Turkiyshunos olim Pyotr Aleksandrovich Falyov (1888-1922)ning asarlari haqida ma’lumot ko‘p emas. Uning “Qrimtatar ziyolilarining mafkurasiga doir” deb nomlangan risolasi (u P.A.Falyov asarlari bibliografiyasiga kirmagan, fanga noma’lum hisoblanadi) va 1922 yilda bosmadan chiqqan “Turkiy xalqlarning so‘z san’ati va lahjalariga kirish” nomli mo‘‘jaz kitobchasi baxtli tasodif bilan O‘zbekiston Milliy kutubxonasida bir nusxada saqlanib qolgan. Bundan tashqari, 1922 yilda “Bilim o‘chog‘i” jurnalining 2- sonida chop etilgan “Qoraqirg‘iz dostonining tuzilishi” nomli o‘rtacha hajmli bir maqolasi ham borki, unda olim V.V.Radlov yozib olgan “Manas” eposi matniga tayangan holda, qirg‘iz, shu bilan birga umuman turkiy xalqlar she’riyatining, she’r tuzilishining bir talay o‘ziga xosliklarini ko‘rsatib berishga muvaffaq bo‘lgan.
P.A.Falyov Peterburg universitetining arab-fors-turk-tatar so‘zshunosligi bo‘limida tahsil oladi. 1915 yildan o‘zi o‘qigan universitetda privat-dotsent lavozimimda ish boshlab, ilmiy ishlarini e’lon qiladi. 1918 yilda unga dotsent va 1919 yilda professor ilmiy unvoni beriladi.
1921 yilda P.A.Falyov Jonli Sharq tillari markaziy instituti yo‘llanmasiga ko‘ra Toshkentga keladi va bu yerda qizg‘in ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanadi. 1922 yilda mahalliy hukumat uni shu yerda doimiy qolib ishlashni taklif etadi. Buni mamnuniyat bilan qabul qilgan P.A.Falyov oilasini Toshkentga ko‘chirib olib kelish niyatida Peterburgga jo‘naydi, ammo poezdda terlama kasalini yuqtirib olib, vafot etadi.
V.V.Bartoldning qayd qilishicha, “P.A.Falyovdan qo‘lyozma holida juda ko‘p asarlar qolgan. U “No‘g‘ay eposi tarixiy manba sifatida”, “Qirg‘izlar tarixi ocherklari”, “O‘rta Osiyo ko‘chmanchilari orasida sinfiy kurash va uning eposdagi in’ikosi” degan asarlarni nashrga tayyorlagan edi”.
Olimning “Turkiy xalqlarning so‘z san’ati va lahjalariga kirish” risolasini tarjima qilib, “Jahon adabiyoti” jurnalida (2008, 9-son) nashr ettirgan edik.
P.A.Falyov qalamiga mansub asarlar ro‘yxatida “Qrimtatar maqol, matal va udumlari...”; “No‘g‘ay eposidagi arab novellasi”; “Qo‘blandi botir”; “Oqko‘bak haqida no‘g‘ay naqli”; “Edige haqida no‘g‘ay dostoni” singari o‘nlab asarlar borki, yo‘nalishiga ko‘ra ular olimning turkiy xalqlar so‘z san’ati haqida keng qamrovli ulkan bir asar yozishga chog‘langanidan dalolat beradi. Afsus, bu niyat amalga oshmay qoldi.
Diqqatingizga havola etilayotgan “Qrimtatar ziyolilarining mafkurasiga doir” risolasida P.A.Falyov qrimtatar adibi Hasan Sabri Ayvazovning «Ne sababdan bu holga tushdik?» degan pesasi misolida milliy uyg‘onish harakatining ildizi haqida so‘z yuritib, bu ijtimoiy voqelikning ba’zi qatlamlarini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ladi. Bir yoqdan, muhtaram jurnalxonlarga XX asr boshida turkshunoslik ilmi sarzaminida turgan allomalar haqida qisqacha bo‘lsa-da, ma’lumot berish, ikkinchidan esa, turkiy so‘z san’atida inqilobiy o‘zgarishlarning qanday tarixiy va g‘oyaviy sharoitda yuzaga chiqqanini ko‘rsatish niyatida P.A.Falyovning ushbu maqolasini tarjima qildik. U faqat tarixiy nuqtai nazardan emas, ilmiy-nazariy jihatdan ham foydali bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.
Tarjimondan
* * *
Boshimizdan kechirayotgan ushbu kunlar bir qator milliy masalalarning maydonga chiqqani bilan qimmatlidir. Rossiya hududida umrguzaronlik qiladigan turli elatlarning ahvoli va bir-biriga munosabati masalasi rus jamiyati uchun yangilik emas, biroq yaqinda tugagan oxirgi urush[1] jang maydonlarida ham, “ichkari” da ham jamoatchilik e’tiborini bu muammoga ilgari ko‘rilmagan darajada kuch bilan yana o‘ziga jalb etdi. So‘nggi yillar davomida Rossiyada milliy masalani inkishof etishga bag‘ishlangan bir talay maqolalar, kitoblar, to‘plamlar va hatto maxsus jurnallar maydonga keldi. Albatta, bunday mukoshafaning birinchi sharti – Rossiyada yashaydigan millatlar bilan yaqinroq tanishishdir, ammo rus jamiyati bu borada ham uncha maqtana olmaydi.
