Rus adabiyotining ulkan namoyandasi Fyodor Dostoevskiy hayotining so‘nggi damlaridagina mashhurlikka erishgan bo‘lsa, olamshumul shuhratga o‘limidan so‘ng erishdi.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, Fyodor Dostoevskiy ota tomondan dvoryanlarga mansub bo‘lib, ularning mulki bo‘lmish Dostoevo yerlari XVI-XVII asrlarda hozirgi Belarus respublikasi hududida joylashgan ekan. Bu mulkiy yerlar 1506 yilda buyuk knyaz Fyodor Yaroslavich tomonidan qilgan xizmatlari uchun Danila Rtishevga tortiq qilingan. Shundan keyin Rtishev va uning avlodlari o‘zlarini Dostoevskiy deb atay boshlashdi.
Yozuvchining bobosi Andrey Dostoevskiy ruhoniy bo‘lgan. Otasi Mixail Dostoevskiy imperatorlik tibbiy-jarrohlik akademiyasida tahsil olgan. Onasi Mariya Nechaeva badavlat savdogar oilasida tug‘ilgan edi. 1812 yilgi urushdan so‘ng oila mol-mulkining katta qismini yo‘qotdi. Fyodor onasining mehribon va xokisor ekanligini bot-bot takrorlaydi. Fidoyi ayol turmush o‘rtog‘iga sakkiz farzand – to‘rt o‘g‘il va to‘rt qizni hadya etadi. Buyuk adib ijodini tadqiq qilgan mutaxassislar Dostoevskiy volidai muhtaramasi timsolida ko‘pgina obrazlar yaratganligini e’tirof etishadi.
Fyodor Mixaylovich Dostoevskiy 1821 yilning oktyabr oyida Moskva shahrida tavallud topdi. U serfarzand oilaning ikkinchi farzandi edi. 1828 yilda Fyodor nasliy dvoryan maqomini oldi. Onasi taqvodor ayol edi. U har yili farzandlarini Troitsa Sergiev lavriga olib borar, ularga «Ko‘hna va Yangi o‘gitlarning bir yuzu to‘rtta muqaddas voqealari» kitobini o‘qishni o‘rgatardi. Keyinchalik yozuvchi «Aka-uka Karamazovlar» romanida qariya Zosimning bolaligi hikoyasida ushbu kitob haqida aytib o‘tgan. Ularning uylarida Karamzin, Derjavin, Jukovskiy, Pushkin asarlari ko‘p mutolaa qilinardi. Dostoevskiy ulg‘aygach, Yevangelie muqaddas kitobini tili chiqishi bilan yod olganini eslaydi. 1832 yildan boshlab, Dostoevskiylar yozni Tula guberniyasidagi Darovoe qishlog‘ida (otasi bu yerni sotib olgandi) o‘tkazishardi.
Dastlab uy sharoitida ta’lim olgan Fyodor, 1833 yilda akasi Mixail bilan Drashusov pansionida tahsil oladi. 1837 yilda onasi sil kasalligidan vafot etadi. Bu kichik Fyodor uchun ulkan zarba bo‘ldi. Bu bo‘shliqni faqat adabiyotga bo‘lgan muhabbatgina to‘ldira oldi. Aka-ukalar o‘qishni Peterburgda davom ettirishdi. Fyodor muhandislar bosh bilim yurtida o‘qiy boshlaydi. 1839 yilda oila boshlig‘i – Mixail Dostoevskiy ham vafot etadi.
1844 yilda Dostoevskiy «Bechora odamlar» romani g‘oyasini o‘ylab qo‘ydi. Uning hamxonasi Grigorovich qo‘lyozmalarni Nekrasovga yetkazdi. Ular kechasi bilan uxlamay, «Bechora odamlar»ni o‘qib chiqishdi. Tong saharlab Dostoevskiy huzuriga oshiqishdi va qalblarini chulg‘ab olgan hissiyotlarni ulashishga harakat qilishdi.
«Yangi Gogol tug‘ildi!» deya Nekrasov qo‘lyozmalarni Belinskiyga topshirdi. U ham o‘z navbatida «Ushbu roman rus hayotining shu paytgacha hech kimning hatto tushiga kirmagan sir-asrorlari, fe’l-atvori va tabiatini ochib berdi», deya asarni yuqori baholadi.
