Oxirgi yillarda xalqaro miqyosda oliy o‘quv yurtlari darajasini aniqlovchi tadqiqotlar o‘tkazish ommalashyapti. O‘tkazilayotgan reytinglarda sayyoramizdagi universitet va institutlarga turli mezonlardan kelib chiqib baho berilmoqda.
Xitoyning Szyao Tun universiteti 2003 yildan buyon dunyoning eng yaxshi oliy o‘quv yurtlari ro‘yxatini tuzib chiqadi. Garchi reytinglar uyushtirish G‘arbda keng tarqalgan va Xitoy davlatiga xos bo‘lmagan hodisa sanalsa-da, Szyao Tun o‘tkazayotgan tadqiqot natijalari ilmiy doiralarda jiddiy qabul qilinadi. Jumladan, 2007 yilgi tadqiqot ham ko‘pchilikning diqqatini tortmoqda.
Garvard universiteti xitoylik tadqiqotchilar tomonidan 2007 yilda sayyoramizning eng yaxshi oliygohi deb topilgan. 500 ta oliy o‘quv yurti nomi zikr qilingan reytingning kuchli beshligidan Stenford, Kaliforniya, Kembrij universitetlari hamda Massachusets texnologiya instituti o‘rin olgan. Szyao Tun tuzgan ro‘yxatga Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi oliygohlaridan Moskva davlat universiteti kirgan. Lomonosov nomidagi universitet reytingda 76-o‘rinni band etgan. Xitoylik tadqiqotchilar xulosasiga ko‘ra, Amerika, Buyuk Britaniya, Yaponiya va Germaniya eng nufuzli oliygohlarga ega bo‘lgan davlatlar sanaladi.
Ayrim tashkilotlar uchun o‘ziga xos mezon vazifasini ham bajarayotgan ushbu ro‘yxat qanday asosda tuzilishi o‘quvchini qiziqtirishi tabiiy. Xitoy universiteti oliygohlarni o‘rinlarga taqsimlashda ta’lim sifati (10 foiz), pedagog xodimlar kasbiy darajasi (40 foiz), ilmiy tadqiqot ko‘rsatkichlari (40 foiz) va umumiy raqamlar (10 foiz) ga e’tibor qaratadi.
“Vebometriks” guruhi tomonidan tuziladigan yillik reyting ham katta ilmiy doiralarda alohida e’tiborga olinadi. Ushbu ro‘yxatning o‘ziga xos xususiyati shundaki, u oliy o‘quv yurtlarining xalqaro kompyuter tarmog‘idagi faoliyatiga asoslanadi. Ya’ni, oliygohlarning veb-saytlari, elektron kutubxonalar bazasi, xalqaro tarmoqqa kiritilayotgan darslik, qo‘llanma va boshqa ilmiy nashrlar asosida 4000 ta ilm maskaniga baho beriladi. “Vebometriks”ning yaqindagina e’lon qilingan 2007 yilgi reytingida birinchi o‘rin Stendford universitetiga berilgan. Ikkinchi o‘rinni esa Massachusets texnologiya instituti egallagan. Shu tariqa Kaliforniya, Garvard, Pensilvaniya kabi nomdor universitetlar nufuzli reytingning old o‘rinlarini band etgan.
Shuningdek, «Times» gazetasining THES loyihasi asosida ham jahonning nufuzli oliygohlari ro‘yxatini e’lon qilish an’anaga aylangan. Ushbu ro‘yxatda nisbatan kam-roq — 200 ga yaqin oliy o‘quv yurti nomi kiritiladi. Bu esa tanlov nufuzini yanada oshiradi. THES ro‘yxati dunyo miqyosida mutaxassislar o‘rtasida o‘tkaziladigan ijtimoiy so‘rov natijalariga asoslanadi. Masalan, ushbu loyiha asosida o‘tgan yilgi reytingni tuzish uchun 5000 ga yaqin mutaxassis fikri o‘rganib chiqilgan. To‘g‘ri, THESning 2007 yilgi reytingi hozircha e’lon qilinganicha yo‘q. Lekin eslatma sifatida o‘tgan yili ro‘yxatda Garvard, Kembrij, Oksford, Massachusets va Yel kabi oliy o‘quv yurtlari yuqori o‘rinlarda qayd etilganini aytish mumkin.
Aytish kerakki, yuqorida zikr qilingan barcha reytinglar ham mavjud voqelikni to‘la va haqqoniy ifodalaydi deb bo‘lmaydi. Deylik, Szyao Tun universiteti o‘tkazadigan tadqiqotlarda gumanitar fanlarga kam e’tibor beriladi. “Vebometriks” guruhi esa faqatgina internet resurslariga asoslanadi. THES esa ro‘yxatni shakllantirishda faqat ekspertlar xulosalari bilan cheklanadi.
Shundan ham bilish mumkinki, o‘tkazilayotgan tadqiqotlar dunyo mamlakatlaridagi oliy o‘quv yurtlari faoliyatiga u yoki bu nuqtai nazardan baho beradi. Aslida e’lon qilinayotgan turli nomdagi reytinglarning foydali jihati ham shunda.
www.hurriyat.uz