OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Toshboltayev. Farg‘oniy haqiqati

Sharqona udumga ko‘ra, ustoz ota qatorida turadi. Zotan, sha’ni, qadri benihoya yuksak tutiladigan bu zotning benazir xizmati, bir qarashda, oddiydek tuyuladi. Ustoz bergan ta’lim shogirdga ilm qasrining eshiklarini ko‘rsatib turadi, xolos. Ularni topish va ochishni, qasrga kirishni eplash esa shogirdning iqtidori va zahmatkashligiga bog‘liq. Zero, undan aql, talant, eruditsiya kabi fazilatlar talab etiladi. Ko‘pchilik ma’qullaydigan ushbu fikrni inkor etmagan holda, tirishqoqlik bilan maqsad sari intilish va ustozlar tajribasidan samarali foydalana olish ham juda kerakli xislatlar ekanini ta’kidlash joiz. Ilmu fan tarixida bunga misollar ko‘p. Mana, shulardan biri.

Sonya ismli rus qizi 15 yoshidan oliy matematika bilan mustaqil shug‘ullana boshlaydi. Maqsadi oliy o‘quv yurtiga kirib, matematik bo‘lish. Ammo o‘sha davrda Rossiyada qiz bola oliy o‘quv yurtiga kirish uchun turmushga chiqishi va erining roziligini olishi lozim edi. Yosh Sonya o‘z maqsadiga erishish yo‘lida shunday tadbir qo‘llaydi: yosh olim Vladimir Kovalevskiy bilan soxta nikohdan o‘tib, Berlin universitetiga kirish ishtiyoqida Germaniyaga jo‘nab ketadi. Omadi chopmaganiga qaramay, Sonya o‘sha davrning yirik matematik olimi Karl Veyershtrassdan to‘rt yil ta’lim olishga erishadi. O‘zining o‘ta tirishqoqligi va noyob iste’dodi tufayli u birinchi rus ayol matematigi va Peterburg fanlar akademiyasining birinchi ayol muxbir a’zosi Sofya Kovalevskaya bo‘lib jahonga taniladi.

Ilmda ustozlar va o‘tgan avlod vakillari tajribasining beqiyos ahamiyatini ulug‘ ingliz olimi Isaak Nyutonning tan olib aytgan quyidagi so‘zlari ham tasdiqlaydi: “Agar men boshqalardan uzoqroqni ko‘ra olgan bo‘lsam, buning sababi mening ustozlarim yelkasida turganimdadir”. Uning ustozlari Nikolay Kopernik, Galileo Galiley, Iogann Kepler edi. Nyutonning dahosi o‘zigacha to‘plangan bilimlarni umumlashtirib, mexanikaning asosiy qonunlarini, jumladan, butun olam tortishish qonunini kashf qilinishini ta’minladi.

Ammo chinakam ustozning zimmasida bir qiyin vazifa ham turadi. Bu — shogirdlarini nafaqat mehnat qilishga, balki fikrlashga ham o‘rgatish.

Hikoya qilishlaricha, radioaktivlik va atom tuzilishi ta’limoti asoschilaridan biri, Nobel mukofoti sovrindori ingliz fizigi Rezerford ilmda o‘zining mustaqil fikriga ega bo‘lishga intiladigan yosh tadqiqotchilarni g‘oyatda qadrlar va ularni o‘zining e’tiboridan hecham soqit qilmas ekan. Bir kuni kechki payt laboratoriyaga kirib kelgan Rezerford jihozlar oldida o‘tirgan shogirdlaridan birini ko‘rib, undan nima qilayotganini so‘rabdi. “Tajriba o‘tkazayapman”, debdi shogirdi. “Ertalab nima ish qildingiz?”, so‘rabdi ustoz. “Tajriba o‘tkazganman”. “Kunduzi-chi?” “Kunduzi ham tajriba o‘tkazdim”. Shunda olim ajablanib: “Axir, tunu kun ish bilan band bo‘lsangiz, qachon siz fikrlaysiz?”, degan ekan.

