Yaxshi kitob yaxshi odamga o‘xshaydi. Bilasiz, yaxshi odamning ezgu amallari xotiraga muhrlanadi. Yaxshi odamning nomi umuman insoniyatga, G‘arb va Sharqqa birdek daxldor bo‘ladi. Yaxshi odamning kashfiyotlari, ezgu amallari dunyo kezadi. Tarix sahifalaridan o‘rin oladi. Mo‘‘tabar kitoblar ma’naviyat tarixini bezaydi. Tinimsiz o‘qiladi; dunyo tillariga tarjimalar qilinadi. Insonlar qalbiga ezgulik urug‘ini ekadi. Ezgulik urug‘i toza qalb maydonida unib o‘sib gullaydi va meva beradi. Qarashlar kengayadi, poklik, to‘g‘rilik, ma’naviy yuksalish yo‘llari ochiladi. Shu ma’noda na faqat badiiy asarlarimiz, ilmiy, adabiy-tanqidiy asarlarning umri meni ko‘p o‘ylantiradi.
O‘tgan 2012 yilda adabiy tanqid, adabiyotshunoslikka doir katta-kichik yigirmadan ortiq kitoblar nashr etilibdi. Tabiiyki, ularning ilmiy saviyasi ham, mualliflarining darajasi ham bir xil emas. Adabiyotshunoslikda yashaydigan kitoblar osonlik bilan maydonga kelmaydi. Albatta, adabiy jarayonda badiiy asarlar bilan yonma-yon paydo bo‘lib, ularning oradan chiqishi bilan umrini tugatib ketadigan tanqidchilik kitoblari ham bor. Biroq bu yilgi kitoblar ancha mehnat-mashaqqatlar, tinimsiz izlanishlar asosida yozilgani ko‘rinib turibdi. Ayrimlari vaqt sinovidan o‘tgan va qayta mutolaaga munosib kitoblardir. Bir misol, U.Normatovning “Sarguzashtlar sardori“ kitobining bir sahifasida 1968-2012 sanasi qo‘yilibdi. Olimning X.To‘xtaboev to‘g‘risida yozgan mulohazalari, tahlil va talqinlari eskirgan emas; o‘n yillar oldin tanqidchi bilan adib o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbatlarni ham xuddi bugungidek o‘qish va undan ma’naviy ozuqa olish mumkin. Olim “Sariq devni minib”, “Sariq devning o‘limi”, “Qasoskorning oltin boshi” asarlari misolida X.To‘xtaboevning sarguzasht romanlari tabiatiga doir: hayot tajribasi, bolalarga xos nigoh, bayon usulidagi sintez, satirik pafos, ko‘ngil dardini to‘kib solish kabi qator individual xususiyatlarni ochib beradi va misollar bilan asoslaydi.
A.Rasulovning “G‘aroyib saltanat” risolasida X.To‘xtaboev, “O‘zlik sari yo‘l” kitobchasida Anvar Obidjon ijodi atroflicha tahlil qilinadi. Olim fosh etish xususiyatiga tayanib, “Sariq devning o‘limi”ni dedektiv roman sifatida taqdim etadi. O‘rni kelganda dunyo bolalar adabiyotining zabardast namoyandalari bilan ob’ekt adiblar ijodi taqqoslanishi ham tabiiy taassurot qoldiradi. Bitta adib ijodiga maxsus bag‘ishlangan kitoblardan yana biri “Yuluzning besh qirrasi” deb nomlanadi. Dotsent A.Alimbekov unda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali hayoti va ijodini tadqiq etadi. Kitob ijodkorning shoir, nosir, publitsist, tarjimon va adabiyotshunos sifatidagi qirralari yuzasidan tasavvur beradi. Bunda muallif adibning kundaliklaridan samarali foydalangani - uning ijod labaratoriyasiga kirib borganini ko‘rsatadi.
