Jahon axborot vositalari 2013 yilgi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti kanadalik adiba Elis Manro(Alice Munro)ga berilgani haqida xabar tarqatganda bu deyarli barcha uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi. Negaki, Nobel qo‘mitasi ostonasida unga nisbatan ancha mashhur Xaruki Murakami va Salmon Rushdi kabi adiblar navbat poylab turishardi: «Aslida kim o‘zi u?», degan savol hammani qiziqtirishi tayin.
Nobel shunday boobro‘ mukofotki, unga sazovor bo‘lgan adibga birdan umumjahon nigohi qadaladi. Kim u, u yaratgan asarlar nima haqida, qay darajada? Buning ustiga, Chingiz Aytmatovday olamshumul adib bu mukofotiga loyiq topilmagani har bir turkiy adabiyot muxlisining izzat nafsiga tekkani ham bor gap.
Adiba Elis Manro tarjimai holiga nazar tashlasak, u 2009 yilda Xalqaro Buker mukofotiga loyiq topilgani, Kanada general-gubernatorining badiiy adabiyot bo‘yicha mukofotiga uch karra sazovor bo‘lgani ma’lum bo‘ladi. U 1931 yil 10 iyulda Kanadaning Ontario viloyatida tug‘ilgan. O‘spirin yoshidan yoza boshlagan ilk hikoyasi «Ko‘lanka mezoni» 1950 yilda G‘arbiy Ontario dorilfununida o‘qib yurgan kezlari chop etilgan. Birinchi to‘plami «Baxtli soyalar raqsi» (1968) yuqori baholangan, ayni shu to‘plam uchun u ilk marta Kanadaning eng nufuzli adabiy general-gubernator mukofotiga sazovor bo‘lgan. «Qiz va ayollar hayoti» (1971) kitobi o‘zaro bog‘liq hikoyalardan tashkil topib, u roman deb nomlangan. 1978 yili «Aslida sen o‘zing kim?» to‘plami uchun unga ikkinchi marta general-gubernator mukofoti beriladi. 1979-1982 yillari E.Manro Avstraliya, Xitoy va Skandinaviya mamlakatlarida ijodiy safarlarda bo‘ladi. U o‘tgan asrning 80 — 90- yillari davomida har to‘rt yilda bittadan hikoyalar to‘plami chop ettiradi. 2002 yilda adibaning qizi Sheyla Manro o‘z bolaligi va onasi haqidagi xotiralarini nashr ettirdi.
E.Manroning «Ayiq tog‘dan oshdi» hikoyasi rejiseyor Sara Polli tomonidan «Undanolisda» nomi ostida 2006 yilda ekranlashtirilgan. Adibaning «Mo‘l-ko‘l baxt» (2009) nomli qissasi birinchi rus ayol matematigi Sofya Kovalevskaya hayotiga bag‘ishlangan. O‘tgan yilning yozida 82 yoshli Elis Manro adabiyotni tark etishini e’lon qildi. 2012 yil kuzida nashr etilgan «Qadrli hayot» (Oeag Life) hikoyalar to‘plami uning so‘nggi kitobi bo‘lishi lozim.
Nobel mukofoti qo‘mitasining qisqa ta’rifida aytilganidek, unga «zamonaviy hikoya ustasi» sifatida mukofot berilgan. U Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan ilk Kanada yozuvchisidir. Ma’lumki, Kanadada frantsuz tilidagi adabiyot ham bor. Elis Manro esa ingliz tilida ijod qiladi.
Adiba ijodiga berilgan ayrim baholarga quloq tutsak. Shved akademiyasining doimiy kotibi, professor Peter Englund sovrindor nomi e’lon qilingandan so‘ngshunday degan: «Elis Manro Chexovga yondosh an’analar doirasida ijod qiladi, u novella janrini mukammal darajaga yetkazdi». Adiba hikoyalarini rus tilida chop etgan «Inostrannaya literatura» jurnali bosh muharriri, adabiyotshunosva tarjimon Aleksandr Livergant Manroni Chexov bilan taqqoslashni «kulgili» deb ataydiki, uning fikricha, «Manro hikoyalari butkul boshqacha, anchayin quyi saviyada, lekin u G‘arbning baquvvat yozuvchisi, yaxshi ruhshunos, a’lo stilist».
X.Blum fikricha, Manro iste’dodini XX asr hikoyachiligining yirik ustalari bilan (Blum 20 nomni sanaydi) yonma-yon qo‘yish mumkin, lekin ushbu janrning o‘nta buyuk muallifiga (Chexov, Borxes, Joys va boshqalar) yutqazadi, chunki unga «buyuk san’atga xos junun» yetishmaydi.
Adiba ijodi haqida yana bir muhim gap. K.J.Meyberrifikricha, Manro o‘z faoliyati davomida til paydo bo‘lishidan oldingi tajriba, tilga aloqasiz va butkul shaxsiy haqiqat mavjudligini ta’kidlab keladi. «Peshona» hikoyasining bir joyida qadimgi yunonlarning irratsionallikka ruju qo‘ygani haqida gap bor. Irratsionallik esa aql bilan bilib, mantiqiy yo‘l bilan tushuntirib bo‘lmaydigan, aqldan tashqari holat va haqiqatlardir.
