Bundan bir necha o‘n yillar muqaddam unutilmas ustozimiz Abdulla Qahhor davrasida bir guruh ijodkorlar video tasvirga tushganmiz. Uni o‘qtin-o‘qtin namoyish kilib turishadi. Bu davrada Ozod Sharafiddinov, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov singari akalarimiz ham bor. Lekin bugungi kundan turib qarasak, u yerda hammamiz yoshmiz, navqironmiz.
Shu o‘rinda hadisi sharifdan bir o‘git yodimga tushdi. Ya’nikim, muqaddas haj safariga yo‘l olgan karvon Makkaga kirib borganida, makkaliklar ularga peshvoz chiqib debdilar: “Vo ajabo, sizning hammangiz mo‘ysafidlarsiz. Sizning yoshlar haj qilmaydilarmi?” Karvonboshi javob qilibdi: “Ayo makkalik mezbon, bilingki, har birimiz haj ishtiyoqida yashaymiz. Gap shundoqki, biz yo‘lga chiqqanimizda yosh-yosh yigitchalar edik”.
Albatta, bu ulug‘ hikmat. Yoshlik yaxshi-ku, lekin biz ham o‘zimizni hali qartaygan deb hisoblamaymiz. Balki Yaratganning inoyati bilan yoshi ulug‘lar safiga kirgandirmiz.
Aslida biz bugun erishib turgan hurmat va e’zozning sarchashmasi o‘sha yoshlik bag‘ridan sizib chiqqan emasmi? Biz bugun qutlug‘ sanasini muborakbod etayotgan atoqli shoirimiz Erkin Vohidov o‘sha chashmalardan biri bo‘lib, adabiyotimiz, she’riyatimiz zaminida ko‘z ochgan edi.
Shoir o‘zining ilk kitobini “Tong nafasi” deb atadi. O‘sha yillari adabiyotimizga qadam qo‘ygan yosh ijodkorlarning deyarli ko‘pchiligiga haqiqatan ham subhidam nafasi xos edi. Xayriddin Saloh, Tesha Saydaliev, Husniddin Sharipov singari shoirlarimizning ilk qadamlaridayoq yangicha ruh baralla ko‘zga tashlanardi. Gohida masalaning mohiyatiga yuzaki nazar tashlaydigan ayrim hoziru nozir “shunos”lar tavakkal xulosalar ham chiqarib yuboraveradi. Ularning xulosasiga tayansangiz go‘yo bizdan avvalgi yillarda asl she’riyat bo‘lmagandek. Aslo bunday emas. Asl she’riyat mavjud edi. Cho‘lpon, Usmon Nosir, Oybek she’riyati bor edi. Faqatgina ularning nomi qatag‘on etilgan, she’rlari ta’qiqlangan edi. Keyingi davrlarda ham G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Mirtemir singari shoirlarimiz ijodida chinakam she’riyatning marvarid donalari ko‘zga tashlanib turdi. Umuman olganda esa, adabiy muhit gipnoz qilingan kabi g‘oyabozlik tumani ichra karaxt holga tushgandi. Shunday sharoitda xira tuman orasida o‘lmas she’riyatimiz yana o‘z jilvasini ko‘rgazib nur tarata boshladi. Bu holatni oltmishinchi yillar yangi she’riyatining o‘ziga xos manzarasi desak bo‘ladi. Asl she’riyatni sog‘ingan muxlislar endi Erkin Vohidovning she’rlarini ham uzoq tashnalikdan keyin buloqqa duch kelgani kabi quvonch bilan kutib oldilar.
