OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qutichalardagi insoniyat qudrati

Texnika ixtirolari charxini aslida aravaning g‘ildiragi tezlashtirib yubordi. Ammo endi odamlarning olamshumul kashfiyotlarni 4 asr kutib o‘tirishlariga hojat qolmadi.

Yaqinda Shveysariyada dunyoning yirik avtokonsernlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan eng so‘nggi rusumdagi avtomobillar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Bir-biridan chiroyli, arzon va eng muhimi, har tomonlama qulay bo‘lgan mazkur transportlarni ko‘rib, avtokontsernlar jahonda yuz berayotgan moliyaviy inqirozga yanada bejirim, ixcham mahsulotlari bilan javob berayotgandek tuyuldi. Mutaxassislar fikricha, kelgusida avtomobillarni «sotka» orqali boshqarish imkoniyati yaratiladi!

21 asrga kelib barcha sohalarda shiddat va rivojlanish yanada tezlashdi. Deyarli har kuni dunyoning u yoki bu burchagida biror kashfiyot qilinganini eshitamiz. Insoniyat turmush tarzining rivojlanishi yangi-yangi kashfiyotlarning yaratilishiga sabab bo‘lmoqda. Odatda, har qanday yangilik dastavval turli to‘siqlarga duch keladi va ularni yengib o‘tish mobaynida yana yangi ixtirolar paydo bo‘ladi.

Birgina misol: Tosh asrida odamzod aravaning g‘ildiragini kashf etdi. Oradan oz emas 3,5 ming yil o‘tgach, aravaga jon kiritildi. Boshqacharoq aytganda, insoniyat qariyb 4 asrdan so‘ng aravaga motor qo‘yishni kashf etdi va u mashinaga aylandi. Natijada aravada bajariladigan ishlar bir necha baravarga qisqardi, uzoq manzillar yanada yaqinlashdi. Ayni shu g‘ildirak kelgusidagi misli ko‘rilmagan katta-katta ixtirolar, taraqqiyotga tamal toshini qo‘ydi. Buni qarangki, g‘ildirakning oyog‘ini yerdan uzish uchun insoniyatga atigi 30 yil kerak bo‘ldi. 19 asrning oxirida tinib-tinchimas odamzod samoni ham zabt etdi – samolyot yaratildi.

Jamiyat taraqqiyotida yuz berayotgan jadal o‘zgarishlar barcha sohalarga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Bu ta’sir shunchalik kuchliki, axborot texnologiyalarida bo‘layotgan o‘zgarishlar yillar ichida emas, balki, oylar, kunlar ichida o‘zgarib, boyib bormoqda. Hozirgi kunga kelib kashfiyotlar orasidagi vaqt tafovuti tobora qisqarib bormoqda. O’tgan asrdagi singari biror kashfiyot uchun 30 yil yoki 30 kunni kutib turishga hojat yo‘q, har kuni bir yangilik navbat kutib turadi. Bu orqali anglash mumkinki, hozir hech kim o‘zi yaratgan kashfiyoti bilan uzoq maqtana olmaydi, oradan 3 kun o‘tib undan-da mustahkam, yanada mukammalashgan variant chiqishi shubhasiz.

Xo‘sh, zamonning bugungi shiddati nimaga olib keladi? Zamonaviy axborot texnologiyalaridagi bunday rivojlanish nimani anglatadi?

Axborot texnologiyalari orasida eng ildam rivojlanayotgani bu – uyali aloqa vositasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bundan 20 yil avval ko‘chada birovning o‘zi bilan o‘zi gaplashib ketayotganini ko‘rsak, shubhasiz uni aqldan ozgan, deb o‘ylardik. Bugun esa bu manzarani mutlaqo oddiy qabul qilamiz, “qo‘l telefoni naushnikli ekan” deb qo‘ya qolamiz.

Bugungi kunda sayyoramizda «sotka»dan foydalanuvchilar soni qariyb 4 milliardga yetdi. Yurtimizda dastlab qo‘lida g‘ishtdan kichikroq “sotka”ni ko‘tarib yuradigan odam boshqalar nazdida yuqori martabali kishi hisoblanib, kimdadir havas, kimdadir hasad uyg‘otardi. Oddiy odamlar uchun mobil telefoni xuddi “Mersedes” avtomobili kabi xom xayolday gap edi: apparat narxi 1000 dollargacha, bir daqiqalik so‘zlashuv esa ta’riflarga ko‘ra 1 dollardan 5 dollargacha bo‘lgan. Hozirgi kunda esa so‘zlashuv narxlari yildan-yilga pasayib, apparatlar tobora ixchamlashib, kichik qutichada mingdan ortiq operatsiyalarni bajarish imkoniyati paydo bo‘lmoqda. O’tgan 5-6 yil ichida sodir bo‘lgan fan-texnika taraqqiyoti bizning dunyoqarashimizni shu kabi hodisalar bilan boyitdi.

