1986-87 yillari men ham ustozga tatabbu’ yo‘sinida Navoiy va Attor mavzuiga kirishib, «Haqiqat va majoz» nomli risola qoralagan edim. Mana oradan 16-17 yil o‘tdi. Mustaqillik sharofati tufayli islom mintaqa madaniyatining asos manbalari bilan yaqindan tanishish imkoniyati paydo bo‘ldi. Shunday sharoitda mavzuga yanada jiddiyroq yondashish ehtiyoji tug‘ildi.
Tatabbu’ning mohiyatini anglab yetish uchun matnlarni satrma-satr qiyoslash kerak. Bunda faqat mutloq yangi satrlarni topib ko‘rsatishgina emas, balki bir qarashda tarjimaga o‘xshab ko‘ringan o‘rinlardagi ma’no tovlanishlariga ham e’tibor qaratish lozim bo‘ladi. Biz ilk tajriba sifatida ishni Attor va Navoiy dostonlaridagi birinchi 10 baytni qiyoslashdan boshladik. Manba sifatida «Lison ut-tayr»ning Sharafiddin Eshonxo‘jaev tayyorlagan ilmiy-tanqidiy matni, Attor dostonining esa O‘zbekiston FAShI fondida saqlanayotgan 1424 yili Hirotda ko‘chirilgan «Sittayi Farididdin Attor» deb nomlanuvchi mo‘‘tabar qo‘lyozma tarkibidagi matni tanlandi.
Har ikki doston an’anaga muvofiq Olloh hamdi bilan boshlanadi. Ushbu muqaddima bob Attorda 159 bayt, Navoiyda 60 baytdan iborat.
Attor o‘z asarini shunday boshlaydi:
Ofarin jonofarini pokro,
Onki jon baxshid mushti xokro.
(Jonning yaratuvchisiga ofarinlar bo‘lsinki, U bir siqim tuproqqa jon baxsh etdi.)
Alisher Navoiy bu ilk satrlar mazmuniga o‘z munosabatini bildirishga shoshilmaydi. O‘z dostonini butkul boshqacha boshlaydi:
Jon qushi chun mantiqi roz aylagay,
Tangri hamdi birla og‘oz aylagay.
Doston avvalidayoq «jon qushi», «mantiqi roz» kabi ramziy iboralar qo‘llanib, asarning asl manbaiga ishora qiladi (bu ikki iborani birlashtirilsa, Attor asarining sarlavhasi hosil bo‘ladi). Har ikki dostonning keyingi baytlari yagona Tangri madhi, uning ko‘rsatgan mo‘‘jizalarini birma-bir ta’rif-tavsiflash bilan davom etadi.
Attor:
Arshro bar ob bunyod u nihod,
Xokiyonro umr bar bod u nihod.
Osmonro bar zabardasti bedosht,
Xokro dar g‘oyibi pasti bedosht.
On yakiro jo‘nbishi modom dod,
V-on digarro doimo orom dod.
Osmon chun xaymayi bar poy kard,
Bisutun girdi zaminash joy kard.
Kard dar shash ro‘z haft anjo‘m padid,
Va-z du harfi amr nuh toro‘m padid.
Muhrayi anjo‘m dar in ho‘qqa bisoxt,
Bo falak dar ho‘qqa har shab muhra boxt.
Domi tanro muxtalif ahvol kard,
Mo‘rg‘i jonro xok bar do‘mbol kard.
Bahrro bigudoxt dar taslimi xesh,
Ko‘hro afsurda kard az biymi xesh,
Ko‘hro ham tig‘ dod u, ham kamar.
To basarhangiyi u afrosht sar.
