Kitobga insonni shaxs sifatida shakllantiruvchi asosiy vositalardan biri sifatida qaraladi. Lekin negadir so‘nggi paytlarda uning ahamiyati biroz kamayayotgandek. Avvaliga bunga televizorni ro‘kach qilgan bo‘lsak, endilikda kishilarning asosiy axborotni kompyuter orqali internetdan olayotgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Shu sabab yuzaga kelgan turlicha fikr-qarashlar kitobning yaratilish tarixiga yana bir karra nazar solish, ayni paytda ilm manbaining kelajagi to‘g‘risida ham mulohaza yuritishga turtki bo‘ladi.
FIR’AVNNING XAVOTIRI BUGUN HAM O‘RINLI(MI?)
O‘zbekiston Milliy Entsiklopediyasida ta’kidlanishicha, «Kitob — axborot, g‘oya, obraz va bilimlarni saqlash hamda tarqatish, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy, estetik qarashlarni shakllantirish vositasi; bilimlar targ‘iboti va tarbiya quroli; badiiy-ilmiy asar, ijtimoiy adabiyot». Qadimgi yunon rivoyatlarining birida keltirilishicha, ilohlardan biri Germes o‘zi ixtiro qilgan yangi muloqot turi — yozuvni fir’avnga namoyish qiladi va «Bu kashfiyot odamlarga ko‘p narsani esda saqlashga imkon beradi, agar u bo‘lmasa, inson butun hayoti davomida yiqqan bilimlarini vaqti kelib unutishi, kelgusi avlodga yetkazolmasligi mumkin», deydi.
Biroq yangi ixtiro fir’avnni xursand qilmaydi, aksincha u: «Ey aqli zakiy, xotira — bu hayratomuz qobiliyat, iste’dod, boshqacha aytganda, tortiqdir. Uni doimiy saqlash, shakllantirish, oziqlantirishda davom etish kerak. Sening ixtiroing esa odamlar xotirasini buzadi, zaiflashtiradi. Endi odamlar ko‘p narsani eslab qolishga harakat qilmay qo‘yadi», deb norozilik bildiradi.
Bir qarashda, uzoq o‘tmishda shu darajada xavotirga tushgan fir’avnning tashvishlanishini tushunish mumkin, ayniqsa, bugun. Negaki, internet, yangi axborot texnologiyalari (elektron kitoblar, riderlar) hammada bo‘lmasa-da, keng jamoatchilikning ma’lum qatlamida moziyda bo‘lgani kabi hozir ham fir’avnda kuzatilgandek norozi kayfiyat tug‘dirmoqda. Shu o‘rinda bir fikrni alohida ta’kidlash lozim: to‘g‘ri, global tarmoq zarur hollarda insonlar og‘irini yengillashtiruvchi vosita vazifasini o‘taydi. Ammo bu kabi texnologiyalar odamlarning tabiiy xususiyatlariga putur yetkazishi ham mumkin.
GUTENBERGDAN INTERNETGACHA
Kitob bashariyat ma’naviy xazinasining bir qismi sifatida ko‘pbosqichli va ayni paytda juda qiziqarli tarix pillapoyalarini bosib o‘tgan. Qadim manbalarda keltirilishicha, ajdodlarimiz ilk yozuvlarni loy, daraxt po‘stlog‘i yoki metall bo‘laklariga yozishgan. Ilk kitoblarning ko‘rinishi ana shunday bo‘lgan. Qadimiy Rim, Yunoniston va O‘rta Osiyoda esa kishilar tosh, palma daraxti barglari, sopol va boshqa materiallarga o‘z fikrlari, turli ma’lumotlarni bitishgan. E’tiborlisi, o‘sha paytda har bir kitob o‘nlab shunday materiallardan tayyorlangan ulkan «sahifa»lardan iborat bo‘lib, og‘irligi bir necha kilogramgacha yetgan.
