OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hasan Qudratullayev. Bobur va Sharq tamadduni (2005)

Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma» asarini mutolaa qilar ekanmiz, u zamonasining yuksak ijodkori, yangilikka intiluvchi shaxs sifatida qayerda bo‘lmasin bunyodkorlik bilan shug‘ullanganiga guvoh bo‘lamiz. Ayniqsa, Afg‘oniston va Hindistonda amalga oshirgan ishlarining adog‘i yo‘q. Bobur bu o‘lkalarning madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Avvalo, davlatchilik va ijtimoiy boshqaruvni qaror toptirishga, obodonchilik ishlarini avj oldirishga, harbiy tuzilmani isloh etish, bu sohaga ham yangiliklar kiritishga intilgan. O‘zining qisqa, 47 yillik umri hisobsiz jangu jadallarda o‘tgan Bobur davr sultoni, shoh vazifasini ado etib, yana biz avlodlarga bebaho «Aruz risolasi»dek ilmiy asar, she’riy devon, din aqidalariga oid ganjinalar qoldirgan.
Qayerda bo‘lmasin, u biror-bir yangilikka qo‘l urishdan oldin bu ish jamiyat va saltanat manfaatiga qanchalik xizmat qilishini har tomonlama o‘ylab ko‘rgan. Masalan, Hindistonga dastlab kelgan paytida bir ma’budaxonaga kirib, butlarni sindirib bog‘ yaratishga amr beradi va hayal o‘tmay bu harakati yerlik aholi noroziligiga sabab bo‘lishini tushunib ishni to‘xtatadi. Farzandlariga maktub va vasiyatlarida diniy, irqiy, ma’naviy qadriyatlarga zid harakatlarni qilmaslik, diniy bag‘rikenglik bilan ish yurgizish zarurligini alohida ta’kidlaydi.
Hindiston ob-havosining diqqinafasligi, toza ichimlik suvining tanqisligi va surunkali yomg‘irlar Movarounnahrning xush havosiga o‘rgangan Bobur uchun juda og‘ir kechadi. Agra shahriga yaqin joyda shinam bir bog‘ yaratishni maqsad etib, u juda ko‘p joylarni aylanib chiqadi va botqoqliklar, o‘nqir-cho‘nqir yerlardan o‘zga joy topolmagach, nihoyat Juun degan manzilni tanlaydi: «Andoq besafo va xarob yerlar edikim, yuz karohat va noxushluq bila andin ubur ettuk. Bu yerning makruhlig‘i ila noxushlig‘idin chorbog‘ xayoli xotirdin chiqti. Mundin o‘zga mundoq yovuq yer Agrada chun yo‘q edi, necha kundin so‘ng zarur bo‘lub, bu yerga — o‘q ilik qo‘yuldi».
Ko‘rinib turibdiki, tanlangan bu joy imorat, inshoot qurish uchun uncha muvofiq bo‘lmagan. Shunga qaramasdan u jadallik bilan ishni boshlatadi. Muhim tomoni shundaki, Boburning bu bunyodkorligi Hindiston uchun mutlaqo yangilik bo‘lib, Movarounnahr sivilizatsiyasi, madaniy qatlamining Hindistonga ko‘chganidan dalolat beradi. U yaratgan inshootlar muhandislik fanining barcha talablariga javob beribgina qolmasdan, estetik jihatdan ham, qurilishda ishlatilgan materiallarning muvofiqligi va puxtaligi bilan ham kishini hayratga soladi. Eng muhimi, bu qurilishlarning tarhi, joyi, sathini uning o‘zi tanlagan, loyihasini yaratishga bosh bo‘lgan, qurilishni boshqargan, izchil nazorat qilgan: «Ul ulug‘ chohkim, hammom suvi andindur, bunyod bo‘ldi. Yana bu parcha yerkim, anbaliy daraxtlari va musamman havz andadur, bulardin so‘ng ulug‘ havz andadur, bulardin so‘ng ulug‘ havz sahne bo‘ldi. Andin so‘ng tosh imorat olidag‘i havz va sahne bo‘ldi. Andin so‘ng «Xilvatxona» bog‘chasi va uylari bo‘ldi. Andin so‘ng hammom bo‘ldi. Mundoq besafo va besiyoq Hindta tavr tarrohliqlar va siyoqliq bog‘chalar paydo bo‘ldi».
