OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anbara Otamurodova. Otaniyozovning otasi — shoir, xattot va mudarris (2009)

Bobolarimiz merosiga yangicha nigoh bilan qarab baho berish imkoniyati, so‘z erkinligi hayotimizga istiqlol nurlari bilan kirib keldi. Zero, Muhammad Rahimxon ikkinchi — Feruz (1865 — 1910) davri adabiyoti namoyandalari hayoti va ijodi mustabid sho‘ro hukmronligi davrida ming bir hadik bilan o‘rganilar edi. Endilikda, Bayoniy, Laffasiy, Bobojon Tarrox Xodim tazkiralarini, sharqona ma’naviyat, adabiyot va san’atni toju taxtdan ustun qo‘ygan Muhammad Rahimxon ikkinchi — Feruz shaxsiyati haqidagi xotiralarini o‘qib hayratlanmoqdamiz.

O‘n to‘qqiz yoshidayoq taxtga o‘tirgan Feruz nihoyatda xushsurat, shoirona kayfiyati jo‘sh urib turgan yigit bo‘lgan ekan. Ogahiy yosh shahzodaning mumtoz g‘azallar o‘qib, qattiq ta’sirlanganligini ko‘p yozgan. Tarixnavis, shoir Muhammad Yusuf Bayoniy “Shajarayi Xorazmshohiy” nomli asarida uni saroy atrofiga salkam qirq nafar qalamkashni to‘plab, ularga homiylik qilganini yozgan. Xattot va shoir Bobojon Tarrox Xodim Feruz huzurida 1900-1910 yillar mobaynida xizmatda bo‘lgan. Uning ko‘chirib yozgan qo‘lyozma bayozlari O‘zFA Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondida saqlanadi. Bu xattot saroyning ichki hayotini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, o‘sha davr shoirlarini yaxshi bilgan. Umrining oxirida “Xorazm navozandalari” nomli xotira kitobini yozib, unda o‘ttiz bir nafar shoir haqida hikoya qilgan. Qo‘limizdagi ushbu qo‘lyozmani sinchiklab o‘rganish jarayonida Otaniyoz oxun Niyoziy haqida noyob bir hujjat topildi. Bu nodir “Shahodatnoma” shoir va alloma Otaniyoz oxun Xo‘janiyoz o‘g‘li Niyoziyning 1922 yil 18 iyunda Muhammad Rahimxonning Ko‘hna Ark oldidagi madrasasiga mudarris qilib tayinlangani haqidadir.

O‘sha davrda maorif-madaniyat nozirligida avqof sho‘‘basi mudiri bo‘lib Muhammad Yusuf Bayoniy ishlagan ekan. Sarkotiblik lavozimini esa, Chokar — Muhammad Yusuf Xarrot boshqargan. Ular maktab-maorif ta’limini yangicha dasturda o‘qitishni ishlab chiqqanlar. Qo‘limizdagi hujjatda ularning imzosi turibdi. Bu hujjat muhrida yana bir iste’dodli shoir Komil Devoniyning qalb harorati, ko‘z nurlari bor. Chunki muhr eskizini u chizgan va muhrni yasagan.

Bundan sakson olti yil muqaddam bitilgan ushbu “Shahodatnomada” yozilishicha, Otaniyoz oxun 1850 yil mart oyida tug‘ilgan. Muhammad Rahimxon ikkinchi — Feruz madrasasiga oxun etib tayinlangan. Bu madrasa 1872 yil qurilgan bo‘lib, unda 76 hujra mavjud. Niyoziy madrasada ish boshlaganida 72 yoshlardan oshgan bo‘lib, o‘qish jarayonini yangi tizim asosida tashkil etgan ekan.

Otaniyoz oxun Niyoziy Xo‘janiyoz o‘g‘li O‘zbekiston xalq artisti Komiljon Otaniyozovning otasidir. Xo‘janiyoz esa Boboniyoz oxunning o‘g‘li bo‘lib, Xiva xonligining Shohobod (Shovot) hududidagi Bo‘yrachi qishlog‘ida yashagan. O‘z tomorqasida yetishtirgan hosil bilan kun kechirgan. Biroq adabiyot va san’atga ixlosi baland bo‘lgan.

