OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nanohayotga tayyormisiz?

XX asrda samolyotlar, raketalar, televizor va kompyuterlar dunyoni o‘zgartirdi. Olimlarning ta'kidlashicha, nanotex­nologiya­lar yordamida yaratilgan xomashyolar, dori-darmonlar, aloqa va xizmat ko‘rsatish vositalari XXI asr yangi texnika taraqqiyotining asosi bo‘ladi. Ko‘z o‘ngimizda ko‘plab afsonalar haqiqatga aylanib bormoqda. Insonlar atomlarni boshqarish yo‘li bilan oddiy ko‘zga ilinmaydigan asbob-uskunalar yaratishni o‘rganib oldilar.

O‘z ichiga fizika, kimyo hamda biologiya fanlarining yutuqlarini qamrab oladigan NANOTEXNOLOGIYA hayotimizga kirib kelmoqda. Olim-nanotexnologlar nanometrlarda o‘lchanadigan o‘ta kichik jismlar ustida ish olib boryapti.

Grek tilidan tarjima qilganda "nano" - mitti degan ma'noni bildiradi. "Nanotexnika" atamasi esa ular bilan ishlash boshlanganidan ancha keyin, 1974 yilda yaponiyalik Norio Taniguchi tomonidan muomalaga kiritilgan. Bir nanometr (nm.) metrning milliarddan bir qismiga teng. Oddiyroq aytganda, bu taxminan stol tennisi koptokchasi bilan butun yer shari nisbatiga to‘g‘ri keladi. Nanotexnologlar, asosan, 0,1 dan 100 nm.gacha hajmda bo‘lgan jism­lar bilan ish olib boradilar. Kengroq tasavvurga ega bo‘lishingiz uchun bitta soch tolasining qalinligi 80000 nm.ga tengligini eslatib o‘tamiz. Bu hajm nanotexnologiyalar olamida "juda katta" hisoblanadi. Shuni ham aytib o‘tish kerakki, ilk nanotexnika asboblari Shveytsariya­ning IBM kompaniyasi laboratoriyasida yaratilgan. Atomlar olamiga kirib kelganimizga 100 yildan oshganiga qaramay, uning mohiyatini endigina tushunib yetmoqdamiz. Bu haqda 1959 yili Kaliforniya texnika institutida so‘zga chiqqan Nobel mukofoti sovrindori Richard Feynman shunday degan edi: «Bir kun kelib, masalan, 2000 yilda, insonlar 1960 yillargacha bo‘lgan nanoolam tadqiqotlariga jiddiy qaramaganlaridan ajablanadilar". Ushbu so‘zlar bugun bashoratdan haqiqatga aylandi. Zarralar olami samarasini qator davlatlar allaqachon anglab yetganga o‘xshaydi. Shu sababli bo‘lsa kerak, ilmning bu yangi sohasiga alohida e'tibor qaratilmoqda.

"Global Indastri Enelists" tashkiloti tahlilchilarining taxminlariga ko‘ra, keyingi 10 yil davomida nanotexnologiyalarni rivojlantirishga dunyo bo‘yicha 3 trln. AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratiladi. 2006 - 2010 yillar mobaynida esa "mitti atomlar olami"ga investitsiyalar kiritish miqdori bo‘yicha Yaponiya, AQSh va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari yetakchi o‘rinni egallashi ko‘zda tutilmoqda.

Tashkilot hisobotida keltirilishicha, nanotexnologiyalarning sog‘­liqni saqlash va elektronika sohalarida keng qo‘llanilishi keyingi o‘n yil ichida barcha nanotexnologik loyihalarning daromadi oshishiga sabab bo‘ladi. Shunga ko‘ra, ushbu bozorning o‘sishi turli tashkilotlarning investitsiyalariga bog‘liq. Bundan tashqari, 2006 - 2010 yillar ichida nanotexnikani rivojlantirish maqsadida bir qancha davlatlarning hukumatlari, xususan, Yaponiya 6 mlrd. AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratgan bo‘lsa, undan biroz ort­da bo‘lgan Qo‘shma Shtatlar bu sohani kengaytirish uchun 5,6 mlrd. dollar miqdorida pul qo‘shgan. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari esa 4,6 mlrd. dollar ajratishni rejalashtirmoqda. Yaqin kelajagimizda nanomuskul, nanoovqat, nanoquvur, nanokiyim kabi atamalar hayotimizning ajralmas qismiga aylanishi hech gapmas. Negaki, nanotexnologiyaning samarasi so‘nggi yillarda ancha ko‘zga tashlanyapti. Quyida keltirilgan kashfiyotlar insoniyatga ancha-muncha foydasi tegishi mumkin bo‘lgan hamda ayni payt­da yaratilgan va yaratilish arafasida bo‘lgan "nanonarsalar"dir.

