OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qudrat Do‘stmuhammad. Otang – bozor, onang – bozor

Qadim zamonlarda muruvvatli insonlar yetim bolalarga hunar o‘rgatib, yo‘lga solib yuborishgan. Buning iloji bo‘lmasa, boshini silab yupatishgan va “Ota-onam o‘lib ketishdi, endi nima qilaman, deb o‘ksinma, mana biz bormiz, qo‘limizdan kelgancha qarashib turamiz, qolaversa, o‘zing ham katta bola bo‘b qolding. Bozorga chiq. Bozor seni boqadi, otang – bozor, onang - bozor” – deyishgan.

BOZOR

Bu so‘z odamlarga juda qadrdon bo‘lib ketgan. Usiz jamiyat hayotini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shaharni qo‘yavering, hatto qishloqlarda, cho‘lu biyobonlarda yakkam-dukkam bo‘lib yashaydigan odamlar uchun ham bozor – bebaho maskan. Shahar odami har kuni bir yo bir necha marta bozorga kirib chiqsa, qishloqdagilar bozor kuni kelishini intizorlik bilan kutishadi. Chunki u yerlarda bozor haftaning ikki kuni, odatda, chorshanba va yakshanba kuni ishlaydi-da.

O‘tgan asrning 90-yillaridan boshlab “bozor iqtisodiyoti”, “erkin bozor” degan so‘zlar ko‘p aytiladigan bo‘ldi. O‘shandan buyon bozor shundoqqina ko‘z o‘ngimizda qad ko‘tardi, turli-tuman shakllarga kirdi, mazmunlarga ega bo‘ldi. Qurildi, buzildi, yana qurildi... Bu jarayon shunchalik shiddatli va kuchli edi-ki, unga uncha-muncha kuch bas kelolmasdi. Sovet davlati yemirilib, bozorning to‘siqlari ozginagina ochilib ketgan vaqtni eslang...

Sho‘rolar davrida ham sotuvga chiqadigan mahsulotlar ko‘p edi, lekin yaxshiroq bir narsa – sanoat mahsulotimi, oziq-ovqatmi, topish qiyin edi. Gohida ustidan chiqib qolmasangiz, rejalashtirib, keyin sotib olish uchun sotuvchi yo ombor xodimi bilan “tillashib” olish kerak bo‘lardi. Shuning ham uddasidan chiqmasangiz, istagan narsangizni topolmas edingiz. Yaxshi narsa sotib olish uchun puldan tashqari “til” ham kerak bo‘lgan. Yana, shunisi ham bor ediki, “zar”ingiz va “zo‘r”ingiz bo‘lsa ham istagan narsaga erishaman, deyolmasdingiz. Masalan, bitta oilada ikkita(!) yengil avtomobil bo‘lishi yoki pishiq g‘ishtdan dang‘illama uy qurish... Uh-h! Dahshat! Bunaqa boyliklarga ega bo‘lish xatarli edi. Bunday odam darrov tergovga tortilar edi.

Qiziq edi, sho‘rolar davri. Masalan, uyingdagi nokerak narsani bozorga obchiqib sotish chiroyli ish hisoblanmasdi. Ziyolilar bunday ishdan juda uyalishardi. Boylik orttirish maqsadidagi har qanday harakat esa, jinoyat hisoblangan, jinoyatning jazosi esa – qamoq!

Hayotning o‘z qonun qoidalari bor. Agar odamlar ularni inkor etsa, o‘zini ko‘rib-ko‘rmaganga solsa, bir kun kelib, bunday jamiyatning ahvoli tang bo‘lib qolar, inkor etilgan qonun-qoidalar esa, o‘z o‘rnini topib olar ekan. Sho‘rolar davlati taqdirida buning tasdig‘ini ko‘rdik.

* * *

Sho‘ro respublikalari – hozirgi til bilan aytganda, mustaqil davlatlarda bozor ana shunday qilib, o‘ziga yo‘l ochib oldi. Yo‘l ochildi, lekin “go‘dak” bozor parokandalik bilan ish boshladi.

Avvaliga do‘konlar bo‘shab qoldi. Kundalik turmush uchun kerak eng zarur mahsulotlar - oziq-ovqatlar, madaniy-maishiy tovarlar kamayib ketdi, ularni topish mushkul ish bo‘lib qoldi. Bunday ahvol qiziqchi san’atkor Hojiboy Tojiboevga juda qulay keldi...

Bir odam, savdo xodimi – do‘stiga “Magaziningda shakar bormi?” desa, “Bor” depti. “Qand-chi?” desa, yana “Bor” depti. “Go‘sht bo‘lib turadimi?” desa, “Qachon kelsang, topiladi” depti. “Hazillashayapsanmi, do‘stim?” degan ekan, “Nomard, hazilni o‘zing boshlading-ku”, - dermish.

Qiziqchilar omon bo‘lsin (Hojiboy Tojiboevni Alloh rahmat qilsin), har qanday yig‘laydigan ahvolda ham kulgili bir gapni topib turishadi.

O‘sha paytdagi ahvol judayam, uvvos solib yoki ezilib yig‘laydigan darajada bo‘lgan emas. Do‘konlarga kirsangiz, bir nimalik bo‘lib ketish mumkin edi. Masalan, shakar bo‘lmasa, shakar solish uchun plastmassadan ishlangan, chiroyli, jajji idishchalar topilardi. Mayli-da, yaxshi niyat bilan olib qo‘ysangiz, bir kun kelib shakar ham topilardi. Sovun bo‘lmasa, peshtaxtada sovun soladigan qutichalar ko‘zingizni quvnatib turardi. Tish pastasi tugab qolgan bo‘lsa, “zato” tish cho‘tkalardan istagancha sotib olishingiz mumkin edi. Davlat do‘konlaridagi sotuvchilar go‘sht, guruch, un, yog‘ kabi mahsulotlarni ham yo‘q, deb turishsa, kitob do‘konlariga kirsangiz, pazandalikka oid kitoblar bemalol edi. Sotib olib, ishtahani qitiqlaydigan ovqatlar rasmini bemalol tomosha qilish imkoniga ega bo‘lardingiz. Faqat shuning o‘zi emas, to‘kin-sochin kunlarni umid qilib, kerak bo‘lib qoladi, desangiz, kitobda ko‘rsatilgan ovqatlarni tayyorlash texnologiyasini yod olishingiz mumkin edi...

