OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ahmad A’zam. Kuni bizga qolgan bayroq (2013)

Bu voqeani aytib bersammi, yo‘qmi yo tarixiy obidalarimizga hurmatimiz katta, osori atiqalarimizni nihoyatda e’zozlaymiz deganimiz bilan aslida, ah­vo­limiz shunday deb o‘kinib yuraverish kerakmi degan ishtibohlarga boraman. Yo‘q, aytmasam bo‘lmas ekan, endi foydasi yo‘qdir, lekin ko‘pchilik bilib qo‘ygani yaxshi. Ke­yin, yana balki, shoyad degan umidlar ham tark etmaydi.

To‘qson sakkiz yo to‘qson to‘qqizinchi yili, “O‘zlik” ko‘rsatuvi avjida paytlari ismi ham eskichasiga, ham yangichasiga chiroyli bir Gulposhsha degan ayol telefon qildi. Familiyasi Ergashxo‘jaeva ekan. Shunga qarab negadir tagli-tugli oiladan, kamida xo‘jalardan degan fikr keldi xayolimga, bu ham bejizga emas ekan. Ayol keldi, risoladagidek bejirim kiyingan, jiddiy, o‘qimishli ekani o‘zini tutishidan ham bilinib turibdi, Diplomatiya va xalqaro iqtisodiy munosabatlar universitetida ishlaydi va haqiqatan ham tomiri Janubiy Qozog‘istonning Sayram qishlog‘ida yotgan azizu avliyolarga borib taqalar ekan. Albatta, ajdodi rep­ressiyaga uchragan va albatta, qatag‘on haqidagi navbatdagi ko‘rguliklarni eshitaman deb o‘yladim...

Yo‘q, Gulposhsha opa tamomila boshqa gapni ko‘tarib kelibdi va bu gap boshda menga rivoyatga o‘xshab tuyuldi: sohibqiron Amir Temur buyuk mutasavvuf Ahmad Yassaviy bobokalonimiz qabri ustiga yopgan tabarruk bayroq bugungacha asrab kelinib, hozir ham bir yaxshi odamlar qo‘lida saqlanayotgan emish. Ana xolos, dedim ichimda. Juda ishongim keldi, lekin ichimda shubha bor. Eslasangiz, o‘sha paytlari bashoratchiyu ekstrasenslar safi selgimagan, hammasida kamida bittadan karomat bor, Toshkentda tinchigan mish-mish Farg‘onadan chiqib turar edi. Opa shunaqa bir ta’sirchan rivoyatni eshitgan, rivoyat Amir Temur va Ahmad Yassaviyga taalluqli bo‘lgani uchun juda ishongisi kelgan va o‘ylab-o‘ylab ishongan ham deb o‘yladim. Boshda uning gaplarini ana shunday shubha-gumonlar ko‘chasiga kirib-chiqib eshitdim. Ilm odamlari orasida soddalari kammi, keyin, olti yuz yildan beri ne-ne osori atiqalar xoku turob bo‘lib ketdi-yu, Amir Temur bobomiz Ahmad Yassaviy qabri ustiga yopgan bayroq tilla toladan to‘qilgan bo‘lsa-da, haligacha omon qolar ekanmi, xullas, ishonish ham qiyin-da. Lekin Gulposhsha opa bu bayroq o‘z ajdodlarida saqlangan va hozir ham bor, deyapti! Opaning gaplari mo‘‘jizaga tortib ketadi-yu, lekin tarix tubidan chiqib kelyapti, avvalboshdagi shubhalarim endi hayratga aylandi: bordiyu rivoyat emas, rost bo‘lib chiqsa-chi!

Opa suvratini ham olib kelganman, dedi, videotasvirda! Ana, endi haqiqatan ham mo‘‘jizani ko‘rgandek VXS tasmasiga tushirilgan tasvirlarni ko‘rib oldim. Yo‘q, bu urush yalovi, harbiy bayroq emas, juda katta uchburchak, ikki kishi ikki uchidan tortib turibdi, shunga qaraganda teng tomonlari ikki metrcha chiqadi, o‘rtasi nimadir ko‘k-yashil material, g‘ij-g‘ij arabcha matnga to‘la hoshiyasi yigirma santimetrlar keladi. Bu nimadir diniy, tariqat maqomi aks etgan bayroq, shuning uchun bezaksiz. Ziyoratlarga borgan joylarimda azizu avliyolarning marqadiga yopilgan so‘zana, guldor choyshab, gilamchalarni ko‘rganman, ba’zilari juda eski, lekin bunaqa bayroqqa duch kelmaganman. O‘zim varaqlab ko‘rgan tarix kitoblaridagi suratlar, albomlarda ham bunaqasiga ko‘zim tushmagan. Bu bayroq noyob edi: matosi o‘sha davrlar Ka’ba ustiga yopilgan baxmalning bir bo‘lagi ekan. Endi tabiiyki, juda eskirib ketgan.