1846 yilda Dostoevskiy aka-uka Beketovlar to‘garagiga qatnay boshlaydi. Bu yerda nafaqat adabiyotga doir, balki siyosiy masalalar ham muhokama qilinardi. Bunday yig‘inlarga 1849 yil 23 aprel kuni barham berildi. Hibsga olinganlar orasida Dostoevskiy ham bor edi. Mahbuslar Petropavlovsk qal’asiga zindonband qilindi. Dastlab o‘limga mahkum etilgan Dostoevskiyning jazosi 4 yillik surgun bilan almashtirildi. U dvoryanlik maqomi va bor-budidan ayrildi. Surgunda ashaddiy kallakesar jinoyatchilar qurshovida bo‘lgan yozuvchi o‘sha paytdagi ruhiyatini quyidagicha tasvirlaydi: «So‘z bilan ifoda etib bo‘lmaydigan, cheki yo‘q azobli kunlar…Har bir daqiqa go‘yo asrga tatirdi…Ruhiy iztiroblar, yolg‘izlik, sog‘inch, «o‘z ustimdan sud qilish», «o‘tgan hayotimni tahlil qilish», tushkunlik va ishonchgacha bo‘lgan hissiyotlarning murakkab uyg‘unlashuvi meni buyuk taqdir sohibiga aylantirdi…» Keyinchalik bunday «ruhiy holat» tajribasi Dostoevskiyning «Halokat uyidan yozishmalar» (1860-1862) romanining biografik asosi bo‘ldi.
1854 yilda Dostoevskiy askar, 1855 yilda unter-ofitser, 1856 yilda praporshik unvonlarini oladi. 1857 yilda u dvoryanlik maqomini tiklaydi va asarlarini nashr ettirish huquqini oladi. Surgunda bo‘lgan Dostoevskiy Qur’oni karimni o‘qiydi, buyuk faylasuflar I.Kant, Gegel asarlari bilan tanishadi, fizika, fiziologiya fanlarini, nemis tilini mukammal o‘rganadi. Fyodor Mixaylovich uchun mahalliy aholining eshiklari doim ochiq edi. U hatto, harbiy gubernator uyining aziz mehmoni bo‘ladi. Juda ko‘p do‘st-birodarlar orttiradi. Ular orasida bojxona mansabdori Aleksandr Isaev ham bor edi. U vijdonli, oliyjanob bo‘lishiga qaramay, ichkilikka mukkasidan ketgandi. Uning rafiqasi xushro‘y va aqlli Mariya tez orada Dostoevskiyning do‘stiga aylanadi. Aytishlaricha, Mariyaning Dostoevskiyga bo‘lgan do‘stona munosabatini yozuvchi noto‘g‘ri tushunadi va unga oshiqu beqaror bo‘ladi. Bu sevgi unga faqat azob keltiradi. Isaevlar Kuznetskka ko‘chib o‘tadi. Ishq azobi endi faqat misralarga jo bo‘ladi. 1855 yilda Isaev vafot etadi. Endi sevgimga erishdim deganda Mariyaning uezd o‘qituvchisi Vergunov bilan qiziqib qolganligi ma’lum bo‘ladi. Sevgisi uchun kurashgan Dostoevskiy juda ko‘p qiyinchilik va og‘ir ruhiy kechinmalarni boshidan kechiradi.
1856 yilda Dostoevskiy do‘stlari yordamida (ular shaxsan imperator Aleksandr IIga murojaat qilishadi) praporshik unvonini oladi. To‘liq erkinlikka erishgan praporshik Dostoevskiy Kuznetsk shahriga borib, sevgilisining qo‘lini so‘raydi. 1857 yilda ularning to‘ylari bo‘ladi. Xuddi shu yili u dvoryanlik maqomini tiklaydi va asarlarini nashr ettirish huquqini oladi. Ularning turmushini baxtli deb bo‘lmasdi. Chunki Kuznetskdan Semipalatinskka qaytayotganda, Mariya erining tutqanoq tutishiga guvoh bo‘ladi (Dostoevskiy yoshligidan bu kasallikka chalingandi, lekin vaqt o‘tishi bilan bunday «xurujlar» dahshatli epilepsiyaga aylana bordi). Bunday manzaradan dahshatga tushgan Mariya shu-shu turmush o‘rtog‘iga nisbatan hech qanaqa hislarni tuymaydi. Rafiqasining o‘limidan keyin Dostoevskiy Vrangelga yozadi: «Oh, mening do‘stim, u meni benihoya sevardi. Men ham uni cheksiz sevardim, biroq biz baxtli bo‘lolmadik…»
1859 yilda Fyodor Dostoevskiy kasalligi tufayli iste’foga chiqadi. O‘sha yil oxirida Peterburgga ko‘chib o‘tadi va akasi Mixail bilan birga «Vremya», keyinchalik «Epoxa» jurnallarini nashr ettiradi. Bu paytda u muharrirlik ishini ijodiy faoliyati bilan uyg‘unlikda olib boradi: publitsistik, adabiy-tanqidiy maqolalar, munozarali qaydlar, badiiy asarlar yozadi. «Vremya» jurnalining mavqeini ko‘tarish maqsadida Dostoevskiy o‘zining «Xo‘rlanganlar va haqoratlanganlar» romanini chop etadi. Asarning birgina nomi XIX asr tanqidchilari tomonidan yozuvchi ijodining yorqin timsoli va hatto, rus adabiyotining haqiqiy insoniylik shavqi ramziga aylandi.