Otaniyoz oxun qo‘limizdagi hujjatda 1850 yil mart oyida tug‘ilgan, deb ko‘rsatilgan. Adabiy manbalarda esa, u 1844 yili tavallud topgan, deb yoziladi. Uning bobosi Boboniyoz oxun zamonasining savodxon kishilaridan bo‘lgan. Zero, oxun maqomini olganlar bir necha tilni mukammal bilganlar, Qur’oni karimni puxta o‘zlashtirib, islom dinining boqiy porloq nurlarini insonlar qalbiga olib kira oluvchi olimlar bo‘lishgan.

Boboniyoz oxunning obro‘-e’tibori Xivada ham salmoqli bo‘lganidan nevarasi Otaniyozni maktabni tugallagach, Xiva madrasalaridan biriga o‘rnashtirgan. O‘sha paytda iqtidorli shoir, xattot Komil Xorazmiy Feruz topshirig‘i bilan juda ko‘p bo‘lgusi shoir va xattotlarga yordam bergan. So‘zsiz, u Komil Xorazmiy, Otaniyoz Oxun Niyoziyning ham ustozidir. Zotan, Niyoziy Komil Xorazmiy hamda uning o‘g‘li iqtidorli shoir va xattot Matrasulboy Mirzo bilan Feruz topshirig‘iga ko‘ra, Xorazm maqomlarini notaga tushirib, kitobot qilishgani bejiz emas. Darhaqiqat, Otaniyoz oxun Niyoziy madrasada turli misol va masalalarni yechishga, ya’ni matematikaga ham qiziqqan. Xorazm maqomlarini notalashtirishda musiqiy ritmikani, ohanglar zarbini hisoblashda uning matematik tafakkuri qo‘l kelgan.

Otaniyoz oxun Niyoziyning til o‘rganish qobiliyatini hamda xattotlik va kitobot ilmining o‘ta murakkab turlarini, nozik qirralarini puxta bilishini inobatga olgan Muhammad Rahimxon uning tarbiyasiga alohida e’tibor beradi. Bu to‘g‘rida Laffasiy “Xiva shoir va adabiyotchilarining tarjimai hollari” nomli asarida shunday yozadi: “Feruz Muhammad Rahimxon Niyoziyning bul tariqa xushxatligini eshitib, oni imtihon qilg‘on. Niyoziyni Xiva davlat devonxonasig‘a birinchi kotiblig‘ vazifasiga tayin qilg‘oni bilan Abdullaxon madrasasiga ham mudarrislik qilodur”. U saroyda ko‘p kitoblarni ko‘chirib yozadi, arab va fors tillaridan tarjimalar qiladi, tinmay bilimini oshirib, oxun maqomiga ko‘tariladi. Bu haqda Bobojon Tarrox Xodim “Xorazm navozandalari” nomli xotira kitobida yozadi: “Otaniyoz oxun Boboniyoz oxunning nevarasi bo‘lib, Niyoziy taxallusi bilan g‘azallar yozgan. Muhammad Rahimxon ikkinchi davrida Xiva shahrining ichida Abdullaxon madrasasiga mudarris edi.

Otaniyoz oxun yetti ilmga ega edi:

1. Madrasa ta’limini birinchi o‘rinda bitkazgan.

2. Arab, forsiy tillari ilmini ham yaxshi bilgan.

3. Xattotlikni yaxshi o‘zlashtirgan.

4. Masala yozishda matematik olim bo‘lgan.

5. Musiqashunoslikni yaxshi egallagani uchun Komil Xorazmiyning vafotidan keyin katta o‘g‘li Muhammad Rasul otasining olti maqomiga yarim maqom qo‘shg‘on vaqtda Otaniyoz oxun ham bu sa’y-harakatga o‘z hissasini qo‘shgan.

