Tabiiyki, Asalni bilasiz. Bir necha bor izlagan bo‘lsangiz ham kerak. O‘shanda uni topganmisiz-yo‘qmi, bu bizga noayon. Topganingiz ham toza asal bo‘lganmi-yo‘qmi, bundan ham bexabarmiz. Oxirgi yillarda "ASAL" deyilsa, shubha bilan qarash urfga kirib qoldi. Albatta, bu bekorga emas.
Biror yil oldin Hojiboy Tojiboev ham asal va asalarichilarni hajv qilgan edi: "O‘n besh-yigirma yildirki bolalarimiz asal yalagani yo‘q. Chunki asalning o‘zi yo‘q-da! Asal shunaqa bo‘lar ekan-da, deb shakar qiyomini yeyaverishadi" qabilida gap qilgandi. Albatta, so‘z ustasining gapi qiziqchilikka xos bo‘lgan lofdan ham xoli emas.
Uch ming yillik asal
Misr fir'avni Tutanxamon xilxonasidan asal solingan idish topiladi. Aniqlanishicha, oradan uch ming yil o‘tsa hamki, asal buzilmagan va o‘z xususiyatlarini yo‘qotmagan ekan. Bu - xalqimiz orasida tez-tez eslanadigan "Asal aynimas,.." degan naqlning yaqqol isboti. Ilmda turkiy xalqlar ajdodlari deb qaraladigan skiflarda davlat arboblari vafot etgach, mumlab qo‘yilgan. Yana tarixiy kitoblarda aytiladiki, Aleksandr Makedonskiy vafot etgach, tanasiga asal surilgan (uzoq muddat buzilishdan saqlash uchun), so‘ngra o‘z yurtiga olib ketilgan.
Yuqoridagi ma'lumotlardan ko‘rinib turibdiki, odamlar ming-ming yillar oldin ham asal xususiyatlari haqida juda yaxshi bilishgan. Ispaniyadagi Aran g‘oridan topilgan arxeologik topilmalar esa milloddan avvalgi 10-5 ming yilliklarda odamlar asalarichilik bilan shug‘ullanganini isbotlaydi. Qadimgi dunyoning mashhur tabiblari va o‘rta asrlarda yashab o‘tgan taniqli tabiblar ham asalning shifobaxshligini, bu jihatdan unga teng keladigan boshqa dorivor topish mushkulligini e'tirof etishgan.
Asal o‘zi nima?
Asal - asalari ishlab chiqaradigan asosiy mahsulotdir. Ishchi arilar tabiatdagi shiralarni yig‘ib kelib, qayta ishlash yo‘li bilan asalga aylantiradi. Bu jarayonda saxaroza o‘zgarishga uchrab, fruktoza va glyukoza hosil qiladi. Kimyo ilmiga oid adabiyotlarda asal tarkibidagi bu ikki moddaning nisbati qariyb tengligi aytilgan.
Asal - "jonivorlar vujudi tarkibidagi asosiy moddalardan bo‘lmish ribozni o‘z ichiga olgan yagona ozuqa moddasi, mikrob tushmaydigan birdan bir yegulik" ("Ilohiy mo‘'jizalar" kitobi). Asal qariyb 100% organizmga so‘riladi va uning 1 kilogramida 3200 kaloriya quvvat bor.
Asalda 300 dan ziyod modda mavjudligi aniqlangan: organik kislotalar, ularning tuzlari, uglevodlar, vitaminlar, garmonlar, fermentlar, efir yog‘i... "Asal xosiyatlari" kitobida yozilishicha, uning tarkibi 32% glyukoza, 2% saxaroza, 36% fruktoza, 8% maltoza, 20% suv, 2% mineral tuzlardan iborat. O‘zbekiston milliy entsiklopediyasida asalda 80% dan ko‘proq uglevodlar (glyukoza, fruktoza) borligi aytilgan. M. Abdulxaeva va
O‘. Mardonovlarning "Kimyo" kitobida ham "asalda bir vaqtning o‘zida glyukoza va fruktoza 80%"ni tashkil etishi qayd etilgan.
