Hayot g‘aroyib voqealarga boy
Biz uzoq va yaqin o‘tmishda yashagan o‘rta osiyolik mashhur siymolarni qanchalik bilmaylik, frantsuz adibi Stendal ifodasi bilan aytsak, tasodif janoblarining amri bilan fan va madaniyat olamida chuqur iz qoldirgan yangi-yangi olimlar, shoir va Yozuvchilarning nomlari tarix qa’ridan chiqib kelaveradi.
Shundaylardan biri ushbu maqolamiz qahramoni Mirzo Qo‘qonboy Abduxoliqzodadir.
G‘aroyib topilma
O‘tgan asrning so‘nggi yillarida Shuhrat Abduxoliqov ism-sharifli samarqandlik yigit ota-bobosidan qolgan uyini ta’mirlayotgan vaqtida yerto‘ladan chirib, chang bosib ketgan kattagina jomadonni topib oladi. Bu kutilmagan topilma Shuhratni dovdiratib qo‘yadi. Jomadon ichida nima bo‘lishi mumkin? Nikolay davridan qolgan tilla tangalarmi yo qimmatbaho ma’danlardan yasalgan buyumlar-u, duru gavharlarmi? Agar jomadon ichidan kimlarningdir bosh chanoqlari-yu suyaklari chiqsa, unda nima bo‘ladi?..
Shuhratjon darhol hushyor tortib, akasiga qo‘ng‘iroq qildi. Adliya sohasida xizmat qilayotgan akasi zudlik bilan yetib borishini aytdi. Shuhratjon akasi kelgunicha yuragi xapriqib, goh tashqariga chiqib, uni kutar, goh yerto‘laga tushib, jomadonning joyida turgan-turmaganini tekshirar edi. Ko‘p o‘tmay, Tal’at Abduxoliqov yetib kelib, aka-uka jomadonni sekin ocha boshladilar. Jomadondan sarg‘ayib, aksar sahifalari titilib ketgan 200 dona daftar chiqdi. 12 va 24 varaqli bu daftarlarga arab Yozuvida nimalardir bitilgan edi. Tal’atjon ham bu daftarlarning kimga tegishli ekani va ularda nimalar yozilganini bilmasdi. U hayajonini biroz bosib olganidan keyin, ukasining savol alomati bo‘rtib turgan yuziga qarab, dedi:
— Bolalik paytlarimda rahmatli dadam o‘z otalari to‘g‘risida ko‘p g‘aroyib gaplarni aytib berardilar. Afsuski, bu gaplarning ko‘pi yodimda qolmagan. Ammo dadamning aytishlaricha, bobomiz o‘z davrining peshqadam kishilaridan bir bo‘lganlar. “Samarqandda o‘sha paytlar otamdek donishmand, ma’rifatparvar, bir necha tillarni bilgan adiblar ko‘p bo‘lmagan. Otamiz o‘sha ulug‘lardan biri bo‘lganlar”, — der edilar dadam...
Tal’atjon shu gaplarni aytgach, daftarlardan ikki-uchtasini olib, changini qoqib, buklanib qolgan sahifalarni silab-tekislab, asta varaqlay boshladi. Arab Yozuvidan xabarsiz bo‘lgani uchun daftarlar unga gapirmadi. U daftarlarda nimalar yozilganini bilolmadi.
— Universitetda tanish domlalar bor, arab Yozuvini biladigan. Shularga ko‘rsatsak, bu daftarlarda nimalar yozilganini aytib berishadi. Balki dadam aytganlaridek, bobomiz adib bo‘lgandirlar. Agar shunday bo‘lsa, bu daftarlar faqat biz, nabiralarnigina emas, balki olimlarni ham qiziqtirib qolsa ajab emas.