6. Otaniyoz oxun shoirlikda birinchi o‘rinda turadi.

7. Muhammad Rahimxon ikkinchi davrida ruscha devonxonada devonlik mansabida bo‘lib, ruschani ham ozroq bilar edi”.

Ruscha devonxona haqida gap ketganda shuni aytish kerakki, 1873 yili yurti chor Rossiyasi bosqinchilariga mustamlaka bo‘lgan Muhammad Rahimxon ikkinchi rus tilidagi barcha savollarga tarjimon orqali javob qaytaradi. U o‘sha dahshatli Gandumkon shartnomasiga qo‘l qo‘ygan kezlardayoq rus tilini o‘zi va ayonlari mukammal bilishi lozimligini tushunadi. Laffasiyning yozishicha, tatar mulla Ramazon Saydishev, rus rassomi Dmitriev-Kavkazskiylarning yozishicha esa G.Baranovskiy xon oilasi va saroy ahliga rus tilini o‘rgatganlar. Muhammad Rahimxon saroy qoshida birinchi bo‘lib, 1887 yildayoq rus maktabini ochgan. Oradan sal vaqt o‘tib, saroy qoshida ruscha devonxona tashkil etilib, unga Otaniyoz oxun Niyoziy boshchilik qiladi.

O‘sha kezlarda Niyoziy Xivada istiqomat qilar edi. Mustamlakachilar uning Qiyot qishlog‘ini ham bombardimon qilishadi. Xalq boshiga tushgan kulfatni keksa Ogahiy ko‘tara olmay, olamdan o‘tadi. General Kaufman topshirig‘iga binoan, mustamlakachi generallardan biri Golovachyov Ko‘hna Arkdagi sandiq-sandiq boyliklarni talaydi. Bu haqda Bayoniy “Shajarayi Xorazmshohiy” kitobida shunday yozadi: “Galavachof xazinani ochdurub xazinaga kirdi, bir sandali bor erdi... Yana bir necha temur orcha (temur sandiq — A.O.) ko‘rdilar... birining ichi to‘la tanga erdi. Yana bir zinpush ko‘rdilar. Oltun va zumurrad bilan murassa’ erdi... oltun chopulg‘on ulug‘ miltuqlar bor erdi...

Yana bir uyda uch yuz mujallad yozma muzayyan kitoblar bor erdi va choroynavu sovutlar... hammasi Peterburg‘g‘a yuborildi” (Bayoniy, “Shajarayi Xorazmshohiy”, Toshkent, 1991).

Ko‘hna Ark boyligi talon-taroj etilgach, Muhammad Rahimxon ikkinchi ma’naviyatni qayta tiklash, Xorazmshohlar kutubxonasini qayta to‘latishga kirishadi. Adabiyot va san’atni, maorif va madaniyatni yuksakka ko‘tarishni davlat siyosati darajasiga olib chiqadi. Saroyga to‘plangan sal kam 40 nafar shoirlarga homiylik qiladi. Ularning sardorlaridan biri Niyoziy aruz vazni ilmini mukammal egallaydi. Uning zamondoshlari Bayoniy, Mirzo, Tabibiy, Avaz, Chokar, Rog‘ib, Xodim va Nadim taxallusi bilan she’rlar ijod etadilar, xattotlik va kitobot ilmini yuksak darajada rivojlantiradilar. Natijada yuzlab bayozlar, tarjima asarlari, she’riy devonlar bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolgan Xorazmshohlar kutubxonasini qayta boyitadi. Ularning g‘azallari o‘sha davrning eng noyob kitobi bo‘lmish “Majmuatush-shuaro” to‘plamidan joy olgan.

Niyoziy ijodini o‘rgangan iqtidorli adiba E.Ibrohimova shoirning o‘z dastxati bilan tuzilgan devoni hamda Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondidagi yana ikkita devonini aniqladi va 1982 yili Niyoziy g‘azallarini nashrga tayyorladi.

Darvoqe, shoir, xattot, mudarris Niyoziy ijodida XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi ijtimoiy ma’naviy hayot yaqqol aks etgan. Niyoziy tengsiz xattot bo‘lgani shundan ham ma’lumki, u Muhammad Rahim ikkinchi — Feruz boshchiligida tuzilgan “Majmuatush-shuaro”ning litografik nusxasini o‘z dastxati bilan tayyorlagan. Ayni paytda, aruz vaznining barcha janrlarida ijod etgan.

