Zahiriddin Boburning Toshkent shahriga doir qarashlari uning toj-taxt uchun kurash va yashash davri bilan bevosita bog‘liq. "Boburnoma"dagi 1502-1503 yillar voqealari tasvirida jami 21 marta Toshkent nomi zikr etiladi, faqat ikki marta 1510 va 1528 yillar voqealari bayonida Bobur shaxsiyatiga daxldor bo‘lmagan holda - tarixiy joy nomi tariqasida keltirilgan.
"Boburnoma"ning dastlabki sahifalari 1494 yil voqealari, Farg‘ona viloyatining tasviri bilan boshlanadi. Muallif Isfara viloyati haqida so‘z yuritar ekan, Movarounnahrning Shayboniyxon tomonidan egallanishi tarixiga to‘xtaladi: "Muhammad Shayboniyxon Sulton Mahmudxon bila Olachaxong‘a shikast berib, Toshkand va Shohruxiyani olg‘on mahalda, ushbu So‘x bila hushyor ko‘hpoyalarig‘a kelib, bir yilg‘a yovuq tanqisliq bila o‘tkarib, Kobul azimati qildim".
Ushbu tarixiy dalilda biz ikki muhim faktga duch kelamiz. Bu voqeadan oldingi Boburning Toshkent va uning xonliklari bilan bo‘lgan munosabati zaminida, aniqrog‘i, shahar Shayboniyxon tomonidan zabt etilgunga qadar Toshkent shahriga xon bo‘lgan Boburning ona tomonidan qarindoshlari hamisha unga panoh bo‘lganlar.
Temuriylar saltanati davrida Toshkent va Shohruxiya shaharlari 1506 yilga qadar Chig‘atoy xonlari tasarrufida bo‘lgan. "O‘shal fursattin tarix to‘qquz yuz sekkizgacha Toshkand va Shohruxiya viloyati Chig‘atoy xonlarining tasarrufida edi, - deb yozadi Bobur. - Bu fursatta mo‘g‘ul ulusining xon va sultonlig‘i Yunusxonning ulug‘ o‘g‘li, mening tag‘oyim Sulton Mahmudxonda edi. Umarshayx mirzoning og‘asi, Samarqand podshohi Sulton Ahmad mirzo va mo‘g‘ul ulusining xoni Sulton Mahmudxon, chun Umarshayx mirzoning badmaoshlig‘idin mutazarrir erdilar, bir-birlari bilan ittifoq qilib, Sulton Ahmad mirzo Sulton Mahmudxonni kuyov qilib, mazkur bo‘lg‘on tarixda, Xo‘jand suyining janub jonibidin Sulton Ahmad mirzo va shimol tarafidin Sulton Mahmudxon Umarshayx mirzoning ustiga cherik torttilar".
"Boburnoma"da temuriy shahzodalar bilan bog‘liq saroy ayollarining saodatli, ammo ko‘pincha ayanchli taqdirlariga oid ma'lumotlarga duch kelamiz. Ularning bir qismi Toshkent xonligi va, umuman, Toshkent shahri taqdiri bilan ham bog‘liq. Bu tahlikali voqealar, zodagon ayollarning taqdiru qismatiga molik voqealar, yuqorida qayd etganimizdek, Toshkent shahri turli sulton va shohlarning qo‘lidan qo‘liga o‘tganligi zaminida vujudga kelganligini ko‘ramiz. Zahiriddin Bobur ushbu ma'lumotlarni otasi Umarshayx mirzoning ahli ayoli zikrida keltirib "o‘zgalardin kichik bir qizning ulug‘ Sulton Nigorxonim edikim..." deb boshlab, Sulton Nigorxonimning mardona xususiyati, o‘ktamligi haqida fikr yuritadi. U saroy ahlining hech biridan so‘ramasdan, bildirmasdan Toshkentga panoh izlab keladi va niyatiga erishadi. Biroq, taqdir uni ko‘p sarson-sargardon qiladi. Bobur bu masalaga ham xolis yondashadi: "Sulton Mahmud mirzo o‘lgandin so‘ng o‘g‘lini olib, hech kimga xabar qilmay, Toshkandg‘a og‘alarig‘a borib edi. Bir necha yildin so‘ng Adik Sultong‘akim, Chingizxonning ulug‘ o‘g‘li Jo‘ji nasli qozoq sultonlaridindur, berdilar. Xonlarni Shayboniyxon bosib Toshkand va Shohruxiyani olg‘onda o‘n ikki mo‘g‘ul navkari bila qochib Adik Sultong‘a bordi. Adik Sultondin ikki qizi bo‘ldi, birini Shayboniyxon sultonlarig‘a, yana birini Sulton Sa'idxonning o‘g‘li Rashid Sultong‘a berdi. Adik Sultondin so‘ng qozoq ulusining xoni Qosimxon oldi... Qosimxon o‘lgandan so‘ng xonim Koshg‘arg‘a, Sulton Sa'idxon qoshig‘a keldi".
