OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdug‘afur Rasulov. Yangi davr mas’uliyati (2012)

Toshkentning Beshog‘ochidanman. Bu daha Bo‘rijari, anhorlari, mahobatli ko‘priklari, Tuproq qo‘rg‘oni, mashhur ko‘li, hovuzlari, gavjum bozori, tramvay izi o‘rnatilgan tosh ko‘chalari, har bir hovlidan o‘tadigan ariqlari bilan yodimda qolgan. Uning mahalla, guzar, choyxona, bekat, non, sabzavot, go‘sht do‘konlarini unutib bo‘ladimi? A.Soljenitsinning “Saraton xastaliklari bo‘limi” qissasining bosh qahramoni Pavel Rusanov ToshMI kasalxonasidan chiqib, tramvayda Chorsuga yo‘l oladi. Qaysidir bekatda qo‘rada pishirilayotgan kabobni ko‘rib qoladi. Hamma yoqni kabob isi tutib ketgan. U tramvaydan tushib qoladi. Bir six kabob, yarimta yopgan non olib choyxonaga kiradi. Qachon shu qissani o‘qisam, qissa qahramoni bizning “Chaqar”dagi choyxonaga kirgan degan fikr o‘taveradi xayolimdan. Mening mahallam "Chaqar", dedim-u, sal xato ketganimni sezib qoldim. Bolaligim “Chaqar”da, Abulqosimxon madrasasi yonginasidagi, ona tomondan buvamning “Yangi mahalla”dagi hovlisida kechgan. Toshkent shahri bilan Toshkent viloyatini ulab turgan uzun, Bo‘rijar sathidan ancha baland qilib qurilgan Simon ko‘prikdan har kuni o‘tardim, Kichik Chilonzordan Katta Chilonzorga borardim. Bog‘ hovlimiz hozirgi Chilonzor savdo markazi ortidagi 162-maktab o‘rnida edi. Men bog‘ hovlida 1937 yilning chillaki chumak urayotgan pallasida tug‘ilgan ekanman. Yetti-sakkiz yoshimdan tomorqaga qarab, jo‘xori chopiq qilar, ekinlarga suv quyardim. 9-10 yoshimdan jamoa xo‘jaligida ishlaganman. Onamga ko‘mak berganman. Ko‘p joyga ko‘chganimiz, ancha erta mehnatga ko‘nikkanim, – otasiz o‘sganimdan deb bilaman. Onam kolxozda ishlab, meni va opamni oq yuvib, oq tarab o‘stirganlar.
Katta Chilonzordagi 162-, “Chaqar” bilan Chorsu oralig‘idagi 82-boshlang‘ich, Beshog‘och markazidagi 90-to‘liqsiz o‘rta maktabda o‘qiganman. Maktabni tugatgunimcha: “Nega bizda qizlar o‘qimaydi?" deb o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Beshog‘och tumanidagi 90-, 34-, 45-, 82-maktablarda faqat o‘g‘il bolalar, 84-, 59-maktablarda faqat qizlar o‘qirdi. O‘qituvchilarimizning aksariyati ham qizlar, ham bolalar maktabida dars berar, goho serjahl o‘qituvchilar: 
– Senlarning bitta sinfingda dars bergandan qizlarning o‘nta sinfida dars berish oson, – deya nolib qolardi. 90-maktabda davomat yomon edi: yangi film qo‘yilsa, o‘quvchilar “gur-r” etib yonginamizdagi Navoiy kinoteatriga urib ketardi. Ko‘klam keldimi, komsomol ko‘li o‘ziga chorlay boshlardi. Yoshlar ko‘lida bolalar temir yo‘li bo‘lardi. Uning boshlig‘i, nazoratchisi, haydovchisi, bekat begi – hammasi maktab o‘quvchilari edi. Suv sporti to‘garagi muntazam ishlardi. Olmazor ko‘chasida yosh texniklar stantsiyasi faoliyat ko‘rsatar, ko‘pchilik o‘quvchilar Markaziy kashshoflar saroyidagi to‘garaklarga qatnardi. Drama to‘garagiga Mirsoat Usmonov (yozuvchi Erkin Usmonovning otasi – A.R.) yetakchi edi. Repertuarda Volodya Dubinin, Pavlik Morozov, xullas, sho‘ro mafkurasiga xizmat qilgan bolalar haqidagi asarlar ko‘p edi. 
