Mamlakatimizning mustaqillikka erishgani bizga mumtoz adabiyotimiz namoyandalari, jumladan, Rahimbobo Mashrab Namangoniy shaxsi va ijodining kamsitilgan yoki xaspo‘shlangan jihatlarini xolis baholash imkoniyatlarini berdi. Madaniyatimiz taraqqiyoti yo‘llarida o‘z sha’ni, qadr-qimmati, tom mohiyatini turli malomatlardan himoya qilib kelgan bu oltin meros endi-endi chinakam vorislar qo‘liga tegdi. O‘tgan asrning 90-yillarigacha bo‘lgan davrda esa, Mashrab shaxsi va asarlari turli noxolis mafkuralar manfaatlariga xizmat qildirib kelindi. U goh odobsiz va masxaraboz shaxs, yalang‘och she’rlar muallifi, goh yo‘qsullarning otashin himoyachisi, goh mavjud tuzumga qarshi isyonkor, goh esa islom dinining dushmani, dahriy, deb ta’riflandi.
Ushbu maqolada kamina Shoh Mashrab ijodining kamtar muxlisi sifatida, uning shaxsi va asarlariga bildirilgan munosabatlar xususida ayrim mulohazalarni aytishga jazm etdim.
I
Avvalo, Mashrab qanday qilib “beparda” she’rlarning “odobsiz” muallifi bo‘lib qolgani xususida. Shoir haqida eng ko‘p ma’lumot beruvchi “Qissai Mashrab” va uning variantlarida chindan ham Shoh Mashrab zohiran vodiyliklarga xos hozirjavob, tagzaminli qochirim va mutoyibalarga mohir, kezi kelsa, hech kimni yuzxotir qilmaydigan keskir so‘zli qalandar shoir sifatida aks etgan. Lekin uni zinhor hajvchi shoir sifatida Maxmur, Gulxaniy, Muqimiy kabi ijodkorlar bilan bir safga kiritib bo‘lmaydi. Mashrab hayotligi chog‘idayoq uning tarjimai holi va ijodi haqida fikr yurita boshlagan Sharq tazkiranavislari asarlariga murojaat etgan kishi bunga ishonch hosil qiladi.
Shoh Mashrab hayoti va ijodi bo‘yicha tadqiqotlarni boshlab berishgan rus sharqshunoslari mehnatini zarracha kamsitmagan holda shuni aytish mumkinki, XIX asr oxiri — XX asr boshlarida olib borilgan izlanishlarda yuqorida tilga olingan qusurlar ko‘zga tashlanadi. Professor N.I.Veselovskiyning 1896 yili Peterburgda chop etilgan “Sharq xotiralari” to‘plamidan joy olgan maqolasida, jumladan, shunday gaplar bor: “Devona Mashrab — O‘rta Osiyoda juda ham mashhur bo‘lgan beodob (tsinik), hazil-mutoyibachi. Mazmunan odob-axloq doirasidan tashqaridagi hikmatlar, pand-nasihatlardan tuzilgan to‘plamlari bor(?!). Bizningcha, turli diniy masalalarga salbiy munosabatdagi hur fikrli odam sifatida, hamda... xalq aqliy hayoti mahsuli sifatida bu shaxs chuqur diqqat-e’tibor va o‘rganishni talab etadi”. Ko‘rinib turibdiki, muallif Shoh Mashrabni faqat “Qissai Mashrab” orqali biladi yoki eshitgan, xolos. Bu asarni Mashrabniki deb o‘ylashi ham qiziq hol. Qissadagi mana bu satrdan (“Bu shaharning shayxi kim, mullosi kim...”) keyin kelgan bir satr professorni yuqoridagi xulosaga olib kelgan bo‘lishi mumkin.
Shoir bilan Xo‘jand hukmdori Oqbo‘tabiy o‘rtalaridagi mutoyibalar va boshqalar bilan kechgan yumorga boy, istehzoli munosabatlar ham Mashrab dunyoqarashi hamda ijodiga teran nigoh bilan qarab ulgurmagan professorni shunday yanglish xulosa chiqarishga olib kelganga o‘xshaydi. Biroq yuqorida keltirilgan qochirimli bayt ham, “qissa”dagi boshqa kulguli vaziyatlar ham mutasavvif Shoh Mashrab shaxsi va ijodiga soya sololmaydi.
