OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammadjon Xolbekov. Karpentyer haqida so‘z

Lotin Amerikasi «Sehrli realizm» adabiyotining yorqin namoyandalaridan biri Alexo Karpentyer (1904-1980)ning ijodiy yo‘li 1920 yillar Kubada bosh­landi. Yosh adib, Gavanada chiqadigan bir nechta davriy nashrlarda madaniy hayotga bag‘ishlangan rukn­ni olib borarkan, erksevar Kuba xalqini Yevropada sodir bo‘layotgan tub o‘zgarishlar, jumladan, adabiyot va san’atga oid yangiliklar bilan tanishtirish kun tartibida turgan eng dolzarb vazifa ekanligi, bir so‘z bilan aytganda, “Lotin Amerikasi soati Eski dunyoning vaqtidan ancha ortda qolayotganini” teran his etardi. U Markaziy va Lotin Amerikasi xalqlari uchun madaniyatlar yaqinlashuvi jarayonini faollashtirish qanchalik zarur va muhim ekanligini ang­lab etgan edi. Yozuvchi adabiyot va san’atdagi yangiliklar, tub burilishlarning o‘sha davr mafkurasidagi o‘zgarishlar bilan chambarchas aloqadorligini his etadi, shu bois san’atda dadil novatorlik, ijodiy izlanish, san’atga yangicha ruh olib kirish uchun jonbozlik ko‘rsatgan va Lotin Amerikasining bir nechta davlatlarida hokimiyat tepasida turgan harbiy xuntalarni qulatish, mustamlakachilik zulmidan ozod qilish harakati uchun jon fido etishga tayyor bir guruh ijodkorlarning murojaatnomasiga nafaqat hamfikrlik bildiradi, balki ularning harakatida o‘zi ham faol qatnashadi. Uning bunday jasur faoliyati qimmatga tushdi: o‘zining birinchi romanini adib qamoqxonada yozib tugatdi. Safdosh va do‘stlarining say’-harakatlari tufayli ozodlikka chiqqach, Kubada mustabid tuzumni o‘rnatgan va hokimiyatni o‘z qo‘liga olgan Xerardo Machado siyosati ta’qibidan xavfsirab, 1928 yil Kubani tark etadi. O‘sha paytdan boshlangan “toblanish davri” adib taqdirini Yevropa bilan chambarchas bog‘lab qo‘ygandi. Karpentyer uchun Parij yangi, notanish shahar emasdi. Kubada tug‘ilib o‘sganiga qaramay u 1916 yil ota-onasi bilan Parijga ko‘chib kelib, musiqa maktabida tahsil oladi va yana ortga qaytadi. Dunyoning u chetidan bu chetiga ko‘chib yurish, tashvishlarga to‘la qo‘nimsiz hayot, sarson-sargardonlik adib hayotida o‘z izini qoldirmasdan o‘tmadi. Nima bo‘lganda ham Karpentyer ikki qit’a havosidan nafas olgan ijodkor bo‘lgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Parijda Karpentyer syurrealizm adabiy oqimi bilan yaqindan tanishadi. 1920-yillar boshida shakllangan ushbu yo‘nalishning asoschisi va nazariyotchisi, frantsuz adibi Andre Breton (1896-1966) bilan ijodiy hamkorlik qila boshlaydi. Darvoqe, “syurrealizm” atamasi 1917 yil frantsuz shoiri, Yevropa she’riyatida maydonga kelgan avangard oqimlar yetakchisi bo‘lgan Giyom Apolliner(1880-1918)ning poeziyasida ilk daf’a tilga olingan edi. Syurrealizm nazariyotchisi Andre Bretonning “Syurrealizm inqilobi” jurnali tahririyatida faol ijod qilgan bir qator yosh qalamkashlar (Lui Aragon, Pol Elyuar, Filipp Supo)ning adabiyot, san’at, falsafa va ijtimoiy hayotga bag‘ishlangan tanqidiy maqola hamda esselari chop etilardi. Ayniqsa, adabiyot va san’at olamidagi o‘zgarishlarga o‘z munosabatini bildirishga shay bo‘lgan Karpentyer ham jurnal faoliyatidan chetda qolmadi.

