OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tarmoqli marketing: kimga omad, kimga nadomat

Avtobusda edim. Bekatdan bir ayol chiqib, oldimda o’tirgan hamrohim bilan quyuq so’rashib ketdi. Keyin menga yuzlandi:
- O’qiysizmi-ishlaysizmi? Uyda o’tirib pul topadigan ishni bilaman, kirmaysizmi? Shuncha yil o’qishga to’lagan pulingizni ham chiqarib olardingiz.
- Qanday ish ekan? (ko’z oldimga 4 yil to’lagan shartnoma pulim keldi)
- A’zo bo’lasiz – bo’ldi! Pul topaverasiz. Ishingiz qiyin emas, also qiyin emas. 
- Qanday ish? – savolimni takrorladim men.
- Qonuniy, rasman tasdiqlangan ish. Sizga to’g’ri keladigan, risoladagidek ish. A’zolarimiz ham, mijozlarimiz ham ko’p. Anchadan beri faoliyat yuritamiz, chiroyli ofisimiz bor.
“Obbo, men bundan nima ish qilishim kerakligini so’rayapmanu, boshqa narsalarni gapirib og’zi tinmaydi-ya!”
- Ketingizdan bir yaxshi odamni qo’ysangiz bas, siz hech narsa qilmasdan pul topaverasiz. Davlat ishida yurasizmi oylikni kutib?!
Shunda bu ish tarmoqli marketing ekanligini tushundim. Avtobus oynasidan ko’chaga qarab, o’zimni chalg’itishga, to’g’rirog’i bu ayolga o’zimni chalg’igandek ko’rsatishga urindim. U pinagini buzmay, bir nimalarni gapirishda davom etardi.
- Ho’sh, kompaniyangiz qanaqa? Nimani reklama qilish kerak?
- Voy, reklama qilib yurmaysiz. Tanigan-bilgan odamlaringizga ma’lumot bersangiz bo’ldi. 
Yo’l haqqi to’lash uchun ko’zini bizlardan olib qochganidan foydalanib, sherigimga qaradim:
- Bu ayolni taniysizmi?
- Yo’q, bemalol gaplashib ketganidan sening tanishing deb o’ylagandim. 

“Oriflame”, “Faberlic”, “Mary Key”, “TIENS” (Tyan-shi”), “quest.net”. Bu nomlar sizga notanish bo’lmasa kerak. Yoki mahsulotidan foydalangansiz, yoki kompaniya a’zosi bo’lgansiz. O’tgan bir necha yillar davomida tarmoqli marketing kompaniyalari ham, mijozlari ham ko’paydi. Bir qarasangiz, hamma o’zini shu kompaniyalarga urayotgandek tuyuladi. Kimningdir qo’lida “Oriflame” katalogi, kimdir “quest.net”dan olgan sovg’asini ko’z-ko’z qilsa, boshqasi “Tyan-shi” orqali chet el sayohatiga borib kelganini og’zidan bol tomib gapiradi. Tarmoqli biznes orqasidan uy, mashina, boylikka ega bo’lganlar, millionerga aylanganlarni eshitib, sizni ham bu yangi biznes o’ziga ohangrabodek torta boshlaydi, osonlik bilan millioner bo’lish istagida yonasiz. Aslida qanday? Bu ishga kirganlarning hammasi ham muvaffaqiyatga erisha oladimi? Millionlar topaman deb qo’lidagi pulini ham yo’qotganlar nima qilarkin? 

“Oriflame” kompaniyasi. Dunyo bo’yicha tarqatadigan mahsulotlarining 90,2 foizni Shvetsiya kosmetika mahsulotlari, 6,2 foizni uy uchun kerakli buyumlar, shuningdek kiyim-kechaklar, maishiy va sovg’abop tovarlar tashkil qiladi. Yiliga 17 ta katalog, 3 haftada bir yangi mahsulot taqdim etadi. 7 yarim ming ball bilan “menedjer”, keyingi 7 ta katalog davomida shu ko’rsatkichni saqlab turish bilan “direktor”, qo’l ostidagilardan ikkita direktorni chiqarish bilan “oltin direktor” unvonini oladi. Kompaniyaning “Sotuvchi bo’lma – katalogning o’zi sotadi” degan gapi bor. Insonlarga oddiy va oson yo’l bilan pul topishni taklif qiladi. Barcha tarmoqli marketing kompaniyalari kabi “piramida” usulida biznes daromadini tashkil qilgan, ya’ni bir a’zo kimnidir biznesga jalb qilsa, yangi a’zoning faoliyatidan (mahsulotlarni sotib olishi, a’zo taklif qilishi) u odamga ham ball qo’shilaveradi. 