Albatta, barcha asalning tarkibi bir xil bo‘lmaydi. Turiga ko‘ra kimyoviy tarkibi ham farqlanadi. Bu o‘rinda asal qaysi o‘simlikdan olingani va o‘sha o‘simlikning kimyoviy tarkibi ham ahamiyatlidir.
"Odamlar uchun shifo bo‘lgan turli rangdagi sharbat"
Qur'oni karimning Naxl surasida asalga shunday ta'rif beriladi. Asalning shifobaxshligi qadim-qadimlardan ham yaxshi ma'lum. Qadimgi Misr tabobatida asal va mumdan shifo uchun foydalanishning 500 dan ortiq retsepti bo‘lganligi haqida bizgacha ma'lumotlar yetib kelgan. Ibn Sino asalning boshqa bir qator shifobaxsh xosiyatlari bilan birga tinchlantiruvchi xususiyatini alohida ta'kidlab o‘tgan.
O‘tgan asrning 60-yillaridan boshlab tibbiyotda asal bilan davolash usullari - apiterapiya shakllandi. Asalning boshqa davo vositalardan asosiy farqi shundaki, u kompleks ta'sir qiladi. Me'yor unutilmasa, zarracha ham salbiy ta'sir ko‘rsatmaydi.
Kunlik me'yor
Toza asal allergiya qo‘zg‘amaydi, organizmni yosh va sog‘lom saqlaydi. Bizda asosan qishda asal yeyiladi (issiqlik bo‘lgani uchun). "Ilik uzilar payt" hisoblangan ko‘klamda ham asal iste'mol qilish organizmdagi vitaminlar tanqisligining oldini oladi, immunitetni oshiradi. Tibbiyotda 45 yoshdan o‘tgach, har kuni asal iste'mol qilib turish tavsiya etiladi. Shifobaxshlik jihatidan to‘q rangli asal och rangli asaldan afzalroqdir. Shuningdek, asal bilan davolanishda qaysi o‘simlikdan olingani va o‘sha o‘simlikning shifobaxshlik xususiyatlari ham inobatga olinsa, ko‘zlangan natijaga yanada tezroq erishish mumkin. Eng qizig‘i shundaki, asal ozishda ham, semirishda ham birday yordam berar ekan...
Asalning shifobaxsh xususiyatlari, albatta, shular bilan tugamaydi. Bu borada hurmatli o‘quvchilar bizdan ko‘ra ko‘proq ma'lumotga ega bo‘lsalar ham kerak. Chunki asal xalqimiz orasida davo vositasi sifatida juda mashhur. Shuning uchun bu haqda ortiqcha to‘xtalmaymiz.
Asal turlari
"...Tabiatdan olinish manbaiga ko‘ra gul (nektar) asali va shira (o‘simlik barglari va poyalaridan ajraladigan shira) asaliga bo‘linadi" (O‘zME). Xalq orasida esa asal asosan tog‘ asali va cho‘l asaliga ajratilib farqlanadi. Odatda tog‘ asali yuqori sifatli hisoblanadi va narxi ham shunga yarasha bo‘ladi; O‘zgan asali, Zomin asali, Chimyon asali kabi joy nomlari bilan ataladi. Cho‘l asali esa biroz boshqacharoq tasniflanadi, ya'ni odatda nimadan olingan bo‘lsa, o‘sha o‘simlik oti bilan nomlanadi: paxta asali, kungaboqar asali, beda asali kabi. Dasht hududlaridan olingan asallar ham aksar hollarda cho‘l asali bilan bir guruhda sanaladi, narxi orasida ham farq unchalik katta bo‘lmaydi. Lekin sifati, ayniqsa, shifobaxshligi borasida dashtdan olingan asal juda tog‘ asaliday bo‘lolmasa ham, undan qolishmaydi. Xususan, kovul asali, oqquray asali va boshqa dasht o‘simliklaridan olinadigan asallar ham juda shifobaxsh va xushta'mdir. Faqat rangi och bo‘ladi va bir turli o‘simliklardan olinganligi uchun tarkibi tog‘ asalichalik boy bo‘lmaydi. Tog‘ asali turfa xil dorivor giyohlar gulidan yig‘ilganidan rangi to‘q (ko‘pincha tillorang) bo‘ladi va alohida xushbo‘y hid taratib turadi. Tarkibi ham shunga yarasha boy, tabiiyki, shifobaxshligi-da boshqalariga qaraganda yuqoridir. Tabiatdan olinish manbai turli-tuman bo‘lgani sababli tog‘ asali odatda alohida o‘simlik nomlari bilan sifatlanmaydi.