1997 yilning kuz oylarida taniqli tojik adabiyotshunosi Rasul Hodizoda o‘g‘li bilan birga Tal’at Abduxoliqovning uyida mehmon bo‘ladi. Mezbon bir piyola choy atrofidagi suhbat chog‘ida boyagi daftarlardan so‘z ochib, qiziqib qolgan mehmonning iltimosi bilan ularni ko‘rsatadi. Mehmon daftarlarni varaqlar ekan, qattiq hayajonga tushib:
— Bobongiz zabardast adib bo‘lgan ko‘rinadilar. Mana bu daftarda “Namoz”, mana bunda “Tog‘ qizi” romanlari, mana bularda esa “Jizzax qo‘zg‘oloni” va boshqalar yozilgan. Nazarimda, bu asarlar hozir ham o‘z qiymatini yo‘qotmagan. Imkon topib, ularni nashr qiling. Bu sizning nevaralik burchingiz, Tal’atjon, — dedi.
Shundan keyin ko‘p o‘tmay, Rasul Hodizoda yangi topilma haqida “Guli murod” jurnalida maqola e’lon qildi.
Tal’atjon esa Mohira Boboeva va Vafo Nazarov singari samarqandlik sharqshunos olimlar yordamida bobosidan qolgan adabiy merosni o‘rganish va kirill Yozuviga o‘tkazishga kirishdi... Badiiy asarlarning aksari tojik tilida yozilganligi uchun u iste’dodli adabiyotshunos va nosir Shavkat Hasanovni tarjima ishlariga jalb etdi. Notanish Yozuvdagi asarlar kompyuterga tushirilgach, u bobosi asarlarini o‘qib, undan tilla bilan baravar, balki undan-da qimmatli meros qolganidan boshi osmonga yetdi.
* * *
Kamina Cho‘lpon hayoti va faoliyatiga doir ma’lumotlar axtarib, davlat arxivlaridan birida ishlab yurardim. Shunday kunlarning birida bir xufyanomaga ko‘zim tushib qoldi. Unda quyidagi so‘zlar yozilgan edi: “...1927 yili Samarqandda Qo‘qonboy Abduxoliqning uyida bo‘lib o‘tgan ziyofatda men, Vadud Mahmud, Cho‘lpon, Munavvar qori va xonadon sohibi ishtirok etganmiz. Ziyofat Munavvar qorining Samarqandga kelishi sharafiga berilgan edi... Qo‘qonboyning shu uyiga keyinchalik Cho‘lpon ko‘chib kirgan. Qo‘qonboy Munavvar qori guruhiga mansub eski jadidlardan biridir...”
Xufyanomadagi shu so‘zlarni o‘qigach, Qo‘qonboy Abduxoliq yoki Abduxoliqov ham 30-yillarda hibsga olingan bo‘lsa kerak, degan xayol bilan uning jinoiy-arxiv ishini axtarishga kirishdim. Lekin na uning “delo”sini, na boshqa “delo”lardan u haqdagi biror ma’lumotni topishning iloji bo‘lmadi.
Shunday armonli kunlarning birida Munavvar qori Abdurashidxonov sharafiga dasturxon yozgan, Samarqanddagi o‘zbek davlat teatrida adabiy emakdosh bo‘lib ishlayotgan Cho‘lponga boshpana bergan kishining adabiy merosi topilganligi haqidagi xabar kaminani larzaga keltirdi.
Samarqandlik noma’lum adib
Mirzo Qo‘qonboy Abduxoliqovning rus tilida yozilib mashinkalangan, bir sahifadan mo‘lroq tarjimai holi mavjud. Undan ma’lum bo‘lishicha, u 1869 yili Qo‘qonda tug‘ilgan. U samarqandlik mashhur shoir va Yozuvchilar — Sidqiy-Ajziydan 5 yosh kichik, M.Behbudiydan 6 yosh, Sadriddin Ayniydan 9 yosh, hoji Muindan esa 14 yosh katta bo‘lgan. Balki shuning uchunmi yo boshqa sabab bilanmi, Mirzo Qo‘qonboyning bu qalamkash birodarlari bilan yaqin aloqada bo‘lganligini tasdiqlovchi ma’lumot hozircha uchramadi.
