OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yevropa papirusga yozayotganda

Nafaqat kitobatchilik sohasi, balki umumbashariy madaniyatning shakllanishi va rivojlanishida qog‘ozning kashf etilishi juda muhim ahamiyat kasb etadi. Qog‘oz ixtiro etilgunga qadar qadimda qo‘lyozma kitob uchun ashyo sifatida papirus, teri, pergament, gazlama-mato, suyak, sopol, daraxt po‘stlog‘i va taxta kabilardan foydalanilardi. Har biri muayyan davr uchun o‘ziga xos ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu yozuv vositalari ba'zi bir kamchilik va nuqsonlardan ham xoli emasdi.

 Xususan, papirus yengil bo‘lsa-da, o‘ta nozik, sopol esa salga sinavergan, gazlama mato esa tez to‘zib, chirishga mo­yil bo‘lgan. Bundan tashqari, ushbu yozuv ashyolarining ko‘pchiligi qurt-qumursqalarga  yem bo‘lgan. Qadimgi qo‘lyozmalarning aksariyati bizgacha yetib kelmaganliginining sabablaridan biri ham shunda. Ajdodlarimiz o‘z yozuvlarini zarur hollarda tosh va qoyalarga ham yozishgan. Sopol taxtachalarga yozish ko‘proq Sharqqa xos edi. Yozuv ashyosi sifatida papirusdan foydalanish keng avj olgan davrlarda ham Sharq xalqlari sopol taxtachalarni iste'moldan chiqarib tashlamagan. Ular ba'zi xabar va ­qaydlarni yozishda hamda hisoblarni yuritishda baribir qo‘l kelavergan. Har ikki tomoniga mum surtilgan yog‘och taxtachalardan maktablardagi dars mashg‘ulotlarida foydalanilgan. Ularda o‘quvchilar mashqlarni bajarishgan. Kattalar uni pochta qog‘ozi sifatida ishlatishgan. Ammo bu ashyolar (sopol, mumli va toshtaxtalar)ga yirik badiiy asarlarni yozish qiyinchilik tug‘dirardi. Natijada doimiy izlanishda bo‘lgan ajdodlarimiz papirusni kashf etishdi.

Qadimgi o‘zbek kitobatchiligida ham o‘rama qog‘oz keng qo‘llanilardi. Bundan tash­qari, qo‘lyozma kitoblar daftar hamda bizga yaxshi ma'lum bo‘lgan Sharq qo‘lyozmalari shaklida tayyorlangan. Sharqshunos olim Qosimjon Sodiqov olib borgan tadqiqotlar natijasi shuni ko‘rsatadiki, kitob tayyorlashning o‘rama qog‘oz shakli qadimgi turklarda, ayniqsa, moniy ja­moalarida shuhrat topgan bo‘lib, yirik ­hajmli moniy yodgorliklari ana shu usulda kitobat qilingan. O‘rama qog‘oz usulini buddiylar ham, so‘g‘dlar ham qo‘llagan. Bundan ma'lum bo‘ladiki, ushbu kitobat turi hududiy o‘ziga xoslikka ega bo‘lib, Markaziy Osiyo xalqlarining o‘zaro madaniy aloqalari ta'sirida yuzaga kelgan.

Dunyo madaniy taraqqiyotida Sharq kitobatchilik san'atining o‘ziga xos hamda betakror o‘rni bor. Ko‘hna Sharqda, xususan, O‘rta Osiyoda kitobatchilik sohasining shakl­lanishi va taraqqiy etishi Sharq ­dunyosida ilk bor ayni shu hudud bag‘rida qog‘oz ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilganligi bilan uzviy bog‘liqdir. Manbalardan ma'lumki, eramizning II asrida Xitoyda qog‘ozning kashf etilishi va ishlab chiqarila boshlanishi dunyo miqyosida kitobatchilikning tez sur'atlar bilan rivojlanishiga turtki bo‘ldi. Xitoyliklar serdaromad soha hisoblangan qog‘oz ishlab chiqarishni qanchalik sir tutmasinlar, VIII asrning ikkinchi yarmidan e'tiboran, Samarqandda ham Xitoy qog‘ozi singari sifatga ega mahsulot tayyorlana boshlandi. Chunki Samarqandda qog‘oz ishlab chiqarish uchun kerakli bo‘lgan xomash­yoning barcha turlari - ipak, paxta, kanop, qamish, poxol, tut novdasi po‘sti ko‘p edi. Shu tariqa Samarqand qog‘ozining dovrug‘i qisqa vaqt ichida dunyoga taraldi.

