Haftaligimizning shu yilgi 19 may sonida tilshunos olim Berdaq Yusufning “O‘tirmoqmi yoki o‘ldirmoq?” sarlavhali maqolasi bosilgan edi. Unda olim tilshunosligimizning bir qancha bahsli masalalari, jumladan, eski o‘zbek tilida unli tovushlar haqida fikr yuritgandi. Maqola gazetxonlarda katta qiziqish uyg‘otdi, turli mulohazalarga sabab bo‘ldi. Gazetamizning ushbu sonida esa Ergash Umarovning ayni shu mavzudagi maqolasini e’lon qilayotirmiz.
Adabiyot gazetamizda bosilgan B.Yusuf maqolasida, shubhasiz, tilshunosligimizning muhim muammosi tilga olingan. Bu e’tiborga sazovor. Biroq har qanday tanqidchi ilm sohasida munozaraga kirishar ekan, agar masalaga xolis yondashsa, fan ham yutadi, jamiyat ham. Men gazetxonlar e’tiborini quyidagi besh masalaga qaratmoqchiman.
1. B.Yusuf to‘r so‘zlari tahlilida shunday yozadi: «Birinchi to‘r(setka — E.U.) so‘zidagi o‘ qattiq, orqa qator, ikkinchi to‘rdagi (qush o‘tiradigan yog‘och — E.U.) o‘ esa yumshoq, old qator...». Xo‘sh, to‘r so‘zlaridagi o‘ning qattiqlik yoki yumshoqligining isboti qani? Ikkala o‘ ham bir xil vaziyatda t va r orasida turibdi-ku? Suyuqlikni litr, uzunlikni metr bilan o‘lchaymiz. Eng kichik nutq birligi — tovushning qattiqlik yoki yumshoqlik belgisi nima? Navoiy ma’lumotlarini, ya’ni bu so‘zlardagi o‘ning bir-biridan qisqalik bilan farqlanishini qirg‘iz tili ham tasdiqlaydi. “Kirgizsko-russkiy slovar”da (Moskva, 1965) quyidagi juftlikdagi so‘z bir unli, ikkinchi so‘z ikki unli bilan yozilgan: tur — naqsh(783-bet), tuur — qush o‘tiradigan yog‘och(772-bet). O‘zbek tovushlariga qattiqlik ham, yumshoqlik ham xos emas. Shu sababli yumshatish belgisi () lotin alifbosidan tushirib qoldirildi. Qattiqlik-yumshoqlik atamasi va yumshatish belgisini o‘zbek tiliga sho‘roning yugurdaklari 1940 yili kirill alifbosi bilan olib kirdilar.
2. Daqiq so‘zining lug‘aviy ma’nosi qisqa, yumshoq emas. Muallif «Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati»ni nashrga tayyorlashda qatnashib, birinchi jildning 473-betida “daqiq” so‘zining qisqa deb izohlanganini tan olmasligi o‘ziga o‘zining qarshi chiqishi-ku! «Boburnoma»da ham daqiqa — qisqa vaqt birligi — minut ma’nosida kelgan: «...bir kecha va kunduz ming to‘rt yuz daqiqa bo‘lg‘ay» (H.Nazarova. Bobur asarlari uchun qisqacha lug‘at, T., 1972, 35-bet). «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» birinchi jildi 216-sahifasida daqiqali so‘zi juda qisqa deb izohlangani fikrimizni tasdiqlaydi. «Uzbeksko-russkiy slovar»da ham (T., 1988, 116-bet) daqiqali so‘zi «korotkiy», ya’ni qisqa deb tarjima qilingan. Axir, bir daqiqa to‘xtab turing, bir yumshoq to‘xtab turing bo‘ladimi yoki qisqa vaqt to‘xtab turing bo‘ladimi?
3. B.Yusuf o‘zbek tilida “mantiqan to‘rtta o‘ bo‘lishi mumkinmi?” deb yozadi. Agar u biroz jonini koyitib, «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» ikkinchi jildining 252—253-sahifalaridagi: to‘r — hurmatli joy; to‘r — tuzoq; to‘r — qovun ustidagi taram-taram chiziqlar (qovun to‘r bog‘labdi) va o‘zbek tilining qoraqalpoq shevalaridagi to‘r — qush o‘tiradigan yog‘ochni ko‘rganida bunday yozmas edi. «Sangloh» muallifi Mirza Mahdixon to‘rladi fe’lini naqsh do‘xt — nashq tikmoq, naqshlamoq deb izohlaydi.
