OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Naim Karimov. Asil Mansur qismati

1937-1938 yillardagi siyosiy qatag‘on Namangan viloyatida istiqomat qilgan maorif va madaniyat xodimlarining katta bir guruhini ham o‘z girdobiga tortgan. Endigina 32 yoshga qadam qo‘ygan, adabiyot va jurnalistika sohasidagi dastlabki ishlari bilan el og‘ziga tushgan Asil Mansur 1937 yilning shunday begunoh qurbonlaridan biridir.

1912 yili otasi vafot etganida Asil hali 8 yoshga to‘lmagan edi. Oradan bir-ikki yil o‘tmay, onasi ham bandalikni bajo keltirdi. Uch qiz va bir o‘g‘il qip-qizil yetim bo‘lib qoldi. Ular otadan meros bo‘lib qolgan uch tanob yerni o‘zaro bo‘lib yashashga majbur bo‘ldilar. Asil yerning o‘ziga tegishli qismini sotib, dastlab Faxriddin, keyin Muhiddin ism­li amakilarining qo‘lida tarbiyalana boshladi. Nihoyat, 1918-1919 yillarda mahalliy yirik sar­moyadorlardan biri, ma’rifatparvar ўafurxo‘ja Saidov Asilni o‘z panohiga oldi.

Asil 1914-1915 yillarda Dadamirza Shayxov mudirlik qilgan jadid maktabida ikki yil saboq chiqardi. U amakisi ўafurxo‘ja Saidovning qaramog‘iga o‘tganidan keyin uning qarshisida katta imkoniyatlar ochildi. U 1919 yili “Nashri maorif” jamiyati Namangan shahar bo‘limining muassislaridan biri bo‘lgan amakisining yordamida Toshkentga o‘qishga kelib, 15 nafar yosh yigit va qizlar bilan birga Toshkentdagi Maorif institutida uch yil davomida tahsil ko‘rdi. 1922 yili esa “Nashri maorif” jamiyati Namangan bo‘limining sa’y-harakati bilan Asqar Rahmonov, Xolqo‘ziyev, Abduvahob Hamroqulov, Usmon Aminov, Hoshim Sattorov, Mamajon Mo‘minov va boshqa tengdoshlari bilan birga Moskvaga borib, Kalinin nomidagi ishchilar fakultetiga o‘qishga kirdi. 1925 yili ishchilar fakultetini muvaffaqiyat bilan tugatgan Asil Mansurov Plexanov nomidagi mashhur Xalq xo‘jaligi institutida oliy ta’lim olishga kirishdi. Ammo bor-yo‘g‘i besh oygina o‘qigach, sil xastaligiga yo‘liqqan talaba Namanganga qaytishga majbur bo‘ldi.

Asil Mansurov Namanganga qaytishi bilan Namangan tumani maorif bo‘limida xizmat qila boshlaydi. O‘sha yillarda yosh mutaxassislarga ehtiyoj g‘oyat katta bo‘lgani sababli uni bir joydan ikkinchi joyga, bir sohadan boshqa sohaga muntazam ravishda yuborib turishadi. U 1927 yildan 1937 yilga qadar kechgan o‘n yillik muddatda Namangan shahar sovetida mas’ul kotib, o‘qituvchi, targ‘ibot va tashviqot bo‘limi mudiri, Andijon okrug ijroiya qo‘mitasida mas’ul kotib, Norin tumanida tar­g‘ibot va tashviqot bo‘limi mudiri, “Marg‘ilon haqiqati” va “Paxta fronti” (Andijon) gazetalarida mas’ul muharrir, Namangan shahar rahbar xodimlarni tayyorlash maktabida direktor lavozimlarida halol xizmat qiladi. Nihoyat, 1936 yilning avgust oyida Namangan shahar soveti va shahar ijroiya qo‘mitasining “Udarnik” gazetasiga mas’ul muharrir etib tayinlanadi.

Asil Mansurov qisqa muddatda tahririyatdagi mehnat intizomi va ish uslubini keskin o‘zgartirib, gazetani Namangan shahri hamda viloyatidagi ijtimoiy va ma’naviy hayotning yorqin ko‘zgusiga aylantiradi. Taniqli shoir va jurnalistlardan iborat mualliflar guruhini tuzib, Namanganda kechayotgan jo‘shqin hayot va mehnat jarayonini gazeta sahifalarida aks ettirishga zavq-shavq bilan kirishadi. O‘zi ham “Asil Mansur” taxallusi ostida shu davr ruhi bilan to‘yingan she’rlar yozadi.

Odatda shahar yoki viloyat miq­yosida biror tadbir o‘tkaziladigan bo‘lsa, shu shahar yoki viloyat gazetasi muharririning bu tadbirdan chetda turishi aslo mumkin emas. 1937 yilning yanvar oyi­da Namangan shahrida o‘tkazilishi mo‘ljallangan tadbir faqat shaharga emas, balki respublika ahamiyatiga molik voqea edi. O‘zbekiston staxonovchi-kolxozchilari respublika slyotining Namanganda o‘tkazilishi “gullar shahri” hayotida muhim voqea bo‘lajagi tufayli bu tadbirning o‘tkazilishiga shahar partiya qo‘mitasining birinchi kotibi Muhiddin Ermatov shaxsan rahbarlik qiladi. U O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Namangan bo‘limiga mahalliy shoirlarning slyotga bag‘ishlangan she’rlar to‘plamini tayyorlab, nashr etish va uni slyot qatnashchilariga sovg‘a sifatida tarqatish vazifasini topshiradi.. “Udarnik” gazetasining mas’ul muharriri Asil Mansur “ўalaba” deb nomlangan mazkur to‘plamning tahrir hay’atiga rais etib tayinlanadi.

