OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tarix tilsimi: Napoleonning sirli o‘limi

Mashhur tarixchilar ham Napoleonning 1769 yil 15 avgustda tug‘ilganiga shubha qilmaydilar. Biroq imperatorning o‘limi borasida gap ketganda turli fikrlar qalashib yotadi. Ayrimlar uni 1821 yil 21 may kuni Muqaddas Yelena orolida qazo qilgan deyishasa, ayrim bu taxminni mutlaqo inkor etishdan ham toymayaptilar... Ehtimol, uning 52 yoshidayoq olamdan o‘tgani rostdir. Buning ustiga, imperatorning o‘ziga o‘zi o‘lim tilagani sir emas. Zahar ichib, narigi dunyoga ravona bo‘lishga jahd qilganligini aytmaysizmi? Lekin, umr shami lipillab-lipillab yonib tursa-da, o‘chmay qoladi.

Napoleonning o‘limi haqida mish-mishlar turlicha. Emishki, Albina degan ayol bilan Napoleon bir-birlarini juda qattiq sevishgan. Vaholanki, Albinaning Montolon ismli eri bo‘lgan. Imperator ko‘pincha vino iste’mol qilar edi. Balki, zahar Montolon tomonidan vinoga qo‘shib berilgandir? Yana kim biladi, deysiz?

Strassburgdagi sud meditsina institutining ikki olimi imperatorning soch tolalarini sinchiklab tekshirib chiqdilar. Tekshirish natijasida shunday xulosaga kelishdi: soch tolalaridagi margimush miqdori me’yoridagidan 35 marta ziyod ekanligi oshkor bo‘lib qoldi. demak, Napoleon oshqozon saratoni kasalligidan vafot etmagan. Imperator zahar orqali narigi dunyoga ravona bo‘lgan!  Milliarder, «Xalqaro Napoleon jamiyati»ning asoschilaridan biri Ben Uayder Frantsiya davlati rahbarlariga murojaat qilib, imperatorning qabrini tekshirib, haqiqatan zaharlanishdan qazo qilganligini dalillar asosida ko‘rsatib berishga bel bog‘lagan.

Imperator qarigan chog‘ida qanday ahvolga tushib qolgan edi? U tinmay yo‘talar,sochlari to‘kilib ketgandi. O‘zi surgun bo‘lgan orolga kelgan kishilarga soch tolalaridan bittadan berib yuborganligini aytmaysizmi? Buning ustiga Imperatorning terisi haddan ziyod sarg‘ayib qolgan. Yana harakterli jihati, Napoleonning lablari birdaniga ko‘karib ketganligi, umrining so‘nggi kunlarida kar bo‘lib qolganligi ham bir qator manbalarda ko‘rsatilgan. 

Ayrimlar Napoleon bir kishi bo‘lmaganligi haqida aniq dalillar asosida fikr yuritadilar. Demak, uning qiyofadoshlari ham bo‘lganligi sir emas. Kipriani degan kishini ham Napoleon deya ataganlar. Ammo, u haqiqiy Napoleondan uch yil avval qazo qiladi.

Bu kabi misollar ko‘p. Shunday dalillarga asoslanib ayrimlar imperatorning o‘limi haqida turli taxminlarni ilgari suradilar. 

Napoleon katta davlatlarni zabt etib, hatto butun dunyoga hukmron bo‘lishni orzu qilgan bo‘lsa-da, havas qiladigan darajadagi hayot kechirdi, deyish mushkul. Umrining bir qismi tutqunlikda, hatto surgunda o‘tganligi ham manbalarda qayd etilgan. Lekin u anoyilardan emasligini ko‘rsatib  qo‘yadi: surgun paytida «quyonning rasmini chizadi». Hatto bir kundayoq o‘z imperatorlik kursisini egallab oladi. Uch oydan oshiq vaqt oliy mansab kursisini hech kimga bermaydi.

