OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Boqijon To‘xliyev. Tahlil va talqin uyg‘unligi (2009)

Taniqli adib Omon Muxtorning «Navoiy va rassom Abulxayr»kitobi inson umrining mazmuni, insonning, insoniylikning mohiyati haqida. Adib bu muammolarni buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning hayoti va ijodi misolida yoritishni o‘z oldiga asosiy maqsad qilib qo‘ygan. Navoiy bahona tarix va zamon, kecha va bugun, odam va olam, otalar va bolalar, shaxs, jamiyat va oila, vijdon, or va nomus, do‘stlik va ahillik, hushyorlik va loqaydlik haqidagi tushuncha va tuyg‘ular ifodasi o‘rtaga tushgan.

Kitob ikkita mustaqil romandan tashkil topgan. Shunga qaramay, aytish joizki, ular yaxlit asarning ikki bo‘lagi sifatida o‘qiladi, uqiladi. Ulardagi mantiqiy aloqadorlik shunday xulosaga imkon beradi.

Birinchi asar «Ishq ahli», deb nomlangan. Romanda xotira uslubiga ustivorlik berilgan. Bu uslubning afzal jihatlari xususida adabiyotshunoslikda ming yillik tajriba to‘plangan. Oldindanoq aytish mumkinki, Omon Muxtor uchun bu usul juda qo‘l kelgan.

Rassom Abulxayr haqidagi xotira shaklidagi daftarlarning birinchisida shunday bitiklarni o‘qiymiz:

«Yoshim 60 ga yaqinlashdi.

Shoirning butun umri!

O‘zimni tog‘ etagidagi chumolidek sezmoqdaman».

«Faqat mehr bilan hech narsa qilolmaysan.

Faqat orzu bilan ish bitmaydi».

«U – bir osmon.

U – bir Ummon.

Qamrash qiyin!»

«Navoiy to‘g‘risida yuzlab kitoblar yozilgan.

Ammo ko‘nglim to‘lmadi.

Bularning aksarida u tirik odamdan ko‘ra ko‘proq devordagi suratga o‘xshaydi».

Roman avvalidayoq asar qahramoni bilan muallif pozitsiyasining uyg‘unlashib ketganini, ularning nutqi bir butunlikni tashkil etayotganini his etish qiyinmas. Darhaqiqat, «Ishq ahli» an’anaviy romanchilik andozalarida yozilgan asar emas.

Navoiy dahosini badiiy tadqiq etish osongina amalga oshadigan yumushlar sirasiga kirmaydi. Bugun ulug‘ shoirning qiyofasini yaratish, uni badiiy jihatdan inkishof etish uchun esa, yozuvchilikning o‘zi kamlik qiladi. Bu ishda haqiqiy jamiyatshunos, tarixchi, faylasuf, elshunos, ruhshunoslarning salohiyati ham taqozo etiladi.

Qolaversa, bu mavzu birinchi marta qalamga olinayotgani yo‘q. Navoiy siymosini yaratishga urinishlar o‘z tarixiga ega ekanligi ham yaxshi ma’lum. Turli janr va yo‘nalishlardagi she’riy asarlar, Oybek, Izzat Sulton, Uyg‘un singari atoqli adiblarning keng e’tirof etilgan asarlari kitobxonlarimiz qalbidan munosib o‘rin olgan. Demak, mavzuni yoritish, istakdan tashqari, jur’at va qat’iyatni ham talab qiladi.

«Ishq ahli»da Navoiy timsoli keng qamrovda ko‘rsatishga harakat qilingan. Bunda alloma shaxsiyati tasviriga asosiy urg‘u berilgan. Inson shaxsi olamdagi xilma-xil hodislar silsilasi bilan bog‘lab tasvirlangan. Bu bog‘lanishlarsiz insonni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Omon Muxtor nigohimizni hazrat Navoiy shaxsiyatining rang-barang qirralariga tortadi. Zero, «bizning avlodimiz Navoiyni yaxshi bilmaydi». Kitobda buning sabablari ham teran badiiy tadqiq etilgan.