O‘tgan yilgi xirmon ichida badiiy ijod egasining adabiy-tanqidiy maqolalari jamlangan ikkita kitob ajralib turadi. Yozuvchi, tarjimon va adabiyotshunos Otauli uzoq yilardan beri yozgan maqolalarini “So‘z san’atidan saboqlar” nomi bilan ikki qismdan tarkib topgan bir kitobga jamlabdi. Bu Otauli adabiy-ilmiy faoliyatining bir qismidir. Turli adabiy avlodlarning turli saviyadagi asarlariga Otaulining jiddiy, xolis, kuyinchaklik bilan bildirgan munosabatlarini ko‘rish mumkin unda. Muhimi – kitobdagi maqola va suhbatlar Otaulining badiiy so‘zga, adabiy hayotga, katta-kichik adiblar ijodiga o‘z munosabati borligini namoyon etadi. Ikkinchisi shoir Vafo Fayzullohning “Chaqmoq yorug‘i” kitobi. Bunda Vafoning adabiy-estetik didini, badiiy asarni tushunish darajasini ko‘rish mumkin. Tarixda ijodkor kuzatishi, ijodkor tanqidi, ijodkorning adabiyotshunos sifatida tahlil va talqinlarga taqdim etishi, albatta, o‘zining juda yaxshi samaralarini berdi. Bu sohada ijodkorlardan ayrimlari akademik darajasiga yetdi. Bu an’ana bugun Otauli, Vafo Fayzulloh va boshqa ko‘pgina shoirlar, nosirlar izlanishlari misolida davom etmoqda. Shu o‘rinda serqirra ijodkor Ulug‘bek Hamdamning “Yangi o‘zbek she’riyati” nomli monografiyasini ham jiddiy tadqiqotlardan biri sifatida ta’kidlashni istar edim. Ulug‘bek – shoir, adib, tarjimon. Eng asosiysi – ilmiy unvonga ega va shu yo‘lda izlanayotgan adabiyotshunos. Uning yangi kitobida XX asr o‘zbek she’riyati tasniflanadi; lirikaning eng muhim ilmiy-nazariy qirralari, g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari ustida fikr yuritiladi. U.Hamdam kitobi maqolalar to‘plami emas, she’riyatimiz tabiatini oydinlashtirib beradigan yaxlit yaxshi bir tadqiqot.
Shu o‘rinda dotsent U.Dolimov yozgan “Milliy uyg‘onish pedagogikasi” kitobini ham eslab o‘tishni istar edim. U.Dolimov tadqiqotlarida milliy nuqtai nazar, millat manfaatini ko‘zlash kuchli. Domlaning yangi kitobidagi ifodalangan fikr va muammolarning o‘zaro bog‘lanishi, o‘rtaga tashlangan muammo yechimi uchun keltirilgan dalillar – bularning barchasi uzoq yillik zahmatli mehnat samarasi. To‘g‘risi, bunday mutaxassis olim bir-ikki yil ichida o‘z-o‘zidan shakllanmaydi. To‘g‘risi, bunday kitob ham bir-ikki yil ichida maydonga kelmaydi.