Samarqand qog‘ozining yaratilishi xususida tarixiy manbalarda turlicha fikrlarni uchratish mumkin. VII asrda hali Yevropada papirus va pergament asosiy yozuv ashyosi sifatida foydalanilayotgan bir vaqtda Sharq mamlakatlarida allaqachon qog‘oz ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan edi. Bu esa Arab xalifaligiga qarashli barcha yurtlarda, ayniqsa, hozirgi O‘rta Osiyo hududida qo‘lyozma kitoblarning yoyilishiga keng imkoniyat yaratdi. Damashqda eng sifatli qog‘oz ishlab chiqarilganligi, bizgacha yetib kelgan va ilk arab qog‘oz kitobining Damashq (o‘rama) kitobi deb nomlanganligi tarixiy manbalarda dalillar bilan asoslangan. Ba'zi olimlarning fikricha, O‘rta Osiyo hududida, xususan, Samarqandda qog‘oz ishlab chiqarish Arab xalifaligiga qadar ham mavjud edi. 1931 yili Mug‘tepa tog‘idan topilgan Samarqand hukmdorlariga oid hujjatlar hamda Tuproqqal'ada qo‘lga kiritilgan Xorazm arxiv materiallari So‘g‘diyona, Xorazm va Baqtriyadagi qog‘ozga yozilgan mahalliy qo‘lyozmalarning arablar bosqinidan avalgi davrlarga oidligini asoslaydi. Ba'zi tarixchilarning fikricha, samarqandliklar qog‘oz ishlab chiqarish sirlarini 751 yili Talasda bo‘lib o‘tgan jangda Ziyod ibn Solih tomonidan asirga olingan xitoylik qog‘oz ustalaridan o‘rganishgan. Turkiyalik tarixchi olim, professor Karabajek olib borgan tadqiqotlarga ko‘ra, qog‘ozning eski uvada yoki latta-puttalardan tayyorlanishi samar­qandliklarning kashfiyoti sifatida tal­qin qilinadi. Chunki Samarqandda X asrga qadar, aniqrog‘i 940 yilgacha uvadadan qog‘oz tayyorlash ishi yo‘lga qo‘yilgan, deb e'tirof etiladi. Lekin ba'zi manbalarda uvadadan qog‘oz tayyorlash texnologiyasi Xitoyda eramizning ikkinchi asridan e'tiboran mavjud bo‘lganligi haqidagi fikrlar ham bor. Nima bo‘lganda ham, X asrning oxirlariga kelib, Samarqand qog‘ozi islom mamlakatlarida papirus hamda pergament o‘rnini tamoman egalladi.

O‘rta asrlarda qog‘oz ishlab chiqarish serdaromad sohaga aylandi va bundan katta foyda olina boshlandi. Samarqand o‘z qog‘ozini xalifalikning boshqa viloyatlariga ham sotishni yo‘lga qo‘ydi. Bu qog‘oz turining Yevropa bozoriga yetkazib berilishi u yerda ilgari yozish uchun asosiy ashyo sifatida ishlatilib kelingan papirus, charm, pergament kabilarning o‘rnini endi qog‘oz egallashiga va bu esa nafaqat Yevropa, balki butun dunyo madaniy taraqqiyotining yuksalishiga sezilarli turtki bo‘ldi.