Niyoziy g‘azallarida o‘zi yashab turgan muhitni “g‘amxona”, deya tavsiflaydi. Zero, chor Rossiyasi Xiva xonligini zabt etgach, oddiy mehnatkash xalq uch taraflama: ham xon amaldorlari, ham rus amaldorlari, ham elni savodsizlikda tutib turgan din peshvolari tomonidan ezilgan. Shu bois, Niyoziy o‘z g‘azallarida vayrona hayot manzaralarini shunday chizadi:

Jahon ayvoni, ey dil, bir kuhan koshona ermishdur,
Umid etmak aning obodini vayrona ermishdur...
Niyoziy, dahri dundin ayshu rohattopmog‘ung hargiz
Emas mumkin, buni bil, balki birg‘amxona ermishdur.

Niyoziy og‘ir ijtimoiy turmush sharoitida insonparvarlik, ma’rifatparvarlik bayrog‘ini baland ko‘taradi. Ezilgan kishilar boshini silash Ka’bayi mukarramani obod qilishga kirishish bilan barobar deydi:

Bir shikasta dilni ul kimsa sarafroz ayladi,
Bilgil oni Ka’ba obodig‘a og‘oz ayladi...

U yana bir g‘azalida mahbubasini hayot chorrahalaridagi ayovsiz ko‘rguliklardan, xazonrez to‘fonlardan ogoh bo‘lishga undaydi:

Mahvasho, husning guli bir necha kun xandon erur,
Qadrini bil eskucha bodi xazon mehmon erur.

Yillar o‘tib, Niyoziy zamonasining peshqadam shoirlari shohsupasiga ko‘tariladi. Saroyda ishlash, ijod qilish bilan birgalikda yorqin fikrli xattotlar, zarqalam sohiblarining yangi avlodini tarbiyalashga munosib hissa qo‘shadi.

Muhammad Rahimxon ikkinchi — Feruz olamdan o‘tgach, uning o‘rniga o‘tirgan noqobil farzand Isfandiyorxon otasi gullatgan ma’naviyat bog‘larini payxon etadi. Ko‘p o‘tmay qonli, suronli 1920 yilning o‘q va zambaraklar yomg‘iri ostida davlat tepasiga “Yosh xivaliklar” chiqadi. Bu tashkilot boshida xivalik mulla Jumaniyoz Sultonmurodov, Polvon hoji Yusupov, gurlanlik Bobo oxun Salim oxun o‘g‘li, Ko‘hna Urganchdan Mashriqlar qavmi vakili mulla O‘roz Hojimamedovlar bor edi. Bayoniy, Niyoziy, Chokar, Mutrib, Xodim, Komil Devoniy kabi o‘nlab erksevar shoirlar bu harakat tomoniga o‘tadilar. Oddiy mehnatkash xalqning tinch, ozod, baxtli yashashini orzu qigan Niyoziy ham yoshi o‘tib qolganiga qaramay, yangi turmush kurashchilari safiga qo‘shiladi, yosh shoirlar, xattotlarning yangi avlodini tarbiyalashga hissa qo‘shadi va umrining oxirigacha ijod bilan shug‘ullandi.

U 1928 yili o‘z qishlog‘ida olamdan o‘tadi.

Darhaqiqat, Otaniyoz oxun Niyoziyning o‘g‘li Komiljon Otaniyozov iste’dodining sarchashmasi nihoyatda baquvvat bo‘lgan. Hofiz bir mingga yaqin qo‘shiqning matnini, ohangini yod bilgan, deyishadi. Biroq mustabid sho‘rolar zamonida Komiljon Otaniyozov shoir va alloma otasi haqida faxrlanib gapirolgan emas. Uning g‘azallariga, muxammaslariga bastalangan qo‘shiqlarini ota mehriga to‘lib-toshib kuylay olmagan.

Mustabid tuzum mafkurasi bobolarimiz merosi, ulug‘ qadriyatlarimiz salohiyatidan, ilhombaxsh xazinasidan bahramand bo‘lishimizni cheklab kelgan edi. Yangi avlod — istiqlol davri yoshlari Otaniyoz oxun Niyoziy g‘azaliyoti, tarjimalari, dastxatlarini chuqur o‘rganadilar. Erkin fikrlab, tariximizga, allomalarimiz hayoti va ijodiga yangicha nigoh bilan yondoshib, tahlil etib, ko‘p jildli kitoblar ijod qiladilar. Zero, bugungi kunda qadriyatlarimizga ikkinchi umr baxsh etish uchun barcha imkoniyat va shart-sharoitlar mavjud.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 7-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.