Sevimli gazetamiz “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” sahifalarida(2008 yil, 3 oktyabr va 28 noyabr, 2009 yil 10 aprel va 26 iyun) adabiyotshunoslar — Naim Karimov va Bahodir Karimning Cho‘lponning ayrim she’rlari yuzasidan o‘zaro fikr almashishlari buyuk adib faoliyati yuzasidan muayyan mulohazalar uyg‘otgani bilan ham ahamiyatli bo‘ldi. Shunday bo‘lishi tabiiy edi. Zotan, Cho‘lpondek atoqli siymo har kuni dunyoga kelavermaydi va bunday buyuk shaxs har qanday millatning ham peshonasiga bitavermaydi. Shu bois, o‘z davrida o‘zbek millatining erki, ozodligi uchun kurash ramziga aylangan bu buyuk insonga aloqasi bor har qanday hodisa, har bir ashyo biz uchun qadrli va ahamiyatli bo‘lishi shubhasizdir.
Eng avvalo, “O‘zAS”dagi olimlarning fikrlari bir qancha savollarga javob berishni taqozo etganini ta’kidlash zarur. Chunonchi, Cho‘lpon she’rlari badiiy mahorat nuqtai nazaridan bir xil emasligining boisi nimada? Atoqli shoir she’rlarining ko‘plarini muhiblari yodlab olishgani bor gap, bu borada memuar adabiyotimizda dalillar yetarli darajada mavjud. Bosilmagan, ammo xotiralar orqali bizgacha yetib kelgan ayrim she’rlarni bugun, shoir vafotidan so‘ng yetmish yildan ziyodroq vaqt o‘tgandan keyin, “uniki” deya olish uchun asosiy mezon, ishonchli dalil nima bo‘la olishi mumkin? Umuman olganda, Cho‘lponning ayrim she’rlari haqida hali-hamon turli-tuman taxmin, farazlar mavjudligining sababi ne? Bizningcha, cho‘lponshunoslik mana shu savollarga ham javob izlasa, u yanada tiniqlasha borgan bo‘ladi. Kamina ham Cho‘lpon ijodi bilan bir oz bo‘lsa-da, shug‘ullanib kelayotganim uchun ushbu savollarga baholi qudrat javob berishga urinib ko‘rsam...
Cho‘lpon she’rlari badiiy mahorat nuqtai nazaridan bir xil emasligining boisi, bizningcha, ijodiy faoliyatining ko‘p qirraliligi bilan bog‘liq. Uning mumtoz she’rlar namunasiga aylanib ulgurgan asarlari, obrazli qilib aytganda, ilhom parisining qanotida uchgan shoir Cho‘lpon tomonidan yozilgan. Bular: “Go‘zal”, “Sirlardan”, «Binafsha», «Po‘rtana», “Qalandar ishqi” kabi she’rlar. Boshqalari esa, turli gazetalarga muxbirlik faoliyati davomida yozgan katta-kichik xabar va korrespondentsiyalariga, jiddiy va hajviy maqolalariga, xalqaro mavzudagi sharhlariga “qo‘shimcha” tarzda bitilgan nazmiy ilovalardir. Aniqrog‘i, publitsistik ruhdagi she’rlardir. Bunday asarlar “publitsist-shoir Qalandar” ijodining mahsuli. (“Qalandar” Cho‘lponning aksari publitsistik ruhdagi) asarlariga qo‘yadigan imzosi). Bu xil she’rlarining ko‘plarini shoir hayotligi paytida nashr ettirgan to‘plamlariga kiritmagan. “Hadrada uloq”, “Ikki bosh, bir tana”, “Luzon”, “E’tirof”, “Chopon va paranji” kabilar shundaylar sirasiga kiradi. Bu hodisani qanday baholash kerak? Bizningcha, ijobiy. Negaki, barcha buyuk ijodkorlar sodir bo‘lgan siyosiy-ijtimoiy voqealarga o‘z davrining, muayyan xalq yoki millatning farzandi sifatida munosabat bildirganlar. Bunday munosabat ularning faol