1937 yil yanvar oyi boshlarida to‘plamning “signal” nusxasi tayyor bo‘ladi. Namangan shoirlarining bu sovg‘asi slyot qatnashchilarida yaxshi taassurot qoldiradi. Asil Mansur to‘plamni o‘z vaqtida va sifatli tayyorlab bergani uchun shahar rahbariyatining samimiy minnatdorchilik so‘zlarini eshitishga muyassar bo‘ladi.

Biroq oradan ko‘p o‘tmay, Namanganda “qama-qama” vasvasasi avj olib ketadi. Birinchilardan bo‘lib shoir Rafiq Mo‘min hibsga olinadi. Kimdir slyot qatnashchilariga tarqatilgan to‘plamda uning bir emas, balki uch she’rining bosilganiga jamoatchilik e’tiborini qaratadi. Ayniqsa, “O‘lka gullaganda” degan she’rning bosilishi “Udarnik” gazetasi muharririning katta siyosiy xatosi sifatida baholanadi.

To‘plamdagi barcha she’rlar sho‘ro davlati rahbarlarini, il­g‘or paxtakorlar va terimchi yoshlarni olqishlashga qaratilgan bo‘lib, “O‘lka gullaganda”ning ulardan farqlanuvchi biror xususiyati bo‘lmagan. Uzundan-uzoq bu she’r shunday satrlar bilan boshlangan edi:

Qo‘l-oyog‘i Hindistonday
bog‘lang‘on,
Beli bukri, bo‘yni qilday
qaralg‘on,
Og‘ir yukda suyak qolgan,
olayg‘on,
Ochlik yuki bilan horgan,
sulayg‘on,
Sharaq-shuruq kishanlarga
o‘ralg‘on,
Qamchin o‘ynar
qobirg‘ada-elkada,
Qora bulut o‘ynar edi o‘lkada...

Chamasi, o‘zbek diyorining chor hokimiyati davridagi bunday mung­li tasviri, uning ingliz mus­tamlakachilari zulmi ostida ezilgan Hindistonga muqoyasa qilinishi kimningdir “qitiq pati”ga tekkan.

Biz yuqorida Asil Mansurning uncha-muncha she’rlar yozganini aytib o‘tgan edik. Afsuski, Namangan shahar gazetasining 1936-1937 yillardagi taxlamlari poytaxt kutubxonalarida bo‘lmagani sababli biz uning mazkur nashrda e’lon qilingan she’rlari xususida fikr yurita olmadik. Ammo uning “Olqish” deb nomlangan bir she’ri boyagi “ўalaba” to‘plamidan joy olgan. Mamlakatimizning o‘sha yillardagi rahbarlaridan biriga bag‘ishlangan bu she’rda quyidagidek satrlar bor:

...Kecha-kunduz charchamasdan
ishlading sen, qahramon,
Chin tilak, maqsad egasi,
doimo bo‘l sen omon,
Tariximiz maqtanar noming-la
birdek har zamon,
Paxtaning bosh agronomi
senga hurmatli salom...
Yangi yo‘l, yangi hayotni porlatib,
ravshan yuzing,
Ishchi-kolxozchi turmushin to‘qlik
sari eltding o‘zing,
Ko‘pchilik baxtin farovon
ayladi o‘tkir so‘zing,
Paxtamizning agronomi,
senga hurmat va salom...
Biz safarbar atrofingda,
biz hamon kuchli bilak,
Sen bilan doim bo‘lurmiz,
sen va bizlar — sof yurak,
Ko‘kragingda u nishon ko‘p
porlagay — bizdan tilak,
Paxtamizning agronomi,
senga hurmat va salom...

Bu she’rda 30-yillar she’riyati ruhidagi ko‘tarinki-romantik bo‘yoqlar ustuvorlik qiladi. Biroq shu narsa muhimki, barcha shoirlar “xalqlar dohiysi”ni yakdillik bilan ulug‘layotgan bir davrda mazkur satrlar muallifi o‘z yurtiga rahbarlik qilgan kishilardan biri — “paxtamiz agronomi” sharafiga olqish so‘zlarini aytgan. Bu, e’tiborga molik hodisalardan bo‘lsa, ajab emas.

Agar Asil Mansur 37-yil tegirmonidan omon qolganida, balki yaxshigina shoir yoki jurnalist bo‘lib ulg‘aygan, o‘z asarlari bilan o‘zbek adabiyoti va jurnalistikasi tarixida ma’lum iz qoldirgan bo‘larmidi?.. Ammo mud­hish davrning temir qo‘llari uni 1937 yil 28 mayda mahkam ushlab olib, o‘sha yilning 2 dekabrida bo‘g‘ib tashladi.

Iste’dodli shoir va jurnalist Asil Mansur yorug‘ dunyoni tark etganida rafiqasi Sharofatxon Mansurova endigina 25 yoshga to‘lgan, Haqiqat deb atalgan farzandi esa 4 oylik chaqaloq edi. Agar Haqiqat hozir hayot bo‘lsa, bilsinki, uning otasi nafaqat yaxshigina shoir va jurnalist, balki kamtar, olijanob va el-yurt ishiga kamarbasta ajoyib insonlardan biri edi.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.