So‘nggi o‘n besh yilgi Shoh Mashrab hayoti va ijodiga oid tadqiqotlarda bu masalaga ancha oydinlik kiritildi, noma’lum muallif tomonidan yozilgan qissa qahramoni hamda so‘fiy shoir Mashrab fe’l-atvori va asarlariga xolis baho berildi.
Maqola muallifining “mazmunan odob doirasidan tashqaridagi hikmatlar to‘plamlari bor” deyishi, bu “hur fikrli” odamni “chuqur diqqat-e’tibor bilan” o‘rganishga da’vat etishi tagida ilmga, adabiyotga daxli bo‘lmagan manfaatlar ham bormikan, deb o‘ylab qolasiz.
Ataladan foyda yo‘q,
Ovqat bo‘lib sonda yo‘q,
Uning nazzi xonda yo‘q,
Kuydirmajon bo‘lgan palov.
Xo‘rda kasalga dori,
Moshxo‘rdaxo‘r ketsin nari,
Kichiraxo‘rni ursin pari,
Sersabzi yog‘liq jon palov.
Kapgir uring — shirqillasin,
Suvni quying pirqillasin,
Osh agar yog‘liq kelsa,
Mashrab g‘azalxondir palov.
Mashrab ijodining chin shinavandasi bo‘lmish padari buzrukvorimdan eshitganim bu she’r yoki “Ajalning bir kuni qolsa, palovdan ayrilib bo‘lmas”, deb boshlanuvchi boshqa bir asar ham shoirning el orasida mutoyiba yo‘sinida shunchaki aytib ketgan she’rlaridan bo‘lishi mumkin. Balki ular Mashrabga nisbat berib, o‘zgalar tomonidan ijod qilingandir? Biroq har ikki holatda ham Shoh Mashrabdan na odobsiz shaxs va na hazil-mutoyibachi shoir yasab bo‘ladi.
Shoh Mashrabni Rusiya o‘quvchilariga “mashhur qilgan” boshqa bir misolga e’tibor qarataylik. Sharqshunos N.N.Pantusov “Turkiston arxeologiya ishqibozlari to‘garagi” bayonnomasida e’lon qilingan maqolasida quyidagilarni yozadi: “Xun-Taychji (Kuntoji — A.J.) ko‘chmanchi qora qalmoqlarning kuchli va jasur xoni edi. Mashrab uning tuyalarini boqib yurgan paytlarda Kuntoji o‘z cho‘ponining avliyo ekanligini eshitib qoladi, qizini unga turmushga beradi. Qizning ismi Sater-Jab (Sharq manbalarida Ofoq — A.J.) edi. Xon Mashrabni o‘z rahnamosi, piri, deb tan oladi. Devonai Mashrab bilan birga yotmagan bo‘lsa-da, kelin o‘g‘il tug‘ib beradi. Bolaning ismini Temurxon qo‘yadilar, ham bahodir, ham avliyo bo‘lib voyaga yetgan bola o‘z bayrog‘i ostida kurashib, dushmanlarini yengadi, xon darajasiga ko‘tariladi va dunyodan o‘tadi. Temurxonning jasadi Xargos daryosining sharqiy (chap) qirg‘og‘idadir. Mashrabning xotini esa, Temurxon tug‘ilganidan keyinoq har qanday jinsiy maylni yo‘qotadi va pokdamonligicha vafot etadi”.
Bir qarashda, Pantusovning bu hikoyasi Shoh Mashrab tarjimai holini to‘ldirganday tuyuladi. Chunki bunda gap tarixiy shaxslar, dalillar, voqealar haqida ketayapti. Aslida esa, XIX asrning hangomatalab rustilli o‘quvchisi talabini qondirishga, ularning “xotini” bilan yaqinlik qilmay turib ham “farzandli bo‘lgan” avliyo ustidan kulishiga ko‘maklashganday bo‘ladi. Qolaversa, hukmdorlar va din arboblariga hamda ularga “muxolifat”da bo‘lgan “Turkiston ziyolilari o‘rtasidagi munosabatlarni” olisni ko‘zlab tadqiq etishdek mustamlakachilik siyosatiga xizmat qiladi.
