Demokratiya! Bu so‘z so‘nggi o‘n yillikdagi eng totli so‘zlardan biri bo‘ldi. O‘n yil ichida eng ko‘p tushunishga intilganimiz va eng ko‘p tushunmaganimiz ham shu so‘z bo‘ldi. Sababi – biz “demokratiya” desa, “yalt” etib G‘arbga qaradik. (To‘g‘ri-da, ilgari demokratik jamiyatda yashab ko‘rmagan bo‘lsak). Dastlab uni baland-baland minbarlarda, ochiq maydonlarda ko‘rdik. Yetmish yil og‘ziga talqon solib yurgan odam uchun bu ko‘rinish naq mo‘‘jizaning edi. G‘arbning bu xil mo‘‘jizalariga mahliyo bo‘lib, do‘ppimiz tushay deb turganda bunday qarasak, bizdagi eng katta boylik – hayo, iffat, or-nomus atalmish tuyg‘ular bunday demokratik jamiyatda eng arzon “matoh”lar ro‘yxatiga tushib qolar ekan. Harqalay, biz demokratiyani shunday tushundik-da. Yetmish yil talanaverib bisotida or-nomus va g‘ururidan boshqa hech vaqosi qolmagan odam uchun shu demokratiyani deb bu boylikdan voz kechish malol keldi. O‘ylab-o‘ylab demokratiyani ikki qismga bo‘ldik: g‘arbona va sharqona demokratiya! Bu “topilma”ni topishga topdig-u masalaning yana bir g‘alvasi chiqdi. Xo‘sh, g‘arbona demokratiya bilan sharqona demokratiyaning chegarasi qaerda? Biz yo‘q chegarani axtarib yurgan kezlarda bu jarayonga qaratilgan boshqa bir iddaolar ham yuzaga keldi.
Tushunmoqchilikning kelib chiqishi tabiiy edi. Chunki g‘arb jamiyati o‘zining barcha axloqsizliklarini demokratiya bilan niqobladi. Vaholanki, bu “erkinlik” timsolida shayton surati bor. Bunday “demokratiya” diniy nuqtai nazarga esa mutlaqo ziddir.
Demokratiyaning ahloqsizlik timsoli sifatida ta’rif etilayotgani masalasiga kelsak, aytish mumkinki, jamiyatdagi ahloqsizlikning demokratiyaga aloqasi yo‘q. Erkinlik degani ahloqsizlik degani emas. Erkinlik degani qonunsizlik degani ham emas. Ahloq – yuksak tushuncha. Uning bo‘lishi yoki bo‘lmasligi siz bilan mening vijdonimiz va iymonimiz hukmidadir. Bugun g‘arb bizning nuqtai nazarimizda barcha ahloqsizliklarga erkinlik tamg‘asini qo‘yib namoyish etayotgan ekan, buning uchun demokratiya baloga qolmasin. Bu G‘arbning demokratiyasi emas, balki o‘z nomi bilan G‘arb jamiyatining ahloqsizligi, xolos.
XX asr tongida buyuk vatanparvarlarimizning “...jaholatimiz ilmsizlikdadir” degan fikri XXI asr tongida ham o‘z ohorini yo‘qotmaganligi, naqadar taassufli bo‘lmasin, tan olishga mahkummiz. Bizning bugungi jaholatimizning dastlabki ko‘rinishi o‘z huquqlarimizni bilmasligimizda namoyondir. Vaholanki, biz bugun huquqiy demokratik jamiyat qurayapmiz. Bunday jamiyatni barpo etishning sharti esa odamlarning o‘z haq-huquqlarini bilishligidir. Demokratiyaning asosida erkinlik yotadi. Erkin bo‘lishning birdan-bir yo‘li insonning o‘z huquqlarini anglashidir. Odamlar haqlarini qanchalik ko‘p bilsalar, shunchalik erkinlashadi. Shaxs erkinlashsa, jamiyat erkinlashadi. Erkinlik jamiyat rivojlanishining kafolatidir. Bir so‘z bilan aytganda, demokratiya, qaysidir ma’noda o‘zlikni anglashdir.
Afsuski, bizning bugungi huquqiy savodxonligimiz bolalarimiznikidan qolishmaydi. Bu ahvolga tushishimizning tarixi o‘rta maktablardan boshlangan. Chunki maktablarimizda berilayotgan huquqiy tarbiya ko‘ngildagidek emas. Qonunlarni bilmaslik va tushunmaslik kasali qonunga nisbatan hurmatning yo‘qolishiga olib keladi. Qonun toptalgan joydan jinoyatning unib chiqishi shubhasizdir.
Bugun zamon o‘zgardi. Demak, zimmamizdagi mas’uliyatlarimiz-da o‘zgardi. Chunonchi, bugun xalq vakili hisoblanmish deputatlarimizning ham vazifalari kechagidan bir oz o‘zgacha. Bugun ulardan ko‘prik qurib berish yoki tuproq yo‘lni asfalt qilib berishni talab qilish anchayin erish tuyuladi.
Deputatning endigi asosiy vazifalaridan biri o‘z saylovchilariga qabul qilinayotgan qonunlar va qarorlarning mohiyatini yetkazishdan ham iboratdir. Xo‘sh, bu chiroyli jumlalar o‘zining amaldagi ijrosi bilan mos kelayaptimi? Biz orzu qilayotgan huquqiy demokratik jamiyatning taqdiri ko‘p jihatdan ana shu savolning javobiga bog‘liq.
Darhaqiqat, yurtimiz kelajagini buyuk ko‘rish istagida ekanmiz, dunyoning demokratik davlatlari ro‘yxatidan joy olishni xohlar ekanmiz, bu orzularga erishmoq sharti o‘zimizni va o‘z haq-huquqlarimizni anglashimizda. Shuning uchun bu boradagi targ‘ibot-tashviqot ishlariga har qachongidan ham ko‘proq ehtiyojmandmiz. Demak, bugun yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinlardek ko‘payib ketgan radiokanallardagi oldi-qochdi gaplar, televideniemizda tinimsiz namoyish etilayotgan tuturuqsiz kliplar, ko‘plab matbuot nashrlaridagi siyqa maqolalar o‘rniga odamlarimizning huquqiy ongini shakllantirishgaxizmat qiladigan eshittirishlar, ko‘rsatuvlar, maqolalar berib borilsa, ayni muddao bo‘lur edi.
“Mohiyat” gazetasida chop etilgan.