O‘sha, taqchil bo‘lib ketgan mahsulotlar chayqov bozorlaridan, dehqon bozorlaridan topilardi, lekin narhlari, ko‘pchilik ishxonasidan oladigan maoshga qaraganda, baland yurardi, shu sababdan hammaning ham qo‘li yetavermasdi.

Ana shunaqa ahvollar bo‘lgan.

Erkinlikka chiqqan bozor hamma narsani darrov qoyil qilib qo‘ygani yo‘q. Moddiy ta’minotni, avvaliga badtar yomonlashtirdi, lekin kun sayin o‘zgarib, yaxshiroq shaklga kirib boraverdi, yangicha mazmunga ega bo‘ldi, ulg‘aydi, kuch-quvvatga to‘ldi. Shunday qilib, haqiqiy erkin bozorga aylandi. Natijada, hozirgidek to‘kin-sochin sharoitlarga yetishib turibmiz. Hozir pul bo‘lsa bas, istagan narsangizni, istagan miqdorda xarid qilishingiz mumkin. Qo‘sha-qo‘sha yengil avtomobil olasizmi, avtobus yoki samolyot olasizmi, pishiq g‘ishtdan na faqat uchastka, dang‘illama qasrlar qurasizmi, “pajalista!” birov “g‘ing” demaydi.

Baribir, hozirgi bozorni ham benuqson deb bo‘lmaydi. Bundanda yaxshiroq bo‘lishi kerak. Bo‘ladi ham!

Ammo, Bozor janobi oliylari, moddiy ta’minotni yo‘lga qo‘yish bilan birga, boshqa qanaqangi o‘zgarishlar qilib yubormadi!

Ko‘chalar, ko‘priklar, saylgohlar, binolarni aytmay qo‘ya qoling, odamlarga qarang, odamlarga! Odamlarning ongi, yashash tarzi, dunyoqarashlari tag-tugi bilan boshqacha tus olmadimi, yangi-yangi shakllarga kirmadimi? Paydo bo‘lgan yangicha kasb-korlarning sanog‘ini bilib bo‘lmaydi. Biz faqat bozorga tegishli bir nechtasini alohida-alohida ko‘rib chiqamiz.

XOTIN MARDIKOR

Mardikor so‘zining lug‘aviy ma’nosi, aslida, “erkak ishchi” degani. Uni ayollarga bog‘lab aytish quloqqa g‘alati eshitiladi. Shunga qaramay, tilimizga suqulib kirib oldi. Mustaqillikning dastlabki yillarida xotin mardikor bozorlari paydo bo‘ldi.

Bunday ahvol erkaklar sha’niga ham, siyosiy nuqtai nazardan ham yaxshi emasdi, chunki bunaqasi o‘tmishda hech uchramagan. Mardikorlikka chiqqan ayollar, “Nima bo‘pti? O‘tmishdagi ayollarning dunyoqarashlari, ehtiyojlari boshqacha edi, hozir esa, bozor iqtisodiyoti, erkagu ayolning huquqlari teng” mazmunida falsafa yuritgan bo‘lishlari mumkin.

Hayotning qiyinchiliklari hamma davrlarda bo‘lgan, bundan keyin ham bo‘ladi! Hayot bizning xohish-istagimizga qarab o‘tirmaydi. Tabiat, aslida, shunday yaralgan. Hozirgi vaqtlarda ba’zi ayollarning mardikorlikka chiqishi esa, boriga qanoat qilmaganidan kelib chiqqani shubhasiz, chunki mustaqillikning dastlabki yillaridagi qiyinchilikda ham hech kim ochlikdan o‘lar holatga kelib qolgan emas. Shu kunlarimizda “xotin mardikor” degan kasbning umri tugab boryapti.

TILANCHILIK

Bu kasb qadimdan bor. Bozor iqtisodiyoti sharoiti esa unga keng imkoniyatlarni ochib berdi. Halol mehnatni o‘ziga og‘ir ish, deb bilgan, uyat-andishani bir chekkaga uloqtirib tashlaganlar tilanchilikni o‘ziga kasb qilib oldi va olayapti.

O‘ziga shuni ravo ko‘ribdimi, qilaversin. Och-yalang‘och qolmaydi, ba’zi bir mayda kasblarga qaraganda ko‘proq topishi ham mumkin, biroq bilib qo‘ysinki, bu ish Ollohga ham ma’qul kelmaydi. “Kim qasddan shunday ishga qo‘l uribdi, biz uning ahvolini badtarroq qilib qo‘yamiz” - degan mazmundagi va’dasi bor Ollohning. Xalqning esa, qorni to‘q, egni butun, har qancha tilanchi bo‘lsa, indamasdan boqishga qurbi yetadi.

Metro bekatidan chiqib, ishxonam tomonga ketayotganimda goh-goh bir mo‘ysafid tilanchiga ko‘zim tushadi. Oppoq soqolli, oq salla o‘ragan, egnida oq chakmon, oq shalvor, qo‘yingchi, oyog‘idagi shippagi ham oq. Bunday nuroniy cholni ko‘rganda dili erib ketmaydigan odam kam topilsa kerak. Hassasini bir qadam oldinga tirab, unga suyangancha sal bukilib olib, tasbehini silkitib o‘ynab o‘tgan-ketgandan tilanadi.

Bu odam o‘tkinchilarni nima deb duo qilayapti ekan, deb har gal quloq tutaman, lekin nima deyayotganini ilg‘ab ololmayman, bidir-bidir qiladi, faqat oxirgi so‘zi «balam»ni tushunib qolaman.

Shunday tonglarning birida, men ketayotgan tomonda boshqa yo‘lovchi yo‘q edi. Hozir, bir necha qadamdan keyin tilanchining yonidan o‘taman.

Men tilanchilikni kasb qilib olganlarni ko‘rarga ko‘zim yo‘q, hech qachon sadaqa bermayman. Ichimda nafrat bilan o‘tib borarkanman, tilanchi ortimdan «sanga ofat yog‘ilsin, balam» deganini anglab qoldim (u avzoyimga qarab, ichimdagi tuyg‘ularni sezgan bo‘lishi mumkin). Shu zahoti to‘xtab, tilanchiga burilib qaradim. Ichimdagi nafratim yuzimga qalqib chiqdi shekilli, bir necha soniya cholga tikilib turdim. U ham menga tikilgancha duosini davom ettiraverdi. Tabiiyki, duoning davomi ijobiy edi.

Shu vaziyat uchun ko‘plik qiladigan soniyalar davomida unga nafratlarimni yog‘dirib turaverdim, nihoyat: «Senga shuning o‘zi kifoya, bir og‘iz so‘zim – xayf!» dedim-da, yo‘limda davom etaverdim.

