OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sirojiddin Sayyid. Shoirlik va shoirchilik

DARS


Kuzning yomg‘irli kunlaridan birida Milliy universitetimiz qoshidagi Oliy adabiyot kursi talabalariga dars o‘tishim kerakligini aytib qolishdi.
— Bormasangiz bo‘lmaydi, planga kiritib qo‘yganmiz, shoirlik, she’riyat haqida, tajribangiz to‘g‘risida o‘rtoqlashsangiz, talabalar kutishadi, — dedi ularning «o‘nboshi»si, ozg‘in qoramtir shoir yigit. 
Men hazillashgandek bo‘ldim:
— Shoirlik plani to‘lib-toshib ketgan, hozir plandan tashqari ishlayapmiz.
Ming bir istihola bilan, necha andishayu ikkilanishlardan so‘ng borishga rozi bo‘ldim.
Keyin o‘zim o‘ylanib qoldim.
Mening o‘rtoqlashadigan, o‘rgatadigan tajribam bormikan? O‘zim shunga ehtiyojmand bo‘lsam, tajriba haqida gapirishim kulgili ko‘rinmaydimi? So‘zga, she’rga muhtoj bo‘la turib so‘z haqida, she’riyat, shoirlik xususida shakarguftorlik qilishim, aql o‘rgatishim juda g‘alati-da. 
Bu dars mening o‘zimga ham xiyla foyda berdi. Men o‘zimni ham talabalar qatorida yana bir karra imtihondan o‘tkazgandek bo‘ldim. Ma’lumki, har qanday dars misollar, tamsil va muqoyasalar bilan, ulug‘lar, uztozlar aytgan hikmatona gaplar, ular hayotida kechgan ibratli voqealarni eslash bilan jonli va mukammalroq chiqadi.
Xullaski, darsimdan ko‘nglim to‘lmadi. Lekin shu bahonada she’riyat, shoirlik haqida o‘ylab yurganlarim, daftarlarimga yo‘l-yo‘lakay yozib qo‘yganlarim, kitoblarda belgilab qo‘yganim o‘zimga yoqqan, ta’sir etgan gaplar, misollarni; o‘zimni qiynab yurgan mulohazalarni fikr iplariga tizishga urindim. Muhtaram domlalar, zukko ustozlardan izn so‘rab shularni qog‘ozga tushirishga jur’at qildim. Binobarin, «bir kattaning gapi, bir kichikning gapi» deganlaridek, bu mulohazalar mening o‘zimga ham qaratilgandir, ularda tilga olingan talablar o‘zimga ham qo‘yilgan talablardir. 