4. Tilshunos «Badoe’ ul-lug‘at» muallifi Toli Hiraviyga ham ishonmaydi. Go‘yo lug‘atchi o‘ldirmoq bilan o‘ltirmoqning farqiga bormagan emish. Faksimileni sinchiklab o‘qiganida edi, lug‘atda o‘ldirmoq so‘zi XV asrda kushtan (o‘ldirmoq) va nishastan (o‘ltirmoq) ma’nosida ishlatilganiga guvoh bo‘lar edi.
Olim «Sab’ai sayyor»dan olingan:
Ko‘rmadi shoh munosib o‘lturmoq,
Yaqinida buyurdi o‘lturmoq
baytining ikkinchi misrasi oxiridagi o‘lturmoq so‘zini izohlar ekan, shunday yozadi: «Natijada Toli Hiraviy o‘lturmoq so‘zini o‘zining sub’ektiv qarashiga moslashtirib talqin qiladi. Ikkinchi misradagi o‘lturmoq har qancha qisqa qilib talaffuz qilinsa ham hech qachon “o‘ldirmoq” ma’nosini anglatmaydi...».
Tilshunos Alisher Navoiy asarlari bo‘yicha tuzilgan «Abushqa» lug‘atining 1868 yilgi V.V.Velyaminov-Zernov nashri 117-betidagi “o‘lturdi – o‘turdi, demakdur; o‘lturdi — imola (qisqa — E.U.) ila o‘ldurdi, demakdur” izohini o‘qiganida edi bunday yozmasdi. U «Xazoyin ul-maoniy» devonlarining ayrim sahifalariga ko‘z yugurtirganida edi, o‘lturmoq fe’lini Alisher Navoiy o‘ldirmoq ma’nosida ishlatganiga ishonardi:
Bir kun meni ul qotili majnunshior o‘lturgusi,
Usruk chiqib, javlon qilib, devonavor o‘lturgusi...
Debsenki, Navoiyni kelgum dog‘i o‘lturgum,
Ul o‘ldi bu hasratdin, kel tengri uchun botroq.
5. U unlilar talaffuzida til ishtirok etishi haqida yozar ekan, singarmonistlarning til oldi, til orqa atamalarini ataylab tushirib qoldiradi. Uning to‘r(setka), to‘r(qush o‘tiradigan yog‘och) so‘zlaridagi o‘ til oldi (til oldi yo‘q, til uchi bor: Tilingning uchi bilan qara unmi, shakarmi? — E.U.), til orqa (tilning orqasi yo‘q, tilning tagi bor — E.U.) bilan talaffuz qilinadi, deyishi, yumshoqroq qilib aytganda, kulgili-ku!
Endi qattiqlik-yumshoqlik amaliyotda qanday chalkashliklar keltirib chiqarib, o‘quv ishlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani haqida. Buni faqat olimning tili bilan aytganda, til orqa, qattiq ы unlisi misolida ko‘rib o‘tamiz. Singarmonizm tufayli qilmoq — qыlmoq, qichqirmoq — qыchqыrmoq, qani — qanы, boshin — boshыn, baliq — balыq, olib — olыb shaklida yozilmoqda. Nahotki, Alisher Navoiy qarshini — qarshы, balchiqni — balchыq, tashqarini tashqarы, Bobur sarini sarы, labini labы, qizini — qыzы shaklida yozgan bo‘lsa?! Otoiy qoshingizg‘ani qoshыngыzg‘a shaklida yozganiga isbot bormi? Rabg‘uziy borayinni borayыn, qarindoshlarini qarыndoshlarы, Lutfiy tortayinni tortayыn, yaxshini yaxshы, mingni mыng, Sakkokiy qonidinni qonыdыn, Abulg‘ozi Bahodirxon yildinni yыldыn shaklida yozganmi? Singarmonizm asosida yozilgan ushbu so‘zlar qanday qilib aruzga tushadi! Men o‘zim amaliyotchi bo‘lganim uchun o‘quvchilarga ы tovushi borligini isbotlay olmayman. Agar bu tovush bo‘lganida, albatta, qadimgi lug‘atlarda qayd etilgan bo‘lur edi.