grajdanlik nuqtai nazarining ifodasi hisoblangan. Shunisi ham borki, Cho‘lpon she’riyatiga xos bunday hol o‘z davridayoq turli talqinlarga sabab bo‘lgan. Birgina misol. Cho‘lponni sho‘ro mafkurasi nuqtai nazaridan ilk tanqidni, aniqrog‘i, “ur-yiqit” siyosatini Ayn(Olim Sharafiddinov: 1903 —1943) “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1927 yil 14 fevraldagi sonida chop qilingan “O‘zbek shoirlari: Cho‘lpon” maqolasi bilan boshlab bergandi. (Izoh: 1922 yili “O‘zbek yosh shoirlari” nomli 104 sahifali she’rlar to‘plami nashr etilgan bo‘lib, undan Fitrat, Cho‘lpon, Botu va Elbek she’rlari joy olgandi. Munaqqidlar o‘z davrida mazkur to‘plam, unga kiritilgan she’rlar haqida taqrizlar, maqolalar e’lon qilishgan. Ana shu jarayonda “o‘zbek yosh shoirlari”/yoki “o‘zbek shoirlari”/ iborasi aksari hollarda sarlavhaga olib chiqilgan. Ayn maqolasi sarlavhasining birinchi qismida shu an’ana ko‘rinadi.) Ayn maqolasida Cho‘lpon she’rlari mafkura jihatidan sho‘rolarniki — proletariatniki emas, unda badbin ziyolilar mafkurasi aks etgan, demak, u o‘shalarning shoiri degan fikrni ilgari surib, shoirni keskin tanqid qilgandi. (Sho‘rolar davrida muayyan adibni proletariat ijodkori emas, asarlarida badbin ziyolilarning, boshqacha aytganda, yangi tuzumga dushman tabaqaning mafkurasi aks etgan, deyish oxiri baxayr tugamaydigan hukm chiqarish bilan barobar edi.) Ayn maqolasida ifodalangan bu qadar shafqatsiz yondashuvga o‘sha paytda yosh shoir bo‘lgan Oybek e’tiroz bildirib, “Cho‘lpon. Shoirni qanday tekshirish kerak?” degan metodologik xarakterdagi maqola bilan chiqadi(“Qizil O‘zbekiston”, 1927 yil, 17 may). Shundan so‘ng bahs boshlanib, Aynning Cho‘lponga nisbatan nuqtai nazarini quvvatlab, Oybek fikrlariga qarshi Usmonxon Eshonxo‘jaev(1898 — 1938) “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1927 yil 22, 23 va 27 iyun sonlarida “Munaqqidning munaqqidi” sarlavhali maqolasini e’lon qilgan. U Cho‘lpon she’rlarida “sho‘rolarga dushman tabaqa mafkurasi aks etganligini” quvvatlabgina qolmay, unda chinakam shoirlik iste’dodi ham yo‘q, degan hukmni aytishgacha borgan. U o‘z fikrini isbotlash uchun Cho‘lponning “Men shoirmi?” degan she’ridan “o‘ziga kerakli misralarni” dalil sifatida keltiradi. Ayni paytda, u shoir Cho‘lponda “sobitqadamlik yo‘qligi»ni, ya’ni badiiy mahoratiga ko‘ra bir xil she’rlar yozmasligini ham ko‘rsatmoqchi bo‘lgan. “Cho‘lponda, — deb yozadi u, — sobit yo‘qlig‘ini uning “Ikki bosh, bir tana” she’ri yaxshiroq ko‘rsatadi. Misol uchun, mana bu so‘zlar Cho‘lponniki desa kim ishonadi?
Maqsad — oltun,Oltun — qonun.Haqiqat — o‘t,Huquq — to‘p, pulemyot!”Bu she’r o‘z davrida xalqaro ahvol vaziyati ta’sirida yozilgan publitsistik ruhdagi, ya’ni fashizm va patsifizmning (Yevropada umumiy yarash tarafdorligi shiorini ilgari surgan maslakning) bir tanadan o‘sib chiqqan ikkita bosh ekanligi haqidagi asar. Shu bois, uni Cho‘lponning yuksak badiiyatli she’rlari bilan teng qo‘yib bo‘lmaydi.