Nafsilambirini aytganda, yoshlarni mustaqil fikrlashga o‘rgatish uchun Rezerford bo‘lish shart emas. Hafsalali ota-ona bo‘lishning o‘zi kifoya.

Aytaylik, siz vaqt topib yosh bolangiz yoki nevarangizni muzey yoxud kutubxonaga, majburlab bo‘lsa-da, olib borishni odat qilgansiz. Bola muzey xodimining hikoyasini yoki kutubxonachining suhbatini to‘la-to‘kis tushunavermaydi, albatta. Lekin muqovasi yaltiroq kitoblarni qo‘liga oladi, varaqlab ko‘radi. Chiroyli osori-atiqalarni hayratlanib tomosha qiladi, ulardan o‘zicha zavq oladi...

Shu zayl, oradan 15-20 yil o‘tib, muzeyga, kutubxonaga qatnash bolangiz yoki nevarangiz hayotining ajralmas qismiga, ya’ni doimiy odatiga aylanadi. Endi uni fikrlashga turtki beradigan bu maskanlarga majburlab olib borishga hojat yo‘q. Endi u fikrni o‘zi mustaqil izlaydi.

Ha, buyuk ustozlarning ulug‘ xizmatlarini nafaqat ularning hayratlanarli ilmiy kashfiyotlaridan, balki qanday shogirdlarni tayyorlaganlaridan ham bilsa bo‘ladi.

Bobokolonimiz Mirzo Ulug‘bek ulkan saltanatni boshqara turib, 1018 ta yulduz g‘oyat aniqlik bilan joylashtirilgan “Ziji Ko‘ragoni”dek ulkan astronomik kashfiyot qilgan, Quyosh sistemasi jismlari harakatini ilmiy asosda tushuntirib bergan, “Arifmetikaga oid risola”, “Kasr sonlar haqida risola” kabi matematikaga oid bir necha bebaho asarlarni yaratgan va ayni paytda, Ali Qushchidek zabardast olimni tarbiyalashga ham vaqt topa olgan.

Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika sohasining yirik olim Vsevolod Romanovskiy Toshkent matematika maktabiga asos solgan bo‘lsa, uning shogirdi Sa’di Sirojiddinov jahon ilmiy jamoatchiligi tomonidan yuksak baholangan ehtimolliklar nazariyasiga oid teran tadqiqotlari bilan ustozi yaratgan maktabning dovrug‘ini dunyoga yoydi. Shu bilan birga, oltmishdan ortiq fan doktori va nomzodlarini tayyorladi.

Haqiqiy ustoz shogirdiga bilimining ilmiy asosini singdiradi, uni ratsional tadqiqot usullari va izlanish yo‘nalishlarini topishga, eng muhimi, ilmiy fikrlashga o‘rgatadi. Zero, Nobel mukofoti sovrindori Bregg: “Ulug‘ ustozlar bizlarga yangicha fikrlash qobiliyatini in’om etganlardir”, deb bekorga aytmagan.

Haqiqiy shogird esa, ustozining bilim va tajribalarini qadrlaydi, ishlarini davom ettiradi, rivojlantiradi. Eng muhimi, keyinchalik fanda o‘z yo‘nalishini yaratadi. Shu o‘rinda shogirdning asosiy vazifasi nimadan iborat, degan savolga mashhur olimlardan biri bergan javobni keltirish joizdir: “Dastlab ustozga taqlid qilish, unga ergashish, keyinchalik unga taqlid qilmaslik va ergashmaslik, ilmiy izlanishlarda o‘zini unga qarama-qarshi qo‘yish va undan o‘zib ketish”.

Ustozlari yaratib ketgan ilmiy maktablarni saqlab qolish va rivojlantirishga harakat qilayotgan oqil shogirdlar mashhur frantsuz matematigi va faylasufi Anri Paunkarening: “Fan kollektiv ijoddir, boshqa biron narsa bo‘lishi mumkin emas; u asrlar davomida quriladigan ulug‘ bir imoratga o‘xshaydi, bu yerga har bir odam bittadan g‘isht olib keladi-yu, ammo shu g‘ishtni keltirishga ko‘pincha uning butun umri ketadi”, degan hikmatli gapini doimo yodlarida saqlasalar nur ustiga nur bo‘lur edi.