Yo‘q, buni hozir ko‘rsatmaymiz, unga bosh­qa­larning e’tibori tushmasdan olib kelamiz, keyin bamaslahat bir yo‘li topilar. Hozir u boshqa davlatning mulki, joriya qilsak, o‘sha yerning o‘zidan olib ketib qoladi, olib kelgandan keyin bildirsak, qaytarib berishni talab qiladi. Ammo uni bu holda ham qoldirib bo‘lmaydi. Bugungi kunda yangi mustaqil davlatlar o‘z tarixini yaratishga intilib, haqiqiy umum tarix ko‘rpasini o‘z ustiga tortib yotgan davr, ayniqsa Ahmad Yassaviy bobomiz ikki millatning ham birdek tabarruk hazrati. Keyin Amir Temur bobomiz Yassaviy bobomiz qabri ustiga mahobatli maqbara tiklaganini, juda ko‘p ho­jatmandlarning kuniga yaraydigan bahaybat doshqozon quydirganini tarix kitoblaridan bilamiz, qozon hozir ham bor, ziyoratga borganda ko‘rganman, ichi to‘la sodda xalqimiz tashlagan xayr-ehson puli, bir davr Peterburg muzeyida bo‘lib yana qaytib kelgan, lekin u tunch, ya’ni bronzadan quyilgan, yana ming yillar turish beradi, ammo qabr ustiga yopilgan bayroq matodan tikilgan, bu mato har qancha pishiq bo‘lmasin, olti yuz yildan beri saqlanib kelayotgani, bari bir, ko‘ngilning tub-tubida ishtiboh tug‘diradi ham. Shuning uchun bayroq haqida ko‘rsatuv qilishga hali bor, degan fikrga bordim. Eng asosiysi – bayroqning o‘zini ko‘rish, ilojini qilib yana Toshkentga olib kelish (yana deganimning tagida ko‘p gap bor, rasamadi bilan buni ham aytaman). Albatta, bekitiqcha, bildirmay keltirish kerak. Ungacha Gulposhsha opaning ajdodlari boshiga tushgan ko‘rguliklarini yozib turamiz. Imi-jimida bir o‘zim boraman, nima qilib bo‘lsa ham qaytarib olib kelaman! Bayroq juda aziz, lekin nazarimda taqdiri omonat edi.

Bir mo‘‘jiza yuz beradigandek va o‘zim aralashib, mushkulotni yechadigandek ishonch uyg‘ondi. Shunday tabarruk narsaning taqdiriga aralashish bir sharafga erishish imkoniyatidek va bu imkoniyat oldimga kelib turgandek tuyuldi.

To‘g‘risi, borib olib kelaman degan fikrdan ko‘ng­lim yorishib, yosh boladek serhayajon bo‘lib qoldim. Qarang-a, shunday tabarruk narsani bildirmay olib kelish mening chekimga tushsa-ya! Xudo ol, qulim, degani shu-da. Ammo u Toshkentga bir kelgan, seyfda qulflanib yotib-yotib yana qaytib ketgan. Aytsam ishonmaysiz-a? Shunday bo‘lgan! Uni olib kelgan otaxonning gaplariga ham, bayroqqa ham ishonmaganlar, buni tarix muzeyiga topshiring-da, Sayramingizga qaytib ketavering, de­yishgan. Otaxonning dili ozor topib, bayroqni qaytarib olgan-da, Sayramiga jo‘nab yuborgan. Ishonmaysiz-a? Albatta, ishonish qiyin, lekin shunday bo‘lgan.

Bayroqqa ana shunday munosabat o‘ylantiradi, odamni ko‘p noxush xulosalarga tortib ketadi. Ungacha bunday bo‘lmagan, Turkiston, xususan Sayram ahli bu bayroqni Amir Temur bobomizdan meros deb ko‘z qorachig‘idek saqlab kelgan.