Darvoqe, o‘tgan yili nukuslik K.Qurambaevning Maxtumquli hayoti va ijodi, o‘zbek adabiyotida shu shoir ijodining badiiy talqini va o‘zbek hamda qoraqalpoq maxtumqulishunosligiga doir jiddiy kitobi nashr etildi (Kitob haqida qarang: B.Karim.“Ilhom chashmasi mavjlari. “O‘zAS” gazetasi. 2012 yil, 11 may). Shuningdek, bir qaraganda texnik ishga o‘xshab ko‘rinsa ham, buxorolik I.G‘aniev va N.Afoqovalar “Jadid adabiyoti va adabiyotshunosligi bibliografiyasi” nomli juda zarur bir kitobni nashr ettirdi. Unda besh mingdan ortiq manba ko‘rsatilgan. Juda katta mehnat qilingan. Bunday kitoblar tadqiqotchiga yordam va yo‘llanma beradi. Vaqtini tejab, izlanish yo‘lini yengillashtiradi. O‘z vaqtida Sh.Turdiev va B.Qorievlar tuzgan “O‘zbek adabiyotshunosligi va tanqidchiligi bibliografiyasi (1900-1941)” kitobidan jadidshunoslar juda unumli foydalandi. Shunga o‘xshash “Turon” kutubxonasi xodimasi F.Nuriddinova tomonidan 20-30-yilar vaqtli matbuotining bir qismini o‘zida jamlagan “Milliy matbuot fihristi”, jadidshunos Z.Abdurashidov tomonidan “Tarjimon”dagi Turkiston materiallarining izohli bibliografiyasi” tuzilgani va nashr etilganidan boxabarmiz. Yangi “Bibliografiya” ham shular qatoriga qo‘shilishga haqli, albatta. Ammo mulohaza sifatida ko‘rsatkichda takrorlar, tizim va imloda har xilliklar, mualliflarning ism-familiyalarda juz’iy xatolar ham borligini aytib o‘tish joiz. Nazarimda, tuzuvchilar bevosita vaqtli matbuot manbalaridan ko‘ra, ko‘proq turli tadqiqot yoki ilmiy kitoblarning “Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati”dan foydalangan ko‘rinadi. Buning oqibatida jadid adabiyoti davriga mutlaqo aloqasiz manbalar ham kitobga kirib qolibdi.
O‘tgan yilda mualliflar jamoasi yozgan adabiyotshunoslik majmualari, darsliklar ham bosilib chiqdi. Zahmatkash olim N. Karimov tavalludining 80-yilligi munosabati bilan chop etilgan “XX asr o‘zbek adabiyoti masalalari” o‘tgan yilning jiddiy kitoblaridan biri bo‘ldi. Majmuada o‘ttizdan ortiq muallif o‘z ilmiy maqolalari bilan qatnashdi. Ular orasida akademikdan tortib, ilm yo‘liga kirib kelayotgan yoshlargacha bor. To‘plam mundarijasi, mavzu yo‘nalishi rang-barang. Kitob haqiqatan ham o‘tgan asr o‘zbek adabiyoti tarixiga, adabiy tanqidchiligi, folklorshunosligi, hozirgi adabiy jarayon, qiyosiy adabiyotshunosligiga tegashli dolzarb masalalarni qamrab olgan. Keng qamrovga ega bu kitob olimga ilmiy jamoatchilikning hurmat-ehtiromi ramzi sifatida qabul qilish o‘rinli. Aslida N.Karimov ilmiy ijod qamrovi juda keng adabiyotshunos. Bu jihatni hayotiy-ilmiy dalillarga, teran muhokamalarga nihoyatda boy bo‘lgan “Adabiyot va tarixiy jarayon” nomli kitobi ham isbotlab turibdi.
O‘tgan yili B.Nazarov, A.Rasulov, Q.Qahramonov, Sh.Ahmedovalarning “O‘zbek adabiy tanqidchiligi tarixi” darsligi maydonga keldi. Bir yil ichida talab bo‘yicha ikki marta bosildi. Shuning o‘zi ham darslikning naqadar ahamiyatli, zarur ekanini ko‘rsatadi. Unda o‘zbek adabiy tanqidchiligiga xos eng asosiy davrlar, eng muhim ilmiy tamoyil va bosqichlar qamrab olingan. Adabiyotshunos-munaqqidlarning ijodiy faoliyatiga maxsus sahifalar ajratilgan.
Suyukli adibimiz Xudoyberdi To‘xtaboevning tabarruk 80 yoshi munosbati bilan yuqorida tilga olingan U.Normatov, A.Rasulovlarning kitobi qatoriga yana bir kitobni - yozuvchi o‘z zamondoshlari nazdida qanday ijodkor shaxs ekanini ko‘rsatuvchi “Dunyoga tanilgan adib” nomli jamoa to‘plamini ham qo‘yish lozim. Unda yigirmadan ortiq mualliflar qatnashgan; beshta suhbat berilgan. Boshqa millat ziyolilarining e’tiroflari, taniqli adib va kitobxonlardan kelgan qator maktublar o‘rin olgan. Tabiiyki, manbalarning sakkiz faslga maxsus taqsimlab, har biriga adib tilidan jinday quvlik va topqirlik bilan she’riy sarlavhalar qo‘yilganini kitob tartib berish madaniyatidagi o‘ziga xos topilma, deb baholash mumkin.