Lekin, taqdir uni yana olis go‘shalarga itqitib yuboradi. Endi u Muqaddas Yelena orolida tutqunlikda umrining so‘nggi daqiqasigacha olti yil umr kechiradi. Hattoki uning xufyona dushmani Montolon ham oxirgi damgacha u bilan birga bo‘lganligiga nima deysiz? Balki Napoleon Montolon tomonidan zaharlanganligi haqidagi dalillar rostdir?

Napoleon hayoti haqiqatan ham sirli bo‘lgan. Bunga ayrim misollar keltira qolaylik.

Bir kuni Lenorman degan folbinning oldiga Jozefina degan ayol keladi va shunday javob oladi:

— Shoshilmang xonim, biroz muddatdan keyin butun Frantsiya sizning qo‘lingizda bo‘ladi!

Qiziq, nahotki folbin rost aytayotgan bo‘lsa? Tovlamachi emasmikin? Xuddi shu folbinga Napoleon ham keladi. Folbin unga deydi:

Mana siz ham keldingiz, mening hazratim. Sizning nikohingiz allaqachon hal bo‘lgan. Sizning o‘z qaylig‘ingiz bilan uchrashuvingiz qolgan, xolos. Siz oltita yuksak vazifada ishlaysiz. Tojga egalik qilasiz, qirq yoshgacha shuhrat nurlariga cho‘milasiz, qirq yoshingizda yoringiz Olloh tomonidan sizga yuborilganini unutasiz va uni tashlab ketasiz. Bu barcha inqirozlaringizning boshlanishi bo‘ladi. Siz yolg‘izlik iztiroblarida umringizni yakunlaysiz. Barcha yaqinlaringiz sizdan yuz o‘giradilar.

Tabiiyki, Napoleon bu hayratomuz gaplarga ajablanadi va nima deyishni bimasdan lol qoladi. Hatto bu gaplardan g‘azablanib ketadi.

— Nimalar deyapti bu jin urgur? Nega men birovlarning gapiga kirib folchiga keldim?

Lekin, Napoleon qanchalik g‘azab otiga minmasin, bashoratchining so‘zlari to‘ppa-to‘g‘ri edi. U bo‘lajak imperatorning qismatini bashorat qilayotgan edi!

Folbinning aytganlari deyarli rost bo‘lib chiqdi.

Haqiqatan ham Napoleon bitmas-tuganmas xazinalarga ega bo‘lganmi? U Rossiyadan qaytayotganida oltinlarni tashib ketgan, degan mish-mishlar rostmikin? Gumon qilgan kishilar Semlevo ko‘lining tubigacha tekshirib ko‘rdilar. Biroq, xazinadan nom-nishon yo‘q edi.

To‘g‘ri, boyliklarning bir qismini ruslar qo‘lga kiritishadi. Lekin, qolgani qayoqqa g‘oyib bo‘lishi mumkin? Endi ajoyib yozuvchilardan biri Volter Skottning quyidagi so‘zlariga e’tiboringizni qaratmoqchi edim:

— O‘zi bilan olib ketish imkoniyati bo‘lmaganligi va ularning qaytadan ruslar qo‘liga tushib qolishini istamaganligi uchun frantsuz imperatori Moskvada egallagan o‘ljalar — qadimgi buyumlar, to‘plar va katta xochni Semlevo ko‘liga uloqtirishni buyurdi.

Mashhur yozuvchining ushbu gaplari xuddi arining uyasini buzgandek gap bo‘ldi. Har tarafdan oltinga o‘ch odamlar yopirilib kela boshladilar. Hatto Smolensk gubernatori bo‘lib ishlagan N. Xmelnitskiy ham bu boyliklardan mosuvo bo‘lmaslik harakatiga tushib qoldi. Uning buyrug‘i bilan qidiruv ishlari olib borildi. Biroq barcha harakatlar behuda ketdi. 

Jovli Xushboqov
"Turkiston" gazetasidan olindi

 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.