Gulposhsha opaning aytishicha, bunday bo‘lgan. So­hibqiron Amir Temur buyuk mutasavvuf Ahmad Yassaviy qabri ustiga maqbara tiklagandan so‘ng uning qabri ustiga bu bayroqni yopgan. Bayroq chor Rossiyasi bosqinigacha qabrga yopig‘li turgan, ziyoratga kelgan xalq tavof qilib yurgan. Yassi – Turkiston shahri istilo qilinishidan oldin, chor qo‘shini yaqinlashib qolganidan xavotirga tushib, bayroqni ruslar olib qo‘yadi, degan o‘yda uni olib yashirganlar, qaerda, kimdaligini og‘ziga mahkam, xos odamlargina bilgan. To‘g‘ri qilingan, chunki ruslar kelgandan keyin Yassaviy bobomizga tegishli hamma narsa xatga olinib olib ketilgan. Bilmagan odamga ko‘rimsiz tuyuladigan bayroqning taqdiri ayanchli bo‘lishi turgan gap edi. Doshqozonni bilasiz, tortib olinib, Peterburgga olib ketilgan. Ruslar olib ketgan ashyolarning ikki jildlik albomi Qozog‘istonda nashr etilgan, ular orasida, tabiiyki, bayroq tasviri yo‘q. Shunga qaraganda, bayroq Turkistonga ruslar kirmasidan oldin olib yashirilgan. Shu bilan avlodma-avlod, sandiqma sandiq o‘tib kelavergan.

Mustaqillikdan keyin ham bayroqdan ajralish xavfi saqlanib, yana sir tutilgan, qabrga, o‘z joyiga yopsak, davlat olib qo‘yishi, poytaxtdagi biron muzeyga berishi va muzeylarning bu ahvolida shu bilan badar ketishi mumkin degan xavotirda. Bu orada Toshkentda Amir Temur muzeyi quriladi. Shu bilan Turkis­ton ahlining ko‘nglida umid ham ko‘tariladi: ana endi bayroqning o‘rni topildi – Amir Temur bobomiz yopgan bayroq uning muzeyida turishi kerak!

Bayroq ochiqlanadi, oqsoqollarga maslahat solinadi: uni o‘zimiz bunday saqlab turolmaymiz, Toshkentga olib borib, sohibqiron bobomiz muzeyiga beraylik, uning shuncha vaqt sandiqlarda bekinib yotgani yetar, endi butun o‘zbek xalqi ko‘rsin, faxrlansin. Bu maslahat hammaga ma’qul tushadi va oxirgi marta bayroq uyida saqlanayotgan otaxon xalqning duosi va roziligini olib uni Toshkentga olib kelgan...

Otaxon bayroqni ochilajak muzeyga keltirgan va bu sohibqiron Amir Temurning bayrog‘i deb, uning tarixini aytib bergan, buni muzeyga qo‘ysangiz-da, evaziga bitta gilam bersangiz, men gilamni olib borib masjidimizga, xalqning poyiga to‘shasam, degan.

Ana, byurokratiyami, ilmiy shubhachilikmi yo lo­qaydlikmi shu yerdan boshlanadi. Avvaliga bay­roqning Amir Temur davridan beri saqlanib kelayotganiga ishonishmagan va bu ham to‘g‘ri tuyuladi, keyin Amir Temur muzeyiga qo‘yadigan bo‘lgandan keyin albatta ishonchli ekspertizadan o‘tkazish kerak. Gulposhsha opaning yugur-yuguri bilan bay­roq tarixchi va boshqa mutaxassis olimlarga ko‘r­satilib, ularning juda qadimiy degan xulosasi olingan. Uni ekspertizadan o‘tkazishning texnik imkoniyati bo‘lmaganmi, ishqilib qilinmagan, faqat hoshiya qismidagi yozuvlar Sharqshunoslik institutida ko‘chirib olinib, tarjima qilingan. Olimlar bayroq tarixi borasida qat’iy fikrga kelganmi, kelmaganmi, ishqilib, u o‘sha paytlardagi katta bir rahbar hukmiga topshirilgan. Sovet komsomolining shonli yurishlari mavzuida doktorlik dissertatsiyasi yoqlagan bu rahbarga bayroq jo‘n bir eski latta bo‘lib tuyulganmi yo Amir Temur bilan Ahmad Yassaviyga tegishli degan gapni omi xalq to‘qigan bir cho‘pchak-da, deb o‘ylaganmi, ishqilib, uni ikki-uch oy seyfiga tashlab qo‘ygan. Aytishlaricha, uni Amir Temur muzeyi zallarida namoyish etiladigan osori atiqalar safiga kiritmagan ham. Balki ishonmagandir, balki ikkilangandir, bu yog‘ini o‘zi biladi, ishqilib, boboyga aytinglar, bu narsasini olib borib tarix muzeyiga topshirsin-da, Sayramiga ketaversin, degan. Vassalom, otaxonga bitta gilam berish, bayroqning tarix muzeyida ham eksponat qilib qo‘yilishi haqida gap bo‘lmagan. Holbuki, bunaqa bayroq na O‘zbekistonning, na Markaziy Osiyo davlatlarining biron joyida, ehtimolki butun islom olamida yo‘qligi haqiqat edi. Keyin, xalqning Ahmad Yassaviydek ulkan diniy arbob, tariqat piriga tegishli ashyo haqida rivoyat to‘qishi ham aqlga sig‘maydi. Umuman bu bayroqning Toshkentga kelishi va qadr topmay qaytib ketishi ham aqlga sig‘maydi.

