OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Navoiy yaratgan kuy

Xondamir, Vosifiy, Bobur kabi mualliflar hazrat Alisher Navoiyning musiqadagi ilmiy va amaliy faoliyati, ya'ni risola bitib, o‘zi ham ko‘pgina kuylar bastalagani, ijrochilik mahorati hamda yosh sozandalarga murabbiy-ustoz bo‘lgani haqida qimmatli ma'lumot berganlar. Biroq ular ichida Alisher Navoiy bastalagan kuylardan hech birining nomi maxsus qayd etilmagan. Shu sababli ko‘pdan beri olimlarimizni Navoiy yaratgan kuylardan birontasining nomi qo‘lyozma manbalarda uchrab qolishi masalasi qiziqtirib kelardi.

Qarangki, ana shunday manba 1556 yil 9 dekabrda Samarqandda tug‘ilib, 1630 yili shu shaharda vafot etgan Mutribiyning "Tazkirat ush-shuaro"(1605) asaridan keyin, aniqrog‘i, 1624 yili yoza boshlab, birinchi tahririni 1626 yil dekabrida Hindistonda boburiy Jahongir podshohga shaxsan taqdim etgan va 1628 yili yaratgan ikkinchi tahriri esa bizgacha yetib kelgan "Nusxayi zeboyi Jahongir" tazkirasi bo‘lib chiqdi. Bu tazkira qo‘lyozma nusxasi Angliyadagi "Indiya offis" muzeyi kutubxonasida saqlangan bo‘lib, u qo‘lga kiritilgach, Mutribiy ma'lumoti asosida ushbu satrlar muallifi 1996 yili "O‘zbekiston adabiyoti va san'ati" gazetasi orqali Navoiy bastalagan kuy haqida xabar e'lon qildi. Mazkur ma'lumot aslida "Nusxayi zeboyi Jahongir"ga 1627 yil fevralidan keyin ilova tarzida kiritilgan Xotima qismida zikr etilgan bo‘lib, bu Xotima kamina tomonidan "Hind safari" nomi ostida o‘zbek tilida nashr ham qilindi(Mutribiy. Hind safari. - Maxpirat nomidagi O‘rta Osiyo xalqlari tarixi instituti, 2005).

Afsuski, shunga qaramay, haligacha ayrim yosh tadqiqotchilar ishlarida Alisher Navoiy musiqiy faoliyati haqida Xondamir va Bobur ma'lumotlaridan bo‘lak xabarlar mavjud emasligi qayd etilib turibdi. Shu sababli bu mavzuga yanada oydinlik kiritib, Xondamir va Bobur ma'lumotlarini Mutribiy yozib qoldirgan qimmatli fikrlar bilan to‘ldirishni ma'qul topdik.

Xondamir "Xulosat ul-axbor"ning Amir Alisher Navoiy tarbiyasi tufayli musiqada kamol topgan sozandalar bobida shunday yozadi: "Oliyhazrat amir Alisher musiqa ilmida ham shu qadar mahorat hosil qilgan edilarki, agar Muallimi soniy Abu Nasr Forobiy hayot bo‘lganlarida Navoiyga shogirdlik sirg‘asini qulog‘iga taqib olardi. U qonun va udda zo‘r ta'lim olgandilar. Binobarin, sozanda ahlining ko‘pchiligi hamisha oliyhazratning mulozamatida bo‘ladilar. Hofiz qozoq yoshi ulg‘ayib, oqu qorani ajratadigan bo‘lib qolganda oliyhazrat amir Alisher xizmatiga kirdi va uning diqqat-e'tibori orqasida qonun chalishda tengi yo‘q kishiga aylandi... Ustod Shohquli ham yoshligida amir Alisher xizmatida ud va boshqa musiqa asboblarini to‘la egallab oldi va bir kuy tasnif etdiki, peshravi purkordir. Amir Alisher uning tarbiyasiga shu qadar kirishdiki, undan ortig‘ini tasavvur qilib bo‘lmaydi.... Ustod Husayn bolaligidan to yigitligi boshlarigacha amir Alisher ostonasida bo‘lib, ud chalish bilan mash­g‘ul va bu fanda to‘la mahorat hosil qildi. Ustod Shayxiy Noiy ham yoshligidan amir Alisher ko‘rsatmasi va istagi bilan nay chalishga mayl bildirdi, shu kunlarda bu fanda unga teng keladigani yo‘qdir".

Ko‘rganimizdek, Xondamir Alisher Navoiyning Abu Nasr Forobiyga o‘xshab musiqa ilmi va amalida risolalar bitib, kuylar bastalagani va ijroda ham tengsiz bo‘lganiga ishora qilmoqda. Biroq, bu o‘rinda Navoiy bastalagan bironta kuy haqida maxsus ma'lumot berilmagan.

Bobur mirzo ham ma'lumot havola etishda shunday yo‘l tutgan. "Boburnoma"dan quyidagilarni bilib olamiz: "Alisherbek... musiqiyda yaxshi nimalar bog‘labtur. Yaxshi ­naqshlari va yaxshi peshravlari bordur".

