OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Bir kishilik gurung (2008)

Ustoz Said Ahmadni eslab...

Ustoz, keyingi yillarda uyda muqim edingiz. Sizni osongina topardik. Birdan yo‘qotib qo‘ydik...

Bir davrada Siz haqingizda gap qo‘zg‘aldi-yu, Erkin Vohidov: “Qaranglar-a, hatto Said Ahmad akaning yo‘qligigayam ko‘niksa bo‘larkan”, deya har qachongidek tagli so‘z qotdi. Hamma tezda tushundi — aslida bu ko‘nikish mumkin emasdek bir hol.

Baribir tirikdaysiz. Mana, suratingiz bilan otamlashib o‘tiribman. Bilaman, barini eshitib turibsiz, shunchaki eshitmaganga olyapsiz, xolos. Chekishni keyingi o‘n besh yilda ikkinchi marta tashlaganingizdan so‘ng (birinchisida ortgan sigaretalaringizni menga ilingandingiz), ustidagi qoziqchasi bosilsa, sigaret qoldig‘ini o‘z tubiga yutib yuboradigan mis kuldoningizni o‘zlashtirgani borganimda ham xuddi shunaqa manzarani kuzatgandim. Ya’ni so‘zimni eshitmaganga olib: “Esingdami, ho‘ ko‘chatni sen ekkan eding. Tagiga yashik-yashiklab mineral suv quyib yurib, zo‘rg‘a katta qivoldim”, deya ayvondagi ochiq derazadan bog‘ tomonga barmoq bigizlagandingiz. “O‘zimga o‘xshatib, ko‘chatimniyam astoydil parvarishlashingizni bilardim. Shunaqaligingizni bilmasam, ortiqcha erkalanib, sizdan kuldon so‘rab kelarmidim”, deb dalahovlingizga ne ilinjda bosh suqqanimni qayta sha’maladim.

— Qo‘rqma, kuldonni yeb qo‘yganim yo‘q, — dedingiz.

O‘tirish yana izmiga tushdi. Yangi yozayotgan hikoyangizni qisqacha bayonlab o‘tib: “Boshimda gap qaynaydi-yu, yozishga kuch qani. Yo menga birorta sekretarka kerakmikin?”, deya ma’nodor qiyaladingiz. Keyin bir joylari qirqib-yamalgan, bir joylari xira siyohda tahrir qilingan ikki-uchta eski hikoyalaringizni uzatib, umumiy mazmunga putur yetgan-etmaganiga bir qarab qo‘yishimni buyurdingiz. Bittasini o‘qib chiqib:

— Hammasi joyida, — dedim. — Qolganlarini ko‘rishdan ilgari bitta chekvolsam maylimi, domla? Aytganday, kuldon qani?

Iyakni yuqorilatgan ko‘yi xomuza tortib: “Derazaning yonida chekib tur, men kuldonni axtarib ko‘raman”, deya kattakon shippagingizni chang‘idek “shuv-shuv”latib, ichkari xonaga yo‘l oldingiz. Sal o‘tgach, ichida shishalar jiringlayotgan xaltani ko‘tarib chiqib: “Manavi vinolar bo‘tta achib ketmasin, zoti mundayroqlarga ichkizvorarsan”, deb oldimga qo‘ydingiz. Bilasiz, ichmayman. Shu bois yuzimda o‘zgarish sezilmagan bo‘lsa kerak, ko‘nglimni ko‘tarish uchun xaltada “moldavskiy” konyak bilan “namanganskiy” araq ham borligini ilova qildingiz.

Shunda ham murosaga borgim kelmay: “Kuldon-chi?”, deb so‘radim. Yana xomuza tortdingiz. Chekmay qo‘yganingizdan kuyunib yurgan nevarangiz Saidsharof kuldonni omborchaga qulflab tashlagan bo‘lishi mumkinligini aytib, gapni tezda boshqa yoqqa burdingiz:

— Shu Saidsharofga qarab turib, Xudoning qudratiga tan beraman. Tusi Mahmudjon kuyovimga o‘xshasayam, fe’l-atvori quyib qo‘ygan o‘zimniki. Yo tavba!

Qolgan hikoyalarni o‘qishga tushdim. Oxirgi hikoyaning uch-to‘rt yeriga shiringina jumlalar qo‘shgan ekansiz, “qarigan sayin ochilyapsiz-da, domla”, deb xushomad qildim.

— O‘sha-o‘sha qishloqisan-da, — dedingiz. — “Qari”ni o‘rniga “yosh o‘tgan sayin” desang, Polosoning ketadimi? Endigina saksondan oshyapman.