Musulmonlar Rossiyaning bizga kamroq tanish elatlaridan biridir. Shu ondayoq aytib qo‘ya qolay: “musulmonlar” atamasi, darhaqiqat, ulusga emas, dinga oid istiloh, ammo men uni bu joyda bejiz qo‘llamadim. Rossiyaning aksar musulmonlari yagona qabila, aynan turkiylardan iborat bo‘lib, ular muayyan dinga e’tiqod qilganliklari bois, ayni so‘zni etnik ma’noda qo‘llash ham xato bo‘lmaydi. Rossiyadagi musulmon ellardan hech qaysisining etnik nomi keng yoyilgan emas. Chunonchi, o‘z ko‘lamiga ko‘ra eng ko‘p tanish bo‘lgan nomlardan biri “tatar” lardir, ammo bunga qozoqlar, sortlar, turkman va boshqalar kirmaydi.
Keyingi paytlarda musulmon ziyolilari orasida o‘z qabiladoshlariga “turk” degan umumurug‘ nomini taqishga urinishlar seziladi. Bunda shunisi diqqatga sazovorki, “turk” nomining o‘zi dastlab alohida, turga oid ma’noda faqat tarixiy tasodif taqozosi bilan yevropa hamda arab adiblari ijodida qo‘llangan[2] va ana shundan keyingina bu atama umumiy ma’noda rossiyalik musulmonlar tomonidan ham qabul qilingan. Binobarin, hozirda ayrim tatar ziyolilari “biz – turkmiz” deyar ekan, bu bilan ular unutilib ketgan eski nomlarini tiklashayotgani yoki qabilaning asl nomini o‘z tiliga olib kirayotgani yo‘q, balki o‘zlari aloqaga kirishgan ellarda tasodifan shakllangan atamani o‘zlariga nisbatan qo‘llashayapti, xolos. Nima bo‘lganda ham, rossiyalik musulmonlarning hozirgi adabiyotida mazkur atamani aniqlashtiruvchi bahslarga ko‘p vaqt hamda joy ajratiladi.
Ammo musulmon ziyolilari faqat nomlar haqidagi bahs-munozaralar bilan cheklanib qolishayotgani yo‘q. Musulmon matbuotining asosiy mavzui xalq ma’rifati[3], iqtisodiy turmushni rivojlantirish, milliy ongni o‘stirish va hokazolarni muhokama qilishdan iborat. Aqliy taraqqiyotning mana shu butun bir oqimi bizning ko‘z o‘ngimizda kechadi, biroq biz u haqda hech narsa bilmaymiz. Dorilfununlarimiz ilm-fani esa eski yozuv haqidagi materiallarni ishlab chiqish, hatto yangi davrga to‘qnash kelganda ham ildizlari o‘tmishga bog‘liq hodisotlarni ko‘rib chiqish bilan cheklanib qolayapti[4]. Rossiyalik musulmonlarning yangi adabiyotiga esa rus sharqshunoslari goho murojaat etib qoladilar. Bu bir jihatdan tushunarli – rossiyalik musulmonlarning zamonaviy adabiyoti endi-endi oyoqqa turib kelayapti, ammo uni muayyan reja asosida tadqiq etish zarurati ham pishib yetildiki, bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Rossiya musulmonlarining (va nafaqat Rossiya musulmonlarining) zamonaviy adabiyotini va yanada to‘g‘rirog‘i, adabiyotlarini, o‘rganishda bizning zamonamizda musulmonlarga qay yo‘llar bilan ta’sir etganlikdan kelib chiqib yondashish, ya’ni rus adabiyoti hamda rus ijtimoiy tafakkuri orqali (yangi usmonli adabiyotini o‘rganishda esa G‘arbiy Yevropa hayotining shunga muvofiq voqeligidan kelib chiqib)[5] yondashish lozim. Albatta, ayni vaqtning o‘zida o‘tmish zamonlarning adabiyotiga oid ma’lumotlarni ham hisobga olmaslik mumkin emas, zero, yangi musulmon adabiyotlarida eski an’analar ta’siri hali kattadir. Nima bo‘lganda ham, bizda Rossiya musulmonlarining yangi adabiyotlari bo‘yicha mutaxassislar yetishib chiqmas ekan, ahyon-ahyonda ba’zi bir maydagina masalalarga to‘xtalish bilan qanoatlanishimizga to‘g‘ri keladi.
