Yozuvning kashf etilishi va tarixning sahifalarga bitilishi, darhaqiqat, insoniyat tamaddunidagi ulkan kashfiyot bo‘ldi. Aynan shu bitiklar, kitoblar bugunni kechaga tutashtiradi. Biz kitob orqali olis o‘tmishga sayr qilamiz: Amir Temur bilan yonma-yon uning fathlarida, obodonchilik ishlarida ishtirok etamiz, Navoiy bobomiz qog‘ozga g‘azal bitganda, qoshida shamdonni tutib turamiz. Aynan shu kitob orqali ikki dunyo ilmlarini o‘rganamiz.
U bilan hayvonot olamidan aqli ila tafovut qiluvchi mavjudot nomiga loyiq hazrati inson bo‘lamiz.
Bugungi zamonaviy kitoblarning dunyo yuzini ko‘rishi XV asrda Guttenberg tomonidan bosma dastgohining kashf etilishi bilan bog‘lansa-da, aslida, kitoblar ming yillardan ziyod qadimiy tarixga ega. Inson tafakkur mahsulini maxsus belgilar yordamida qayd etib borishni, ya'ni yozishni o‘rgangan kundan boshlab kitob ajdodlari dunyo yuzini ko‘rgan. Vaqt o‘tib kitob bitish katta san'at darajasiga ko‘tarildi. Ular endi maxsus maskanlarda - kutubxonalarda yig‘ila boshlandi. Bugun yoshu keksa birdek biladigan kutubxonalar ana shu tarzda vujudga keldi...
Manbalarda keltirilishicha, insoniyat tarixidagi ilk kutubxona eramizdan avvalgi uchinchi ming yillikda qadimgi shumerlar davrida barpo etilgan. Ushbu ko‘hna kitob javonlarida davlatning turli idoralari faoliyatida kerak bo‘ladigan yozma manbalar yig‘ib borilgan. Ilk kitob namunalari deya atash mumkin bo‘lgan mazkur hujjatlar to‘plami sopolga yozilgan. Ularda asosan o‘sha davr adabiyoti, ta'lim-tarbiyasiga oid bitiklar mavjud.
Uchinchi Ur saltanati davrida esa kutubxonalar yanada uyushgan va tartibli ko‘rinishga kelgan. Qadimgi dunyoning ushbu kutubxonalarida yozma bitiklar uchun ikki xil joy tashkil etilgan: ayrimlari yog‘och tokchalardan joy olsa, boshqalari daraxt novdalaridan to‘qilgan maxsus savatlarda saqlangan.
Qadimgi Nineviya shahridan 30 000 sopol kitobga ega Ashurbanipal kutubxonasining topilishi Ossuriya madaniyatida kutubxonalar katta o‘ringa ega bo‘lganidan dalolat beradi. Bu yerdagi yozma manbalar diniy, adabiy va davlat boshqaruviga oid bo‘lgan.
Ko‘hna G‘arb dunyosining ilk zamonaviy kutubxonalari Rim imperiyasi davrida qad rostlagan. Ushbu ilmxonalarda eshik barcha uchun birdek ochiq bo‘lib, kitob o‘qishni ixtiyor etgan har qanday kishi mazkur jamoat kutubxonalaridan bemalol foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Kitoblar lotin va yunon tillarida yozilgan. Har ikki tildagi kitoblar alohida-alohida xonalarda saqlangan.
Islomning kelishi bilan Sharq mamlakatlarida ma'rifiy o‘zgarish yuz berdi. Jaholat ichida yovvoyi hayot kechirib kelgan arab qabilalari Islom ziyosi bilan sharaflanib, yangi ilm-fan, madaniyat maktabini vujudga keltirishdi. Qadimgi Yunoniston, Rim va Mesopotamiyadagi ilm-fan markazlari endi Sharqqa ko‘chdi. Sharq o‘lkalarida tom ma'noda madaniy inqilob yuz berdi. Bu paytda zamonaviy G‘arb ilmi va madaniyati hali tug‘ilmagan edi.
Ziyo maskanlari Yaqin Sharqdan boshlab Shimoliy Afrika sarhadlarigacha, G‘arbda Sitsiliya orolidan Ispaniyagacha yetib bordi.