Yana bir gap. Bolalarning bozorda savdo-sotiq qilishi qat’iyan man qilingandi. Ko‘pchilikning tirikchiligi Beshog‘och bozoridan o‘tardi. Aksariyat o‘quvchilar darsdan keyin bozorga chopar, ona, opasiga dastyorlik qilardi. Bozorchi bolalarni o‘qituvchilar tergayverar, ular esa bozordan qolmasdi. 
Beshog‘ochda o‘zga millat vakillari ko‘p edi. 90-maktabda ham o‘zbek, ham ruslar o‘qirdi. 34-maktab ruscha o‘qishga yo‘naltirilgandi. Urush yillarida ko‘chib kelgan oilalar ko‘payib ketdi. Abulqosim madrasasiga asosan mordavanlar joylashdilar. Negadir madrasani “Kollektiv” deyish udum bo‘lgandi. O‘sha paytda o‘zbeklar uyini ijaraga berishni o‘rgandilar. Erkak kvartirantlar erta bilan Chilonzor, Oqtepa, Zaxariq tomonlarga chiqib ketar, “Oyna tuzataman”, “Primus sozlayman”, – deya bot-bot ovoz berardilar. Ruslar bilan maktabda, mahallalarda birga yashagan bolalar rus tiliga usta bo‘lib ketdilar.
Maktabda o‘zbek tili va adabiyotiga nisbatan rus tili va adabiyoti chuqur, qiziqarli o‘qitilardi. Asl millati o‘zbek bo‘lgan Asqar Ramazonov darsni qoyilmaqom qilib o‘tardi. “G‘ilof bandasi”, “Amaldorning o‘limi”, “Revizor” singarilarni dars sifatidamas, yakka artist teatridagiday ijro etardi. Yelena Pavlovna Kats hamma o‘quvchini ismi bilan chaqirar, erkalar, tanbeh berardi. Uning darsida kutilmagan, g‘alati-g‘alati chekinishlar bo‘lardi. Mana, o‘qituvchi Pushkin biografiyasini so‘zlay turib, “o‘tlab” ketdi. Bir kuni Pushkinning otasi tarvuz olib kelibdi. Uni artib, surtib, stolning ustiga qo‘yibdi. Tabiiyki, bolalarning nafsi hakalak otib ketyapti. Ota beparvo. Bolalar tarvuzni kesishni iltimos qilishaveribdi.
– Tarvuzni kesaman. Kim she’r to‘qisa, o‘shanga birinchi karjni beraman, – depti ota. Hamma jim. Kichkinagina Sasha dik etib stulga turib olibdi-da:
Moya puza
Xochet arbuza, – depti.
Va’daga binoan qip-qizil tarvuzning ilk karji bo‘lajak shoirga tegibdi.
Ikkinchi voqea. Pushkinlarnikiga podsho tashrif buyuribdi. Zodagonlar, graf-u dvoryanlar zal bo‘ylab yurgan holda o‘zaro suhbat qurishibdi. Bir mahal mehmonxonaga jingalak sochli bolakay o‘qday otilib kiribdi. Mehmonlarni ko‘rib mulzam bo‘libdi. Podsho bolakay yoniga kelib, jingalak sochlarini silabdi, qoracha yuz-ko‘ziga boqib: 
– Ox, kakoy arabchonok, – depti. Tiyrak Sasha yalt etib podshoga qarabdi. Uning yuzlaridagi chechak izlarini ko‘rib, darhol “qasd” olibdi:
Arabchonok, no ne ryabchonok.
Bola mehmonxonaga qanday otilib kirgan bo‘lsa, shunday tezlik bilan chiqib ketibdi.
XX asrning 50-yillarida maktabni tugatgan, Oliy o‘quv yurtlarining ijtimoiy fakultetiga kirganlar, o‘zbek tili va adabiyoti qatori, rus tili va adabiyotidan insho yozar, og‘zaki imtihon topshirardilar.
