OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Taajjub...

Bu voqeadan beri kancha vaqt o‘tganini aniq eslolmayman. Yetti yoki sakkiz yil bo‘ldi chamasi. Galdagi o‘tirishimizda bitta do‘stimiz kassetaga yozib olingan she’rni qo‘yib eshittirdi. She’r rostdan ham juda ta’sirli edi. Audio tasmada uni o‘qigan kishini men yillar davomida muallifi o‘zi bo‘lsa kerak, deb o‘ylab keldim. Oradan bir necha yil o‘tib, xayr uchun ham sharr uchun ham bir xilda asqotadigan internet kashf etilgach, uning vositasida mazkur she’rni yana ko‘p bora eshitdim...

Jamila  Badr


TAAJJUB

Mabodo hazrati Muhammad
Uyingizga kelsa nogahon,
Qiziq, bir yo ikki kun tursa,
Qanday holga tusharsiz shu on?

Shubha yo‘qki, eng go‘zal uyni 
Ajratasiz aziz mehmonga,
Totli ovqat, sarxil mevadan
Tortajaksiz mo‘l dasturxonga.

Bu tashrifdan shodligingizni
Mehmonga bot qilgaysiz izhor.
Uyingizning to‘ri uniki,
Xizmatdan-da behad baxtiyor.

Biroq uning siz tomon asta
Kelishini ko‘rarkan, darhol
Chiqarmisiz qo‘l qovushtirib
«Xush kelibiz!» debon bemalol?

Yoki uyga boshlashdan avval
O’zgartirib usti boshingiz,
Turli-tuman jurnal o‘rniga
Qur’on qo‘yib qo‘yasizmi tez?

Tomoshalar ko‘rmoq qasdida
Yoqasizmi oyna jahonni?
Yo zudlikda o‘chirasizmi 
Chiqmay turib ko‘kka fig‘oni?

Balki borib radio simin 
Shiddat bilan uzib tashlarsiz?
Shukur, bir so‘z eshitmadi, deb
Shartta olib buzib tashlarsiz?

Musiqani ko‘zdan berkitib,
Olasizmi hadis kitobin?
Ichkariga qo‘ymaysizmi yo
Eshitmayin deya xitobin?

Qiziq, agar o‘shal payg‘ambar
Siz-la tursa bir yo ikki kun,
Har galgiday o‘z ishingizda
Davom etgaydirmisiz mamnun?

Kunda aytar so‘zlaringizni
So‘zlaysizmi o‘shal damda ham?
Hayotingiz davom etarmi
Avvalgiday kunba-kun ildam?

Qanday bo‘lsa oilada urf 
Shundayicha etarmi davom?
Duo qilmoq og‘ir kelmasmi
Yegandan so‘ng har safar taom?

Har namozga ayni vaqtida
Qovoq uymay turasizmi shay?
Tong otmasdan uyg‘onasizmi
Ibodatga dildan, og‘rinmay?

Kuylarmisiz eski qo‘shiq yo
Eski kitob olinar qo‘lga?
Ko‘rsatarsiz ul zotga balki
Nelar yoqishini ko‘ngulga?

Payg‘ambarni olib ketarsiz
Borar joyingizga har galgi?
Rejangiz ham tamom o‘zgarar
Bir yo ikki kungina balki?

Istarmisiz do‘stlaringizning
Ul hazratni ko‘rishlarini?
Yoxud qaytib ketguncha toki
Sal chetroqda yurishlarini?

Ne dersiz gar butun umrga
Sizning bilan qolsalar ul zot?
Yoki qaytib ketsalar oxir
Yengil tortib bo‘larmisiz shod?

Qiziq, o‘zni tutarsiz qandoq?
Ne ahvolga tushib ul zamon,
Uyingizda hazrat Muhammad
Bir-ikki kun bo‘lsalar mehmon.

Inglizchadan A'zam Obidov tarjimasi
 
...«Payg‘ambar bizga kelsa...» deb boshlanardi bu she’r. Muallifni nima qiziqtirayotgani esa keyingi misralarda oydinlashadi. Agar bir kun payg‘ambar uyingizga tashrif buyursa... Atigi bir necha kungagina. Qo‘qqisdan eshigingizni taqqilatsa nabiy. Qiziq, ne kechardi holingiz?.. Shu shaklda diqqatingizni jalb etadigan she’r payg‘ambar tashrif buyursa, qay ko‘yga tushishimizni taxmin qilishda davom etadi: Xo‘sh, ne qilgan bo‘lardik bizlar, Uni qarshi olishga shoshgan bo‘larmidik, yoki hayotimizning bir bo‘lagiga aylangan, qimmatbaho ashyolarimizni yashirishga urinib, kechikib ocharmidik eshikni? Payg‘ambar uyimizda bo‘lgan paytida ham yermidik hamma vaqt yegan taomlarimizni? Hamma vaqt aytadigan gaplarimizni aytar, kezadigan joylarimizda sayr etishga yana davom etarmi edik? Bizga dunyoning jozibasidan tinmay bahs etadigan do‘stlarimizni yo‘qlagan bo‘larmidik yana? Yoki asl yuzimiz ochilib qolishidan qo‘rqib, hadik bilan yasharmidik? Keyin bir necha kun o‘tib uyimizni tark etsa Nabiy, jonimiz achisharmidi yoki bo‘lmasa, xayriyat qutuldik, degan bo‘larmidik hech uyalmasdan? davomi... 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.