Cho‘lpon tabiatan badihago‘y shoir bo‘lgani uchun o‘rni kelganda har qanday voqea-hodisani she’rga solib ifodalagan. Iste’dodli san’atkorlarga mitti she’rlar bag‘ishlab, hadya etgan. Bunga XX asrning 20 — 30-yillarida sho‘rolarning mohir feletonchisi hisoblangan Komil Aliev(1905 — 1939) yozganlaridan bir misol keltirish mumkin. U sho‘rolarning mafkuraviy muxolifi bo‘lgan Cho‘lponni “fosh” etish maqsadida yozgan “Aqlli jinni” sarlavhali feletonida shoir ayrim sovet muassasalari rahbarlarining xonasi (qabuli)da bo‘lganida turli-tuman qog‘ozlarga aksilsho‘roviy ruhdagi she’riy parchalar qoldirib ketadi, degan fikrining isboti tariqasida quyidagi faktni keltiradi: «U «Epoxa»(davr) popirus qutisig‘a mana bu she’rni yozib:
Bunday epoxani chekib tugating, Kullari ko‘klarga sovrilib ketsin!Endi bu bechora odam bolasiOlovsiz, tutunsiz kunlarga yetsin! —deyishi bilan «kambag‘allar davri — biz, boylar, mayda burjuaziya laganbardorlari, mafkurachilarini yondirdi. Bu davrning (mehnatkashlar davrining) kuli ko‘ka sovrilib, yer bilan yakson bo‘lsin», deb qichqiradi», degan xulosa chiqaradi(«Qizil O‘zbekiston» gazetasi, 1927 yil, 12 oktyabr). Cho‘lpon sho‘rolar hokimiyatining «paxta mustaqilligi» uchun kurash siyosati o‘zbek dehqoni boshiga qanday mashaqqatlar keltirayotganini ifodalab, o‘tgan asrning 20-yillari oxirida «Paxtajan, paxta...» misrasi bilan boshlanadigan to‘rtlik yozgan. Bu to‘rtlik ham shoirning shu xildagi kayfiyati mahsulidir. Shoir Cho‘lponning kayfiyatini esa, o‘tgan asrning 20-yillarida milliy istiqlol kurashida faol qatnashgan shoir Oltoy(Bois Qoriev: 1903 — 1977)ning sho‘ro maxsus idorasi xodimlariga 1930 yil 10 noyabrda bergan tergovida aytgan gaplari muayyan darajada oydinlashtiradi. «Aytish kerakki, — deydi Oltoy, — men 1924 yildan boshlab matbuotda Cho‘lponga qarshi maqolalar bilan chiqqanman. Cho‘lpon bilan uchrashib qolganimizda, u mening chiqishlarimga munosabat bildirib, «Mening asarlarimni xalq sevadi, uni juda yaxshi kutib oladi», derdi va she’rlarining yuksak badiiyligi u ilgari suradigan g‘oyalar bilan chambarchas bog‘liqligini aytib, bizning inqilobiy g‘oyalarimizga xayrixoh emasligini, bu g‘oyalarni u badiiy shaklga solish mumkinu, biroq bundan hech narsa chiqmasligini yaxshi bilaman, «Sizlarning asarlaringizni hech kim o‘qimaydi, sho‘ro voqeligini yuksak badiiy shaklga solish mumkin emas», degandi». Albatta, bu gaplarni Oltoy qanday holatda aytganini e’tibordan soqit qilish mumkin emas. Shunday bo‘lsa-da, mazkur faktda muayyan haqiqat ham borligini inkor etib bo‘lmaydi.
