketadiki, ularni ajratib bo‘lmay qoladi. Qoidaga ko‘ra, qo‘shtirnoq ichidagi ko‘chirmalarni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Bunda muharrir asos asar muallifining ham, ko‘chirma olgan muallifning ham mualliflik huquqini bir yo‘la buzib yuboradi.Bundan ko‘ra, maqolani ilmiy uslubni ko‘taradigan matbuot nash­riga tavsiya etib yuborgan afzal.

Ko‘chirmakashlikdan tashqari, "Bir g‘azal tahlili" maqolasida boshqa qator nuqsonlar ham yuz ko‘rsatib turibdiki, bu har kim o‘z qobiliyati, layoqati va salohiyati darajasidagi ishni qilishi lozimligidan dalolat beradi. Mumtoz adabiyot tahlili bilan shug‘ullanish uchun shu sohaga ixtisoslashish va kamida o‘n yillik ilmiy tajribaga ega bo‘lish kerak. Aks holda, Gulxaniy masalidagi duradgorga taqlid qilib, dumchasidan ayrilib qolgan maymun holiga tushish  hech gap emas. Fikrimiz isboti uchun maqolaga ham ilmiy, ham metodik nuqtai nazardan  yondashib ko‘raylik.

Asosiy maqsad Navoiy g‘azallarini guruhlarga, rollarga bo‘lib o‘rganish haqida tavsiya berishdan iborat bo‘lgan. G‘azal tahliliga bag‘ishlangan darsning taxminiy stsenariysi bayon etilgan. Stsenariy ijrochilari o‘qituvchi, guruhlar, o‘quvchilar. Stsenariyda bizning qalamimizga mansub g‘azal tahlili mana shu rollarga taqsimlab tashlangan. Bu hozirgi metodikada moda bo‘lgan ishchan o‘yinlarning bir ko‘rinishi bo‘lsa kerak. Lekin, mening sobiq o‘quvchi, sobiq maktab o‘qituvchisi va adabiyotshunos mutaxassis sifatidagi qat'iy  fikrim shuki, dars - o‘yin emas. O‘yin - o‘yin, dars - dars. Darsni o‘yinga aylantirish - gunoh. Dars o‘ta mas'uliyatli va muqaddas jarayondir. Yoshlarning tafakkuri shakllanadigan ushbu nozik jarayon har qanday shaklbozlikni ham ko‘tarmaydi. No‘noq o‘qituvchigina sun'iy stsenariyga, sxematik andozaga muhtoj bo‘ladi. Mahoratli, rejissura qobiliyatiga ega bo‘lgan o‘qituvchi esa stsenariysiz ham, tabiiy ravishda darsni qiziqarli, maroqli sahna tomoshasidek tashkil eta oladi. Atoqli allomalarimiz, ijodkoru san'atkorlarimiz o‘yinlarsiz va stsenariylarsiz ham mumtoz adabiyotni mukammal o‘zlashtirishgan.

Mazkur stsenariy o‘qituvchi va o‘quvchilarga nima beradi? U qanday amaliy ahamiyatga ega? Tasavvur qilaylik, o‘qituvchi va o‘quvchilar tayyor stsenariy asosida g‘azal tahlilini yodlaydilar hamda ijro etadilar. Biroq bu g‘azalni chinakamiga mutolaa, tahlil etish, mag‘zini chaqish mashqi emas, balki, nari borsa, g‘azal tahlilining imitatsiyasi (taqlidiy ijrosi) xolos-ku! Undan ko‘ra, g‘azal tahliliga ijodiy, mustaqil yondashish, har bir so‘z, obraz izohlarini, mazmun-mundarijaning silsilaviy, tadrijiy takomilini proektor orqali yoritib tushuntirish, har bir bayt mag‘zini o‘quvchilarning o‘zlari chaqishlariga imkon berish, so‘ng ularning tahlillarini tuzatish, to‘ldirish, umumlashtirish, xulosa hosil qilish ma'qul emasmi? Bizningcha, o‘quvchilar guruhlarini bu tariqa faollashtirish, g‘azal mohiyatini shu yo‘l bilan singdirish afzal. Metodist tavsiyasiga amal qilinsa, faqat rol ijro etuvchi o‘quvchilargina faollashadi. Bu faollik ham tavsiya etilgan andoza bilan chegaralangan. Ijodiy tahlilda esa, agar o‘qituvchi shunday muhitni tashkil eta olsa, barcha o‘quvchilar faollashadi, har bir o‘quvchi fikr bildirishga intiladi, biror o‘quvchi befarq o‘tirmaydi. Eng muhimi, g‘azal mohiyati to‘liq ochiladi va  o‘quvchi tahlilda bevosita o‘zi ishtirok etgani uchun, uni tushunib o‘zlashtiradi. Agar kimdir bular bir olimning quruq nazariy fikrlari, deb o‘ylasa, ma'zur tutgaylar. Kamina oliy tahsildan so‘ng o‘zim o‘qib bitirgan oddiy o‘rta maktabda, keyinchalik poytaxtdagi Nafis san'at litseyida va oliy o‘quv yurtlarida adabiyot fanini o‘qitganimda, bunday darslarning zavqini xo‘b tuyganman. Hozir ham shu sevimli "Jong‘a chun dermen..." g‘azalimni yilda o‘nlab navoiyxonliklarda soatlab og‘zaki tahlil etaman va bundan katta zavq-shavq tuyaman, har tahlil etganimda yangi, nozik ma'no qirralarini kashf etaman.

