"Oyoqdagi qalpoqcha" - zamburug‘larning ustki tanasidir, asosiy qismi esa yerda joylashgan. Ular bakteriya va protist(mikroorganizm)lardan keyin yerda eng ko‘p tarqalgan bo‘lib, mikromitset (ko‘zga ko‘rinmas) va makromitset (ko‘rish mumkin bo‘lgan) guruhlarga bo‘linadi. Ko‘chada, o‘rmonda, cho‘lda va odam organizmida yashaydigan o‘simlikning bu turida fotosintez jarayoni amalga oshmaydi, shu bois qorong‘ilikda ham yaxshi o‘sadi, qachonki, tayyor ozuqa bo‘lsa.
Zamburug‘larning sanoatda va xalq xo‘jaligida ahamiyati juda yuqori bo‘lib, ayniqsa qishloq xo‘jaligida, meditsina va oziq-ovqat sanoatida keng qo‘llanilmoqda.
Azaliy jumboq
Urug‘lanuvchi tanasi eng mo‘'jizakor tirik organizmlardan biri bo‘lib, ular shakliga ko‘ra qush uyasini, soch bog‘lamlarini, hattoki, odam qulog‘i suprasini ham eslatadi. Olimlar zamburug‘ning o‘simliklarga qaraganda hayvonga o‘xshash jihatlari ko‘proq, degan fikrni ilgari surishmoqda. Barchasi uchun umumiy bo‘lgan jihat shundaki, ular organik moddalarning anorganik moddalarga aylanishida muhim rol o‘ynaydi. Agar hayvonlar avval ozuqani yutib, so‘ngra hazm qilsa, zamburug‘lar aksincha, avval ozuqani hazm qilib, keyin oziq moddalarni yutadilar. Bu holat ularning azaliy jumbog‘i bo‘lib kelayapti. Yutish va hazm qilish jarayonini «gifalar» deb ataladigan ipsimon hujayralar bajaradi. Gifalar juda nozik bo‘lishidan tashqari, uzun va ular daraxtning ildizidan to yuqori qismiga qadar o‘sadi, yerda shoxchalar hosil qiladi. Yog‘och bilan oziqlangan ayrim gifalar u daraxtdan bu daraxtga ildiz otib, butun boshli ko‘chani qoplab oladi.
Iste'mol qilinadi va ayni paytda zaharli
Ayrim zamburug‘lar ozuqabop, ba'zilarining tarkibida esa zaharli moddalar bo‘lgani sababli ularni yeb bo‘lmaydi. Tashqi ko‘rinishidan ularni ajratish qiyin, buning uchun esa tajriba va aql kerak. Ayrim vaqtlarda yeyish uchun yaroqli turlar ham inson organizmiga salbiy ta'sir qilishi mumkin. Katta yo‘l yoqalarida, ishlab chiqarish korxonalari atrofida o‘suvchi zamburug‘larning meva tanasi havoni o‘zida filtrlaydi. Agar bu jarayonda filtrlanayotgan havo toza bo‘lmasa, zararli elementlar o‘simlik tanasiga o‘tirib qoladi va uni iste'mol qilgan kishi zaharlanib qolishi ehtimoldan xoli emas.
Zaharli turlardan biri qurbaqasalla deb ataladi va ko‘proq Shimoliy Yarim sharda keng tarqalgan. Ko‘rinishidan chiroyli bo‘lsa-da, uning tarkibidagi zahar odam organizmiga tushgach, 12 soatdan keyin ta'sir qila boshlaydi. Bunga qadar organizm yuvib tashlansa, balki foyda berar, vaqt boy berilganda esa ahvolni o‘nglab bo‘lmaydi. Qizig‘i, odam organizmi uchun zaharli bo‘lgan zamburug‘lar ayrim hayvonlarga zarracha ta'sir qilmaydi. Masalan, shilliqqurtlar, hattoki eng zaharlisini yegan taqdirda ham tirik qoladi.
Zaharmi yoki dori?
"Antibiotik" deb nomlanuvchi mog‘orlangan zamburug‘larning zahari tabiatda eng qaqshatqich qurol sifatida tan olingan. Antibiotiklar 1928 yilda shotland mikrobiologi Aleksandr Fleming tomonidan kashf etildi. U o‘z laboratoriyasidagi probirkalardan biriga mog‘or o‘rnashganini sezdi. Bu idishda olim bakteriyalarni o‘stirayotgan edi va unda hosil bo‘lgan mog‘or esa barcha mikroorganizmlarni nobud qildi. Ma'lum vaqt o‘tib, mog‘or zamburug‘idan bakteriyalarni o‘ldirishga qodir bo‘lgan kimyoviy modda - penitsillin hosil qilindi va undan tibbiyotda samarali foydalanila boshlandi.
Qanday oziqlanadi?