Yaqin-yaqinlargacha biz biror narsani xarid qilish uchun alohida-alohida do‘konlarga borardik. Supermarketlarning paydo bo‘lishi esa xizmat qilishning yangi texnologiyasi bo‘lib, u sizga kerak bo‘ladigan narsalarni birvarakayiga bir joydan xarid qilish va qimmatli vaqtni tejash imkonini yaratdi. Yoki avtomobillarni ta’mirlashni olaylik. Xullas, axborot texnologiyalarida ham shunga o‘xshash juda katta o‘zgarish va yutuqlar amalga oshirildi. Yangi axborot texnologiyalari yoki kompyuterning paydo bo‘lishi esa sohadagi xizmat qilish usulini tubdan o‘zgartirdi.

Uning yordamida bank faoliyati, iqtisodiyot, havo kemalarini boshqarilmoqda, katta hajmli ma’lumotlarni yaratish, to‘plash, saqlash, qayta ishlash va uzatish bilan bog‘liq axborot texnologiyalari ishlatilmaydigan biror-bir faoliyat sohasi qolmadi. Biroq endi uydagi kompyuterning o‘zi yetarli bo‘lmay qoldi. Biz istagan joyimizda, xoh u aeroport bo‘lsin yoki qahvaxona va yoxud universitet bo‘lsin, undan foydalanishni istaymiz. Shunga muvofiq kompyuterning “miya”si bo‘lmish protsessorlar hajm jihatidan kichrayib bormoqda. Atigi barmoq uchidek keladigan chiplarga, masalan, butun boshli «Parij kutubxonasi»ni sig‘dirib yuborish hech gap emas.

Sohadagi bunday ixchamlashuv «nanotexnologiya» deyiladi. Bu hozirgi paytda eng zamonaviy texnologiya sanalib, bundan maqsad hamma narsani mittilashtirishdir. Masalan, kelgusida barcha operatsiyalarni amalga oshiradigan kompyuterlar qo‘l soati hajmida bo‘ladi. Buning natijasida hozirda barcha sohalarda qo‘llanilayotgan asbob-uskunalarga ketayotgan materiallar tejab qolinadi, nanotexnologiyalar asosida yaratilgan buyumlar ixchamlashib, ularning samaradorligi oshadi va bundan iqtisodiyot, tabiiyki, katta foyda ko‘radi.

Mutaxassislarning fikricha, bugungi shiddat, taraqqiyot shu tarzda davom etsa, insoniyat oldida turgan eng dolzarb muammolarga ham yechim topiladi. Bashoratlarga ko‘ra, kelgusi 10 yildan so‘ng meditsina o‘z tarixidagi eng katta natijani qo‘lga kiritadi – saraton kasalining davosi topiladi. Bu esa o‘z-o‘zidan OITS kasalligining davosini topishga katta turtki beradi. Bu holat yana 30 yildan so‘ng amalga osharkan.

Eng yangi axborot texnologiyalarini qo‘llash jamiyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim sharti. Axborot texnologiyalari rivojining hozirgi bosqichida, axborot texnologiyalari kun sayin hayotimizning barcha jabhalarini qamrab olayotir. Sohada shunchalik aql-bovar qilmas ishlar amalga oshirilmoqdaki, bundan inson hayratga tushadi.

XXI asrni axborotlashtirish va kommunikatsiya asri deb bejiz atashmaydi. Tashkilotlarga o‘rnatilgan avtomatlashtirish jihozlari yildan-yilga yangilanib, texnik jihatdan takomillashtirib borilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, yangi asrda axborot texnologiyalari bilan ishlash va axborotlashtirish juda rivojlandi. Bunga sabab, kundalik turmushda axborot, ularni qayta ishlash va uzatishning ahamiyati ortib borayotgani bilan bog‘liq. Bu o‘z navbatida jamiyatning har bir a’zosidan axborotlashtirish va axborot texnologiyalari sirlari, uning qoida va qonuniyatlarini mukammal bilishni taqozo etadi.

