OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Umida Rasulova. Qalb bastakori

Taniqli yozuvchi Tog‘ay Murod nasrida so‘z so‘ylaydi, kuylaydi, tasvirlaydi. Adib san’atlararo uyg‘unlikni teran his etib, dunyoni, borliqni bastakor, rassom, me’mor nigohi-la idroklaydi. Asarlari zamiridagi musiqiylik, ko‘lamdorlik muallif tafakkur va tasavvur olamini yaxlit gavdalantiradi. U har bir voqea-hodisa, holatni teran va obrazli tasvirlashga ahamiyat berdi: “Tabiatni to‘lg‘oq tutdi. Atirgullar atriyot anqitdi” (“Oydinda yurgan odamlar”).

Bir xil tovushlar takrori – alliteratsiya, assonansga asoslangan jumlalarda ohangdorlik, mantiqiylik kuchli. Ma’lumki, tabiat tuhfasi – Navro‘z azaliy va qadrli an’analardan. Adib tabiatning to‘lg‘oq, dard bilan yangi kun, yilni insonlarga hadya qilishini shunday badiiy kashf etadi. Atirgulning muattar bo‘y taratishi, qismdan butun yaralishi, xushbo‘y iforning tuyg‘u quvvatlariga ta’siri matnning mazmun qatlamini boyitgan.

Tog‘ay Murod qissalarida zamon va makon tarkibiy yaxlitlikni yuzaga keltirgan. Xususan, tong yorug‘lik, nurafshonlik ramzi sifatida “subhi sodiq”, “sahar mahali”, “tong sahar” tarzida ko‘p qo‘llangan: “Subhi sodiq mahaldan sarrin-sarin sabolar esdi” (“Oydinda yurgan odamlar”).

Real, jonli manzara sezimlarga epkinlik baxsh etadi. Musaffolik qalbga surur, o‘zgacha kayfiyat ulashib, oniy lahzalarni muhrlab boradi, “s” tovushining takrorlanib kelishi ta’sirchan ohang va jarangdorlikni ta’minlaydi.

Inson yaralibdiki, suv, havo, yer, o‘t kabi eng zarur hayotiy unsurlar unga tuhfa etilgan. Adib inson va tabiat muvozanatini asrashday dolzarb muammoni qalamga olarkan, odamzot va nabototning bir tanu jon ekanini badiiy talqin qiladi. Bo‘ri polvon, Ziyodulla kal, Qoplon kabi qahramonlar tabiat farzandi. Ular yer, suvni e’zozlaydilar, sirdosh tutinadilar. Bo‘ri polvon qo‘sh haydab, yerni mehr bilan parvarishlaydi. Bog‘bon Qoplon ona-zamin tuhfa etgan ne’matlarga shukrona aytadi. Dehqonqul esa yer, tuproqni onaday qadrlab, u bilan dard­lashadi. Adibning poetik mahorati ilk bor dala obrazini yaratganda, ya’ni dalani peyzajdan obraz darajasiga ko‘targanida ko‘rinadi: “Dalalarim mudrab-mudrab oldi. Dala ko‘ngli nozik bo‘ladi – vaqt-bevaqt oralay bersa, ko‘ngliga oladi” (“Oydinda yurgan odamlar”).

Jonlantirish vositasida insonga xos sezimlar his etiladi. Keng, bepoyon dala tasviridagi kontrast, ma’no nozikliklari e’tiborni tortadi. Ona tuproqqa ehtirom dalillab ko‘rsatiladi.

Qissalarda suvning tiniq, zilolligi beg‘ubor insoniy tuyg‘ularga uyg‘un tarzda ifodalangan. Qoplon bilan Oymomo ilk bor buloq bo‘yida uchrashadi va shu hodisa sabab taqdirlar tutashadi. Ma’lum muddat ayrilganlarida ham Qoplon buloq bo‘yiga kelib qo‘msash, eslash qo‘shig‘ini kuylaydi. Bu makon tasviriga ma’lum g‘oyaviy-badiiy vazifa yuklangani voqealar rivojida ko‘zga tashlanadi. Suv shaffofligi dildagi g‘uborlarni yuvadi, vujudga rohat, osudalik bag‘ishlaydi. Shu o‘rinda kitobxon yodiga Otabek va Kumushning ariq bo‘yidagi sirli ­uchrashuvi keladi. Bu holat ular qismatida ham tub burilish yasaydi — suv detali muhabbat talqinida muhim ahamiyat kasb etadi. Tiniqlik, poklik ramzi bo‘lmish suv insoniy tuyg‘ular bilan hamohangligi falsafiy-estetik jihatdan dalillanadi.

Tog‘ay Murod qissalarida Momoqiz, Momosuluv, Oymomo ismli badiiy obrazlar bilan tanishamiz. Qiziq, ismlar zamirida qanday ma’no mujassam? Ma’lumki, Momo Havvo odam naslining onasi. Ona degan mo‘‘tabar zot qadim-qadimdan buyon muqaddasdir. Qizaloqlarga ism tanlanar ekan, inson yaralishi, tug‘ilishi, kamol topishiga ishora etiladi. Momo Havvo naslining oriyatli, diyonatli, mehrli avlodlari bu nomga vorisliklaridan faxrlanadilar. Shu bois, adib ayollar fitratini, latofatini rangin bo‘yoqlarda yorqin tasvirlaydi. Xususan, Oymomo ruhiyati ifodasida falsafiy mushohadaning teranligi kuzatiladi. Adib turli kechinmalarni o‘z dunyoqarashi, estetik ideali orqali sintez qilib, betakror obraz yaratadi. Oymomo tirnoqqa zor bo‘lib, farzand ilinjida so‘nggi damgacha umidvor o‘tadi. Onalikni orzu qilgan ayol alla aytar ekan, dili tubidagi dardlar sirtda namoyon bo‘ladi:

“Allada Sherobod dashtlariday anqillab yotmish ko‘ngil nolasi bo‘ldi.