Yana bir gap. O‘tgan asrning 60-yillarigacha toshkentliklar tilida “Gubir bog‘i” (“Gubernator bog‘i” – A.R.) ancha faol edi. Tramvay, trolleybus pattachilari bekatni “Kirov parki” desalar ham, shaharliklar “Gubir bog‘i”gacha borishlarini aytaverardilar. Komsomol ko‘lidan o‘tib, Simon ko‘prikning qishloq tomoniga o‘tishingiz bilan devor bilan o‘ralgan, daraxtzor, bahaybat temir darvoza o‘rnatilgan katta-katta dala hovlilar boshlanardi. Hozirgi Respublika Tez yordam ilmiy-tekshirish Markazi ortida 100-150 yillik, baland-baland chinor monand o‘ris daraxtlar bor. Gubernatorga maxsus bog‘ qurilgach, amaldor rus zobitlariga Chilonzordan katta, bahavo, Bo‘rijar “nafasi urib” turgan bog‘-hovlilar ajratilgan. XIX asrning 90-yillarida boshlangan bu tartibot Sho‘ro zamonida, 70-yillargacha davom ettirildi. Chor Rossiyasi ham, Sho‘ro hukumati ham rus zobit-amaldorlarini hamma yerda asrab-avaylardi...
Men o‘qigan 90-maktabning III-IV qavatlaridan Muqimiy teatri hovlisi, grim qilib olgan artistlar, rolini takrorlayotgan aktyorlar ko‘rinib turardi. Sinfdoshlarim piyoda yursa, Yoshlar ko‘liga kirsa, Tohir, Alpomish qo‘shig‘ini aytardi. 1952 yilda bo‘lsa kerak, butun sinf “Otello”ni ko‘rish uchun Hamza (hozirgi Milliy) teatrining yozgi binosiga borganmiz. Spektakl tungi ikkilarda tugagan. Hammamiz uyimizga poyu piyoda jo‘naganmiz.
Maktabimiz futbol maydoni bilan G‘afur G‘ulomning Arpapoyadagi hovlisini bitta devor ajratib turardi. Negadir ko‘pchiligimiz G‘afur G‘ulomni “o‘zimizniki” deb bilardik. Aksariyat o‘quvchilar G‘afur G‘ulom bilan qo‘l berib ko‘rishgan, ozroqqina suhbatlashishgan ham. Dongdor shoir maktabimizga bot-bot tashrif buyurardi. O‘qituvchilarimiz orasida shoirning qadrdonlari anchagina edi. Qolaversa, G‘afur G‘ulomning o‘g‘li Mirzoulug‘ maktabimizda o‘qirdi. Uning sinfdoshlaridan aksariyati, Ulug‘ aka singari mashhur olimlar bo‘lib yetishgan. G‘afur G‘ulomning “Oltin medal” she’rini o‘qisam, “u bizning maktab o‘quvchilariga bag‘ishlangan”, – degan fikr keladi.
Men tramvay yo‘l o‘tadigan Beshog‘och ko‘cha, 164-uyda yashaganman. Ko‘chamizning o‘ziga xos tarixi bor. XX asr boshlarida Beshog‘ochdan ko‘nka (ot qo‘shilgan uzun vagon), 1913 yildan tramvay qatnay boshlagan. Har yili bahorda tosh teruvchilar (ko‘pincha armanilar) o‘z mahoratlarini ko‘rsatar, go‘zal, pishiq qilib tosh yotqizardilar. Bu ko‘chadan tramvay ham, mashina ham, brichka, qo‘qon arava ham yuraverardi. Goho ustiga saksovul, somon ortgan kichik-kichik tuya karvonlari o‘tardi. Chorsu bozoriga yo‘l olganlar shu ko‘chadan borib qaytardilar. Beshog‘och ko‘chasida tarix o‘qituvchimiz, 30-yillarda adabiy-tanqidiy maqolalar yozgan, Hamid Olimjonning do‘sti Abdusalom Niyoziy, rus tili o‘qituvchimiz Qalandarov, G‘afur G‘ulomning singlisi Bahri G‘ulomova, jarroh Darvin G‘ulomov, Hamid Olimjonning singlisi Muhabbat Olimjonova singari taniqli kishilar yashardi. 
O‘smirligimda Guliston bekatining Guliston ko‘chasida yashaydigan Musharrafxon ayanikiga ko‘p borardim. Oltmishlarni qoralab qolgan, baland bo‘yli, adl qomatli, oq yuz, oq sochli aya nihoyatda fayzli edilar. San’at, adabiyotni sevardilar.
