OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdurashid Abdug‘afurov. Matnshunos alloma (2004)

Chin ma’noda alloma, ko‘p asrlik boy adabiyotimizning katta bilimdoni va targ‘ibotchisi, yirik matnshunos Porsoxon Shamsiev hayotda nihoyatda kamtar, sodda ochiqchehra va xushulfat inson edi. Men 1953 yili universitetni bitirgach, omadim bor ekan, yigirma yil davomida shu ulug‘ olim bilan bir xonada yonma-yon o‘tirib, ularning ilmiy suhbatlaridan, pand-o‘gitlaridan bahramand bo‘lganman, yuksak insoniy fazilatlaridan, sharqona odob-xulqlaridan, tavoze’-lutflaridan ibrat olishga intilganman. 

“Yuzdan biri... O‘ndan biri...”

Porsoxon domlaning ilm va ijod ahli o‘rtasida obro‘si katta edi. Xususan, ustoz G‘afur G‘ulom bilan yaqin do‘st, qadrdon ulfat edi. Sharq falsafasi va she’riyatining, birinchi galda, mumtoz adabiyotimizning bu ikki bilimdoni qachondan do‘st tutingani menga noma’lum, ammo o‘tgan asrning 30-yillari oxirlarida Navoiy tavalludining 500 yilligini o‘tkazish davlat komitetida hamkor bo‘lganliklari aniq. Bu yillari domla va G‘afur G‘ulom Navoiy asarlarini nashrga tayyorlash bo‘yicha samarali faoliyat ko‘rsatdilar. 50-yillar boshlarida G‘afur G‘ulom Fanlar akademiyasining Til va adabiyot institutida domla ishlayotgan bo‘limga rahbarlik qilgan. 1953 yili Domla G‘afur G‘ulomning “Tanlangan asarlari”ni, 1956 — 1957 yillari esa asarlarining uch jildligini nashr ettirgan. 
G‘afur G‘ulom Porsoxon domla bilan suhbatlashish niyatida, mudirlikni topshirganidan keyin ham, bo‘limga tez-tez kelib turardi. Suyukli xalq shoirining iqtidoriga yuqori baho bergan domla, ayni zamonda, uning ba’zan zamonasozlik qilishga majbur bo‘lishini ham to‘la his etardi. O‘ylash mumkinki, uzoq yillar davomida sirdosh bo‘lgan domlaga G‘afur G‘ulom o‘z yuragini tez-tez bo‘shatgan, ko‘ndalang muammolar qarshisida o‘zining majburiy ojiz ekanligini yashirmagan, ochiqchasiga dardlashgan.
Bunday xulosaga domlaning G‘afur G‘ulom vafotidan keyin aytgan quyidagi gaplari to‘la asos beradi:
— Abdulg‘afur chindan ham buyuk iste’dod sohibi edi. U katta va tabarruk meros qoldirdi. Ammo, ming afsus, aytishi mumkin bo‘lgan so‘zlarning yuzdan birini ham aytolmay, yozishi mumkin bo‘lgan asarlarning o‘ndan birini ham yozolmay ketdi...
Maxsus ilmiy-tadqiqotning lo‘nda xulosasidek jaranglagan bu e’tirof o‘zining favqulodda chuqur mazmuni bilan G‘afur G‘ulomni, nazarimda, benihoyat ulkanlashtirib yuboradi. Har qachon ustozning adabiyotimiz rivojiga qo‘shgan katta hissasi haqida so‘z borganida, Porsoxon domlaning kuyunch bilan aytgan ana shu so‘zlari meni hayajonga soladi...

“Qarilik gashti”mi yoki tashvishi? 