(Arshni suv ustiga qurgan — u, Tuproqdan yaralganlar umrini yelga topshirgan — u. Osmonning qo‘lini baland qilib qo‘ydi, Tuproqni ko‘zga ilinmaydigan darajada pastlikda saqladi. Ul biriga (oldingisiga) betinim harakat baxsh etdi. Boshqasiga (keyingisiga) doimiy harakatsizlikni lozim ko‘rdi. Osmonni xuddi chodirdek tiklab qo‘ydi, Biror tayanchsiz yer atrofini o‘rab turuvchi qildi. Olti kunda yetti yulduzni (sayyorani) yaratdi, Ikki harf («kof» va «nun») bilan amr qilib, to‘qqiz falakni bino qildi. Yulduzlar munchog‘ini ushbu (falak) sanduqchasiga joyladi, Har tunda falak bilan yulduzlar o‘yinini olib bordi. Badan qafasini turli holatlarga soldi, Jon qushini tuproq qafasiga tutqun qilib qo‘ydi. Dengiz(lar)ni o‘ziga bo‘ysundirib, eritdi. Tog‘(lar)ni o‘z haybati bilan qo‘rquvdan toshga aylantirdi. Tog‘(lar)ga, (zaminga) posbonlikda qad rostlab turishi uchun ham tig‘ (qirrali cho‘qqilar), ham kamar (tor daralar) berdi.)
Navoiy:
Ulki maxluqot xalloqidur ul,
Ondin o‘zga foniyu boqiydur ul.
Sone’ikim chekti chun sun’i qalam,
Ofarinish tarhini qildi raqam.
Aylagach doyir to‘quz aflokni,
Qosir etdi fahmidin idrokni.
Ko‘kni tun, kundin mulamma’ ayladi,
Mehru anjumni murassa’ ayladi.
Oyni ko‘k tirnog‘idin qildi misol,
Olg‘on ul tirnog‘ bir yondin hilol.
Sayrdin gardunga soldi iztiror,
Yerga oning javfida berdi qaror.
Yer yuzin yomg‘ir suvi birla yudi,
Gardu chirki ul yumog‘din o‘ksudi.
Bahr uza jo‘ng ayladi tufrog‘din,
Jo‘ng uchun langar yosodi tog‘din.
Qildi daryog‘a buxorin pardapo‘sh,
Mehr o‘tidin tushmasun deb suvg‘a jo‘sh.
Keltirilgan 10 bayt qiyosidan ham ochiq ko‘rinib turibdiki, o‘z davrida Ye.E.Bertels chiqargan xulosa mutlaqo to‘g‘ri bo‘lgan — Navoiy Attor asarini tarjima qilishga uringan ham emas. Albatta, har ikki matn orasida bir qancha o‘rinlarda tutashlik borligi ham rost. Navoiy Attor tilga olgan ko‘p masalalarga o‘z munosabatini bildirib o‘tgan.
Attor bir baytning avvalgi satrida arshi a’lodan gapirsa, ikkinchi misrada inson hayotining bebaqoligiga ko‘chadi, xayoli goh osmonga ko‘tarilsa, goh pastlikka — tuproqqa tushadi, goh yulduzlar o‘yinidan bahs etsa, goh tan va jon haqida fikrlaydi. Ammo bunday «betartiblik»ning ham o‘z tartib-qoidasi bor, uni ko‘rish uchun shoirning maqsadiga e’tibor berish lozim. Aslida sufiy shoirning maqsadi Parvardigorning yaratuvchilik mahoratini tasvirlash emas, balki uning cheksiz qudratini namoyon etib, tuproqdan bino bo‘lgan insonning bu qudrat qarshisida naqadar ojizligini ko‘rsatish.
Alisher Navoiy tasviri esa nihoyatda izchil. Shu darajadaki, uning bayonida Xalloqi olam birinchi navbatda yaratadigan narsalarining rejasini (tarhini) belgilab oladi. Shundan so‘ng ushbu «tarh» asosida yaratuvchilik jarayoni bir tekis rivoj topa boshlaydi. Avval 9 falak (osmon qabatlari) yaratiladi, so‘ng kun bilan tun bir-biridan ajraladi, quyosh («mehr») va yulduzlar paydo bo‘ladi, quyoshdan so‘ng oy eslanadi, tinimsiz aylanib turgan falak bag‘rida yer kurrasi qaror topadi. Ana endi tasvir yer yuziga ko‘chadi — unda yomg‘irlar chang-g‘uborni yuvadi, cheksiz ummon orasida quruqlik xuddi kemadek joylashib, unga tog‘lar sobitlik baxsh etadi. Dengizlar uzra bug‘ ko‘tarilib, bulutga aylanadi va hokazo.
