OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qozoqboy Yo‘ldosh. Yuksalish manzillari

Chinakam san’at asari — betakrorligi bilan qimmatli. Eng yuksak maqomdagi qaytariq ham badiiy ahamiyatga ega bo‘lmaydi. Shuning uchun chin adabiyotni qaytarilmas estetik tajribalarning uzluksiz zanjiri, deyish mumkin. Omon Muxtor — ijodi tajribalar og‘ushida kechayotgan san’atkor. U 1956 yildan beri she’r yozadi. Nasr va dramaga qo‘l urganiga ham qirq yildan oshdi.

Yosh shoir ilkinchi she’rlaridayoq o‘zgalarnikiga o‘xshamagan tuyg‘ularni ohorli yo‘sinda ifodalashga uringandi: “Olam bor. Sershovqin, sertuyg‘u olam – Mening shodliklarim, mening o‘ksimda. Ko‘ksida joyladi meni bu olam, Olamni joyladim men ham ko‘ksimda”. Bu to‘rtlikda “qayg‘ularim” ma’nosida “o‘ksim” so‘zining berilishi, jo‘nalish kelishigi o‘rniga buxoroliklarga xos o‘rin-payt kelishigi qo‘shimchasi qo‘llanishi shoirning o‘ziga xoslikka intilishini ko‘rsatadi. Bunday intilish yozuvchini tark etmadi. Uning roman, hikoya, drama va esdaliklari ifodaviy o‘ziga xoslikka urinish mahsullaridir.

Tilimizda “ko‘karmoq” so‘zi o‘simlik va odamlarga nisbatan “o‘sish”, “yashash”, “yasharish”, “tiriklik” ma’nolarida qo‘llaniladi. Omon Muxtor bu so‘zni: “Erta sahar mahali Kun ham ko‘kargani yo‘q” tarzida bir yo‘la quyoshning yoyilishi va kunduzning boshlanishi ma’nolarida ishlatadi. She’r uchun ifodaning faqat originalligi emas, balki o‘rinli ekani muhimroqdir. ­Joyida qo‘llangan ko‘karish so‘zi “kun” so‘zining ma’no doirasini kengaytirib, tasvir ta’sirchanligini oshirishga xizmat qilgan.

Hadislarda niyatning amaldan ustun ekani aytiladi. Shu ma’noda shoirning: “Baland bir parvozni istayman, ammo Menga hech yoqmagan balandparvozlik” satrlari uning shaxs va ijodkor sifatidagi qiyofasini anglatadi. ­Boshqa bir she’rida yarim hazil bilan aytilgan: “Yoqtirish – bu mening gunohim, Mening ko‘p bo‘ynimda gunohlar” misralari shoirning ijodi ezgulik va muhabbatga tayanganini bildiradi.

Omon Muxtor olam va odamni yaxlit idrok etib, yaxlit tasvirlashga urinadi. Shu bois, uning yaratiqlarida sinkretlik kuchli. Garchi XX asr adabiyotida umumiylikdan qochib, xususiylikka intilish tamoyili ustuvor bo‘lsa-da, yozuvchi hamisha adabiy tur va ­janrlar o‘rtasida o‘tib bo‘lmaydigan devor yo‘qligini ko‘rsatishga intilib keldi. Uning she’rlarida nasr va drama unsurlari, nasr va dramaturgiyasida esa she’riyatga tegishli belgilar ­uchrashi oddiy hol.

Omon Muxtorning ilk romani “Yillar shamoli” 1976 yili dunyo yuzini ko‘rdi, ikkinchisi “Egilgan bosh” 1989 yili bitildi. Ammo adibning romanchilik borasidagi ijodiy imkoniyatlari asosan mustaqillik yillarida yuzaga chiqdi. Bu davrda u “Ming bir qiyofa” (1994), “O‘lmagan jon” (1995), “Ko‘zgu oldidagi odam” (1996), “Ffu” (1996), “Ayollar mamlakati va saltanati” (1997), “Aflotun” (1998), “Buxorolik bir yigit” (1998), “Maydon” (1999), “Tepalikdagi xaroba” (2000), “Ishq ahli” (2000), “Buyuk farrosh” (2004), “Odamlar kulishlari kerak” (2008), “Xotin podshoh” (2010), “Muhabbat o‘limdan kuchli” (2010) kabi o‘n to‘rtta roman yaratib, romanlari sonini o‘n oltitaga yetkazdiki, boshqa birorta o‘zbek adibi bunday ko‘rsatkichga ega emas. Albatta, adabiyotning taraqqiyot darajasini miqdor belgilamaydi. Mazmun teranligi, ifoda yo‘sinidagi betakrorlik, shakliy-uslubiy izlanishlarning samaradorligi, tasvir qamrovining kengligi badiiy yaratiqlarning qimmatini belgilaydigan omillardir. Lekin miqdor o‘zgarishlari sifat o‘zgarishlariga olib kelishi ham bor gap.