Bilasizlar, ulkan adabiyotshunos, munaqqid Matyoqub Qo‘shjonov kamtar, kamsuqum, o‘zini ha deb ko‘z-ko‘z qilavermaydigan bir inson edi. Domla hatto o‘z asarlari bibliografik ko‘rsatkichini tuzmagan, birovga aytib ham tuzdirmagan ekan. Bu amaliy ish hozirga qadar bajarilmay turibdi. “Matyoqub Qo‘shjonov zamondoshlari xotirasida” kitobi ham to‘rt yil bosilmasdan yotdi. Buning ham bir hikmati bor ekan. Kitobning tavallud sanasi M.Qo‘shjonovga o‘xshagan haqgo‘y, adolatparvar, qat’iyatli ikki inson – Begali Qosimov (“Begali Qosimov zamondoshlari xotirasida”) va Shavkat Rahmon haqidagi (“Shavkat Rahmonni xotirlab”) kitoblari bilan bir paytga to‘g‘ri keldi. Bu insonlar faoliyati va ularga tegishli kitoblarda qandaydir ruhiy yaqinlik; o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Har uchala xotira kitobida ham sun’iylik, majburiyat ostida yozilgan xotiralar deyarlik kuzatilmaydi. Odatda, xotira yozuvchi o‘zini targ‘ibiga, “men-men”sirashga o‘tib ketadi. Nazarimda, har uchala kitobdagi manbalarning ko‘pisini mualliflar qalb amri bilan, hatto xotira kitobini mutlaqo xayollariga keltirmagan holda yozgan ko‘rinadi. M.Qo‘shjonov haqidagi kitobdagi “Jonkuyar”, “U kishim – ustoz, men – shogird”, “Domla”, B.Qosimov xotirasiga bag‘ishlangan kitobdagi “Xotira qa’ridagi iztiroblar”, “Olimning o‘limi – olamning o‘limi”, “Adabiyotshunosligimiz Hamleti”, Shavkat Rahmonni to‘g‘risida yozilgan “Rassom xotiralari”, “She’riyatga ko‘chgan shaxsiyat”, “Non hidi” kabi maqolalar samimiyligi, chinligi, butunligi, dardu iztirobi bilan ajralib turadi. B.Qosimov to‘g‘risida yozilgan haqqoniy bir fikrga ko‘zim tushdi: “Hech kimdan biror narsa kutmas, kongresslarda uchrashib qolganimizda kulimsirab turgan yuzida do‘stlikdan ham vafo topmagan, do‘stlikdan ham xiyonat ko‘rganlik iztirobi sezilib turar edi”. Domlaning nihoyatda tanish bir qiyofasi ko‘z o‘ngimda gavdalandi. To‘g‘risi, bu xotira kitoblaridagi ko‘pgina maqolalar turli davrlarda, ayrimlari o‘sha ijodkorlar tirik paytida vaqtli matbuotda bosilib chiqqani ma’lum. Tuzuvchilar har kimga maxsus aytib xotira yozdirmasdan o‘sha manbalarni to‘plab kitob holiga keltiribdi. Bu ham xotira kitoblariga tartib berishning o‘zini oqlaydigan bir usulidir.
Bugungi yosh avlod M.Qo‘shjonov, B.Qosimov, Shavkat Rahmon kabi fidoyi, qalb ko‘zi ochiq haqiqiy ijodkor, ma’rifatparvar shaxslarni yaxshiroq tanishi, ularning ibratli yo‘lidan saboq olishi kerak. Xotira kitoblarining adabiyotshunoslik tarixida shunday xizmati ham bor, albatta.
