OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dadaxon Nuriy. Zakiylik (2007)

Domla Ozod Sharafiddinov qanchalik jiddiy, teran fikrli ijodkor, olim, munaqqid bo‘lishiga qaramay har qandoq suhbatdosh bilan bo‘ladigan gurungga fayz kiritib turadigan o‘ziga xos hazil-mutoyiba, yumorning ustasi edilar.
Qariyb to‘qqiz yilga cho‘zilgan xurujli dardning azob-uqubatlariga chidash hamda tinimsiz ijod bilan band bo‘lishlariga qaramay Ustoz o‘zlarining mana shu shakarguftorlik fazilatlarini hech qachon tark etmaganlarining guvohiman.
Yozuvchilar “kalxo‘zi”
 
Ozod akaning qabulxonasiga kirib kelganimda u kishi bir chimrilib qaradilar-da, tajang­roq ohangda “o‘tir” dedilar qarshilaridagi kursiga ishora qilib.
O‘tirdim.
— Menga qara, sen ham bundoq yolchitib bir idorada ishlagin-da! Hali Hindiston, hali Pokiston qilib yuravermay...
Ustoz nechuk o‘z huzurlariga chorlagani, nima uchun gapni yuqori “parda”dan boshlagani sababini oldindan bilardim. Ya’ni menday “qo‘nimsiz” bir bandani yangi tashkil etilgan, o‘zlari bosh muharrir bo‘lgan “Jahon adabiyoti” jurnaliga ishga olmoqchilar, to‘g‘rirog‘i, kaminani mahkam jilovlab ishlatmoqchilar.
U kishining qay darajada tartib-intizom sohibi, shuningdek, o‘ta talabchan “injiq” insonligi “Adabiyot” deb atalmish dargoh atrofida o‘ralashib yuradigan kattayu kichikka yaxshi ma’lum. Shuning uchun gapning dangalini ayt­dim:
— Jurnalning “Sharq adabiyoti bo‘limi”da jon-jon deb ishlardim-u...
— Bo‘lim boshlig‘i bo‘lib! Oyligi ham yaxshigina! — gapim orasiga ta’kidlaganday shu so‘zlarni qistirib qo‘ydilar ustoz.
— ... Bitta lekini bor-da — mas’ul ishda ishlayapman.
— Qanaqa ish, kim bo‘lib?
— Kolxozda rais bo‘lib!
— Qaerda kolxozing?
— Bo‘stonliqda.
—  E-ha, — Ozod akaning sal chehralari ochilganday bo‘ldi, — u yerga alyuminiy zavodiga o‘xshash “kompleks”lar qurilishiga qarshi kurashganlaring zoe ketmay taqdirlashibdi-da! Hozir kolxozlarning ahvoli ancha tang deyishadi, senda ishlar durustmi?
—  Yomon emas “godovoy”ni yaxshi yakunladik. Hech kimdan qarzimiz yo‘q! 
Olti-etti yillar oldingi, “oshkoralik” degan rusum avjga mingan, zavod-fabrikayu kolxoz-sovxozlardan tortib mahalla-ko‘y raisligigacha da’vogarlar ko‘payib ketgan, olomon yig‘inlarda kim ko‘pchilik ovoz olsa, o‘sha mansab tulporiga mingan davrlarning shabadasi hamon esib turardi.
Shuning uchun shumlik qilib ayt­gan gaplarimga chippa-chin ishondilar ustoz.
— Endi, bizning jurnalga kimni tavsiya etasan?
Bu “masala”ni ham oldindan pishitib qo‘ygandim.
— Amir Fayzullani. Juda iqtidorli odam!
— “Mahabxarata”, “Ramayana”ni tarjima qilgan yigit-da. Ish berarmikan!
— Ishlatasiz-da, Ozod aka! Qolaversa, Oybek domlaning oq fotihasini olgan!..
Qulog‘imga chalingan gaplarga qaraganda “kolxoz”ga raisligimni domla ikki-uch davralarda gapirib, ovoza qilibdilar.
Lekin oradan to‘rt-besh oy o‘tgach, kuzga yaqin sir ochilib qoldi: domlaning yaqin shogirdlaridan, tagi bo‘stonliqlik adabiyotshunos olim va ijodkor Ortiqvoy Abdullaevga “Yaqin-yaqingacha gazeta, jurnal tahririyati xodimlariga kolxoz-sovxozlar otaliq yordami ko‘rsatib, imtiyozli bahoda kartoshka-piyoz, meva-cheva ajratardi”, debdilar-da, meni tilga olib, “Iltimosnoma xatimizga yo‘q demas”, deya “kolxoz”imizning nomini so‘rabdilar.