Samarqand qog‘ozini tayyorlash taxminan uch yuz yil davomida sir tutib kelindi. Faqatgina XI asrga kelib bu qog‘ozdan andoza olgan holda, dastlab, Iroq va Suriyada qog‘oz tayyorlana boshlandi. Keyinroq tarixda «arab ko‘prigi» deb nom olgan Misr, Shimoliy Afrika va Marokash or­qali Ispaniyaga ham Samarqand qog‘ozini tayyorlash texnologiyasi yetib keldi. XIII asr­ga kelib mahsulot tayyorlash sirlari butun Yevropaga yoyildi. Ispaniyada XII asr boshlarida, Italiyada 1276 yil, Frantsiyada 1348 yil, Olmoniyada 1390 yillarda ilk qog‘oz ishlab chiqarish korxonalari qurildi. Rus davlatida XIV asr o‘rtalarida qog‘oz ishlab chiqarila boshlandi.

O‘rta Osiyoni Chor Rossiyasi istilo qilgach, bu yerda qog‘oz ishlab chiqarish to‘xtatib qo‘yildi. O‘rta Osiyoda qog‘oz Samar­qanddan tashqari Buxoro, Qo‘qon shaharlarida va ularning tevarak-atrofida joylashgan qishloqlarda ham ishlab chiqarilgan. Venger olimi Herman Vamberi Buxoroda tayyorlangan qog‘oz haqida quyidagilarni yozadi: «Buxoroda tayyorlangan yozuv qog‘ozlarining shuhrati nafaqat Turkistonga, balki qo‘shni davlatlarga ham taralgandir. Bu qog‘ozlar ipakdan tayyorlangan bo‘lib, silliqligi hamda nozikligi bilan arab yozuvi uchun juda qulay bo‘lgan».

Qog‘oz tayyorlash uchun kerakli xomashyo (eski ko‘rpa, to‘n kabilardan ajratib olingan uvada va latta)lar rangi bo‘yicha saralab olingan. Saralashdan maqsad rangli lattalar alohida ajratilib, ulardan narsalarni o‘rash uchun mo‘ljallangan dag‘al qog‘ozlarni tayyorlashda foydalanilgan. Saralab olingan lattalar objuvozda ikki soat davomida tortilgan.