Matndagi bir jihatga e’tiboringizni qaratmoqchimiz: Bobur o‘zi yaratgan inshootlaridan, Hindistonga olib kirgan sivilizatsiyasidan mamnun bo‘lmoqda, yaratgan ansamblning muhandislik xususiyati, chiroyi uning o‘zini ham maftun etmoqda. Bu lahzalar Bobur umr daftarining eng lazzatli damlari bo‘lsa ajab emas.
«Boburnoma»dagi ko‘plab misollar sivilizatsiyaga o‘ta moyil bunyodkor inson — faqat shoh Boburni emas, tom ma’nodagi muhandis Boburni, yaratilayotgan inshootining chinakam jonkuyarini ko‘z oldimizda gavdalantiradi. Quyidagi parchadan yaratuvchilik ishidan mamnun, har bir qo‘yilayotgan g‘isht, toshdan hayot zavqini tuygan kishining holatini sezamiz: «Tonglasig‘a buyurulg‘on yerlarni yurub sayr qildim. Yakpora toshda buyurulg‘on kaylador havzning yuzini bir martaba tamom ko‘tarmaydurlar edi, buyuruldikim, sangtaroshlar ko‘prak kelib, bir martaba, havzning tubini durustroq olsunlarkim, suv quyib, atrofini tarozu qilsa bo‘lg‘ay. Kech namozi digar havzning bir martaba yuzini tamom oldilar. Buyurdimkim suv to‘ldirdilar. Atrofini suv bila tarozu qilib, hamvor qilmoqqa mashg‘ul bo‘ldilar. Bu navbat yana bir obxona buyurdimkim, yerini yakpora toshdin tarosh qilg‘aylar, ichidagi kichik havzni ham yakpora toshdin qozg‘oylar».
Bobur Movarounnahrda, Hindiston va Afg‘onistonda faqat qurilish va obodonchilik bilan shug‘ullanmagan, balki tub islohot ishlarini ham olib borgan.
XV — XVI asrda, undan oldin ham savdo-sotiq munosabatlari, davlatlararo bordi-keldilarning xavfsizligini ta’minlash eng katta muammo, xarajattalab masala hisoblangan. Karvon yo‘llari qulay yurtning iqtisodiy ahvoli yaxshi, xalqining tinchligi barqaror bo‘lgan. Aytish joizki, Amir Temur saltanatida bu mezon o‘rniga qo‘yilgan, biroq Sohibqiron vafotidan keyin uning qalamravidan chet yerlarda qaroqchilik hollari uchrab turgan. Ana shu masalani tubdan isloh qilish, tasarrufidagi yerlarda osoyishtalikni saqlash uchun Bobur Kobul — Ningnahor yo‘lining xavfsizligini ta’minlashni asosiy vazifa deb biladi. Keyinchalik bu ishni butun Hindiston hududida ham joriy etadi. «Bu orada ma’mura yo‘q edi», deydi Bobur. Demak, Kobul — Ningnahor yo‘lining jo‘g‘rofiy sharoiti qiyinligi boshboshdoqlikka sabab bo‘lgan. Shu yo‘lning eng og‘ir qismida tartib o‘rnatganini, osoyishtalikni qaror toptirganini inobatga olsak, Boburning sa’y-harakatlari nechog‘li ulkan ijtimoiy-siyosiy ahamiyat kasb etganini ko‘ramiz: «Kobuldin sharq sari o‘n uch yig‘och yo‘ldur. Ningnahor bila Kobul orasi asru qattiq yomon yo‘ldur. Uch-to‘rt yerda kichikrak-kichikrak ko‘tallari, ikki-uch yerda tangilari bor. Xiridji va jami’ quttout-tariq afg‘onlardur. Bu yo‘lni ururlar edi. Bu orada ma’mura yo‘q edi. Qo‘riqsoyning oyog‘i Qoratuni men ma’mura qildurdim. Bu jihatdin yer emin bo‘ldi».