Shu voqea sho‘rolar davridagi markaziy gazetalardan birida o‘qiganim, bir voqeani esga tushirdi.

Sovet jurnalistlaridan biri Parijda hamkasabasi bilan garov o‘ynaydi. Uning aytishicha, odamlar tilanchini ko‘rganda, nima deyayotganiga e’tibor bermasdan sadaqa tashlab ketaverishar ekan. Tilanchi odamlarni so‘kib, yo ularni duoyibad etib tursa ham, baribir sadaqa tushaverar ekan. Garov bitimi tuzilgach, jurnalist qalin qog‘oz topib, unga «Odamlar, menga sizlarning sadaqangiz kerak emas. Men sizlardan nafratlanaman!» deb yozadi-da, bo‘yniga ilib oladi. Shu alfozda odamlar gavjum joyga kirib ketadi-da, bir soatda ikki yuz frank sadaqa to‘plab chiqadi. Shunday qilib, garov pulini ham yutib oladi.

Bizdagi tilanchilar ham ommaning psixologiyasini biladilar, shuning uchun sadaqa berib o‘tadiganni duo qilib, indamay o‘tadiganlarni duoyibad qilaverishadi. Shunday bo‘lishi mumkin, deb hech kimning hayoliga kelmaydi. Mana endi, gadoylar o‘zaro gurung qilganda ommaning omiligidan kulib o‘tirishlarini bi-ir tasavvur qilib ko‘ring-a!

Bu gadoylarni bechora deb bo‘lmaydi: uy-joyi bor, televizori bor, yo‘q deganda, bir-ikki kunlik oziq-ovqati bor, mehnat qilishga sharoiti bor; to‘plab qo‘ygan pullarini-ku, Olloh biladi! Ularni ishyoqmaslar deyish to‘g‘riroq bo‘ladi, tilanchilikning turli-tuman yo‘llarini “kashf” qilib yurishadi. Avvalo, bozorlarni, masjidlarni, to‘yxonalarni ishg‘ol etib, uchraganga shilqimlik qilishadi, serqatnov chorrahalarda turvolib, to‘xtagan avtomobil haydovchilarining “dilini eritishadi”. Qavatli uylarga kirib, har bitta kvartira qo‘ng‘irog‘ini bosib chiqishiga nima deysiz?! Kvartira egasi bezovta bo‘lib eshikni ochsa-ki, “donishmandsifat” bir zot duo qilib turibdi-da. Non bersa olmaydi, pul bersa oladi-da, qancha berayapsan deb sanaydi. Mabodo kamroq bergan bo‘lsa, mulzam qilishdan ham toymaydi. Surishtirib kelganda, shu kvartira egasi shu gadoydan nochorroq ahvolda bo‘lishi mumkin. Ishyoqmaslar “ish” usullarini o‘zgartirib, gohi-gohida boshqa shaharlarga, kurortlarga “gastrol”ga chiqib turishadi.

Har tongda odamlar ish va o‘qishga shoshilsalar, “professional” gadoylar tilanchilik maskanlariga shoshib transport vositalarini band qilishadi, ularni deb ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanayotganlar qolib ketishi mumkin. Ertalab metroga kirib olsa bo‘ldi, kechgacha yo‘ldan-yo‘lga o‘tib, passajirlarni “ahmoq” qilib, hamyonini qappaytirib yuraveradi. Hech kim: na militsiya xodimi, na metro xizmatchisi, na passajirlar “Hey!” demaydi.

«Nega ba’zi odamlar bola-chaqasi, urug‘-aymog‘i bilan faqat tilanchilik qilib yuradi? Axir mehnat bilan tirikchilik qilish yo‘llari to‘lib-toshib yotibdi-ku» deb ham o‘ylamaymiz. Oldimizda «och qoldim» deya dod-faryod solib tursa, «Olloh yo‘liga sadaqa qiling!» desa oxirgi pulimizni ham topshirib ketaveramiz. Bu bilan, «Ollohga ma’qul bo‘ladigan ish qildim», deb o‘ylaymiz, chog‘i. Vaholanki, ishyoqmaslik, tekinxo‘rlikni rag‘batlantirgan, tilanchini iymon yo‘lidan to‘sgan bo‘lamiz. Mana shu ishimiz Ollohga xush kelarmikan?

Bu – masalaning bir tomoni. Boshqa tomonlariga ham jiddiy qarash vaqti keldi, «Professional» gadoylar juma namozga kirayotgan va undan chiqayotgan odamlarning yo‘lida turvolib, xaloyiqning harakatiga halal beradilar, tig‘izlik hosil qiladilar. Bu ham mayliga, eng yomoni shuki, ularning dod-faryodi jamiyatimizga otilayotgan tosh ekanligini hech kim o‘ylamayapti.

To‘g‘ri, jamiyatda kam ta’minlangan, iqtisodiy jihatdan qiynalgan odamlar bor, lekin hech kimning ahvoli dod-faryod qiladigan darajada emas-da! Katta xarajatlarni istisno qilganda, biroz mehnat qilgan odam nonini topib yeyishiga doim imkoniyat bor. Buni hech kim inkor qilolmaydi.

Balki, gadoychilik mehnat qilgandan ko‘ra ko‘proq daromad keltirar? Ham joningni koyitmaysan. Odamlar latifanamo bir gapni aytishardi. Emishki, qaysidir bir aktyor kinoda tilanchi ro‘lini o‘ynashi kerak ekan, ozgina tajriba orttirish maqsadida, eski-tuski kiyimlarni kiyib, yuzlariga soqol-mo‘ylab yopishtirib, uyidan yashirincha chiqib ketibdi-da, ovloq bir joyga turvolib tilanchilik qilibdi. Kechki payt, yana yashirincha uyiga kirib olibdi. Tushgan pullarni sanab ko‘rsa, tilanchilik qilishga arzir ekan. Shu-shu, aktyor kinoda ro‘l o‘ynashni ham yig‘ishtirib qo‘ygan emish... Tilanchi-ki, ko‘p pul to‘plar ekan, bu - jamiyat hayotining umuman, yaxshiligidan darak emasmi?

Juma namozidan keyin masjid oldida dod-faryod qiladigan ayollardan birini bekatda ko‘rib qoldim. Men avtobus poylab turibman, u bo‘lsa, qo‘lida go‘dagi, yetagida yana bir bolasi bilan bekatga keldiyu, hech qayoqqa alanglamasdan ko‘rsatkich barmog‘i bilan yerga imo qilib, taksi to‘xtatdi.