– Mana bu, yonimdagi hovlida do‘stim Oybek yashagan. Ana u hovlida bir necha yil Fitrat domla istiqomat qilganlar – deya hikoya qilib qolardilar aya. O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” qissasini o‘qigach, Amma – men tanigan, suhbatlashgan Musharraf aya ekanligini bilib oldim. Aya Abulqosimxon to‘raning nabirasi, Hoshimxon to‘raning qizlari ekan. Ayaning hovlilari Abulqosimxon Eshon avlodlari uy-joylari qatorida edi. O‘.Hoshimovning otasi Ataulloxon – Musharraf ayaning bir ota-onadan tug‘ilgan inilari edi.
Maktabimiz joylashgan Olmazor ko‘chasi, Forobiy maktabi yonverida Olim Sharafiddinov, Vohid Zohidov, Hamid G‘ulom, Aziz Abdurazzoq yashardi. Ular qaysidir tomondan maktabimiz bilan aloqada bo‘lganlar. Masalan, Olim Sharafiddinovning jiyani Po‘lat bizdan bir sinf quyida o‘qirdi. Uni hamma “Tom” deb atardi. “Tom tog‘aning kulbasi” qissasi tarjima qilingan yili tug‘ilgan jiyanini Olim Sharafiddinov domla “Tom” deb atay boshlagan ekan. Keyinchalik Tom – Po‘lat yetuk olim bo‘ldi, Texnika universitetida kafedrani boshqardi. (Uni Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin).
Xullas, kamina SAGU (hozirgi O‘zMU)ning filologiya fakultetiga bir-ikki asarni o‘qibginamas, adabiy muhit ruhini anglab kirib borganman.
Universitetga kelgunimcha G‘afur G‘ulom, Oybek, Hamid Olimjon singari o‘zbek yozuvchilari asarlarini, L.Tolstoyning “Kavkaz asiri”, M.Sholoxovning “Don hikoyalari”ni, S.Ayniy, M.Avezov, Mehdi Husayn, A.Fadeev, K.Simonov asarlarini yaxshi bilardim. “Tinch Don”ni maktabdaligimda o‘qiganman. 
Universitetga kirishim bilan Hozirgi o‘zbek adabiyoti yo‘nalishini tanladim. 1955 yilda Oybekni 50 yillik yubileyida universitetda ko‘rdim. Odil Yoqubov, O‘lmas Umarbekov, Aleksey Pyanov singarilar o‘sha paytda talaba bo‘lsalar-da, adib sifatida tanilib qolgandilar. Tursun Sobirov, Laziz Qayumov, Ozod Sharafiddinov singari yoshlar zamonaviy adabiyotdan dars berganlar. O‘qishga kirganimizda, dars berganlardan Ozod Sharafiddinov 26, Laziz Qayumov 24, Natan Mallaev 32, Shavkat Rahmatullaev 30, Muzaffar Xayrullaev 25, Siddiq Fuzailov 29, Yoqub G‘ulomov 30 yoshda bo‘lgan ekan. Biz ularni ulug‘, katta yoshli ustozlar deb bilardik. 
Keyinchalik o‘zbek mumtoz adabiyoti yo‘nalishidan ketmaganimga afsuslandim. Lekin ichki bir sezgi Navoiy, Turdi, Gulxaniy, Nodira, Muqimiy, Furqat ijodi o‘ta mafkuralashtirilgan holda o‘tilayotganini bildirib turardi. 70-yillargacha Navoiy devon, dostonlari “an’anaviy kirish”siz, XII, XIII boblardan boshlab bosilardi. Navoiyning Alloh, payg‘ambar, salaflar, so‘zining o‘rni haqidagi fikrlari tushirib qoldirib “boshsiz” Navoiy talabalar hukmiga havola qilinardi.
Biz universitetga kirganimizda, masalan, Furqat nafasi shundoqqina sezilib turardi. U bilan suhbatlashgan, ziyofatlashgan kishilar ko‘p edi. Lekin shunga qaramay, Furqatning “Tuf” radifli she’ri tilga tushgan, hatto darsliklarga kiritilgandi.
Furqatiy, boylarni hajvin qancha yozsang shuncha oz,
Rost erur bu so‘zlarim, billohki, yolg‘onlarga tuf!.