Albatta, Toshkent shahrining 2200 yillik tarixidagi har bir lahza, kim shaharga bosh bo‘lganiyu, kim uni saltanatdan ayirgani ilm uchun ham, tarix ilmi bilan qiziquvchilar uchun ham muhim deb bilamiz. "Boburnoma"da Sulton Ahmad mirzo - temuriy sultonlardan birining nomi tez-tez tilga olinadi, muallif u haqda asosan ijobiy fikr bildiradi. Boburga Sulton Ahmad mirzo amaki bo‘lib, u muayyan muddat Toshkent va Sayramni Boburning otasi Umarshayx mirzoga beradi. Bobur Sulton Ahmadning urush va muhorabalarini yoritar ekan, uning Toshkent va uning atrofida bu shaharni egallash, o‘z tasarrufiga kiritish uchun ko‘p jangu jadallar bo‘lgani, ular olib borgan kurashlarni quyidagicha tasvirlaydi: " Yana bir martaba Toshkand navohisida, Chir suyining yoqasida Sulton Mahmudxon bila... bir-biriga boqmay buzuldilar, ko‘prak cherik eli Chir suyida g‘arq bo‘ldilar."
1497 yildan boshlab Zahiriddin Bobur taqdiri bilan Toshkent xonligida yuz bergan voqealar bir-biriga bog‘lanib borgan. Farg‘ona va Samarqand taxtidan noumid bo‘lgan, avvallari bu ikki strategik jihatdan muhim shaharga egalik qilish niyatida bo‘lgan Boburning umidi uzilib, endi o‘zi Toshkentdagi xon dodalari ko‘magi, harbiy yordamiga muhtoj bo‘lib qoladi. Biroq, hamma joyda Boburga nisbatan dushmanona munosabatda bo‘lgan shaxslar bu yerda ham unga qarshi ish olib bordilar. Shu yillari Bobur Xo‘jandda vaqtincha panoh topganida g‘animlari uning yaqin kishisi Xalifani undan yiroq tutish maqsadida fitna gaplar qiladilar va Bobur ko‘ngliga juda yaqin bo‘lgan bu do‘sti, maslahatchisini boshqa shaharga emas, aynan Toshkentga borishini ma'qul ko‘radi. Buning ustiga bosh vazir darajasidagi shaxs - Qosimbekni ham Toshkentga jo‘natib, masalani ijobiy hal etish, Andijonga borish yo‘llarini qidiradi. "Boburnoma"dagi bu tarixiy voqealar aynan Toshkent xonligi va uning atrofidagi joylarda o‘tgan: "Xo‘jandqa kelgach, ba'zi munofiqsheva ellar Xalifani mening eshigimda ko‘ra olmadilar. Muhammad Husayn mirzoni va ba'zilarni bariy qildilar. Xalifag‘a Toshkand sari ruxsat berildi. Qosimbekni Toshkandga xon qoshig‘a yuborib, Andijon ustiga yurimakni istid'o qilindi. Xon ham cherik tortib, Ohangaron julg‘asi bila kelib, Kandirlik dobonining tubiga tushganda men ham Xo‘janddin borib xon dodamni ko‘rdim. Kandirlik dobonini oshib Axsi tarafig‘a tushuldi".