“Mumtoz so‘z” nashriyoti “Ma’rifat fidoyisi” ruknida o‘tgan adabiyotshunoslarni xotirlash va ularning asarlaridan namunalar saralab, qayta nashr etishdek xayrli ishni boshlaganiga ancha bo‘ldi. Bu yil shu rukndagi bir kitob adabiyotshunos Botirxon Akromovga bag‘ishlandi...
Har qanday fan sohaning kelajagi umidli yoshlarga ko‘z tikadi. Ilm-fandagi kopernikona kashifyotlar yoshlardan kutiladi. Badiiy ijodda, ayniqsa, iste’dodli yosh shoirlar tez dovruq qozonadi, nazarga tushadi. Ammo ilmiy ijod yo‘lida sharoit nisbatan boshqacha. Bu yo‘l mashaqqatli yo‘l, bekatlari ham ko‘p: o‘qish, anglash, tushunish, o‘rganish, tasniflash, tushuntirish, tahlil va talqin etish... “XX asr o‘zbek adabiyoti masalalari” to‘plamiga kirgan yoshlardan Behzod Fazliddin, Safarali Qurbonovlarning maqolalarini o‘qib xursand bo‘ldim. Ora-orada matbuotda ko‘rinayotgan Otabek Safarov izlanmoqda. Sa’dulla Quronovning “Ifoda va ifodaviylik”, Komil Hamroevning “Shukur Xolmirzaev hikoyalarida kompozitsiya” nomli dastlabki ixcham risolalari nashr etildi. Badiiy asarlar mohiyatini anglaydigan va qarashlarini o‘ziga xos tarzda ifodalaydigan yosh adabiyotshunoslarning yetishib kelayotgani odamni quvontiradi. Albatta, yoshlar kelajagidan fol ochish ortiqcha ish. Ilmiy unvonlarga qiziqishlari tabiiy, ayni damda, adabiy jarayon yukini zimmalariga olishlariga ham umid qilish mumkin. Tirikchilik degan bahaybat o‘pqon qopqasidan omon o‘tishsa, biryoqlamalik, yuzakilik, shuhratparastlik kabi yengil yo‘llardan uzoq yurishsa, tozalik va to‘g‘rilik ularning ilmiy aqidasiga aylansa, bunday izlanuvchi yoshlar umidni oqlaydi.
Kitoblar munosabati bilan munaqqidning tarixiy missiyasi ustida ham ko‘p o‘yladim. Istaysizmi-yo‘qmi adabiy tanqid adabiyotshunoslikning muayyan bir sohasi bo‘lgani holda adabiyot nazariyasiga ham, adabiyot tarixiga ham juda juda aloqador. Adabiy tanqid adabiy jarayon bilan tirik. Yangi nazariyalar shu jarayonda tug‘iladi yoki yangi nom oladi. Adabiyot tarixiga munosib adabiy siymo va uning asarlari ham adabiy jarayon elagidan o‘tadi. Dunyo adabiyotshunosligining tajribasi shunday. Avvaldan ham o‘ylanib kelaman. Munaqqid bu ijodkor odam. Adabiy tanqid ham o‘zning spetsifik xususiyatiga ega ijodning bir turi. Adabiy tanqidchi adiblarning tavallud kunlarida qo‘llarida gul tutib sahnaga chiqadigan nozanin ham, kafgiri bilan qozon kovlab, to‘yda xizmat qiladigan oshpaz ham emas. Negadir adabiyotchi-munaqqidlar aynan kimlarningdir tavallud ayyomlarida noyoblashib, go‘yoki bir zarur “matoh”ga aylanadi. Munaqqidning bunday xizmat turida juda yengillik va yuzakilik seziladi. Holbuki, adabiyotshunos-munaqqidning vazifasi bundan ko‘ra jiddiyroq, ilmiyroq, og‘irroq, yukliroq, mas’uliyatliroqdir...