Bu yoqda qazilmalardan chiqib qolgan har bir ashyoni puflab ko‘zga surtib yotibmiz, chet ellardan tad­qiqotchilar kelib, bir sopol ko‘za sinig‘ida bezak topsa, do‘ppisini osmonga otyapti-yu, sohibqiron bobomizning bayrog‘iga munosabat shu bo‘lsa! Bayroq nima bo‘lganda ham uzoq tarixda Ahmad Yassaviy qabriga yopib kelingani bilan ham tabarruk osori atiqa-ku!

“O‘zlik” ko‘rsatuvi ot ustiga mindirgan paytlar, o‘zimga ishonchim o‘zimdan ham baland. Shu ishonchimga tayandim, o‘sha otaxonni topaman, u kishi qaytish bo‘lgan bo‘lsa, avlodini topaman, nima qilib bo‘lsa ham bayroqni berishga ko‘ndiraman! “O‘zlik”ni gapirayotganim bu ko‘rsatuvning mashhurligi bayroq borasidagi muzokarayu gufti-go‘larda ko‘p qo‘l kelgan.

Gulposhsha opaning ajdodlari boshiga tushgan rep­ressiya ko‘rguliklarini yozib oldim-da, ertasi kuni kassetani qo‘ltiqlab bosh vazir o‘rinbosari Hamidulla Karomatov huzuriga kirdim. U kishi bir yig‘ilishga otlanib turgan, gaplashishga vaqti yo‘q ekan, aka, keyinroq keling, dedi. Ko‘p vaqtingizni olmayman, atigi ikki daqiqa, bir narsaga ko‘z tashlab bering, iltimos, deb kassetani kabinet quyisida turgan magnitofonga tiq­dim. Hamidulla Karomatov sal diqqat bo‘lib magnitofonni qo‘shdi va bayroqni ko‘rib, hayronu lol bo‘lib qoldi: nima bu, bor narsami? Men shosha-pisha ikki og‘iz izoh berdim. Bosh vazir o‘rinbosari tarixni yaxshi biladigan odam, hayratga cho‘mdi, bunaqasini ko‘rmaganman, dunyo kezib yuribman, sharq mamlakatlaridagi ko‘p aziz-avliyolarning qabrini ziyorat qildim, ammo bunaqa bayroqni ko‘rmadim, o‘zimizda ham yo‘q, juda eskiligiga qaraganda noyob durdona, Amir Temur bobomizdan meros bo‘lishi bor gapga o‘xshaydi, bizdan oldingilar chatoq ish qilgan ekan, qaniydi qaytarib olib kelsak, dedi. Men borib olib kelaman, dedim. Qanday qilib, chegaradan qanday olib o‘tasiz, deb xavotirlandi u kishi. Mashinamning o‘rindig‘iga to‘shab, ustida o‘tirib o‘taveraman, qaysi chegarachi bilib o‘tiribdi, bu bir eski latta ekan, deb o‘tkazib yuboraveradi, dedim. Bosh vazir o‘rinbosari o‘ylanib qoldi, ma’qul, olib kelolsangiz, zo‘r ish bo‘lar edi, lekin tez borish kerak, u yoqning o‘zi ega chiqmasdan, dedi. Bir oz xarajati chiqishi mumkin, bayroqni sotib olsam, katta pul so‘rashsa, dedim, toping, qaytganingizdan keyin hammasini o‘zim qoplab beraman, dedi Hamidulla Karomatov.

Shunday qilib boradigan bo‘ldim. Xayolimda har xil hisob-kitob, hammasi to‘g‘ri bo‘ladigandek, ammo bayroqning qadri balandligini endi bilib, rostdan ham katta pul so‘rashsa-chi? Masalan, ming-ikki ming... balki o‘n ming dollar berasan deb qolishsa, bu yog‘i chatoq. Ana shu chatoqlikni hal qilaman deb, vallomat, fidoyi do‘stim, “Matbuot tarqatuvchi”ning bosh direktori Rustam Qosimov oldiga bordim. Unga masalani tushuntirgan edim, katta savob ish ekan, xo‘p desangiz, birga boramiz, deb qoldi. Zo‘r bo‘lardi, dedim, faqat yoningizga kattaroq pul olib olasiz-da, ko‘kidan, dedim.