Endi biz yosh qrim adibi Hasan Sabri Ayvazov qalamiga mansub «Neden bu hole qaldыq?» degan uch aktli pesaga to‘xtab o‘tamiz. Ushbu pesa avval Bokuda chiqadigan «Feyuzat» jurnalida 1907 yilning 12-sonidan boshlab chop etildi va o‘sha yilning o‘zida Bokuda alohida kitob sifatida nashr qilindi. Garchi muallifning bu pesasi Kavkazda bosilib chiqqan bo‘lsa-da, u Qrimda yozilgan, asarda boshdan-oyoq Qrim haqida so‘z boradi va menga u faqat tasodifiy ravishda o‘z yurtidan uzoqda nashr etilgandek tuyuladi.
H. Ayvazovning pesasida ifodalangan g‘oyalar uning o‘zi uchun endilikda o‘tmishga aylangan bo‘lsa ham ajabmas, biroq men bu o‘rinda muallif ijodini butun to‘laligicha tasvir etish niyatida emasman, balki uni tavsiflashi mumkin bo‘ladigan materiallarni taqdim qilmoqchiman. Avvalo shuni aytish kerakki, H.S.Ayvazovning pesasi siyosiy pamfletdan o‘zga narsa emas. Muallif bu asar orqali o‘z siyosiy credosini bayon qiladi, shunga ko‘ra, asar personajlari ham faqat siyosat xususida so‘zlashadilar.
Pesaning markaziy o‘qi Rossiya universitetini tamomlagan va hozirda advokatlik bilan mashg‘ul bo‘lgan yosh tatar zodagoni Saidbey obrazidir. Bu yigit haddan tashqari yevropalashib ketadi, tatarcha urf-odatlarga nafrat bilan qaraydi, tatar tilini esa shu qadar unutganki, ona tilida eng oddiy bir gapni aytar bo‘lsa, uning yarmini ruscha so‘zlar bilan omixta qilmay qo‘ymaydi. Siyosiy e’tiqodiga ko‘ra, u sotsialist. Unga qarama-qarshi tip sifatida tatar millatchisi, «ona tili muallimi» Rashid afandi qo‘yilgan. U Saidbeyni qishloqdagi faqirona bir to‘yga olib boradi va u yerda mehmon bo‘lib o‘tirgan ikki chol – Abdulvatan va Abdulislom bilan tanishtiradi. Saidbey ko‘pni ko‘rgan bu oqsoqollarning tatarlar o‘tmishi haqidagi hangomalarini tinglab o‘tiradi va unda ham o‘z ona xalqi bo‘lmish tatarlarga xos barcha narsalarga muhabbat uyg‘onganini ko‘ramiz. Garchi pesa oxirida u o‘jar sotsialistligicha qolsa ham, ilgarigi qarashlariga darz ketgani ayon bo‘lib qoladi.
Abdulvatan va Abdulislom real figuralar emas, timsollardir; ularning birinchisi vatan – Qrim timsoli, ikkinchisi esa islom dini timsolidir[6]. Saidbeyni ular bilan tanishib olishga undar ekan, Rashid afandi ular bilan musohaba qilish Gorkiy, Tolstoy, Plexanov, Lassal va Marks asarlarini o‘qishdan ko‘ra maroqliroq bo‘ladi, deb aytadi. Shundan keyin bu chollar baquvvat, to‘g‘riso‘z, dili pok, tani-joni sog‘, olijanob odamlar sifatida gavdalantiriladi. Ular o‘z vaqtida boy-boyonlardan xo‘p aziyat chekishgan, ammo xalq ishi, haq ishi uchun hech narsadan qaytishmagan. Suhbat chog‘ida ular Pushkin, Lermontov, Nadson yoki Aleksey Tolstoydan emas, Sa’diy, Hofiz, Muhammad Garoy va Fuzuliy asarlaridan iqtibos keltirishadi. Shu bilan birga, ular Shekspirni, Gyugo, Jan Jak Russo va Monteskyolarni ham yaxshi bilishadi. Shunga qaramay, xalq urf-odatlarini unutishmaydi va unga mensimay nazar tashlashmaydi. Bular – ko‘cha-ko‘ylarda, bozorda, takyaxonalarda har qadamda uchratish mumkin bo‘lgan, soqoli tamaki tutunidan sarg‘ayib ketgan, biri-birini kalaka qilib, o‘tgan-ketganning g‘iybati bilan mashg‘ul bo‘ladigan chollar emas.