Axborot texnologiyalari yangi asrning yangi imkoniyatlari. Bó soha bilan ishlashning foydali va samaradorligi juda katta, bir “sir”ni sizga aytib qo‘yaylik: bu “soha”ga kirish bor-u, chiqish yo‘q! Bir haftagina 21 asr texnologiyasidan foydalangan, uning imkoniyatlarini o‘z tajribasida sinab ko‘rgan odam tez orada uning xaridoriga aylanishi tajribalarda isbotlangan.

ENG YIRIK KASHFIYOTLAR


Yaqinda bir guruh mutaxassislar insoniyatning turmush tarzini butunlay o‘zgartirib yuborgan so‘nggi 25 yil ichidagi eng yirik va muhim kashfiyotlar ro‘yxatini tuzib chiqishdi. Unga ko‘ra:

Avvallari kitob kerak bo‘lsa yoki aytaylik, o‘zimiz yoqtirgan hofizning qo‘shiqlarini tinglash istagi tug‘ilsa, albatta, xarid uchun do‘konga borishimiz shart edi. Hozir esa bularning bariga uydan chiqmay ham ega bo‘lishimiz mumkin. Bugun yangi mobil aloqa, simsiz texnologiyalar (1-o‘rin) tufayli axborot va ma’lumotlar bizning doimiy hamrohimizga aylandi. Harbiy texnikadagi taraqqiyot 2-o‘rinda. Harbiy robotlar hozirda Iroqni minalardan tozalash va Afg‘onistondagi g‘orlarni taftish qilishda qo‘l kelmoqda.

Neft narxining oshib ketishi esa muqobil yonilg‘i (masalan, vodorod, yadro, quyosh nuri) bilan ishlovchi dvigatellar (3-o‘rin) turlariga ehtiyojni kuchaytirdi. Mutaxassislar sohalar ichida haqiqiy burilish yasagan innovatsion texnologiyalarga munosabat bildirishar ekan, kompyuter atalmish mo‘‘jizaga 5-o‘rinni berishdi. Lazer texnologiyalari dastlab 1960 yili patent olgan bo‘lsa-da, amaliyotda yaqin o‘tmishdan boshlab qo‘llanila boshlandi (6-o‘rin). Bu usuldan tibbiyotda, shu bilan birga SD va DVD disklar tayyorlashda keng foydalanilmoqda.

Hayotimizga yangilik olib kelgan innovatsiyalardan yana biri ilmiy laboratoriyalarda yuzaga keldi. Olimlar ko‘plab organizmlarning genetik tuzilishini tushuntirib berishdi (7-o‘rin). Texnologiyalar va internet rivoji moliyaviy operatsiyalar, bank xizmatlarini ham takomillashtirdi (8-o‘rin). Qulaylik shundaki, endi bizda internet yordami bilan bankdagi hisob raqamimiz, kredit kartochkamizni tekshirish, shuningdek turli hisob-kitoblar va to‘lovlarni istagan paytda amalga oshirish imkoniyati bor. O’zida juda ko‘p axborotlarni jamlagan telefon va raqamli fotoapparatlarga 10-o‘rin berildi. 

1. Simsiz texnologiyalar
2. Mudofaa texnologiyasi
3. Muqobil energiya bilan ishlovchi dvigatellar
4. Biotexnologiyalar
5. Kompyuter
6. Lazer
7. Genlar ustida olib borilgan tadqiqotlar
8. Global moliyaviy tizimlar
9. Protsessorlar va kompyuter chiplari
10. Raqamli qurilmalar
11. Koinot tadqiqotlari
12. Optik tola
13. Yo‘ldoshli televidenie va radio
14. DNK tahlili
15. Videoo‘yinlar
16. Biometrika
17. Elektr va suvo‘tkazgich texnologiyalar
18. Skanerli mikroskop 
19. Batareykalar
20. Spamlar va kompyuter virusiga qarshi kurashuvchi texnologiyalar
21. Masofadan turib boshqaruvchi pultlar
22. Hayvonlarni klonlashtirish
23. Kompyuter yasash texnologiyasi
24. Katta diagonalli ekranlar
25. Ob-havo ma’lumotlarini aniqlovchi texnologiyalar.

Behbud Botirov

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.