Navoiy dahosi samoviy mezonlar bilan baholanishi lozim, zaminiy andozalar bunga kamlik qiladi. Yozuvchining bizga berayotgan birinchi xulosasi bu. Ammo u bu xulosaga shunchalik kelib qo‘ya qolmagan. Aniqrog‘i, xulosaga kitobxonning o‘zi ham mustaqil holda yetib kelishi uchun muallif ko‘p ter to‘kkan, shunga sharoit va imkoniyat yaratgan. Zotan, uning ulug‘ shoir ijodiyoti tahlili va talqinlari o‘zi ulkan mehnat.

Birgina, Navoiyning zamondoshlariga, xususan, Husayn Boyqaroga munosabatlari hozirgacha jiddiy o‘rganishni talab etadigan muammolardan sanaladi. Bunga olimlar ham, ijodkorlar ham turli nuqtai nazarlardan yondashishga harakat qilib kelishadi. Shunga qaramay, talqinlarda kishining ko‘nglini to‘la qanoatlantira olmaydigan nuqtalar ko‘plab topiladi. Omon Muxtor ham shu muammoga yangicha nuqtai nazar bilan qaragani ochiq sezilib turadi. Bular nimalarda ko‘rinadi? Birinchidan, yozuvchi hodisaning asl mohiyatini ko‘rsatishga, «tashqaridan aralashishlar»ni chetlab o‘tishga harakat qiladi. Ikkinchidan, eng to‘g‘ri talqin yo‘li sifatida ijodkor shaxsiyatiga, uning psixologiyasiga teran nazar tashlash yo‘llarini izlaydi. Uchinchidan, Alisher Navoiy va Husayn Boyqaro munosabatlarini Navoiylar oilasi bilan temuriylar munosabati qamrovida badiiy tahlil qiladi. Shu tariqa, Navoiyning otasi va temuriylar mavzusining yangi qirralarini kashf etish asnosida, Navoiyning Husayn Boyqaroga va Husayn Boyqaroning Navoiyga munosabatlaridagi ko‘z ilg‘amas nozik jihatlarni, murakkabliklarni batafsil tasvirlashga harakat qiladi.

Ochiq aytish kerak, muallifning bu urinishlari besamar ketgan emas. Ular kitobxonda katta qiziqish va tabiiy zavq uyg‘otadi. Buning uchun esa, yozuvchining juda katta ijodiy mehnatni amalga oshirganini e’tirof etish kerak. U tarixiy haqiqat va badiiy imkoniyat o‘rtasidagi oltin oraliqni topishga astoydil uringan. Buning uchun kerak bo‘lsa, tarixiy hujjatlarni, ilmiy, adabiy manbalarni, xalq og‘zaki ijodiga mansub afsona, rivoyat va latifalarni ham jalb qilgan. O‘rni kelganda aytish kerakki, mana shu «jalb etish»larda biroz me’yor chegaralaridan o‘tilgan holatlar ham uchraydi.

Umuman olganda esa, romanda buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning bolaligidan boshlab umrining oxirigacha bo‘lgan hayot yo‘li kutilmagan yangicha talqin va uslubda yoritib berilgan. Navoiy ruhiyatini idrok etish uchun, birinchi navbatda, uning o‘z asarlari mohiyatiga kirish, ularning mag‘zini chaqish, ulardagi real hayot izlari va xayolot mahsullari uyg‘unligini yaxlit holda tasavvur etish lozim bo‘ladi. Bularning yonida tarixiy voqealar, bu voqealar silsilasida esa, alohida olingan tarixiy shaxslarning o‘rni, ularning o‘zaro munosabatlari, ichki kechinmalari, shaxsiy fazilatlari ham nazardan chetda qolmasligi kerak. Asarni o‘qigan kishida bu talablar yozuvchining diqqat markazida turganligiga ishonch paydo bo‘ladi.