Kelishdik-da, ertasi kuni ertalab Rustam akaning “Espero”sida qaydasan Sayram deb yo‘lga otlandik, G‘ishtko‘prik bojxona postiga yetay deganda chegaradan pasportsiz o‘tkazmasligi esga tushib, orqaga qaytib, hujjatdan kamimizni to‘ldirib ol­dik. O‘zimizning bojxonadan beishkal o‘tdik, Qo­zog‘iston bojxonasi hujjatlarni tekshirdi, mashinaga ruxsatnomani ichkaridan olasizlar, dedi askar yigit. Ichkari kirsak, mashina uchun olti ming to‘lashimiz kerak ekan, zobit yigit, TVning kuchi-da, meni tanib qoldi, ham deputatlik guvohnomamni ko‘rib, sizdan pul olmayman deb, tekinga ruxsatnoma yozib berdi. “Espero”ning tumshug‘ini Chimkent yo‘liga to‘g‘rilab, gazni bosdik...

Yo‘l bo‘yi bironta “dan”chi ko‘rmadik, hech kim to‘x­tatmadi. Sayram yo‘liga burilib, qishloqlardan oralab o‘tayotganimizda bu yerlarning nimasidir g‘alati tuyuldi: har bir hovlidan juda uzun, o‘ttiz-qirq metrlik quvur yo to‘g‘ri ulama xoda ko‘tarilgan. Avval bu yerlarda ko‘p chaqmoq chaqadi shekilli, yashinqaytarg‘ichmikan, lekin nimaga buncha baland deb o‘yladim. Keyin razm solsam, hammasining uchida “mo‘ylovi” bor: antenna ekan, bari O‘zbekistonga to‘g‘rilangan. Borganda so‘radim, bu yerdagilarning hammasi shunaqa uzun antenna bilan “O‘zbekiston” telekanalini tutar ekan. Demak, bu yog‘idan ko‘ngil tinch: “O‘zlik”ni ko‘radilar, meni ko‘pchilik taniydi.

To‘g‘ri tarix muzeyiga bordik. Oldin ham bir kelganman. Muzey direktori Mirahmad aka ishlab o‘tirgan ekan. Ko‘rishib-so‘rashib, bayroqni surishtirishga tushdik.

Bayroqni otaxon Toshkentdan qaytarib olib borgandan keyin, menda tursa bir kor-hol bo‘lib qolmasin deb, Sayram tarix muzeyiga, Mirahmad akaga topshirgan. Oradan vaqt o‘tib, chol vafot qilgan, bayroq muzeyda qolgan. Yana oradan sal vaqt o‘tib, cholning yaqinlari bayroq o‘zimizda tursin, xalq Sayramda qolib ketadimi deb bezovta bo‘lyapti deb, so‘rab o‘zlariga olib ketgan. Keyin yana nimadir bo‘lib, nimadir qo‘yib, bayroq bir odamning qo‘liga o‘tgan va Mankent qishlog‘ining tarix muzeyidan qo‘nim topgan. Bayroq hozir shu muzey devorida osig‘li ekan. Bu gapni eshitib yuragim tushib qolay dedi: shunday noyob narsani qanaqasiga ochiqqa osib qo‘yishadi! Yana qishloq muzeyida!

Bir gapni aytish kerak: Qozog‘istondagi ko‘p o‘zbek qishloqlarida tarix muzeyi bor, ularda o‘z tarixini bilishga qiziqish juda katta. Muzeylarki moslashtirilgan binolarda emas, ko‘pi uchun alohida imoratlar qurilgan, ko‘plab osori atiqalar yig‘ilgan. Aholining o‘zi tiklagan, o‘zi g‘amxo‘rlik qiladigan bu muzeylar chetdan borganga juda qiziq, odamning havasini, nimaga bizda bunaqa emas degan ozgina hasadini ham uyg‘otadi.