Ushbu obrazlar real voqelik xossalariga ega emas. Tatar chollar orasida bunday shaxslarni topish amri mahol. Biroq hamonki Abdulvatan bilan Abdulislom obrazlari majoz deb e’tirof etilgan ekan, ularni shunday qiyofada gavdalantirish muallifning haqqidir. Vatan va unga chambarchas bog‘liq millat tushunchasi – bir tomondan va islom dini ikkinchi tomondan – tatar milliyatchilarining dunyoqarashi negizida turgan asoslar mana shulardir. Garchi goho milliy va diniy qarashlar tatarlarning siyosiy nazariyalari bilan qorishib ketsa-da, umuman olganda, ularning har biri o‘z o‘rniga ega. Chunonchi, biz ko‘rib chiqayotgan pesa muallifi islomiyatchilikdan ko‘ra avvalo millatchi-turkchidir. Uning asarida Abdulvatan ko‘p o‘rinni ishg‘ol etadi. Aynan uning hikoyalari Saidbeyni inontiradi. Goho muallif diniy aqidalarga, aniqrog‘i, rasmiy diniy aqidalarga qarshi ham chiqadi. Rashid afandi Saidbeyni olib kelgan to‘yda xufton namozi vaqtida hamma ibodatga qo‘zg‘aladi. Xo‘sh, din timsoli bo‘lgan Abdulislomdan bo‘lak kim ham imom bo‘lishi mumkin jamoatga? Biroq muallif Abdulvatanni imomlikka o‘tkazadi. U o‘qigan namoz qisqagina va tushunarli ekanligi bois, hamma unga tahsin o‘qiydi, holbuki, hamma e’tirof etgan musulmoncha namozlar uzoqroq davom etadi va tatarcha emas, arab tilida o‘qiladi. Mana shu voqea orqali muallif diniy rasm-rusumlarda nuqson bor, deb ishorat qiladi. Uningcha, bularni dinning o‘zi emas, balki o‘zligini anglagan va to‘g‘ri yo‘lni topib olgan tatar xalqi yuzaga chiqargan kuchlar isloh etmog‘i kerak.
H.S.Ayvazov pesasi qahramonlarini chulg‘ab olgan tushkun kayfiyat har turli xo‘rliklarga uchragan va ichki nizolar yuki ostida ezilgan qrimtatarlarning og‘ir ahvoli tufayli kelib chiqqan. Ilgari bunaqa emasdi.
«Oltmish-etmish yillar ilgari, – deydi Abdulvatan, – odamlar hozirgidan ko‘ra oliyjanob, halol, samimiy va rahmdil edilar. Hamma bir-biri bilan og‘a-ini kabi inoq yashardi. Yolg‘on, tuhmat, aroqxo‘rlik, axoqsizlik, makkorlik esa yo‘q narsalar edi. Savdogarlar do‘konga qulf urmas, bog‘bonlar boqqa qorovul qo‘ymas edi. Kishining mol-mulkini talab, hayotini barbod qiladigan hozirgi zolim amaldorlar ham u mahallarda bo‘lmasdi. Politsiya ne, uryadnik ne, ular jonli narsami yo bir matohmi, bilmas edik. Qrim aholisining yarmi dehqonchilik va bog‘dorlik qilsa, qolgan yarmi qo‘y-echki boqib tirikchilik o‘tkazar edi. Yer, o‘rmonu yaylovlar hammaniki bo‘lgan. Odamlar manovi davlatning yeri, bunisi esa menga qarashli, degan gapni bilmasdi. Graf, knyaz, baron degan gaplar ham yaqinda chiqdi. Har kim qaerni xohlasa, o‘sha yerni, buning ustiga, qachon xohlasa o‘shanda haydab ekin ekar edi. Har kimsa o‘rmonga borib, keragicha o‘tin, imorat quradigan bo‘lsa, shunga yarasha yog‘och opkelar, yaylovlar esa ochiq bo‘lardi, ekinzor joylargina xodalar bilan to‘sib qo‘yilar edi, o‘shanda ham, mol-hol kirib ketmasin deb. Mirzolar ham odamning qonini ichmas edi» .
So‘ng, Abdulvatan «taloq» masalasiga to‘xtalib, bu odat masalasida maqtana olmasligini bayon etadi. Ammo tatarlar orasida o‘zaro yordam va hamkorlik shu darajada ediki, har kim o‘zganing qo‘rasi va hovlisiga bemalol kirib, ot-aravasini yoki pulini olib ketaverardi. Unga hech kim qarshilik qilmasdi, chunki olgan odam omonatni albatta qaytarishini hamma yaxshi bilar edi.