Suhbatimizga moslasholmay, bog‘da aylanib yurgan Botir o‘g‘limga ovoz qilib, soat necha bo‘lganini so‘rasam, “Qayoqqa shoshasan, o‘tiribsan-da”, deb mezbonjerkish qildingiz. Soatni boshqa maqsadda, kuldon qaerdaligini biladigan Saidsharofning qaytishiga qancha vaqt qolganini chamalash uchun surishtirganimni aytdim. Bu gal xomuza tortmay, ko‘zimga sinovchan tikildingiz. Andak o‘ylanib turgach: “Oshxonadagi javonniyam bir ag‘dar-to‘ntar qilarkanman-da”, deya tag‘in ichkariga “chang‘i surdingiz”. Zarurat tug‘ilsa, ko‘mak bervorish niyatida ortingizdan yurdim. Xayriyat, taxmin qilganingizdek, mis kuldon idish-tovoqlar javonining bir chetida yotgan ekan.

Shu kunlar, shu qisqa diydorlashuvlar ham g‘animat ekanini o‘shanda qayoqdan bilibman deysiz...

Yaqinda uyingizda bo‘ldim, domla. Kirib borib, poyabzalimni xonangizning to‘g‘risiga yechayotsam, uyingizdagilar: “Buyoqqa joy qilgan edik”, deb mehmonxonani ko‘rsatishdi. Siz bilan yigirma sakkiz yil birga yashab, o‘g‘lingizga aylanib qolgan kuyovingiz Mahmudjon asab-ruh bo‘yicha mutaxassis vrach bo‘lgani boismi, holatimni darhol sezib: “Hali-hali bizgayam adamiz xonalarida o‘tirgandek tuyuladi. Ishga ketayotib ham, ishdan qaytib ham, o‘zim bilmagan tarzda eshiklarini ochaman”, deya ma’yuslandi. Qizingiz Nodiraxon esa: “Goh xonalaridagi stul g‘ijirlagandek bo‘ladi, goh o‘rindiqlaridagi choyshab g‘ijimlanib qolgandek ko‘rinadi”, deb ko‘zini namladi.

Mehmonxona sari yuryapman-u, derazadan kiprik qoqmay termulayotgandeksiz. Yuragim gupillab, qadam bosishimni boshqarolmay qoldim.

Mahmudjon o‘zini qaerga qo‘yishni bilmasdi. Dam choy uzatadi, dam noz-ne’matli tovoqchalarni oldimga surib, “oling-oling” qiladi. Orada Nodiraxon kirib kelib, “Sharbatdan ichmabsizlar-ku”, deb idishning burama qopqog‘ini o‘zi ocha boshlaydi. Nihoyat palov ham tortilgach, tamaddilanayotib, qizingiz haqida aytgan bir gapingiz xayolimda sadolandi:

— Nodira maktabda o‘rischa dars bersayam, pishirgan oshi g‘irt o‘zbekcha. Bunaqa mo‘‘jiza kam bo‘ladi!

Bu so‘zni to‘rt yillar burun xuddi shu xonada ovqatlanib o‘tirganimizda aytgan edingiz. Ovqatlanayapsiz-u, to‘rroqqa terib qo‘yilgan, yubileylaringizda sovg‘a qilingan turli vazalarga, katta-kichik portretlaringizga zimdan qarab qo‘yasiz. Ularning ichida Saida opa bilan tushgan suratingiz ham bor edi.

O‘sha surat hozir ham turibdi. Unga boqib, birdan nevarangiz kichkina Saida esimga tushadi. Uni boshqacha yaxshi ko‘rardingiz. Odatingizga ko‘ra, gapni hazilga qorishtirib: “Bu qizni “chimchim” tayyorlaydigan kursga qatnayapti deb yursam, koreys tilini o‘rganayotgan ekan”, derdingiz. Vaqtning o‘tishini qarang, kichkina Saida endi ingliz, rus, arab, nemis tillarini ham o‘rganib, hozir “O‘zbekiston havo yo‘llari” tizimida ishlayotgan akasidek iqtisodchi bo‘lish maqsadida Germaniya iqtisodiyot universitetida o‘qiyotgan ekan. Kenjatoy Kamola esa, Sharq tillari litseyida haliyam xitoychani o‘rganyapti. U litseyga yangi kirganida: “Bu qaqajonim qizaloqligidayoq xitoy faylasufi Konfutsiyning kitoblarini gilamda sudrab o‘ynardi”, deb shungayam gap topgan edingiz. Nazdimda, aynan shu nevarangizda Saida opaning qoni ko‘proqdek.

