Tarixdan ma'lumki, «Kenigsberg-13» maxfiy laboratoriyasida gitlerchilar psixotrop qurolini ishlab chiqarishar edi. Bu tajribaxona esa Kpaypxof orolining kafedral ibodatxonasi yonida joylashgandi.
Hozirgi kunda bu orol Kaliningradning deyarli markazida bo‘lib, Immanuil Kant nomi bilan ataladi. O‘sha, eski kafedral ibodatxonasidan tashqari bu yerda ushbu faylasufning xoki ham orom olmoqda. Orolchada boshqa hech qanday binolar ko‘zga tashlanmaydi.Biroq bir paytlar bu sokin go‘shada qadimiy irim-sirimlar asosida Reyx g‘alabasini ta'minlash uchun tinmay mehnat qilingan. Knaypxof (hozirgi nomi Kant ) orolida o‘n beshinchi asrdayoq barcha mistik hodisalar haqida erinmay tafsilotlar yig‘uvchi yashirin jamiyatlar paydo bo‘lgan edi. Hokimiyat tepasiga Adolf Gitler kelgach esa, «joduli orol» diktatorning ikkinchi nafasiga aylandi-qoldi. Reyxning ko‘rsatmasiga muvofiq bu yerda yashirin laboratoriya tashkil etilib, undagi amaliyot va tajribalar nemis harbiy doktrinasining asosiy vazifasi bo‘lib qoldi. Kaliningradlik tarixchi Tatyana Veselkovaning aytishicha, mazkur bo‘linma xizmatchilari qarshisida ikkita muhim vazifa turardi. Birinchisi:astrologiya, jodu, gipnoz,turli diniy amallar,fetishlaru qadimgi metafizik tartiblarni o‘rganish. Ikkinchidan: olingan natijalar asosida sharq kontseptsiyasi asosida psixotrop qurolini ishlab chiqish. Mazkur laboratoriyaning mavjudligi to‘g‘risida juda kamchilik bilardi, inchunun, bu tashkilot joylashgan bino ham shunchaki, Kenigsberg-13 deb atalardi. O‘sha paytlarda shaharliklar ko‘pincha g‘alati manzaralarning ham guvohi bo‘lishardi: oroldagi bu binoga oppoq libosli budda monaxlari ham kirib-chiqib yurishardi.
Ikkinchi jahon urushi tugagandan keyin laboratoriyadan qolgan unchalik ko‘p bo‘lmagan arxiv hujjatlarining barchasini hukumat o‘z ittifoqdoshlari bo‘lmish amerikaliklarga ishlab chiqarish uskunalariga alishtirib yuboradi.Shu sababdan ham mazkur arxiv hujjatlaridagi ma'lumotlarga ko‘ra, AQShda ko‘plab hujjatli filmlar suratga olingan, salmoqligina tarixiy asarlar yaratilgan edi.
Ha, bir qarashda, «Kenigsberg-13»dagi olimlarning mashg‘ulotlarini telbalik deb atash ham mumkindek, ammo nailojki bu haqiqatdan ham kam o‘rganilgan, shu bilan birga o‘z ahamiyatiga ega tarixiy faktdir. Bundan tashqari, mazkur bo‘linmada darhaqiqat ilmiy va intelektual salohiyati nihoyatda yuqori bo‘lgan iqtidorli olimlar faoliyat yuritishgan.
Bizning kunimizga qadar yetib kelgan ma'lumotlarga muvofiq, binoning birinchi qavatida turli xalq va millatlarga tegishli asori-atiqalar bilan to‘lib-toshgan edi: bu yerda pravoslav ikonalari ham, buddaviylarning ashyolari, qadimgi vikinglarning turli belgilari bor edi. Binoning yerto‘la qismida esa uy hayvonlarining o‘yib olingan...ko‘z soqqalari bilan to‘ldirilgan ulkan vanna turardi. Barcha binolar laboratoriyaning unchalik ko‘p bo‘lmagan xodimlari jonlarini omon saqlab qola olishlari uchun maxsus yerosti va bombadan qochish yo‘laklari bilan bog‘langan edi. Bu yerga Berlindan kamdan-kam holda keladigan mashinalarni demasa, deyarli hech kim tashrif buyurmasdi.
Xo‘sh, «Kenigsberg-13»dagi okkultistlar aniq nimalar bilan shug‘ullanishgan o‘zi? Ularning faoliyatidan birgina misol keltiramiz: 1944yildagi inglizlarning Kenigsberg ning tarixiy markazini vayron qilgan aviatsiya xujumida ko‘pgina joylar qatori Qirollik qarorgohi ham yonib ketgan edi. Shu bois laboratoriyaga «qasos aktsiyasini» o‘tkazish topshirig‘i beriladi.