SHE’RIYATDA «KALLA» MASALASI


«... Dorilfununda o‘qib yurgan paytlarim yoshlar gazetasiga mashqlarimni olib boraverib redaktsiya xodimlariga ancha yaqin, sinashta bo‘lib qolgan edim. Ular menga o‘z a’zolaridek qarashar, xonalari ham, bag‘irlari ham men uchun hamisha ochiq edi.
Bu safargi kelishim tushlik vaqtiga to‘g‘ri kelgani uchun idorada hech kim yo‘q, adabiyot bo‘limiga kirib bemalol qog‘oz, gazetalarni titkilab o‘tirardim. Bir mahal eshik ochilib, o‘rta yoshlardagi baqaloq kishi kirishga ruxsat so‘radi. Meni bo‘limning xodimi deb o‘yladi shekilli, darrov maqsadga ko‘chib qo‘ya qoldi:
— Yaxshimisiz, uka? Shu, endi, shoirchilik-da, she’rlarimni ob keluvdim, bir ko‘rsangiz, ma’qul bo‘lsa, gazitda...
Mendan oldin ham ko‘p qo‘llardan o‘tgan, ko‘rilaverib sahifalaru muqovasida deyarli farq qolmagan semiz daftarni qo‘limga tutqazdi.
Yoshi ancha-muncha katta kishi, menga – bir yosh bolaga elangandek mo‘ltayib turibdi, shuning uchun sirni boy bermadim-da, adabiyot bo‘limining rosmana xodimidek ishga kirishib ketdim. She’rlar katta-katta harflarda, boz ustiga shunchalik tig‘iz ko‘chirilgandiki, daftarda hoshiya tugul, tahrir uchun bir so‘zlik joy ham qoldirilmagan edi. «Bog‘ — tog‘», «suv — yuv» qabilidagi qofiyalar juda serob bu «saylanma»ni o‘qib chiqquncha, siqilib ketsam-da, «muallif»ga bildirmaslikka harakat qildim, hatto ko‘ngli uchun bitta-yarimta she’rini maqtagandek ham bo‘ldim. Shu paytgacha kamgap, tortinib o‘tirgan og‘amiz maqtovimdan keyin birdan ruhlanib sayray ketdi. Tarjimai holiyu, «ijod, she’riyat yo‘lida chekkan zahmatlari»ni, har bir she’rining yozilish tarixigacha gapiraverib charchab ketdi. Nihoyat, bir qiziq sirini oshkor qildi:
— Bilasizmi, uka, shu shoirchilik-da, nimagadir men boshimni issiq suvda yaxshilab sovunlab yuvganimdan keyingina yaxshi she’rlar yoza boshlayman. Nimaga shunday ekan-a? Yuvgan payt kalla qiziydimi yo, shuning uchunmikan-a?..»

* * * 

Yuqoridagi voqea hozirda hayot bir ustozimizning esdaliklaridan keltirildi – bundan qirq yil oldingi eski gap. Biroq unda yo‘l-yo‘lakay, shunchaki tilga olingan bir so‘z hamon eskirmayin, qaddu qomatini ko‘z-ko‘z qilib turibdi. Qancha ulug‘, azamat shoirlar dunyodan o‘tib ketdilar, bu so‘z hamon tirik. Bozor iqtisodiyoti unga juda qo‘l kelgan, homiylarni yollashni, pul topishni boplaydi, epchil, uddaburo. Tap tortmay «Biz ham bir kitob chiqarmoqchi edik» yoki «Bir kitob chiqaruvdik», deya ustozlarning halovatini buzib, g‘ashiga tegib so‘z yozdirib olish, dastxat yozib berish maqomigacha yetishgan u. Bu so‘z – bittagina, lekin qiyofalari ko‘p, shakl-shamoyillari bisyor, ularning «muborak basharalarini siz yillab ko‘rmaysiz» (A. Oripov), biroq didsizliklari, siyqa-sayozliklari o‘zlariga o‘xshagan, Navoiydan bexabar, kitob o‘qimaydigan «san’atkor»lar bois ommaviy sahnalar, radio-televidenie kanallarini, to‘y-hashamlarni ham ishg‘ol qilib borayotir.
Durustgina ovozi bor bir ashulachi og‘aynimizga mutolaa haqida so‘z ochsam, avvaliga xizmatning ko‘pligini ro‘kach qildi, so‘ngra kishini xavotirga soladigan, o‘ylantirib qo‘yadigan gapni aytdi:
— Bizning o‘zimizning she’r tseximiz, tsex boshlig‘i – shoirimiz bor. Hamma jihozlar, kompyutergacha muhayyo. Musiqasi, soqqasini bersak bas, yarim soatda she’rni chiqarib beradi.
Shoirchilik-da, «Muhammad Yusuf ketdi, qo‘shiq bozori endi bizniki, istagancha taqlid, so‘zbozlik, so‘zfurushlik qilsak kim nima deyoladi» qabilidagi bir iddao, nopisandlik, xalqning ko‘zi o‘ngida haqiqiy she’r, muborak so‘zning izzat-hurmati ustiga chiqib olish... Visotskiy o‘lgandan keyin taqlidchilari ko‘payib, qo‘shiqlari, she’rlari bozorga – chayqovchilar qo‘liga o‘tib daromad manbaiga aylanganidan o‘kingan bir shoir «hayot tugab, endi savdo-sotiq boshlandi» degan ekan. Xudoga shukur, bizning bo‘stonimiz hech qachon bulbulsiz qolgan emas. «Baxshi bo‘lolmasang, qayrag‘och bo‘l», deya shogirdiga nasihat qilgan ustozning maqsad-muddaosini ilg‘agan bo‘lsangiz kerak. «Qayrag‘ochning jilla qursa soyasi bo‘ladi, odamlar soyasidan bahra oladi, qo‘ying uka, sizga Xudo buyurmagan ekan, o‘zingizni ham, o‘zgalarni ham qiynamang, boshqa biror foydaliroq yumushning etagini tuting» degan ma’noning nazokat bilan aytilganidir bu. Darhaqiqat, kallaning o‘rniga kompyuterni, ko‘ngilning joyiga disketni qo‘yib, chin she’r yo qo‘shiqni aytib bo‘lmaydi. Buning uchun Xudo bergan nurli dard to‘la ko‘ngil, didli, farosatli kalla kerak bo‘ladi. Mashrab bobo ham aytganlar-ku:

Yig‘lamoq oson emasdur, ey jigarbandim eshit,
Mulki dil sadpora bo‘lgan so‘ng ko‘zingdan nam kelur.

* * * 

Ustozimiz eslagan voqeadan roppa-rosa qirq yil keyin, ya’ni shu yaqin o‘tgan kunlarda Yozuvchilar uyushmasining maslahatchilari xonasida qo‘lyozmalarni ko‘rib o‘tirgan edik, eshik «g‘iyq» etib ochilib, avvaliga ikkitami-uchtami semiz papka, bu papkalarni ushlagan biqqi qo‘l, so‘ngra binoyidek bir qorin, bu qorinni erinmay ko‘tarib kelgan ulkan gavda, shundan keyingina lagandek bir yuz bilan shuncha dov-dastgohni boshlab kelgan savatdek bir bosh ko‘rindi.
Oltmish bilan yetmishning nari-berisida bo‘lgan zotning izzati uchun hammamiz o‘rnimizdan turib, mulozamat ko‘rsatdik. Yumshoq o‘rindiqdan joy berdik. Hol-ahvol so‘rashib, bir piyola choy ichgach, o‘zini tanishtirdi-da, papkalardan birini ocha boshladi.
— Bular mening yoshligimdan to hozirga qadar yozgan she’r-dostonlarim. Mana bu ikkita papkada keyingi paytda yozgan romanim, hozir ikkinchi roman ustida ishlayapman, uchinchi romanimni kallamda pishitib yuribman, Xudo xohlasa, u ham yozilsa kerak...
Hammamiz hangu mang bo‘lib qoldik. Tabiiyki, bu kishining nomini mutlaqo eshitmagan edik, notanish bir odamning dabdurustdan birdaniga shuncha «asar»ni oldimizga to‘kib tashlashi ham kutilmagan hodisa, ham g‘alatiroq edi. Biz hali biror munosabat bildirishga ulgurmayin, otaxon yana so‘zida davom etdi:
— Bilasizlarmi, ukalar, hayotda hamma narsani ko‘rdim, katta amallarda ishladim, o‘g‘il-qizlarim uyli-joyli, nevara-chevaralarim ko‘p, hech narsadan, hech kimdan kamimiz yo‘q, faqatgina bir orzu-armonim qolgan, shu asarlarim kitob bo‘lib chiqsa, yozuvchilarga a’zo bo‘lsam...
— Sal kech kebsiz-da, otaxon, — dedi chiday olmay maslahatchilardan biri.
— Ishingiz bo‘lmasin uka, katta amallarda ishladik, elga foydamiz tegdi, mana endi bo‘sh vaqtimiz ko‘p, ijodimizni ham xalq bilib qo‘ysin deyapmiz-da.
... Ko‘rib turganingizdek, bu o‘rinda ham izohning hojati yo‘q. Albatta, birovga, u yoshmi, qarimi – yoz yoki yozma deb aytib bo‘lmaydi. Bu – uning shaxsiy ishi. Havas yo mayl qilgan ekan, o‘zi biladi. Hozir, eng ajablanarlisi, «oilaviy kitob»lar ham chiqib ketayapti. «She’rlar. Dostonlar», «Xotiralar», hatto «Nasihatnoma», «O‘gitlar» chop etilayapti.
— E, bilmas ekanmiz-da, ko‘rmay qolibmiz-da, — desangiz, «muallif»lar «Ha, endi, bola-chaqaga bizdan bir yozma esdalik ham qolsin-da, shundoq niyat qiluvdik», deb darrov sizga dastxat yozib beradi, yana qo‘shimcha qilib qo‘yadi:
— Shu kitobni yozuvchilarni to‘plab bir taqdimotini o‘tkazsak, qandoq bo‘larkan-a?
Keltirilgan misollarning adabiyotga daxli yo‘qdir balki, lekin adabiy jarayon deb atalmish beorom, behalovat bir ummon qa’rida, girdi-atrofida shunday holatlar ham avjlanib borayotganini, u milliy nazokat, bobolardan meros yuksak did-farosatga mutlaqo zid ekanini, ma’naviyatga, yoshlarning axloqi, tarbiyasiga aks ta’sir etayotganini tan olmasdan ilojimiz yo‘q.