Attor baytlarida mazmuniy uzluksizlik izchil emas. Umuman, «Mantiq ut-tayr» dostonida epik tasvir izchilligidan ko‘ra, ehtirosli lirik-didaktik ohang ustun turadi. Navoiyning bayon ohangi esa nihoyatda bosiq, tuyg‘uga emas, aql-idrokka ta’sir etishga qaratilgan. Bunday tasvir ohangi tasavvufiy she’riyatga xos emas. Navoiy hayot hodisalarini tahlil etmoqda, ammo bu tahlil to‘lig‘icha ramziy-majoziy tasvir uslubi doirasidan chetga chiqmaydi. Asli, Navoiy ko‘targan muammolarni o‘sha davrda boshqacha usul bilan hal qilish ham imkondan tashqari edi.
Ushbu qisqa qiyosiy tahlil ham Navoiy asarining ayni tatabbu’ qonun-qoidalariga rioya etib yozilganligini isbotlaydi. Masalani yanada ravshanlashtirish uchun tatabbu’ning yana bir qoidasiga to‘xtalib o‘tamiz.
Tatabbu’chi shoir, albatta, o‘z salafining matnidagi eng muhim jihatlarga javob berib o‘tishi kerak. O‘zi aslida tatabbu’ — oddiy nazira emas, balki salafining olg‘a surgan asos g‘oyalariga o‘ziga xos zukkolik bilan berilgan javobdir. Bunda tazmin qoidasi muhim o‘rin tutadi. Tazmin salafning muayyan satrlarini yangicha jarangda takrorlash usuli bo‘lib, Navoiyning «Tuhfat ul-ahror» qasidasida Dehlaviy va Jomiyga juda go‘zal tazminlari bor.
Xo‘sh, «Mantiq ut-tayr»ning ilk bayti «Lison ut-tayr»da tazmin qilinganmi? Ha, shunday tazmin qilinganki, har ikki asarning asosiy farqi ana shu tazminda o‘z yorqin ifodasini topgan, desa ham bo‘ladi. Navoiyning Attorga javobi «Lison ut-tayr»ning 28-baytiga yashiringan.
Yuqorida biz olamning yaratilishi Navoiy asarida izchil bayon etilganligiga e’tibor qaratdik. Ushbu izchillik keyingi baytlarda ham davom etadi. Jumladan, 11 — 21-baytlarda ummondagi va quruqlikdagi jonzotlar, nabotot, yer yuzi iqlimiga oid kuzatishlar bayoni beriladi. Asta-sekin tasvir navbati insonga o‘tadi...
O‘ylakim, dushman yarotib o‘tqa suv,
Yelni ham tufroqqa aylab aduv.
Sun’idin ko‘rgilki mundoq to‘rt zid,
Bo‘lib inson xilqatida muttahid.
Ofarinishdin qilib inson g‘araz,
Oning aylab xalq ichinda be evaz.
Ko‘nglin oning maxzani irfon qilib,
Ul tilsim ichra o‘zin pinhon qilib.
Rozi maxfiy ganj o‘lub bu turfa jism,
Sun’idin ul ganj hifzig‘a tilsim.
Ham tilism ul maxzan uzra, ham amin,
Ofarin sun’ungg‘a, ey jonofarin!
(Go‘yoki suvni olovga dushman qilib yaratdi, shamolni [aslida, havoni] ham tuproqqa zid qildi. Xalloqi olamning yaratuvchilik qudratini ko‘ringki, bir-biriga zid bo‘lgan shunday to‘rt unsur inson vujudida bir butun holga keldi. Butun olamni yaratishdan Haq taoloning maqsadi inson edi, uni butun maxluqotlar ichida tengi yo‘q qilib yaratdi. Uning ko‘nglini irfon xazinasi qilib, ushbu tilsim ichra o‘zini yashirdi. (Ollohning) yashirin siri bir xazina bo‘lib, bu ajoyib jism (ya’ni inson) o‘sha xazinani o‘zida (ehtiyotlab) saqlovchi bir tilsim sifatida yaratildi. Ul xazina uzra ham (sehrli) tilsim bo‘lsa, ham (uni qo‘riqlovchi) ishonchli zot bo‘lsa, Sening bunday yaratuvchilik mahoratingga ofarinlar bo‘lsin, ey jonofarin!)
