Yaqinda The Millions internet saytida jahon adabiyoti tarixida o‘qilishi qiyin, murakkab asarlarning birinchi o‘ntalik ro‘yxatiga ko‘zim tushdi. Ro‘yxatga berilgan izohda intellektual roman deyilganda, avvalo, mutolaa payti aql, idrok, tasavvur va tafakkurni faollashtiruvchi teran falsafiy mazmun, ma’lumotlar hamda murakkab syujetlarga boy asarni nazarda tutmoq lozimligi ta’kidlangan.
Darvoqe, o‘ntalikning birinchi uchligini amerikalik adiba, XX asr modernizm adabiyoti vakili Juna Barns (1892-1982) qalamiga mansub nozik his-tuyg‘ulariga yo‘g‘rilgan muhabbatni kuylovchi “Tundagi o‘rmon”(1936) romani, mashhur ingliz yozuvchisi Jonatan Svift (1667-1745)ning teologiya masalalariga sog‘lom aql va sog‘lom fikr nuqtai nazaridan yondashishni uqtiruvchi “Bochka ertagi” ramziy hikoyasi va nemis faylasufi Georg Gegelning sub’ekt va ob’ekt o‘rtasidagi qarama-qarshilikni ong bartaraf etishi mumkinligi mantiqan isbotlab berilgan “Ruh fenomenologiyasi” (1807) falsafiy traktati kiritilgan. Bu uch asar jahon adabiyotida o‘qilishi, tushunilishi nihoyatda qiyin kitoblar ekani e’tirof etilgan.
To‘rtinchi o‘rinda ko‘rsatilgan britaniyalik adiba Virjiniya Vulf (1882-1941)ning “Mayoqqa”(1927) nomli romani eksperimental romanlar qatorida sanalmasa-da, unda M.Prust, J.Joys va F.Kafka ruhidagi modernizm adabiyoti an’analari davom ettirilgan va asardagi voqealar “ong oqimi” uslubida yoritilgan. Epistolyar roman asoschisi Semyuel Richardson (1689-1761)ning ota-onalar va farzandlarning nikohga nisbatan noto‘g‘ri munosabati oqibatida oila boshiga musibat va baxtsizlik yog‘ilishi talqin etilgan nasihatomuz ruhdagi “Klarissa” (1748) romani esa ro‘yxatda beshinchi o‘rinni band etgan. Mashhur irland adibi Jeyms Joys (1882-1941)ning eksperimental ruhdagi, so‘z o‘yini, mifologiya va komediyaga yo‘g‘rilgan “Finnigan ma’rakalari” (1939) romani (ro‘yxatda oltinchi) haqiqatan ham tushunilishi o‘ta qiyin asardir. Qo‘liga ushbu kitobni olgan o‘quvchi asarda gap nima haqida ketayotganini anglashga hamisha ham muyassar bo‘lavermaydi. Rus joysshunosi S.Xorujiyning ta’kidlashicha: “Ba’zi so‘z va ishoralar ma’nosini faqat aqlni ishga solib tushunmoq mumkin; nafaqat tillarni bilgan, balki o‘tkir zehn-zakovat va topqir aql-idrokka ega bo‘lgan kitobxongina bu asardagi o‘ttiz foizdan ortiqroq narsani anglashi, maxsus adabiyotlarga ko‘milib, ketgan vaqtiga afsuslanmagan o‘quvchining romanni tushunishi yetmish foizdan oshishi mumkindir. Lekin asarni to‘liq tushunishga umid bog‘lamasa ham bo‘laveradi”. Yettinchi o‘rindagi nemis faylasufi Martin Xaydegger(1889 — 1976)ning “Borliq va zamon” (1927) nomli falsafiy asarida borliq, inson hayoti, uning turmush tarzi o‘ziga xos talqin qilinadi. Muallif: “Borliq ma’nosi qaysi ob’ektiv mavjudot orqali anglanishi mumkin? Xo‘sh, unda qaysi mavjudot borliqni kashf etish uchun tayanch nuqta bo‘lishi lozim?” degan murakkab savollarni qo‘yadi. Xaydegger fikricha, ushbu mavjudot — inson, sababi insongina “o‘z borlig‘i orqali borliqning mavjudligini tushuna oladi”. Kitobda o‘lim va hayot, baqo va fano, o‘tmish va hozirgi davr kabi mavzular taqiq etiladi. Aytish lozimki, ushbu asar XX asr falsafasiga, ekzistentsializm, germenevtika kabi oqim va yo‘nalishlarga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
Amerikalik adiba Gertruda Stayn(1874—1946) qalamiga mansub “Amerikaliklarning shakllanishi” nomli mahobatli roman (ro‘yxatda sakkizinchi) bir necha avlod tarixi yoritilgan oilaviy solnoma tipidagi psixologik asar. Muallifning kubizm (XX asrning birinchi choragida yuzaga kelgan va realizmga zid o‘laroq borliqni geometrik shakllarda tasvirlashga intilgan yo‘nalish — M.X.) oqimiga yaqin uslubdagi asarlari, garchi ularda modernizm adabiyoti ruhi imkon qadar to‘liq ifodalangan bo‘lsa-da, keng kitobxonlar ommasi e’tirofini qozona olmadi. Atay murakkablashtirgan, eklektizm ruhidagi uslubida bir-biriga qovushmaydigan usullar qorishtirilib yuborgani bois oddiy o‘quvchi bu adiba asarlarini tushuna olmadi.
