Nemis olimlarining choy ustida amalga oshirgan yangi tadqiqotlari «choyxo‘r» britaniyaliklarda katta xavotir uyg‘otmoqda. Olimlar choy bilan solishtirish maqsadida qator ichimliklarni ham sinovdan o‘tkazganlar, ularning kishilarga ta'sirini o‘rganganlar. Ularning izlanishlari choy haqida ilgari e'lon qilingan xulosalarni yana bir marta tasdiqladi, biroq choy va sut aralashmasi kutilmagan natijalarga olib keldi.
Qora choy qon tomirlarini kengaytiradi, qon bosimini mo‘'tadillashtiradi va yurakning bir me'yordagi faoliyatiga yordam beradi.
Nemis xalqi aniqlikni xush ko‘rmaydimi, bu millat olimlari qo‘shnilarining sevimli ichimliklari xavfliligini isbotlash uchun qator tajribalar ham o‘tkazishdi. 16 nafar ayolning har biriga yarim litr oddiy qora choyga 10 foiz sut qo‘shib, nonushta vaqtida ichirishdi. Xulosalar shuni ko‘rsatdiki, qora choy qon aylanishini oddiy qaynoq suvga nisbatan sezilarli darajada yaxshilagan, biroq choyga qo‘shilgan sut aks ta'sirga olib kelgan.
Olimlar ushbu jarayonni quyidagicha tushuntirishmoqda, choy tarkibidagi inson salomatligiga ijobiy ta'sir ko‘rsatuvchi flavonoidlar sutdagi kazein oqsillari bilan kontsentratsiyaga kirishadi. Natijada, ichimlik tarkibidagi tashuvchilarning me'yoridan ortiq faolligi kuzatiladi. Bu, oxir-oqibat qon tomirlarida zo‘riqish yoki yengil jarohatlanishga olib kelishi mumkin. Ushbu jarayon saraton kasalligining kelib chiqishi uchun qulay sharoit yaratar ekan.
Azaldan ma'lumki, choy nafaqat yurak kasalliklari uchun, balki saraton xastaligini davolashda ham foydali hisoblangan. Hattoki, kuzatuvlar choyxo‘rlarda ovqat hazm qilish tizimi va oshqozon yallig‘lanishi boshqalarga nisbatan ikki baravar kam sodir bo‘lishini namoyish etgan. Nemislar esa choyni foydaliligi nuqtai nazaridan pog‘onalarga bo‘lishdi. Bu borada ko‘k choy eng yuqori o‘rinda turar ekan. Ko‘k choyning doimiy iste'molchilari bosh og‘rig‘i, buyrak kasalliklari va nafas olishda qiynalishlar, qon bilan bog‘liq kasalliklardan uzoqroq yurishadi. Keyingi o‘rinda Xitoyning ulun(ko‘k choyga o‘xshab ketadi, faqat ta'mida farq bor) choyi turadi. U oshqozon-ichak tizimidagi nosozlikdan aziyat chekuvchi bemorlar uchun foydalidir. Eng so‘nggi o‘rinda qora choy turadi. Choyning bu turi qonga tez singishi bilan boshqalaridan ajralib turadi. Shu tufayli qaynoq qora choyning jigar bilan bog‘liq kasalliklarda qo‘l kelishi kuzatilgan. Biroq qora choy sovuganda yoki ancha vaqt turib qolganda yuqoridagi shifobaxshligiga aks ta'sir qilishi ham mumkin.
Choy bilan sutning aralashuvi inson sog‘lig‘i uchun foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltiradi, deb ta'kidlashadi germaniyalik tadqiqotchilar.
«Sut choy tarkibidagi foydali moddalarning biologik faolligiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi, shuning o‘ziyoq sutchoyning biz uchun kutilmaganda xavfli tus olishi mumkinligini ko‘rsatib turibdi, - deydi Berlin kardiologiya klinikalaridan birining professori Verena Shtangl. - Izlanishlar natijalaridan kelib chiqib, saraton kasalligini davolashda choyning ahamiyatini qayta ko‘rib chiqish kerak, deb o‘ylayman».