Dunyo bo‘ylab taralgan ushbu "ilm bosqini"da Islom Sharqining ma'rifat o‘choqlari bo‘lmish ko‘hna kutubxonalar alohida o‘rin va mavqega ega edi.
Islomda ilm olishga targ‘ib qattiq bo‘lgani uchun olimdan tortib omigacha har bir odam savod chiqarib kitob o‘qish harakatida bo‘lgan. Ma'naviy ehtiyojni qondirish maqsadida jamiyatda ko‘plab jamoat kutubxonalari, ilm maskanlari faoliyat yuritgan. Hukumat darajasidagi kutubxonalardan tashqari olimlar hamda boylarning yuz minglab kitoblarni bag‘riga sig‘dirgan va omma uchun ochiq bo‘lgan shaxsiy kutubxonalari ham mavjud bo‘lgan.
Jamoat kutubxonalarining tashkil etilishiga yana bir sabab - kitoblarning kamyobligi hamda narxining qimmatligi edi. Bugungidek zamonaviy bosma dastgohlar bo‘lmaganligi bois har bir kitob nusxasi mohir xattotlar tomonidan katta va mashaqqatli mehnat bilan yozilgan.
Har bir shaharda ulkan ilm dargohlari - madrasalar bo‘lgan. Madrasalar qoshida esa, albatta, kutubxonalar faoliyat yuritgan.
O‘rta asrlar Sharqidagi kutubxonalar umumiy va xususiy turlarga bo‘lingan. Umumiy kutubxonalarga asosan xalifalar, amirlar, ulamolar va boylar tomonidan asos solinib, ular uchun maxsus binolar qurilgan. Bunday kutubxonalar keng omma foydalanishi uchun vaqf qilib berilgan. Xususiy kutubxonalar esa ilmparvar kishilarga tegishli kitobxonalardan iborat bo‘lgan.
Kutubxona binolari o‘rtalarini keng zal bog‘lagan bir necha hujradan tashkil topgan. Kitoblar devorga mustahkamlangan tokchalarga qo‘yilgan. Har bir xona maxsus bir ilm turiga bag‘ishlangan. Masalan, fiqh kitoblariga bir xona, tib kitoblariga bir xona, adabiyot kitoblariga yana bir xona va hokazo. Yana binoda kitobxonlar uchun xos xona, kitoblardan nusxa ko‘chiradigan kotiblar uchun ham alohida xona bo‘lgan. Ba'zilarida musiqaxona ham bo‘lib, unga kitobxonlar charchaganda orom olish uchun kirishgan. Shuningdek, kutubxonalarda ilmiy suhbatlar uchun maxsus oshiyonlar ham barpo etilgan. Ayrim kutubxonalarda kitobxonlar uchun oshxona bo‘lib, g‘ariblar uchun hatto yotoqxona ham qurilgan.
Dong‘i ketgan kutubxonalar ko‘p bo‘lgan. Masalan, alloma Ali ibn Yahyo ibn al-Munjimning Bag‘dod yaqinidagi bir qishloqda ulkan qasri bo‘lib, u to‘laligicha kutubxona ixtiyoriga berilgan edi. «Xizonat ul-hikma» deb nomlangan mazkur kutubxona turli shaharlardan kelgan tolibi ilmlar bilan gavjum bo‘lgan. Bu yerda ular kitoblardan tashqari oziq-ovqat bilan ham ta'minlangan. Xarajatlarning barchasi Ali ibn Yahyoning hisobidan bo‘lgan.
Musil shahrida Abulqosim Ja'far ibn Muhammad ibn Hamadon al-Musiliy barpo etgan «Dorul-ilm» qasri ham ilm ahli orasida mashhur bo‘lgan. Bu yerda har bir ilm uchun alohida kitoblar javoni mavjud bo‘lib, ular tolibi ilmlar foydasiga vaqf qilib qo‘yilgan. Uning eshigi barcha uchun birday ochiq bo‘lgan. Ilm talabidagi kishi kambag‘al bo‘lsa, unga kitob ham, pul ham berilgan.