* * *
Yuqorida biz Elis Manro haqida internet xabarlari asosidagi ma’lumotlarni keltirdik. Ushbu xabarlarda aytilishicha, hozircha adibaning to‘rt hikoyasi rus tiliga tarjima qilingan. Bular «Qiyofa», «O‘rmon», «Chinakam haet» va «Peshona». Siyosiy sharhlovchi Dmitriy Kosirev yangi sovrindor haqida shunday fikr yuritadi: «Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti maftunkor, shovqin-suronsiz hikoyalarga berildi. Jahon adabiy jamoatchiligi, har qalay uning yetuk namoyandalari bir tarafdan oldi-qochdi, ur-sur bitiklardan, boshqa tomondan olamshumul ramziy pritchalardan, «Uliss»namo boshqotirishlardan bezdi, shekilli. E.Manro asarlari, har qalay biz tanishgan to‘rt hikoya, Kanadaning ovloq go‘shalarida umrguzaronlik qilayotgan oddiy odamlarning oddiy, ammo badiiy tasvir bilan nurlantirilgan hayoti haqida so‘zlaydi. Odobli adabiyot tili bilanso‘zlaydi. Aytaylik, «Peshona» hikoyasidagi qiz qahramoni haqida gapirib, muallif shunday deydi: «Real hayot yolg‘iz haqorat va umidsizliklarga to‘la ediki, u ularni darhol xotiradan o‘chirib tashlashga urinardi». Demak, adibani voqelikdagi noxush, negativ holatlar qiziqtirmaydi. U o‘zi tasvirlayotgan voqelikka, ya’ni badiiy voqelikka poetik joziba baxsh etishga erishadi. Hikoyani og‘rinmay o‘qiysiz. Adibaning badiiy nigohi toza va sog‘lom.
«Peshona» nomli hikoyaning qahramoni Juliet yigirma bir yashar qiz. U maktabda shu yoshdagi qiz uchun g‘alati bo‘lgan fan — lotin tilidan dars beradi. U poezdda dugonasinikiga kelayotib, bir erkak bilan tanishadi. Erkak so‘qqabosh emas, lekin xotini sakkiz yildan beri to‘shakka mixlangan. Qiz bir kuni maktub oladi, u shunday tugallangandi: «Men bot-bot sen haqingda o‘ylayman». Bu gap qo‘shiq naqorati kabi uch karra takrorlanadi. U Erik Porteosning (erkakning ism-familiyasi shunday) uyini topib borganida, odamlar uning xotinini dafn etishib, tarqab ketishgan, Erik ham uyda yo‘q, kechasi ham qaytmasligi aniq. Uyga qo‘shni xotin qarab turgandi. O‘sha xotin qaerdandir paydo bo‘lgan yosh qizning tezroq ketishini istar (besabab rashk), lekin qandaydir kuch Julietni Eriknikida yakka o‘zi tunab qolishga undardi.
Asar baxtli yakunlanadi, Juliet nishonasidagi erkakni topadi. Voqea,tafsilotlardan tashqari, bori-yo‘g‘i shundan iborat. Lekin adiba voqealar o‘rnini mohirlik bilan almashtirib, o‘ziga xos joziba yaratadi. Qahramonning oldingi holati bilan hozirgi kuni dam oldin, dam orqaga o‘tib turadi, ayrim o‘rinlarda esa ular go‘yo birlashib ketayottandek tuyuladi. Asardagi yana bir muhim nuqta: poezdda ketayotgan Juliet o‘zi bilan qadimgi yunon madaniyati haqidagi Doddning kitobini olgan, u kitobga ahyon-ahyon ko‘z tashlar ekan, kitobdagi fikrlar, ya’ni tsitatalar qahramonning holatiga, ko‘zqarashiga yangicha, boshqacha teran ma’no baxsh etadi: «tiriklarning maxdud ko‘zqarashicha, shayton makri bo‘lib ko‘ringan narsalar marhumlarning kengbag‘ir nigohida samoviy adolat namoyishi kabi idrok qilinadi». Bunday fikr hikoyaga kutilmaganda falsafiy ko‘lam olib kiradi.
«Chinakam hayot» hikoyasini mutolaa qilib bo‘lib, zamiriga boqsangiz, bir o‘jar savol tepada muallaq turadi: inson uchun chinakam hayot qaysi voqelikka aylangan, ya’ni bosib o‘tilgan naqd hayotmi yoki bo‘lishi mumkin, lekin amalga oshmay qolgan nasiya hayot? Shu ma’noda, asar qahramoni Dorri Bek yaqin qo‘shni bo‘lib yashaydigan dugonasi qistovi bilan avstraliyalik erkakka turmushga chiqib, o‘sha mamlakatga ketadi. Yillar o‘tib, eri og‘ir kasallikka chalinib vafot etadi, Dorri Yangi Zelandiyada vulqonga ko‘tarilish paytida halok bo‘ladi.
Kanadada qolgan dugona, uning ismi Millisent, eri o‘lib yolg‘iz qolgan, keksa yoshida Dorridan qolgan «uyni buzib, g‘ishtlarini sotish kerak, deydi-yu, lekin bu ishni hozirgacha qilmaganidan o‘zi ham hayron». Hikoya shu tariqa tugallanadi, u o‘quvchi ko‘nglida qalbni orziqtiradigan chuqur bir qayg‘u, mung, achchiq, lekin allaqanday yoqimli mung uyg‘otadi. Odamlar o‘taveradi, narsalar qolaveradi. Kimgadir... Va u kimdir ham o‘tadi. Yana va yana. Sarlavhadagi «Chinakam hayot» balki shudir,deb o‘ylab qolasiz ham. Shunda baribir Manro asarlari munosabati bilan buyuk Chexov nomi tilga olingani bejiz emas, shekilli, deya yana o‘ylaysiz.
Xullas, Elis Manro yuksak mukofotga noil bo‘ldi. Endi u umumjahon e’tiborida. O‘zbek kitobxoni ham adibaning sara hikoyalarini o‘z ona tillarida o‘qishsa nur ustiga nur bo‘lardi, albatta.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 3-son