Albatta, har ikkala tazkirasini ham o‘ziga zamondosh shoirlar hayoti va adabiy faoliyati bo‘yicha tartib bergan Mutribiy Jomiy, Alisher Navoiy kabi o‘tmish ijodkorlar hayotidan ham bir sabab bilan lavhalar havola etib, she'rlaridan namunalar keltirsa-da, ularning musiqadagi faoliyatiga maxsus to‘xtalmagan. Biroq, u Hindistonda payti 1627 yil 25 fevralidan boshlab o‘zining Jahongir bilan muloqotlarini qalamga olishga kirisharkan, o‘sha uchrashuvlardan biri asnosida Jahongir undan O‘rta Osiyoda yaratilgan yangi kuylardan birini chalib berishni so‘ragani, Mutribiy podshoh istagini bajo keltirib, ana shunday kuylardan bir nechasini ijro etgani xususida yozadi va ulardan biriga ta'rif berishda esa Alisher Navoiy bastalagan bir naqsh(kuy)ni tilga olib o‘tishiga to‘g‘ri kelgan. Aniqrog‘i, bu ma'lumotlarda aytilishicha, aynan, Mutribiy chalib va ashula qilib aytgan mazkur kuylardan biri Alisher Navoiy yaratgan bir musiqa asari uslubida bastalangan bo‘lib, Navoiy yaratgan kuy nomi ana shu tariqa "Nusxayi zeboyi Jahongir"da qayd etib ketilgan: "Jahongir podshoh dedilar: - Kecha shirin ovozli bulbul Fasihxon tazkirangizni o‘qib, nazarimizdan o‘tkardi. Tazkirangizda amakimiz Muhammad Hakim mirzo voqeasi ham zikr etilgan ekan. U zotning musiqa ilmining amaliy va ilmiy istilohlarini bilishlari xususida yozib, o‘zingiz ham musiqaga doir ayrim tushunchalarni zikr etgansiz. Demak, oxund­ning o‘zlari ham bu fan amali va ilmidan yaxshigina xabardor ko‘rinadilar. "Mutribiy" taxallusi ham shu ma'nodan darak berib turibdi-ku, axir. Agar saroyimizdagilar huzurida bu ilm amaliyotidan bironta namuna ko‘rsatsalar - naqsh­mi yo bironta amalmi, qavl bo‘ladimi, savtmi yoki bitta peshravmi aytib bersalar yomon bo‘lmasdi. Saroy ahli miriqib tinglardi.

 ... Shundan so‘ng doira keltirishdi, men esam yig‘ilganlar doirasida doirani qo‘limga olib: - Qiblayi olam, qaysi ohangda kuylay va qaysi bastakorning tasnifini aytay? - deb so‘radim.

- Buzrukvor otamiz oliy yig‘inlarida eski bastakorlar asarlarini ko‘p eshitganmiz. Ammo, ko‘nglimizda Abdullaxon o‘zbak zamonida yashagan ustod Ali Do‘st Noiy tasniflaridan eshitishga ko‘proq mayl va ishtiyoq bor. Agar birontasi yodingizda bo‘lsa, o‘shani aytsangiz! - dedilar podshoh.

Ustodim Ali Do‘st Noiy "Iroq" ohangida nimsaql bog‘lagan savtil-amalni aytishga tushdim. Bu savtning bozgusida andoziy usuli bor. Sarxonasi Iroqda va miyonxonasi Husayniyda, bozgusi Uzzoldadir. Naqorati avvalida bir necha mus­tahal ham keladi. Bu amalni to‘la tugatgach, podshoh menga qarab:

- Barakallo, juda yaxshi aytdingiz. Zarb va nutq bir-biriga muvofiq va mos holda ijro etildi. Ular orasida ixtilof bo‘lmadi, - dedilar.

Shundan so‘ng "Segoh" ohang­ida, Amir Alisherning "Husayniy" ohangida "turk zarb" usuli bilan Sulton Husayn mirzo nozu niyozida yaratgan va mazkur ustod Ali Do‘st Noiyda ham bor naqsh uslubidagi bir naqshni "Davri shohiy" usuli bilan aytib berdim. Keyin, mazkur ustodim Abdullaxon nomiga "Nishovurak" ohangida far' usuli bilan bastalagan bir savtni ham ijro etdim. Bularni eshitgach, podshohi olam: - Ofarin, ting­lab bir misqol bo‘ldik. Sizni boshqa urintirmaymiz, yetadi, bas, - deya lutf etdilar".

 Bu ma'lumot orqali biz ikkita xulosaga kelamiz: demak, Alisher Navoiy yaratgan kuy "Husayniy" ohangida "turk zarb" usuli bilan Sulton Husayn Boyqaro va Navoiy o‘rtasidagi do‘stona munosabatga bag‘ishlab yaratilgan naqsh ekan. Qolaversa, bu naqsh(kuy) buyuk mutafakkir shoirimiz vafotidan 125 yil keyin ham o‘sha nom bilan xalq orasida ijro etilib turgan va Navoiyning do‘sti mashhur musiqachi, ­bastakor ustod Alishoh shogirdlariga shogird bo‘l­mish o‘rta osiyolik Ustod Ali Noiy kabi shogirdlariga asrlar osha yangi kuylar yaratishida ilhom bag‘ishlab, ko‘rganimizdek, Mutribiy singari sozanda, musiqashunoslar esa uni o‘z ijrosi orqali yurtlar osha targ‘ib qilganlar.

Ismoil Bekjon
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.