Shoh Mashrab hayoti va ijodini keng ko‘lamda o‘rganish, o‘z o‘quvchilari ommasiga yetkazishda zahmatkash olim, professor N.S.Likoshinning xizmatlari kattadir. U “Devonai Mashrab” qissasini rus tiliga so‘zma-so‘z tarjima qildi, ko‘plab sharhlar bilan boyitdi. Uning mazkur asarga yozgan kirish so‘zida ham juda qimmatli ma’lumotlar bor. Zahmatkash sharqshunosning bu kitobi ko‘plab tadqiqotlar uchun muhim manba bo‘lib xizmat qildi.
Afsuski, N.S.Likoshin turkistonlik mutasavviflar ijodini Xoja Hofiz va boshqa forsigo‘y shoirlarniki bilan muqoyasa etarkan, ancha noxolis fikr yuritib, mahalliy aholi o‘rtasida Mashrab shaxsi va ijodiga nisbatan ikki xil munosabat mavjud, degan g‘oyani mustahkamlashga, Mashrabni isyonkor hajvchi, kurashchan shoir sifatida ta’riflashga intilgan. Muallif kirish so‘zida “mahalliy aholining eng savodsiz qismi vakili ham Mashrabning “quyushqondan tashqari biror she’ridan parcha aytib” bera olishini, mahalliy olim — mulla esa shoirni “musulmonligiga ham shubha bilan qaraladigan, u haqda gaplashib o‘tirishga ham arzimaydigan shaxs”, deb hisoblanganini aytadi. Likoshinning Xoja Hofiz va fors adabiyotining boshqa mutasavvif vakillarini ulug‘lab, “madaniyati orqadagi mamlakatning (Turkistonning — A.J.) tayyorgarligi sust shoirlari”ni kamsitishi qay biri pishiq ekanligini sinab ko‘rish uchun ikkita gavharni bir-biriga urishtirishdek bema’ni qiliqni eslatadi.
Shoir hayoti va ijodi haqida fikr yurita turib Likoshin ushbu maqolasida, o‘zi sezmagan holda, o‘z da’volarini rad etadi. Professorning Chust uezdidagi tanishlari — shariat qozisi domullo Mas’ud Mag‘zum Muhammad Murod va uning o‘g‘li shayxulislom Nodim Likoshin so‘rovi bilan yozilgan Mashrab tarjimai holi muqaddimasida shoirga quyidagicha ta’rif beradilar: “Ulug‘ maqomlar sohibi, olijanoblik samosining yuksak parvozli qushi, avliyolik osmonining eng yuqorisida porlagan to‘lin oy, modarzod qalandar, oshiqlar mayxonasi, ilmlar ummonining to‘lqini, haqiqat dengizining javohiri, Namangan aziz-avliyolarining ko‘rar ko‘zi, Turon avliyosi...” va hokazo.
Ko‘rinib turibdiki, Namangan ulamo va zodagonlarining peshvolari — biri shariat qozisi, boshqasi shayxulislom bo‘lgan zotlar Shoh Mashrab shaxsiga nisbatan yuksak ehtirom ila munosabatda bo‘lishgan.
Shoh Mashrab hayoti va ijodi haqida baholiqudrat ma’lumot bergan Muhammad Bade’ Maleho Samarqandiy(“Muzakkir ul-ashob”), Abdulmuttalib Xojai Fahmiy(“Majmuai Fahmiy”), Majzub Namangoniy (“Tazkirat ul-avliyo”) va boshqalarning ham otashnafas shoir haqida chuqur izzat-ikrom ila qalam tebratganlari tarixdan ma’lum. XIX asrning oxirgi choragi — XX asrda yashab ijod qilgan tadqiqotchilarning dastlab chorizm, so‘ng “qizil imperiya”chilik siyosati ta’siri ostidagi malomatlaridan o‘lganidan keyin ham qutulmagan shoirimiz shaxsi va adabiy meros noxolis munosabatlar Istiqlol arafasidagina barham topdi.