Ortiqvoy aka ham ustoz bilan bemalol gaplashaveradigan qirq yillik tanish-bilish. Boshini liqillatib, yelkalarini “uchirib” kulib yuboribdi.
— “Kolxoz” emas, yozuvchilar dala hovlisi! Men sizda ishlash bilan birga, o‘sha yer raisining o‘rinbosariman! — debdi.
— Cho‘rt poberi! — domla yarim jilmayib yozishga shaylangan ruchkani bir chetga uloqtiribdilar.
Shundan keyin Ozod aka “kolxoz”imizga tashrif buyurdilar. U kishini “xo‘jaligimiz” “shaxmat ishqivozlari raisi” akademik Matyoqub Qo‘shjonov boshchiligida kutib oldik.
Ustozning menga qarata yarim hazil bilan aytgan gaplari shu bo‘ldi:
— Kolxozing zo‘r-ku!
Ozod akaga atrofni o‘rab turgan tog‘ manzarasi, ayniqsa, dala-bog‘imizning shundoq yonboshida joylashgan Chorvoq dengizidan ufurib turadigan mayin huzurbaxsh shabadali havosi juda yoqib qoldi. Tez-tez keladigan bo‘ldilar. Adiblar o‘rtasida shaxmat musobaqasini o‘tkazib turish fikri ham ana shunday tashriflardan birida domla tomonidan o‘rtaga tashlangandi.
Ozod aka dala-bog‘imizning uchta bo‘limidan birining nomi rasman “Kalko‘cha” (bu yerda yashovchi qalamkashlarning aksari sartaroshga faqat soqoli o‘sgandagina ishi tushadigan M. Mahmudov, E. Vohidov, E. Malik,
M. Kenjabek, E. Muhammad, H. Imomberdiev, I. Mahmud, A. Nosirov, U. Qo‘chqor kabi zotlardan iborat edi.) deb atalishini bilganlaridan so‘ng “KALXO‘Z”ning birinchi bo‘g‘iniga alohida urg‘u berib aytadigan bo‘lgandilar... Hatto “Shaxmat turniri” davomida o‘zaro bellashadigan guruhlardan biri domlaning taklifi bilan “Kalko‘cha” deb atalgan. Har gal musobaqa boshlanishidan oldin baland ovoz bilan: “Men shu guruh sharafi uchun dona suraman”, deb e’lon qilardilar.
Xullas, Ozod domlaning hazil-mutoyibasi bilan dala-bog‘imiz “Kalxo‘z” bo‘lib ketgan.
Buni 2005 yilgi “Shaxmat turniri”da u kishining o‘zlari yana bir ta’kidlab:
— Hozir hamma yoqda “kalxo‘z” so‘zi muomaladan chiqib bo‘ldi. Lekin yagona bo‘lib, Bo‘stonliqda “yozuvchi kalxo‘zi” saqlanib qolsa kerak, — degandilar.
 
Qo‘msash
 
Yaqin do‘stim, ahyon-ahyonda men “nonini yarimta qilib yuruvchi” hamkasbim, mashhur musavvir Bahodir Jalolov ko‘pdan buyon Ozod aka xonadoniga borib, u kishining portretini ishlash niyatida ekanligini aytib yurardi.
Nihoyat, domla huzuriga boshlab bordim.
— E, Bahodirjon, na suratdan, na siyratdan hech vaqo qolmadi-ku. Avvalroq qaerda edinglar! — dedi Ozod aka yarim hazil-yarim chin qilib. Va qo‘shib qo‘ydi: — Aziza Mamatova ham kelgandi, suratingizni ishlayman, deb. Men “Otangni onangga bepardoz ko‘rsatma”, deganlar, yaxshisi yoshroq chog‘larimni nazarda tutib ishlaganing ma’qul, dedim. Bilmayman, ishlayaptimi-yo‘qmi, sizlarga ham maslahatim shu! Kimniki zo‘r chiqsa, mana shu mehmonxonaning to‘riga ilib qo‘yamiz.
Bahodirga Ozod akaning bir hovuchgina bo‘lib o‘tirishi juda g‘aroyib ko‘rinib ketdi, shekilli:
— Mana shu turishingiz xuddi Mahatma Gandining o‘zi! — dedi.