Aslida, har qanday matn tarkibidagi gap biror ma’noni ifodalashi lozim. Bir maqolada yoziladi:“Global germenevtikada matn transformatsiyasi orqali global xarakter kasb etgani holda, ularning qahramonlari oddiy koinot zarrasi xarakteridan chiqib, fazoviy xarakterga ega bo‘lishini eslatadi” (M.Tojiboev. “Sh.yu”, 2012 yil, 4-son.). Necha bor takror o‘qish bilan anglashning imkoni bo‘lmadi. Maqolada shu tarzdagi qandaydir ajnabiy tildan qilingan no‘noq tarjimani, eslatadigan o‘rinlar talaygina edi.
Shu yuqoridagi gapni yozsammi-yozmasammi, degan o‘y bilan yurgan kunlarning birida qo‘limga samarqandlik A.Nosirovning “Odil Yoqubov romanlari poetikasi” kitobi kelib qoldi. O‘qidim va beixtiyor: “Mana, azizlar bo‘lar ekan-ku!”, dedim bor ovozda. Birorta odam tushunmaydigan tilda yozsa, axir bo‘lar ekan-ku! Kitobda adib romanlari va o‘zbek olimlari kitoblaridan olingan ko‘chirmalar tushunarli ifodasini topgan. Ruscha tarjimalarining ayrimlarida esa ma’no yo‘q. Kitob muallifi yozgan, chuqur ilmiyga o‘xshaydigan gaplari g‘alati, ma’nisiz, bir qaynov ichidagi gaplardek taassurot qoldiradi. Masalan: “Roman janri poetikasi tizimlararo o‘zaro aloqalar uyushmasi tig‘izligidan iborat” (6-bet), “Estetik ong janr aniqligini asoslaydi. Badiiy shakl joriyligi voqelikka ijodiy munosabatni uyushtiradi. Hissiy idrok uzvi tasavvur yaxlitligini taqozo etadi. Demak, badiiylik mezoni va imkoniyati mantiqiy tadriji atama miqyosi a’zolari rang-barangligini tasdiqlaydi” (7-bet), “Davr ruhiyati tadqiqi yaxlitligi qahramon faoliyatiga singdirilgan ijodiy kontseptsiya mundarijasida tugal mohiyat kasb etadi” (8-bet). To‘g‘risi, odam ketma-ket bunday rebuslarni yechishda ancha esankirab qoladi.
Davom etaylik: “Shu ma’noda, janr tabiati xilma-xil poetik uyushmalarni jipslashtiradi. Shakl, mazmun va uslub o‘rtasidagi badiiy munosabatni qayta tiklash uning asosiy poetologik vazifasi sanaladi” (14-bet), “Falsafiy-ijtimoiy-ruhiy umumlashma teranligi talqinni lahzada idrok etishga imkon bermaydi, tahlil mantig‘ini tadqiq sahniga ko‘taradi” (17-bet). “Muallif qabariq tasvir qorishig‘ida inson idrokini band etgan ijtimoiy-ruhiy muammolarni ko‘ndalang qo‘yadi. Xotiralar dinamikasida qayta tiklangan imkoniyat asar yo‘nalishini tashkillaydi” (18-bet). Istalgan bir sahifani ochish mumkin; misoli chiqadi: “Ijod falsafasi va muammo muayyanligi sintezi, ruh ma’naviyati va sintaktik tanlov mushtarakligi, muallif kontseptsiyasi pozitiv xarakteri va tasvir qabariqligi yaxlitligi yozuvchi poetologik mundarijdasining o‘ziga xos xususiyatlaridan dalolat beradi” (88-bet).