Xay, mayli, bu alohida mavzu, biz uchun asosiysi, bayroq omon, muzeyda osig‘li, muzey Mankent degan qishloqda. Mankentga yetguncha bir necha qishloq oraladik, Oqsuvmi degan soy yoqalab yurdik, bizdagiga qaraganda uch-to‘rt daraja salqinligi uchunmi, havosi xushyoqim, umuman chiroyli joylar ekan. Mankent ham bahavo, hovlilari pastu baland, ko‘chalari ilang-bilang, istarali bir qishloq ekan. Muzeyni topib borsak, berk, ko‘chada yurganlar bizni qiziqsinib o‘rab olishdi, Rustam aka bu qadar e’tiborga tushganimizdan hayron, menga esa sababi ma’lum – osmonga balandlab ketgan antennalar. Shu odamlar aytdi, muzey direktori, Normamatmi, Tosh­mamatmi, degan odam ekan, ochig‘i, ismi aniq esda yo‘q, shuning uchun, keling, Normamat deylik, xullas, shu kishining bugun muzeyga kelish-kelmasi dargumon, hozir – masjidda bo‘lsa ehtimol. Urim-burim ko‘chadan masjidni topib bordik, namoz vaqti bo‘lmagani uchun odam yo‘q, qo‘shni hovlidan bir yoshi o‘tgan kishi chiqib qolgan edi, undan muzey direktorining uyini so‘radik. “E-e, Normamat akami?” deganiga qaraganda, Normamat aka bizga aka emas, otaxon bo‘lar ekan. Yana bir burilmali ko‘chaga burildik. Saldan keyin bu ko‘cha ham torayib, oldinga yursak, orqaga burilib olishimiz gumon, “Espero”dan tushib, ikki oyoqqa mindik. Ko‘chaning oxirlariga bordik, uchta darvozaga taqaldik. Aytdim-ku, bu yerdagi hovlilar pastu balandligini. Shu odam bo‘yi pastlikdagi cho‘p-cho‘qir bilan o‘ralgan tomorqasida bir kampir kuymalanib yotgan ekan, ko‘cha labida turib chaqirdim, salom berib, Normamat otaxonning eshigini so‘radim.

Kampir boshini ko‘tardi-da, bir muddat kalovlanib qoldi, keyin “Voy! Voy! Ahmad A’zam! Ahmad A’zam! Bugun o‘ng yog‘im bilan turgan ekanman. Bu tomonlarda nima qilib yuribsiz? Voy, aynonib ketay” deb biz tomonga kelaverdi. Meni taniyotgani televizor tufayli ekanini bilsam ham ko‘nglim boshqacha bo‘lib ketdi. E’tibor kimga yoqmaydi deysiz! Rustam aka ham juda hayron: “E-e, shu yerda ham sizni bilishadimi?” deb g‘ururimga moy sepadi. Kampir gapni “O‘zlik”dan oldi. Ahmad A’zamdek odamki o‘z oyog‘i bilan kelib qolgan ekan, bir piyola choy qilib bermasdan qo‘yib yubormasligini bildirdi. Ichimda bu yerdagilar shu kampirigacha meni bilsa, demak, sizdek odam o‘zi so‘rab kelibdiki, mang, bayroq sizga, deb qo‘limga tutqazib yuborishadigandek tuyuldi. Shu-da, kim o‘zini yaxshi ko‘rmaydi, bu yoqda boshqa mamlakatning ovloq qishlog‘ida kampirlargacha tanib tursa! Ishqilib Xudoyimning o‘zi ishimizni o‘nglab turgani rost bo‘lib chiqsin-da, deb yuragim po‘killagan.

Sal naridagi uy o‘sha Normamat otaxonniki ekan, hali o‘zini ko‘rmay, otaxon deb g‘oyibdan xushomadni boshlab yubordim. Ammo otaxoni tushmagur uyida ham yo‘q ekan.

Yana muzeyga qaytib keldik, endi nima qildik deb boshimiz qotib o‘tirganda bir otaxon kelib muzey eshigini ochdi. Ana, nihoyat maqsadga erishdik! O‘zi ekan!

Normamat otaxon soqoli bejirim kuzalgan, boshida do‘ppi, egnida po‘rim yaktak, bosiq-vazmin, hadeganda ochilavermaydigan kishi ekan, menga ichimdagini top degan quvlardan tuyuldi. Mayli, bu haqda keyin.

Muzeyga kirishimiz bilan alanglab bayroqni topdim. Mana, shuncha orziqtirgan narsa ko‘z oldimda turibdi! Tomonlari ikki metrcha, chekkasiga yigirma santimetrlar keladigan pishiq bo‘z hoshiya tikilgan, qolgan joyi, ya’ni o‘rtasi pati to‘kilib, to‘q yashil rangi unniqib ketgan baxmal. Baxmali Makkada Ka’baga yopilib, har hayitdan keyin yangilanadigan baxmaldan maxsus olib keltirilgan, chetidagi hoshiya bu yerda tikilib, eskirganda yangilab turilgan. Baxmal bayroq shuncha eskiligiga qaramay salobati bilan bosadi, ko‘ngilga bir mahobat soladi. Faqat... ochiq devorga qoqilgan! Ha, ishonavering, haligi deraza shishasini qotiradigan bir santimetrlik mayda mix bor-ku, tortib, shu bilan qoqib chiqilgan. Pastga osilgan qismiga qo‘l yetadi, ana shu qo‘l yetadigan qismi titilay deb turibdi – kim kirsa tavof qiladi-da.

