Vatan ostonadan boshlanadi, deb bejiz aytilmagan. Har bir inson o‘zi tug‘ilib-o‘sgan joyni umr bo‘yi qo‘msaydi, sog‘inib yashaydi. Ayniqsa, yosh o‘tinqiray boshlaganda imkon tug‘ilgan zahoti tug‘ilgan joying bag‘riga otilging kelar ekan...
Qirq yildan ziyod vaqt turli tomonlarda ishlab-yashab yurdim. Ammo tavallud topgan qishlog‘im yodimdan biror zum ko‘tarilmadi, hamisha uning taftini, madadini his etib turdim. Qishlog‘im haqida biror ma’lumot uchrab qolsa, boshim ko‘kka yetar, darhol yondaftarga yozib qo‘yardim. Bir kun, tarixchi olim Hamid Ziyoev bilan suhbatlashib o‘tirib, gap orasida: “Xondaylig‘ingiz eng qadimiy qishloqlardan biri ekanligini bilasizmi?”, deya tarixiy ma’lumotlar bitilgan bir hujjat uzatdi. Unda quyidagi satrlar bitilgan edi: “Eng qadimiy qishloqlardan bo‘lmish Xondayliq, Xo‘jakent, Zarkent, Parkent, Sayram...” Tug‘ilgan qishlog‘im qadimiyligini bilardim-u, katta fan tomonidan bu darajada tan olingani, tarixiy manbalarda alohida qayd etilganidan bexabar edim.
Ko‘p yillar davomida izlay-izlay, ancha-muncha qimmatli ma’lumotlar to‘pladim. Nihoyat, shular asosida uncha to‘la bo‘lmasa-da, Xondayliq tarixini yozdim.
Afsuski, bu kitobda Xondayliqning uzoq o‘tmishdagi boy madaniyati, yuksak ma’naviyati va bu sohalarning chinorday azamat vakillari o‘z aksini to‘la topa olmagan edi. Tog‘ qishloqlarida zabardast ziyolilar, ulamolar yashab o‘tganlar. Tug‘ilib o‘sgan qishlog‘i nomini o‘ziga taxallus etib tanlagan taniqli adib Sirojiddin Mirzohid o‘g‘li – Sidqiy Xondayliqiy yozib qoldirgan “Xandaqliq tarixi” ham shundan dalolat beradi. Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan bu qimmatli manbada Xondayliqning ibtidosida yashagan bobokalonlarimiz sanab o‘tilgan.
Ramziy ma’nodagi “chinorlar” xususida fikr yuritilganda Xondayliqiyning padari buzrukvori Mirzohid ota nomini alohida hurmat va e’tibor bilan yodga olmoq lozim. Buxoroi sharif va azim Toshkent madrasalarida chuqur bilim olib, Xondayliqqa qaytgan Mulla Mirzohid, Mulla Sultonxo‘ja, Mulla Miftah, Mulla Xo‘jaxon, Mulla Imomali kabi zukko insonlar hamqishloqlarini to‘g‘ri yo‘lga boshlashgan. Hasharlar uyushtirib, ariqlar qazish, yangi- yangi masjid-madrasalar qurish, bilimdon va salohiyatli shogirdlar yetishtirish kabi savobli ishlarga ular alohida e’tibor bilan qaraganlar. Ulardan ta’lim olgan shogirdlar xalqni adolat bilan boshqarishgan, barcha baravariga halol umrguzaronlik qilganlar. Imom A’zam mazhabida namoz o‘qishgan, sabr-toqat bilan ro‘zg‘or tebratishgan, ilm ahlini hamma baravar qadrlagan. Shunday yo‘l tutib, ul azizlar hech qachon kam bo‘lmaganlar: nohaq qon to‘kilmagan, bosqinchilik, o‘g‘rilik, xoinlik singari illatlardan ular butunlay xoli bo‘lganlar. Sidqiy Xondayliqiyning “Ma’naviyat” nashriyoti tomonidan 1998 yilda chop etilgan “Tanlangan asarlar” yoki 1992 yilda nashr qilingan “Mezoni shariat” kitoblarini mutolaa qilgan inson bunga yana bir karra ishonch hosil qiladi.