Adib istiqlol davri o‘zbek romanchiligiga qator yangiliklar olib kirdi. U davrning shiddatkorligini, axborotlar haddan tashqari ko‘pligini, qolaversa, o‘quvchining vaqti taqchilligini hisobga olib, roman hajmini qisqartirishga urinadi. Ayni vaqtda, roman “alohida individning eposi” ekanidan kelib chiqib, tasvirda psixologizmni kuchaytirishga intiladi. Uning romanlarida ortiqcha tafsilot yo‘q, badiiy ma’no esa tasvirga ­sig‘mas darajada tig‘iz.

“Ishq ahli” va “Buyuk farrosh” romanlaridan tarkib topgan “Navoiy va rassom Abulxayr” dilogiyasi yozuvchi ijodida alohida bosqich bo‘ldi. Asarda voqealar tasviridan ko‘ra shaxs ­tadqiqi ustuvor. Shuning uchun ham bu asarlardagi timsollar tarixdan ­ma’lum voqealarni amalga oshirgan ijrochilar emas, balki bugungi ­odamlar singari tinimsiz o‘zgarib ­turadigan tuyg‘ular egalari sifatida tasvirlanadi.

Bu dilogiya Navoiy haqida ilgari yaratilgan birorta asarni takrorlamaydi. Yozuvchi buyuk mutafakkir tabiatining ko‘zdan yashirin qirralarini o‘ziga xos badiiy mantiq asosida tasvirlaydi. U o‘quvchiga aql o‘rgatmaydi, tasvirlarni so‘nggi haqiqat tarzida tiqishtirmaydi, aksincha, kitobxonga ishonadi, unga ko‘nglini yorib, o‘zini bezovta qilgan o‘yu tuyg‘ular yuzasidan dardlashadi. Bu borada romanning buyuk Navoiy timsolini yaratmoqchi bo‘lgan rassom Abulxayrning kundaligi shaklida bitilgani muallifga qo‘l kelgan.

Yozuvchi asarda Abulxayrning izlanishlari, intilishlari, ishtibohlari, yengishu yutqiziqlarini aks ettirish asnosida o‘quvchini suhbatdoshga aylantiradi. Adib buyuk Navoiy siymosini devorga ilib qo‘yiladigan benuqson suratdan o‘quvchining ko‘ngliga ko‘chiradi. Buyuk shoirni har qanday kamchilikdan xoli farishta, hech xato qilmaydigan avliyo emas, balki ulug‘lik qismati bilan taqdirlangan bo‘lsa-da, oddiy bir inson sifatida ko‘rsatadi.

Asarning e’tiborga loyiq yana bir jihati shundaki, tasvirda voqealar bilan psixologik tahlil mutanosibligiga erishilgan, talqinda badiiylik bilan ilmiylik uyg‘unlashgan. Ma’lumki, keyingi vaqtda badiiy tasvir bilan ilmiy izlanish muayyan darajada qo‘shilib keladigan asarlar yaratilib, ular “roman-esse”, “ma’rifiy roman”, “ilmiy-ma’rifiy qissa”, “ilmiy roman”, deb atalmoqda. Ammo O. Muxtorning roman dilogiyasi ulardan tubdan farq qiladi. Garchi asarda ilmiy tadqiqot ­unsurlari yaqqol ko‘rinsa-da, ularga ­sinchkov rassomning sezimlari, ­tuyg‘ulari ko‘chgani bois bu tasvirlar tugal badiiylik kasb etadi.

Adib o‘z oldiga Navoiyning shaxs sifatidagi fe’l-atvori va hayot yo‘sinini belgilagan omillarni ko‘rsatib berishni maqsad qilib qo‘yadi. Asar syujetining assotsiativlikka asoslangani, kompozitsiyasining qoliplash usulida qurilgani bu maqsadga erishishda qo‘l keladi. Voqea va ruhiy holatlar tasvirida dinamizmga erishilgani esa ifoda shiddatini oshirib, Navoiyning qalb titroqlarini yaqqolroq ko‘rsatish imkonini beradi. Epik voqealar ifodasi ichkin hissiy kechinmalar tasviri hisobiga boyitilgan.