Shahnoza Odilzoda, talaba: Bir ayol “Oriflame” mahsulotlarini sotib, 100 ball to’plasam, simka sovg’a qilinishini aytib qiziqtirdi. Aytganini qildim. Lekin turli bahonalar qilib, sumkani bergani yo’q. 100 ball to’plagan mehnatim bir pul bo’ldi. “Oriflame”ga a’zo bo’lib foyda ko’rmadim.

Sevilya Rasulova, xaridor: “Oriflame”ga tez-tez buyurtma berardim. Lekin mahsulotlarning aynan men tanlagan rangi kelmas, yo umuman ololmay qolardim. Bir marta kremga buyurtma berdim, ozgina o’tmay, kompaniya a’zosidan buyurtmani bekor qilishni so’radim. Krem xarid qilish fikridan qaytgandim. U esa “Mahsulotni olmasligingiz mumkin, lekin pulingiz qaytarilmaydi, bank hisobiga tushirib bo’lganmiz” dedi. Bozordan xarid qilgan narsangizni qaytarib olib borishingiz mumkin-u, tarmoqli marketing mahsulotini qaytara olmas ekansiz-da!

Aziza Usmonova, “Oriflame” kompaniyasi a’zosi: “A’zo bo’lganimga 7-8 oycha bo’lib qoldi. 2800 so’m to’lagandim, hozir 300 so’mga ham a’zo bo’lishayotgan ekan. Hali qo’limga daromad pulimni olganim yo’q. Menga foydali tomoni har oy katalog kelishi va undan chegirma bilan narsalarga buyurtma berishim. Pul topmayman. Chunki hozir yosh bolam bo’lgani uchun darslariga borolmayapman, ko’chaga chiqib odamlarga taklif qilolmayapman. 

Demak, “uyda o’tirib pul topasiz” deb ishontirishlari mantiqqa to’g’ri kelmaydi. Kompaniya hizmatida yuqori “yulduz”larga ega bo’lish uchun tinmay harakat qilishingiz, kerak bo’lsa ko’chada duch kelgan insonga kompaniya mahsulotlari va a’zo bo’lishni taklif qilib yurishingiz kerak. Shunday ekan, reklamalaridagi “oddiy uy bekasidan millionerga aylanish” iborasini olib tashlashlari (siz uchun esa ishonmaslik) to’g’ri bo’ladi.

Yanvar oyida “Oriflame” kompaniyasining “Toj mahal” kinoteatridagi tantanali yeg’ilishida qatnashgandim. Unda ko’p ball to’plab, tizim doirasida yuqori lavozimlardan biriga erishgan 60-70 yoshlar orasidagi kishiga so’z berishdi. Otaxon bu biznes orqali Xaj safariga yetarli mablag’ to’plabdilar. Yana bir kelinchak esa Umra ziyoratiga shu ishdan to’plagan puli bilan borib kelganini aytdi. Bu yosh ayolni tushunish mumkin, har oy o’ziga kerakli kosmetik mahsulotlarni sotib olsa ham ancha-muncha ball yeg’ib oladi, katta yoshli, buning ustiga erkak kishining bunchalik muvaffaqiyat qozongani haqida sensatsion maqola yozgim keldi. Har xolda choyxonaga katalog  ko’tarib bormasalar kerak. Bilmadim, balki tarmoqli marketingning “piramida” qoidasi qo’l kelgandir, ular haqida ortiqcha gumonga borish niyatim yo’q, nima bo’lganda ham omadlarini bersin!

“Quest.net” kompaniyasi. 11 yil muqaddam ish boshlagan qimmatbaho taqinchoqlar, soatlar, telekommunikatsiya vositalari (maslan, qo’l telefonlari), sog’lomlashtiruvchi va kosmetik mahsulotlar  taqdim etuvchi kompaniya. U birgina firma va uning mahsulotlariga ihtisoslashmagan, bir necha gigant kompaniyalar bilan hamkorlik o’rnatgan bo’lib, dillerlari orqali o’sha mahsulotlarni reklama qiladi. 

