OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asad Asil. Alqor, nega ko’zing to’la yosh (2010)

Iliqqina bo‘lib turgan qish havosi birdaniga keskin o‘zgardi. Qibladan ko‘tarilgan sovuq izg‘irin shiddatli qor quyunini olib keldi. Tuni bilan tinmagan qor ertalabgacha tizza baravari bo‘ldi. Jamiki tirik jonlar o‘zlarini pana pastqamliklarga urdilar. «Odamlar va ular qo‘lidagi parrandayu hayvonlarga hech gapmas. Yoz bo‘yi harakat qilib, qishliklarini g‘amlab qo‘yishgan. Bechora yovvoyi jonzotlarga qiyin.» Shunday xayollar og‘ushida boqqa tikilib turar ekanman, katta o‘rik daraxti kundasi panasidagi bir parcha yerga qorashaqshaq kelib qo‘ndi. Shu joyga tushgan bitta turshak qushchani o‘ziga jalb qilgan edi. Qorashaqshaq ancha vaqt davomida silkina-silkina atrofni obdan kuzatdi. Parda ortidan ko‘cha aniq ko‘rinar, meni qarab turganimni qushcha payqamasdi. Qorashaqshaq turshakni bir cho‘qib ko‘rdi-da, yana bezovtalanib, u yoq-bu yoqqa alanglab oldi. Uning mitti qalbi qandaydir havfni, kimdir o‘zini kuzatayotganini seza boshlagan edi. Boshqa tomondan tun bo‘yi ochqagan qorin g‘ami uchib ketishga yo‘l qo‘ymasdi. Xullas, qorashaqshaq azonda topgan ozuqasini ming bir tashvishda chala-chulpa yedi-da, baralla sayrab, uchib ketdi. Nazarimda u xo‘rakni omon-eson o‘zlashtira olgani uchun Yaratganga shukronalar aytib ketgandek edi. Sho‘rlik, qushcha! Har kuni, ayniqsa qorli-qirovli qish faslida ne-ne xatarlarni boshidan kechirmaydi, deysiz! Yaxshiyamki, uchish imkoniyati bor unda. Ucholmaydigan yovvoyi jonivorlar ahvolini endi bir tasavvur qilib ko‘ring-a !
Qishlog‘imiz ro‘parasida salkam to‘rt ming metr balanddagi Qoraqiya tog‘i qad kerib turadi. Bolaligimizda qishlog‘imiz ovchilarining o‘zaro suxbatlariga quloq tutardik. Birovlari, «Qoraqiyaga kiyiklar kelibdi, falon mergan ikkitasini otvolibdi», desa, boshqalari, «Alqorlar ham pastlabdi, ammo otisholmabdi», deya qo‘shimcha qilishardi. Alqorni so‘rab bilsak, yovvoyi qo‘y ekan. Ularni ovlagani haqidagi maqtanishlarniyam eshitganmiz. Xullas, bora-bora Chotqol tog‘ining bir bo‘lagi bo‘lmish Qoraqiya tog‘ida alqor u yoqda tursin, kiyiklar xam ko‘rinmaydigan bo‘lib ketdi. Xozirga kelib Chotqolda yovvoyi qo‘ylar butunlay qolmagan, deyishadi. Bu jonivorlarni ko‘rish bizlarga nasib etmas ekan, deb yurganimizda “Qizil kitob”lar chiqarildi. Ularga yovvoyi qo‘ylarning turlari va yashash joylari kiritilgan edi. Yozilishicha, yovvoyi qo‘ylarning muflon, arhar yoki alqor deb nomlangan turlari mavjud ekan. Bizning mamlakatimizda kam uchraydigan alqor yoki Severtsev qo‘yi deb ataladigan jonivorlar Nurota, Oqtov va Tomditov tizmalaridagina saqlanib qolibdi. Endi ushbu noyob jonivorlar iziga tushish imkoniyati tug‘ilgan edi. Yuqorida aytganimizdek, qadim barcha tog‘larda uchraydigan yovvoyi qo‘ylar butunlay yo‘qolib ketishi aniq ekanini sezgan xushyor va jonkuyar odamlar o‘tgan asrning oltmishinchi yillarida ular muhofazasi uchun ilk qadamlarni qo‘yishibdi. Avvaliga himoyalanadigan hududlar belgilashibdi. 