«U zamonlarda, – deydi Abdulvatan, – odamlar sakkiz oy mehnat qilib, to‘rt oy dam olishardi. Ammo bo‘sh paytlarini qovoqxona va choyxonada emas, navbati bilan bir-birlarinikida to‘planib gap yeyish bilan o‘tkazardilar. Bu gaplarda milliy cholg‘ular chalinar, milliy o‘yinlar o‘ynalar edi. U mahallar maktab deganning soni bunchalik ko‘p bo‘lmasa-da, har kishining imonini kamolga yetkazib, dilida vatanga muhabbat uyg‘otish uchun yetarli darajada edi. Uy-joylar hozirgiday hashamatli qilib qurilmas, odamlar kulbalarda istiqomat qilar, ammo baxtiyor va xotirjam edilar. Revmatizm, kamqonlik, asabiylik kabi xastaliklar ularga yaqin yo‘lamagan. Har kim o‘z mehnati bilan kun ko‘rardi, birovnikiga ko‘z olaytirmasdi. Ayollar asosan qo‘l hunari bilan mashg‘ul bo‘lishardi, yengil-elpi kiyinib, yumshoq parqu ko‘rpa-to‘shaklarga ag‘anab kunni kech qiladigan, arzimagan narsalar haqida ertayu kech gap sotib, tamaki chekadigan hozirgi xotinlarga tamoman o‘xshamas edi ular. Oilada er-xotinning huquqi teng bo‘lardi. Xotinlar bolasini o‘zi emizib, o‘zi tarbiya qilardi. Otalar ham kechqurunlari qahvaxonalarda vaqt o‘tkazmay, uyda bo‘lishardi» .
Qrimning o‘tib ketgan oltin asri haqidagi bu xil afsonalar yolg‘iz Hasan Sabri Ayvazovda emas, boshqalarda ham uchraydi. O‘z o‘lkasining o‘tmishiga qiziqadigan o‘qituvchi O.Murasov ham yaqinda o‘zi to‘plab nashr ettirgan qrim-tatar maqollari to‘plamiga yozgan so‘zboshisida Qrimda yaqin-yaqinlargacha urfda bo‘lgan ko‘hna urf-odatlar yo‘qolib borayotganidan qayg‘uradi[7]. Qrimning u yer-bu yerida haligacha saqlanib qolgan hunarmandlik ustaxonalariga kiraverishda «Sakkiz soat ish, sakkiz soat uyqu, sakkiz soat ibodat» deya qo‘lda yozilgan ish tartibi osig‘liq turadi. Tatarlar bunga ishora qilib, ijtimoiy turmush sohasida Yevropa sotsialistlari kelajakda erishishni niyat qilgan narsalar Qrimda qadimdayoq mavjud bo‘lgan edi, deydilar[8]. Ko‘hna Qrimda ijtimoiy tartibotlar qanaqa ekanligi hali o‘rganilmagan, ammo, harholda hozirgiday murakkab bo‘lmagani aniq. Tavriya yarim oroli (Qrim yarim oroli. – Z.I.)da rus hukmronligining joriy etilishi eskicha turmush tartiblarini tamomila izdan chiqardi. Amalga oshirilgan to‘ntarishlar natijasida ko‘p qurbonliklar berishga to‘g‘ri keldi. Masalan, ushbu yarim orolning shimolida yashaydigan ko‘chmanchilar – no‘g‘aylar o‘z turmushlariga aslo to‘g‘ri kelmaydigan vaziyat bostirib kelganligi sababli, Sevastopol kampaniyasidan so‘ng yalpisiga Turkiyaga ko‘chib ketishga majbur bo‘ldilar[9]. Bu yerda qolganlarda esa o‘tmish hayoti yerdagi jannat kabi bo‘lgan edi, degan shoirona bir xotirot yuzaga keldi.
H.S.Ayvazov ham odamlarning ma’naviy aynishi Qrimda rus hukmronligi o‘rnatilishi sababli yuzaga kelganligini e’tirof etadi. Biroq uning pesasi ruslarga qarshi qaratilmagan. Muallif Abdulvatan tilidan o‘z xalqiga nisbatan xiyonat qilgan tatar ziyolilari va ulamolarini qoralaydi. O‘rislar ularga unvon berib, mansab va medal berib o‘z tomonlariga og‘dirib oldilar, rahbarlaridan shu yo‘l bilan ajrab qolgan sho‘rli xalq esa yo‘ldan ozdi. Qalloblik, munofiqlik, o‘g‘riliq, aroqxo‘rlik kabi illatlar tsivilizatsiya mevasi sifatida kirib keldi.