“Qora kiygan qizil to‘y” fel’etonida esa, Komil Aliev Cho‘lponning o‘zi yozgan aksilsho‘roviy she’rlarini maslakdoshlari orasida qanday targ‘ib qilgani haqida ehtirosli fikr yuritadi. Feleton O‘zbek davlat dramteatri aktyori, asli andijonlik Ishoqqori Karimovning 1928 yilning iyun oyida bo‘lgan to‘yi munosabati bilan yig‘ilgan aksilsho‘roviy izdihomga bag‘ishlangan. (Ishoqqori Karimov milliy istiqlol kurashidagi ishtiroki uchun 1929 yili sho‘ro maxsus xizmati xodimlari tomonidan Munavvarqori, Salimxon Tillaxonovlar guruhi bilan qamoqqa olingan, Stalin qirg‘inqatag‘oni qurboni.) To‘y kunlari alohida davradagilarga shoir Cho‘lpon sho‘ro mafkurachilari nuqtai nazarida “aksilsho‘roviy, millatchilik ruhidagi she’rlar” hisoblangan parchalarini o‘qigan. Buni feletonchi quyidagicha tasvirlaydi: “Xalq tarqala boshlag‘on ediki, Cho‘lpon to‘rdag‘i ayvong‘a chiqib, paryostiqni engagiga bosib, moziysidagi qora tarixning kirlik sahifalarini birin-ketin varaqlab chiqdi. Atrofini qurshab olg‘on “o‘nlar to‘dasi”ni bir qator boshdan-oyoq kuzatib chiqib, o‘zining bu parchasini baland ovoz bilan o‘qiy boshladi:
... Ey, sovuq ellardan muz kiyib kelganlar,U qo‘pol tovshingiz qirlarda yo‘q bo‘lsin.Ey, mening bog‘imdan mevamni terganlarU qora boshingiz erlarga ko‘milsin...”.Mazkur she’rga tahririyat yoki muallif tomonidanligi ko‘rsatilmagan holda quyidagicha izoh berilgan: “Cho‘lponning bu “Xazon” sarlavhasidagi parchasi ruslarga qarshi aytilgan va matbuotka chiqmagan bo‘lib, bu parcha hozir ham Cho‘lponning muhiblari og‘zida doston bo‘lib yuradi”(“Qizil O‘zbekiston” gazetasi, 1928 yil, 27 iyul). Qizig‘i shundaki, mazkur izohdagi “matbuotka chiqmagan” deyilgani to‘g‘ri emas. Bu she’r mazkur to‘ydan besh yil muqaddam “Farg‘ona” gazetasining 1923 yil, 16 noyabr sonida bosilgan. Bundan shunday xulosa ham chiqarsa bo‘ladi: Cho‘lponning o‘z davrida talaygina she’rlari muhiblarining og‘zida yurgan, shu bois, ularning qaysi biri matbuotda e’lon qilinganu, qaysilari e’lon qilinmaganini eslash qiyin bo‘lgan.
Cho‘lpon andijonlik bo‘lgani holda, sharoit taqozosi bilan Toshkent, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand, Moskva kabi shaharlarda yashagan. Ba’zilarida tanishlarining uyida, ayrimlarida esa ijarada turgan. Shoir Cho‘lpon ham ko‘pchilik ijodkorlarda uchraydigan parishonxotirlikdan xoli bo‘lmagan. “Turkiston” gazetasining 1923 yil 12 aprel sonida uning shunday e’loni bosilgan: “Yaqinda mening bir daftarcham(tetrad) yo‘qoldi. Qog‘oz muqovaliq ul daftarchaga so‘ng vaqtda yozg‘on she’rlarimni yig‘ib, ko‘chirgan edim. Agar yangilishmasam, u daftarchada “O‘ynamoq va kulmak istar ekan”, “Qish oldida”, “Qushning esdaligi”, “Noma”, “Qora ro‘molliqqa”, “Echki uynatuvchi qizg‘a” nomliq she’rlarim bor edi. Shuni ko‘rgan-bilgan o‘rtoqlar bo‘lsa, o‘zimga qaytarmoqlarini so‘rayman. Shuning yo‘qlig‘i ikkinchi she’r majmuamning chiqmaslig‘ig‘a sabab bo‘lub turadir”.
