Mumtoz adabiyotimizda tuyuq janri milodiy XIV asr oxiri —XV asr boshlarida paydo bo‘lgan. Shaklan bir-biriga o‘xshash, ammo mazmunan turlicha ma’noga ega bo‘lgan qofiyalar zaminiga qurilgan to‘rt qator she’r — tuyuq bitish shoirdan katta mahorat va iste’dod talab qilgan. Zero, qat’iy qolip ichida mantiqni buzmay, yangi mazmun va fikr bayon etish lozimbo‘lgan.
Ma’lumki, bu davrda Movarounnahr va Xurosonda turkiy tilda ijod qilgan Lutfiy, Haydar Xorazmiy, Yusuf Amiriy, Atoiy, Sakkokiy, Gadoiy, Yaqiniy singari shoirlardan bizga boy adabiy meros qolgan. Ularning rang-barang janrlardagi ijod namunalari orasida tuyuqlar alohida o‘rin tutadi.
Shayx Ahmad Taroziy hijriy 840 yilda (1436—1437) bitgan «Funun ul-balog‘a»(«Yetuklik ilmlari») asarida tuyuq haqida shunday yozadi: «Va bu turk shoirlarining ixtirosidur. Muni turklar tuyuq derlar”. Misollar:
To ko‘ngulda ishq o‘ti tobandadur,G‘am maishat panjasin tobandadur.Kiprik o‘qin qismat etib otsangiz,Hech kishiga tegmas ul — to bandadur.* * *
Ishqsiz uzdi yurokim yog‘ini,Yer yuzin tutti ko‘zumni yog‘ini.Sirri dilni ko‘z yoshi fosh ayladi,Asramishmon o‘z ko‘zumda yog‘ini.(Muhammad Temur Bug‘o)
Bergil ey siminzaqan, ilik manga,Necha yoshi bo‘lg‘asan, elik manga.Dardingiz darmoni jonimdir mening,Sog‘inurlar bilmagan ilik manga.(Hoji Aqcha Kindiy)
Tushti ishim bir yangoqi ol bila,Bog‘ladi ko‘nglumni zulfi ol bila.Qubla berib jon olurg‘a, ey sanam,Bo‘lmasang rozi, ko‘ngulni ol bila.(Ahmad Taroziy)
Alisher Navoiy ijodida ham tuyuqlar alohida o‘rin tutadi. Shoirning «Mezon ul-avzon» asarida tuyuq haqida shunday tavsifni o‘qiymiz: «Birisi tuyug‘durkim, ikki baytda muqarrardir va sa’y qilurlarkim, tajnis aytilg‘ay va ul vazn ramali musaddasi maqsurdir, mundoqkim:
Yo rab, ul shahdu shakar yo labmudur,Yo magar shahdu shakar yo labmudur.Jonima payvasta novak otqaliG‘amza o‘qin qoshina yolabmudur».«Muhokamat ul-lug‘atayn» asarida esa Navoiy tuyuqqa yanada kengroq tavsif beradi:
«Chun pariyu hurdur oting begim,Sur’at ichra dev erur oting, begim,Har xadangikim, ulus andin qochar,Notavon jonim aro oting, begim.Va bu ikki baytki, tajnisi tomdur ham turk shuarosi xossasidurki, sortda yo‘qtur va muni tuyug‘ derlar... Va bu nav’ alfoz hamki, uch ma’ni va to‘rt ma’ni va ortug‘roqkim, iroda qilsa bo‘lg‘ay, ko‘p borki, forsiy alfozda andoq yo‘qtur”.
Asarda yana bir tuyuq keltirilgan. Muallifi ko‘rsatilmagan tuyuq quyidagicha:
Ey raqib, o‘zni anga tutsang ham it,Bizga rahm aylab oning ko‘yidan it.Garchi bor do‘zaxcha ishqing shu’lasi,Bizni o‘z ilging bila ul sori it.Alisher Navoiyning tog‘asi Mir Said Kobuliy ham shoirtabiat bo‘lgan. «Majolis un-nafois’’da uning quyidagi tuyug‘i keltirilgan:
Ey, muhiblar, yetsangiz gar yoza siz,Gul adoqinda xumori yozasiz.Gar men o‘lsam, turbatimning toshig‘a«Kushtai bir sho‘x erur» deb yozasiz.Ma’lumki, Amir Temur avlodlari orasida shoirlar ko‘p bo‘lgan. Ular adabiyotni, san’atni sevishgan, bu sohada o‘zlaridan munosib iz qoldirishgan. Ulardan biri Sohibqironning nabirasi Abobakr Mirzodir. Navoiy «Majolis un-nafois» asarida u haqda shunday yozadi: «Bahodirlug‘i va qilichi zarbi Chig‘atoy ulusida mashhurdir. Chun tab’ida nazm choshnisi bor ermish. Hamul bahodirlig‘ tavrida bu tuyuq andin mashhurdirkim:
Er kerak o‘rtansa, yonsa yolina,Yora yeb yotsa otining yolina.It o‘lumi birla o‘lsa yaxshiroqEr otonib, dushmanig‘a yolina.Agarchi ba’zi alfozi turkonaroqdur, ammo tajnisini (shakldosh so‘zlarni — N.M.) yaxshi topibdur».
Shundan keyin Navoiy Amir Temurning yana bir nabirasi — Sulton Iskandar Sheroziy haqida so‘z yuritadi: “Saltanat tajammulini (ziynatini) derlarkim, salotindin ozi oncha qilmish bo‘lg‘ay. Yetti yo sekiz yilliq saltanatida go‘yoki uch ganj topibdur. Mavlono Haydar turkigo‘y aning modihi (madh etuvchisi) ekandur... Sulton Iskandarni derlarkim, tab’i nazm erdi. Va bu tuyuqni andin naql qilurlarkim:
To‘lun oyg‘a nisbat ettim yorumi,Ul xijolatdin kam o‘ldi yorumi.Tori mo‘yungning zakotin men beray,Yo Misrni, yo Halabni, yo Rumi.Burung‘i tuyuqdin bu turkonaroqdur».Yuqorida keltirilgan misollar turkiy tilda ijod qilgan ko‘plab iste’dod egalarining merosidan hali bexabar ekanimizdan dalolat beradi. Afsuski, qo‘lyozmalarning katta qismi jangu jadallarda va falokatlarda yo‘qolgan. Ammo turli mamlakatlarning kitob xazinalarida saqlanayotgan qo‘lyozmalar orasida o‘zbek mumtoz adabiyotining noyob asarlari borligi ham shubhasiz. Ularni qidirib topish va o‘rganish olimlarimizning galdagi vazifalaridandir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 2-sonidan olindi.