Ular o‘z ozuqalarisiz aslo harakat qila olmaydilar. Ratsionda mevalar, chirigan yog‘och, qushlar pati, odam terisi va boshqalar bor. Ularning oziqlanishi juda sekin va murakkab bo‘lib, har birining fermenti ayrim qismlarida hazm bo‘ladi, ko‘pchiligining fermenti esa hujayralar parchalanishiga olib keladi. Ba'zilari esa, hattoki, yog‘och mustahkamligining kafolati bo‘lgan lignin (uglerodga boy modda)ni ham hazm qilib yuboradi. Boshqa zamburug‘lar fermenti yog‘ va oqsilni osonlik bilan parchalaydi. Bu fermentlar tirik to‘qimalar va jonsiz organizmlarning qoldiqlarini ozuqa sifatida iste'mol qilishga ko‘maklashadi. Birtalay zamburug‘lardagi keratin (soch va patda uchraydigan oltingugurtga boy oqsil modda) eng muhim komponent hisoblanadi.
Termitlarning yemishi
Zamburug‘ hayvonlarga ham zarar, ham foyda keltiradi. Ayrimlari hayvonlarga ozuqa bo‘lsa, ba'zilari organizmga sezdirmasdan kirib olib, to‘qimalarning yemirilishiga va hattoki o‘limga ham olib keladi. Zamburug‘dagi ko‘zga ko‘rinmas sporalar hayvonlarga hujum qilishi mumkin.
Ular odamlar hayotida boshqa o‘simliklarga qaraganda unchalik katta ahamiyatga ega emas. Uning tana qismi bilan oziqlanish ko‘pgina hasharotlarga zavq beradi. Masalan, termitlar va Janubiy Amerika chumolilari uchun zamburug‘ asosiy yemish ekanligi sir emas. Afsuski, hamma zamburug‘lar ham foydali bo‘lmay, ayrimlari organizm ichiga kirib olib, xuddi mog‘orlagan nondagi kabi juda tez o‘sadi va ko‘p hollarda hayvonlarning nobud bo‘lishiga olib keladi.
Sporalarni shamol uzoq bo‘lmagan joylarga tarqatadi. Ayrim sporalar hasharotlarning oyog‘iga yopishib tarqalishi ham mumkin. Yer yuzida eng ko‘p tarqalgan organizm - zamburug‘ o‘rtacha 10 mlrd.gacha spora ishlab chiqaradi, yomg‘ir zamburug‘iniki esa bundan ham ko‘p. Agar ularning barchasini bir zanjirga tizib chiqsangiz, bu Yer kurrasini bir marta aylantirib chiqishga teng keladi. Xo‘sh, nega unda zamburug‘lar butun Yer yuzini qoplab olmadi, dersiz? Chunki sporalarning yashab ketish imkoniyati kam bo‘lib, o‘simlikning pastki qismidan tarqaladi, yomg‘ir zamburug‘i esa o‘z sporalarini kuch bilan havoga chiqaradi. Ular xuddi koptok kabi juda egiluvchan. Yomg‘ir yoqqanida bunday turdagi zamburug‘lardan bir uyum spora otilib chiqadi. 1887 yilda Nyu-York shtatida topilgan zamburug‘ning uzunligi 1,5 metrdan ziyod edi. Arxeologlar yomg‘ir zamburug‘larining qoldiqlarini topgani ham bejiz emas.
Tanadagi kushanda
Ayrim kishilar suv havzasi, hammom yoki yechinish xonasida oyoq yuzining epidermofik kasalligini yuqtirib olganini sezmay qolishadi. Bunday kasallikni mikroskopik zamburug‘lar keltirib chiqaradi, ular nam va iliq joylarda tarqalib, qo‘l-oyoq barmoqlarining o‘rtasiga kirib oladi-da, teri bilan oziqlanadi. Buni tibbiyotda «zamburug‘ kasalligi« deb atashadi. Uning oldini olish yoki yengish uchun juda ko‘p kuch va iroda kerak.
Sun'iy usuldagi ne'mat
Zamburug‘larni sun'iy usulda yetishtirish texnologiyasi ham yaratilgan. Bu haqda biologiya fanlari nomzodi Hamro Nuraliev bergan ma'lumotlarni keltirib o‘tish o‘rinlidir:
- Zamburug‘lar dunyo miqyosida sun'iy usul bilan ham yetishtiriladi. Ko‘pgina rivojlangan mamlakatlarda aholi jon boshiga uni iste'mol qilish 5-7 kg.ga to‘g‘ri keladi. Mamlakatimizda zamburug‘ning 220 ta turi uchrashi ma'lum. Shundan iste'molbopi 27 ta, zaharlisi esa 16 ta. O‘zbekiston sharoitida 1995-98 yillardan boshlab zamburug‘ni sun'iy usulda yetishtirish tajribasiga qo‘l urildi. Shampinion, qo‘ziquyruq, otiata kabi navlari sporalari orqali o‘stiriladi. Oziq-ovqat turi sifatida xalqimiz zamburug‘ni nisbatan kam iste'mol qiladi. Tarkibining 10 foizi oqsil, 90 foizi suv bo‘lgan zamburug‘ organizmda tez hazm bo‘ladi. Uni bahorda iste'mol qilish ayni muddaodir.
Chingiz Raimbyerdiyev tayyorladi, "Ma'rifat" gazetasidan