Afg‘onistonning G‘aznisi mamlakatning yirik viloyatlaridan bo‘lib, unda tarixiy obidalar, islomgacha bo‘lgan Budda madaniy yodgorliklari talaygina. Jumladan, sulton Mahmud G‘aznaviy maqbarasi, g‘aznaviylar saroyi qoldiqlari hozirgacha saqlangan. Shu bilan birga, bu yerda Mahmud G‘aznaviy farmoni bilan katta suv to‘g‘oni qurilgan. To‘g‘on Chingizxon istilosi davrida buzib tashlangan. Zahiriddin Bobur G‘aznida bo‘lganida bu to‘g‘onning holatini ko‘rib, uni qayta qurishga amr beradi: «Sulton (Mahmud) zamonida uch to‘rt band bor ekandur, bir band ushbu G‘azni suyida, G‘aznidin shimol sari uch yog‘och suv yuqqori Sulton bir ulug‘ bande solibtur, bu bandning balandlig‘i qirq-ellik qari bo‘lg‘ay, uzunligi taxminan uch yuz qari bo‘lg‘ay, suvni anda zahira qilib, baqadri ehtiyoj ekinga suv ocharlar erkandur... Hindustonni fath qilg‘on yil bu bandni yasamoq uchun Xoja Kalondin yarmoq yiborildi. Tengri inoyatidin umid borkim, bu band obodon bo‘lg‘ay».
Kamina bir necha yil Afg‘onistonda, jumladan, G‘aznida ham bo‘ldim. U yerdagi kishilar bilan suhbatlarimizda yerli aholi Bobur davrida ana shu to‘g‘onda jiddiy ta’mir ishlari olib borilganini, shundan so‘ng o‘nlab yillar davomida qaqrab yotgan yerlarga suv chiqqanini gapirib berdilar. Hatto biz borib ko‘rgan bandi Sultonning qaysi qismi o‘sha davrda Bobur amri bilan ta’mirlanganini mahalliy muhandis bizga aniq ko‘rsatdi. Bu oddiy xalqning Boburga ehtiromi ramzi edi.
Hindistonni tasarrufiga kiritgan Bobur, birinchi galda, bu yurtning arxitekturasiga, obidalari, butxona va muqaddas binolariga e’tiborini qaratadi, uni Movarounnahr va Xuroson obidalari bilan chog‘ishtiradi, ijobiy tomonlarini zikr etish bilan birga ularga tanqidiy yondoshadi. Xususan, Gvaliyardagi imoratlar bilan qiziqib, ichiga kirib tomosha qiladi: «Man Singning va Bikramajitning imoratlarini tamom yurub, sayr qildim, g‘arib imoratlardur. Agarchi bo‘luk-bo‘luk va besiyoqdur, tamom sangi taroshidadindur. Agarchi hindustoniy takalluflar qilibturlar, vale behavoroq yerlardur». 
Boburga Hind arxitekturasi hamma vaqt ham ma’qul bo‘lmagan. Shu bois, u Hindistonda o‘z yurti Movarounnahrni eslatib turadigan koshonalarni yaratishga kirishadi, ularni qurishga amr beradi. Ushbu misol fikrimizga dalildir. Rahimdod ismli shaxs hind elida qurgan «kichikroq tolorg‘ina» — kichik ayvon va bog‘cha Boburga o‘zi tug‘ilib o‘sgan Movarounnahrni eslatadi. Zero, bu imorat aynan Bikramajitning beso‘naqay imoratlarining yonginasida, go‘yo taqqoslash uchun bunyod etilgandek: «...Ushbu ulug‘ gumbazning ustida Rahimdod bir kichikrak tolorg‘ina qilibtur. Rahimdod ushbu Bikramajitning imoratlarida o‘lturubtur. Bu imoratlarni sayr qilib, otlanib Rahimdod solg‘on madrasani kezib, qo‘rg‘onning janubiy tarafida bir uluq havzning yoqasida Rahimdod solg‘on bog‘chani tafarruj qilib, kech o‘rdu tushgan chorboqqa kelduk. Bu bog‘chada xeyli gullar tikibtur. Xushrang qizil kaneyr bog‘chada xeyli bor. Bu yerlarning kaneyri qip-qizil xushrang kaneyrlardur. Bir pora qizil kaneyrni Gvaleyardin Agra bog‘lariga kelturub ektirdum».