U Samarqandda eski maktabni tugatib, ikki-uch yil davomida madrasa ta’limini olgach, hamshahar birodarlaridan farqli o‘laroq, shahardagi rus bilim yurtining 4 sinfini tamomlagan. Otasi tojik, onasi esa o‘zbek bo‘lgan.
Mirzo Qo‘qonboyning mahalliy yoshlar orasida rus tilini yaxshi bilgan yigitlardan bo‘lishi uning keyingi hayot tarzini belgilab berdi. U 1893 yildan e’tiboran sud va ma’muriy muassasalarda tarjimon bo‘lib ishlay boshladi. O‘zbekiston Markaziy Davlat arxividagi hujjatlarga qaraganda, u 1908 yil 12 avgustdan 1918 yilga qadar Samarqand uezdi boshlig‘ining devonxonasida tarjimon bo‘lib xizmat qilgan. Uning tarjimonlik faoliyati 1917 yil voqealaridan keyin ham davom etdi. O‘zbekiston Adliya xalq komissarligi tomonidan 1925 yil 10 sentyabrda berilgan hujjatdan ayon bo‘lishicha, Qo‘qonboy Abduxoliqov shu yillarda sho‘ro davlatining turli topshiriqlarini bajaradi. Chunonchi, aholidan noqonuniy ravishda soliq olgan volost va qishloq ijroiya qo‘mitalarini tekshirish hamda tegishli choralar ko‘rish uchun Nurota uezdiga keng vakolat bilan yuboriladi. 20-yillarning o‘rtalarida rus tilidagi darslik va o‘quv qo‘llanmalarini mahalliy tillarga tarjima qilish masalasi kun tartibiga qo‘yilgach, shu sohada jonbozlik ko‘rsatib, biologiya, antropologiya, shuningdek, zoologiya, botanika kabi fanlar bo‘yicha yaratilgan darslik va o‘quv qo‘llanmalarini o‘zbek va tojik tillariga tarjima qiladi. Qo‘qonboy Abduxoliqovning tarjimonlik faoliyati “Tojiknashr” nashriyotining Samarqand sho‘’basi ish boshlagan 1925 yildan to umrining so‘nggi kunlariga qadar uzluksiz davom etadi.
Qo‘qonboy Abduxoliqov ayni paytda Butunittifoq binokor ishchilarining kasaba ittifoqi O‘zbekiston markaziy idorasida tarjimon bo‘lib ishlaydi (1928 yildan), O‘zbekiston ilmiy xodimlar uyushmasining Samarqand bo‘limiga a’zo bo‘ladi (1932), tojik tili terminologiyasini ishlashda faol ishtirok etadi (1934 yildan), Tojikiston Yozuvchilar uyushmasiga a’zo etib qabul qilinadi (1941).
Mirzo Qo‘qonboyning otasi samarqandlik kosib bo‘lib, 1868 yili chor Rossiyasi Samarqandni bosib olganida, oilasining keyingi taqdiridan xavotirga tushib, Qo‘qonga ko‘chib borgan. Oradan bir yil o‘tib, to‘ng‘ich farzandi dunyoga kelganida, unga Abdulhaq deb nom bergan. Ammo qo‘ni-qo‘shnilar, ularga qo‘shilib Abduxoliq otaning o‘zi ham farzandini Qo‘qonboy deb chaqirishgan. Bu nom hatto rasmiy hujjatlarda ham Qo‘qonboy Abduxoliqov tarzida o‘z aksini topgan.
1875 yili Qo‘qon xonligi ham rus qo‘shinlari oldida taslim bo‘ladi. Abduxoliq ota shundan keyin yana ona shahriga ko‘chib borib, Qo‘shhovuz mahallasidan uy-joy sotib oladi. Mirzo Qo‘qonboy Samarqanddagi madrasalarning birida arab va fors tillarini, rus bilim yurtida esa rus tilini qunt bilan o‘rganib, 1891-1893 yillar orasida Moskvaga safar qiladi.