Darhaqiqat, Andre Breton atrofida yosh va iste’dodli ijodkorlar to‘planishgan edi. Ularning say’-harakati tufayli “Syurrealizm inqilobi” jurnali san’at ahli e’tiborini o‘ziga qaratdi: bunga chop etilgan maqolalarning dolzarbligi, keskin tanqidga yo‘g‘rilganligi emas, balki yosh ijodkorlarning shov­qin va mashmashali she’riy mashqlarida avangard g‘oya­larning ko‘tarilgani sabab edi. Nafaqat Frantsiya, balki butun Yevropa burjua tuzumi va uning mafkurasi yosh qalamkashlarning bu kabi “ijodiy faoliyati”ga bir vaqtning o‘zida ham qiziqib, ham hadiksirab qa­rardi.

Syurrealizm adabiy oqim sifatida, Yevropa ada­­­biyoti va san’atida o‘ziga mustahkam qo‘rg‘on qu­rolmagan bo‘lsa-da, ancha vaqt davomida she’riyatda yetakchilik qildi, ko‘pgina musavvir, bastakor, shoir va dramaturglar ijodiga ta’sir ko‘rsatdi, desak yang­lishmagan bo‘lamiz. Muhim jihati shundaki, syurrealizm – bu nafaqat o‘z dasturiga ega bo‘lgan adabiy oqim, qisqa davr bo‘lsa ham, gurkirab yashnagan badiiy uslub, balki ko‘pgina yosh san’at ixlosmandlari uchun o‘ziga xos “yashash tarzi”, dunyo manzaralarini yangicha “ko‘rish” va “o‘qish”ning mahorat maktabiga aylandi. Breton, san’at ixlosmandlariga syurrealizm sirli va nafis ta’riflagan “noma’lum yerlar”ni kashf etishga harakat qilishni uqtirarkan, “Katta kashfiyotlar har doim hayot uchun tahlika tug‘diradi, har bir ijodkor o‘zining “Odisseya”siga otlanishi va uni shon-sharaf bilan ado etishi lozim”, deb yozadi. Shu tariqa syurrealizm haqiqatga qanchalik yaqin ekanligini namoyon etadi. Biroq syurrealizm, ta’bir joiz bo‘lsa, jamoaviy hodisa, ko‘pincha mazkur yo‘nalish ichidagi ijod ham jamoaviy xarakterga ega bo‘ldi. Boshqa adabiy yo‘nalish tarafdorlaridan farqli o‘laroq, syurrealistlar o‘zaro hamjihat bo‘lishib, yangi rejalar xususida fikr almashadi. Yangi asarlarni muhokama qilishib, bir so‘z bilan aytganda, maslakdosh bo‘lib, birgalikda ijod qilgan edilar. Syurrealizm asta-sekin adabiyot doirasidan chiqib, san’atning boshqa turlarida, xususan, rangtasvirda muqim yashab qoldi.

Taqdir taqozosi bilan o‘tgan asrning 20-yilla­ri­da Parijga kelgan shoirlar, musavvirlar, hay­kal­­­­­­taroshlar va bastakorlar shaharning eng xush­man­­­zarali Monmartr tepaligida joylashgan qah­­­­­­­­­vaxonalarda umrguzaronlik qilishni hayotning bir qis­­mi deb bildilar. Monmartrda Vinsent van Gog, Pol Gogen, Anri Matiss, Pablo Pikasso kabi mu­sav­vir­lar, Andre Jid, Jak Prever, Jan-Pol Sartr, And­­re Morua, Pol Elyuar, Natali Sarrot singari adib­­lar o‘z ijodiga ilhom topdilar.

Syurrealizm adabiy oqimiga asos solgan shoirlar “adabiy inqilob” doirasiga siyosiy va ijtimoiy inqilobni qo‘shdilar. Ular ijtimoiy hayotda faol qat­nashib, hamjihatlik bilan bir qator mamlakatlardagi mustamlakachilik siyosatini, ayniqsa, o‘zining jirkanch basharasini namoyon qila boshlagan fashizmni ham ayovsiz qoraladilar. Aynan siyosiy va ijtimoiy faoliyatlari keyinchalik syurrealistlar o‘rtasida o‘zaro xusumat va adovat, ishonchsizlik urug‘ini sepdi. Ikkinchi jahon urushi yillarida syurrealistlarning ko‘pchiligi AQShda boshpana topdi. Bu esa, o‘z navbatida, u yerda ham syurrealizm g‘oyalarining tarqalishiga olib keladi. 1950 yillarda ular, xuddi oldindan kelishilgandek, Parijga oldinma-keyin qaytib kelish­di, biroq endilikda mustahkam e’tiqod, bir jon va bir tan guruhdek hamjihat ijod qilmadilar. Fa­qat Andre Breton, 1957 yil syurrealizmni “yangicha kashf etilgan sehr” deya nomlab, to hayotining oxirigicha o‘zining maqola va chiqishlarida o‘zi rahnamolik qil­gan syurrealizmning hayotiyligini ta’riflab o‘tdi.