Biz o‘tgan mafkura davrlarida adabiyotni, jumladan she’riyatni faqat g‘oyaviy mazmuniga qarabgina baholashga o‘rganib qolgandik. Badiiylik esa ikkinchi darajali, “san’at san’at uchun” deb qaralardi. She’rlarimizda traktorning gulduros ovozi eshitilsa bas edi. Traktorchi bilan esa hech kimning ishi yo‘q. Shundoq muhitda Erkin Vohidovning mas’um, samimiy, toza satrlari barchamizga g‘oyatda xush yoqdi. Mana bu satrlarga e’tibor qiling:
Garchi shuncha mag‘rur bo‘lsa ham,Piyolaga egilar choynak.Shundoq ekan, manmanlik nechun,Kibru havo nimaga kerak?Kamtarin bo‘l hatto bir nafas,O‘tma g‘urur ostonasidan.Piyolani inson shuningchunO‘par doim peshonasidan.She’riyatimiz endi o‘zining asl muddaosiga qaytadan yetishgandek bo‘ldi. Bugun yetmish yoshga to‘lgan muhtaram shoirimiz butun hayoti davomida mana shu muqaddas taomilga sodiq qoldi va hozir ham shunday. Erkin aka adabiyotimizni chinakamiga boyitib turgan yuzlab she’ru dostonlar, g‘azallar, dramatik asarlar yaratdi. Gyotening “Faust”idek benazir asarni, Sergey Yeseninning latif she’rlarini ona tilimizga mahorat bilan o‘girdi. Bu dilbar ijod bizning barchamizga g‘oyatda qadrdon bo‘lib qolgan.
Mehnat, albatta, ulug‘ jarayon hisoblanadi. Lekin mehnatning natijasi, ya’ni hosili bir biridan albatta farq qiladi. Biz dunyoda har bir narsani mukammal ko‘rishni xohlaymiz. Bundan she’riyat ham mustasno emas. Erkin Vohidov ijodida ana shu mukammallikning muattar nafasi bor. Unda Farg‘onaning fusunkorligi, Toshkentning tarovati, yurtimiz mehri ufurib turadi. Ona tilimizning jozibasi, xalqimizga xos nuktadonlik bu ijodning ko‘rkidir.
Bobur Mirzo taqdir shikvalaridan shikoyat qilib “ko‘ngli tilagan murodig‘a yetsa kishi” deb yozgan edi. Darhaqiqat inson bolasi uchun o‘z qadrini topishdan buyuk baxt yo‘q. Shuningdek, Vatanini, xalqini baxtini ko‘rishdan ortiqroq saodat ham mavjud emas. Shukrlar bo‘lsinkim, mana shu ne’matlar shoirimizga ham nasib etdi.
Muhtaram Yurtboshimiz mustaqilligimizning birinchi kunlaridayoq ma’naviyatimizga, adabiyotimizga madad qo‘llarini cho‘zdi. O‘zining ulug‘ karvonida adabiyotimizni ham eng qadrli va ishonchli yo‘ldosh deb bildi. Prezidentimizning bugungi qutlovi, yuksak unvonlar, martabalarimiz ham buning isboti bo‘la oladi. Mana shu ulug‘ karvon safida hech bir og‘ishmay, millatimiz, Vatanimiz istiqboli uchun katta haqiqatlarni o‘ylab, daryodek tirikchilik qilib yashashimiz shart. Biz mehribon xalqimiz oldida toabad qarzdormiz.
Men bir vaqtlar Erkin akaga bag‘ishlab bir she’r bitgan edim. Shuni keltiraman:
Biz ham yuksaklarga tikkandik ko‘zni,Bizda ham bor edi matonat, bardosh.Arslon chorlagandi qoshiga bizni,Lekin qumursqalar bo‘ldi safardosh. Jami tiriklikka tanish bu xatar,Qumursqa yaralgan yoppa talarga.Do‘stim, alam qilar arslon bexabar,Yem bo‘lib ketsak shu qumursqalarga.Xayriyatki, u davrlar o‘tdi, qumursqalarga yem bo‘lmadik. Biz endi murodimizga yetishdik.
Ana shu ulug‘ baxt sizu bizga, adabiyotimizga muborak bo‘lsin!
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 1-sonidan olindi.