Ana shu safar chog‘ida Qo‘qonboyning rus tilini bilish darajasi sinovdan o‘tib, ma’muriy idoralarda tarjimon, sud jarayonlarida esa kotib bo‘lib ishlay boshladi.
Mirzo Qo‘qonboy sud va ma’muriy muassasalarda ishlash chog‘ida, bir tomondan, oddiy va jabrdiyda xalq hayotini yaqindan o‘rganish, ikkinchi tomondan, mustamlakachilarning asl qiyofasini, maqsad va maslagini ko‘rish va tushunish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shu ikki narsa adib dunyoqarashining shakllanishi, vatanparvar, xalqparvar, erkparvar va taraqqiyparvar bo‘lib ulg‘ayishida muhim omil bo‘ldi.
* * *
Kamina Mirzo Qo‘qonboy hayoti va ijodi sahifalarini nazardan o‘tkazar ekanman, uning XX asr boshlarida yashagan boshqa jadid ma’rifatparvarlaridan keskin farq qilganini ko‘rmay ilojim yo‘q. U uezd boshlig‘i devonxonasida tarjimon, sud jarayonlarida kotib bo‘lib xizmat qilgani, binobarin, ruslarga yaqin bo‘lgani sababli, xuddi mashhur advokat Ubaydulla Xo‘jaev singari, rus qiziga uylangan. Uning xotini Anna Karpovna voronejlik ayol bo‘lgan.
Mirzo Qo‘qonboyning xotira va esselari bilan tanishgan kishi uning nafaqat Pyotr I davridan boshlab XX asrning 40-yillarigacha Rossiya imperiyasi, Qo‘qon xonligi va Buxoro amirligida bo‘lgan va aksar holda o‘zi guvoh bo‘lgan voqealarni, balki Yevropadagi siyosiy-ijtimoiy hayotni ham yaxshi bilganidan, o‘zbek xalqi taqdiriga aloqador voqealar rivojini esa chuqur tahlil qilganidan hayratga tushadi. Ammo u badiiy asarlar — roman va qissalar yozganida uning tabiatidagi yevropaparastlik izlari tobora xira tortib, XX asr boshlaridagi o‘zbek va tojik xalqlari hayotini tasvirlash xohishi markaziy o‘ringa chiqadi.
Bu hol badiiy ijodning biror joyda yozilmagan “temir qonun”i tufayli ro‘y bergan bo‘lsa ajab emas.
Ijod bog‘ining mevalari
Mirzo Qo‘qonboyning tarjimai holida qayd qilinishicha, u 1925 yildan boshlab adabiyot bilan shug‘ullana boshlagan. Ammo u “adabiyot” deganda, bizningcha, shu yildan boshlab rus tilidan tojik va o‘zbek tillariga tarjima qila boshlagan darslik va o‘quv qo‘llanmalarini nazarda tutgan. Negaki, uning “Namoz o‘g‘ri” deb nomlangan dastlabki romani 30-yillar oxiri — 40-yillar avvalida yozilgan. Bu asardan olingan ayrim parchaning 1940 yilda S.Ayniyning “Tojik adabiyoti namunalari” majmuasida e’lon qilingani, 15 daftarga bitilgan roman qo‘lyozmasining esa 1942 yil 14 iyun kuni Tojikiston Davlat nashriyotiga pochta orqali yuborilgani fikrimizning tasdig‘idir. Mirzo Qo‘qonboy Abduxoliqzodaning badiiy ijodi, shubhasiz, 30-yillarning o‘rtalarida boshlangan. Qo‘limizdagi Shavkat Hasan tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan “Jizzax qo‘zg‘oloni” xotira-qissasi, “Istadjon” va “Qamchinidan qon tomadi” qissalarining 1936-1937 yillarda yozilganligi ham shundan dalolat beradi.