Zahiriddin Bobur boshqa temuriyzodalardan farq qilgan holda, bobosi Amir Temur saltanatini bor bo‘y-basti bilan qayta tiklash, unga rahbarlik qilish maqsadi bilan o‘spirinligidan yonib yashagan, Bobur Toshkentga - xon dodasiga yordam berish maqsadida harakatga tushar ekan, "chun saltanat dag‘dag‘asi va mulkgirlik doiyasi bor, bir qatla, ikki qatla ish yurimagan bila boqib o‘lturub bo‘lmas. Andijong‘a yurimak xayoli bila ko‘mak tilay, Toshkandg‘a xon qoshig‘a bordim".
Matnga e'tibor beraylik: Boburning Andijon taxtiga erishishi Toshkentdan yetadigan ko‘makka bog‘liq bo‘lib turibdi. Bobur Toshkent xonidan olgan ko‘makdan keyin "Xo‘jandta tavaqquf qilmay, o‘ta chiqib, ilg‘ab, Kandibodomni so‘l qo‘lga qo‘yub kelib, kecha bila shotu qo‘yub Nasux qo‘rg‘oninikim, Xo‘jandtin o‘n yig‘och yo‘ldur, Kandibodomdin uch yig‘och, o‘g‘urlab olduk", der ekan, naqadar shiddat bilan qo‘shimcha hududlarni tasarrufiga qo‘shishga intilganini ko‘ramiz. Mazkur matndagi "tavaqquf qilmay", "o‘ta chiqib", "ilg‘ab", "so‘l qo‘lda qo‘yub", "kecha bila shotu qo‘yub" kabi so‘z va iboralar Boburning maqsadi sari shoshib intilgani, unda mulkgirlik hissi jo‘sh urganligi, buning boisi - Toshkent xonidan olgan yordami ekanligini anglaymiz.
"Boburnoma"da Zahiriddin Bobur uni qadam-baqadam ta'qib qilib yurgan Ahmad Tanbalning kishilaridan qochib turli yurtlarda borib qolar ekan, bu daf'a dovon oshib Maschohga keladi: "Yana dobon oshib Maschoga kelduk. Xotirg‘a kechtikim, mundoq tog‘din tog‘qa aloxon va alomon, viloyatimiz yo‘q, yerimiz yo‘q, turmak betaqribdur, xon qoshig‘a Toshkandga-o‘q boraling".