Mana, sizga, norasidalariga non topib berishga “qiynalib qolgan” odamning haqiqiy ahvoli!

Bunday odamlar jamiyatda uchrab turadigan iqtisodiy qiyinchiliklardan ustalik bilan foydalanadilar, ustiga-ustak bilibmi-bilmaymi, jamiyatning ahvolini tubanlashtirib ko‘rsatadilar.

Jamiyatimizda «tilanchilik mafiyasi» «tilanchilik sistemasi» vujudga kelayotgandek ko‘rinadi. Aks holda, masjidlar yon atrofidagi tilanchilar qaerda turishini belgilab beradigan, begona tilanchi ko‘ringan zahoti quvlab yuboradigan «rahbar» shaxslar paydo bo‘lganini qanday tushuntirish mumkin. Aftidan, bu «sistema» dan manfaatdor kishilar ko‘lami kengroqqa o‘xshaydi.

Fursatdan foydalanib, yana bir salbiy masalani o‘rtaga tashlashni lozim ko‘rdik. Ba’zi onalar norasida bolalarini o‘qitish, mehnatga o‘rgatish o‘rniga tilanchilikka o‘rgatayaptilar. Juma kunlari masjidlar oldida, boshqa kunlari metro vagonlarida ana shunday bolalarni ko‘plab uchratish mumkin. Nash’a qiladigani joyi shuki, o‘zi yuvuqsiz, isqirt, dinda g‘irt savodsiz bo‘la turib, Ollohni o‘rtaga qo‘yadi, ota-bobosi tengi odamlarni duo bilan eritmoqchi bo‘ladi va qisman bunga erishadiyam.

Tog‘ni ursa talqon qilgudek kuch-quvvati bor yigitlar, erkak kishilar mehnat o‘rniga gadoychilik qilib yurishlariga ham toqat qilib bo‘lmaydi.

Mehnat bilan kun ko‘rish imkoniyati bo‘la turib, gadoychilik qilishdan uyalmagan odam yo‘lida uchrab qolgan kriminal ishlardan o‘zini tiyib qola olarmikin? Yoki, professional jinoyatchilar bilan til biriktirmaydi deb, kim kafil bo‘la oladi? O‘shalar bo‘lajak jinoyatlarning “zaxira”laridan bittasi emasmi?

Islom shariati tilanchilikka qanday munosabat bildiradi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Shar’iy hukmlar to‘plamida: “Bir-ikki kunlik oziq-ovqatingiz bo‘la turib, kishidan sadaqa so‘ramangiz” – deyilgan.

Olloh tilanchilik qilgan odamning qo‘lini bundan ham past qilib qo‘yadi, mazmunida hadis bor. Qur’oni karimning bir necha o‘rnida Olloh taolo payg‘ambarimiz (s.a.v)ni, tilanchilik jerkib haydamaslikka da’vat qilgan, shuning uchun shariat bunga qattiq amal qiladi. Mana, shu o‘rinda bir narsani e’tiborga olish zarur ko‘rinadi: Olloh, tilanchi deganda haqiqiy miskin, faqir, umuman, bechorahol odamni nazarda tutgan, har kuni odamlarga shilqimlik qiladigan ishyoqmaslarni, sadaqa berganni duo qilib, bermaganni qarg‘aydigan surbetlarni emas. Payg‘ambarimiz (s.a.v) tilanchi “maqomiga” kirib olgan ishyoqmaslardan birining qo‘liga uylaridagi boltani obchiqib berib, mana shu bilan o‘tin tayyorlab tirikchilik qilgin, degan ekanlar. Shundan ibrat olib, hozirgi odamlar o‘sha ishyoqmaslarga tanbeh bersa, “Hey, gavdanga yarasha ish qilsang-chi, uyalmaysanmi gadoychilik qilishdan” - desa gunoh bo‘lib qolmaydiku. Aksincha, mehnat qilishiga, dinu-diyonat yo‘liga kirishiga turtki bergan bo‘lishardi. Axir, dinimiz atrofidagi salbiy hodisalarga beparvo bo‘lishni qoralaydi, “Menga nima?” deb teskari qarab ketishni gunoh deb ochiq-oydin aytib qo‘ygan-ku. O‘zim musulmon bo‘lsam bo‘ldi-da, boshqalar bilan nima ishim bor deyish Ollohga ham yoqmaydi!

“Hadis va hayot”kitoblarining 8–juzida mana bunday ibratli so‘zlarni o‘qiymiz: “Aslida musulmon odam miskin, faqir-kambag‘al bo‘lishi kerak emas. Qo‘lidan kelgan barcha halol imkoniyatlarini ishga solib, o‘zini o‘zi ta’minlab farovon turmush kechirishga intilishi lozim. Bu musulmonga farz. Ammo dunyo bir xil turmaydi, turli hodisalar ro‘y beradi, inson xohlagan narsa bo‘lavermaydi. Ana shu sababga ko‘ra tang holatga tushib qolgan musulmon ham o‘zini bardam tutishi kerak. Odamlar uning bu holini bilib qolmasligi kerak. Darhol birovlardan yordam, sadaqa so‘rashga shoshilish yaxshi emas. O‘zini ana shundoq tutgan odam miskin bo‘ladi. Boshqa musulmonlar ularni qidirib topishlari, zakotga haqdor sanab, haqlarini topshirishlari lozim.

Odamlardan xiralik ila narsa so‘rab yurish, bir-ikki luqma uchun ham tilanishdan qaytmaslik tilanchining ishi. Tilanchilik esa musulmonlarda qoralangandir. Tilanchi shu yo‘l bilan hojatini chiqarsa, miskin o‘zi so‘ramagani uchun kishilar uning holidan xabardor bo‘lib turadilar.

CHORLOVCHILIK

Bozor janobi oliylari shahar transporti ahvolini qoyilmaqom qilib qo‘ydi. Hududi ancha katta bo‘lgan poytaxtning bir chekkasidan narigisiga bitta avtobus yoki yo‘nalishili taksi bilan yetib olish mumkin.

Yo‘nalishli taksi erkin bozorning mevalaridan bittasi. Shu bo‘lmasa, transportning boshqa turlari shahar aholisining transport qatnovlarini qondirolmagan bo‘lardi. Bu taksi “chorlovchilik” deb atalgan yangi bir kasb paydo bo‘lishiga sababchi bo‘ldi. Yo‘nalishli taksilarning oxirgi bekatlarida, har bitta mashina yonida, yo‘lovchilarni chorlaydigan bitta odam turvolib tinmay sayraydi:

Podrom, podrom, podrom! (Bu – ippodrom so‘zini avtomatdan tarillatib otgandek tez aytish).

