Qadimgi sharq qo‘lyozmalarida “jild” va “saylangan”, “tanlangan” (ya’ni muntaxab yoki intixob) ko‘rinishida atamalar uchraydi. Biroq ular bugungilaridan farq qiladi. Jild iborasi ko‘p hollarda yirik asarlarning bir necha tarkibiy qismlardan tashkil topganini ifodalash uchun “jildi avval”, “jildi duvvum”... shaklida ishlatilgan. Ayni damda “birinchi daftar”, “ikkinchi daftar”... atamalari ham xuddi shunday vazifani bajargan. “Al-Hidoya” (Burhoniddin Marg‘inoniy), “Masnaviyot” (Jaloliddin Rumiy) kabi mualliflarning asarlarida xuddi shunday manzarani kuzatamiz. Sharqda ko‘p jildlilik asosan jug‘rofiya, lug‘at yoki tilshunoslikka oid yirik asarlarga xosdir. “Kitab al-ansob” (Abdukarim as-Sam’oniy, XII asr), “Mu’jam al-udabo”, “Mu’jam al-buldon” (Yoqut Hamaviy, XIII asr) kabi asarlarda bu aniq ko‘zga tashlanadi. Ko‘p jildli kitoblar odatda bitta asardan iborat bo‘lgan. Keyingi jildlar oldingilarini to‘ldirib boravergan. Agar bitta mavzuga tegishli bo‘lmasa, jildlar orasiga muallifning boshqa asarlari qo‘yilmagan. Boshqalaridan yangi jildlar hosil bo‘lgan. Ko‘p jildli kitoblar muallif va sahhof yoki kitobatchi hamkorligida dunyoga kelgan. Ba’zan bu jarayonda muallif ishtirok etmagan. Umuman, o‘tmishdagi alloma ajdodlarimizning birortasida bizning hozirgi tushunchamizdagi “ko‘p jildli asarlar yaratish” g‘oyasini uchratmaysiz. Ular hamisha biror soha yoki mavzuni mukammal yoritishni maqsad qilishgan va ularning ko‘p jildlari shu tariqa paydo bo‘lgan.
Sharq mumtoz adabiyotida “kulliyot” atamasi ham mavjuddir. Tarkibiy tuzilishiga ko‘ra u bizning davrimizdagi “jild” tushunchasiga bir oz yaqinlashadi. O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasida Xoqoniy (№9079), Sa’diy Sheroziy (№4448), Xusrav Dehlaviy (№9661), Abdurahmon Jomiy (№2122), Mirzo Abdulqodir Bedil (№7470) kabi ko‘pgina shoirlarning kulliyotlari saqlanadi. Ko‘pincha kulliyot shoirning bir nechta devonidan tarkib topgan bo‘ladi. Kulliyotlarning muallif vafotidan keyin yoki ijodkor tirikligi chog‘ida tuzilganlari ham uchraydi. Alisher Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy” asari hazratning hayotligidayoq shakllangan edi. Ushbu asar shoirning “G‘aroib us-sig‘ar” (№7463), “Navodir ush-shabob” (№9847), “Badoyi’ ul-vasat” (№3458) va “Favoyid ul-kibar” (№646) nomli to‘rtta devonidan tarkib topgan. Uning “Xazoyin ul-maoniy intixobi” deb nomlangan “tanlangan” (saylanma) nusxasi ham mavjuddir. Qo‘lyozmalar xazinasida ushbu saylanmaning turli davrlarda ko‘chirilgan ikki yuzga yaqin nusxasi saqlanadi. Mazkur saylanma Navoiyning do‘stlari uchun maxsus tuzilgan. Satrlarni shoirning o‘zi tanlagan. Mashhur xattot Sulton Ali Mashhadiy bu “saylanma”dan ko‘chirgan nusxalar ham (790, 3984) qo‘lyozmalar xazinasida saqlanadi. Hazrat Navoiy asarlari asrlar davomida yelkalab kelayotgan yuk salmog‘ini bitta biz o‘zbeklar emas, dunyo ahli juda yaxshi biladi.
Qo‘lyozmalar katalogidan joy olgan kulliyotlarning ko‘pchiligi muallif vafotidan keyin ko‘chirilgan yo tuzilgan. Avvalo, kulliyot tarkibini hosil qilgan “devon”larni tuzishning o‘zi mashaqqat edi. “Devon” barmoq vazni bilan ishlash emas. Uning orqasida she’riyatning og‘ir va mukammal ilmi turibdi. Adib ularni bilmasa, devon tuzolmasdi. Devon yakunlangach, ijodkor uni adabiy davraga taqdim qilardi va ochiq hamda shafqatsiz sinovdan o‘tkazardi. Kulliyot shunday devonlardan bir nechtasini birlashtirgan. Shu sababdan mumtoz adabiyot vakillari orasida hamma adib va shoirlar ham kulliyot tuzishga juda “ishtiyoqmand” bo‘laverishmagan.