To‘g‘risi, ilmiy-falsafiyga o‘xshab ko‘ringan bu insholar ancha mujmal. Aslida, teran tasavvur qilinmagan narsalar xususida mujmal fikrlar bayon etiladi. Kitob garchand roman poetikasiga bag‘ishlangan bo‘lsa ham, unda eng asosiy poetik unsurlar tizimli ravishda tekshirilgan emas. Afsuski, o‘tgan 2012 yil kitoblari orasida shu toifadagilari ham uchradi. Abdulla Qodiriy aytadi: “So‘z so‘ylashda va ulardan jumla tuzishda uzoq andisha kerak. Tuzilgan jumlani yozuvchining o‘zigina tushunib, boshqalarning tushunmasligi katta ayb. Aslida yozuvchilik aytmoqchi bo‘lgan fikrni hammaga barobar anglata bilishda, oraga anglashilmovchilik solmaslikdadir” . Bu gap adabiyotshunos-munaqqidga ham tegishli.
Yana bir mulohaza. Bugun internetga kirib, turli manbalarni tarjima qilib, yamoqchilik bilan ham nafaqat maqolalar, balki risolalar, kitoblar “yasab tashlash” oson yumushga aylandi. Bugun har qanday sohada chuqur ilmiy tafakkur mahsuli bo‘lgan umrboqiy kitobning tadqiqot o‘laroq “yaralishi”dan ko‘ra internet ma’lumotlari yoki stilistik o‘yinlar bilan uch-to‘rtta kitobdan olingan ko‘chirmalar orqasida kitob “yasash” jarayonlari ham kuzatiladi. Bunday “yasama”larni jamlovchilar mualliflik da’vo qilmagani va o‘zlari insof bilan “Ko‘rganlarimdan ko‘chirganlarim” degan maxsus rukn ostida kitoblar turkumini e’lon qilishlari adolatdan bo‘lar edi. Shu ma’noda har qanday ijod sohasida mustaqil tafakkur, vijdon, insof, uyat, andisha kabi tushunchalar bugun har zamondagidan ko‘ra noyobroq sanaladi.
Xo‘sh, o‘tgan yilgi bu yigirmadan ortiq kitoblar qaysi nashriyotlarda bosildi? Shunday savol qo‘yish to‘g‘rimi? Odatda davlat nashriyotlari o‘zlarida chiqarayotgan kitoblarga adabiyotshunoslar so‘zboshi, so‘ngso‘z yoki matbuotda taqriz yozishlarini ma’qul ko‘rishadi. Ammo adabiyotshunos olimlarning kitoblarini bosish masalasida ahvol qanday? Har bir nashriyot aqalli bitta olimning kitobini bosadimi? Rejaga kiritadimi? Olimning kitobi tez sotilmasligi aniq. Shu bois bosishdan manfaat ham yo‘q.
Men kitoblarning nashr qilingan joylari bilan qiziqdim. Ular “Tafakkur”, “Akademnashr”, “Noshir”, “Turon-iqbol”, “Mumtoz so‘z”, “Muharrir” kabi nashriyotlarda bosilibdi.
Bu xususiy nashriyotlarni kamsitish uchun aytilayotgan gap emas. Bugungi xususiy nashriyotlar ichida faqat pul ketidan quvavermaydigan, o‘z qiyofasi va pozitsiyasini shakllantirganlari bor. Bilasizki, men sanagan nashriyotlarda mualliflar kitoblarini o‘z hisobidan chiqaradi; sotish uchun sarson yuradi. (To‘g‘risi, “Adib”da 4 ta, “Fan”da ikkita, “Sharq”da bitta adabiyotshunoslik kitob bosildi. Keyingi uchtasining ham moddiy tomoni muallif yoki homiy zimmasiga tushgan bo‘lsa kerak. Bu raqamlarda xatolik bo‘lishi mumkin).
Adabiy tanqidiy kitoblar ham davlat nashriyotlarida bosilsa, ularni yozgan odamlarga qalam haqi berilsa, qanday yaxshi bo‘lar edi. To‘g‘risi, bu hodisaning sodir bo‘lishi yil o‘tgan sari shirin xayol va orzu-istak tomonga qarab ketmoqda.
Xulosalarimni maxsus raqamlab ilova qilmoqchi emasman. Chunki yuqorida aytgan mulohazalar ichida xulosa ham, taklif va tilaklar ham bor.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 3-son.