Ganga, Sebzar, Taxtapul, Yunusaba-ad!

Qo‘yliq, Qo‘yliq, ikkita o‘rin qoldi. Ketamiz!

O‘rikzor, O‘rikzor! Ketyapmiz! Bitta o‘rin qoldi! Adin chalavek!

Madaniyat! Guliston!

Shunday kasb ham kerak ekan-da? Mashina yo‘lovchilar bilan tezroq to‘lishi uchun kimdir odamlarni chorlab tursa, haydovchi bir pas dam olvoladi yoki boshqa ishlarini bitkazishga unnaydi, chorlovchining mehnati uchun o‘z yonidan haq beradi.

Bu ish mutlaqo norasmiy! Lekin, bora-bora rasmiy maqom berilib, chorlovchilar ham soliq to‘laydigan, mehnat daftarchasiga ega bo‘ladigan darajalarga yetib qolishi mumkin.

Boshqa ko‘plab kasblarning tarixi o‘rganilsa, kelib chiqishi ana shu chorlovchilarnikiga o‘xshagan bo‘lishi turgan gap.

Ha, xalq ijodkor-da! Ziyrak odamlar qaerda nima yetishmayotganini tezda anglab olib, birorta amaldor yoki rasmiy idoraning qarorini kutib o‘tirmasdan, ishni boshlab yuboradilar, shu bilan tirikchilik qiladilar. Qarabsiz-ki, yangi bir kasb dunyoga kelib turibdi. Ular bu ixtirolari uchun hech kimdan mukofot kutmaydilar, bizlarni tinch qo‘ysanglar, bas, deb turadilar. Bu kasb ommaviy tus olgach, ma’muriy idoralar qiziqib qoladilar-da, rasmiy tus berib, qat’iy chegaralar ichiga solib qo‘yishadi.

Chorlovchilik kasbi xususiy oshxonalarda ham bor. Endi, katta-katta bozorlardagi qator-qator do‘konlarga ham tarqalishi mumkin.

Bu kasbning tagida muhim bir gap bor. Modomiki, qaysidir xususiy korxona qoshida chorlovchilar ishlay boshlabdimi, demak o‘sha yerda odamlarga xizmat ko‘rsatish madaniyati oshibdi, deyavering. O‘sha yerga borgan odam bee’tibor qolmaydi, iltifot bilan kutib oladigan xodimning o‘zi keladi. Hech bir so‘zingiz yerda qolmaydi, sizni qoniqtiradigan so‘zni albatta eshitasiz.

Bunday sharoitlar hozircha sanoqli yerlarda yuzaga kelayapti. Aksar savdo va xizmat ko‘rsatish sohalari odamlarining “madaniyati”ni ko‘rib, yoqa ushlaysiz. Masalan, aytaylik, qaysidir tuman guzarida qatora o‘tirgan nonvoylar oldiga borib, bittasiga (bu vaqtda non sotuvchi ayol qo‘shnisi bilan qandaydir “olamshumul” masala ustida tortishayotgan bo‘ladi) “Noningiz necha pul?” deb so‘rab ko‘ring-chi, nima bo‘larkin? Hech nima bo‘lmaydi! Chunki sizga hech kim javob bermaydi. Nonvoy ayollar esa tinmay sayraydi, siz murojaat etgan ayol, ehtimol, siz tomonga yuzini burib qarar, lekin tili qo‘shnisiga zarba berishdan to‘xtamaydi, “Non sotasizmi yo gap sotasizmi?”- deyishga majbur bo‘lasiz, bunaqa sotuvchining molini olishdan ko‘ra, tezroq nari ketishni afzal ko‘rasiz.

Bunaqa ahvol ko‘chada ekan-ku, dang‘illama savdo koshonalariga kirib, buyurtma bermoqchiman, deb ko‘ring-chi, birov sizga e’tibor berarmikin?

CHAYQOVCHILIK

Erkin bozor chayqovchilik kasbini juda gullatib yubordi-da!

Nima? “Chayqovchi” degan so‘zni eshitmaganmisiz? E, gap bu yoqda, deng. Bo‘lmasa, bilib qo‘ying: bozorlardagi olibsotarlar bor-ku, ana o‘shalar sho‘rolar davrida “spekulyant, olibsotar, chayqovchi” deb atalardi. Bu so‘zlar shunchaki emas, nafrat bilan, jirkanib talaffuz etilardi, chunki ularning asosiy maqsadi - kommunistik jamiyat qurish emas, boylik orttirish bo‘lgan. Boylik orttirish esa, kommunizm g‘oyalariga zid bo‘lib, bunday odam jinoyatchi hisoblangan. Ular uchun qator-qator “statya”lar belgilangan bo‘lib, qilmishining mazmuni va ko‘lamiga qarab, turli yillarga qamalardi. Endi, o‘sha, nafrat bilan ataladigan so‘zlar asta-sekin unutilib, “tijoratchi, bozorchi, savdogar” degan so‘zlar ishlatilayapti.

Savdogarchilik kasbi insoniyat ixtiro qilgan eng qadimgi kasb bo‘lsa kerak? Bunday odamlar hamma xalqlarda bo‘lgan va o‘ziga yarasha obro‘-e’tibor qozongan. Ular dunyo mamlakatlarini, xalqlarini bir-biriga bog‘lab turishgan, moddiy ne’matlarni ayirboshlash bilan bir vaqtda, o‘lkalar va odamlar haqidagi ma’lumotlarni tashib yurishgan. Boshqalarga qaraganda to‘qroq va yaxshiroq yashashgan.

Aslida, ular ham olibsotar-da! Bir joydan arzonroqqa olib, o‘z yurtiga yoki boshqa bir o‘lkalarga oborib, qimmatroq sotgan. Shuning hisobiga yashagan, bola-chaqa boqqan. “Nimasi jinoyat?!” - deging keladi. Odamlarni aldasa, qalloblik qilsa, jinoyat, lekin o‘z mehnatiga yarasha narh qo‘yib sotsa, iste’molchilarning hojatini chiqarsa, risoladagidek ish emasmi?