U "Bizga qurbon iydi Shohruxiyada bo‘ldi. Betavaqquf o‘tub, xon qoshig‘a Toshkandga bordim" der ekan, ko‘ngliga hech narsa sig‘maganini ko‘ramiz. Boburning Toshkent xoni bilan bu galgi uchrashuvi oldingi ko‘rishganlaridan farq qilgan. O‘sha davrning odatiga ko‘ra, shoh, sulton, beklarning huzuriga borgan kishi agar she'r va adabiyotga taalluqli shaxs bo‘lsa, bu arboblar nomiga bitilgan she'r, faxriya, qasidalar yozib taqdim etishi rasm bo‘lgan. Bobur ham toshkentlik xon dodasiga bir ruboiy yozib taqdim etgan. Bu ruboiyning mazmunida xonga nisbatan na madh, na ta'rif-tavsif bo‘lmasdan, unda, aksincha, ruboiy muallifining yuqoridagi mushkul ahvoli, g‘ariblikda chekkan uqubatlari va bu nochor ahvoldan ozurdalanganlik ruhi bor. Bundan tashqari, Bobur bu ruboiy bilan o‘zining she'riyatdagi dastlabki qadamlari kuchini sinagan; ikkinchidan, xon dodasining she'r bilish qobiliyatini she'rshunos sifatida ham baholaganki, bu juda muhim: "Bizga qurbon iydi Shohruxiyada bo‘ldi. Betavaqquf o‘tub, xon qoshig‘a Toshkandga bordim. Bu ruboiyni aytib edim, ma'mul qofiyasida taraddudim bor edi. Ul mahalda she'r mustalahotig‘a muncha tatabbu' qilmaydur edim, xon xushta'b kishi edi, she'r aytur edi, agarchi saru somonliq g‘azali kamroq edi, bu ruboiyni xonga o‘tkarib, taraddudimni arz qildim. Ko‘ngul tiygudek shofiy javob topmadim. G‘olibo, she'r mustalahotig‘a kamroq tatabbu' qilg‘ondurlar. Ruboiy budur:
Yod etmas emish kishinimehnatta kishi,Shod etmas emish ko‘ngulni g‘urbatta kishi.Ko‘nglum bu g‘aribliqtashod o‘lmadi hech,G‘urbatta sevunmas emish,albatta, kishi".Zahiriddin Boburning Toshkentga safari bo‘yicha uning xon bilan qaysi masalada kengroq muzokara olib borganligi haqida ma'lumot juda kam. Shunga qaramasdan, har holda, Toshkent xonligi uchun Shayboniyxonning ham, Ahmad Tanbalning ham dushmanona munosabati aniq bo‘lsa kerakki, Boburning xonga bergan maslahati asosida xonlikka qarashli Pskent va Somsiyrak atrofida mudofaa choralari ko‘rilganligi yosh Boburning harbiy strategik qarashlari o‘sha paytda shakllanganligidan darak beradi.
Zahiriddin Boburning Toshkentda bo‘lgan davri, ehtimol, uning tafakkuridagi eng talotum payt bo‘lsa kerak. Chunki "Boburnoma"da "Oxir mundoq sargardonliqtin va bu nav' bexonumonliqtin jonga yettim. Dedimkim, mundoq dushvorliq bila tirilguncha, bosh olib yitsam yaxshi. Bu nav' xorliq va zorliq bila el bilguncha, oyog‘im yetgancha ketsam yaxshi. Xitoyga bormoqni jazm qildim" desa, quyiroqda fikri yana o‘zgargani, Toshkentga nisbatan osoyishta joyda o‘zining kelajagini qaysi yurt va davlatlar bilan bog‘lashni o‘ylagani, xayollari bir-birini inkor etuvchi rejalar bilan chalkashib ketganini anglaymiz. Uning bir qarorga keldim degan bu rejasini hammadan sir tutganini, hatto "bu xayolimdin hech kishi sohibvuquf ham qilib bo‘lmas edi. Ne jihattinkim, onamg‘a xud mumkin emas erdikim, mundoq so‘zlarni ayta bo‘lg‘ay" deb, Mo‘g‘uliston va Turfonga borishni, shunda barcha mushkulliklar, Shayboniy va Tanbal muhorabalaridan xoli bo‘lishi mumkinligi haqida Toshkent shahrida turib rejalar tuzadi.
Har holda, Bobur Toshkentda kichik xonni kutib oladi va taqdirning charxi Bobur tomonda bo‘lib Toshkent xoni "Toshkandta kelib bot-o‘q Sulton Ahmad Tanbalning ustiga Andijong‘a cherik torttilar. Kandirlik dobonining yo‘li bilan mutavajjih bo‘ldilar. Ohangaron julg‘asi yeta kichik xonni va meni ilgarrak ayirdilar. Dobondin oshib Zirkon va Karnon navohisida ikki xon qatildilar. Karnon navohiysida bir kun dim ko‘rdilar, cheriklarini o‘ttiz ming chenadilar".