NANOTELEFONGA QANDAY QARAYSIZ?

«Nokia» kompaniyasi Kembrij universiteti bilan birgalikda nanotexnologiyalar asosida yangi o‘ziga xos telefonni yaratdilar. «Morf» (Morph) deb nomlangan ushbu telefonning «vazifadosh»laridan farqi shundaki, u bukilishi, turli shaklga kirishi, hatto, hajmini ham o‘zgartirishi mumkin.

Bunday telefonni yaratishda bir yil davomida jami 43 nafar mutaxassis ishtirok etdi.

«Morf» telefoni shaffof va qayish­qoq materialdan yasalgan. Uning ustki qismi ekrandan iborat bo‘lib, barmoq tegishi bilan ishga tushadi. Shunga qaramay, unda hech qanday iz qolmaydi, doimo toza va tiniqligini saqlab turadi. Apparatni cho‘zib, videolavhalar yoki matnlarni yanayam yaxshiroq ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lasiz. Bundan tashqari, bilakka o‘rab qo‘yish ham mumkin. «Nokia» kompaniyasi rasmiy vakillarining aytishicha, kelajak uyali aloqa vositalari aynan shunday ko‘rinishda bo‘lishi kutilmoqda.

Bunday telefonlar 7 yildan so‘ng ommaviy sotuvga chiqariladi, degan gaplar ham bor.

QON UCHUN «NANOTO‘G‘ON»

Amerikalik olimlar qon oqishini bir zumda to‘xtatadigan nanomodda yaratdilar. Yaqin kunlarda ushbu material Kaliforniyada tajribadan o‘tishi kutilmoqda. Agar sinovlar muvaffaqiyatli o‘tsa, bunday nanomoddaning tibbiyotda paydo bo‘lishi shov-shuvga arzigulik haqiqiy yangilik bo‘lishi aniq. "Arch Terapetiks" kompaniyasi ushbu modda uchun litsenziya olishga muvaffaq bo‘ldi. U nanomoddani ishlab chiqaradigan texnikani rivojlantirib, keng sotuvga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Olimlarning aytishicha, material ayniqsa, xirurgiya, masalan, boshda yoki yurakda bo‘ladigan mushkul operatsiyalarda qo‘llanishi ayni muddao bo‘ladi. U vaqtni tejash bilan birga, inson organizmiga turli xil infektsiyalarning tushishiga to‘sqinlik qiladi. Bundan tashqari, tez yordamda aynan shu moddaning zarurligini inkor etib bo‘lmaydi. Shifokorlar bunday materialdan foydalanishni intizorlik bilan kutishayotganini bildirdilar.

"SHIFOKOR" BO‘YOQ

Missisipi daryosi orqali o‘tadigan ko‘prikning vayron bo‘lishi yoki yaqinda Xitoyda sodir bo‘lgan shunga o‘xshash voqea amerikalik olimlar ishlab chiqqan ixtiro hayotimizda qanchalar muhim o‘rin tutishi mumkinligini ko‘rsatib berdi.

Gap shundaki, Michigan universitetining muhandislik kollejida samolyot, ko‘prik va turli binolar uchun yangi "bo‘yoq" yaratildi. Professor Jerom Linch boshchiligidagi bir guruh olimlar jism­larning ichki va tashqi kamchiliklarini "davolaydigan", ko‘zga ko‘rinmaydigan nuqsonlar, yoriqlar va zanglarga qarshi "qoplama" ishlab chiqdilar. Ushbu ixtiro turli ob'ektlarni sozlash bilan shug‘ullanadigan kishilar ishini yengillashtirish bilan birga, yuqoridagi kabi falokatlarning oldini olishga ham yordam beradi.

NANOMIYA

"Bi-Bi-Si" xabariga ko‘ra, Yaponiyaning Sukuba shahridagi Milliy institut tadqiqotchilari inson miyasi singari ishlaydigan nanojism ixtiro qildilar.

Qurilma 17 ta molekuladan iborat bo‘lib, ulardan bittasi o‘rtada joylashgan. Uskuna mana shu markaziy molekula orqali bosh­qariladi. Molekulalar jamlanmasi markaziy molekulaga birgina buyruq berish asnosida o‘zida 4 mlrd. funktsiyani bajarishga tayyor turadi. Aynan shu xususiyati bilan u inson miyasining analogi sifatida e'tirof etilmoqda. Olimlarning ta'kidlashicha, ularning ixtirosi kompyuter protsessorlarining ishlash quvvatini yanada oshirishga va nanomexanizmlarni boshqarishga yordam beradi.

Sumanso,
“Marifat” gazetasidan

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.