Sho‘rolar davridagi siyosat, mahsulot ishlab chiqaruvchining o‘zi uni sotish bilan shug‘ullanishi kerak, degan noto‘g‘ri bir tushunchani ushlab olgan edi. Shuning uchun olibsotarni boylik orttirishni maqsad qilib olgan tekinxo‘r, muttaham, deb qoralagan va jinoyat kodekslariga kiritib qo‘ygan, oddiy bir haqiqatni tan olgisi kelmas edi. Masalan, shaharlardagi bozorlarga kiraverishdagi peshtaxtalarga “Dehqon bozori” deb yozib qo‘yishardi. Bu odat, bozorda dehqonlar o‘zi yetishtirgan mahsulot bilan savdo qiladi, olibsotarlikka o‘rin yo‘q, degan aqida asosida qabul qilingan.

O‘sha davr siyosatchilari tan olgisi kelmagan oddiy haqiqat shundan iboratki, qishloq ho‘jalik mahsulotlarini yetishtirish qanchalik mashaqqatli ish bo‘lsa, ularni sotish ham qolishmaydigan darajada og‘ir mehnat. Dehqon dalaning mashaqqatlarini bajarsinmi, bozorda ertadan kechgacha o‘tirib savdo qilsinmi? Ikkala ishning o‘ziga yarasha sir-sinoatlari bor, bir odam ikkovini hech qachon mukammal o‘rganolmaydi. O‘rgansa ham o‘rinlatib bajarolmaydi. O‘z-o‘zidan “mehnat taqsimoti” degan tushuncha hayolga keladi, ya’ni bir odam yetishtirsin, ikkinchisi – sotsin. Ishlab chiqarishning eng oddiy va eng zarur qoidasi shu!

Bozor iqtisodiyoti shuni bilib, olib sotish ishlariga yo‘l ochib berdi va to‘g‘ri qildi. Hozir olibsotarlar, hurmatini joyiga qo‘yib, rasman aytganda, mutaxassislarga, ya’ni savdogarlarga aylanib bo‘lishdi. Ular, odatda, ma’lum bir yoki qat’iy bir nechta mahsulotga ixtisoslashishadi, boshqa mahsulotga aralashmaydilar. Masalan, shunday mutaxassislar bor, faqat qurut (suzma qurut) bilan savdo qilishadi. Bozorlarda qatorasiga o‘tirvolib, qo‘lbola peshtaxtalar ustiga qurutlarni terib qo‘yadilar. Ularni o‘zlari tayyorlaydilarmi yo qaerlardandir olib kelishadimi, o‘zlariga ayon. Lekin xaridor kutib o‘tirishlarini ko‘rib, ba’zan achinib ketasan, kishi. Shu o‘tirishda qancha qurut sotadiyu, qancha foyda ko‘rarkin, bola-chaqani boqishga yetkaza olarmikin, degan hayollarga borasan, kishi. Har kuni bozorga chiqib shu alfozda o‘tirishadimi, demak foydasi yetarli bo‘larkan-da. Shahar katta, odamlar mil-mil bo‘lgach, arzimagandek ko‘rinadigan mahsulotni ham oluvchilari topilar ekan.

Qishloq ho‘jaligi mahsulotlarini sotish bilan shug‘ullanadigan mutaxassislarga kelsak, ba’zilar ulgurji savdo bilan shug‘ulansa, boshqa birlari faqat chakana savdo qilishadi. Ulgurji savdo qiladiganlari qishloqlarning o‘zidan, dehqonlarning ichidan chiqadi. Aksar dehqon bozordan cho‘chiydi, uddalolmayman, deb qo‘rqadi yoki dehqonchilik ishlaridan ortib, vaqt ajratolmaydi. Shuning uchun ulgurji savdogarga ko‘tarasiga berib, bozor tashvishlaridan qutuladi-qo‘yadi. Bular esa, dehqonlardan yig‘ishtirib olgan mahsulotlarni, tuni bilan, shaharning katta bozorlari ichida bo‘ladigan, ertalabki uch-to‘rt soatlik ulgurji savdoga tashiydi. Mana shu yerdan boshlab shaharlik mutaxassislar ishga tushishadi.

Shaharni qishloq ho‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash, asosan, mana shunday tarzda kechadi. Endi, sho‘rolar davridagi, davlatga qarashli ulkan-ulkan omborlar (“ovoщnaya baza” deyilardi) yo‘q. Bunday saqlagichlarda muttasil bo‘lib turadigan irib-chirib ketishlar, ishxonalar va o‘quv yurtlaridan “xasharchilar”ni zo‘rlab olib kelib, sabzavotlarni saralatish daxmazalari yo‘q. Ombordagi hamma meva-sabzavot chirib tugasa ham ichi achishmaydigan amaldorlar yo‘q. Qaysi manzillarga qaysi mahsulotdan qancha yetkazib berishni “planlashtirib” va planni qonunga aylantirib, hamma yoqni parokanda qiladigan “bilag‘onlar” yo‘q. Dehqonlar va savdogarlar mahsulotlarni qaerda, qanday saqlashni, qachon va qaerda sotishni o‘zlari bilishadi. Buning ilmi hozircha, hech qanaqa kitoblarda yozilmagan, hech qaysi ilm maskanida ham o‘rgatilmaydi.

BOZORDAGI HUNARLAR

Bozorchilarning “hunarlari” ko‘p. Xaridorlar ularni bilmay qolishi mumkin. Hamma hunar yaxshi mahsulotni ko‘z-ko‘z qilib, mundayrog‘ini pullash va tarozidan chegirib qolishga qaratilgan. Savdogar shu ishlarni qilmasa, ziyon ko‘rishi yoki yoniga qoladigani ovoragarchilikka arzimay qolishi mumkin. Bu hunarlar dalalardan boshlanadi. Qanaqasiga, deysizmi? Dehqon hosilni yig‘ib-terib olarkan, “pachoq”larini idishning tagiga yashirib, ustiga yaxshilarini taxlaydi.

Ba’zi dehqonlar kartoshka va sabzilarni koplashdan oldin qop tubiga bir-ikki hovuch tuproq solib qo‘yadi, “Ha, bular hosilga yopishib qolgan tuproqda, uvalanib tushgan. Bir kilo-yarim kilo yig‘ilib qoladi”, deb o‘zini oqlaydi. Buni ulgurji savdo qiladigan “savdogar-dehqon” biladi, lekin u ham hech narsa qilolmaydi, faqat, narxida tortishishi mumkin.