O‘ntalikdagi oxirgi ikkita o‘rinni Shekspir zamondoshi, ingliz she’riyatiga xushovozlik va musiqiylik baxsh etgan, o‘z davrida “shoirlar shahzodasi” nomiga sazovor bo‘lgan Edmund Spenser(1552 — 1599)ning go‘zal va jozibali tabiat manzaralari tasvirlangan, olijanob ritsar va sohibjamol malika obrazi yaratilgan “Parilar qirolichasi”(1590) poemasi hamda amerikalik yozuvchi Jozef Mak Elroy(1930)ning “Ayollar va erkaklar”(1987) romani band etgan.
Ushbu ro‘yxat dunyoning turli mintaqalarida yashayotgan minglab kitobxonlar fikrini o‘rganish maqsadida o‘tkazilgan sotsiologik so‘rov asosida tuzilgan. Bizningcha, bu ro‘yxatni yanada kengaytirish mumkin. Chunki har bir o‘quvchida u yoki bu kitob xususida o‘zining sub’ektiv fikri bo‘lishi tabiiy. Yana bir jihati, ushbu kitoblar egalarining aksariyati ularni kitob javonini bezab turish yoxud “Sizda bu kitob bormi?” degan savolga “Albatta!”, deya javob berish uchun xarid qiladilar. Aslida ularni ochib ham ko‘rmaydilar. Bugun o‘zini kitobsevar deguvchi o‘quvchilarning asosiy qismi sarguzasht va oldi-qochdi syujetli romanlarni berilib o‘qiydi. Jiddiy intellektual romanlarni oxirigacha o‘qimay javonga joylab qo‘yadi. Buning sababi, balki vaqtning tig‘izligi, turli teleko‘rsatuvlar, kompyuter va internet axborotlari bilan bandlik bo‘lishi mumkin. Aslida, adabiyot muallifning yashirin yoki oshkora niyatlarini ifoda etishi bilan birga, bilim manbai hamdir. Taniqli adibimiz O‘tkir Hoshimov ta’biri bilan aytganda, “Kitoblar — hayotimiz hoshiyasidagi bitiklar”dir. Kitoblar madaniy tamaddun negizini tashkil qiladi. Hayotimiz hoshiyasidagi ushbu bitiklarni o‘qirkanmiz, tabiiyki, hayotni yaxlitligicha tushunishga harakat qilamiz.
Tan olish kerak, bugungi kunda turli-tuman janrlardagi kattayu kichik, ko‘zni qamashtiradigan muqovalarda nomi dunyoga mashhur yoki umuman notanish yozuvchilarning kitoblari peshtaxtalarda taxlanib turibdi. Asosiy muammo ular orasidan aynan keraklisini tanlab olishda. Bordiyu “intellektual roman” aqlni charxlaydi, bilimni boyitadi, dunyoqarashni kengaytiradi desalar-da, kitob tanlashda yanglishmang.
Yuqorida keltirilgan ro‘yxatga unchalik ham jiddiy e’tibor bermang. Bu ham tijorat yo‘lidagi, kitoblarga o‘quvchining diqqat-e’tiborini qaratish yo‘lidagi bir harakat. Avvallari «Hayotda o‘qilishi lozim bo‘lgan 1000 kitob» tarzidagi ro‘yxatlar tuzilgan bo‘lsa, endilikda «Qo‘lga olmagan ma’qul bo‘lgan 100 kitob», «Zinhor ochib o‘qilmaslik tavsiya etiladigan 200 kitob», «Unutish va yodga olmaslik lozim bo‘lgan 300 kitob» kabi ro‘yxatlar ko‘payib ketganki, masalan, javondan olib tashlash tavsiya qilingan kitoblar orasida o‘quvchiga ma’naviy naf keltiradigan asarlar ham adashib kirib qolgani kishini ajablantiradi. Ehtimol, bunday tendentsiya kitoblarning haddan tashqari ko‘pligi oqibatidir. Qolaversa, kitob mutolaasi inson faoliyati turi sifatida shunchalik demokratlashtirildiki, intellektual salohiyatingizni faqat o‘qimagan kitoblarni birma-bir keltirish bilan ko‘rsatish yagona mezonga aylandi. Zinhor kamina faqat intellektual prozani yoqlab chiqayapti, degan fikrga bormang. Boshqa adabiy janrlar ham ko‘p. Lekin intellektual prozaga ehtiyoj o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi.