Syurrealizmga kengroq to‘xtalib o‘tganimizning boisi shundaki, Lotin Amerikasi adabiyotining bir qator vakillari o‘sha yillar Yevropada qo‘nim topib, syurrealizm ta’siridan xalos bo‘lolmadi, shu jumladan, Karpentyer ham. Boshida syurrealizmdan sarmast bo‘lib ijod qilgan Karpentyer, keyinchalik ko‘zi ochilib, yuqorida nomi zikr etilgan “Murda” pamfletiga o‘zining qat’iy noroziligini bildiradi. Ehtimol, yoshligida to‘g‘ri qabul qilgan bu qarori butun umri davomida haqiqiy frantsuz adabiyoti va san’atiga bo‘lgan hurmatining sababidir.

Janubiy Amerika qit’asining tub aholisi – hindu ko‘zlari bilan ko‘rish, asrlar mobaynida qo­ri­shib, aralashib ketgan uch irqning xotirasini “jonlantirish” – bu murakkab vazifani nafaqat Asturias, balki Karpentyer ham o‘z oldiga qo‘ygan. Karpentyerga bu ohanglar begona emas edi. U hindular, Afrikadan majburlab olib kelingan qora tanlilar, ispan va portugallar, ulardan tug‘ilgan metis va mulatlar hayoti bilan yaqindan tanish bo‘lgan. Ma’lumki, yil bo‘yi quyosh charaqlagan ulkan makonda, ya’ni Karib dengizi havzasida o‘ziga xos madaniyat shakllangan edi. Uning negizini noyob qorishma: Yer yuzidan yo‘qolib ketgan qadim tsivilizatsiyalar, yevropalik istilochilar, Afrikadan qullikka olib kelingan qora tanlilarning tili va madaniyati tashkil qilardi. Karpentyerning “Ekue-Yamba-O!” (Eque-Yamba-O!, 1933) nomli romanida ikki ma’naviy-axloqiy o‘lchov, ya’ni qora tanli va oq tanlilarning olami bir-biri uchun mutlaq yopiq tarzda namoyon bo‘ladi. Bir-biriga umuman o‘xshamaydigan hayot, aniqrog‘i, dunyoqarash, dunyoni his etish, yashash o‘rtasida qanday bog‘lovchi rishtalar mavjud bo‘lishi mumkin? Ular vaqti kelib birlasharmikan? Insoniyat paydo bo‘lganidan to bugungi kungacha mavjud bo‘lgan ziddiyatlar bartaraf etilarmikan? Insoniyat bu chigal muammoni yecha olarmikan? Shu va shu kabi savollarning yechimini topishga harakat qilgan Karpentyer o‘zining qachonlardir boshlab qo‘ygan, lekin ma’lum sabablarga ko‘ra yakunlanmay qolib ketgan ushbu jumboqlarini aynan Parijda oxiriga yetkazdi.

Parij va Madriddan o‘zining esse, reportaj va ocherklarini Gavanaga jo‘natarkan, Karpentyer Yevropada jo‘sh urib turgan madaniy hayot siyratini okean ortida qolib ketgan “ona yurt” qiyofasi bilan qiyoslaydi. U qaysi yangiliklar, qaysi kashfiyotlar Lotin Amerikasi muhitida qabul qilinishi mumkinligini oldindan bashorat qilmoqchi bo‘ladi. Eng muhimi, ikki madaniyat kesishgan nuqtalarni, ikki madaniyatni oziqlantirib turuvchi yagona manbani, ildizlarni topishga harakat qiladi.