Muzey binosi yalanglikda yangi qurilgan, derazalari keng, baland, lekin panjarasi yo‘q. Turgan gap, bayroqni shu sharoitda shunday saqlayotgan, yana yoshi katta odamga bunaqa qilish noto‘g‘ri, uni maxsus iqlim muhitida, qulflanadigan eksponat sifatida saqlash lozim deb aql o‘rgatishdan foyda yo‘q. Hozir uning ko‘nglini ranjitmay, ish bitishini o‘ylash kerak.

Otaxon Toshkentdan kelganimizni eshitib choy damladi, qand-qurs qo‘yilgan stoliga manzirat qil­di.

Men siporish olib, sekin bayroq haqida gap boshladim. Hali maqsadga o‘tganim yo‘g‘-u, ammo otaxon birdan sergak tortdi, misoli osmonga xira bulut pardasi tortildi. Gaplarimni har zamonda ha, hm deb eshitgani bilan buqinib olaverdi. Ha, osib qo‘yibmiz-da, xalqda shunaqa qadimgi degan gap bor, endi Xudo biladi, bizlar bilmasak, odamlar kirib tavob qiladi, bir narsa deyish noqulay, o‘zlarining mulki-da, biz bir qorovul... Bayroqni sal pachakilab, kelganlaringga ham uncha arzimaydi, demoqchi. Menga o‘xshaganining ko‘pini ko‘rib, ichdan pishib ketgan chol, endi uni otaxon degim kelmay qoldi. Gaplashgani sayin ruhim tushib boryapti: hay, bu cholning bayroqni beradigan siyog‘i yo‘­g‘ov. Bo‘lmasa, va’dani katta qilyapman: bayroqni Amir Temur muzeyiga qo‘yamiz, cholning o‘ziga “O‘zlik”ning ikki sonini bag‘ishlaymiz, Mankent haqida hujjatli film yaratamiz, tuman oqsoqollarini to‘plab suhbat uyushtiramiz... Yo‘q, chol sinini buzay demaydi. Xo‘p, bo‘lmasa, qancha desangiz, pulini beraylik, dollarda? Yo‘q, bay­roq xalqning mulki ekan, sotilmaydi. Kamina ham chollar bilan gaplashishga ustasi farang bo‘lib ketganman, Rustam aka ham qo‘llab turdi, buni ham burchakka qisib boraverdik. Oxiri u yumshagandek bo‘ldi, mayli, men xalqimizning oldidan bir o‘tay, tuman oqsoqollar kengashiga kelganingizni aytib, roziligini olay, sizni bu yerda hamma taniydi, yo‘q deyishmaydi, lekin hozir emas, keyin o‘zim olib boraman, Toshkentda ikkita farzandim turadi, shularnikiga borganda, o‘zim sizga telefon qilaman...

Ma’qul deyishdan boshqa iloj yo‘q. Cholga bay­roq­ni olib borguncha ham bunaqa ko‘rgazmadan olib, eh­tiyotlab qo‘yishni iltimos qilib Sayramga qaytdik. Yana Mirahmad akaga uchrashdik. Mirahmad aka hikoyamizni eshitib, boshini chayqab qoldi, bizga taskin berdi. Bu quv boboyni ko‘pchilik bo‘lib o‘rtaga olamiz, insofga chaqiramiz, ishqilib, bay­roqni sizga yetkazamiz, dedi. Gulposhsha opaning Ahmadjon degan ukasi yo‘qlab keldi, u ham dardimizga sherik bo‘ldi, bir piyola choy qilib berdi, katta tadbirkor odam ekan, hammaga taniqli, u ham bizni umidlantirdi. Endi sizning kelganingizni xalqimiz o‘z ko‘zi bilan ko‘rsin, bayroqni o‘zingizga berishimizga ishonsin deb, bir katta ma’rakaga olib bordi. Ana ko‘rdingizmi odamlarning hur­matini, Xudo xohlasa, bayroq sizniki, yetkazamiz, deb kuzatib qoldi tadbirkor do‘stimiz ham.

Baribir, kayfiyatimiz tushib, “Espero”ni Toshkent yo‘liga soldik.