Attor dostonidagi birinchi satrga Navoiy shunday tazmin qiladi. Attor nazdida, Xalloqi olam «bir siqim tuproqqa» jon baxsh etgani uchun madh etilgan bo‘lsa, Navoiy insonni shunday murakkab va sirli bir zot sifatida yaratganligi uchun yaratuvchilik mahoratiga tahsin o‘qimoqda. Agar bir so‘z bilan bayon qilinsa, har ikki shoir ham insonga jon baxsh etgan Haq taologa hamd aytmoqda, ammo ba’zilar shundan kelib chiqib, Navoiy asarini «tarjima» deb atasalar, unda Dehlaviy «Xamsa»si nima bo‘ladi — fors tilidan fors tiliga tarjimami?
Aslida Attorning ham, Navoiyning ham maqsadi bir — inson ma’naviy takomili. Farq shundaki, Attor XII asr oxiri — XIII asr boshlaridagi mavjud holatdan kelib chiqib masalaga yondashmoqda, Navoiy esa XV asr so‘ngida turib o‘z so‘zini aytmoqda. Masalaning boshqa bir jihati — Attor to‘liq tasavvuf g‘oyalari ta’sirida bo‘lsa, Navoiyning masalaga qarashi tasavvufiy g‘oyalar doirasidan ancha-muncha kengroq qamrovga ega. Attor inson vujudining to‘rt unsurdan tashkil topganligini bilmaydimi? Unday emas. Faqat tasavvufiy g‘oyalar kuychisi uchun inson jismining qaysi unsurlardan tashkil topgani muhim emas. Uning uchun inson va Haq munosabati masalasi — bosh masala.
Alisher Navoiy ishlatgan «tilsim» va «ganj» ramzlari ham Attorda bor. Faqat Attor ularni jon va jism, modda va ruh nisbati sifatida oladi:
Ganj yobi, chun tilism az pesh raft,
Jon shavad paydo, chu jism az pesh raft.
(Tilsim ko‘zdan yo‘qolgach, xazinani topasan, Jism ko‘zdan yo‘qolsagina, jon ko‘rinish beradi.)
Attor asari ham ramziy-majoziy uslubda yozilgan, Navoiy tatabbu’si ham. Farq shundaki, Attor uchun majoz faqat allegoriya xolos. Navoiy uchun esa majoz quruq allegoriya emas, balki metaforadir. Ushbu o‘ta muhim masalaga, afsuski, juda ko‘p zukko munaqqidlar chandon e’tibor qaratmaydilar. Bu katta farqning mohiyatini to‘g‘ri idrok etish uchun tatabbu’ hodisasining mintaqa xalqlari ma’naviy takomil jarayoni bilan bog‘liq jihatlariga e’tibor qaratish lozim bo‘ladi. Ushbu jarayonning ichki qonuniyatlarini anglamagan holda, Navoiy tatabbu’sining sirini ochish imkondan tashqaridir.
Alisher Navoiy Attor dostoni haqida «sharhi asrori ilohiy» deydiki, bu ta’rif ushbu dostonning ilohiy kitob mazmuniga oid teran g‘oyalarning o‘ziga xos ta’vili ekanligiga ishora qiladi. (Qur’oni karim oyatlarining zohiriy ma’nolari tafsir qilinadi, botiniy mazmunlarni sharhlashga urinish esa ta’vil deyiladi.)