Ilmiy jamoaning eng yoshi kattalaridan biri bo‘lgan domla umrining oxirigacha institutdan ajralmadilar, qarigan bo‘lishiga qaramay samarali faoliyatda bo‘ldilar. Domlaning tabiati juda nozik edi. Asli xushfe’l, xushsuhbat domla ongli-ongsiz qo‘pol hatti-harakatlardan ozor chekardilar, mantiqsiz gap-so‘zdan o‘zini chetga olardilar, “qizil” xitob-da’vatlardan ijirg‘anib, xunob bo‘lardilar. Har bir so‘zning ma’no-mohiyatini chuqur bilgan domla matndagi nuqson va g‘alizliklarni tuzatishdan erinmas, biz yoshlarni ham shunga o‘rgatardilar. Domlaning nazaridan o‘tgan matndan ko‘nglimiz to‘q bo‘lardi, chunki ustoz har bir jumla-iboraning mantiqiy-ilmiy asoslangan bo‘lishini, uslubning sodda va ravshanligini talab qilardilar. 
Kunlarning birida viloyatdan kelgan mehmonning “Qarilik gashtini surib yuribsizmi?” deyishi domlani qattiq ranjitganiga guvoh bo‘lganman. Domla butun Sharq adabiyotida, jumladan, mumtoz ijodkorlarimiz merosida qarilikdan shikoyat, uni umrning so‘nggi bosqichi ekanligidan nadomat, keksalikning jismoniy-ruhiy azob-uqubatlaridan nolish juda ko‘p uchrashini ta’kidlab: “Hazrat Navoiy qarilikni tuzalmas xastalik” deganlar, deb qancha dalillarni keltirdilar. Xuddi o‘sha kezlari domla Alisher Navoiy o‘n besh jildligi uchun “Mahbub ul-qulub” asari va uning soddalashtirilgan matnini nashrga tayyorlash ishini yakunlagan edilar. G‘aladondan tayyor matnni olib, Navoiyning qarilik haqidagi mana bu so‘zlarini o‘qib berdilar:
“Qarilik — yigitlik sog‘lig‘ining xastaligi. Qarilik kunlari xushchaqchaqlarni noshod qilib, kishi qaddini bukchaytiradi va umr bilan xayrlashtiradi. Yuksaklik xayoli boshdan yo‘qoladi, hasrat va nadomat yoshining seli badan qasri devorini yiqitadi...”
Qarilik va uning mumtoz adabiyotimizdagi talqini mavzui o‘sha yillari yoshi yetmishlar atrofida bo‘lgan domlaning “qiziqish doirasi”da turganligi oradan ikki-uch yil o‘tgach, yana bir bor tasdiqlandi. Domla “Xazoyin ul-maoniy”ning to‘rtinchi devoni — “Favoyid ul-kibar”dan qarilikdan dardli shikoyat mazmunida yozilgan:

Oqara boshladi boshu 
 to‘kula boshladi tish,
Safar yarog‘ini qilg‘ilki, 
 tushti boshingga ish — 

bayti bilan boshlanuvchi g‘azalni ko‘chirib kelib, o‘qib berdilar, ulug‘ shoirning badiiy topqirligiga tasannolar aytdilar. Ayniqsa, g‘azal tarkibidagi mana bu baytlar domlaga kuchli ta’sir ko‘rsatganligi tovushlaridan ham bilinib turardi:

Yigitlik o‘ldi bahoru kuhulat o‘ldi xazon,
Degan bu so‘zni — qarilig‘ni qishga o‘xshatmish.

Ne qish nashoti manga qoldi, ne xazon, ne bahor,
Bahorima chu xazon qo‘ydi yuz, xazonima — qish.

Na turfa ishki, birov chun toriqti umridin,
Desa:”Uzun yasha!” — qarg‘ishdur anga bu alqish.

Qarilikning bu kabi talqini qarshisida “qarilik gashtini surish” haqidagi da’vatlar domlaga batamom mantiqsiz jaranglashi tabiiy edi...
“Mehnat — rohat” iborasi ham domlaning g‘ashiga tegardi. U paytlari bu ibora targ‘ibot-tashviqot ruhida juda ko‘p qo‘llanilardi, deyarli har bir yirik rayonda shu nomli kolxoz bor edi. Domlaning (umuman, o‘tmish tariximizdan xabardor har bir ziyolining) e’tiroziga sabab shu ediki, aslan arabcha bo‘lgan “mehnat” so‘zi ming yillar davomida “rohat” so‘zining aks ma’nosini ifodalab kelgan. Mumtoz adabiyotimizning, beistisno, barcha namoyandalari bu so‘zni o‘rniga ko‘ra “azob-uqubat, dard-hasrat, alam-zahmat, kulfat-mashaqqat” kabi o‘ta salbiy mazmunni ifodalashda qo‘llab kelganlar. Tabiiyki, Navoiy ijodida ham xuddi shu mazmun turli tovlanishlarda “mehnat” so‘zi bilan ifodalangan. Domla professor S.Ibrohimov bilan hamkorlikda tuzgan “Navoiy asarlari lug‘ati”da “mehnat” so‘ziga “mashaqqat, og‘irchilik” deb izoh berganlar va dalil sifatida Navoiy she’riyatidan “shomi hijron mehnatin” (“hijron shomi azob-uqubatlari”) hamda “zamona mehnatidin” (“zamona kulfatu zulmidan”) birikmalari o‘rin olgan bayt-misralarni keltirganlar. Bu mavzudagi shaxsiy suhbatlarning birida esa Boburning:

Necha bu falak solg‘usi g‘urbatqa meni,
Har lahza tugangusiz mashaqqatqa meni.
Ne chora qilay, netayki, Tengri go‘yo
Mehnatni menga yoratti, mehnatqa — meni

ruboiysini tahlil etib, Bobur ijodida ham “mehnat”ning aslo “rohat” emasligini, balki, aksincha, xuddi ulug‘ Navoiy va boshqa alloma-ijodkorlar meroslarida bo‘lganidek, mazmunan “mashaqqat”, “azob-uqubat”, “dard-kulfat” ekanligini tushuntirgan edilar.

“Lafzing pok qilkim!”

Nimadir bahona bilan xodimlardan biri uyida dasturxon yozdi. Domla boshliq to‘rt-besh kishi bo‘lib bordik. Quyuq-suyuq taomlardan oldin ham, keyin ham ancha vaqt gurunglashib o‘tirdik. Suhbat she’riyat, badiiy san’atlar, ijodkorlarning topqirligi ustida borardi. Bunday xos yig‘inlarning deyarli barchasida bo‘lganidek, Boburning:

O‘z fasli, yor vasli, do‘stlarning suhbati,
She’r bahsi, ishq dardi. Bodaning kayfiyati
...Gar bu uch ishni muvofiq topsang ul uch vaqt ila,
Mundin ortuq bo‘lmag‘ay, Bobur, jahonning ishrati —

baytlari o‘qildi. Domla bu go‘zal baytlarning yaratilishiga Navoiyning:

Bodayu ishqu shabob ayyomiyu fasli bahor,
Pand netsunkim, erur oshuftalig‘lar chog‘i —

kabi misralari turtki bergan bo‘lishi mumkin, degan taxminni aytdilar. Bu fikrni quvvatlab davradagilar ham bir necha dalillar keltirishdi. Gap aylanib suhbat odobi, shirinso‘zlilikka ko‘chdi. Ayniqsa, “Mahbub ul-qulub”da bu mavzuda ko‘p pand-nasihatlar bitilgani aytib o‘tildi. Bu asarning har bir jumlasini “g‘alvirdan o‘tkazgan” domla uni odob-axloq qomusi deb baholadilar. Bu asarda olg‘a surilgan yuksak insoniylik, odamiylik mezoniga Navoiyning o‘zi to‘la-to‘kis amal qilganligini ta’kidlab, domla Xondamir asarlaridan va boshqa tarixiy manbalardan ko‘plab hayotiy voqealar, naql va rivoyatlar keltirdilar. Ulug‘ shoir hayotda nihoyatda pokiza va xushulfat, sofdil va noziktab’ bo‘lganini, suhbatdoshiga lutfi inoyatlar ko‘rsatib, ochiqyuz va mehribonlik bilan muomala qilganini so‘zlab, ijodida ham o‘quvchini shunga da’vat etganini misollar bilan dalillab berdilar. Bu mavzudagi juda ko‘plab o‘gitlari jumlasida domla mutaxassislar yetarli e’tibor bermagan mana bu baytni yod o‘qidilar:

Pok lafz ayturg‘a lafzing pok qilkim, hayfkim,
Yaxshi so‘z borinda surgay nuktai mazmum og‘iz.