Navoiy haqidagi romanning uslubiy yo‘nalishini belgilashda adibning voqelikni idrok qilish tarzi, badiiy ifoda usullari, tasvir manerasi alohida ahamiyat kasb etadi. U tarixiy shaxsga o‘tmishning daxlsiz yodgorligi tarzida yondashmaydi. Romanda zamondoshimizning tarixiy shaxslarga intiqlik va sog‘inch bilan talpinishi, ularga mustahkam genetik bog‘liqlik tuyishi, dardiga ulardan malham izlashi va kuch olishi sabablari ko‘rsatiladi. Asarda o‘tmish bilan bugun o‘rtasida uzilish bo‘lishi mumkin emasligi, zamonning bir o‘lchovli hodisa ekani ifodasini topgan.

Roman o‘ziga xos ifoda, ohang, tuyg‘u va ranglar tovlanishi, bayon tarzi, ­xarakterlar yorqinligi bilan ajralib turadi. Muallif qismati daholik bo‘lgan Navoiyning adoqsiz to‘siqlardan o‘tish jarayoniga xos ulug‘lik va fojiaviylikni uning asarlarida aks etgan umr va ko‘ngil manzaralari ­orasidan topishga uringan. His-tuyg‘ular ifodasi olamidan tasavvurlar chizgisi tomon borish asnosida adib betakror shaxsiyat egasining boshqalardan mutlaqo farq qiladigan, ayni ­vaqtda, hammanikiga o‘xshash tiynatini ochishga uringan.

Romanda xarakter haqiqatiga erishish uchun Navoiy asarlaridan misollar keltirilgan va ular bosh qahramonning mohiyatini ochishga muvofiqlik darajasiga ko‘ra joylashtirilgan. Adib Navoiyning o‘y-mulohazalari, yurak tug‘yonlari ifodasi orqali daho insonning olam va odamlar bilan munosabatlari asosi nimadan iboratligini tayin etishga intiladi. Roman-dilogiyaning falsafiy-estetik mehvarini inson ruhi va tafakkurida kechgan jarayonlar tasviri tashkil etadi. Yozuvchi nafaqat Navoiy, balki Husayn Boyqaro, malikalar, shahzodalar timsollarini tasvirlashda ham hech kim yurmagan yo‘ldan boradi.

Daho hatto o‘zi juda istagan taqdirda ham hech qachon bir kishiga tegishli bo‘lolmaydi. Shu bois dahoning shaxsiy hayoti hech qachon to‘kis bo‘lmaydi. “Ishq ahli”da Navoiy hazratlarining bor-yo‘g‘i darveshlikni istagani, unga intilgani, ammo o‘zi xohlamagan holda bir umr ijtimoiy hayot markazida turishga majbur bo‘lgani ishonarli tasvirlangan. Adib Navoiyni farzand, og‘a, vazir, mutafakkir, shoir va so‘fiy sifatida tadqiq etishga urinadi.

Millat ahlining barcha qatlamlariga har jihatdan ma’lum shaxsning hech kimnikiga o‘xshamagan badiiy tasviri aks etgan romandilogiya Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

Omon Muxtor “Muhabbat o‘limdan kuchli” romanida ezgulik bilan yovuzlik kuchlari o‘rtasidagi adoqsiz va murosasiz kurashni muayyan shaxslar taqdiri misolida mistika bilan reallikning aralash tasviri asnosida aks ettirgan. U sabab bilan oqibatni uyg‘unlikda tasvirlab, ba’zan oqibatda sababni, sababda oqibatni namoyon etadi. Shu bois uning bitganlarida mantiqiy izchillik yo‘qday, tasvirda qorishiqlik yetakchiday tuyuladi.