Adib bu tilga olingan asarlardan tashqari, “Tog‘ qizi” romanini va yana bir qancha kichik hikoyalar, esdaliklar va qaydlarni yozib qoldirganki, ular muallifning keksaygan chog‘ida adabiy faoliyat bilan samarali shug‘ullangani va qisqa muddatda badiiy ijodning yuksak dovonlarini zabt etganidan shahodat beradi.
XIX asr oxiri — XX asr boshlarida zulm va adolatsizlikka qarshi bosh ko‘targan, el-yurt o‘rtasida Namoz o‘g‘ri nomi bilan mashhur bo‘lgan shaxs to‘g‘risida ko‘plab asarlar yozilgan. Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand va uning atrofidagi qishloqlarda harakat qilib, zulm ahlini larzaga keltirgan bu xalq qahramoni haqida Mirzo Qo‘qonboy ham roman yozgan ekan. Biz bu asar bilan hali tanishish imkoniga ega bo‘lmaganimiz tufayli quyida akademik Botirxon Valixo‘jaevning u haqdagi fikrini keltirish bilan kifoyalanamiz. Atoqli adabiyotshunos Namoz bilan bog‘liq voqealarning Halvoyi, Bog‘ibaland, Xoja Abduyi Berun kabi qishloqlarda sodir bo‘lganini aytib bo‘lgach, bunday yozgan: “Yozuvchi bu joylarni yaxshi biladi va sodir bo‘lgan voqealar tasvirining hayotiyligiga erishadi. Romanda Namoz milliy qadriyatlar bilimdoni, adolatni yoqlovchi, muhtoj va bechoralarga yordam qo‘lini cho‘zuvchi vallamat, adolatsizlik va zulmga dadil qarshi turuvchi obraz sifatida tasvirlangan”.
O‘ylaymizki, mazkur romanning yaqin yillar ichida o‘zbek va tojik tillarida nashr etilishi bu asarning g‘oyaviy va badiiy xususiyatlari to‘g‘risida kengroq va ravshanroq fikr yuritish imkonini beradi.
O‘tgan yili “Zarafshon” nashriyotida adibning “Tog‘ qizi” romani tojik va o‘zbek tillarida nashr etildi. Biz bu asarning Shavkat Hasan tarjimasidagi o‘zbekcha nashri bilan tanishar ekanmiz, adibning XX asr boshlarida Samarqand va Samarqand atrofidagi qishloqlarda sodir bo‘lgan ayanchi voqealarning tirik guvohi bo‘lgani va shu tufayli ular haqida kelajak avlodlar uchun badiiylashgan tarixiy romanni yozib qoldirganiga ishonch hosil qilamiz.
“Ming afsuslar bo‘lsinki, — deb yozadi muallif mazkur romanga ilova qilgan “So‘zboshi”sida, — bugunga ibrat bo‘ladigan va istibdod davri idora tartibotini ko‘rsatadigan hodisalar nomu nishonsiz yo‘qlikka yuz tutib ketmoqda. O‘sha voqealarning shohidi bo‘lganlar kundan-kunga kamayib bormoqda, natijada kechagi tariximiz ba’zan oydinlashmasdan qolmoqda”.
Muallif dilidagi ana shu armonning Abdulla Qodiriy va Sadriddin Ayniy singari adiblar tufayli qisman ushala boshlagani unda “yaqin tariximiz masalalariga e’tibor berib, mudhish voqealar sir-asrori yuzidan pardani ko‘tarish” havasini uyg‘otgan. Va u “ancha oldinroq yozib qo‘ygan qaydlarini roman yo qissa shakliga solish”, “kitobxonlarni kechagi noxush voqealar bilan tanishtirish” niyatida mazkur romanni yozishga kirishgan.