Keling, endi Mashrab shaxsiga taqalgan “isyonkor” atalmish “fazilat” (aslida aybnoma) haqida biroz mulohaza yuritaylik. Sobiq sovet davrida chiqqan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “isyon” so‘ziga “sinfiy, milliy, huquqiy manfaatlarni himoya qilib ko‘tariladigan qo‘zg‘olon”, deya ta’rif berilgan. Ikkinchi ma’nosi esa, “Xudoning amrini bajarishdan bosh tortish, dindan qaytish”dir. Xo‘sh, u holda Rahimbobo Mashrab qaysi ma’nodagi “isyonkor shoir” bo‘ldi?
Bu o‘rinda aytish kerakki, har qanday iymon-e’tiqodli shoir kabi Mashrab ham o‘zi yashab turgan zamon va makondagi ijtimoiy haqsizliklardan ranjigan, nafsining quliga aylanganlar, zolimlar, nasl-nasabi, davlati, mansabi bilan g‘ururlanuvchilar, riyokor din peshvolari, mutaassib ruhoniylarga nisbatan noroziligini ochiq izhor etgan. Lekin u hech qachon ezilgan xalqni ijtimoiy nohaqlikka qarshi bosh ko‘tarishga chorlagan emas. Biroq zahmatkash olim Jaloliddin Yusupov ulug‘ shoir merosini butun fasohati bilan bilan idrok etishimiz yo‘lida ko‘p aziyat chekkan bo‘lsa-da, “Mehribonim qaydasan” kitobi so‘ngso‘zida buyuk so‘fiyni o‘zbek xalqi tarixida “isyonkor shoir” nomi bilan mashhur edi, deydi va bu isyon o‘zining cheklanganligi bilan xarakterlanganligini aytadi. Shu kunda Mashrab hayoti va ijodi bo‘yicha faol tadqiqotlar olib borayotgan faylasuf olimimiz Mo‘min Hoshimxonovning sho‘ro davridan qolgan “Mashrab isyonkor shoir”, degan aqidaga hamon sobitligi kishini hayratga soladi. Mashrab u aytganday “ortidan xalqni ergashtirib, isyonkor ruhda o‘z qarashlarini targ‘ib qilib” yurmagan. Olimimiz so‘fiy shoirga “o‘z davrining ijtimoiy tuzumini o‘zgartirish, hukmron doiralar mafkuraviy g‘oyasiga qarshi kurashish choralarini xalqqa targ‘ib qila olmadi”, deb ta’na qilishi ham mutlaqo mantiqsizlikdir.
U o‘zi mansub bo‘lgan naqshbandiya tariqati taomillariga muvofiq, piri murshid maqomiga allaqachon yetgan paytida ham muridlar qo‘lini olishdan tiyilgan. Hatto shoir bo‘lib turib ham shuhrat taratish mayliga qarshi borgan:
Mashrabo, shuhrattalabni keynida ofoti bor,
Orifi vaqt ul bo‘lur, iymong‘a ofat bo‘lmasa.
Avliyoyi modarzod, ya’ni onadan tug‘ma avliyo deb e’tirof etilgan Mashrab juda yoshligidanoq ishqi ilohiy sohibi sifatida bandaning bandaga muhabbati uning Ollohga bo‘lgan muhabbatidan bir uchqun, deb bilgan. Katta e’tiqod ila o‘ziga topingan muxlislarni “qissa”dagi kabi so‘zi va ishi bilan rad etgan, ular ixlosini so‘ndirish uchun g‘ayritabiiy qiliqlar qilishdan ham toymagan. Kimdir bu qiliqlarni Haq oldidagi erkalik deb, kimdir jununvor devonalik deb, yana kimdir esa uyatsizlik, beodoblik, deb baholaydi.