Xo‘sh, qrimtatar xalqini bu ofatdan qanday qilib qutqarish kerak? O‘tmishga qaytib qo‘yaqolishning iloji yo‘q. Qrim Rossiya bilan birlashtirilgan, shunday ekan, istasin-istamasin, unga taqdirdosh bo‘ladi. Tatarlar Rossiyada yuz berayotgan siyosiy kurashga qo‘shilishlari lozim, ammo bunda hech qaysi rus siyosiy partiyalariga qo‘shilib ketmaslik ham shart. Ayni paytda Rossiyada umr-guzaronlik qiladigan boshqa elatlardan ham o‘ziga xosligi bilan ajralib turishi kerak. Ushbu har xil elatlar qarshisiga muallif Rossiyaning turkiy qabilalari – Qrim, Kavkaz, O‘rta Osiyo va Sibir tatarlarining birlashuvini keltirib qo‘yadi. Ammo o‘shanda ham bu birlashuvga qabilaviy qardoshlik emas, diniy mushtaraklik negiz bo‘ladi. Bu partiya «Musulmon demokratik partiyasi» deb nomlanadi. Musulmonlar birlashuvining dastlabki vositasi – amalda qo‘llanadigan va yozma adabiyotga ega lahjalardan birini umumadabiy til sifatida e’tirof etish bo‘ladi. Tatarlar ana shunday umumadabiy til namunasi sifatida qrimtatar tilini taqdim etadilarki, H.S.Ayvazov pesasi ham ayni tilda yozilgan[10]. Qrim tatarlari tili usmonlilar tiliga ancha yaqin, biroq Qozon adabiy tilidan birmuncha farq qiladi. Umume’tirof etiladigan yagona tilga ko‘chish ba’zi shevalardagi o‘ziga xosliklarning yo‘qolishiga olib keladi, bu esa, ayrim qabilalar etnik mustaqilligiga putur yetkazishi turgan gap. Biroq muallif o‘z aqidalaridan kelib chiqadigan bu g‘ayrimilliy xulosadan andisha chekmaydi. Bu o‘rinda u qat’iy ravishda millatchilikka qarshi. Chamasi, xalq ommasi uchun milliy qarashlar diniy tamoyillar darajasida tushunarli emas, shuning uchun ham muallif tashkiliy masalalar ko‘ndalang bo‘lib qolsa, ana shu islomiyat bayrog‘i ostiga ko‘chib o‘tadi. Yevropa jamoatchiligi oldida ham turklar partiyasi tarzida maydonga chiqishga qaraganda musulmonlar partiyasi sifatida ish yuritish qulayroq. Turklarning madaniyat bobidagi xizmatlari jahon afkor ommasi oldida siyosiy partiya bo‘lib ajralib turishga haq berarli darajadami? Ammo islom madaniyati umumjahon tarixida o‘ziga xos bir o‘ringa ega ekanligi hammaga ayon haqiqat. Buni yevropaliklar ham e’tirof etadilar.
Shubhasiz, H.S.Ayvazov islomga yuqori baho beradi. Islom madaniyati chinakam insonparvarlik namunasi, G‘arb tamadduni esa faqat tashqi ko‘rinishga ega, deb hisoblaydi u. G‘arb xalqlari madaniyat tarqatish bahonasida boshqa ellarni talash bilan mashg‘uldir. Ularning ko‘p kashflari odamlarni qirib tashlash sohasiga oid. Biron besh daqiqada minglab odamni o‘ldirishga qodir qurolni ixtiro qiladilar-da, buni «mislsiz kashfiyot» deb baholaydilar. Hozirgi hukmron madaniyat kishilikni halokat chohi tomon sudrab olib bormoqda, islom esa bunga qarshi o‘laroq, asl taraqqiyot yo‘lidir. Eskicha milliy hayotga xosliklar yo‘qolib borayotganidan shikoyat qilgan muallif islomiyatni shu tariqa ulug‘lash bilan o‘z g‘oyalarini tarannum etadi. Pesa personajlaridan biri bo‘lmish Ali afandining xitoblari muallif dunyoqarashi bilan bir xilligi jihatidan e’tiborga loyiq. Tatar ayollari qadimda to‘qigan bir parcha matoni ko‘rib, u: «Menim uchun bular tabarruk! – deb xitob qiladi. – Men bularni Morozov fabrikasining bejirim chitlariga, hatto Lodziya nafis shohilariga alishtirmayman. Negaki, ular – milliy. Nimaiki milliy bo‘lsa, ko‘zimga muqaddas ko‘rinadi. Ilgari hamma narsa qo‘lda to‘qilgan, endi bo‘lsa, hatto kafanlikni ham Konshin fabrikasining bo‘zidan qiladigan bo‘lib qoldik. Bunga yo‘l qo‘yish mumkinmi? Yo‘q, nima qilib bo‘lsa ham, biz o‘z musulmoncha fabrikamizga ega bo‘laylik!»
Qrimga safar qilgan chog‘larimda men Qrim ziyolilarining H.S.Ayvazov tasvirlagan mafkuraviy oqimlariga mansub vakillari bilan ko‘p bor ko‘rishganman. O‘z vatani o‘timishini sevgan, o‘z elatdoshlarining madaniy birlashishini tilaydigan odam avvalo, islomiy ma’rifat yo‘lida xizmat qilayotgan H.S.Ayvazovning o‘z timsolidir. U o‘z millatdoshlarini Yevropa madaniyati erishgan yutuqlar bilan tanishtirishga, ammo o‘z milliy xususiyatlarini yo‘qotib qo‘yishlaridan ogohlantirishga harakat qiladi. H.S.Ayvazov yaponlarni misolga keltiradi. Yaponlar yevropaliklardan barcha maqbul jihatlarni qabul qilib olganlari holda, o‘ziga xosliklarini ham saqlab qola bildilar. Musulmonlar ham shu yo‘lni tanlasalar, yaxshi bo‘lardi. M.Lengielning «To‘fon» asarini[11] tarjima qilib, 1914 yilda Bog‘chasaroyda nashr ettirgan H.S.Ayvazov unga yozgan so‘zboshisida ana shunday tilaklarni izhor qiladi. So‘zboshiga «Yevropa tamadduni va yaponlar» degan sarlavhacha qo‘yilishi ham bejiz emas, albatta.