Tahlilda birinchi asos manba, shubhasiz, g‘azalning matnidir. Matn esa butun va nuqsonsiz bo‘lishi shart. N.G‘ulomova maqolasida esa matnga tegishli xatolar ko‘p. Masalan, "kecha kelgumdur" - "kecha kelgumdir", "qaro ko‘zum" - "qaro ko‘zim", «yordin ayru ko‘ngul» -"yordin ayru ko‘ngil", "jong‘a " - "jonga", "vaz'ingg‘a" - "vaz'in­g‘a", "o‘t tushti" - "o‘t tushdi" tarzida asliyatga nomuvofiq yozilgan.

"Bahri bayt" termini "bahru bayt" shaklida xato qo‘llangan. Ma'lumki, har bir harf o‘zgarishi mazmunni o‘zgartirib yuboradi."Bahri bayt" birikmasidagi 
"-i"­­­­­­ - forsiy izofa bo‘lib, u qarat­qich-qaralmish munosabatlarini ifodalaydi. Hozirgi o‘zbek tilida qaratqich kelishigi qo‘shimchasi "-ning"ga to‘g‘ri keladi. Arabcha "bahr"  so‘zi dengiz ma'nosini anglatadi. Agar tarjima qilinsa, "baytlar ummoni" mazmuni kelib chiqadi. Izofali birikmadagi "-i" befarqlik bilan "-u" deb yozilsa, bu asl mazmun boy beriladi. Chunki unda "-u" hozirgi tilimizdagi teng bog‘lovchi vazifasini bajaradi hamda "va"  bog‘lovchisiga to‘g‘ri keladi. Oqibatda, "bahru bayt" - "dengiz va bayt" mazmunini kasb etadiki, bunda adabiy termin o‘z mohiyatini yo‘qotadi va mantiqsiz bir narsaga aylanib qoladi.

Xullas, bir maqola tahlili munosabati bilan mualliflik huquqiga doir kuzatishlarimizdan qanday tavsiyalar kelib chiqadi? Mualliflik huquqining buzilishidan qanday saqlanish mumkin? Tahririyatlarimiz  ko‘chirmakashlik mahsullaridan o‘z sahifalarini asrashining yo‘li bormi?

Bu o‘rinda, jamiyat a'zolarining huquqiy savodxonligi, huquqiy madaniyati va huquqiy tafakkurini yuksaltirish muammolarning oqilona yechimini topishda muhim omillar sanaladi. Hozircha, matn­da ko‘chirmakashlik unsuri bor-yo‘qligini tekshirib ko‘rish imkoniyatini beradigan "antivirus"ga o‘xshash "antiplagiat" mexanizmini ishlab chiqish farazligicha qolmoqda. Biroq har bir maqolaga hushyorlik, ehtiyotkorlik bilan yondashish, shubhali maqola muallifidan asarida ko‘chirmakashlik unsuri yo‘qligi haqida yozma iqrornoma olish  matbuot va nashriyotni plagiat xavfidan biroz muhofaza etishi mumkin. Matbuot nashrlari juda ko‘payib ketganligi tufayli har bir maqolaga nisbatan talabchanlik, muallif bilan matn ustida jiddiy ishlash tajribasi taomildan qolib ketdi. Buni qaytadan yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Nusratullo JumaxO‘ja, filologiya fanlari doktori

"Ma'rifat" gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.