Aslida, intellektual roman — bu keng va chuqur bilimga ega, yuksak aql-idrokli, zakovatli o‘quvchiga mo‘ljallangan asar. Muallif uni aqliy, ma’naviy, axloqiy, estetik hamda mantiqiy tafakkurni va xotirani rivojlantiruvchi ma’lumotlar bilan boyitadi. Ta’kidlash lozimki, XX asr g‘arb intellektual prozasiga abstrakt tafakkur, aql-idrokning g‘ayriixtiyoriylik sohasiga, mifologiya va poetikaga yo‘g‘rilgan matnlar strukturasiga chuqur singib borish xosdir. Hayot falsafasining ruhiy tahlil tamoyillari asosidagi talqini o‘tgan asr g‘arb yozuvchilari ijodiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatdi. Natijada g‘arb badiiy adabiyotida borliqni, ob’ektiv voqelikni tarixiylik tamoyili negizida anglashdan uzoqlashish kuzatildi. Natijada, ob’ektiv voqelikning muayyan zamon va makonga oid aloqadorligi, chambarchas bog‘liqligi yo‘qoldi, XX asr g‘arb adabiyotida o‘ziga xos intellektual tafakkur shakllanishiga olib keldi.
Ta’kidlash joizki, «intellektual roman» atamasi ilk bor nemis adibi Tomas Mann (1875 — 1955) tomonidan qo‘llangan. T.Mann nemis faylasufi O.Shpengler ta’limotiga bag‘ishlangan maqolasida 1914 — 1923-yillarda yuz bergan tarixiy o‘zgarish zamondoshlar ongida davrni teran anglash ehtiyojini kuchaytirganligi, bu ma’lum ma’noda badiiy ijodda o‘z aksini topganligini ta’kidlaydi. «Ushbu jarayon, — deb yozadi T.Mann, — ilm-fan va san’at o‘rtasidagi chegarani buzib tashlarkan, abstrakt tafakkurni jonlantirdi, badiiy obrazga yangi ruh bag‘ishladi va «intellektual roman» deb nomlangan asar turini yaratdi» .
Darhaqiqat, aynan intellektual roman XX asr realizm adabiyotining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri — hayotni keng ko‘lamda talqin va tadqiq qilish, teran anglash, badiiy obrazlarda gavdalantirib ko‘rsatishni amalga oshirgan janrga aylandi. Jahon adabiyotida intellektual roman namunalari G.Gesse, A.Dyoblin, R. Muzil, M.Bulgakov, K.Chapek, U.Folkner, T.Vulf singari mashhur adiblar tomonidan taqdim etilgan bo‘lsa-da, bu turdagi roman asoschisi deya haqli ravishda Tomas Mann e’tirof etiladi.
Aynan ikkinchi jahon urushidan keyin hayotni yangicha badiiy usul va vositalar bilan aks ettirish tamoyili adabiyotning o‘ziga xos tendentsiyasiga aylandi. Tarixiy romanning yangi shaklida o‘tmish hozirgi davrning ijtimoiy, ma’naviy, madaniy, siyosiy muammolarini ko‘tarib chiqish uchun qulay tasvir maydoniga aylandi. Murakkablik, ko‘p ovozlilik, ko‘p tarkib va sathlardan iboratlik, birgina badiiy yaxlitlikda ob’ektiv voqelikning bir-biridan uzoq qatlamlari namoyon bo‘lishi kabi jihatlar XX asr intellektual romani tuzilishining asosiy tamoyiliga aylandi. Romannavislar biologik hayot, instinktiv harakat va ruhiyatni alohida ajratarkanlar, voqelikni ham kattayu kichik bo‘laklarga ajratadilar. Ular butun borliqni, voqelikni serfayz vodiy va serviqor “Sehrli tog‘”ga (T.Mann), xilvatda joylashgan va hayot tashvishlari bilan band Kastaliya mamlakatiga (G. Gesse), dunyo xaritasida yo‘q Yoknapatofa okrugiga (U.Folkner) aylantirdilar.
XX asr birinchi yarmida mif o‘zgacha anglandi, talqin qilindi, uning funktsional qo‘llanilishi keskin o‘zgardi. Ta’bir joiz bo‘lsa, mif o‘tmish adabiyotida zamonning «shartli libosi» edi. Zamonaviy adabiyotda, ayniqsa, g‘arb yozuvchilari qalami ostida mif insoniyat hayotida muntazam takrorlanayotgan qonuniyatlarni yorituvchi uzoq o‘tmish «hosilasi» sifatida «tarixiy qiyofa»ga ega bo‘ldi, mustaqil tarzda idrok qilindi, alohida o‘rganib chiqildi. Mifga murojaat badiiy asarning zamonga doir chegaralarini kengaytirdi. Badiiy asar makonini to‘ldirgan mif cheksiz, bitmas-tuganmas badiiy o‘yin, son-sanoqsiz qiyos va parallel, hozirgi zamonni oydinlashtiruvchi, eng muhimi, uni izohlovchi muvofiqliklar uchun sermahsul zamin yaratdi. Voqealar rivojini monologlar orqali yoritish, muallif «ovozi»ning ustunligi, allyuziya, yashirin va ochiq iqtiboslar, ilgari surilayotgan falsafiy g‘oyalarning ko‘pligi — bularning hammasi intellektual romanning o‘ziga xos xususiyatlaridir.
Muhammadjon Xolbekov,
filologiya fanlari doktori, professor
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 42-sonidan olindi.