Umuman olganda, asal turlarining yuqoridagi va boshqa manbalarda berilgan tasniflari ham nisbiydir. Chunki bir o‘simlik turli mintaqa (tog‘, cho‘l, dasht)da o‘sishi ham mumkin. Shuningdek, bir necha o‘simliklardan olingan asallar tabiiy ravishda aralash holda ham uchraydi. Masalan, g‘o‘za va kungaboqar asali va h. Tog‘ va cho‘l asali aralashmasidan iborat asal ham bo‘ladi... Va buning boshqa sabablari ham bor. Harholda bizda eng keng tarqalgan asallarni yuqoridagi tasnif bo‘yicha farqlasa bo‘ladi. Qolaversa, maqola ko‘proq tajriba va kuzatishlar asosiga qurilgani uchun mutlaq ilmiylik talab qilmaydi.
Asalari bo‘lishga urinishlar
Mana, odamzod XXI asrga kelib, hatto sun'iy odam yaratyapti. Odamni klonlash qo‘lidan kelgan insoniyat negadir sun'iy asal tayyorlay olmayapti. Bunga urinishlar bo‘lmagan deysizmi? Asliyat bo‘lgan joyda, albatta, soxtagarchilik ham bo‘lganidek, asalarisiz asal ishlab chiqarishga harakatlar ancha ilgaridan beri davom etib kelmoqda. Natija esa... natija esa bir guruh qavmdoshlarini aldashdan nari o‘tishga yaramayapti. Ayrim bozorlarda va yo‘l bo‘ylarida sotilayotgan ba'zi asallarga asaldan boshqa narsalar ham qo‘shish hollari ko‘p uchraydi (Poytaxtimiz bozorlarida toza asal ko‘p, lekin hammasining sifatiga kafolat berib bo‘lmaydi). Bunday "asal"lar tarkibida umuman asal bo‘lmasligi ehtimoli ham yo‘q emas. Hayot qiziq-da, ba'zan shunday voqealar ham bo‘ladiki, hayratdan yoqangni ushlashga majbur bo‘lasan: soxta asalni doimiy yeb yurgan odamlar haqiqiy asalga duch kelsa, uni tan olmasligi ham mumkin. Biz bunga shaxsiy tajribamizda ko‘p uchraganmiz.
Soxta asal tarkibi asosan shakardan iboratligi va haqiqiy asalga o‘xshatish uchun har xil ximikatlar yoki yot narsalar qo‘shilishi sababli shifoligi u yoqda tursin, hatto sog‘liqqa zarar qiladi. Allergiya qo‘zg‘ashi, bir dardga ming dard qo‘shishi mumkin; qandli diabetni kuchaytirishi va qon bosimini oshirish hollari ham uchraydi. Agar faqat shakardan tayyorlangan bo‘lsa, bu o‘z yo‘liga. Toza asalning ham past narxda sotilishini inkor qilmagan holda aytish kerakki, soxta asalning birinchi belgisi juda arzonligi - qariyb shakar narxida ekanligidir.
Toza asalni qanday bilish mumkin?