— Ha, yelkamdagi qalami sarupoga ishora qilyapsiz-da. Buni yaqinda Hindistondan xonadonimizning yaqin kishisi bo‘lib qolgan Govinda Ram keltirib berdi. Binoyidek, menga yarashdi. Lekin mendan Gandi ham, ming harakat qilganlaring bilan odamlar ko‘rganda “oh” deb yuboradigan durustroq surat ham chiqmaydi. Uning ustiga oyoq degulik joyi ham qolmagan boldirning azobi yetib-ortib turibdi.
Sezdikki, Ozod akani dard qiynamoqda. Hozir surat ishlash vaqti emas...
Dala-bog‘da o‘tkazilgan navbatdagi shaxmat turniridan ancha vaqtlari chog‘ (chunki qariyb uch soatga cho‘zilgan dona surishlardan so‘ng shoir Azim Suyunni “tavbasiga tayantirgan” edilar), kayfiyatlari baland holda qaytib kelgan bo‘lsalar-da, bir haftalardan so‘ng o‘zlarini yomon his eta boshladilar. Ancha jiddiy bo‘lib qoldilar. Yolg‘iz qolishni istar, hatto Sharofat kelinoyiga ham: “Hadeb atrofimda parvonaga o‘xshab girdi kapalak bo‘lavermang”, deb qolardilar.
Do‘st-birodarlar, uzoq-yaqindan kelgan shogirdu hamkasblar hovli yalangligidagi katta karavotda o‘tirib, xonadon sohiblari bilan gurunglashib, qaytib ketardilar.
Men esa ustoz tomonidan yuklatilgan adabiyot olamidagi yangiliklardan haftada bir “muxtasar axborot berib borish vazifasi”ni hamon ado etib turardim.
Ozod aka huzuriga kirib kelishim bilan biror yangilikni intiqlik bilan kutganday, boshini xiyol ko‘tarar, horg‘inlikdanmi, sal yumilib qolgan ko‘zlari charaqlab ketganday bo‘lardi. Men gapni qo‘limdagi yangi chiqqan “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining sharhidan boshlardim...
O‘sha kunni aniq eslayman — 18 sentyabr edi. Ustoz huzuriga kirib kelganimni ko‘rdi, qaradilar ham. Lekin nigohlarida befarqlik sezganday bo‘ldim. Faqat:
— Keldingmi? — dedilar.
— Keldim. Ozod aka, qalaysiz?
Javob men kutganday bo‘lmadi:
— Tushimga Abdulla aka
(A. Qahhor) kiribdi. Sen u kishining suratini chizgan eding-a! O‘sha surat yo‘q emish.
— Surat domlaning uy muzeylarida turibdi, Ozod aka, — dedim.
— Darvoqe, ko‘rganim bor — ikkinchi qavatda...
Men shu bahona ustozni gapga solmoqchi bo‘ldim:
— Kecha Aziza Mamatova vazirlikdan Shuhrat Rizaevni, Mirpo‘lat Mirzo boshliq “Jahon adabiyoti” jamoasini o‘z ustaxonasiga taklif qilib, yangi portretingizni ko‘rsatdi. Men ham bor edim. Uncha yoqinqiramadi suratingiz.
— Nega?
— Ko‘zimga “Pyotr perviy”day bo‘lib ko‘rindingiz.
— Dikkaytirib, mo‘ylov ham qo‘yibdimi? — jiddiy qarash qilib so‘radilar.
— Qo‘yganda-ku, g‘irt o‘sha podshoning o‘zi bo‘lardingiz! Endi aytganingizdagidek qilib o‘zim ishlamasam bo‘lmaydi. O‘n yoshga yoshartirishim mumkin.
Ustoz norozi bo‘lganday bepisand qaradilar:
— Nega o‘n yosh! Ana Alisher (o‘g‘illari)ga qarab chizsang, naq yigirma yoshga yosharaman.
— Buning qiyinchilik joyi yo‘q. Aytganingizday bo‘ladi... “Adabiyot” gazetasining yangi sonini olib keldim.
Ustoz “charchadim” deganday ko‘zlarini yumib oldilar...
Men u kishi aytgan portretni ishladim. Afsus, o‘zlari ko‘rolmadilar. Hozir o‘sha suratning asl nusxasi Ozod aka xonadonining mehmonxona zalida, yana bir katta qilib ishlangani esa Bo‘stonliqdagi “Ozod Sharafiddinov nomidagi Yozuvchilar dala-bog‘i”ga olib boradigan shohko‘cha bo‘yida turibdi.
Dadaxon NURIY
"Hurriyat" gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.