II
Mashrabni o‘z davri hukmdorlari bilan doimiy ixtilofda bo‘lgan, ulardan jabru jafo ko‘rgan, deyish ham noo‘rin. Chunki Amir Temur va ko‘pgina temuriylar, Shayboniy va qator shayboniylar o‘tmishdagi aziz-avliyolar ruhi pokidan madad olganlar, o‘z davrlaridagi bunday mo‘‘tabar zotlarni pir tutganlar. Yalangto‘sh bahodirlardan besh nafari Dahbedda (Samarqand) — buyuk yurtdoshimiz Maxdumi A’zam qabrlari poyiga o‘z vasiyatlari bo‘yicha dafn etilgani fikrimiz isbotidir. Shoh Mashrabning jahongashtalikda kechgan umri davomida taqdir yo‘liqtirgan barcha hukmdorlar bu avliyoyi zamonga cheksiz hurmat-e’tibor ko‘rgazganlar. Hatto Mashrabni dorga osdirgan Mahmud Qatag‘on ham bundan mustasno emas.
Xarobot aylagay har yurtni zolim bo‘lsa sultoni...
Yoki:
Hazar etmoq kerakdur beadolat podsholardin...
Yoxud:
Qanoat shahriga kirgin, muattarlikni xo‘ qilgin,
Ki beminnat emasdur boyni bergan osh ila noni —
deya ayrim hukmdorlarga tanqidiy munosabatini ayon qilgan Shoh Mashrab ayni chog‘da: “Goh amru goh faqirlar birla bo‘ldim oshno”, deya hukmron doiralar bilan ham yaxshi munosabatda bo‘lganligini aytadi.
Hazrat Alisher Navoiy: “Qilibman oncha isyonkim, agar do‘zax aro kirsam...” satri bilan boshlanuvchi she’rda shu qadar ko‘p gunohlarim borki, agar do‘zaxga kirsam mening ohu fig‘onimga jahannam ostin-ustin bo‘lib ketadi. Ey xudo, meni afv etgin. Chunki men uchun alohida do‘zax yaratgandan ko‘ra afv etmoq osonroqdur, deydilar. Shoh Mashrab ham isyon deganda Olloh aytgan amallarni to‘liq bajara olmaslikni, demakki, itoatdan chiqishni tushunadi.
Mullalar ilmiga mag‘rur, omilar isyonga g‘arq,
Kas na bilsun ro‘zi mahshar kimni toshi kam kelur.
Yoinki:
Hech kishi dunyodin ammo g‘arqi isyon ketmasun —
deganida shoir ana shularni nazarda tutgan edi.
Qur’onda so‘fiylarning sifatlari quyidagicha berilgan ekan: “Li-il fuqaro ilmuhojirni al-lazina uxriju min diyorihim va amvolihim“. Ya’ni: “Ular xudo yo‘lida mol-mulki va diyoridan mosuvo bo‘lgan muhojirlardir”. Yana bir iqtibos Boyazid Bastomiydan: “Mening muridim uldurkim, do‘zax labida o‘lturgay. Kimniki do‘zaxga olib kelsalar aning ilkidin tutub behishtga eltgay va o‘zi uning o‘rnida do‘zaxga kirgay”. Mashrabni isyonkorlikda ayblovchi ayrim ulamolar bilan so‘fiy shoir o‘rtasidagi ixtilof, mening nazarimda, shu ikki iqtibos mazmuniga borib taqaladi. Chunki “ilmiga mag‘rur” kimsalarning ayrimlari so‘fiylik ta’limoti va uning hamma narsadan “ixtiyoriy mosuvo” tarafdorlari fikriga qo‘shilmaydilar. Chunki bu dunyo noz-ne’matlari, huzur-halovatlaridan kechmoq uchun, javonmardlik qilish uchun ularning ruhiy tayyorgarliklari yo‘q. Demakki, ular “Menga do‘zaxni tanho ber, xaloyiq kuymasun hargiz”, degan Mashrabni anglashlari mushkul. Negaki, bu maqomga yetish uchun shariat, tariqat, ma’rifat va haqiqat (fano) maqomlari aro yuksalish talab etiladi. Ular uchun bundan ko‘ra shoirni isyonda, dahriylikda, noshukrlikda ayblamoq osonroq.