Hech ishni bitirolmay qaytdig-u, lekin u yoq­da katta harakatlar boshlanib ketdi. Tadbirkor do‘stimiz Mankentga borib, cholga xo‘p ishlov bergan, chol bizga bergan va’dasini pesh qilib, boshqa gapga unamagan. Mirahmad aka gapni tuman oqsoqollar kengashiga qo‘ygan, cholni o‘rtaga olishgan, hammamiz rozi, bering Toshkentga deb, chol bu yerda ham va’da bilan chap bergan. Bu yoqdan rejissyorimiz Mahkam aka Muhamedov ham aralashdi. Bir necha marta borib keldi, o‘z tug‘ilgan qishlog‘i Qorabuloq qariyalarini ham ishga soldi, chol tushmagur o‘sha jurnalistga aytgan gapim – gap, shu gapimda turibman, o‘z qo‘lim bilan oborib topshiraman deyapman-ku, degan gapini takrorlashdan bu yoqqa bir qadam ham siljimagan. Ko‘p odamlar aralashdi, ko‘p urinishlar bo‘ldi, chol ham qaysarlarning qaysari ekan, hech kimga bo‘y bermadi.

Hatto bir kuni bir odam keldi, qaysi toifadan ekanini aytmay, har qalay, tutgan joyidan kesa­diganlardan, shu kishi, uka, muzey direktori sizga o‘x­shaganning o‘ntasiga dars beradi, suvga olib borib, sug‘ormay qaytarib keladigan odam, shuning uchun men yigitlarimga aytay, kechasi muzeyga tushib, bayroqni olsinlar, bir-ikki kunda qo‘lingizda bo‘ladi, dedi. Mening kayfim uchib ketdi, shunday tabarruk bayroqni o‘g‘irlatishga... ochig‘i, gunohidan, Turkiston ahlining ko‘nglini og‘ritishdan qo‘rqdim. O‘zim tushmaganim bilan, kim tushirganini biladi-ku odamlar deb o‘yladim. Yo‘q, dedim o‘shanda, hozirlari o‘ylab afsus ham qilib qo‘yaman, uning gapi to‘g‘ri edi...

Kutib yuraverdim, odamlarning harakati to‘x­ta­ganidan va ayni paytda Normamat akaning kelishidan darak yo‘q. Oradan ancha muddat o‘tdi.

Mahkam akaga yana Mankentga borib kelsammi, degan edim, u kishi yo‘q, bormang, borolmaysiz ham – Qo­zog‘iston hududiga kirishingiz bilan hibsga olinasiz, dedi. Iy-e, bovurlarimizga qarshi nima qilibman, deb hayron bo‘ldim. Bayroq yo‘qolgan, ana shu yo‘qolishi yuzasidan jinoiy ish ochilgan, ayblanuvchilar orasida siz ham borsiz, dedi Mahkam aka.

Ko‘p emish-memishlar chiqdi: bayroqni muzey direktori pullagan, bayroq chet elga chiqib ketgan, bayroq u yoqda kimningdir shaxsiy kollektsiyasida, bayroqni olib yana bekitib qo‘yishgan, bir kuni chiqib qoladi... Bilasiz-ku, bunaqa paytlari ishning te­pasida o‘zlari turgandek to‘qib tashlayveradilar.

Yaqinda Gulposhsha opadan so‘radim: yo‘q, yangi gap yo‘q. Bayroq o‘zidan keyin ko‘p mish-mish qoldirib, izsiz g‘oyib bo‘lgan.

Bizning uni izlab borganimiz, devorga qo­qilgan holida ko‘rganimiz, quv cholni ko‘ndirishga uringanlarimiz endi bir cho‘pchakka o‘xshab qolyapti.

Hangoma baxtli yakun topmagani uchun uzr albatta. Lekin ko‘ngilda umid so‘nmaydi: balki bu muqaddas bayroq oradan ellik-yuz yil o‘tib yana kimningdir sandig‘idan chiqib qolar, har holda sohibqiron bobomiz buyuk mutafakkir yana bir bobomiz qabriga yopgan, xalqimizga meros qolgan noyob osori atiqa shunday yo‘qolib ketavermas, uni yo‘qotib yuborish gunohi azim ekanini, buning qiyomatda bo‘lsa ham javobi borligini qo‘li egrilar ham bilar...

Yana umid shuki, uni o‘g‘irlagan bo‘lsalar, demak, qadr-qimmatini bilganlar, yo‘qotib yubormaydilar, sotgan bo‘lsalar, katta pulga, uni olgan odam ham nimani olayotganini bilgan, avaylab asraydi va hokazo-hokazo. Endi bu yog‘i chindan ko‘ngilni yupatadigan rivoyatlar.

Lekin o‘kinch o‘sha-o‘sha – ko‘plashib shunday tabarruk mulkimizni oldirib o‘tirganimiz...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.