O‘Z OTANGNING ESHIGI YOXUD
VATAN HAQIDA QANDAY YOZMOQ KERAK


Shoirlik, agar uni Xudo taqdir qilgan bo‘lsa, ota uydan, o‘z otangning eshigidan boshlanadi. 
Bolalikdagi somonlarning hidi bir umr dimoqdan ketmaydi.
Bolalikdagi jilg‘alar — shoirlikning qon tomirlari, dashtu dalalar, qir-adirlari — muqaddas varaqlari, siz ilk she’rlaringizni shu tabarruk sahifalarning so‘qmoqlarida yurib, qadamlaringiz bilan yoza boshlagansiz.
Xullas, shoirlik nima, she’riyatni qanday izohlash mumkin? Gulmidir, rayhonmidir, jambilmidir, nima u? «Nodong‘a xomushlig‘din yaxshi narsa yo‘qdur, — debdilar shayx Sa’diy Sheroziy, — agar muni bilsa erdi, nodon bo‘lmas erdi». Ul zot «Guliston»da yana bir tamsilni keltiradilar: «Bir chayondan so‘rdilarkim, qishda nedin tashqariga chiqmassan?». Chayon dedi: «Yoz chiqib na hurmat ko‘rdimki, qishda chiqib na hurmat ko‘rgayman?».
Bu tamsillar – hikmatlardir, hikmat esa tushuntirilmaydi, qabul qilinadi, xulosa chiqariladi, undan ibrat olinadi.
Rahmatli Qodir baxshining «Yotiblar ichgan-a suvlarim» degan satri ham she’r, she’riyat. Shoirlik shu «yotiblar ichgan suvlar»da. Ota uy, uning eshigi, ona yurt haqidagi she’r ham shudir. Bu ham sharhlanmaydi.

Yot ellarning bog‘i bilan bog‘chasi
O‘z yurtimning yantog‘icha ko‘rinmas, — 

deyiladi xalq qo‘shiqlarida. Har gal eshitganda bag‘irlar bir jimirlab ketadigan bunday so‘zlar Vatan haqidadir. Rahmatli momomning bir ashulalari bo‘lardi. Bolalikdan yonlarida yurib ko‘p eshitganman, har gal aytganlarida qiziq holatlarga tushardim. U nolalar hali ham qulog‘imda, nola emas, suv bo‘lib ketgan ko‘ngilday:

 Avvalgi baxtim — 
 Gullarga taxtim.
 Keyingi baxtim — 
Suvlarga oqdim.