Ibn Sino asal tanlashda quyidagicha tavsiya beradi: "Asalning eng yaxshisi shirin mazali, yoqimli hidli, biroz o‘tkirligi bor, qizg‘ish rangli va suyuq bo‘lmay, uzilmaydigan yopishqoq bo‘lganidir". Unga qo‘shimcha qilib, asalda shirinlikdan tashqari qo‘shimcha yoqimli ta'm ham bo‘lishini aytish lozim. Qolaversa, asalni shirin deya sifatlash ham unchalik to‘g‘ri emas, sal nordonroq ta'mi bo‘ladi va dimog‘ni qitiqlaydi, qichishtiradi. Asal sotib olishda adashmaslik uchun yana quyidagi xususiyatlarini ham bilib olish zarar qilmaydi.
Sifatni ko‘rsatuvchi asosiy belgilardan biri hid: toza asalning o‘ziga xos, xushbo‘y va yoqimli hidi bo‘ladi. Ayniqsa, asal hidi qaynatilgan suvda eritilganda alohida seziladi. Soxta asalning hidi qaynatilgan shakar yoki xo‘rozqandni eslatadi. Hozirda xushbo‘y hid berish uchun soxta asallarga har xil aromatlar ham qo‘shiladi.
Asal rangsiz, och sariq, qaymoqrang, tiniq sariq, to‘q sariq, qizg‘ishtob, qizg‘ish, shuningdek, mallamtir qahvarangda ham bo‘ladi. Umume'tirof etgan me'yorlarga ko‘ra eng yaxshi asal ochiq oltin ranglisidir.
Toza asal iliqroq suvda eritilsa, tiniq bo‘lmaydi - sal bo‘tanaroq bo‘ladi.
Yaxshi va me'yorida pishgan asal qotish jarayonida bir maromda kristallashadi, erishda ham. Bu xususiyat ko‘proq tog‘ asaliga tegishli. Cho‘lda olingan asalning ayrimlari esa eriganda ustki qismidan erib keladi. Agar asal namligi va harorati yuqori bo‘lmagan joyda saqlansa, qishda uni, Hojiboy Tojiboev aytganidek, hatto pichoq bilan kesib olish ham katta qiyinchilik tug‘diradi. Soxta asal esa qishda ham qotmaydi (har xil vositalar bilan qotirilishi ham mumkin). Umuman qishda suyuq asal sotib olish tavsiya etilmaydi. Chunki toza asal eritilgan taqdirda ham o‘z shifobaxshligini yo‘qotadi. Tabiiy xususiyatlarini saqlab qolish uchun eritish vaqti asal 60 S dan qizib ketmasligi kerak. Glyukoza kristallashuvchanlik xususiyatiga ega bo‘lganligi uchun cho‘l asali odatda tez qotadi. Tarkibida nisbatan fruktoza ko‘p bo‘lgan tog‘ asalida esa bu jarayon sekinroq yuz beradi.
Tabiiy asal choyga solinsa, tezda yoyilib ketmaydi. Shuningdek, bu xususiyatini qog‘ozga yoki shunga o‘xshash biror narsaga tomizib ham tekshirib ko‘rsa bo‘ladi.
Haqiqiy va soxta asal orasida turadigan yana bir tur asal borki, uni nima deb atashni ham bilmaysan, kishi. Mavsum mobaynida tabiatda shira kam bo‘lsa, asalarichilar asalariga shakarli suv beradi. Asalari esa uni asalga aylantiradi. Unda kam bo‘lsa ham tabiiy asal xususiyatlari bo‘ladi, lekin shifobaxshligi haqida unchalik qat'iy kafolat berib bo‘lmaydi.
Doimiy yeb yurmagan odam uchun, albatta, toza asalni soxtasidan ajratib olish oson emas. Shuning uchun, asalni farqlamasangiz, eng yaxshisi, aniq ekspertizadan o‘tganini yoki ishonchli asalarichilardan xarid qilganingiz ma'qul. Ayniqsa, shifo uchun bo‘lsa...
Hasan JABBOROV, asalarichi,
Farrux JABBOROV, jurnalist