Islom mintaqa madaniyatining shakllanishi va o‘ziga xosligi, birinchi navbatda, Qur’oni karim shakli va mazmuni bilan bog‘liq. Ilohiy kitob mazmuni shu qadar cheksiz teranlik xususiyatiga egaki, uni mukammal tushunib yetish bani bashar uchun to qiyomat kunigacha davom etadigan ijodiy jarayondir. Ayniqsa, undagi yetakchi g‘oya bo‘lmish tavhid ta’limotini borgan sari teranroq idrok qilib borish mintaqa xalqlari ma’naviy kamolotini belgilovchi omillardan bo‘lgani sir emas. Masalan, islom davri ma’naviy takomil bosqichlarining birinchisi — «Sunna» bosqichi (VIII — IX asrlar) ilohiy vahiy mazmunini Payg‘ambarimiz ibrati asosida anglab yetish davri bo‘ldi. Bu davrda Rasulilloh hadislarini to‘plash va hadisshunoslik ilmining qat’iy talablari asosida ularni tasniflash amalga oshirildi. «Islom ma’rifatchiligi» atalmish ikkinchi bosqichda (X — XI asrlar) allomalarimiz tavhid g‘oyasini ilmiy-mantiqiy asosda anglab yetishga erishdilar. Ular o‘sha davrgacha ahli bashar yaratgan barcha ma’naviy boyliklarni chuqur o‘rganib chiqib, saragini sarakka, puchagini puchakka ajratib berdilar. Dastlab zohidlik va taqvoga e’tibordan boshlangan sufiylik harakati IX — XI asrlarda o‘z mustaqil ta’limotini shakllantirdi. Ilm ahli ko‘proq ijtimoiy masalalar va moddiy borliqni o‘rganish bilan shug‘ullangan bo‘lsalar, tasavvuf inson ma’naviyatiga, uning botiniy, ichki dunyosiga nigohini qaratdi, har bir shaxsning ma’naviy-axloqiy takomili masalasini birinchi o‘ringa qo‘ydi. XII — XIII asrlarda islom dunyosida tasavvuf tariqatlarining shakllanish jarayoni keng tus oldi, irfoniy mavzuga e’tibor nihoyatda kuchaydi. Shunday qilib musulmon xalqlari ma’naviy takomili uchinchi — «tasavvuf tariqatlari va irfon» bosqichiga ko‘tarildi.
Sovetlar davrida ilmiy-mantiqiy tafakkur ham, irfoniy g‘oyalar ham atayin islomga zidlashtirildi. Natijada, bugungi kunda tavhid g‘oyasining islomiy, ilmiy, irfoniy talqinlari orasidagi tadrijiy izchillikni anglab yetish og‘ir ko‘chib, ayni shu sababli islom mintaqa ma’naviyati takomilidagi to‘rtinchi — «majoz tariqi» bosqichining mohiyati ko‘pchilik uchun tushunarsiz qolmoqda.
Islomiy g‘oyalarning she’riyatga kirib kelishi birdaniga yuz bergani yo‘q. Ma’lumki, Qur’oni karimda she’r va shoirlarga salbiy munosabat bildirilgan. Buning sababi johiliya (islomdan oldingi davr) arab she’riyati shakliy jihatdan ancha balog‘at kasb etgan bo‘lsa-da, g‘oyaviy mazmuni mutlaqo islom va inson axloqiga zid bo‘lib, asosan, manmanlik, talonchilik va fahsh ishlari bilan g‘ururlanish, mayxo‘rlikni madh etish, o‘z dushmanlarini haqoratli yo‘sinda hajv etish kabi mavzularga bag‘ishlangan edi. Musulmon ummati shakllana boshlagach, dastlab Payg‘ambarni va u da’vat qilayotgan e’tiqod sistemasini ulug‘lash bilan boshlangan she’riyatdagi yangilanish jarayoni bir necha asr davom etdi. X — XI asrlardan she’riyatga tasavvufiy g‘oyalarning ta’siri ham asta-sekin kuchayib borib, nihoyat XII — XIII asrda falsafiy-irfoniy she’riyat mumtoz darajaga ko‘tarildi. Farididdin Attor (1147 — 1229) va Jaloliddin Rumiy (1207 — 1273) sof irfoniy g‘oyalarni badiiy in’ikos ettirishda (Alisher Navoiy ta’biri bilan aytsak, haqiqat tariqatida) yuksak cho‘qqilarni egalladilar.