“Jonim mening” ham Furqat tomonidan aytiladi. Aslida “Tuf!” ham, “Oh kim, rahm aylamas...” ham Abduvahob Sayfiy qalamiga taalluqli bo‘lib, Furqatni sotsiallashtirish, xalqchillashtirish maqsadida uning tilidan ayttirilgan edi. Bu jiddiy xatolikni bartaraf qilishda matnshunos Vahob Rahmonning hissasi katta bo‘ldi.
Yana bir narsaga afsuslanaman. Matyoqub Qo‘shjonov, Laziz Qayumov, Ozod Sharafiddinov, Salohiddin Mamajonov, Naim Karimov, Sobir Mirvaliev, Baxtiyor Nazarov, Umarali Normatov, tabiiyki, o‘zim ham Navoiy ijodi haqida yolchitibroq maqola yozmaganmiz. Erkin Vohidov, Ibrohim G‘afurov, Ibrohim Haqqulov, Sultonmurod Olimov singarilar mustaqil intilib, berilib Navoiy dunyosiga sho‘ng‘ib ketdilar. Aslida, adabiyotshunosni uzil-kesil sohalarga ajratib tashlash noto‘g‘ridir. Hozir aruzni, turkiy folklorni, jahon adabiyotini bilmaydigan chin talaba qolmayapti, hisobi.
Universitetda domlalar, ustozu shogirdlar aro aloqalar o‘ziga xos edi. Fakultetimiz o‘qituvchilari yozgi dam olishni ham birgalikda o‘tkazardilar. Ozod Sharafiddinov, Begali Qosimov, Umarali Normatov va kamina “osmondagi shahar” – Xorogda, Vladivostokda, Kishinyovda, G‘ilon qishlog‘ida, Hazrati Bashirda, Xonjizzada, Shalqonda birga bo‘lganmiz. Ustozlarim O.Sharafiddinov, G‘.Karimov, S.Dolimov, L.Qayumov singarilarning ko‘p insoniy fazilatlari haqida gapirib berishim mumkin.
Hozirgacha o‘n uchta kitobim chop etildi. Men filolog va jurnalist talaba – bakalavr, magistrlarga dars beruvchi o‘qituvchi, adabiy-tanqidiy maqolalar yozadigan odamman. Qisqasi, badiiy adabiyotni ham yozma, ham og‘zaki targ‘ib qilaman. Qancha ko‘p zurafo-adabiyotni his qiladigan, ma’naviyati yuqori shogird yetishtirgan bo‘lsam, shuncha maqsadga erishgan bo‘laman. “Ilmi g‘aribani qo‘msab...”, “Tanqid, talqin, baholash”, “Iste’dod va e’tiqod”, “Betakror o‘zlik” kitoblarim o‘qilyapti. Muhim haqiqatni aytaymi? Biz, mutaxassislar mashhur asarlarni bir martagina o‘qigan ekanmiz! Har bir zamon – mashhur asar uchun yangi rakurs, kuzatuv nuqtasi ekan. Qaysi asar haqida yozsam, uni qaytadan o‘qiyapman, zamon bilan bog‘liqligini ko‘ryapman. “O‘tgan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Qutlug‘ qon”, “Yulduzli tunlar”, “Diyonat” o‘sha o‘zim bilgan asar-da”, – deydiganlar xato qiladi. Istiqlol ko‘zimizga yangi oynak taqdi. Shuurimiz, dunyoqarashimiz o‘zgardi. Avval yozilgan asarlarni yangicha nigoh bilan o‘qish, hozirgi ilmiy-nazariy qarashlar asosida tahlil qilish zarur.
“Yoshlar adabiyotni o‘qimay qo‘ydi”, “Ular yengil-elpi yo‘llardan ketib qolmoqdalar” deyaverishdan ko‘ra o‘quvchilarni kitob o‘qishga o‘rgatish kerak. Menga qolsa, “filologiya, san’at, jurnalistika sohasini tanlaganlar kamida 3-4 ming satr she’r, nasriy parchalarni, monologu dialoglarni qiroat bilan o‘qib bersinlar”, – degan shartni qo‘ygan bo‘lardim. Rahmatli Vohid Abdullaev tirikliklarida, Samarqand Davlat universitetini boshqarganlarida deyarli barcha ustozlar, talabalar minglab misralarni yoddan o‘qirdilar. Badiiy asar qancha berilib, qunt bilan o‘qilsa, uning o‘ziga xos jozibasi, mazasi chiqa boshlaydi. Men universitetda I kurs talabalariga “Hozirgi adabiy jarayon” kursidan dars beraman. Tilga tushgan barcha asarlarni o‘qib chiqishlarini talab qilaman. Talabalar o‘qigan asarlarini gapirib (og‘zaki talqin qilib) beradilar.