Saida opa haqida ko‘p yozgansiz, lekin kam gapirardingiz. Gapirish og‘ir kechardi, chamasi.

Bir voqea yodimda. Televideniedagilar hayotingiz va ijodingiz to‘g‘risida “Umr daftari” turkumida besh qismli ko‘rsatuv tayyorlaydigan bo‘lishdi. Sizni gapga solib berishni mendan iltimos qilishdi. Uch kun suratga oldik. Oxirgi kuni “Chig‘atoy”ga borganimizda, Saida opaning qabri ustida uzo-o-oq sukut saqlab qoldingiz. Sizni bu turishda gapga solishga botinmadim. Oxiri o‘zingiz gapirdingiz. Aytgan so‘zlaringiz shu bo‘ldi:

— Sho‘rlik... rosa-a kutdi-da...

Avvaliga, surgunda yurgan chog‘laringizdagi ayriliqni esladingiz, deb o‘yladim. Zum o‘tmay, boshimda boshqa bir o‘y chaqnadi. Bu dunyodagisi yetmagandek, Saida opani u dunyoda ham uzoq kuttirib qo‘yganingizdan iztirob chekayotgandek ko‘rinib ketdingiz.

...Xonadoningizda ancha o‘tirdim. Sizni ko‘p eslashdik. Shuncha gaplashib yurib, Mahmudjon shoir Elbekning urug‘idan ekanligini endi bildim. Adabiyotga, adiblarga ehtiromi yuksakligi qonida ziyosi borligidan ekan. Nodiraxonni birinchi bo‘lib topgan akasi, bu ishga quvonib bosh qo‘shgan ota-onasi, o‘rtada turib gapni pishitib bergan shoir Shuhrat og‘a haqida to‘lqinlanib-to‘lqinlanib so‘zladi. Sizdek zotga kuyovligidan behad faxrlanishi shundoq ko‘rinib turardi.

Kuyovingizning bir gapi menga o‘zgacha ta’sir qildi. Bir kuni u xarajat ko‘tarib dalahovliga borsa, qotgan non qalamchalarini sovuq choyga botirib yegan asno, soqolingiz o‘sgan, rangingiz oqargan tarzda mashinkangizni “chiqira-chiq”latib o‘tirganmishsiz. Uning rahmi qo‘zib: “Ada, ora-sira yuvinib-taranib olsangiz bo‘lmaydimi”, desa, Siz: “Hozir qamoqdagi davrim to‘g‘risida yozyapman. Lagerda yurgan odam yuvinib-taranishni o‘ylaydimi”, deb javob qilibsiz.

Shunaqa adib edingiz. Yozayotgan asarlaringizning ichida yashardingiz.

Sizni juda-juda qo‘msayotganini Nodiraxonning so‘zlaridan ham, ko‘zlaridan ham anglab olish uncha mushkul emasdi.

— Ilgarilari “huvillagan uy” deganda, ko‘z oldimda egalari tashlab ketgan bo‘m-bo‘sh hovli paydo bo‘lardi, — deydi u mahzunlanib. — Endi bilsam, uyning huvillashi uchun oilaning ulug‘idan ajrab qolishning o‘zi kifoya ekan.

Ha, domla, o‘rningizni hech yerda hech kim bosolmaydi. Yupanchlisi shuki, xonadonda yo‘qligingizni bildirmaslikka urinuvchilar ortingizda qolishdi.

Siz bilan so‘zlashyapman-u, jiddiy bo‘lishga qanchalik urinmay, quvnoq davralardagi mutoyibalaringiz, doimo miyig‘ingizda turadigan tabassumingiz xayolimda jonlanib, ular meni nuqul xushchaqchaq suhbatga tortqilaydi. Ammo ko‘nglimda allaqanday mung tinimsiz giz-gizlab yuribdi.

Rahmatli ustozimiz Ne’mat Aminov meni Siz bilan ilk bor tanishtirishga chog‘lanayotib: “Oldindan ogohlantirib qo‘yay, bu kishiga bir yaqinlashdingizmi, keyin ko‘ngil uzib ketish qiyin bo‘ladi”, deganida haq ekan. Endi oramizda yo‘qsiz-u, ko‘nglimiz hanuz Sizni qidiradi...

Xona tutunga to‘lib, ko‘zimni achishtiryapti, domla. Oxirgi sigaretani kuldonga ezib, ruxsatingiz bilan, tashqarida bir havo yangilab kelsam.

Bu mis kuldon hali Sizni ko‘-o‘-o‘p eslatadi menga...

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2008 yil 18-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.