Bobur Hindistonni o‘z tasarrufiga kiritgach, birinchi navbatda, Xuroson, Afg‘oniston va Movarounnahr bilan aloqani tiklash, ma’lumot va xabarlarni imkon qadar tezlikda yetkazishni o‘ylaydi, aloqa xizmatini yo‘lga qo‘yishga jazm etadi. «Boburnoma»da o‘qiymiz: «Har to‘qqiz kuruh manor qo‘porg‘aylarkim, manorning balandlig‘i o‘n ikki qari bo‘lg‘ay. Ustida bir chordara qo‘porg‘aylar. Har o‘n sekkiz kuruhda olti yom oti bog‘lag‘aylar. Yomchi va sayisg‘a ulufa va otlarg‘a aliq ta’yin bo‘lg‘ay. Andoq farmon bo‘ldikim, bu yom oti bog‘latur yer agar bir xolisag‘a yovuq bo‘lsa, bu mazkur bo‘lg‘onlarni andin saranjom qilsunlar, yo‘q ersa, har bekning parganasiga voqi’ bo‘lsa aning uhdasiga qilsunlar. Ushbu kun Chaqmoq bila Shohiy Agradin chiqtilar. Bu kuruhlarni mil bila muvofiq ta’yin qilildi». 
Yuqoridagi parchadan Boburning Sharqda mavjud bo‘lmagan aloqa tizimini ishlab chiqqanini ko‘ramiz. Bunda o‘sha davrdayoq aloqaning barcha jihatlari: ma’lum masofada qancha va qaysi sifatdagi otlar bog‘lanib, parvarishlanishi, ularning ozuqasi, otboqarlar, ularga sarflanadigan sarf-xarajatlar miqdori nazarda tutilgan. Xarajatlar Boburning hukmronligi ostidagi hududda bo‘lsa o‘sha joyning beklari hisobidan, agar o‘zga hududda bo‘lsa haq to‘lash yo‘li bilan amalga oshirilishigacha inobatga olingan. 
O‘sha davrda uzoq masofa asosan «kuruh» o‘lchovi bilan belgilangan. Bobur Hindistondaligi bois «bu kuruhlarni mil bila muvofiq ta’yin qilildi», deydi. Shuning o‘zi ham mahalliy sharoitga moslashish, u yerda qabul qilingan umumiy o‘lchovlardan foydalanish — zulm orqali o‘z tartibini o‘rnatmaslik siyosatini olib borgan Boburning oliyhimmatligidan dalolat beradi. 
Bobur tomonidan Hindistonda masofani o‘lchash, xazina miqdorini belgilashda qulay, o‘ziga xos arifmetik atama va hisoblash uslubi yangilik sifatida kiritilgan, jang taktikasiga oid ko‘plab atamalar joriy etilganki, bularning barchasini o‘rganish bugungi avlodlarni qadim ma’naviyatimiz yutuqlaridan xabardor etadi, ularda yuksak iftixor hissini uyg‘otadi. Masalan, Bobur Afg‘onistonda o‘z saltanatini barqaror etarkan, askarlarga amr va farmonlarni aniq, mazmunli yetib borishi uchun juda ko‘p afg‘oncha, arabcha amr so‘zlarini turkchaga o‘zgartiradi. Buni Boburning o‘zi katta bunyodkorlik deb biladi. Bugungi armiyamizda ham ularni qo‘llay boshlashimizni mustaqillik yillaridagi qadriyatlarimizga yuksak ehtirom sifatida qabul qilish mumkin. 