Kitob tarixida yangi sahifani ochgan papirusdan ishlangan kitob ilk bor qadimiy Misrda yaratilgan. Uning paydo bo‘lishi esa o‘z navbatida (miloddan avvalgi IV-III mingyilliklarda) o‘rama kitoblarning yaratilishiga asos bo‘lgan. Bunday kitoblarning uzunligi o‘rtacha 10 metr atrofida bo‘lib, ingichka, yumaloq tayoqlarga o‘ralgan va maxsus charm yoki yog‘och g‘iloflarda saqlangan. Miloddan avvalgi II asrga kelib kitob materiali sifatida pergament (qog‘oz kashf etilgunga qadar yozuv materiali sifatida ishlatilgan teri)dan foydalanish keng joriy etila boshlangan.
Keyingi davrlarda qog‘ozning paydo bo‘lishi kitob sanoatini yangi bosqichga olib chiqdi. XV asrda I. Gutenberg tomonidan bosma dastgohning kashf qilinishi esa matbaa sohasining jadal sur’atda rivojlanishiga turtki bo‘ldi. Ammo bir joyda to‘xtamaydigan taraqqiyot XX asrga kelib Gutenberg ixtirosining ham muhimlilik darajasini tushira boshlagandek go‘yo. Chunki internetning paydo bo‘lishi va keng tarqalishi, elektron kitoblarning ishlab chiqilishi ungacha shakllangan stereotiplarni o‘zgartira boshladi.
RIDER — YANGI SHAKLDAGI KITOB
Bugun kitob mutolaasi uchun maxsus moslama — riderni sotib oluvchi xaridorlar soni ancha ko‘paygan. Bu esa, o‘z navbatida, riderlar qulay va ma’qul narxlarda ishlab chiqarilishidan darak beradi. Moslama hajman 200—300 grammni tashkil qilib, qator qulayliklarga ega. Masalan, 1000 sahifalik matnni moslamani quvvatlamay turib ham o‘qish mumkin.
Uning o‘ziga xosliklari va aytish mumkinki, ustunliklari ko‘pchilikda qog‘ozli kitoblarga nisbatan munosabatni o‘zgartira boshladi. Aniqrog‘i, texnik taraqqiyot natijasida yuzaga kelgan kitobning yangicha shakli vaqti kelib qog‘ozli turdagilarini siqib chiqarishiga ishonch tug‘dirmoqda. Xususan, sharhlovchi Aleksey Ekslerning riderlar haqidagi maqolasida bu to‘g‘rida fikr yuritilgan. Unda aytilishicha, elektron siyoh (e-ink)ning vujudga kelishi bu sohada o‘ziga xos inqilob yasab, kelajakda qog‘ozga o‘xshash ekranlar yordamida o‘qish, tushunish osonlashadi. Elektron kitoblar yangi ko‘rinishda namoyon bo‘lishi sababli qog‘oz kitoblarga hech qanday hojat qolmaydi. Yakunda muallif bosma kitoblar o‘z umrining oxirgi pallasini boshdan kechirayotgani, qog‘ozli matbuotni ham ana shunday qismat kutayotgani va «Gutenberg davri», ya’ni qog‘ozli kitoblar asri tugab, nashr uskunalari muzeydan o‘rin olishini ta’kidlaydi. Lekin shu o‘rinda savol tug‘iladi: bunday keskin xulosa asoslimi?
To‘g‘ri, elektron kitoblarning ijobiy xususiyatlari talaygina. Masalan, bitta moslamada, bir necha yuzlab kitoblar jamlanmasini saqlash, qidiruv berishdagi qulaylik, asardagi aynan bitta matnni topish, shriftlar o‘lchamini o‘zgartirish, matn va so‘zlarga bemalol belgi qo‘yish imkonini beradi. Ular bosma kitoblar bilan solishtirilganda, hajman kichik va qulay, bemalol hamyon yoki cho‘ntakda olib yursa bo‘ladi. Shuningdek, riderlar animatsion suratlar, multimedia kliplari va audio fayllardan ham foydanishni o‘z ichiga qamrab oladi. Yana shuni aytib o‘tish kerakki, elektron kitoblar qog‘oz kitoblarga nisbatan chidamli, ulardan foydalanish tabiat(xususan, daraxtlar)ga tahdidni kamaytiradi, tabiiy resurslarni tejashga yordam beradi.