Bizningcha, bularni xotira asosida tiklash mumkin bo‘lmagan shekilli, mazkur she’rlar shoirning ikkinchi to‘plami “Tong sirlari”ga kirmagan. (To‘g‘ri, to‘plamdan “Qish oldida” degan she’ri joy olgan. Bu she’r yo‘qolgan daftardagimi yoki boshqatdan yozilganmi, hozir aniqlash mushkul.) Xulosa shuki, Cho‘lpon turli shaharlarda yashagan uylarda uning ayrim she’rlari faromush bo‘lib qolib ketmaganmikan? Xalqimiz Qur’oni karim xati bo‘lgan arab yozuvida bitilgan bir parcha qog‘ozni ham azaldan tashlab yubormaslikka, ehtiyotlab bir chetga qo‘yishga harakat qilgan. Cho‘lponning turli shaharlarda kimning uyida yoki qanday binoda yashaganini aniqlasa bo‘ladi. Yaqinda professor. N. Karimov “Ikki xalq adibi” sarlavhali maqolasida(“O‘zAS”, 2009 yil, 9 oktyabr) samarqandlik zullisonayn ijodkor Mirzo Qo‘qonboy Abduxoliqzoda haqida yozarkan, adib yashagan uy o‘tgan asrning 90-yillari o‘rtalarida ta’mirlanayotganda eski jomadon ichidan 200 dona daftar topilganini, ular yozuvchining turli yillari yozilgan badiiy asarlari ekanligidan xabar bergandi. Ma’lumki, Cho‘lpon ham 1927 yili mana shu xonadonda birmuncha vaqt yashagan(ungacha Mirzo Qo‘qonboyning qo‘shnisi bo‘lgan Abdulahad Ma’rufjonovning tashqarisida ijarada turgan). Kim biladi deysiz, “Labi hovuz” mavzeida bo‘lgan bu hovlilarning qay bir burchagidan shoirning ham hozirgacha noma’lum qolayotgan qaysidir asari “lop” etib chiqib qolsa ajabmas, umidli dunyo!
Cho‘lponning she’rlari haqida hali-hamon turli mulohazalar, farazlar mavjudligining asosiy sababi shoir sho‘ro mafkurachilari tomonidan 1927 yildan boshlab muttasil tazyiq ostida bo‘lgani uchun matbuotdan uning asarlari uchun o‘rin berilmagan. Shu bois talaygina she’rlari xalq orasiga og‘zaki shaklda tarqalgan. Ikkinchi sabab, Cho‘lponning ba’zi nasriy dostonlari, dramalari, xususan, melodramalari xalq og‘zaki ijodidan bahra olgan holda yozilgan. Ulardagi ayrim parchalarni shoirniki yoki xalqniki deyish uchun sinchiklab tadqiq etish zarur. Birgina misol. “Turkiston” gazetasining 1922 yil 23-sonida Cho‘lponning “O‘ktabir qizi” sarlavhali nasriy dostoni e’lon qilingan. Doston endigina navnihol singari qad rostlayotgan, xalq orasida “Vannaycha” degan nom olgan ashulachi qizning yovuzlarcha o‘ldirilishi munosabati bilan yozilgan. Unda quyidagi to‘rtlik keltiriladi:
Havodagi bo‘z to‘rg‘ay,Bo‘zlamasang ne bo‘lg‘ay?Vannaychaxon dardiniSo‘zlamasang ne bo‘lg‘ay?Bu to‘rtlik kimga mansub: xalq ijodigami, muallifgami? Zehn solib qaralmasa, tadqiqotchi adashadi. Mazkur to‘rtlikning xalq tomonidan to‘qilgani shubhasiz. Zero, unda Kultegin yodnomalaridayoq uchraydigan xalqona yo‘qlov(marsiya) aks etib turibdi. Shoir uni o‘z asariga mohirona “payvand” qilib yuborgan. Negaki, Vannaycha xalq qizi edi, xalq unga atab yuraklarni ezib yuboradigan yo‘qlov ham bitgan demoqchi. Demak, Cho‘lponning bu xildagi asarlarini ham nihoyatda diqqat bilan tekshirmoq, tadqiq etmoq talab qilinadi.
Endi asosiy masala — matbuotda bosilmagan, ammo shoirning muhiblaridan yozib olingan she’rlarning qaysi biri Cho‘lponniki, qaysisi uniki emasligini qanday aniqlash mumkin, degan savolga javob berish uchun harakat qilaylik. Ochig‘i, buni qat’iy aniqlash oson ish emas, lekin bajarish mumkin bo‘lgan masala. Negaki, Cho‘lponning she’rlariga xos “rang”, ruh, uslub mavjud. Asosiy mezon ana shu unsurlar bo‘lishi mumkin, balki lozim. Qandaydir bir so‘z Cho‘lpon ohangini, tilini, uslubini anglatib berishi turgan gap. Faqat mana shu narsalarni hafsala bilan topa olish kerak. O‘ylaymizki, cho‘lponshunoslarimiz bunday muammoni sharaf bilan hal qila oladi. Shundagina cho‘lponshunoslikni yanada tiniqlashtirish uchun intilgan ham bo‘lamiz.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 45-sonidan olindi.