“Tog‘ qizi” romanida Birinchi jahon urushi boshlangan kezlardan 1917 yil voqelarigacha bo‘lgan o‘zbek va tojik xalqlari hayotining murakkab davri qalamga olingan. Adib bu asarida Mohzoda va Qurbon hamda ularning jabrdiyda otalari Juma bilan Niyozboy obrazlari orqali ikki xalq hayotining shu davrdagi “vahshatangiz” manzaralarini haqqoniy va mahorat bilan tasvir etgan. Biz bu asarda uni nafaqat qahramonlarni murakkab voqealar silsilasida tasvirlagan, balki shu voqealar rivojini tarixiy davr kontekstida tasvirlay olgan, analitik (tahliliy) tafakkurga ega bo‘lgan ijodkor sifatida ham kashf etamiz.
Mirzo Qo‘qonboyning ”Istadjon” va “Qamchinidan qon tomadi” qissalari yuqorida tilga olingan har ikkala romandan mavzusi bilan ham, uslubi bilan ham, ularda ko‘tarilgan ma’naviy masala jihatidan ham keskin farq qiladi. O‘zi aytmoqchi, “yoshi bir joyga borib qolgan” vaqtda roman va qissa yozishga kirishgan muallif uchun otalar va bolalar muammosidek g‘oyat muhim masala yo‘q edi. Adib “Qamchinidan qon tomadi” qissasida o‘z davrining taraqqiyparvar kishilaridan biri sifatida shu masalada otalar tarafini olmaydi, balki ular izmidan chiqib, yangi tarixiy davr bilan baravar qadam tashlashni va hayotini yangicha asosda qurishni istagan yosh avlodni o‘z himoyasiga oladi. “Istadjon” qissasida esa ota-onaning issiq bag‘rida biror qiyinchilik ko‘rmay o‘sgan, binobarin, mustaqil hayotga tayyorlanmay ulg‘aygan farzand obrazini yaratgan. Adib bu noshud yigitning uylanganidan keyin ham ota hisobiga yashashda davom etganida, hatto otasi do‘kon ochib berganidan so‘ng molni mutlaqo begona va turar joyi noaniq kimsalarga nasiyaga berib yuborganida ham uni emas, balki otasini aybdor, deb hisoblaydi. U mazkur qissasi bilan farzandning qanday ulg‘ayishi ota-onaga, ular bergan ta’lim va tarbiyaga bog‘liq, degan g‘oyani ilgari surgan.
Mirzo Qo‘qonboyning adabiy merosidagi yana bir muhim asar “Jizzax qo‘zg‘oloni” xotira-qissasidir. 1916 yilgi Jizzax qo‘zg‘oloni qatnashchilari ustidan bo‘lib o‘tgan sud jarayonida shaxsan ishtirok etgan adib bu memuar asarida Chor Rossiyasi mustamlakachilik siyosatining g‘ayrimilliy va g‘ayriinsoniy mohiyatini aniq hayotiy fakt va voqealar tasviri orqali ro‘y-rost ochib tashlagan. Turkistondagi bu va boshqa qo‘zg‘olonlarning kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilib bergan. Shu ma’noda bu asar mamlakatimiz tarixining mustamlakachilik davri haqidagi muhim tarixiy hujjatdir.
Xulosa o‘rnida
Hayoti va ijodiy faoliyati bilan endigina tanisha boshlaganimiz Mirzo Qo‘qonboy Abduxoliqzoda XIX asr oxiri — XX asr boshlarida Samarqandda yashagan ma’rifatparvarlardan biridir. U boshqa qalamkash birodarlaridan farqli o‘laroq chor hukumati idoralarida tarjimon sifatida xizmat qila turib, mahalliy xalqning huquq va manfaatlari shu hukumat tomonidan toptalganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi hamda mustamlakachilik siyosatining vahshatli oqibatlarini badiiy va memuar asarlarida yorqin ifodaladi. Shu narsaning o‘ziyoq, bizningcha, uning M.Behbudiy, S.Ayniy, A.Shakuriy, Hoji Muin, Said Rizo singari samarqandlik mashhur ma’rifatparvarlar qatoridan joy olishiga to‘la huquq beradi.
Naim Karimov,
filologiya fanlari doktori
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).