“Kurrai zamin” (1949) romanining muqaddimasida Karpentyer yevropalik ijodkorlarning serjilo va nafosatli uslublari chatishuvidan hosil bo‘lgan obrazlar quyosh nuri va yomg‘ir tomchilaridan saqlovchi soyabon hamda mohir chevar qo‘lidagi tikuv mashinkasidan chiqqan matoning “chatishuv”iga qaraganda ancha jozibali va maftunkor bo‘lib chiqdi. Ayniqsa turli-tuman madaniyatning yaqinlashuvi, madaniyatlarning bir-birini kuzatishi va o‘rganishi, qolaversa “o‘qib chiqish” jarayoni o‘ta qiziqarli manzarani hosil etdi. Darvoqe, “Kurrai zamin” romanida bu kabi yaqinlashuv, ya’ni har xil madaniyatlarning bir-biriga singib ketishi va bir-birini to‘ldirishi kuzatilmaydi. Va buning mantiqiy izohi mavjud. XVIII asrga kelib o‘z madaniyati, san’ati, tili va an’analariga ega xalq sifatida to‘liq shakllanib bo‘lgan qora tanlilarning yaratuvchan ongi, zamonaviy afsona va rivoyatlarni to‘qishga qodir tafakkuri hayotda to‘xtovsiz sodir bo‘luvchi voqea-hodisalarga sehrli, ta’bir joiz bo‘lsa, mo‘‘jizali ma’no bag‘ishladi. Lovullagan gulxanda yo‘lboshchisining yonayotganini ko‘rib, qabiladoshlar bu mudhish, larzaga keltiruvchi o‘limda navbatdagi qayta tirilish, yangi qiyofada hayotga kelish, aniqrog‘i, to‘xtovsiz oqayotgan daryoga o‘xshagan hayotning yangi bosqichini ko‘rishadi.

Karpentyer “qora tanlilarning qiroli” Anri Kristofning xuddi Frantsiya imperatori Napoleon kabi bosib o‘tgan hayotiy yo‘liga nazar tashlarkan, romanning boshqa personajlari taqdirida bu yo‘lning variantlari xususida qayg‘u-hasrat ila mushohada yuritadi. Masalan, Anri Kristofga hokimiyat yuksak erkinlikka o‘xshab ko‘rinadi; tasavvuridagi erkinlik alomatlari shunchalik aniq-ravshanki, shunchalik moddiyki, ularni go‘yo ushlab ko‘rsa bo‘ladigandek tuyuladi. Erkinlik alomatlari shunchalik lazzatbaxsh, zavqu shavqqa to‘la bo‘lganligini qabiladoshlariga so‘zlab bergan Anri Kristof vaziyat keskinlashib ketishini bilmasdi. Uning Ti Noel ismli davangir xizmatkori, yoshi bir joyga borib qolganiga qaramasdan, hokimiyatni qo‘lga kiritishni orzu qiladi va bu yo‘lda hech narsadan tap tortmaydi. Ti Noel taxtdan ag‘darib tashlangan zolim Anri Kristofga tegishli Napoleon Bonapartning mundiriga o‘xshatib qachonlardir tiktirilgan yirtiq-yamoq mundirini kiyib ko‘rarkan, o‘zini haqiqiy imperator, hokimi mutlaq kabi his etadi. Romanda turli tsivilizatsiyalarning realiyalari, bir-biriga ta’sir ko‘rsatib, ich-ichiga singib ketarkan, g‘ayrioddiy, taajjubga soluvchi manzarani hosil qiladi. Ushbu manzarada zamonaviy odamzodning umumiy kasalligi xuruj olishi dinamikasi aks etadi. Bu kasallik alomatlarida erksevarlik, hurriyatparvarlik g‘oyalari hokimiyatga erishishning asosiy quroliga aylanadi, undan keyin esa, o‘zgalarning ozodligini poymol qi­ladi, har doim unga tahdid soladi. Bu kasallik virusini o‘ziga yuqtirgan Ti Noel ikki olam orasiga tushib qolish xavfi ostida, dunyoga “sehrli munosabatda” bo‘lish ko‘nikmalaridan ayrilishi mumkin, hat­to qabiladoshlar doirasidan haydab chiqarilishi ham hech gap emas.

“Ma’rifat davri” (1961) romanida Karpentyer Lotin Amerikasining “sehrli realligi”ga Yevropadan “ko‘chirilgan” afsona va rivoyatlarning antiqa, gohida mudhish ko‘rinishda gavdalanishi muammosiga sinchkov nazar tashlaydi. Frantsuz faylasufi Jan-Jak Russo g‘oyalari, inqilobga da’vat etuvchi shiorlar, sotsialistlarning utopik orzu-umidlari Lotin Amerikasining “jannat makon”iga zamonaviy miflarni yaratish qobiliyatiga ega, ishonchga to‘la badiiy tafakkur, o‘zgacha ehtiros va hayajonni olib keladi. Qullikdan ozod bo‘lish, aniqrog‘i, qullikning bekor qilinishi haqida qabul qilingan qarorni Yevropaga eltuvchi kema ushbu foniy dunyoda qo‘shib, ulab, birlashtirib bo‘lmaydigan narsalarning mahkam ulanish, birlashish va mujassam bo‘lishi timsoliga aylanadi.