Endi bu chalkashliklar qaerdan paydo bo‘ldi, degan savolga kelamiz. Bu xatolarning ildizi yozuvning o‘zgarishi bilan bog‘liq. Arab yozuvidan avval lotin, so‘ngra kirill alifbosiga o‘tish oqibatida faqat oddiy kishilar emas, balki olimlar ham ota-bobolari yozib qoldirgan merosni o‘qiy olmaydigan bo‘lib qoldilar. Shunday bo‘lgach, ular kimgadir ergashishlari kerak-ku! Ular yevropaliklarga ko‘r-ko‘rona ishona boshladilar, natijada boshi berk ko‘chaga kirib qoldilar. Agar «Devonu lug‘at-it turk», «Badoe’ ul-lug‘at», «Abushqa», «Lug‘ati turkiy», «Sangloh», «Kitobi lug‘ati atrokiya», «Lug‘oti chig‘atoyi va turki usmoniy»ni asliyatda o‘qiganlarida edi, o‘zbek tili uchun qattiqlik-yumshoqlik emas, uzun-qisqalik xos ekanligini anglardilar.
TAHRIRIYATDAN:
Muhtaram tilshunos olimlarimizning haftaligimiz o‘quvchilari e’tiboriga havola etilgan maqolalarida bugungi kunimizning benihoya dolzarb muammolaridan biri ko‘tarilgan. U ham bo‘lsa – mumtoz adabiy merosimizni, xususan Alisher Navoiy asarlarini o‘qish va o‘rganish masalasidir. Bugun hayotning o‘zi bizdan hazrat Navoiy va bu ulug‘ zotga zamondosh allomalar, ulardan keyingi qalam sohiblari asarlarini, jamiki merosimizni qayta o‘qish va qayta idrok etishni talab qilmoqda. Navoiy ijodidan to‘la bahramand bo‘lmay turib, ulug‘ shoirning shoh satrlari qatlariga yashiringan durdona ma’nolarni anglamay turib ma’naviy komillikka erishish mumkin emasligi hammamiz uchun ayon haqiqat bo‘lib qoldi.
Gazetamiz sahifalarida e’lon qilingan har ikki maqoladan ko‘zlangan maqsad ham shu edi — Navoiyni anglamoq kerak va bu ishni aslo susaytirib bo‘lmaydi. Lekin mazkur maqolalar mualliflarining ilmiy talqinlari shuni ko‘rsatdiki, biz benihoya zarur va murakkab muammo oldida turibmiz. Bu muammoni bir kunda, bir-ikki gazeta maqolasi, bir-ikki ehtirosli ma’ruza yoxud kuyunchak olimlarimizning hayajonli bahsi bilan hal etib bo‘lmaydi. Navoiy va uning zamondoshlari ijodini tushunmoq uchun bu ulug‘ zotlar asarlarini chop etish kerak, ammo bu ham muammoni to‘la hal etmaydi. Bizningcha, talabalar uchungina emas, mumtoz adabiyot ixlosmandlari — oddiy kitobxonlar, Navoiy ijod gulshani ostonasida turgan muxlislar uchun ham mo‘ljallangan yangi va yanada mukammal lug‘atlar, mukammal sharhlar, darslik va qo‘llanmalar zarur. Televideniemizda bir vaqtlar mashhur bo‘lgan «g‘azal oqshomi” kabi ko‘rsatuvlar, oliygohlarimizda maxsus kurslar bo‘lishi kerak. Faqat shundagina Lutfiy, Navoiy, Bobur kabi tabarruk daholar ijodiga yaqinlasha olamiz, ularni anglaymiz.
Mumtoz adabiy merosimizni keng targ‘ib etish, ushbu mavzudagi sharh va tahliliy maqolalarni, tadqiqotlarni bundan keyin ham gazetamiz sahifalarida izchil yoritib borishni mo‘ljallaganmiz. Maqsadimiz adabiy merosimiz talqinining davr bilan, shakl, janr yoxud til bilan bog‘liq bo‘lgan muammoli jihatlariga oydinlik kiritish va bu ulug‘ ijodiyotdan tushunib bahramand bo‘lishda kitobxonlarga ko‘maklashishdir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2006 yil 26-sonidan olindi.