1975 yilda esa Nurota Davlat qo‘riqxonasi tashkil etilibdi. Hechdan ko‘ra kech deganlaridek, bu har akatlar o‘z samarasini bera boshlabdi. To‘qsoninchi yillarga kelib alqorlar soni Nurota tog‘larida biroz barqarorlashibdi. Ammo vaziyat baribir murakkabligicha qolmoqda edi. Qo‘riqxonadan chetga chiqqan jonivorlar omon qolmasdi. Ularning dushmanlari ko‘p: bo‘rilar, daydi itlar, xonaki chorva mollari, eng dahshatlisi - odamlar! Qanday qilib alqorlarni yana ko‘paytirish, qadimgidek poda-poda bo‘lib yurishlarini ta’minlashga erishish mumkin? Shundayin ezgu va olijanob maqsad yo‘lida izlanayotgan Nurota qo‘riqxonasi jamoasi taklifiga binoan ushbu hududlar himoyasi bo‘yicha ancha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Tabiat muhofazasiga oid jahon tajribalaridan kelib chiqib, Nurota tog‘lari, Janubiy Qizilqum va Aydarko‘l atroflarini Xalqaro Biosfera qo‘riqxonalari tarmog‘iga kiritish loyihasi ishlab chiqildi. Bo‘lajak mazkur biosfera qo‘riqxonasining o‘ziga xos tomoni shunda ediki, belgilangan hududlarda yashovchi aholi olijanob maqsad yo‘lida faol ishtirok etmog‘i lozim. Loyihaga ko‘ra, Janubiy Qizilqum, Aydarko‘l va Nurota tizma tog‘lari biosfera qo‘riqxonasi sifatida qamrab olinishi kerak. U uch qismdan iborat bo‘lmog‘i, birinchi – yadroviy hudud mutlaqo sof tabiiy holda saqlanishi shart. U esa ikkinchi qism – muhofazalanadigan hudud qurshovida bo‘ladi va har qanday tashqi ta’sirdan qat’iy himoyalanadi. Muhofazalash hududida esa tabiatga zid bo‘lmagan xo‘jalik faoliyatlari uchun ruxsat etiladi. Eng katta – uchinchi hudud rivojlanish hududi sanaladi. Ushbu mintaqada iqtisodiyotning ekologik va ijtimoiy barqaror rivojlanishi har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi, xo‘jalik yuritishda an’anaviy uslublar va tabiatni asrovchi zamonaviy texnologiyalarga yo‘l ochib beriladi. Maqsad bitta: biosfera qo‘riqxonasi iqtisodiyotini rivojlantirish, ekologik ta’limot va bu sohadagi ilmiy-tekshirish ishlarini yagona bir tizimga mujassamlashtirish atrof-muhit ximoyasida uzoq muddatli barqaror rivojlanishga erishish uchun mo‘ljallangan. Olijanob maqsadlar bilan chiroyli boshlangan bu faoliyat, afsuski, hanuzgacha oxiriga yetkazilgani yo‘q. Chamasi, mablag‘ tanqisligi, ayrim to‘siq yoki sansolarlik kabi sabablar bunga imkon bermayotgan bo‘lsa kerak.