Shahardagi chakana savdogar idish ichini yaxshilab tekshirolmaydi, ma’lum darajada tekshiradiyu uyog‘iga tavakkal qiladi. Mana, shu vaqtda yanglishgan bo‘lsa, puliga kuyib qolishi mumkin. Kuymaslik uchun “hunar” ishlatadi. Albatta, hamma aybni dehqonga to‘nkash adolatdan bo‘lmas, u ham nimalardandir alamzada bir inson, qolaversa, chakana savdogarning ham nafsi bor, dunyoqarashlari, madaniyati, vijdoni va boshqa hislatlari ta’sir qilmay qolmaydi.

Chakana savdoda har bir mahsulot turi uchun alohida-alohida “hunar” ishlab chiqish kerak bo‘ladi. Mevafurushning hunarlari sabzavotchinikiga yoki tuxumfurushnikiga o‘xshamaydi. Qassoblarniki esa, ja, boshqacha. Tarozilardan foydalanishning ham o‘z “ilm”lari bor. Keyingi vaqtlarda osma qo‘ltarozilar chunonan ko‘payib ketdiki! Bozorning timlaridan, peshtaxtalaridan qochib, yo‘l yoqalariga chiqib oladigan mevafurushlarning hammasi qo‘ltarozidan foydalanishadi va narxni, negadir, bozor ichkarisidagiga qaraganda kam aytishadi. “Tarozi to‘g‘ri” deb minnat qilib qo‘yishadi ham. Ba’zan, eski tarozilardan, xaridor har qancha tikilsa ham tortilayotgan mahsulotning haqiqiy vaznini bilolmaydigan “lik-lik” tarozidan foydalanishadi. Hozir nima ko‘p – elektron tarozi ko‘p. Uni ixtiro qilganlar baraka topsin, bozorning xavotirli ishini yengillatdi. Xaridorlar “Bu tarozida aldab bo‘lmaydi”, - deya g‘aflatda qolishlari mumkin: savdogar esa “yanglishib”, taroziga boshqa narx kiritib yuborgan bo‘ladi. Eng yaxshisi, tarozini xaridorning ko‘zidan nariroqqa qo‘yish, chunki peshtaxta usti band, “Joy yo‘q! Sizning xaqingiz menga kerak emas!”- deyish. Elektron tarozi bilan “tillashadigan” yo‘llari ham bor ekan, ularni xaridorlar ko‘rmaydi, bilmaydi.

Bozorchining quroli faqat “hunarlar”dan iborat emas, eng yaxshi va zo‘ri – uning muomalasi! Uni qoyilmaqom qilib bajarsa, xaridor “hunarlari”ni sezib qolsa ham indamaydi, mamnun bo‘lib ketaveradi, chunki u yaxshi gapning quli. Yaxshi gap uchun hamma pulini ham berib ketishi mumkin. Shu oddiy haqiqatni tushunmay digan savdogarlar hali ko‘p. Sho‘rolar davrida, savdo-sotiq masalalarida savdogarning gapi – gap edi. Xaridorlar uning avzoyiga ko‘zini pirpiratib, tikilib turishardi. O‘sha davrning psixologiyasi bilan yashab yurgan savdogarlar hozirga paytlarda, bir kunda qancha daromadu foydadan maxrum bo‘lib qolayotganlarini bi-ir chamalab ko‘rishsa yomon bo‘lmasdi.

* * *

Bozorchilik ham oson ish emas. Avalo, savdo uchun yaxshi joyni qo‘lga kiritish kerak. Bu – juda muhim. Joying xaridorlar serqatnov joyda bo‘lsin! Aks holda, termulib o‘tiraverasan. Bir qadam naridagi qo‘shning – “muttaham chayqovchi, olibsotar, spekulyant”ning esa, qo‘li qo‘liga tegmay savdo qilayotganini ko‘rib iching qiziyveradi. Giribonidan tutib, mijig‘lab tashlaging kelaveradi, go‘yo, sening ishing yurishmayotganiga u aybdor.

Bozordagi rasmiy raqamlangan joy yaxshimi, yomonmi, bari bir, hammasining to‘lovi bor. Pulini to‘lab, o‘zingniki qilib olsang, bas, keyin har kuni patta pulini “mazza qilib” to‘lab yuraverasan. Savdong yurishayaptimi, yo‘qmi, ahamiyatsiz, patta puli to‘lash shart.

Kechki payt, bozor tarqalganda qolgan-qutgan mollaringning ustini bir nimalar bilan berkitib, o‘rab-chirmab, bog‘lab, qorovulga topshirasan. Pulini o‘sha zahoti to‘laysan. Farroshlar ham bor, haqini oladi. Bulardan tashqari boshqa xil chiqimlar bo‘lib turadi. Hammasi asosli, dalilli qilib ko‘rsatiladi. Bermay ko‘rchi! Bunaqa chiqimlarni xaridorlar bilganda edi, mijg‘ovlanib savdolashavermasmidi?

QORANI YUTGAN OQ

Yuqorida, bozorchilarning “hunarlari” deb aytganlarimiz bozor iqtisodiyoti siyosati boshlanmasdan oldin ham bor edi. Yangi sharoit ular uchun eshiklarni katta ochib qo‘ydi, xolos.

Bozor hududiga bevosita taalluqli bo‘lmasa ham, undagi “hunarlar”ga o‘xshagan bir voqea kuyunchak jurnalistning quyidagi hikoyasida tasvirlangan. Bu ham o‘ziga xos “bozor munosabati” edi.

“Sho‘rolar davrida shahar aholisini paxta terimiga yoppasiga jalb qilish odatiy tus olgani odamlarning yodidan ko‘tarilgani yo‘q. Har yili, kuzda oliy o‘quv yurtlari, o‘rta maxsus bilim maskanlari talabalari, korxonalar va idoralarning ishchi va xodimlari, mahalla fuqarolari paxta terimiga chiqishardi. Men ishlab turgan muassasadan ham ko‘pchilik chiqqanmiz.