Umumiy kutubxonalarda kitobxonlar uchun maxsus xizmatchilar ishlagan. Zamonasining mashhur ulamolari ularning rahbari etib tayinlangan. U yerda mutolaa qiluvchilarga kitobni olib beruvchi munovillar, kitoblarni boshqa tildan arab tiliga o‘giruvchi mutarjimlar, o‘zlarining chiroyli yozuvlari bilan kitob ko‘chiruvchi kotiblar va ularni ezilib, titilib ketishdan saqlash uchun jildlaydigan mujallidlar hamda kutubxonaning boshqa ehtiyojlariga qaraydigan yana bir qancha vazifa egalari xizmat qilishgan.
Ushbu kutubxonalarda kitoblardan foydalanishni osonlashtiradigan kataloglar mavjud edi. Ularda kitoblar ilm boblariga qarab tartibga solingan. Bunga qo‘shimcha ravishda har bir javon oldiga undagi mavjud kitoblarning nomlari yozilgan ro‘yxatlar qo‘yilgan.
Kutubxonalarning nizomida kitoblarni, odatda, biror kafolat evaziga uyga olib ketib mutolaa qilishga ruxsat berilgan. Ammo ulamo va ahli fazl garovga hech narsa bermay kitobni uyga olish imtiyoziga ega bo‘lgan.
Kutubxonalar sarf-xarajatlarining muayyan qismi vaqflar hisobidan bo‘lgan. Ularni tashkil qilgan amirlar, boylar va ulamolar ham kutubxonalarni mablag‘ bilan ta'minlab turgan. Masalan, Muhammad ibn Abdulmalik Az-Zayyot ismli saxovatpesha kishi o‘z kutubxonasidagi mutarjim va nusxa ko‘chiruvchilarga har oyda ikki ming dinor nafaqa bergan. Xalifa Ma'mun esa Hunayn ibn Ishoqga arab tiliga o‘girgan kitoblarining har biri uchun o‘z vazniga teng miqdorda tilla hadya qilardi.
Shu kabi mashhur kutubxonalarning yana bir nechasi haqida quyida qisqacha ma'lumot berib o‘tamiz:
Fotimiylar kutubxonasi (Qohira). Tarixchi Maqriziyning fikriga ko‘ra, ushbu kutubxona bir million olti yuz ming kitobga ega edi. Boshqa ko‘plab muarrixlarning rivoyat etishicha, bu yerdagi kitoblar adadi ikki millionga yaqin bo‘lgan.
«Dor ul-hikma» kutubxonasi (Qohira). Al-Hokim Biamrilloh tomonidan 395 hijriy yilning 10 jumodil-oxirida ochilgan ushbu kitobxonada oldingi podshohlardan birortasi jamlamagan kitoblar yig‘ilgan. Xizmatchilar, munovillar va farroshlar uning ichida yashagan. Kitob javonlari qirqta bo‘lib, ularning har biriga qadimgi ilmlarga tegishli 18000 kitob qo‘yilgan. Bu yerda kitobxonlarga kerakli bo‘lgan hamma narsa siyoh, qalam, qog‘oz va siyohdonlar mavjud edi.
«Bayt ul-hikma» kutubxonasi (Bag‘dod). Uni Xorun ar-Rashid barpo qilgan. Shon-shuhrat cho‘qqisiga Ma'mun davrida chiqqan. Odamlar bu yerda muzokara va mutolaa qilish bilan birga kitoblardan nusxa ko‘chirishgan. Kutubxonada maxsus kotib va mutarjimlar bo‘lib, ular Anqara, Umuriyya va Qibrisdan keltirilgan kitoblarni tarjima qilish bilan band bo‘lishgan. Ibn an-Nadiymning yozishicha, Ma'mun bir urushda Rim podshohini mag‘lub etgach, o‘rtada tuzilgan sulhga ko‘ra, Ma'mun jo‘natgan olimlarga Rim podshohi o‘z xazinasidagi kitoblarni tarjima qilish uchun ruxsat bergan.