Alalxusus, Lotin Amerikasining istalgan mamlakatida yashovchi kishining hayot sarchashmasidan, ha­yotga bo‘lgan umid-ishonch manbasidan, hayotni ilk inkishof qilish qobiliyatidan ajralib qolganligi, abadul–abad ayrilganligi, undan bir qultum suv ichish yoki bir nafasli havo olishdan mahrum etilgan ongi va tafakkuri Karpentyerning “Usulning noto‘g‘riligi” (1974) romanida faqat inqirozga yuz tutishdek emas, balki xavf-xatar tug‘diruvchi, ziyon-zahmat yetkazuv­chi ong va tafakkurdek baholanadi. Agar bunday tah­likali ong va tafakkur yakka hukmron, hech kim da’vo­garlik qilolmaydigan hokimiyatga erishgan kishi ta­­­sarrufida bo‘lsa, unda odamzodni nima kutishi fa­qat Xudogagina ayon.

Karpentyerning so‘nggi – “Soz va sharpa” (Yel arra u la sombra, 1979) romani muqaddimasida: “Arfa yangrayotganda uchta narsa mavjud: san’at, qo‘l va tor. Insonda esa – a’zoi-badani, qalbi va sharpasi”, deyilgan. Amerika qit’asi ochilishi tarixini yangicha, ustiga ustak, yangi So‘zni kashf etishdek talqin qilishga bag‘ishlangan ushbu romanda Kolumbdan oldingi hamda Kolumbga zamondosh bo‘lgan madaniyat, xususan, adabiyotdagi So‘z muallifga goh tasvir vositasi, goh ishonch-e’tiqod quroli, goh karomatli ma’no sifatida xizmat qiladi – hammasi buyuk jahongashta Kolumb qalbida u yoki bu lahzada g‘alaba qozongan obraz bilan bog‘liqdir. Muallif nazdida, Kolumb qalbida maftunu shaydo Don Kixot va uddaburon Odissey tinch-totuv yashaydilar. Jahon adabiyotida kam uchraydigan hodisa – Kolumb tilidan so‘zlayotgan Karpentyerning g‘ayriadabiy uslubi, hijjalab o‘qishga mo‘jallangan antiqa uslubi katolik mazhabining peshvolariga qarata aytilgan So‘z bo‘lsa ajab emas. Romanning yakunlovchi qismida taqdim etilgan talqinlarning talqini, ya’ni betinim, hamisha osmonda charaqlab turgan Katta Ayiq Ona yulduzi ortidan ergashgan Xristofor Kolumb va nasroniy din yo‘lboshchisi – Vatikan papasi Piy IX ning bir obrazda mujassam etili­shi o‘quvchini ajablantiradi. Bizningcha, So‘z mavzuining ko‘tarilishi, So‘zning bir nechta jihatlari teran mu­shohada etilishi, qolaversa, So‘zning inson ongiga ta’siri xususida fikr-mulohaza yuritishi – bular hammasi Karpentyerning badiiy ijodga bo‘lgan jiddiy munosabatidan dalolat beradi. Nima bo‘lganda ham, Karpentyersiz “sehrli realizm” taraqqiy etishini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Uning Lotin Amerikasi adabiyotiga qo‘shgan hissasini esa hech qanday mezon va o‘lchovlar bilan o‘lchay olmaymiz. Axir, Karpentyerning fikricha, bu ulkan qit’ani “maravilloso”, “fabuloso” deb baholashga qodir, qit’ani sehrli diyor, mo‘‘jizali makon deb bilgan odam kashf etganligini, Lotin Amerikasi taqdiri uchun juda katta, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘lchovsiz ahamiyatga egadir. Bu odam Kolumb bo‘lgan, uning Yangi dunyoni shoirona his etishi, Yangi dunyoga qadam bosganidanoq o‘z ona yurtiga kelib qolgandek hissiyot uyg‘onishi Lotin Amerikasida tug‘ilib o‘sgan ijodkor ahliga turli Bog‘i Eram va Utopiya mamlakatlarini ko‘ra olishga imkon berdi.

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 1-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.