Tavhid g‘oyasining tasavvufiy talqini ular ijodining bosh mavzui edi.
Sufiylar Borliqqa munosabatda o‘ziga xos qarashlarni olg‘a surdilar. Ular tavhid g‘oyasini o‘ziga xos talqin etib, abadiy va azaliy, binobarin, haqiqiy Borliq — Haqning borlig‘i, biz ko‘rib turgan moddiy borliq esa o‘tkinchi, muvaqqat, o‘zgaruvchan, bebaqo, demakki, haqiqiy borliq emas, balki Haqning «majozi», ya’ni go‘yoki uning ko‘zgudagi aksi, deb hisoblaydilar. Shunday mulohazalardan «haqiqat» va «majoz» nisbati kelib chiqadi. Adabiyotda bu nisbat asosan «ishqi haqiqiy» (ya’ni Haq ishqi) va «ishqi majoziy» (moddiy dunyo unsurlariga ko‘ngil bog‘lash) tushunchalarida o‘zini namoyon etdi. Haqiqat tariqi kuychilari insonlarni bu o‘tkinchi, majoziy borliqqa aldanmaslik, balki yagona haqiqiy Borliq bo‘lmish Haqqa mehr bog‘lash, Haqqa intilishga chaqirdilar*. XIII asr oxiri — XIV asr boshlarida Xusrav Dehlaviy (1253 — 1325) haqiqat va majoz nisbati masalasida tasavvufiy qarashlarni rad etmagani holda, sufiylarning ishqi haqiqiy va ishqi majoziyni bir-biriga zidlashtirish printsipiga qarshi chiqdi. XIV — XV asrlarda bu yangicha qarashlar adabiyot maydonida keng yoyilib, keyinchalik Alisher Navoiy asarlarida «majoz tariqi» nomi bilan tilga olingan yangi yo‘nalish shakllandi. Forsiy va turkiy tilli she’riyatda urf bo‘lgan bu yo‘nalish namoyandalari sufiyona qarashlardan farqli o‘laroq, moddiy dunyo ne’matlari ahamiyatsiz, rad qilinishi kerak bo‘lgan narsalar emas, balki ular Haq yaratgan, haqiqat sirlarini o‘zida pinhon etgan maxluqotlar sifatida katta e’tiborga loyiq, deb hisobladilar. Payg‘ambarimizga nisbat berilgan «Majoz — haqiqatning ko‘prigidir» hadisiga muvofiq bu olam unsurlariga, ayniqsa, insonga nisbatan mehrni («majoz ishqini») «ishqi haqiqiy» sari olib boradigan yo‘l, deb talqin qildilar. Ushbu qarashlar silsilasi uch buyuk shoir yaratgan «Xamsa»lar mazmunida ro‘y-rost o‘zini ko‘rsatdi va Navoiy asarlarida nazariy jihatdan ham mukammal izohlandi.
«Simurg‘ — si murg‘» majoziy nisbatida ifodalangan g‘oyaning tasavvufiy talqini Jaloliddin Rumiyning «Masnaviyi ma’naviy» asarida falsafiy-nazariy takomiliga yetkazilgan bo‘lsa, “Lison ut-tayr” uch daho shoir ijodining mushtarak mahsuli bo‘lgan ulug‘ “Xamsa” badiiy-falsafiy olamiga ramziy bir xulosa sifatida dunyoga keldi.
Tatabbu’ mo‘‘jizasi va uning islom mintaqa madaniyatida tutgan mavqei haqidagi suhbat endi boshlandi. Biz hozircha tatabbu’ to‘g‘risida Alisher Navoiyning “Turfat ul-afkor” qasidasidan bir bayt keltirish bilan so‘zimizni yakunlaymiz:
Dar tatabbu’ kardani in nazm ozodam zi ta’n,
Tobe’i sunnat buvad har ku nabiro chokar ast.
(Bu nazmni tatabbu’ qilishda ta’nadan ozodman, chunki kimki Payg‘ambarning xizmatkori bo‘lsa, uning sunnatiga tobe’ bo‘ladi.)
filologiya fanlari doktori
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004-yil 6-sonidan olindi.