OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asad Asil. Jonzotlar mehrga muhtoj (2007)

Bo‘stonliq tumanida qadimiy Xondayliq qishlog‘i bor. Xondayliq so‘zi ushbu qishloqdan yetishib chiqqan adib Sirojiddin – Sidqiy Xandaqliqiyning yozib qoldirishicha, xandaq qazib, yovlardan himoyalanganlar makoni, degan ma’noni bildirar ekan. Binobarin, boshqa ko‘p joylarga taqqoslaganda Xondayliqning ancha afzal tomonlari bor: sel bosa olmaydi, ko‘chkilar tahdid solmaydi, shamol-dovullar chetlab o‘tadi, quyosh kun bo‘yi saxiylik bilan nur sochadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, aytish mumkinki, agar bu maskanda yashovchilar obodonchilik, bunyodkorlik ishlarida hamjihat bo‘lib harakat qilsalar, o‘zaro mehr-oqibatli, oqil va ishbilarmon bo‘lsalar, Xondayliqni haqiqiy jannatmonandga aylantirish sirayam qiyin emas...

Bolalik va o‘smirlik davrim shu qishloqda kechdi. Uzzu-kun ko‘rkam bog‘u rog‘larda, qishloq tegrasini gir aylana o‘ragan salobatli, sehrli va bag‘ri tabiiy boyliklarga to‘lib-toshgan tog‘larda kezib yurar edik. Kechqurunlari uyga qishloqning qo‘sh kokiliday ikki biqinidan oqib o‘tuvchi Sho‘robsoy va Tuyatoshisoydan istagancha baliq tutib qaytardik. Baliqlar ham ataylab saralab olinganday: shohbaliqlaru xonbaliqlar! Kaklik, kaptar, bedana, qirg‘ovul singari turli-tuman qushlar, bo‘rsiq, tulki, quyon, to‘ng‘iz, silovsin, suvsar kabi yovvoyi hayvonlar serob. Keyin... tuzoq, qopqon, jela degan ofatlar paydo bo‘ldi, miltiq ko‘paydi. Eng dahshatlisi, odamlar turli zaharli moddalar, u ham yetmaganday elektr toki vositasi bilan ovga kirishdilar...

Sir emaski, antiqa taomlar tayyorlovchi sirli oshxonalar yil sayin ko‘paymoqda. Ularda bo‘rsiq sho‘rvami, ayiq go‘shtidan dimlamami, jayra yoki tipratikon qaynatmasimi... Yilning har qaysi faslida ko‘nglingiz nimani tusasa, marhamat, muhayyo ekan! Xo‘sh, bu joylarga masalliq qayoqdan kelyapti va ularni kim yetishtirib bermoqda? Qiyratilgan g‘oz va o‘rdak, bedana va tuvaloq kabi mavsumiy qushlar sayyoramizning qaysidir osoyishta joylarida ko‘payishib, saflarini qayta tiklab olishar. Qirg‘ovul, kaklik singari turg‘un yashovchi qushlar-chi? Ular shundoqqina ko‘z o‘ngimizda kamaymoqda.

Bularni ko‘rib turib, respublikamizning boshqa hududlarida ahvol qanday ekan, degan o‘yga tolaman. Bunday hollarning yuz berishiga kim aybdor? Albatta, birinchi navbatda, mutasaddi va tegishli tashkilotlar va, qolaversa, hammamiz, har birimiz. Sababi, davlatimiz va hukumatimiz tomonidan mustaqillik yillarida tabiat hamda atrof-muhitni asrab-avaylash, undan oqilona foydalanish xususida amaliy g‘amxo‘rlik ko‘rsatildi, huquqiy zamin yaratildi. “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi, “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunlar, “Baliq sohasida monopoliyadan chiqarish va xususiylashtirishni chuqurlashtirish bo‘yicha choralar to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 13 avgustdagi 350-sonli qarori fikrimizning yorqin isbotidir. Ayrimlar mazkur qonunlar va qarorda belgilangan vazifalarni amalga oshirish o‘rniga o‘zboshimchalik bilan ish tutib yurishibdi. Bu borada nazorat ishi olib borishi kerak bo‘lgan tashkilotlarning faoliyati ancha sust. Ularning quruq qog‘oz qoralashdan amaliy faoliyatga o‘tishlari tabiat va hayvonot dunyosi muhofazasida sezilarli burilish yasashi turgan gap. Ayniqsa, fuqarolar yig‘inlari, mahalla sardorlari va maktab o‘quvchilari bilan hamkorlikda kutilgan natijalarga erishish imkoniyatlari bor. Belgilangan hududlarda muntazam tekshiruv va kuzatuvlar olib borish, tog‘lardan oqib kelayotgan soy va ariqlarimizni ozoda saqlash, ularda baliq turlarini ko‘paytirish va sergaklik bilan qo‘riqlab borish kabi yumushlarni sohaga tegishli idora-tashkilotlar hamda katta yoshdagilarga qaraganda farzandlarimiz yaxshiroq uddalaydilar.

Odamzotning hayoti va turmushi tabiat bilan chambarchas bog‘liqdir. Unga yetkazilgan har qanday zarba jamiyat va insonlarga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Shuni unutmaylik!

Xalq so‘zi” gazetasi,

2007 yil 14 mart soni.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.