Demak, she’riyatda Vatan – azaliy va abadiy mavzudir.
Ustozlar maktabidan saboq olib, o‘zimning faqirgina tajribamdan kelib chiqib, shuni aytish mumkinki, o‘ta nozik bu mavzu, ayniqsa, soxtalikni, yolg‘onni ko‘tarmaydi. Sun’iylik gavhar shodalari ichidagi mis tangaday darrov bilinib qoladi. Albatta, shoir kishi avvaldan o‘ylab, hozirlik ko‘rib «Bu kecha Vatan haqida bir she’r yozay» deb yozuv stoliga o‘tirmaydi. Har qanday she’r ham A. Voznesenskiy ta’biri bilan aytganda, avvalo ko‘ngilda, ruhda «ro‘y bermog‘i» kerak. Xuddi osmondagi chaqmoqdek, daryo toshqinidek voqea-hodisalar ro‘y bermog‘i misol.
Biz – sersukut bir yurtning farzandlarimiz. Og‘ir, zalvorli tog‘lar, xomush adirlaru tilsiz minoralardan jim-jit maqbaralaru gumbazlarga qadar, azim bobo chinorlardan to osmonlargacha yastanib, yuksalib ketgan bu yurtda toshlarning ham yurak-bag‘ri bor, qadim mozorlari sassiz, tovushsiz sadolarga ko‘milib yotibdi.
Ulug‘ ajdodlarning mangu o‘ychan nigohlari, hazrat Navoiy, Mashrab boboning horg‘in siymolariyu Furqat, Muqimiylar, Qodiriylaru Cho‘lponlarning tilsiz-zabonsiz ko‘zlari umidvor tikilib turibdi. Bu mulkda Xudo ko‘ngliga bir gapni solgan kishi shu mo‘‘tabar sukutlarni, ular zamiridagi qatlam-qatlam so‘zni o‘ylab, shu ulug‘vor Sukunat ehtiromini saqlab so‘z aytmog‘i kerakdir. 
— Qani og‘ayni, kelibsiz, xushgina kelibsiz, buyoqqa o‘tiring-chi, bu adabiyot bo‘lgandan keyin, oyoqqinani artibgina kiradi, — deganda ustozimiz aynan shu ehtiromni nazarda tutganlar.
Qo‘l qadog‘ini non isitadi, ko‘ngil qadog‘ini yaxshi she’rlar ila ilitmoq mumkin.
Xuddi ko‘priklar solib, yo‘llar, binolar qurib yurtni, manzilu makonni obod etgan yanglig‘, ta’bir joiz bo‘lsa, she’rlarning yo‘l-ko‘priklari ila, salmoqli, munosib so‘zning muhtasham obidalari ila ko‘ngillarni obod etmoq, elning sha’nu shavkatini ko‘tarmoq lozim bo‘ladi. Vatanning o‘zi so‘nmas, tuganmas Ulug‘vor bir So‘zdir. Uning qoshida she’riy maydakashlik, «lirik» nag‘malar qilib bo‘lmaydi.
She’r «Assalomu alaykum» so‘zi singari yorug‘, «Dunyo» so‘zi misoli bepoyon, «Xayr» so‘zi yanglig‘ nigoron, «Alvido» so‘zi kabi intizor va tushunarli bo‘lmog‘i kerak.
Alqissa, she’riyat nima? Bir yillar Andijonda bir to‘y bo‘lgan edi. Kelinchakni olib chiqayotganda qizlar bunday «Yor-yor» aytishuvdi:

O‘z otangning eshigi
Ifor eshik, yor-yor.
O‘tsang –ketsang sochlaringni 
Silar eshik, yor-yor. 

She’riyat shudir. Andijonda ham, Surxondaryoda ham aytsangiz tushunishadi buni. Xuddi Vatan kabi, Vatan so‘zi kabi.