1992 yildan buyon Nurota Davlat qo‘riqxonasi direktori lavozimida ishlab kelayotgan Qo‘chqor Qo‘rg‘onov tabiat muhofazasi, xususan alqorlar himoyasi bo‘yicha yaxshi bir taklif bildirdi. Uning aytishicha, alqorlar ko‘pincha qo‘riqxona chegarasidan chiqib, Samarqand viloyatining Poyariq va Qo‘shrabot tumanlariga qarashli tog‘lardagi kungay tomonlarda o‘tlar ekanlar. Yetti ming gektar atrofidagi qo‘riqlanmaydigan bu hududlarda ularni har kim bemalol ovlayveradi. Ushbu ko‘ngilsiz holatga chek qo‘yishning yagona chorasi – uni qo‘riqxona ixtiyoriga o‘tkazishdir. Bularning hammasi ona-Tabiatimiz va uning noyob boyliklarini asrab-avaylash yo‘lidagi izlanishlardir…
Umuman olganda, alqorlarning hozirgi ahvoli qanday? O’tgan asrning to‘qsoninchi yillarida alqorlar xayotidan tayyorlangan bukletni tabiat himoyachilari bizga taqdim etdilar. Undagi suratlarda bechora jonivorlar yuraklari taka-puka, qayoqqa qochishni bilmay jonsarak. Yana bir tasvirda onasi zovga, bolasi orqaga tikilgancha qotib turishibdi. Ular kutilmaganda gumburlaydigan o‘q ovozini kutmoqdalar. Bechora jonivorlar ahvolini ko‘rgan qalbida mehri bor har bir odamning ko‘ngli buziladi. Tasvirga olingandan keyin o‘n-o‘n besh yillar o‘tibdi. Bu orada ulardan nom-nishon qoldimikin?! Beixtiyor ardoqli shoirimiz Muhammad Yusuf qalamiga mansub: «Jayron, nega ko‘zing to‘la yosh?!» satrlari quloqlarimiz ostida jaranglaydi. Unga qo‘shimcha qilib: «Alqor, nega ko‘zing to‘la yosh?!» deb hayqirgimiz keladi!.. Shu o‘rinda bir yupanchli holat ham bor. Qo‘riqxona direktorining ishonch bilan ta’kidlashicha, ayni damlarda hududda ikki mingga yaqin alqorlar yashamoqda. Qaniydi, ular o‘zlaridan ko‘payishib, nafaqat Nurota tizmalari, balki Baxmal, Zomin, Chotqol singari tog‘larimiz bag‘irlarida ham erkin-emin yayrab, bexavotir yoyilib yursalar!
Boshlanishda tilga olganimiz - qorashaqshaq kabi parrandayu darrandalarni, hatto eng hurkak va xushyor jonivorlardan sanalmish alqorlarni ham qahrli qish pastliklarga ozuqa izlab tushishga majbur etadi. Ular odamlar ko‘magidan allaqachon umidlarini uzganlar. Biz mehrga zor bechoralarni shafqat va muruvvat bilan emas, balki turli qurollardan yog‘iluvchi ajal yomg‘iri bilan kutib olishga odatlanib qolganmiz!.. 
Nurota tizma tog‘lari tevaragidagi tuman va qishloqlar aholisi bunday yovuzliklardan holi ekaniga ishongimiz keladi. Ularning bag‘ri kengligi, jonzotlarga mehri borligi uchun Nurota bag‘rida hanuz alqorlar jon saqlab, yashab yuribdilar. Qodir Allohga yaqin bandalar – avliyolar makon topgan joylar hamisha tarovatli va barokotli bo‘lgan. Nurota ham shunday ulug‘vor diyorlardan biri. Uning bag‘ridagi tirik jonlarga ozor berish og‘ir gunoh sanaladi. Shu bilan birga, barchamiz ochiq tan olishimiz kerak bo‘lgan bir haqiqat ham bor. Ya’ni atrof-muhit himoyasiga doir ezgu tilak va takliflar ijrosi qancha kechiktirilsa, ayanchli voqealar shuncha ko‘p sodir bo‘laveradi. Bir misol tariqasida aytsak, Nurota alqorlarini ham, umuman tabiatimizdagi boshqa ko‘plab noyob jonzotlarni ham bora-bora manguga yo‘qotib qo‘yishimiz hech gap emas. Demak, tabiat muhofazasi xususida ish olib borayotgan barcha tashkilotlaru insonlar bir yoqadan bosh chiqarib, Nurota Biosfera qo‘riqxonasi loyihasi kabi ibratli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashlari va oxiriga yetkazish uchun kerakli barcha chora-tadbirlarni ko‘rishlari lozim. Shu yo‘l orqali atrof-muhit muxofazasi soxasida katta va quvonchli natijalarga erishishimiz mumkin.

OLAM BAG’RI BUTUN BO’LSIN


Hayotda hech kim rad eta olmaydigan haqiqat borki, unga barcha baravar jon kuydirishga majbur. Bu tabiat muhofazasi maslasidir...
Ushbu muhim ishga Mustaqil Davlatimiz o‘zining ilk qadamlaridanoq alohida e’tibor bilan yondasha boshlagan edi. Jumladan, 1993 yil boshida O’zbekiston Respublikasi hukumatining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi maxsus Qarori qabul qilindi. Ushbu hujjat atrof muhit muvozanatini saqlashda tabiiy resurslardan oqilona foydalanishning xuquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslarini belgilab berdi. Unda inson va tabiat orasidagi muhit muvozanatiga putur yetkazmaslik qonun-qoidalari kafolatlangan.