1864 yil Dostoevskiy uchun birin-ketin og‘ir zarbalarni hozirlab qo‘ygandi. Bahorda suyukli ayoli sil kasalligidan vafot etadi, yozda esa suyangan tog‘i – akasi Mixail ham dunyodan ko‘z yumadi. «Mana, bu dunyoda men ham yolg‘iz qoldim. Negadir, qo‘rqib ketayapman…Sevgan insonlarimning o‘rnini hech kim bosa olmasligini endi anglayapman. Bu dunyoda faqatgina ularni yaxshi ko‘rgan ekanman…Chor atrofim sovuq va qorong‘u…» deb yozgandi u kundaliklarida. Ruhiyatini sindirgan ayriliq damlarida uning hayotiga Appolona Suslova kirib keladi. Appolona bilan Yevropaga yo‘l olgan yozuvchi Baden-Baden qimorxonalarining doimiy mijoziga aylanadi. Bunday aysh-ishratli hayot «Qimorboz» romanining yaratilishiga turtki bo‘ladi. Bu orada uning jurnallari ham inqirozga uchradi. Akasining oilasi xonavayron bo‘lmasligi uchun u nashrlarining veksellarini sotadi. O‘shanda moliyaviy ishlarni yaxshi tushunmaydigan Dostoevskiy orqasidan ayrim kimsalar boylik orttirishdi. Bor-budidan ayrilib, qarzlarga botgan Dostoevskiy qamoqqa tushmaslik uchun noshir Stellovskiyga asarlarini nashr etish huquqini sotishga majbur bo‘ladi. 1866 yilning 1 noyabrigacha yangi roman yozish majburiyatini oladi. Dostoevskiy kreditorlar, politsiyadan uzoqroq bo‘lish maqsadida chet elga ketadi. U bu yerda tinch va sokin muhitda romanini yozishga kirishadi. Biroq qimorga bo‘lgan ulkan ishtiyoq uni yana o‘sha joylarga boshlaydi. Visbadenda besh kun ichida u hamma narsasini, hatto, qo‘l soatini ham yutqazadi. Ana shunday sharoitda Dostoevskiyning buyuk asari - «Jinoyat va jazo» yaratiladi. Romanning birinchi qismi 1866 yil «Russkiy vestnik» jurnalida chop etiladi. Asarga yuqori baho berildi. Hatto, Dostoevskiyning dushmanlari ham «Jinoyat va jazo» rus adabiyotining buyuk asarlaridan biri ekanligini e’tirof etishdi. Belgilangan muddatga bir oy qolganda yozuvchi «Jinoyat va jazo»ni to‘xtatib turishga va «Qimorboz» romanini yozishga majbur bo‘ladi. Kitobni tezroq yozish maqsadida Fyodor Mixaylovich stenografiya bo‘yicha taniqli o‘qituvchi Olxendan unga stenografistkachi topib berishni iltimos qiladi. Olxen eng yaxshi talabalaridan biri bo‘lgan, 20 yashar Anna Snitkinani unga yordamchi qilib yuboradi. Ular birgalikda asarni 26 kunda yozib tugatishga muvaffaq bo‘lishadi. Bu vaqt oralig‘ida Annushka (Fyodor Mixaylovich qizni shunday deb erkalardi) adib uchun eng qadrli insonga aylanib ulgurgandi. Endi Dostoevskiy Annaga javob berishi kerak edi. Ammo…Dostoevskiy qalbini nurlarga to‘ldirgan qizdan ayrilishni istamasdi. Shunda u qalbi guldek beg‘ubor Annani sevib qolganligini anglaydi, biroq rad etilishidan qo‘rqib, u bilan birga o‘tkazayotgan vaqtni iloji boricha uzaytirishga harakat qiladi. Ana shunday kunlarning birida Fyodor Mixaylovich Annaga, yoshgina qizni sevib qolgan qari rassom haqidagi voqeani aytib beradi. Hikoyasi so‘nggida, «Agarda o‘sha qizning o‘rnida siz bo‘lganingizda qanday yo‘l tutardingiz? Uning sevgisiga javob berarmidingiz?» deb unga murojaat qiladi. Ziyrak Anna adibning yuz ifodasidan gap nima haqida ketayotganligini darrov tushunadi. Bu voqeaning haqiqiy qahramonlari kim ekanligini ham biladi. U shunday deb javob beradi: «Men…men ham unga sevishimni aytardim…Bir umr uning yonida qolishga rozi bo‘lardim…» 1867 yilning fevralida ular nikohdan o‘tishadi.