Mashrab esa bu dunyoda odamlar malomatiga qolmoqni Jaloliddin Rumiy (“Menga dam urmagil dog‘i malomatdin”) kabi tushunadi:
Oshiq bo‘lsang shundoq bo‘l, olam kufring bitsunlar,
Rasvo bo‘lgil xalq ichra, noming olib ketsunlar,
Devona bo‘l ishqida, senga kesak otsunlar,
Tufrog‘ bo‘lgil yo‘l uzra, seni bosib o‘tsunlar,
Kofirlikdan o‘zga hech menda odat qolmadi.
“Bog‘i hirsingni muhabbat otashi birla qurut”, deya da’vat qilgan shoirning o‘zi allaqachon bu malomatlarga tayyor edi. Mashrab tarjimai holi atrofida fikr yuritgan ayrim tadqiqotchilar hamon urg‘u berishayotgan “Jisman majruh qilingan shoir”ning o‘zi aynan shu narsani — hirsning o‘ldirilishi shartligini ta’kidlaydi.
So‘fiylik oson emasdur, har kishi rost anglasa,
Qo‘ydi yo‘ldin xalqni noloyiq irshod oqibat.
Bu baytda Mashrab zamoniga kelib payg‘ambarimiz davrlaridan boshlab taraqqiy etgan so‘fiylik tariqatida ham ma’lum buzilishlar ro‘y bergani, “abdoli vaqtman”, deya ko‘ksiga urgan soxta so‘fiylar paydo bo‘lgani, “noloyiq irshod” bilan dinda peshvolik rutbasiga ega bo‘lib olgan ayrim so‘fiynamo rahnamolar nojo‘ya fatvolar ila xalqni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirganlar, degan fikr olg‘a suriladi. Mashrabning eng katta muxoliflari ham ana shu manfaatparast shaxslar edi. Chunki ular nafaqat oddiy xalqni, balki shariat nomidan berilgan xato fatvolar bilan hukmdorlarni ham yo‘ldan ozdirar edi. Alal-oqibat, ana shunday yanglish yoki ataylab adashtirish uchun berilgan fatvo Shoh Mashrabni mansurvor dorga tortilishiga olib kelgan edi.
Sadriddin Salim Buxoriyning “G‘iyos ul-lug‘at”ga tayanib yozishicha, “Laduniy ilm — Olloh taolo tomonidan ato qilingan ilm. Unday ilmga urinish, sa’y-harakat, riyozat chekish natijasida, Olloh taolo xohlasa, ega bo‘lish mumkin. Chunki bu, Olloh o‘zi xohlagan kishilargagina beriluvchi ilohiy ilmdir. Laduniy ilm uchga bo‘linadi: vahiy, ilhom va farosat(intuitsiya). Vahiy payg‘ambarlarga, ilhom avliyolarga, farosat orqali bilish esa so‘fiylarga Ollohning izni (ruxsati) bilan beriladi”.
Shoh Mashrabning quyidagi satrlari ulug‘ shoirning Haq taolo in’om etgan ana shunday ne’matlardan bahramandligidan dalolat bermasmikan?
Nido keldiki: Ey Mashrab, seni man jannati qildim.
Yoki:
Bir Xudodin o‘zgasi barcha g‘alatdur Mashrabo,
Gul agar bo‘lsa qo‘lumda, ul tikonni na qilay?!
Yoki:
Hech bilolmayman o‘zumni qaysi qavmiyman bu kun,
Lekin arsh ustida Jibrildur mening hamsuhbatim.
Yoki:
Ko‘rdum tushumda sham’i jamoling,
Kuydum, urib charx parvona bo‘ldum.
Yoki:
Ma’rifatni xatti arrahmonda yurdum axtarib.
Yoki:
Suratim garchi bashar keldi, malakdur siyratim.
Yoki:
Bir hu etubon Laylini Majnun qilayozdim,
va hokozo.
Yuqorida keltirilgan va Shoh Mashrab asarlaridagi hammani hayratga soluvchi boshqa ko‘plab “erkalik”larni sharhlash mas’uliyatini kamina zimmamga ololmayman. Bu, tasavvuf ta’limotini chuqur o‘rgangan bilimdonlar chekidagi yumush. Shu o‘rinda muhtaram o‘quvchi e’tiborini, nazarimizda, Mashrabning o‘zi bir umr orzu qilgan shahid maqomiga yetishiga xizmat etgan, zamonaning qatl haqidagi hukmiga imzo chekishiga olib kelgan omillarga tortmoqchimiz.