Germaniyalik tadqiqotchilar fikrlarining isboti sifatida orollardagi qo‘shnilari - choyxo‘r inglizlarni misol qilib keltirishdi. Ularning fikricha, britaniyaliklar Yevropada yurak va saraton kasalligi bilan eng kam og‘riydigan millatlar qatoriga kirishi lozim edi. Biroq unday emas. Ular bu reytingning avvalgi o‘rinlaridan tushmay keladilar. Chunki orolliklarning 98 foizi choylariga sut qo‘shib ichishni xush ko‘rishadi.
«Inglizlar azaldan sut qo‘shilgan quyuq choyga ishqibozlar. Achchiq choy insonga xuddi chekishdek, xumor qilib qaytariluvchi ta'sir o‘tkazadi. Sut esa nihoyatda og‘ir oqsil moddalarga boy. Ikkala ichimlik aralashganda berilishi lozim bo‘lgan foydali xususiyat zararga aylanadi, oddiy qilib aytganda, ikki o‘xshash qutb bir-biridan qochgandek gap, bu», - deya fikrini xulosalaydi Verena Shtangl.
Buyuk Britaniya, o‘z navbatida, tajribalarning ishonchliligi va haqiqatan ham sutchoyning zararliligiga shubha bildirmoqda. Britaniya Kardiologiya markazi yetakchisi Djun Devidsonning fikricha, tajribalar tor doirada amalga oshirilgan va undan chiqqan xulosa milliy an'anaga aylanib ulgurgan odatni o‘zgartirishga qodir emas. «Bizda ishdagi tanaffus chog‘ida choy ichish an'anaga aylangan. Bu kuchli charchoqdan so‘ng yengil tortishga yordam beradi. Chekmaydigan, parhez qiladigan odam uchun sutli choy salomatlik garovi bo‘lib xizmat qiladi», - deb hisoblaydi u.
London universiteti professori Endryu Steptou ancha yillardan buyon choy insonning stress holatiga tushishiga sabab bo‘lishini o‘rganib keladi. Uning fikriga ko‘ra, 200 ga yaqin faol biologik komponentlardan iborat choy o‘z ta'sirini sut oqsillarining aralashuvidan so‘ng o‘zgartiradi. Bu boshqa foydali komponentlarning ta'sirini ham susaytiradi.
Britaniya parhezchilari jamiyati vakili Katrin Kollinz bu borada mutlaqo boshqacha fikrda. U sutchoy oddiy choyga nisbatan foydaliroqligiga ishonadi. Chunki «oqchoy»da toza choyga nisbatan kaltsiy miqdori ko‘proq. «Qora choy ham, «oq choy» ham bir xil foydali, - deydi u. - Shunday ekan, xohlaganingizni ichavering, hammasi sog‘liqqa foyda».
Inglizlarning sut qo‘shilgan choyi bilan o‘zimizning shirchoy(sutchoy)ni almashtirmaslik lozim. Bizning millat sutga choyni qo‘shib qaynatishi va uni ichimlik sifatida emas, balki to‘yimli yegulik sifatida iste'mol qilishi uzoq asrlar davomida shakllangan. Keksalarimizning fikrlariga qaraganda, sutga qora choyning qo‘shilishi insonga tetiklik baxsh etadi, nafas yo‘llarini yumshatadi, mijozi sovuq kishilar uchun issiqlik hisoblanadi. Inglizlar esa ichishga tayyor qilib qo‘yilgan choyga sut qo‘shishadi. Bizda qora quruq choy sutga ta'm kiritish uchun qo‘shilsa, tumanli orolliklarda ichiladigan choyga ta'm kiritish uchun sut qo‘shiladi. Ikki jarayonda sutning xossalari turlicha saqlanadi. Birinchisida sut qaynagandan so‘ng ma'lum miqdordagi og‘ir komponentlardan ajraladi, ikkinchisida, aksincha choy ichimligi o‘zining ba'zi bir shifobaxshliklaridan mosuvo bo‘ladi.
Shunday ekan, nemis olimlari o‘z tajribalarining natijalari bizning shirchoyga qay darajada taalluqli ekanini Markaziy Osiyo xalqlarining sutchoyini tatib ko‘rgach, bilishlari mumkin.
Shahobiddin Musayev
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.