«Al-Hikam» kutubxonasi (Andalusiya-Ispaniya). Ushbu kutubxona o‘zida to‘rt yuz ming jild kitobni jam etgan. Ularning mundarijalari ham alohida tartib bilan tuzilgan. Bu yerdagi mavjud birgina she'riy devonlar qirq to‘rt juz bo‘lgan. Nusxa ko‘chirish san'atining mohir vakillari, kitobni jildlash kasbining ustalari bu yerda kechayu kunduz ishlashgan. Ispaniya ilgari bunday muhtasham kutubxonani ko‘rmagan edi. Undan keyin ham ko‘rmadi.
Endi quyida mashhur xususiy kutubxonalarning ayrimlarini eslab o‘tamiz:
Ibn al-Xashshob (567 hijriy yili vafot etgan) kutubxonasi. Tafsir, hadis, mantiq va falsafa ilmlarining bilimdoni bo‘lgan Ibn al-Xashshob kitobga juda oshiq bo‘lgan. Bu shinavandaligi uni kitob jamlashda hiyla ishlatish usullarini qo‘llashgacha olib borgan. Masalan, uning bozorda kitobni arzon bahoda olish uchun sotuvchilarni g‘aflatda qoldirib, undan bir varaq yirtib olishi va «Kitobing yirtilgan ekan», deb uning qimmatini tushirgani haqidagi voqea mashhur.
Jamoliddin al-Qiftiy (hijriy 646 yili vafot etgan) kutubxonasi. Tarixchilar bu zotning kitoblarini yiqqani va dunyoda kitobdan boshqani sevmagani haqida yozishadi. U o‘zini hatto kitobga vaqf qilib qo‘yganini e'lon qilgan. Mashg‘ul qilib qo‘ymasin, deb oila ham qurmagan. Vafotidan so‘ng uning kutubxonasi ellik ming dinorga baholangan.
Al-Muvaffiq ibn al-Matron ad-Dimishqiy (hijriy 587 yili vafot etgan) kutubxonasi. U kitob yig‘ishda oliyhimmat inson edi. Kitoblari soni o‘n ming atrofida bo‘lgan. Uning xizmatida uchta kotib to vafot etgunlaricha kitob yozishgan. Al-Muvaffiq ularga umrbod maosh to‘lagan.
Vaqt o‘tib, ma'rifat bog‘ining alvon-alvon tovlangan gullari so‘ldi. Gulzorga yot qadamlar oralab, u ayovsiz ravishda payhon qilindi.
Mo‘g‘ul bosqinchilari Bag‘dodni egallaganda, birinchi bo‘lib yakson qilingan binolar kutubxonalar edi. Bir tarixchi ushbu mash'um kunni shunday xotirlaydi:
"Vahshiy jangchilar umumiy kutubxonalarda qo‘llariga ilingan barcha kitoblarni daryoga uloqtirdilarki, hatto tashlangan kitoblar hisobiga daryo to‘lib-toshdi. Shu darajadaki, otliq odam u sohildan bu sohilga bemalol o‘ta olardi. Daryoning suvi unga cho‘ktirilgan kitoblarning rangi hisobiga bir necha oy tim qora rangga bo‘yaldi".
Salib yurishlari davrida ham Islom shaharlaridagi ulkan kutubxonalar vayron qilindi. Taroblusning o‘zida salibchilar uch million kitobni yo‘q qilganliklari muarrixlar tomonidan yozib qoldirilgan.
Ispanlarning Andalusiyaga uyushtirgan bosqini ham ma'rifat olamida mash'um kun sifatida eslanadi. Tarixchilarning guvohlik berishicha, G‘arnota maydonida bir kunda milliondan ortiq kitob yoqib yuborilgan.
Ayrim kutubxonalar mamlakatdagi ichki siyosiy nizolar va mutaassib guruhlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar oqibatida ham og‘ir yo‘qotishlarga uchragan. Masalan, Fotimiy xalifalar kutubxonalari mamluklar tajovuzi tufayli o‘z faoliyatiga xotima yasadi. Johil to‘da kitoblarga o‘t qo‘yib, ularning jildidan kiyishga poyafzal yasab oldi. Kitoblarning anchagina qismi esa Nilga otildi. Ayrimlari boshqa o‘lkalarga olib ketildi. Qolgan qismini shamol uchirib, «kitob tepaliklari» nomi bilan tanilgan uyumlarni yuzaga keltirdi.