Lekin ayni kunlarda xunuk bir ahvol qadim-qadimda ma’naviyati yuksak darajadagi Xondayliqda ham sodir bo‘lyapti: bobokalonlarimiz ming yillar avval ko‘kartirib ketgan chinorlar hayoti qil ustida turibdi, ularni saqlab qolish hech kimning xayoliga kelmayapti. Bu chinorlar nafaqat Xondayliqda, balki Bo‘stonliq tumanida, qolaversa, O‘zbekistonimizda ham sanoqlidir. Ular o‘tmishdagi barcha voqea-hodisalarga yagona jonli guvoh...
Ko‘pni ko‘rgan keksalarning ta’kidlashlaricha, qadimda bu azim daraxtlar “to‘qqiz og‘ayni” ekan. Soydan har yilgi bahorda quturib keladigan sellar ostini kavlay-kavlay, ikkitasini qulatibdi. Qolgan yettovlon kattakon supa shaklida bir-birlarini mahkam tutgancha yashayotgan bo‘lsalar ham, yillar o‘tgan sayin sel tahdidi kuchayar, chinorlarning umri tugab borayotgandek edi. Dam olish yoki bayram kunlarida qishlog‘imga borib qolsam, chinorlar omonmikan, degan xavotirda soy bo‘yiga oshiqardim-da, ularning atrofidagi o‘pqonlar kengayib, chuqurlashib borayotganini ko‘rib, battar tashvishga tushardim. Bu azim daraxtlardan ayrilsak, go‘yo qishloqning bag‘ri butunlay huvillab qoladigandek edi. Faqat tashvishlanish, borib-kelib, kuzatib yurish bilan tayinli biror ish bitmaydi-ku! Shu haqda qishloq oqsoqoli bilan maslahatlashdim, chinorlar atrofini beton devor bilan aylantirib chiqish, ochilib ketgan ildizlar ustiga tuproq to‘kib mahkamlash kabi ko‘nglimda tug‘ilgan rejalarni tushuntirdim. Oqsoqol g‘oyat xursand bo‘lib, bu takliflar uchun rahmat aytdi. Tashvish tortmay, bemalol o‘z ishlarimni qilib yuraverishim mumkinligini qayta-qayta tayinladi-da, hashar uyushtirib, chinorlar muhofazasini tez orada “qotirib tashlash”ga so‘z berdi. Shundan so‘ng ko‘nglim xotirjam bo‘ldi.
Kunlardan bir kun Fazliddin ismli hamqishlog‘im Toshkentga – ishxonamga qidirib kelib qoldi. Bu yigitning sho‘x-olov ekanligini bilardim, boshiga biror tashvish tushib, yo‘l-yo‘riq so‘rab keldimikan, deb o‘yladim.
– Siz chinorlar haqida oqsoqolning va’dasiga ishonib yuribsizmi, haliyam?! – asl maqsadga ko‘chib qo‘ya qoldi Fazliddin. – Qishlog‘imiz rahbarlarining g‘irt yolg‘onchi ekanliklarini bilmaysizmi?! Ular meniyam yil davomida aldab kelishdi. Axiri ularga qarab o‘tirmay chinorlarni saqlab qolish uchun o‘zim kirishdim. Faqat shu ishga kerakli u-bu narsalar topishimga yordamlashsalar ham mayli edi, qolgan hammasini o‘zim bajarar edim. Yaxshisi, qishloqqa chiqqaningizda borib, amalga oshirgan ishlarimni bir ko‘rib qo‘ying! “Shu xushxabarni aytish uchun Toshkentga izlab tushibdi-da, bechora. Ertagayoq borib ko‘rganim bo‘lsin!”