Ehtimol, yaponlarga Yevropa madaniyatini egallash bobida ideal axloqqa erishgan odamlar sifatida qarash H.S.Ayvazovda turkiyalik adiblar ta’siri bilan yuzaga kelgandir. Tujarzoda Ibrohim Xilshiy 1332-hijriyda Istanbulda chop ettirgan «Yevropalashish» kitobida (men uni Bog‘chasaroyda kitob do‘konidan sotib oldim) yaponlarni ko‘p tilga oladi va hatto asar xulosasida shunday deb yozadi: «Yarim asrlar muqaddam yaponlarning ham Yevropaga munosabati salbiy edi. 50–60 yillar ilgari ularda xuddi hozir bizdagi kabi vaziyat hukm surardi. Hozirda biz dinimiz ta’sirida eski an’analari tarafida bo‘lganimiz, Hijoz[12] turmushini va tamaddunini yoqlaganimiz singari, yaponlar ham yarim asrcha ilgari xitoy madaniyatiga, buddaviylikka hamda sintoistik urf-odatlarga, afsonalarga berilgan edilar. Yevropa ilm-fani borasida hech baloga aqli yetmaydigan bizdagi ayrim nodonlar yevropalashishni ijtimoiy va diniy inqirozning birdan-bir manbai deb bilganiday, Yaponiyada ham eski samuraylar, daymios va siogunlar yangi Yevropa tamadduniga tish-tirnoqlari bilan qarshi turgandilar, g‘arbcha tartibotlarga nafrat bildirgandilar. Xuddi bizdagi johil el-yurt boshliqlari kabi, uyoqlik feodallar ham jamiyatni Yevropadagi kabi boshqarishga qarshi qo‘zg‘algan va yevropalashishga qarshi qilich ko‘tarib maydonga chiqqan edilar. Ammo vaqt hamma narsa ustidan g‘olibdir; yaponlarning daqqi urf-odatlari va aqidalarini ham u tor-mor qildi. Navqiron va vatanparvar yosh samuraylarning faoliyati sofistlarning butun millat ongi va qalbini zaharlamakda bo‘lgan vahshiy, bema’ni harakatini yo‘qqa chiqardi. Ana shundan so‘ng Yevropa tamadduni xuddi quyosh nuri singari, Nipon (Nippon, Nixon – Yaponiya. Z.I.) orollari uzra darhol yoyildi. Orada o‘tgan 30 yillik davr mobaynida konstitutsion tuzumning chinakamiga qo‘llanishi ajoyib muvaffaqiyatlarga olib keldi. Ilgari Amerika kommandori Perrining zambaraklari qarshisida bo‘yin eggan Yaponiya sal o‘tmay atigi 60 millionlik xalqi bilan 400 millionlik Xitoy ustidan g‘alaba qozondi; 160 millionlik xalqqa ega bo‘lgan zolim o‘ris hukumatini Uzoq Sharqdan baayni koptok singari uchirib yubordi. Yaponlar bunday muvaffaqiyat va tolega faqat yevropalashish tufayli, Yevropa madaniyatiga ergashish natijasida, vatanni qutqarish uchun va bu madaniyatdan ko‘p narsalarni o‘zlashtirish hisobiga erishdilar» Ammo shu bilan birga, yaponlar, muallifning aytishicha, “xristian bo‘lib ketmadilar”. Ular o‘z milliy xarakterini o‘zgartirmadilar, axloqsizlikka yuz tutmadilar, bil’aks, o‘z eski udumlarining eng yaxshilarini saqlab qolish imkoniga ega bo‘ldilar.
H.S.Ayvazov ham musulmonlar bilan yaponlarning vaziyati orasida juda ko‘p mushtarakliklar topadi. H.S.Ayvazovning yaqin do‘stlari menga aytishlaricha, aynan mana shunday qarashlari bois, u “To‘fon” tarjimasiga qo‘l urgan. “To‘fon” pesasi Rossiya musulmonlari orasida ko‘p shuhrat topdi; menga uning Iskandar Saqayev qalamidan chiqqan tarjimasi ham ma’lum (Qozon, 1915). Aftidan, Lengiel qahramonlari ularga yoqib qolgan ko‘rinadi. Biroq H.S.Ayvazov Saidbey timsolida taqdim etgan “g‘arbchilar” bunday ilg‘or qarashlarga begona. Qolaversa, ular tatar ziyolilari orasida unchalik mavqega ega emaslar. H.S.Ayvazov singari arboblar ularga qarshi emas, balki islomga, har qanday yangilikning, u qay sohada bo‘lmasin, kirib kelishini xushlamaydiganlarga qarshi kurashishlariga to‘g‘ri keladi. Biroq bu to‘g‘risida suhbat Hasan Sabri Ayvazov pesasi doirasidan tashqariga chiqadi, haliyam biz anchagina “o‘tlab” ketdik.