Halabda «So‘fiylar xizonasi» deb nomlangan ulkan kutubxona bo‘lib, Ashuro kunida ahli sunna va shia guruhlari o‘rtasida qo‘zg‘algan fitna tufayli uning aksar qismi yo‘q qilingan.
Ayrim insonlarning johilligi va ahmoqona ishlari tufayli ham ilm xazinalari tanazzulga yuz tutgan. Bunga bir misol. Beshinchi hijriy asrda Misrda amirlik qilgan Amir ibn Fotinning katta bir kutubxonasi bor edi. U ko‘p vaqtini hech qaerga chiqmay shu yerda kitob mutolaasi bilan o‘tkazardi. Davlat arboblari o‘rtasida katta obro‘ga ega bo‘lgan xotini erini kitoblardan rashk qilar edi. Amir vafot etgach, ushbu xotin joriyalari bilan kutubxonaga kirib, bu yerdagi barcha kitoblarni hovlining o‘rtasidagi suvli katta hovuzga otadi. Erining kitobga bo‘lgan muhabbatidan bo‘g‘ilgan xotin uning vafotidan keyin kitoblardan shunday qasos oladi. Erini kitoblardan rashk qilgan bu kabi ayollar o‘tmishda ko‘p bo‘lgan. Taniqli alloma imom Zuhriyning xotini ham erining kitoblari haqida, «Ollohga qasamki, bu kitoblar men uchun uchta kundoshdan ham yomondir!» degani mashhur.
Sharqdan chiqqan Quyosh o‘z yo‘nalishini G‘arb tomon burdi. Vaqt o‘tib, ilmu-ma'rifat ziyosi endi G‘arb sarhadlari uzra porladi va hanuz porlamoqda. Bunda, shak-shubhasiz, Sharq Quyoshining ahamiyati katta.
Insofli tarixchilar G‘arbdagi Uyg‘onish davrini Sharqdan kirib kelgan madaniyat bilan bog‘lashadi. Darhaqiqat, bobolarimiz yulduzlarni usturlob orqali kuzatib, ilmu fanda yuksak kashfiyotlar qilib turgan bir paytda G‘arb odamlari hammom nimaligini bilmasdan, dag‘al poxoldan kiyim-poyafzal kiyishardi.
Zamonaviy G‘arb ilm-fani rivojida musulmon olami mutafakkirlari yaratib ketgan asarlarni o‘rganish va ular erishgan muvaffaqiyatlarni davom ettirish katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Bunga misollar ko‘p. Ikkinchi tomondan, adolat bilan aytish kerak, nodir ilmiy asar va qo‘lyozmalarni asrab qolishda ham g‘arblik ulamolarning hissasi katta. Zero, zar qadrini zargar biladi. Sharqda diniy mutaassiblik, fitnalar, toju taxt uchun kurashlar avj olgach, javondagi javohirlar bilan hech kimning ishi bo‘lmay qoldi. Minglab, millionlab nodir asarlar shu tariqa yo‘q qilindi. Buyuk mutafakkirlar tarjimai holini o‘rganganimizda, ularning bir qator asarlari bizgacha yetib kelmagani haqidagi ma'lumotlarga ko‘p duch kelishimiz boisi shunda. Nodir javohirlarga - kutubxonalarga qarshi uyushtirilgan mash'um hodisalar tariximizning eng qora kunlarini tashkil etadi. Ularni tafakkurga qarshi sodir etilgan kechirilmas jinoyatlar, deyish mumkin.
Undan keyin ko‘p suvlar oqdi. Zamonlar, davronlar yangilandi... Sharq o‘zining ko‘hna va shonli o‘tmishini qo‘msamoqda.
Ilm-fanda dunyoning ustuni bo‘lgan bobolarimizga munosib avlod bo‘lish niyatimiz bor. Shu yo‘lda qadam tashlab boryapmiz. Biz buni eplay olamiz. Chunki tarix bunga shohid. Zero, qudratli o‘tmish qudratli kelajakning garovidir.
Behzod Mamadiyev
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.