Talabalar jahon adabiyotining mashhur asarlarini o‘zbek yozuvchilarining yangi yaratmalari bilan qiyosan o‘rganishlarini orzu qilaman. Yozuvchi dunyo adabiyoti miqyosida fikrlasa, ijod qilsa, yoshlar – talabalar unga intiladilar, o‘zlarining orzu-mayoqiga aylantiradilar. Istiqbolda o‘zbek adabiyoti o‘zligini saqlagan, jahon adabiyotida muqim o‘ringa ega bo‘lgan beqiyos adabiyotga aylanadi.
O‘tgan asrning 80-yillarida professor G‘ulom Karimov ilmiy loyihasiga ko‘ra O‘zMU filologiya fakultetida XIX asr oxiri, XX asrning birinchi choragidagi o‘zbek jadid adabiyotini o‘rganish keng yo‘lga qo‘yildi. Professor Begali Qosimov rahbarligida Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti kafedrasi ish boshladi. Respublika Oliy o‘quv yurtlari orasidagi bu ilk kafedra keng miqyosda ilmiy, tashkiliy ishlarni yo‘lga qo‘ydi. Turkiy adabiyotlar bilan aloqa kengaytirildi. Toshkent, Qozon, Anqara, Simferopol, Istambul, Boku, Olma-Ota, Samarqandda ilmiy konferentsiyalar o‘tkazildi. Turkiy adabiyot namoyandalari entsiklopediyasi, mashhur asarlar chop etildi. Talabalar M.Behbudiy, M.Abdurashidxonov, Cho‘lpon, A.Qodiriy, M.Jumaboy, Fitrat, A.Avloniy, Elbek, Sidqiy Xondayliqiy, Yusuf Saryomiy, Karimbek Kamiy, Xislat, Tavallo, Shermuhammedovlar ijodini mukammal o‘rgandilar. Ismoil Gaspirali ijodi keng o‘rganila boshlandi. 
Hozirgi paytda XX asrning 30-yillaridan to hozirgi kungacha bo‘lgan o‘zbek adabiyotini qunt bilan o‘rganish fursati yetdi. Menimcha Oliy o‘quv yurtlarida “O‘zbek istiqlol adabiyoti”ni o‘qita boshlash lozim. 
Besh farzandim, to‘rt nabiram oliy ma’lumotli. Kelinim – filolog, fan nomzodi. Bir nabiram til va adabiyot o‘qituvchisi. Xudoga shukur, bolalarim, nabiralarim adabiyotga qiziqadi, ko‘p kitob o‘qiydi.
Ellik uch yil muqaddam auditoriyaga ilk bor o‘qituvchi sifatida qadam qo‘yganman. Hanuz auditoriyadan qadamimni, talabalardan ko‘nglimni uzganim yo‘q. Taxminan, yarim asrdan beri qo‘limdan qalam tushgani yo‘q. Tarki odat – amri mahol, degan gap bor. Bundan keyin ham Xudo umr bersa, dars beraman, maqolalar yozaman, degan niyatdaman. 

ADIB HAQIDA

    
1937 yil 1 iyulda tug‘ilgan. O‘rta maktabni, hozirgi O‘zMUning filologiya fakultetini bitirgach, Qarshi Davlat pedinstitutida (1959-1968 yillar) o‘qituvchi bo‘lgan. 1969 yildan hozirgi kungacha O‘zbekiston Milliy universitetida dotsent, dekan, kafedra professori vazifasida faoliyat olib bormoqda. 1966 yilda filologiya fanlari nomzodi, 2002 yilda filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya yoqlagan.
“Ilmi g‘aribani qo‘msab...” (1998), “Istedod va e’tiqod” (2000), “Atoqli adib” (2001), “Tanqid, talqin, baholash” (2006), “Sharafli Sharafiddinovlar” (2006), “Badiiylik – bezavol yangilik” (2007), “Betakror o‘zlik” (2009) asarlarining muallifi.
1979 yildan beri O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. 
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi” (2003), “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” (2007 yil)
Serfarzand ota, sernevara bobo, sershogird ustoz.

«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 5-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.