1. Tasavvuf ilmining bilimdoni Najmiddin Komilning to‘g‘ri ta’kidlashicha, davrlarning almashinishi, shohlarning o‘zgarishi, siyosatu rayosat darvesh so‘fiyning e’tiqodiga, xulqiga ta’sir qilmasligi kerak, so‘fiy mayda manfaatlar, odamlarning kundalik tashvishlarigina emas, umuman, foniy dunyoning g‘amu muammolaridan ustun turadigan, tafakkurining sathi falak qadar qamrovli, qalbida ma’nolar bulog‘i qaynab yotadigan komil inson hisoblangan. Yana shu olimimizning quyidagi so‘zlariga e’tibor bering: “So‘fiylarning o‘zini ham orif so‘fiylar, zohid so‘fiylar, rind so‘fiylar, faqir so‘fiylar, faylasuf so‘fiylarga ajratish mumkin...”.
Shoh Mashrab keltirgan birinchi iqtibosimizdagi barcha fazilatlarga ega so‘fiy shoir edi. Endi keyingi iqtibos nuqtai nazaridan shoir hayoti va ijodiga e’tibor qilsangiz, sanab o‘tilgan besh toifadagi so‘fiylarga xos xislatlarning hammasi Shoh Mashrabda zohir bo‘lganligini kuzatish mumkin. Hurmatli tanqidchilarimiz shoir zohidlikni tanqid qilgan, uni aqalli shu toifaga kiritmaslik kerak, deyishlari mumkin. Lekin:
Murdalikni ixtiyor etdim, bugun kiydim kafan,
Misli Yusufdek jahon mulkiga bo‘ldim bevatan,
Go‘shai uzlatni oldim, yuz yoshurdum xalqdan —
satrlarini bitganida shoirimiz “Mabdai nur” va “Kimyo” asarlarini yozishga o‘tirgan, “uzlatni olgan” edi. O‘tdek chaqnab, jahongashta kezgan davrida yaratgan she’rlari bilan mazkur kitoblardagi she’rlarni solishtirib ko‘rgan kishi ham bu holatni kuzatgan bo‘lishi kerak. Pand-nasihat yo‘sinidagi asarlar shoirning qanchadir muddatga “xalqdan yuz yoshurgan” davrida dunyoga kelgan, deyish uchun asos bo‘la oladi. Xuddi shuningdek, rindlik, faqirlik, faylasuflik xislatlari ham Mashrab uchun begona emasligi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir.
2. Shoh Mashrab ijodiga muhabbati bor kishilar shoir to‘plamlariga kirgan hofizlar sevib kuylaydigan bir muxammasdagi quyidagi satrlarga e’tibor qilgan bo‘lishlari kerak:
Yaldo tunida bo‘lgani yorim bila hamgap,
Bir g‘amzaga taroj etibon din ila mazhab,
Sirrini nihon etdi — budur boisi matlab,
Qo‘tohnazar el bilmasa, deb xasta bu Mashrab,
Ming ma’nini bir nukta bila muxtasar ettim.
Bu bandda shoir Ma’shuq — Haq diydori orzusi haqida so‘ylaydi. Ya’ni Yaldo tuni — uzoq davom etgan sog‘inch tunida Ollohning jamolini ko‘rmoq orzusi haqida gap boradi. To‘g‘ri, bu toifadagi asarlarda Yor — inson va Yor — Haq obrazlari uyg‘unlashib ketishi ham kuzatiladi. Lekin ayni misolimizda din va mazhabni Yor — insonning bir g‘amzasi uchun emas, Yor — Haq visoli orzusida toroj etilayapti. Eng muhimi esa, keyingi satrlarda so‘fiylar, Ollohning chin oshiqlari sirining pinhon tutilishi kerakligi haqida so‘z boradi. Bu sirni aqli komil bo‘lmagan kishilar bilmasligi uchun “Ming ma’nini bir nukta”, yana bir so‘z bilan — “Olloh” so‘zi bilan qisqa qilinganligini ta’kidlaydi shoir. Hozirgacha shu she’rdagi “nukta” so‘zini “nuqta” deb hisoblab kelgan hurmatli mashrabshunoslar meni kechirishsin.