MUTOLAA «TULPOR»I


«Chunki toptim ul kalom ichra kamol», deydilar hazrat Navoiy.
Mir Alisher bobomizning ulug‘ kalomlari necha asrlardan buyon necha-necha avlodlarni kamolga yetkazib, yana intihosi yo‘q ummondek qa’rida ma’naviy marvarid, gavharlarni yashirib turibdi. Ularni olmoq, nurdan, ziyodan yaralgan bu muborak ummon tubiga sho‘ng‘imoq kerak bo‘ladi, xolos.
Inson kamoli. So‘z kamoli.
Shoir she’ri, so‘zi bilan kamol topadi, so‘zi, she’ri shoirni kamolotga yetkazadi. Mutolaa, qalb va hayotning qat’iy ichki intizomiga aylangan kitobxonlik esa uning didi, saviya, mahoratini yetuklikka eltadi.
Shoirning ko‘ksida boshqa iztirob-armonlari qatorida o‘qilmagan, o‘qilishi shart bo‘lgan kitoblarning dardu armoni ham butun umri davomida zirqirab og‘rib turmog‘i zarur.
Ijodkor uka-singillarimizning ko‘pchiligida, adabiyotga bo‘lgan bor orzu-havasini inkor etmagan holda, ayniqsa, yo‘l boshida suv bilan havodek kerak shu mutolaaning, savodxonlikning yetishmasligi ularning o‘zini tashvishga solmog‘i kerak. Mumtoz adabiyotni qo‘ya turaylik, aksariyat yoshlar yaqin o‘tmishda o‘tgan ulkan adiblar ijodidan deyarli bexabar, kitob o‘qish zavqu hayajonidan, izlanish-o‘rganish ishtiyoqidan bebahradek. G‘afur G‘ulom muallimning g‘ij-g‘ij bilim yolqinlanib yotgan toshqin she’riyatini, Oybek domlaning nafis-dardchil bayotini astoydil bilmay, o‘rganmay, bugungi ustozlarimiz she’riyatidagi sharqona donishmandlik, mahorat va so‘zparvarlik maktabida pishimay turib, o‘zbekona lutfu zarofatning fahmiga bormayin she’r yozib yurmoq — katta kutubxonaga kirib, serkasini izlab yurgan qo‘ychivonning holatini eslatadi. Shunday payt beixtiyor Qahhor domlaning mashhur epigrafi yodga keladi: «Ey o‘zingni, holatingni bilmagan Asrorqul».
Yana bir gap. Yoshgina shoiru shoiralarning radio-televizorda, turli past-baland suhbatlarda bemalol-bamaylixotir «Mening ijodim» yo «Men yozayotgan asarlarda», deya gapirishlari ham g‘alati. Bir oysingil bo‘lsa hammasidan «zo‘rroq» aytibdi: «Men adabiyotga kirib kelganimda o‘n to‘rt yoshda edim. Mening she’riyatimda bahor va sevgi mavzui asosiy o‘rin tutadi».
She’riyatning zahmatkash dehqoni Mirtemir domladek zotlar ham aytishga iymangan zalvorli, yuki og‘ir so‘zlarni u kishi «Kipriklarim» deya alqagan nabiralari sabzi to‘g‘ragandek pinak buzmay aytib o‘tirsalar – ayb sanalmaydimi?
Rasul Hamzat boboning bir ajoyib naqllari bor: «Qaysiki she’ringni ota-onang oldida o‘qib berishga uyalmasang, o‘sha yozganing yaxshi she’rdir».
Endi buni qarang: «Kelgin tezroq, kelgin, yechgin badanimning tugmalarini», deya yozibdi bir shoira qizimiz. Tilla zanjirlar taqilsa ham, Zebunisobegim aytgan nozik zanjir – hayo, iboga to‘g‘ri kelmaydigan gaplar. Bu she’r Parijda o‘qilsa, ehtimol, olqishlarga sazovor bo‘lar, lekin bizda, har holda she’rning ham etaklari yopiq bo‘lgani ma’qul.
Gap yana did va farosatga kelib taqalayotir. Bu fazilatlar ham, yuqorida aytilganidek, tinimsiz mutolaa, sidqidildan o‘qish-o‘rganish jarayonida sayqallanib boradi.
Navoiy bobomizning «Muhokamat ul-lug‘atayn» asarlaridagi «... she’rda sehrsoz va nazmda husnpardoz shuaroning shirin ash’ori va rangin abyotidin ellik mingdin ortuq yod tutibmen» degan, zamirida butun bir dorilfunun yashirinib yotgan tabarruk so‘zlarini maktab paytidanoq adabiyot muallimlari qulog‘imizga azonday quyib tarbiya qilishgan. Buncha ming satr yo baytni yodlamoq qiyindir balki, ammo qayta-qayta o‘qish, sinchiklab o‘rganish, uqish ham yodlamoqning bir shakli emasmi?
Jahon adabiyotini bilmoq g‘oyatda muhim va kerak. Ayni paytda, mutolaa tulpori ham aylanib-aylanib o‘z qozig‘iga kelmog‘i bordir. Otning ustida kitob o‘qib bo‘lmaydi, albatta. Binobarin, otdan tushib, egarginadan tushilmasa ham, «O‘zbek adabiyoti» deyilgan betimsol bo‘stondan ko‘p va xo‘p gullar uzmoq darkor. 
Yoshlik – umr, Vaqt oldidagi bir musobaqa. Bu shafqatsiz bellashuvda Yoshlikni behudaga Vaqtga yutqazib qo‘yish ham hech gap emas. Aks holda, Rustam Musurmon «Lalay lalaychi keldi» deganidek, ustozimizning «Ikki shoir» she’ridagi shoirlar ro‘yxatidan «munosib» o‘rin olish xavfi ham tappa-tayin:

Bir shoir arz etdi ikkinchisiga:
— Do‘stim, shoirlikdan endi voz kechgum!
Qancha intilmayin xalqning ichiga,
She’rimni o‘qimas, o‘qimas hech kim.
Ikkinchisi uni yupatib dedi:
— Oldinroq ketibman men sendan ko‘ra.
Xalq-ku o‘qimasdi meni ham, endi
O‘zim ham o‘qimay qo‘yganman, jo‘ra.

Shunday qismatdan Xudo asramog‘i uchun yosh uka-singillarimiz shoirlikning yuz ming mehnatu zahmatidan tashqari simirib, sipqorib kitob o‘qimoqlari zarur bo‘ladi. Shundagina Ozod domla ta’kidlaganlaridek, «So‘z lashkarini istagan izmiga sola bilish» mahoratiga erishmoqlari mumkin.

«MENING HAM BARGLARIM TO‘KILAYOTIR…»


Hazrat bobomiz lutf qilganlaridek, «xazon sipohi»ni, «tiriklik bog‘ining bargrezi» faslini hech nima bilan taqiqlab bo‘lmaydi. Tole yor bo‘lib, uzoq umr nasib etgan bo‘lsa, bu faslning kelmog‘i muqarrardir.
Shoirlik – bir umr to‘kilib borish, demakdir. 
So‘z yo‘li – butun umr to‘kilish, kuz va bargrezon yo‘lidirki, buning bog‘i ham, chorbog‘i ham shoirning o‘zidir.
Abdulla akaning satrini eslang: «Bir kunda to‘rt fasl kechar boshimdan».
Ustoz Asqad Muxtorning yuqorida sarlavhaga chiqarilgan satrida ham shoirlik umrining butun qismati ko‘zda tutilgan. Bu qismat – bir umr o‘tmaydigan, ketmaydigan dardli, nurli sog‘inchdir. So‘z sog‘inchi, she’r sog‘inchi.

 O‘zimni silkitsam – barglar to‘kilar,
 Xazonimni ko‘rgil, xazonrez bog‘im.
 Umr o‘tmoqdadir, lekin bir umr
 O‘tmay sil qiladi meni bu sog‘inch.
 