Ammo Dostoevskiy rafiqasini har qancha sevmasin, Annaning hayoti noxushliklardan boshlanadi. Gap moddiy yetishmovchilikda emasdi. Erining qarindoshlari Annaga yomon munosabatda bo‘lishdi. Ayniqsa, Fyodor Mixaylovichning o‘gay o‘g‘li (Mariyaning birinchi turmushidan farzandi) Pyotr Isaev Annani o‘ziga raqib deb bildi. Hech qaerda ishlamaydigan, o‘gay otasining hisobiga yashaydigan Pyotr, go‘yoki tug‘ilajak uka-singillari uni merosdan mahrum qilayotgandek, Annani qanday qilib bo‘lmasin, bu uydan siqib chiqarishga urinardi. Kelinoyisi ham turli bahonalar bilan Annaning hayotini do‘zaxga aylantirdi. Boshqa bunday yashab bo‘lmasligini anglagan Anna oilasini saqlab qolish maqsadida turmush o‘rtog‘ini chet elga ko‘chib ketishga ko‘ndiradi.
Shundan keyin ular begona yurtlarda sarson-sargardonlikda umr kechirishadi. To‘rt yil davom etgan bunday hayot qaytanga ularning nikohini yanada mustahkamladi. Germaniyada Dostoevskiy yana qimor o‘yinlariga o‘ralashib qoladi. U yana hamma narsasini qimorga tikadi. Uyga hech narsasiz kelgan erini Anna yana kechiradi. U biladi: suyuklisi qimor girdobidan chiqa olmayotganini tushunadi. Dostoevskiy boshqa o‘ynamaslikka so‘z beradi. Baden-Badenga ko‘chib ketishadi. Yana qimor. Hammasi boshidan boshlanadi. Faqat bu safar yutqazadigan pulning o‘zi yo‘q edi. Hali yozilmagan asari uchun noshir Katkovdan 500 rubl miqdorida avans oladi. Bu pulni ham bir kunda yutqazadi. Endi nima qilish kerak? Rafiqasiga sovg‘a qilgan zirak va nikoh uzugini pullaydi.
Jenevaga ko‘chib o‘tishgach, Dostoevskiy «Telba» asarini yoza boshlaydi. Tanqidchilar Dostoevskiy asarlarini tugallanmaganlikda ayblashadi. Syujetlar tizgini shunchalik tiqilinch ediki, ular asar o‘rtasiga borib deyarli unutilib ketardi. Gap shundaki, Dostoevskiy badavlat Turgenev va Tolstoydan farqli o‘laroq, nashriyotlarga asarlarining xomaki nusxasini berishga majbur edi. Chunki u ana shu qo‘lyozmalarga to‘lanadigan avanslar hisobiga yashardi. Noshirlar qo‘ygan muddatda tugatish uchun u yashin tezligida ishlashga majbur edi. Uch oylik qizalog‘i – Sonyaning o‘limi yozuvchiga qattiq ta’sir qildi. Tushkun holatdan uni faqat ish chalg‘ita olardi. Mana shunday sharoitda tanbeh-asar deb nom olgan «Shaytonlar» asari yaratiladi. «Telba» va «Shaytonlar» yozuvchining vatanida katta shov-shuvlarga sabab bo‘ladi. Unga navbatdagi mashhurlikni olib keladi.
1871 yilda Peterburgga qaytgan Dostoevskiyning hayoti iziga tushadi. U «Yozuvchining kundaligi» asari ustida ishlaydi, mashhur romani «Aka-uka Karamazovlar»ni yozadi. Birin-ketin farzandlari tug‘iladi. Uni bir umr sevgan, tushungan ayoli – Anna doimo yonida edi. Yozuvchining baxtli onlari shu edi aslida...
Dildora Turdiyeva. Iztirob ulg‘aytirgan adib (2012)
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 10-sonidan olindi.