Yozuvchi romanlarida ba’zan bir so‘zni bir nechta bo‘g‘inlarga ajratib, alohida yo‘lga chiqaraveradi. Hatto hazrat Navoiy g‘azallari ham sindirib-sindirib berilaveradi. Bunday shakl asarlarga muayyan ritm bag‘ishlab, ularning ichki ohang bilan o‘qilishini ta’minlaydi. Bu xil asarlarni o‘qish o‘quvchidan ruhiy muvozanatdan chiqib, asar qahramonlari hissiyoti olamiga ko‘chishni talab qiladi. O‘zgacha zarb asarlarga o‘ziga xos ruh baxsh etib, qahramonlar tuyg‘ularining tez va to‘la ilg‘ab olinishiga imkon beradi. Omon Muxtor uslubiga xos — tasvirni to‘lig‘icha siniq mozaika asosiga qurish “Muhabbat o‘limdan kuchli” asarida ham yetakchilik qiladi. Romandagi so‘zlar qatorining aksariyati siniq, bu siniq qatorlar orqali tasvirlangan timsollarning taqdirlari ham siniq. Muallif uslubiga xos yana bir jihat asarlaridagi voqealar rivoji, timsollararo munosabatlar ifodasida dramaga o‘xshashlik borligidir. Bayon o‘rnini dialog egallashi asarlarga dramatik ruh bag‘ishlaydi.

Ijodkorning nasriy asarlarida zamon va makon chegaralariga qat’iy rioya qilinmaydi. Uning qahramonlari kechadan bugunga kelishlari mumkin bo‘lgani kabi, shahardan cho‘l yoki kimsasiz maydonga tushib qolishlari ham ajablanarli emas. Uslubdagi erkinlik tasvirda xronotop, ya’ni makon va zamon mutanosibligi talabiga amal qilinmaganida ham ko‘rinadi. Uning asarlarida odam o‘tmishdan kelib qolishi yoki necha asrlar oldin bo‘lib o‘tgan voqealar ichiga o‘tib ketishi, bugunda o‘tmish va o‘tmishda hozir yoki kelajak namoyon bo‘laverishi mumkin. Adib shu yo‘l bilan insoniy tuyg‘ularning azaliyligi, ezgulik va yovuzlik kurashining doimiyligini aks ettiradi.

“Xotin podshoh” romanida islomning kirib kelish vaqtida Buxoro saltanatini boshqargan podshoh Oynur timsoli mehr bilan tasvirlangan. Garchi romanda ko‘proq xolis tasvir usuli tanlangan bo‘lsa-da, muallif go‘yo bir yo‘lboshlovchi kabi o‘qirmanni ham ko‘hna tarix, ham qadimiy Buxoro bo‘ylab yetaklab o‘tganday bo‘ladi. Adib ozodlik, e’tiqodu imon uchun borgan botiniy va zohiriy janglar tasvirlangan bu romanida sevgining sehrli qudratini bir-biriga qarama-qarshi turgan kuchlar: turkiylar podshohi Oynur va arablar lashkarboshisi Sayyid ibn Usmon siymolarida aks ettiradi. Bir-biriga yov bo‘lgan ikki yosh o‘rtasida beixtiyor paydo bo‘lgan azobli sevgi tasviri asarga ayricha joziba baxsh etgan.

Omon Muxtor — bir necha dramatik asarlarning ham muallifi. Uning “Ming yildan so‘ng”, “Bosh masala”, “Ikkinchi hayot”, “Amir Alisherning dardi” kabi asarlarida drama borasidagi mavjud tushunchalarga yangicha yondashishga urinilgan. Ularda muallif ko‘proq voqeani emas, odamni tasvirlashga, uning atrofdagilar bilan emas, balki o‘zi bilan kurashini ko‘rsatishga e’tibor qaratadi. Ilk dramasida odam ming yil oldin qilgan gunohi uchun ham javobgar ekani, yovuzlik kabi ezgulik ham ming yillar davomida ­unutilmasligi o‘ziga xos turkona ­maskarad shaklida aks ettiriladi.

Umuman, Omon Muxtor dramalariga xos umumiy jihat shundaki, ular ­voqealar dramasi emas, balki kechinmalar dramasidir.

Har qanday ijod namunasi – ijodkor shaxsiyatining mahsuli. Demakki, ijodning darajasi shaxsiyatning ­darajasidan kelib chiqadi. Shu ­jihatdan Omon Muxtorning:

Xayolga berilib yoshlik paytidan
Ko‘nglimda tug‘ilib yuksalish dardi.
Hayotda hech kimga o‘xshamaydigan
Buyuk bir ishlarni qilgim kelardi —

tarzidagi iqrori ham o‘ziga xosdir. Adib ijodining yashovchanligi hamda jozibasini ta’minlagan omillar hech kimga o‘xshamaydigan buyuk ishlarni qilishga bo‘lgan ishtiyoq va yuksalish dardining muntazamligidir.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 34-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.