Mazkur buyruqni bajarisharkan, olimlar bir paytlar Genri IV qiziga tegishli bo‘lgan eng qadimiy tojlardan birining nusxasini yasaydilar. Shundan so‘ng asirga olingan uch nafar ingliz uchuvchilarining guvohligida quyidagi marosim o‘tkaziladi: tojni ular jirkanch ko‘rinishdagi bir kampirning boshiga kiygizishib, uni kuyib kul bo‘lgan qarorgoh atrofida uch bor aylantirishadi, so‘ng esa tojni yerga urib, chilparchin etishadi-da, undan sochilib ketgan qimmatbaho toshlarning barchasini terib, qora xaltachalarga (Britaniyaga nisbatan yomon ta'sirni bildiruvchi) joylaydilar. Asirga tushgan inglizlar uchun bu nihoyatda haqoratli holat edi. Axir ularning milliy g‘ururi, davlat ramzi ustidan shafqatsizlarcha kulishardi.
Bir qaraganda, yuqoridagi voqea kishining kulgusini qistatadi. Ammo tarixchilarning guvohlik berishlaricha, urushdan keyingi davrda Britaniya xalqi Uinston Cherchillning nomzodini yangi muddatga tasdiqlamadi va boz ustiga qirollikning o‘zi ham ichki va tashqi siyosatga nisbatan o‘z ta'sirlarini butunlay yo‘qotib bo‘lgan edilar. Bundan tashqari, saroy endilikda bulvar matbuotning ermak mavzusiga aylanib qolgandi.
Vaholanki 1942 yildayoq Cherchillga uning nusxasi bo‘lgan qo‘g‘irchoq (chuchelo) ustida Knaypxofdagi laboratoriyada qattiq ishlov olib borilayotgani to‘g‘risida axborot berilgan edi.
- «Kenigsberg-13» ning qachon tashkil etilgani,uning aniq sanasi to‘g‘risidagi ma'lumotlar hozirga qadar ma'lum emas. Ammo shuni taxmin qilish mumkinki, bu hodisa Ikkinchi jahon urushidan ilgari sodir bo‘lgan. Tarixdan shu narsa ma'lumki, reyx boshlig‘i va uning atrofidagilarning barchasi turli irim-sirimlaru, jodularga, mistika, okkultizm va demonologiya (iblisshunoslik)ka mukkasidan ketishgan va bunga chin dildan ishonishar edi. Bunga misollar ham yetarlicha topiladi:
SS emblemasi, ya'ni ikkita chaqmoq - ikki baravarga oshiriladigan quvvatning runik belgisi hisoblanadi. Shuningdek, gitlerchilarning jangovor bo‘linmalari «O‘lik bosh»», «Tanasux»(Tananing bir jonzotdan ikkinchisiga aylanishi) deb atalgan, jangchilar bilan esa tevton marosimlari o‘tkazilgan. Shu sabab bunday laboratoriyaning tashkil etilishi reyxning barcha qadriyatlari tizimiga mos edi. Darvoqe, bu shunday xususiyatga ega yagona tashkilot emasdi, xuddi shuningdek, «Annenerbe»»degan tashkilot ham mavjud bo‘lgan. Savol tug‘iladi: xo‘sh, oroldagi okkultistlarning ommaviy bosqinga mo‘ljallangan psixotrop qurolini ishlab chiqarish imkoniyati bo‘lganmi? Buni aniq aytish mushkul bo‘lsa-da, ammo gitlerchilarning ko‘pgina jangovar operatsiyalarida mazkur laboratoriyaning mahsullaridan albatta foydalanilganini inkor etish qiyin.
- Aytish mumkinki, har holda mazkur bo‘linma xodimlaridan biri o‘z vazifasini oxirigacha ado eta olgan. Bu odam bashoratchi va astrolog Gans Shurra bo‘lib, gitlerchilar hokimiyat tepasiga kelishidan ilgariyoq nemislar orasida katta obro‘ga ega edi. Laboratoriya ishiga jalb qilingan olim 1941 yildayoq Kenigsbergning 1945 yil aprelida vayron bo‘lishini bashorat qilgan ekan. Albatta unga ishonishmagan va uning bu bashoratlari Nostradamus katrenalariga to‘g‘ri kelmasligini aytishgan. Ammo oxir oqibat Shurra haq bo‘lib chiqdi: shu sababdan ham u shahar sovet jangchilari tomonidan ishg‘ol qilinishidan bir muddat ilgari qatl etilgandi.