Albatta, shogirddan bilim talab qilinadi. Ammo ortiqcha bilimlarni talab qilish maqsadga muvofiq emas. Masalan, yuk tashiydigan vagonlarning devorlari taxtadan yasalgani uchungina bo‘lajak temiryo‘l muhandisidan botanikani bilishni, passajir vagonlaridagi kupe o‘rindiqlariga teridan g‘ilof kiygizilgani uchungina undan zoologiyani bilishni talab qilib bo‘lmaydi.

Ayni damda shogirddan bilishi zarur bo‘lgan bilimlarni talab qilmaslik ham kutilgan natijani bermaydi. Masalan, bo‘lajak muhandis-quruvchi arra yasashni bilishi shart emas, ammo yomon arradan yaxshisini ajrata bilishi shart .

Gohida muayyan fan sohasida kimni daho desa bo‘ladi, kabi savollarni eshitamiz. O‘z sohasining dahosi — odamlar tasavvuriga ham sig‘dira olmagan, qachondir yuzaga chiqishiga ishonolmagan narsalarni haqiqatda ro‘yobga chiqargan favqulodda iste’dod va tafakkur sohibi.

Nil daryosida oqayotgan suv sathini o‘lchash faqat xayolotga, fantastikaga doir muammo bo‘lgan zamonlarda bu jumboq yechimini topish tugul, balki shunday muammo borligi-yu va uni kashf etish mumkinligi to‘g‘risida ehtimoliy fikr dunyodagi hech bir olimning xayoliga kelmagan.

Vatandoshimiz, ulug‘ olim Ahmad al-Farg‘oniy bu fantastikani haqiqatga aylantirdi. Nil daryosi suv sathini o‘lchab beradigan “Miqyos an-Nil” suv inshootini o‘ylab topdi, uni qaerga, qanday qurish lozimligini aniq hisob-kitob qilib, qurish uchun daryo o‘zanining chuqurligi birday, suv ravon oqadigan Ravzo orolini tanladi. Inshoot ichiga quduq qazib, uning tagini daryo tubi bilan suv yo‘li orqali tutashtirib qo‘ydi. Buyuk kashfiyot — “Miqyos an-Nil” qariyb 1150 yildan buyon bexato ishlab, o‘z yaratuvchisining dohiyona iste’dod sohibi bo‘lganini tasdiqlab kelmoqda.

“Yosh paytlarimdan boshlab, keyinchalik o‘ta bilag‘on olim bo‘lish niyatida, qo‘limga tushgan kitoblarning hammasini o‘qib chiqishni odat qilib oldim, — deydi o‘z sohasida kuchli, mashhur olim. — Vaqtlar o‘tdi, “keyinchalik” degan davr ham yetib keldi. Lekin, afsuski, o‘ta bilag‘on bo‘lib qolmadim. Sababi mutolaani: “Haqiqiy olimlar qo‘lga tushgan kitobni o‘qib tashlaydiganlar emas, balki foydalilarinigina o‘qiydiganlardir”, “Barcha sohada chalasavod bo‘lmasliging uchun hamma narsani bilishga intilma”, “Ko‘pni bilgan emas, keragini bilgan dono” singari hikmatlar yig‘ilgan kitobni o‘qishdan boshlamaganimda ekan.”

Biroq bu olim sarflangan vaqtiga afsuslanmaydi. Chunki u yuqorida aytgan sababda oqibat mujassam, ya’ni u shogirdlariga: “Ko‘p ham o‘qimang, kam ham o‘qimang, keragini o‘qing”, deydi va o‘zi ham shunga amal qiladi.

Muhammad Toshboltayev, texnika fanlari doktori

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 25-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.