Navoiy hikmatlari jumlasidan o‘rin olishga loyiq bu misralardagi “nuktai mazmum” birikmasini domla “yaxshi so‘z” iborasining ziddi bo‘lgan “so‘kish, haqoratlovchi, odobsiz, behayo so‘zlar” deb izohlab, ulug‘ shoir “pok lafz” — xushmuomalaga da’vat qilayotganiga e’tibor qaratdilar. Xuddi shu davrada domla Navoiyning xalq maqollari darajasidagi quyma va purma’no “Qolmamish qo‘zg‘olmayin, kimki birovni qo‘zg‘amish!”, “Kimki, — ul egri qadam urdi — ishi kelmadi o‘ng” va “Ayb erurki, ahli donish qilsa nodon birla bahs” kabi o‘gitlarini ham yod o‘qidilar.
Bu samimiy davra suhbati mumtoz adabiyot, xususan, Navoiy shaxsiyati va merosi bo‘yicha biror kitob-darslikda bitilmagan ma’lumotlar bilan biz yosh xodimlar bilimini boyitdi. O‘shanda Navoiy asarlarining lug‘atini tuzgan domla lug‘at nashriga kirmay qolgan “sherik” va “o‘rtoq” so‘zlarining shoir merosida mavjudligini va bu so‘zlar xuddi hozirgi ma’no-mazmunda qo‘llanilganini aytgan edilar. Keyinchalik men “Favoyid ul-kibar” devonidan domla ma’lumotini tasdiqlovchi mana bu baytni uchratdim: 

Ishq aro Farhod ila Majnun sherikimdur, vale,
Dardu g‘am chekmakka menga yo‘q bu ikki o‘rtog‘im.

Dasturxon atrofida faqat ilmiy suhbat emas, hazil va chiroyli lutflar ham bo‘lib o‘tdi. Ulardan birida domla gap orasida o‘rtadagi bodomdan birini olib, qo‘llari bilan chaqmoqchi bo‘ldilar — chaqilmadi. Yana birini olib, ikkalovini ustma-ust qo‘yib ezishga harakat qildilar — bo‘lmadi. Og‘izlariga solib ancha aylantirdilar — qattiqlik qildi. Ko‘ngillari ketdimi, har holda, ko‘p urindilar, baribir, ikkinchisi ham, uchinchisi ham chaqilmadi. Bo‘lib o‘tayotgan gap-so‘zlarga diqqat bilan quloq tutayotgan sohibi dasturxon beixtiyor kuzatib ham turgan ekan:
— Qo‘ying, domla, urinmang, — dedi kulgi bilan. — Silliq bo‘lib ketganidan bilingki, necha mehmon qancha tirishib ularni chaqolmagan. Hatto akademiklar ham uddalay olmagan. Hamid Orasliy domla har kelganlarida hammasini bir-bir og‘izga olib, qaytib qo‘yganlar.
U dik etib o‘rnidan turdi-da, bodomni likopchasi bilan ko‘tarib, dam o‘tmay bolg‘ada chaqib keldi. Mag‘zini ajratib olib domla va boshqa mehmonlar oldiga qo‘ydi. Mag‘izdan bir-ikkisini yegan Domla qolganini o‘rtaga sura turib: 
— Chindan ham Orasliy domla shimib ko‘rgan ekanlar — shundoqqina neft mazasi anqib turibdi, — deb lutf qildilar. Hamma kulib yubordi. Hamid Orasliy Ozarboyjon Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi, o‘zbek adabiyotshunoslarining yaqin do‘sti bo‘lib, o‘sha kezlari Navoiy komiteti anjumanlarida qatnashish uchun ilmiy ma’ruzalar bilan Toshkentga tez-tez kelib turardi. U kishi domlaning doktorlik dissertatsiyasini yoqlaganlarida opponentlik qilib, tadqiqotga juda yuqori baho bergan edi.
 
“Bor choydan!..”