Ko‘ngil dardi bo‘ldi, armoni bo‘ldi.

Ko‘ngil fojiasi bo‘ldi!” (“Oydinda yurgan odamlar”).

Muallif alla vositasida ayol qismatiga ishora qiladi. Ko‘ngil nolasi dasht misoli bepoyon, qat-qat yig‘ilgan fig‘on sirtdan otilib chiqyapti. Nola, armon – tasvirning avj nuqtasi, ma’no kuchaygan, dil torlarining taranglashgan hazin intihosi.

Ayol suyukli yorini otalik saodatiga musharraf etolmaganidan o‘zini aybdor hisoblab ketib qoladi. Umr bo‘yi bir-birini alqab, ardoqlab yashagan er-xotin bu ayriliqdan azoblanadi: “Yurakni yashirsa bo‘ladi. Boisi yurak ko‘rinmaydi. Yurak jamiki dardlarni pinhon tutadi. Ammo ko‘zlarni yashirib bo‘lmaydi. Ko‘zlar o‘zini o‘zi fosh etadi” (“Oydinda yurgan odamlar”).

Mehribon, beg‘ubor, samimiy boqishlarni sog‘ingan Qoplon ayoli ko‘zlariga termulib, uning holati, iztirobini o‘zida tuyadi. Dillar unsiz dardlashadi. Adib bu uchrashuvni go‘yo sahnaga ko‘chiradi. Inson ruhiyatida ­kechmish hissiyotlarga nigoh tashlashda ko‘z tasviridan o‘rinli foydalanadi. Imonli, xokisor, sabrli qahramonlar oy yog‘dusida nurli manzillarga oshiqaveradi.

Tog‘ay Murod millatimizga xos o‘zlik, g‘urur, ­oriyatni talqin etarkan, bir shaxs taqdiri orqali kelajakka ishora beradi. Bo‘ri polvon kurash tushib, tug‘ilgan yurti, eli sharafini himoya qiladi. G‘ururi, o‘zligini asray olgan inson martabasi hamisha baland. Ziyodulla chavandoz ko‘pkariga tushadi. Bunda chavandozlar birikib, hamjihat bo‘lib kurashadi. Birlashgan o‘zar, birlashmagan to‘zar naqlining amali adib asarlarida badiiy talqinini topgan. Bo‘ri polvon, Ziyodulla kal, Qoplon timsolida tanti, mard, g‘ururi ­baland o‘zbek gavdalanadi. Zotan, ularning maqsad-muddaosi o‘zi va elining sha’ni, orini asrash.

Rivoyat, afsonalar xalq donishmandligi mahsuli. Ular zamirida ezgulik, olijanoblik muqimlashadi. Umuminsoniy fazilatlar talqinida asarlar tarkibiga rivoyatlar singdirilishi tagma’noni, tagqatlamni kuchaytiradi. Tog‘ay Murod ilk qissalari tarkibiga rivoyatlarni kiritib, mazmun-mohiyatni boyitgan. “Oydinda yurgan odamlar” qissasida san’at, tarix, falsafa, e’tiqod uyg‘unligi voqealar zanjirini mustahkamlagan. To‘y marosimi, kelin salom, hayit bayrami tasviri vositasida bag‘rikenglik, odamoxunlik, saxovatpeshalik ulug‘lanadi. Navro‘z, sumalak haqidagi rivoyatlar xalq urf-odatlari, madaniyati tarixini ko‘z o‘ngimizda gavdalantiradi. Laylatul qadr, Ramazon bilan bog‘liq rivoyatlarda imon, ­diyonat, qanoat tushunchalari ­teran tahlil qilinadi. So‘fi Olloyor, Hizr, Vaxshimor, ­Qorabuloq afsonalar sirli hodisalarga oydinlik kiritadi. Tasvirdagi originallik, g‘oyaviy-estetik ta’sirchanlik kitobxonga zavq va ma’naviy qoniqish hissini bag‘ishlaydi.

Tog‘ay Murod adabiyot maydoniga yonib kirdi. O‘tkir zehni, nozik didi, ma’naviy-axloqiy qarashlari, badiiy-estetik printsiplari yaratgan qahramonlari fitratida o‘z tajassumini topdi, pirovardida o‘zbek nasrini poeziyaga yaqinlashtirdi. Siqiq jumlalar qatiga keng ma’noni singdira olgan ijodkor zargarona uquv bilan xalq og‘zaki ijodiga xos sehrli ohang va jozibali ­talqinlarni zamonaviy prozaga uyg‘unlashtiradi. Xushohanglik, yorqin bo‘yoqdorlik, falsafiy teranlik Tog‘ay ­Murodning badiiyat olamiga poetik yondashuvining yorqin dalilidir. Adib hayot bo‘lganida oltmish besh bahorni qarshilar edi. Asarlari kitobxonlar qalbidan joy olgan ekan, ­demak, Tog‘ay ­Murod yulduzi porlayveradi.

Umida Rasulova,

O‘zMU dotsenti

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 22-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.