Qo‘lyozmalar orasida nuqsonli, chala ko‘chirilgan yoki she’rlar aralash berilgan kulliyotlar ham uchraydi. Bu, bir tomondan, hissiz Vaqtning ishi, ikkinchi tarafdan, shu ishning o‘zi oson bo‘lmaganini ko‘rsatadi.
Badiiy ijod masalasida mumtoz adabiyot vakillari bilan davrimiz ijodkorlari o‘rtasidagi farq anchagina kattadir. Qadimgi adib o‘n yoki bir necha o‘nlab asar yozgan bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, aksariyat hollarda muallif o‘z asarining bir, nari borsa ikki-uch nusxadan ortganini ko‘rmagan. Asar sohibidan keyin o‘zi mustaqil yashashga mahkum edi. U vaqt to‘foni va turli ijtimoiy hodisalar girdobidan omon chiqishi uchun, albatta, badiiy pishiq va jamiyatning qandaydir yukini ko‘targan bo‘lishi lozim edi. Bosmaxonalar paydo bo‘lgach, hayotning barcha sinovlarini yengib o‘tgan mualliflar asarlaridan “jild”lar tuzilib, “saylanma”lar olish boshlandi. Hayotiylik, yuksak badiiyat mumtoz adabiyotda jild va saylanmalarning dunyoga kelishi hamda yashab qolishidagi asosiy va oddiy mezon, talab edi. Institut xazinasidagi qo‘lyozmalarda maxsus “jild”chilik yo shunga o‘xshagan jarayon, yoki biror muallifning ko‘p jildli asarlar yozish shiori bilan atayin harakat qilgani ko‘rinmaydi.
Mumtoz adabiyot namunalarini nashr etishda tadqiqotchi va noshir so‘zsiz amal qilishi lozim bo‘lgan qat’iy va aniq belgilangan yagona qoida yo‘q. Masalan, Navoiy asarlari qaysidir nashriyotda 10 va boshqasida 15 yo 20 jild qilib chop etilishi mumkin. Nashr ishida bir necha holatga duch kelamiz. Jumladan, jildlar hajmining belgilanishida nashr etilajak asarlarning qay darajada ilmiy tadqiq etilgani, uning zarur ilmiy sharh va izohlar bilan qanchalik ta’minlangani kabi jihatlari e’tiborga olinadi. Asarning oddiy yoki tanqidiy matniga qarab ham ish tartibi va nashr me’yori o‘zgaradi. Bir muallifning nashr etiladigan asarlarini jildlarga ajratishda ularning hajmi, mavzusi va turlari ham hisobga olinadi. Shuningdek, asarning badiiy saviyasi va tarixiy ahamiyati, millat va jamiyat rivojiga xizmat qilishi kabi muhim jihatlari “jild” yoki nashr ustida ishlovchilarning diqqat-markazida turadi.
Hozirgi tushunchamizdagi saf-saf ko‘p jildli zamonaviy asarlar nashriyot va bosmaxonalar mahsulidir. Ular Adabiyotning gurkirab rivojlanganidan darak beruvchi hodisa emas. Nashr etilayotgan zamonaviy ko‘p jildli asarlar safida pishiqlariga nisbatan g‘o‘r va o‘rtamiyonalarining salmog‘i muttasil oshib bormoqda. Buni zukko munaqqid juda yaxshi biladi. Faqat u jim... Mazkur jarayonning oldini olish yoki sekinlashtirish mumkinmi? Ulardan qutulishning iloji bormi? Muammo shunda. Ushbu savollar xuddi: “Nega bu daraxt mevalarining yarmi har yili pishmay qoladi?” degan kabidir. Daraxtning egasi esa hayot.
Hozir nashriyot sanoati, degan narsa bor. Uning murvatlarini moddiylik harakatga keltiradi. Shuningdek, “pishiq” va “g‘o‘r”lik masalasi faqat O‘zbekistonga xos emas. U Yevropa, Osiyo va Amerikada ham mavjud. Bizningcha, uzun bahs yoki maxsus qarorlar bunga chek qo‘ya olmaydi. Agar ijodkorlarni iste’dodli va iste’dodsiz toifalarga ajratsak, ular azaldan bor. Bundan keyin ham bo‘ladi. Faqat “g‘o‘r” acarlarning avj olishi – adabiyot xastaligi alomatidir. Aslida har o‘n-o‘n beshta g‘o‘r va o‘rtamiyona acar yonida bitta yuksak va mukammal badiiy asar paydo bo‘lib tursa, bu xastalikni davolashga kifoyadir.
Abdusattor Jumanazar,
O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoclik instituti ilmiy xodimi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 28-sonidan olindi.