Zuhriddin Isomiddinov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 11-son.
[1] Birinchi Jahon urushi ko‘zda tutilyapti. – Z.I.
[2] Turk deganda O‘rta Osiyoda VI asr boshlarida ulkan ko‘chmanchilar imperiyasiga asos sol-gan qabila (sulola) tushuniladi. Bu imperiya VIII asr o‘rtalariga qadar hukm surgan. Uning tarkibida bo‘lgan ko‘pgina qabilalar, garchi hukmron qabila bilan mushtarak ildizga ega bo‘lsa-da, o‘zlarini turk deb atagan emas. Masalan, uyg‘urlar. Uyg‘ur tili bilimdoni S.Ye.Malov o‘ziga «turk-uyg‘ur tili» atamasi ma’lum ekanini menga aytgan edi. Turk davlatchiligi davrida O‘rta Osiyoga arablar bostirib kelishgan va ular bilan bo‘lgan muhorabalarda turklar yengilgan. Oqibat, «turk» atamasini arablar barcha turkiy qabilalarga nisbatan qo‘llay boshladi. Ko‘chmanchi turk davlati asoschilarining bevosita ajdodlari esa keyinchalik Eron or-qali Kichik Osiyoga o‘tishgan. Vizantiyaliklar unga qadar ham turklar bilan aloqaga kirishgan, tobrxos atamasi ularga ham ma’lum edi. Vizantiyaliklardan so‘ng turklar bilan g‘arbiy yevropaliklar ham tanishib oldilar va ularda ham, xuddi arablar singari, «turk» atamasi umumiy mazmun kasb etdi. (Barcha izohlar muallifniki).
[3] 1908 yilda Orenburgda chop etilgan «Millatchilar» risolasining muallifi bo‘lmish Mahmud ismli kishining so‘zlariga qaraganda, hozir barcha masalalar bilim berish va ta’lim masalalarga bog‘lanadi.
[4] Masalan, A.N.Samoylovichning «Abdu-s-Satar’ Kazы» asari. SPB., 1915 g.
[5] Turkiy qabilalarning xalq ijodchiligini o‘rganish ham xuddi shunday alohida usullar va alohida tayyorgarlikni taqozo etadi. Albatta, bu ijodchilik muayyan darajada (janubdagi qabilalarda esa, to‘lig‘icha) eski adabiyotlarning, chunonchi usmonli, ozarbayjon va chig‘atoy adabiyoti ta’siridadir. Shu bilan birga, ko‘pdan-ko‘p xalq asarlari (masalan, no‘g‘aylarning epik qo‘shiq va naqllari) borki, ularning xususiyatini inkishof etish uchun mo‘g‘ul adabiyotiga, mo‘g‘ul folklori va mo‘g‘ul tiliga oid ma’lumotlarni ham jalb etishga to‘g‘ri keladi. Sharqiy turklar ijodiga buddaviylikning ham ta’siri bo‘lgan. Boshqa ta’sirlar ham mavjud. A.N. Samoylovich keltirgan «Sho‘rlik o‘ldi harbiy kasalxonada» degan ommaviy qo‘shiqning qrim-tatarlar orasida paydo bo‘lgani diqqatga sazovordir.
[6] Abdulvatan – vatan quli, Abdulislom – islomiyat quli demak.
[7] «Izvestiya Tavrii. Uch.Arx.Komissii», № 52, str. 10.
[8] Bu qoida qrimtatarlar orasida maqol sifatida ham qo‘llanadi. Mazkur qoidani tatarlar shu tariqa talqin etishlarini men A.N.Samoylovichdan eshitdim.
[9] No‘g‘aylarning ko‘chishdan oldingi va ko‘chish davridagi turmushi to‘g‘risida janob Sergeevning maqolasiga qarang: «Izvestiya Tavrii. Uch. Arx. Komm.», №№ 48 i 49.
[10] A.Vamberining maqolasiga qarang. U I.Goldtsigerning «Islom to‘g‘risida ma’ruzalar»iga ilova sifatida tarjima qilib berilgan («Brokgauz-Yevfron» nashr., 1912, str. 300-301).
[11] Melxior Lengiel – venger dramaturgi va publitsisti. – Z.I.
[12] Hijoz – Arabistondagi Makka va Madina shaharlarini o‘z ichiga olgan viloyat, islom ilk bor yoyilgan diyor.