Toshkent xonligining harbiy tartiblarining orasida "o‘ron" - bugungi istilohda "parol"ning ishlatilish tartibi Toshkent shahri tarixi uchun ham juda muhimligini alohida ta'kidlash joiz. Masalaning muhim tomoni yana shundaki, muhorabalarni ancha boshidan o‘tkazgan, Bobur uchun ham "Toshkand", "Sayram" so‘zlarining askarlar orasida parol so‘zi sifatida ishlatilishini eshitish qiziq edi. "Boburnoma"da bu manzara garchi Toshkentda emas, Andijon atrofida bo‘lgan bo‘lsa ham "Toshkand" atamasi parol bo‘lgani Toshkent shahri tarixini jiddiy o‘rganish va shunga o‘xshash dalillarni topib bugungi yoshlar dunyoqarashini Vatanga mehr darajasida ko‘tarish mumkinligiga shubha yo‘q. Eng muhimi, ushbu holatning ishtirokchisi Boburning o‘zi bo‘lgani, Toshkent shahri bois Bobur ham buni kitobida batafsil keltirgani muhim. Mazkur holat o‘ta qiziqarli bo‘lganligi bois biz ham bu parchani to‘liq keltirishni ma'qul bildik: "Bu kayfiyat mundoq ekandurkim, Ayyub Bekchikning tumanidin bir necha mo‘g‘ul O‘shdin bizdin ayrilib qozoqliqqa andijonning girdig‘a kelgan ekandurlar. Bizning cherikning g‘avg‘osin eshitib, inchkalik bila ilgarrak kelib o‘rondashurlar. Bu o‘ron ikki nav' bo‘lur: ulkim, har qavmning o‘roni bor, nechukkim, ba'zi qavmning o‘roni "durdona"dur va ba'zining "to‘qboy", ba'zining "lulu"; yana bir tamom cherikka ish mahalida ikki lafzni o‘ron qo‘yarlarkim, ish vaqtida uchrashqonda, biri bir lafzini aytqonda, yana bir ul ma'hud lafzni aytqay, to bu tariq bila el yog‘iydin ayrilg‘ay va o‘z kishisini yotdin farq qilg‘ay. Ul yurushta ma'hud o‘ron alfozi "Toshkand" bila "Sayram" edi. "Toshkand" desa, "Sayram" deyilgay, "Sayram" desa, "Toshkand". Bu orada - sho‘rda Xoja Muhammad Ali ilgarrak ekandur. Mo‘g‘ullar: "Toshkand", "Toshkand" deb kelurlar. Xoja Muhammad Ali sirt kishi iztirobta bo‘lur, muqobalada ul ham "Toshkand", "Toshkand" der. Mo‘g‘ullar yog‘iy kishisi xayol qilib suron solib, tablboz cholib, o‘q qo‘yarlar. Ushbu tariq g‘alat g‘avg‘o bila turmab parishon bo‘lduk".
Shunday qilib, biz "Boburnoma"da Toshkent shahri bilan bog‘liq voqealarning asar muallifi sarguzashtlari va Toshkent xonligida bo‘lib o‘tgan voqealar, shaxslar dunyoqarashi bilan bog‘liqlikda tahlil qilishga harakat qildik. "Boburnoma"ning so‘nggi sahifalarida ham Toshkent haqida ikki-uch marta so‘z borsa-da, ular geografik atama sifatida kelgan va sharhlashga muhtoj emas. Yuqoridagi voqeadan keyin Ahmad Tanbal Toshkent xoni harbiy yurishlaridan o‘z kuchini yo‘qotib, lashkarlari orasida parishonlik bo‘ladi va Zahiriddin Bobur Afg‘oniston - Kobulga yo‘l oladi va u yerda mustahkam davlatini tuzadi.
Hasan Qudratullayev,
filologiya fanlari doktori, professor
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.