Oradan ko‘p o‘tmay, 1993 yil oktyabr oyi boshlarida Respublika Vazirlar Mahkamasining “Ekologiya va salomatlik ikki yilligini o‘tkazish to‘g‘risida” Qarori e’lon qilindi. Qarorda qayd etilgandek, Yer sharining deyarli barcha mintaqalari qatorida Markaziy Osiyo ham ekologik halokatlardan holi emas. Bu hol birgina Orol dengizi fojiasida yaqqol ko‘rinib turibdi. Umuman olganda, Orol fojiasini butun olam fojiasi deyish mumkin. Zero, tabiatdagi hayot hech bir chegarani tan olmaydi. Misol tariqasida qushlar hayotini kuzatadigan bo‘lsak, Yer shari ular uchun bo‘linmas makon ekanligini ko‘ramiz. Ular butun yer yuzini kezib yurishadi, istagan joylaridan makon tanlaydilar. Yozilmagan bu qonun-qoidalar boshqa jonivorlarga, hatto o‘simlik olamiga ham xos. Allohning bu ne’matlari olam bag‘rini to‘ldirib, borliqni yayratib- yashnatib, ko‘zlarimizga quvonch, qalblarimizga quvvat baxsh etib turadi. Ular inqirozga yuz tutgan sayin olam bag‘ri mung‘ayib, g‘ariblashib, huvillab boradi.
Biz tengilar esimizni taniganimizdan buyon tashvishli bir holatning guvohimiz. Bolaligimizda, ya’ni, oltmish-oltmish besh yillar avval tabiat qo‘ynida uzoqroqqa yolg‘iz borishga hayiqardik. Qalin chakalakzorlar bora-bora salobatli o‘rmonga aylanar, har qadamda turli-tuman yovvoyi jonzotlarga duch kelardik. Anhoru ariq tugul, kichik jilg‘alarda ham g‘ij-g‘ij baliq yashar, tayyor bu o‘ljani ko‘pincha ovlamasdik ham. Har kuni baliq yeyaverish barchaning joniga tegib ketgani tufayli yana o‘lja olib kelsak, dakkiga qolardik. “O’zing tozala, uvol bo‘lyapti-ku, bechoralar!”- deya opa-onalarimiz urishib berishardi. Bu gaplar hozir cho‘pchakka o‘xshaydi. Chunki jilg‘ayu anhorlar bu yoqda tursin, hatto daryo va ko‘llarda ham baliqlarning barcha turlari keskin kamayib bormoqda. Tog‘larda-ku, onda-sonda tog‘chumchuqlar yo‘liqmasa, boshqa tirik jonlarni ko‘rish amrimahol bo‘lib bormoqda. Tog‘li hududlarni o‘zlaricha taqsimlab olgan xususiy chorva egalari hamma yoqda hukmron. Markazlardan keladigan nazoratchilarning ko‘ngillarini ovlab qaytarib yuborish ular uchun hech gap emas. Shu o‘rinda, bunaqa tashvishlar oldini olish, tabiatdagi o‘pirilishlarni to‘xtatish, qayta tiklash uchun qanday chora qo‘llash kerak, degan haqli savol tug‘iladi. Ayni damlarda qishloq joylarda, ayniqsa tog‘li hududlarda ishsizlar soni ko‘payib borayotgani hech kimga sir emas. Bizningcha, tog‘li hududlarni, hatto ariq va soylarni ham jonkuyar, dadil va uzoqni ko‘ra biluvchi odamlarga ma’lum muddatlarga muhofaza uchun topshirish maqsadga muvofiq bo‘lsa kerak. Ushbu vazifani tumanlar hokimliklari rahbarligida fuqarolar yig‘inlari, mahallalar, nazoratchi tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirishlari mumkin. Dastlab jarayon qiyin kechishi tabiiy, talab kuchaytirilsa, izchil tushuntirish ishlari olib borilsa, hammasi izga tushib ketishi muqarrar. Natijada ko‘plab odamlar ishli bo‘ladi, ona-Tabiat bora-bora albatta tiklanadi. Eng muhimi, qadimgi go‘zalliklar jonlanishi qatorida moddiy manfaatdorlik ortib, bebaho tabiiy mahsulotlar ko‘payadi...