Erkin Jo’rayev, “quest.net” kompaniyasi a’zosi: 6 oy oldin do’stimning taklifi bilan tizimga a’zo bo’ldim. A’zolik badali to’lanmaydi, 400 dollarga platinadan yasalgan taqinchoq sotib oldim xolos (“xolos”?! – muallif taajjubi). “Quest.net”da bir gap bor: “Bu biznesda darrov boy bo’lolmaysiz, lekin aniq boy bo’lasiz”. Men ham hali balansimni tashkil qilolganim yo’q. O’zi maqsadim ko’pchilikka o’xshab pul topish bo’lmagan. “Quest.net”da omadsizlikka uchrash sababi jamoa bilan ishlay olmaslik va tarmoqli marketing haqida hech qanday bilimga ega bo’lmaslik, deb o’ylayman. 

Bu tizimga minglab insonlar: talabalar, ishchi-hizmatchilar, uy bekalari, hatto ziyolilaru pensiyadagilar ham o’z orzulari, tez orada mo’may daromad orttirish ilinjida kiradilar. Sizning kim bo’lishingizning ahamiyati yo’q, talab qilinadigan yagona hujjat – pasport nusxasi. Bunga tarmoqdagilar “Diplomni sotib olish ham mumkin, bizda yaxshi, rasmiyatchilik kerak emas ” deb izoh beradilar. Tarmoqli marketing kompaniyasini tark etolmaysiz, sizni hech kim chiqarib yubormaydi. O’z xohishingiz bilan ishlashni tashlab qo’yishingiz esa mumkin. 

“Faberlic” kompaniyasi. Turli xil kosmetika, attorlik mollarini taqdim etuvchi kompaniya. 10 yil oldin Rossiyada faoliyat boshlagan. 600 000 dan ortiq konsultantlari, 4000 dan ortiq aktivlari bor. 1 ball uchun 855 so’m, 3000 ball uchun “direktor” darajasi beriladi. 

Nozima, “Faberlic” kompaniyasida ‘direktor” darajasiga yetganlardan:
 Bizning ishimiz qonuniy, mahsulotni buyurtma bergan kuningizoq olasiz. O’zingiz uchun buyurtma bersangiz, 35 foiz chegirma bor. Yana, … 
(gapini bo’ldim)
- Bir oyda qancha pul topishim mumkin?
- Hammasi sizning qo’lingizda. Masalan, bir oyda 100 ming, 200 ming, 1 million… 
- Lekin hamma ham bunday natijaga erishavermaydiku. Masalan, men tanishlarimni a’zolikka ko’ndirolmasam, mahsulotlarni sotib ololmasam, kompaniyadan qanday foyda ko’raman?
- Bunda ham foyda olaverasiz. Mana mening jamoamda 500 ta odam bor. Shulardan 20 tachasini shaxsan taklif qilgan bo’lsam kerak. Qo’l ostingizdagi odamlar yaxshi ishlasa bo’ldi, o’z-o’zidan sizga pul kelaveradi, ishlamasangiz ham. 

Kompaniya a’zolari sizni o’z qatorlariga qo’shish maqsadida (sizni ham millioner qilish uchun emas, siz tufayli ball olib, millioner bo’lish uchun) turli psixologik yo’llardan foydalanishadi, bu ishga mukkasidan ketgan inson uchun “qarindosh”, “xamkasb”, “do’st” yo’q, ularning hammasi “mijoz” bo’lib qolgan. Fikru zikri – tarmoqli marketing orqali pul ishlash, ball to’plash. 

“Tyan-shi” kompaniyasi. 14 yildan beri Xitoy tibbiyoti mahsulotlarini taqdim etib kelyapti. Ayniqsa, shifobaxsh choylari va kalsiy tabletkalari bilan mashhur. Korporatsiya mahsulotlari “TIENS” logotipi ostida ishlab chiqariladi. Hozirgi kunda 4 ta yo’nalish bilan bizning bozorga kirib kelgan: sog’lomlashtirish, kosmetika va attorlik mollari, yuvish vositalari, tibbiyot asbob-uskunalari.