Bir uchrashuvda shunday xat uzatishdi:
«Siz nima uchun aynan shoirlik yo‘lini tanlagansiz?». Juda jo‘n, odatiy savol bo‘lsa-da, kishini anchayin o‘ylantirib qo‘yadigan gap. Haqiqatan ham, nima uchun? Men yo‘lnimi yo yo‘l meni tanladimi? Ozg‘ingina qizginaning ozg‘ingina qo‘li uzatgan bu xat ortida ota-onamning, aka-uka, opa-singillarim, oshnoyu begonalar, muallimlarim, bari eldoshlarimning so‘roq to‘la ko‘zlari har kun, har soat mendan so‘z so‘rayotgandek, go‘yoki bu xatchani minglab, yuz minglab qo‘llar uzatganu, hali ham shu alfozda havoda muallaq qolib, mening javob berishimni kutayotgandek. «Beixtiyorlikda bormu menda ixtiyor?».
Endi ayon bo‘ldiki, shoirlikning maxsus darslik kitobi yo‘q, qo‘llanma bilan shoirlikka yetishib bo‘lmas ekan.
Romantikona bir ta’rif ham aytilgan ko‘rinar: shoirlikning nonushtasi – bir qatra shabnam, kechki ovqatiga bir tomchi yulduz ham yetib ortadi.
«G‘aflat hammomida kirim qoladi». O‘z davrining na’ravor shoiri nima uchun bunday degan? Bugunning yosh shoiri buni anglamog‘i uchun G‘afur G‘ulom bo‘lmog‘i, uni bilmog‘i, u o‘tkazgan xazonlarni dil bog‘idan kechirmog‘i kerak bo‘ladi.
«Zor jismimda bo‘g‘inlar mehnatimning sonidur» deydilar Mir Alisher bobo. Yana aytadilarki «mehnat paymonasining jur’achashi va malomat xumxonasining sabukashi, shaydoliq mahallasining rasvosi va rasvoliq ko‘chasining shaydosi

Vafo bo‘stonining dostonsaroyi
Malomat bulbuli, ya’ni Navoiy.»

Shoirlik — bamisoli dehqon kecha-kunduz yerni shudgor qilib, go‘zallik, noz-ne’mat yaratganidek, ko‘ngillarda chechaklar undirguvchi ranjkashlik, fidoyilikdir.
Boris Pasternakning yozuv-xatini qay bir adib uchayotgan turnalarga o‘xshatgan ekan. Shoir o‘zini kuz tekkan daraxtdek daftariga to‘ka olsagina, so‘zlari xazonday shovullab to‘kilsagina, uning she’rlari turnalar yanglig‘ qalblarga ko‘klamlar keltirgusidir.
She’riyatda, shoirlikda, bir kinorejissyor uqtirganidek, «boshqalarning mag‘lubiyatini o‘zingning g‘alabang, o‘zingning g‘alabangni esa boshqalarning mag‘lubiyati» deb qaramaslik, o‘zbekona aytganda, keng bo‘lish kerakdir. «She’rni mard odam yozadi» degan haq gap ustozlardan qolgan.
Holbuki, hayotda hayotning o‘zidan-da go‘zalroq bir nima yo‘q, she’riyatda ham she’riyatning, shoirlikning o‘zi, uning did va farosati go‘zaldir. 

* * * 

Alqissa, shoirlik darslari – ado bo‘lmas darslardir. Bu – tuganmas maktabdirki, uning og‘ir sinovlari, bitmas ranju zahmatlariyu alam-iztiroblari bor, hayotning boshqa shodliklariga o‘xshamaydigan sevinchlari bor. She’riyat – o‘zga dunyodirki, unga bu dunyoning hisob-kitoblari, manfaatchalari bilan kirib bo‘lmaydi. Bu qutlug‘ dargohga qismat eshigidan kirgan yanglig‘, taqdirga tik qaragan misol qadam qo‘ymoq kerakdir. Shunday iqtidorlarga shoirlik baxti ham, maktabi ham bir umr muborak bo‘lsin!

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 1-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.