Chinorlar qoshiga borib, ko‘zlarimga ishona olmasdim. “Yopiray, tushimmi-o‘ngimmi! Bu ishlarning hammasini nahotki, Fazliddinning bir o‘zi amalga oshirgan bo‘lsa!” Chinorlar atrofiga naq sandiqdek, hatto undan ham ulkan xarsanglar terilib, shunchalar pishiq va ko‘rkam devor barpo etilgan ediki, har qanday insonning bunga tasanno aytmay iloji yo‘q edi. Shu yerlik xonadonlarda yashovchi keksalar oftoblab o‘tirishgan ekan, hayratimni yashirolmay, ulardan so‘radim:
– Uzundan-uzoq mana bu toshdevorni rostdanam Fazliddinning bir o‘zi tikladimi?
– Ha, haqiqiy Alpomish ekan, azamat! – bir ovozdan tasdiqlashdi qariyalar.
Shu payt qayoqdandir Fazliddinning o‘zi kelib qoldi. Chayir va qotma gavdali, o‘tkir boquvchi bu yigit keksalar bilan tez-tez so‘rashib chiqdi-da, ketib qolishimdan qo‘rqqandek, tirsagimdan tutib, chinorlar salqiniga boshladi.
– Quruq tsement so‘rab raisga tushgan edim, ertaga bir-ikki qop obkeltirib beradigan bo‘ldi, - dedi u yo‘l-yo‘lakay. – Agar yana aldab paysalga solsa, sizga uchrashmoqchi edim...
Bu yigit ozib-to‘zib ketgan bo‘lsa ham ruhi ancha yengil, yuz-ko‘zlaridan va qilayotgan ishlaridan mamnun ekanligi shundoqqina ko‘rinib turardi.
– Bir-ikki qop tsement bilan qolgan ishlaring bitadimi? – so‘radim men.
– Qayoqda deysiz, yana o‘n-o‘n besh qop bo‘lsa ham yetmaydi, harna bergani-da. Qaniydi, bir-ikki mashina tayyor beton bo‘lsa-yu, devorni mustahkamlab olardim. Qarang, kuz qanday yaxshi keldi, xuddi yoz kunlariday! Agar bitira olmasam... bilasiz-ku, ko‘klamgi sel balosi devorlarimni yemirib tashlashi hech gapmas!..
– Ilojini qila olsam, men ham ishlaringga qarashaman, – dedim Fazliddinning ko‘nglini ko‘tarish uchun. – Axir bu shaxsiy ishing emas, ajdodlarimizdan o‘tib kelayotgan bebaho yodgorliklarni saqlab qolish uchun kurash demakdir.
– Rahmat sizga, ko‘nglimni ko‘tardingiz, kuchimga kuch qo‘shildi! – yosh bolalardek samimiy va beg‘ubor jilmaydi Fazliddin. – Bunaqa ishlarni o‘zim amallarman, siz esa o‘zingiz bilgan mana shu chinorlar haqida gazeta-jurnallarga yaxshilab yozing. Ilojini topsangiz, televizorgayam chiqaring! Shundayin bebaho yodgorliklarimizni butun xalqimiz ko‘rsin, kelib, ziyorat qilsin...
– Qo‘limdan kelganicha harakat qilaman, – uni yupatdim, – seni, avvalo, Allohning o‘zi qo‘llasin, bo‘sh kelma, ukajon!
Xayrlashish uchun cho‘zgan qo‘limni Fazliddin qo‘yib yubormay ushlab turar, nimanidir aytishdan iymanayotgandek edi.
– Yana biror gaping bormi?
– Agar yozsangiz-chi, “bu toshdevorni sevganiga yetolmagan Fazliddin Bobomurodov tiklagan edi”, degan so‘zlarniyam qo‘shib qo‘ysangiz...
– Kimning qizi u, o‘zimizning qishloqlikmi?
Fazliddinning ko‘zlarida yosh yiltiragandek bo‘ldi. Bu holni sezdirmaslik uchunmi, boshini quyi egib, shivirladi:
– Yo‘q, boshqa tomondan, uning isminiyam, joyiniyam hech kimga aytmayman. Siz yozsangiz bo‘ldi, o‘zi topib o‘qiydi...