Kimningdir yigirmasiga to‘planishib bordik. O‘tirdik, “Qur’on” tilovati bo‘ldi. Hali fotiha tortilmagan ham ediki, bizdan oldingi qatorda o‘tirganlardan biri dag‘al ovoz bilan:
— He bola! Bu choyingni obor, achchiq qilib ko‘k choy damlab kel! Ma! — deb xizmatda yurgan yigitlarning biriga yangi keltirilgan choynakni tutqazdi. Buni ko‘rib — eshitib o‘tirgan domlaning jahllari chiqdi, bir ijirg‘anib qo‘ydilar.
— Hoy, bolam! O‘sha choynakni buyaqqa bering! Barakalla! — dedilar ataylab hammaga eshitilarli qilib. Oradan biroz vaqt o‘tar-o‘tmas oldingi safdan yana o‘sha dag‘al ovoz quloqqa zarb bilan urildi: 
— Ko‘k choy dedim-ku, ko‘k! Yo‘q, qorasi bo‘lmaydi!
Bizning qatorda o‘tirganlarning eng yoshi men edim. Domla menga qarata zarda bilan:
— Restoranga borganda ham menyu bo‘yicha buyurtma beriladi. Bu joy restoran yoki kuyovchaqiriq emas. Bor choydan ichavering! — dedilar oldingi safga ham eshitilarli qilib. 
Osh tortildi. Har daqiqada “Choyila bormi? Kamchilik yo‘qmi? Choy keltiraymi, qanaqasidan?” deya xizmatda yurganlarning biriga orqa safdan kimdir iltimos ohangida:
— Bor choydan bir choynak qo‘yib keting! — deb murojaat qilgani quloqqa chalindi. 
“Ha, bor choydan!” — dilimizda qaytardik bizlar ham...

“Bu so‘nggisi bo‘lmasin!..”

Institut ilmiy jamoasi ixcham, ammo ahil, ishchan edi, xodimlar o‘rtasida o‘zaro izzat-hurmat ruhi hukmron bo‘lib, hazil-huzul va samimiy munosabat katta-kichikni do‘stlashtirib yuborgan edi. 50 — 60-yillari xodimlar tomonidan hazil yo‘sinida “Ko‘ndirbyuro” va “Undirbyuro” deb ataluvchi “tashabbuskor guruhlar” ish olib borardi. Porsoxon domla, Hodi Zarif, Homil O‘qubov, Zokir Ma’rufov, Abdulla Olimjon kabi katta avlod olimlar bu “byuro”larning faollari edilar. Porsoxon aka bilan Hodi Zarif kabi obro‘li, so‘zi o‘tadigan domlalar har ikkala “byuro”da yetakchilik qilishgan. Biror xursandchilik munosabati bilan unga aloqador shaxslarni “eritish” — “byuro”larning bosh maqsadi edi.
Dissertatsiya muhokamadan o‘tib, yoqlash uchun tavsiya etilishi, kimningdir farzand yoki nabira ko‘rishi, kitobi bosilib chiqishi, unvonga sazovor bo‘lishi, yangi uyga ko‘chishi kabi shodiyona sabab voqealar munosabati bilan, avvalo, “Ko‘ndirbyuro” ishga kirishar, aloqador xodimni bir ziyofatga ko‘ndirib va’dasini olardi. Bu birinchi — biroz yengilroq bosqich edi. Ishning og‘irligi “Undirbyuro”ga tushardi. Ziyofatga ko‘nib, va’da bergan shaxs keyinchalik ko‘pincha tixirlik qilardi, ba’zilar ochiqdan-ochiq qochib yurardi. “Undirbyuro”, baribir, bo‘sh kelmasdi... Biz yoshlar ham ora-sira bunday o‘tirishlarga aralashib turardik, yugurdaklik qilardik, ba’zan o‘zimiz ham qo‘lga tushib qolardik. Zavq-shavq bilan qadah so‘zlari ham aytilardi. Hodi Zarif domlaning so‘zlari juda uzun bo‘lardi, ba’zan ilmiy ma’ruzaga o‘xshab ketardi, davradagilar entikib qolishardi. Ko‘pincha nima sabab-bahona bilan yig‘ilingani esga ham olinmasdi. Porsoxon domla, aksincha, gapirmas edilar. Hech iloji bo‘lmaganda, doimo o‘rischa aralashtirib, “Bu predposledn?y bo‘lsin!” derdilar piyolani ko‘tarib, qisqagina. 
Biz — yoshlar domlaning bu purma’no qadah so‘zlariga qoyil qolardik va “bu so‘nggi qadah, so‘nggi ziyofat, so‘nggi kitob, so‘nggi mukofot bo‘lmasin, yaxshiliklar, ulfatchilikning oxirgisi bo‘lmasin!” deb tushunardik...

Abdurashid Abdug‘afurov
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004-yil 6-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.