Paxta terimi sharoitlari qanchalik og‘ir bo‘lmasin, baribir, o‘ziga yarasha gashti ham bor. Ayniqsa, paxtasi chaman ochilib yotgan dalaga tushib qolsang bormi, oyoq-qo‘llaring chaqqon bo‘lib ketganini o‘zing bilmay qolasan. Terimga shunday sho‘ng‘ib ketasanki, beling qotib qolmaguncha qaddingni ko‘targing kelmaydi. Chunki vaqt ketadi-da. Noiloj boshingni ko‘tarib, boshqa terimchilarga qaraysan, qaddingni rostlab olasan. Etaging paxta bilan to‘lib, og‘irlashib qolgan bo‘lsa, uni egat orasiga qo‘yib boshqa etakni bog‘laysan. Boshqasi bo‘lmasa, ariq ichidagi quruq barglar va kesaklarni oyog‘ing bilan surib, kaftdek joyni tozalab, tekislaysan va tergan paxtangni to‘kasan. Yana oppoq egatlar orasiga sho‘ng‘ib ketasan. Dalaga ovqat obkeladigan mashinaning qorasi ko‘rinsa ham, terging kelaveradi. Nihoyat, qorin “piyoz po‘stidek” bo‘b ketgani esga tushib, ishni to‘xtatishga majbur bo‘lasan. Ana endi, yerga to‘kib qo‘ygan paxtangni etagingdagi paxta ustiga bosib, tepkilab-tepkilab sig‘dirasan, etakning bog‘ichlarini tortqilab, bir-biriga bog‘laysan-da, xirmon tomon yo‘l olasan.

Shunday paytda har qanday odam ham “necha kilo chiqarkin?”  degan savolni o‘z-o‘ziga beradi va o‘zicha chamalab qo‘yadi. Men tergan paxtamni osma taroziga ilganimda, nuqul, chamalaganimdan kam chiqardi. Alam qiladi! Belingni og‘ritib tersangu, kilosi o‘zing chamalagandek chiqmasa! Bunisi ham mayli, haqiqiy alam qiladigani boshqa yoqda.

Sheriklaring bilan birga etaklarni sayxon bir joyga yoyib, dasturxon qilasan. Ertalab ishni boshlashdan oldin idish-tovog‘ingni qo‘ygan joyga borib, “lash-lush”ingni olib kelasan. Kelguningcha ovqat suzilayotgan joy ochirit bo‘b ketadi. Navbatga turasan. Nihoyat, ovqat tegadi. Endi, dasturxon tevaragiga chordona qurvolib, to‘g‘rab, o‘rtaga qo‘yilgan non bilan ovqatni paqqos tushira boshlaysan. Nafslar bir oz orom olgandan keyin gaplashish boshlanadi. Har doim eng birinchi gap “Necha kilo terding?” bo‘ladi.

Yosh yigit-qizlar bir-biriga raqobat qilib, tergan paxtasini surishtirsa, buning hech ajablanadigan joyi yo‘q. Ammo, kap-katta odamlar ham bir-biriga xuddi shu savolni bersa, ajablanmay bo‘ladimi! Ehtimol, bu ham paxta terimining o‘ziga xos gashtidur?

Men hech qachon birinchi bo‘lib bu savolni bermayman. Mendan so‘rashsa, men ham so‘rayman. Sheriklarimdan yoshi kattasi so‘raydi. Aytaman. U miyig‘ida kulib, ikkinchi sherigimga qaraydi. U ham ma’noli jilmayib qo‘yadi. Hayron bo‘laman, “Sizlarniki-chi?” deyman. Nuqul, ularniki menikidan ko‘p bo‘lib chiqadi. Mana, shunisi qattiq alam qilardi!

Gap shundaki, ertalab uchovimiz yonma-yon egatlarga tushamiz. Men terimga berilib ketib, sheriklarimdan o‘zib ketaman. Ular shoshmasdan, gaplashi-ib, sekin-asta teraverishadi. Men ancha ilgarilab ketdimmi, demak tergan paxtam ularnikidan ancha ortiq chiqishi kerak edi. Yo‘q, nuqul kam tergan bo‘lib qolardim. Nimayam qila olardim. Alamimni ovqatga qo‘shib yutvorishdan boshqa ilojim jim yo‘q!

Shunday kunlarning birida, ovqat vaqti yaqinlashib qolgach, men terimni to‘xtatdim. Sheriklarimga qarasam, ancha ortda o‘tirishibdi. Etakni yelkalab ularning yoniga bordim. Etaklari ustiga o‘tirvolib “pirra” o‘ynashayapti! Biroz tomosha qilgan bo‘ldim. Ovqat mashinaning ovozi keldi, o‘rnimizdan turdik. Sheriklarim to‘kib qo‘ygan paxtalarini etakka bosishdi. Men ularni kutib turdim. Ular hamma paxtani yig‘ishtirib olgach, yoshi katta sherigim narigisiga bir qarab qo‘ydi-da, ”Endi... tuzlaymiz” dedi va ikkovi baravar kulib yuborishdi. Men hech narsani tushunmay turibman. Ikkala sherigim paxta solingan etaklarning og‘zini kattaroq yoyib qo‘yib, g‘o‘zalar tagidagi qatqaloq bo‘lmagan tuproqdan hovuchlab-hovuchlab olib, paxta ustiga sochib, kaftlari bilan bir-ikki yurgizib qo‘yishuvdi, tuproq ko‘rinmay ketdi. Mabodo, shu tobda birov sheriklarimga “Tuproq solibsan” desa, g‘irt tuhmatchi bo‘lib qolishi hech gapmas. Oppoq, momiqday yumshoq paxtalar sheriklarimning qop-qora ishlarini yutib yuborgan edi.

Og‘zim ochilib qoldi! “Mana, nima uchun sizlar tergan paxta nuqul menikidan ortiq chiqar ekan!” - deyoldim xolos...

Darvoqe, o‘sha ikkita sherigim, o‘sha vaqtlardagi yakkayu yagona va hokim partiya a’zosi, men esa, hali ongi “g‘o‘r, yetilmagan” partiyasiz edim”.

* * *

Bozor munosabatlarining ijobiy jihatlari bilan birga, uchrab turadigan salbiy holatlari ko‘lami yuqorida hikoya qilinganlardan ancha katta. Jamiyat hayoti qanchalik murakkab bo‘lsa, bozor munosabatlari undan qolishmaydigan darajada murakkab, chalkash, sirli-sinoatli. Qaysidir salbiy jihatni bir odamga yoki kasbga yopishtirib, “Hammasiga sen aybdorsan!”- deyish esa, adolatdan emas, chunki hayotning barcha masalalari, muammolari bir-biri bilan chatishib, chaplashib, murakkab sabab-oqibatlar zanjirini hosil qiladi. Kalavaning uchini topdim, deb hech kim aytolmaydi. Shunday bo‘lgach, qachon mamlakat rahbarlari ahvolni yaxshilar ekan, deb o‘tirmasdan, hamma baravariga harakat qilishi kerak ko‘rinadi.

2013 yil, avgust - oktyabr

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.