Yuragim bir qalqib tushdi:”Voy bechora-ey, shu paytgacha nega uylanmay yuribdi, desam, gap bu yoqda ekan-da!..”
... Qish ancha og‘ir kelib, to bahorga qadar qalin qor arimadi. Har xil yumushlar bilan band bo‘lib, qishlog‘imga uch-to‘rt oy bora olmadim. Bahor boshlanib qolgan kezlarda imkon topib, ataydan Fazliddindan xabar olish uchun bordim-u, uni topolmadim. Boshlagan ishlari ham chala qolgan ekan. Yo‘lda uchraganlardan so‘rasam, tayinli gap aytishmas, “qamalib qoldi-yov”, ba’zilar esa “ruhiy kasalliklar shifoxonasida davolanayotgan bo‘lsa kerak”, deyishdan nariga o‘tishmasdi. Aniqroq bilish uchun Fazliddinning ukasini izlab topdim.
– Akam o‘ziga-o‘zi balo orttirib yuradi! – dedi jig‘ibiyron bo‘lib, – armiyani bitirib kelganda Xondayliqning oldi yigiti edi. Rahmatli dadam bilan dalada somon qoplayotsa, xo‘jalik raisi kelib qolib, bir musht tushiribdi. Amaldorlar bilan olishib bo‘larmidi, akam ham unga javob mushti qaytargan ekan, qamatib yubordi. Oqibatda yomonotliq bo‘lib qoldi. Qamoqdan chiqqandan keyin ham, mana. O‘n besh yilga yaqin vaqt o‘tib ketdi-yu, yo uylanmaydi, yo o‘ziga tayinli uy-joy qurmaydi, umri mana shu chinorlarni qo‘riqlash bilan o‘tib boryapti. Koshki edi uning yoniga kiradigan biror odam topilsa! Shu chinorlar masalasida tag‘in kattalar bilan jig‘illashib, o‘ziga balo sotvoldi-da!..
Ortiqcha gapga o‘rin qolmagan edi. Fazliddindan uzoq vaqt xabar olmaganim, unga tayinli yordam ko‘rsatolmaganim uchun bu ta’na-dashnomlar menga ham tegishli edi, albatta. Fazliddinning ukasini chinorlar sari boshladim. Sel yuvib ketishi mumkin bo‘lgan taraflarga gir aylantirib yasalgan toshdevorlarni kuzatdik. Ularning ayrim joylari nuray boshlabdi. Fazliddinning gaplarida jon bor edi. Sement yetkaza olmay, toshlarning oralariga loy yopishtirilgan joylar selga dosh bera olmabdi.
– Ko‘rdingmi, akang yillar daomida bu devorlarni tiklamaganda edi, chinorlar allaqachon ag‘darilib, yo‘q bo‘lib ketardi, – dedim yonimda kelayotgan hamrohimga, – nima uchun sen, men va boshqalar devorning qolgan qismini tiklamaymiz, buzilayotgan joylarini tuzatmaymiz?!.
– E, aka, chinor muhofazasi buyoqda tursin, vodoprovod, katta maktab binosi qurilishlarining qanchalar vayron, talon-taroj bo‘lib yotganini ko‘rganingizda edi! – astoydil kuyib-yonib gapirardi yonimdagi yigit. – Bu haqda gapirsangiz, qishlog‘imiz rahbarlari, tumanning ayrim boshliqlarigayam yoqmaysiz.
Ha, gap buyoqda ekan-da. Yonimdagi oddiygina qishloq yigiti yuragining tub-tubidan chiqqan achchiq-alamli, lekin haq gaplarga javob topolmay, lol turardim. Chinorlar ham bu haqiqatni tasdiqlayotgandek, shabadada sekin silkinishardi. Nazarimda, ular o‘z xaloskori bo‘lmish Fazliddinni intiqlik bilan kutishayotgandek edi...
“Qishloq hayoti” gazetasi,
2001 yil 15 martsoni.