Qog‘oz ishlab chiqaruvchi maxsus tegirmonlarga nisbatan forscha-tojikcha so‘z yasalishidagi juvozi kog‘oz, obi juvoz, korxonai kog‘ozbardori terminlari qo‘llangan. Bunday ustaxonalarda tortilgan latta uni surpga solinib, suvda yaxshilab chayilgan. Keyin suvi siqib tashlangan. So‘ngra 5 pud latta talqoniga 1 pud ishqor va 1/2  pud ohaktosh qo‘shib, yana objuvozda bir soat davomida tortilgan. Hosil bo‘lgan qorishma talqon 10 kun oftobga qo‘yilgan. Bunda qorishma rangsizlangan va quyosh nuri ta'sirida yog‘sizlangan. Shundan so‘ng qorishma yana objuvozda tortilgan, suvda chayilgan. Ikkinchi bor yuqorida ko‘rsatilgan nisbatda ishqor va ohaktosh qo‘shilib objuvozda tortilgan. So‘ngra qorishma talqon yana 10 kun davomida oftobda saqlanib, yana objuvozga solib, 15 kun mobaynida tortilgan. Shu tariqa qog‘oz xom ashyosi - xamirsimon bo‘tqa  tayyor bo‘lgan. Tayyor qog‘oz bo‘tqasi siqilib, maxsus idishlarga (qamishdan to‘qilgan qopga) solib qo‘yilgan. Ayrim hollarda qog‘ozga sarg‘ish rang berish uchun qog‘oz bo‘tqasini oxirgi marta objuvozga solishdan oldin unga tuxmak (qog‘ozga rang berishda ishlatiladigan vohalarda o‘sadigan sariq gulli o‘simlik gulidan tayyorlangan sariq rang) va shirach (sirach - piyozgullilarga mansub, adir va tog‘larda o‘sadigan ko‘p yillik o‘simlik ildizi kukunidan tayyorlangan yopishqoq bo‘tqa) qo‘shilgan. Qog‘ozni quyishda maxsus to‘rdan va tut novdasidan to‘qilgan chetandan foydalanilgan. Maxsus to‘rni tayyorlashda ko‘proq ot qili ishlatilgan. Qog‘oz quyilishidan oldin chetan ustiga to‘r to‘shalgan va uning ustiga qog‘oz bo‘tqasi bir xil yupqalikda yoyib chiqilgan. Bunda qog‘ozning qalinligiga alohida e'tibor berilgan, chunki uning qanchalik qalin yoxud yupqa bo‘lishi ana shu yerda belgilab olinardi. Bu jarayonning osonroq kechishi uchun qog‘oz bo‘tqasi yoyishdan avval suvga qorishtirilib olingan. Zarur holatlarda qog‘oz bo‘tqasi ikki bor yoyilgan. Chetan ustidagi qog‘oz bo‘tqasidan suv to‘la tomib bo‘lganidan keyin quyuqlashgan qog‘oz latta to‘shalgan taxtakachga ko‘chirilgan. Taxtakach ustiga qog‘oz yoymasi ustma-ust qilib taxlangan. Bunda ular o‘rtasiga latta qo‘yish shart emasdi, chunki ancha silqib qotib qolgan qog‘oz yoymalari bir-biriga yopishmagan. Shu tariqa bir kechada 240 sahifadan iborat qog‘oz bos­tirmasi yukning ortib borishi hisobiga suvdan to‘la xalos etilgan. Hosil bo‘lgan qog‘oz varaqlariga yupqa qilib bug‘doy unidan tayyorlangan sirach yelimi surilgan va quritish uchun suvalgan devorga yopishtirib qo‘yilgan. Ma'lum muddatdan keyin qurigan qog‘oz varaqalari devordan ajratib olingan va maxsus pichoq yordamida kerakli o‘lcham bo‘yicha kesib chiqilgan. So‘ngra bug‘doy unidan tayyorlangan ohorli sirach oldin qog‘ozning bir tomoniga, so‘ngra ikkinchi tomoniga surkab chiqilgan. Tayyor bo‘lgan qog‘ozga ishlov berish uchun ular nok daraxtidan ishlangan taxtakachga qo‘yilib, tosho‘qlov yordamida pardozlangan. Zarur bo‘lganda oxirgi jarayon ikki-uch bor takrorlangan. Qog‘oz to‘liq qurishi uchun dorga osib qo‘yilgan.  Ko‘p hollarda, qog‘ozning yanada jilodor bo‘lishi uchun uni yetti martagacha pardozlashgan.

Qog‘ozgarlik XV-XVI asrlarda hu­narmand­chilikning muayyan bir turi sifatida to‘liq shakllandi. Bu soha bilan shug‘ullanuvchi hunarmand-ustalar avlodi vujudga keldi. Xususan, XVI asrda samarqand­lik qog‘ozgar usta Mir Ibrohimning nomi juda mashhur edi. Hatto, usta Mir Ibrohim tomonidan qog‘oz tayyorlashning yangi bir usuli ishlab chiqildi. Unga ko‘ra tayyorlangan qog‘ozning ichida bir tangalik doira shaklidagi oppoq «suv belgisi» bo‘lgan. Har qanday sharoitda ham qog‘ozni mana shu belgisiga qarab boshqalaridan osongina ajratib olish mumkin edi. Buni hozirgi tilda aytadigan bo‘lsak, mahsulotning o‘ziga xos markasi sifatida, uning soxtalashtirilishining oldini olgan bir chora deb ham qabul qilish mumkin.

Ibrohimjon Yo‘ldoshev,
Nizomiy nomidagi TDPU professori, filologiya fanlari doktori
"Ma'rifat"dan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.