Murod, “Tyan-shi” (TIENS) kompaniyasida “lider” darajasiga yetganlardan:Bizda majburlash yo’q, ishimiz – bilim va axborot berish. Bizning ishimiz – axborot biznesi. “Bir oyda shuncha mahsulotni sotib berishing kerak”, deb a’zolarga majburiyat yuklamaymiz. 
- Oylik qancha?
- Bizda oylik yo’q, daromad bor. Boshqa ishlarda yaxshi ishlaysizmi-yo’qmi, oylik to’lanaveradi. Tarmoqli marketingda esa ishlaganingizga, mehnat qilganingizga qarab haq olasiz. 
- A’zo bo’lish uchun…
- Faqat hujjatlar to’plamini sotib olish va kompaniyada o’z hisob raqamingizni ochish uchun pul to’laysiz. Bilim olish kurslarimiz tekin. 
- Bu ishdan omadga erisha olmaganlar ham bormi?
- Qobiliyati bor odam, omadga erishadi, har doim. Omadga erisha olmaganlar – yalqovlar. “Bu bo’lmaydigan narsa” deb xulosa qilganlar – a’zo bo’lib o’z ustida ishlamaganlar. 

Bir ayolni bilaman, kompaniyada yuqori ball to’plash uchun ikkita farzandini uyida yolg’iz qoldirib, qahraton sovug’u jazirama issiqni bilmay, metro oldida odamlarga e’lon tarqatadi. Ulardan qanchasi telefon qiladiyu, qanchasi a’zo bo’larkin, deysiz. A’zo bo’lgan odam esa tezroq yuqori pog’onalarga ko’tarilishni ko’zlaydi. Chunki u yaqinlariga daromadli biznes haqida to’lib-toshib gapirib bergan, ular oldida millionerning jonli misoli bo’lish uchun har narsaga tayyor. 

Tarmoqli marketingga a’zo bo’lganlarga bir narsa deb gap uqtirishimga ko’zim yetmaydi. Bilaman, sizlarni juda ko’p o’qitishdi, o’z g’oyalarini singdirishdi, miyyangizga e’tirozlardan himoyalanuvchi “mehanizm” o’rnatilgan. Aytmoqchi bo’lganim hali bu biznesni tatib ko’rmaganlarga. Oldingizda ikki yo’l bor. Birinchisiga ko’ra tarmoqli marketing kompaniyasiga a’zo bo’ling va chindan ham millioner bo’lishni xohlasangiz, bundan boshqa narsani o’ylamang. Oila a’zolaringizdan tortib yuz ko’rmas bo’lib ketgan tanishlaringizgacha biznesni taklif qiling, kerak bo’lsa-bo’lmasa mahsulotlarini sotib oling – ball to’playsiz, pulini chiqarib olishingizni o’ylab o’tirmasdan gazetalarga e’lonlar bering. Balki bir kun kelib orzuingizdagi daromadni olarsiz, balki biron yildan so’ng direktor ham bo’larsiz… Ikkinchi yo’l – ortiqcha narsalarga vaqtingiz va pulingizni sarflamasdan har kuni o’z ishingizga borib, mas’uliyatdagi vazifalaringizni bajaring, hotirjam hayot kechiring va real maoshni kuting!

P/S: Tarmoqli marketing haqida birinchi bo’lib biz yozmayapmiz. Turli ommaviy axborot vositalarida aks ettirilgan tanqidiy fikrlar kompaniya boshida turganlarga yetib borgach, ular buni “buyurtmali maqola”, ya’ni bir tarmoqli marketing kompaniyasining ikkinchisiga bo’lgan nosog’lom raqobati, deb baholabdilar. Ogohlantiraman, mening hech bir tarmoqli marketing tizimiga aloqam yo’q. Ulardan na kuyib qolganman va na boyib. 

Internetda biznes: yana bir ertak


Ba’zi saytlarga kirsangiz yoki elektron pochtangizga yuborilgan xat orqali bir e’longa ro’baro’ kelasiz. Qarang-a, siz nafaqat internet uchun pul ketqizasiz, balki u orqali pul ham topishingiz mumkin ekan. Bu uchun ma’lum saytlarni ochishingiz va unga joylashtirilgan reklama sahifasini bir necha daqiqa ochiq qoldirishingiz kerak. Shuningdek, bu haqida onlayn do’stlaringizga habar berasiz va ularni a’zolikka taklif qilasiz. Bir sahifaning ochilishi ham do’stingizga, ham sizga ball qo’shadi. Oson ish, shundaymi? Ammo bundan siz emas, boshqalar manfaatdor. Kompyuter antiviruslarini sotuvchi kompaniyalar shunday saytlar bilan hamkorlik qilib olar ekan, ya’ni reklama sahifasini ochganingizda internetdan virus “yuqishi” jadallashadi va siz antiviruslarga ehtiyoj sezasiz! 

Durdona Alimova

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.