Demak, so‘fiylik ta’limotida shunday sirlar bo‘lar ekanki, uni keng ommaga ochish mumkin emas. Buni shoirning quyidagi satrlaridan ham bilsa bo‘ladi:
Tasdig‘i so‘zum birdur, vale ikki emasdur,
Vallohu billoh,
Ammoki xaloyiqqa ajab ikki tilim bor,
Bul sirri nihondur.
Yoki:
Zohidlararo taqvo hijilim bor,
O‘z yo‘lum omondur.
Xuddi mana shu misollarda “Qissai Mashrab” va shoirimiz haqidagi boshqa asarlar, el og‘zida yurgan rivoyatlardagi qalandar Mashrab bilan shoir Mashrab o‘rtasidagi tafovut sirlari aks etgan, deb o‘ylaymiz.
Xo‘sh, so‘fiylar, shu jumladan, Shoh Mashrab, elga fosh qilish mumkin emas, deb hisoblagan — pirovardida, fosh etib qo‘yilgan sir nima? Bu, “Meni Oshiqu Ma’shuq derlar bu olamda”, degan Mashrab o‘zining Olloh sevgan, aziz qilgan valiyulloh ekanligini tan olishida hamda “Bir hu bila Laylini Majnun qilayozdim”, deya o‘zining oshiqlikdan tashqari mahbublik da’vosini ochiq-oydin ifsho etishida emasmikan?
Bu o‘rinda shunday xulosaga kelish mumkinki, barcha tegishli bosqichlarni bosib o‘tgach, yagona Ollohga birlashib ketish haqidagi fikrlarni Jomiy, Navoiy kabi buyuk mutafakkirlarimiz o‘z asarlaridagi timsollar vositasida g‘oyat nazokat bilan pardalab ifoda etganlari holda, Mansur Halloj, Nasimiy va Shoh Mashrab bu g‘oyani hamda Yaratgan tomonidan Laduniy ilm ila bahramand etilganliklarini ochiq-oshkora aytdilar, bunday ulug‘ ne’matlardan bebahra kaslar qo‘lida shahid bo‘ldilar. Boshqacha aytganda, o‘sha zamonlarning noqis qulog‘i “Xudoyberdi” ismining ”Xudoy” degan qismini eshitib, “berdi”sini ilg‘ay olmadi.
Biz mashrabxonlar tasavvuf ilmining bilimdonlari — zahmatkash tadqiqotchilar Najmiddin Komil va G‘aybulla as-Salom, Jaloliddin Yusupov va Hoji Ismatulloh Abdullohning so‘nggi 15-16 yil davomida Shoh Mashrabni chinakamiga anglash, tadqiq etish bo‘yicha olib borgan ilmiy izlanishlaridan g‘oyat katta ma’lumotga ega bo‘ldik. Bu sharafli yumushga Ibrohim Haqqul, Sultonmurod Olim kabi iste’dodli olimlarimiz yana ko‘proq e’tibor berishlarini istaymiz. Hamidxon Homidiy, Ne’matjon Otajonov, Ahmad Ubaydulloh va Mo‘min Hoshimxonov kabi mashrabshunoslar Shoh Mashrab hayoti va ijodi bo‘yicha izlanishlarga zamonaviy ruh berishlarini tilaymiz. Endi “Yoshi yetmish birga yetgan bandai raddi falak” yoxud “Hech kishi bilmas meni qaydin bu yerga kelganim”, degan satrlar muallifining tug‘ilgan yiliyu makoni haqida bahs yuritaverish davri o‘tdi. Shu bois, Rahimbobo Mashrabning xalqimiz tomonidan suyib-ardoqlanayotgan asarlari hayotbaxsh ruhi, fasohati haqida yangi-yangi tadqiqotlar yuzaga chiqishidan umidvormiz. Shoyad, buyuk shoir haqida hozirgacha bilgan, anglaganlarimiz yoniga yangi ma’lumotlar, sharhlar qo‘shilib, shuurimizni yanada boyitsa.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2006 yil 23-sonidan olindi.