«Ishq ahli»da Navoiyning buyuk shoir va mutafakkir, favqulodda yirik davlat arbobi, nodir Shaxs bo‘lib yetishuvidagi oilaviy, ma’rifiy, tarixiy, ilmiy, ijtimoiy muhit sinchiklab tahlil qilinadi. Bunda yozuvchining badiiyat qonunlarini chetlab o‘tmaslikka, o‘sha qonuniyatlar mehvarida turib harakatlanishga uringani e’tiborlidir. Navoiy va oilaviy munosabatlar, Navoiy va shaxsiy hayot, Navoiy va alohida shaxslar, Navoiy va jamiyat singari yo‘nalishlar kitob sahifalarida mehr bilan tasvirlangan. Bular asosida Navoiyning olamga va odamga muhabbati, Navoiy va ishq masalasi ustivor mavqe tutadi. Omon Muxtor hatto Navoiy va Guli mavzusini ham e’tibordan chetda qoldirmaydi. Bunda ulug‘ shoirning o‘z asarlariga murojaat etib, «dallilar»ni Navoiyning o‘z ijodiy merosidan saralaydi va ularni go‘zal, barqaror mantiq tizimiga keltirishga harakat qiladi.

Navoiy she’riyatidagi «yor»ning manzilini aniqlashtirishga intilishlar ham tabiiy va samimiyligi bilan ajralib turadi. Uning Olloh, shoh, xalq, oddiy go‘zal inson, mahbuba singari talqinlari maroqlidir. Ayniqsa, hozirgacha Navoiy taqdiridagi noma’lum Go‘zal talqiniga bag‘ishlangan sahifalar o‘quvchini e’tiborsiz qoldirmaydi. Omon Muxtor hazrat Navoiyning o‘z asarlaridan, she’riy misralaridan nihoyatda go‘zal lirik hikoyalar tuzadi. Ularni mantiqning tarang ipiga marjondagi alohida durlar kabi bittalab terib chiqadi, natijada tom ma’nodagi yangi va huzurbaxsh badiiy olam yaratiladi.

Omon Muxtor tasvirlagan Navoiy samimiy va dono, mutafakkir va oshiq, tinib-tinchimaydigan ijod sohibi va zukko davlat arbobi, behudud hayrat va bitmas-tugunmas zavq egasi, nodonlik va jaholatning dushmani, qat’iyatli va keskin, ayni paytda bosiq, mulohazakor shaxs sifatida namoyon bo‘ladi. Eng muhimi, o‘quvchiga boshqa xulosalar qatorida quyidagi umumlashmalar ham havola etiladi: «Navoiy shunday bir zotki, uni bir umr o‘rganmay iloj yo‘q...».

Asarning tili haqida alohida to‘xtash joiz. Tarixiy mavzulardagi asarlarning ko‘pida eskirgan so‘zlarmiz, tarixiy so‘zlarimizning qalashtirib tashlanishiga ko‘p duch kelganmiz. Omon Muxtor bu borada ham me’yor mantig‘iga mustahkam tayangan. U zaruriy holatlardagina murojaat etish bilan kifoyalanadi. Ifodalarning aniqligi, ixchamligi, mantiqiy o‘tkirliga esa asarga favqulodda ta’sirchanlik bag‘ishlaydi: «Alisher Husayn davrida yashagan shoir emas, Husayn – Alisher davrida yashagan shohdir!», «Umuman, ular bir-biriga sira o‘xshamagan Ikki Inson edi...».

Kitobdagi ikkinchi roman «Buyuk farrosh» deb nomlangan. Bu asar ham Navoiy haqida. Navoiy haqida har kuni, har davrada gapirish kerak. «Bizda beshikdagi bola ham Navoiy nomini biladi». Bu «Ishq ahli»dagi mantiqni inkor etadigan gap emas. Bu — hayotiy haqiqatning namoyon bo‘lish shakllaridan yana biri, xolos.

«Buyuk farrosh»da Navoiy shaxsiyatidagi eng nozik nuqtalar favqulodda o‘tkir zehn va savqitabiiy bilan topilganligiga iqror bo‘lish kerak. «O‘z boshi uchun emas, boshqalar uchun ham! – dunyodagi barcha aybu gunohlar uchun ham har qanday diyonatli inson javob berishi kerak».

«Buyuk farrosh»da ikkita yonma-yon hodisa tasviri davom etadi. Bu, bir tomondan, bevosita yozuvchining shaxsiy hayoti va, ikkinchi tomonda, buyuk Navoiy tasviri. Shaxsiy hayot tasvirining o‘ziyoq kitobxonni loqayd va e’tiborsiz munosabatda bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Zero, inson qalbiga «tegib ketadigan», uni junbishga keltiradigan lavhalar oz emas (Shahriyaning betobligi, uning kasalxonadagi holati bilan bog‘liq tasvirlar).