HAMMA JOYDA TAYYOR DASTYOR
«Rian.ru» saytida berilgan statistik ma’lumotlarga qaraganda, katta shaharlarda yashovchi aholi vakillari har oyda 20—50 soat vaqtini yo‘lga
sarflaydi. Shu paytda zerikmaslik uchun audio va videopleerlar, mobil telefonlardagi o‘yinlar, qo‘shiqlar, kliplarga vaqt ajratadi. Bu kabi ermaklar qatoriga hozirgi kunda rider ham kiritilmoqda: odamlar ishga ketayotib yoki uyga qaytayotib elektron kitoblarni mutolaa qilish bilan band bo‘lishmoqda.
Umuman olganda, raqamli shakldagi mutolaa vositasi kitoblar olamida haqiqiy inqilob bo‘ldi, desak adashmaymiz. Hozir nafaqat kitoblar, ommaviy axborot vositalari ham elektron shaklga kirmoqda. Bir qator mutaxassislar besh yildan keyin rider hozirgi kundagi mobil telefon darajasida keng tarqalgan bo‘ladi, degan fikrni bildirgan. Koreyalik muhandislar riderning bir necha xususiyatlarga ega bo‘lgan versiyasini, ya’ni foto-videokamerali, GPS, SMS, MMS va DVD-pleerlar bilan ta’minlangan turini ishlab chiqishgan, shunga qaramay, hozircha uning oddiy turdagisi hamon ko‘pchilik e’tiborini tortmoqda. Lekin...
HAR TO‘KISDA BIR NUQSON
Riderlarning ko‘plab qulayliklariga qaramay, bosma kitoblarga qaraganda, ularni tushunish, qabul qilish qiyin. Qolaversa, ayni paytda ularning narxi baland. Shu bois ham elektron kitob ishlab chiqaruvchilar ular bilan bir qatorda oddiy kitoblarni ham ishlab chiqarmoqda, boshqacha aytganda, elektron variantlari bilan birga sotishmoqda. Demak, elektron kitoblarning o‘z ajdodi o‘rnini egallab olishi haqida gapirishga hali erta. Yana shuni aytib o‘tish kerakki, ekran yorqinligi sababli haligacha qog‘oz kitoblar ularga nisbatan ustunroq pozitsiyaga ega. Ko‘pchilikning fikricha, an’anaviy kitob yangi turdagisidan foydaliroq.
Ammo riderlar sanoati to‘xtab qolgani yo‘q, muntazam ravishda iste’molchilar ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda rivojlanib bormoqda. Agar ilk riderlar monoxrom suyuq kristalli ekranga ega moslama ko‘rinishida bo‘lgan hamda «NuvoMedia» va «Soft Press» kompaniyalari tomonidan bir paytda — 1998 yili ishlab chiqilgan bo‘lsa, hozirda ular yorqin rangli ekran va qator kengaytirgan xususiyatlarni mujassam etgan holda yaratilmoqda. Kundan kunga ularning imkoniyat va qulayliklari ko‘paymoqda. Jumladan, 2007 yildan boshlab elektron qog‘ozli kitoblar ishlab chiqarilishi ham yo‘lga qo‘yildi. Bugun «Sony Reader PRS-300 Pocket Edition», «Netronix EB-100» kabi riderlar juda ko‘p qulayliklari bilan omma e’tiborini jalb qilayapti. Shunday bo‘lsa-da, ularning qog‘oz kitob o‘rnini bosa olmayotgani bor gap. Chunki kitobni qo‘lga olib o‘qish, uni varaqlab mutolaaga berilish kitobning iforini his etib mutolaa qilish insonga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi.
Sanobar Jumanova
«Ma’rifat» gazetasidan olindi