Prezidentimiz “Yuksak ma’naviyat-engilmas kuch” kitobida: «...olijanob fazilatlardan butunlay uzoq bo‘lib yashaydigan, hayotning ma’no-mazmunini o‘zicha talqin qiladigan shaxslar oz emas. Ming afsuski, ular o‘zlarini dunyoning haqiqiy egasidek his qilishga urinadilar. «Yo‘lini topibdimi, qandini ursin», deydiganlar borligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi...» deya aytgan keskin fikrlari tabiat himoyasiga ham aynan taalluqlidir. Atrof-muhit kushandalari hozirgi «bemalolchilik»dan foydalanishib, ko‘ngillari tusagan har xil noma’qulchiliklarga qo‘l urmoqdalar. Uzun tashlangan arqon albatta bir kun yig‘ishtirib olinadi. Afsuski, bu orada ona- Tabiat ozor chekaveradi, yo‘l qo‘yilgan yo‘qotishlarning esa o‘rnini qoplash jarayoni ancha qiyin kechadi. Iste’molimizda “sabru qanoat” deb atalmish chiroyli so‘z bor. Sabru qanoatda yashaganlar albatta bir kun ko‘zlagan murodlariga yetadilar. Biroq «sabru qanoat»ni tabiat muhofazasiga unchalik qo‘llab bo‘lmas ekan. Binobarin, bu borada qancha sabrli bo‘lsak, shuncha ko‘p narsalarni yo‘qotib qo‘yadigan ko‘rinamiz... 
Men Aydarko‘lda bir necha marta bo‘lganman. Zero, uning qadimgisi bilan hozirgisini o‘xshatish mumkin emas. Tog‘larni taqsimlaganlaridek, Aydarko‘lni ham xozir «to‘rchi»lar o‘zaro bo‘lishib olgan ekanlar. Shunga o‘xshash yana bir misol aytamiz. O’zbekistonda yagona Milliy bog‘ maqomi berilgan hudud barpo etilganida qalblarimiz quvonchlarga to‘lgan edi. «Endi jahondagi, ayniqsa Yevropadagi Milliy bog‘lar singari ajoyib go‘shalar vujudga kelsa kerak», kabi shirin xayollarga g‘arq bo‘lganmiz. Hatto «O’gom-Chotqol tabiat Milliy bog‘ida yaqin kelajakda tabiat risoladagiday tiklanadi, jahon turizmining nufuzli bir bo‘stoni barpo etiladi, tabiatning turli-tuman jonzotlari atrofimizda yayrab-kezib yuradilar!» deya matbuotlarda chiqishlar qilganmiz. Milliy bog‘ faoliyatini nomiga munosib darjaga ko‘tarish uchun boshdanoq hamma shart-sharoitlar yaratilgan, yetarli mablag‘lar ajratilagn edi. Hatto 2000 yil mart oyi boshida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Chimyon-Chorvoq zonasi tabiiy boyliklarini saqlash hamda hududni o‘zlashtirishga kompleks va izchillik bilan yondashishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» Qaror ham qabul qilingan edi. Bularning bari Milliy bog‘ faoliyatida tubdan ijobiy burilish yasash uchun keng yo‘l ochmaydimi? To‘g‘ri, ushbu Milliy bog‘ faoliyatiga bog‘liq bir xushxabar tarqaldi: Bo‘stonliq tumanidagi olis Pskom qishlog‘ida Pskom daryosi ustiga zamonaviy ko‘prik qurib bitkazilibdi. Demakki, bu hududda atrof-muhit muvozanatini tiklash va saqlash uchun yana bir qadam qo‘yilibdi. Shoyad, ish shunday davom ettirilib, Milliy bog‘ yaqin yillarda haqiqiy maqomiga ega bo‘lsa!...
Yoshlar kelajagimiz, ona-Tabiatning bag‘ri butunligi birinchi navbatda ular uchun kerak! Shu nuqtai nazardan olib qaraganda bir taklif tug‘iladi: tabiat muhofazasiga oid mavzularni barcha bilim dagohlarida asosiy fanlar qatorida o‘qitish va tinglovchilarni jiddiy imtihonlardan o‘tkazish vaqti keldimikin? Ushbu muhim masalalar ijrosi birinchi navbatda Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitalari, ekologik jarayon bilan shug‘ullanayotgan deputatlar, qolaversa, hammamizning zimmamizga tushadi. Maqsad bitta: butun olam bag‘ri to‘kis bo‘lmog‘i lozim. O’zini chetga olishga hech kimning haqi yo‘q.

“Guliston” jurnali,
2010 yil 6-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.