Moddiy va ma’naviy hayot uyg‘unligi haqidagi jumlalar aslida ijodkor shaxsiga, mullif nuqtai nazari orqali esa butun insoniyatga tegishli xulosalar sifatida jaranglaydi. Asardagi lirik qahramon tilidan aytilgan: «Men umrimda ko‘p og‘riqli shovqinlarni eshitdim.

Men umrimda ko‘p noxush manzaralarni ko‘rdim.

Lekin meni Alisher G‘AFLATDAN UYG‘OTDI» singari e’tiroflar kitobxonni loqayd qoldirmaydi, balki uni faol munosabatga, hayotga nisbatan, buyuk Navoiyga nisbatan katta mehr va muhabbat bilan qarashga undaydi, unda Navoiy asarlarini o‘qish uchun buyuk ishtiyoq va rag‘batning uyg‘onishiga sabab bo‘ladi.

Navoiy uchun «olamda oshiqlik — ish, ishq — esh» bo‘lganligini tasvirlashga romanda salmoqli sahifalar ajratilgan. Tasvirga tortilgan hodisalarning teran nigoh bilan kuzatilganini, har bir kichik detal ustida ham kuchli mantiq tarozisi hamda uning ro‘parasida nozik badiiyat ko‘zgusi turganligini his etish qiyin emas. Voqealarning barchasi Navoiyning Abdulla Ansoriy maqbarasida «jorubkash» maqomiga intilishi va shu jarayondagi hodisalar tasviri bilan aloqador. Navoiyning hajga borish istagi, uning uzlatni ixtiyor etishi singari oddiy hayotiy voqealar zamirida o‘sha davr tarixiy hodisalari qayta mushohada qilinadi. Ularga badiiy-estetik baho beriladi.

Hirotning o‘sha paytdagi madaniyat va san’at markazi bo‘lganligi qayd etilar ekan, tasvirda shunday jumlalar ham uchraydi: «Bu – qanchalik Husayning himmatidan bo‘lsa, shunchalik teng Alisherning sharofatidan edi».

Navoiyning mamlakat va yurt ravnaqi, uning farovonligi, tinchligi, osoyishtaligi uchun olib borgan kurashlari hayotiy lavhalarda ko‘rsatib berilgan. Ilm-hunar egalariga ko‘rsatgan mehri, shafqati, homiyligi yaxshi yoritilgan.

Quyida keltirilayotgan jumlalarda Navoiy shaxsiyatining butun qamrovi o‘z ziddiyat va silsilasi bilan ko‘rsatishga bo‘ysundirilgan: «Alisher aniq maqsad, fidokor mehnat, jur’at-jasorat egasi. Kuchli, shiddatli, hatto isyonkor ruh uning har bir satrida barq urib turibdi. U o‘zini ham, boshqalarni ham ayamaydigan murosasiz HAQIQATPARVAR. Shu bilan birga o‘ta shafqatli, chumoliga ozor yetsa, joni og‘riydigan inson».

Kitob mutolaasidan kelib chiqadigan muhim xulosalardan biri shuki, Navoiy bilan yaqinlashgan kishi, Navoiy asarlarini mutolaa qilgan qalb yomonlik va razolatdan uzoq bo‘ladi, aksincha, ezgulik va go‘zallikka oshno bo‘ladi. Uning zamondoshlarimizga, ayniqsa, yoshlarga ko‘rsatadigan ijobiy ta’siri, tarbiyaviy imkoniyatlari nihoyatda katta. Shulardan biri sifatida uning yurtdoshlarimizga buyuk bobokalonimiz, so‘z mulkining shahanshohi bo‘lgan hazrat Navoiy hayoti va ijodidan o‘ziga xos saboq berishini ko‘rsatish mumkin.

Asardagi ko‘plab qahramonlarning badiiy talqini zamondoshlarimizni ezgu va xayrli ishlarga, olam va odam haqida tegishli xulosalar chiqarishga undaydi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 23-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.