Zahiriddin Bobur Hindistonda Movarounnahrni eslatuvchi har qanday yangilikka astoydil qo‘l urgan, uni amalga oshirishga harakat qilgan. Bu ishlarni uning oddiy havasi, desak yanglishamiz. Ular Vatanga bo‘lgan yuksak ehtiromning, muhimi, kelajakka umid bilan qarab ish tutishning Bobur qalbida hamisha g‘olib bo‘lganini ko‘rsatadi. Quyidagi misolga nazar solaylik: u Movarounnahrda o‘sadigan, biroq Hindistonda bo‘lmagan daraxt, poliz va bog‘dorchilikka oid nabototni yangilik sifatida joriy etib, xursand bo‘lganini oshkora bayon etadi, bu yutuqlarni intilishlarining mevasi deb biladi: «Balxiy polizkorni qovun ekkali qo‘yulub edi. Bir necha qovun saxlag‘on ekandur, kelturdi. Xeyli yaxshig‘ina qovunlar edi. Bir ikki buta tok «Hasht behisht» bog‘ida ekturub edim, aning ham yaxshig‘ina uzumlari bo‘lub edi. Shayx Guran ham bir sabad uzum yiborib edi, yomon emas edi. Hindustonda qovun, uzumning muncha bo‘luridin filjumla xursandlig‘e bo‘ldi». 
Humoyunga yozgan maktubida Boburning naqadar bag‘rikeng bunyodkor shohligiga guvoh bo‘lamiz. Hindistonda turib yozgan bu maktubida u o‘zining juda keng saltanatiga bir xilda qaragan: bunyodkorlik ishlari xoh Movarounnahr, xoh Xuroson va Afg‘oniston yoki Hindiston o‘lkasida bo‘lsin, ularning barchasiga Bobur bir xilda qayg‘urgan. Maktubni Bobur umrining oxirlarida, surunkali betob paytida yozganini eslasak, shu holatda ham uning yurak dardi, saltanat shuhrati va obodonchilik uchun kuyib-yonganini ko‘ramiz: «Korvonsaro va hammomlarning marammati, yana arkta Ustod Hasan Ali qilg‘on pishiq xisht bila nimkora imoratning itmomi, bu imoratni Ustod Sulton Muhammad bila mashvarat qilib, munosib tarh bila buyurulsun. Agar Ustod Hasan Ali tortqon burung‘i tarh bordur, xud o‘shandoq — o‘q tamom qilsun, yo‘q ersa, ittifoq bila bir shirin tarxliq imorat solsun. Andoqkim, sahni devonxona sahni bila barobar bo‘lg‘ay. Yana Xurd Kobulning bandikim, tangining Xurd Kobul sari chiqarida Buthoq suyig‘a bog‘lag‘uluqtur. Yana G‘aznining bandining marammati, yana Bog‘i Xiyobon va xiyobon. Yana bu bog‘ning suyi ozdur, munga bir tegirmon suyi sotqun olib, kelturmak kerak. Yana Xoja Bastaning g‘arbi-janub tarafida Tutum dara suvini bir pushta ustiga kelturub, havz qilib, nihollar tikturub edim...».
Xullas, barcha zamonlarda bunyodkorlik e’zozlangan. Qurilgan muhtasham imoratlar, ravon yo‘llar asrlar o‘tib o‘sha davr sarvarining ezgu niyatlari, chekkan tashvishlar va orzu umidlaridan dalolat berib turgan, insoniyat tomonidan qadrlangan Zahiriddin Bobur, shubhasiz, shunday yuksak ardoqqa loyiq. Uning bunyodkorligi hayot paytidayoq unga mislsiz shuhrat keltirgan edi. Bugungi kunda esa, bu ezgu ishlari yanada salobat, ko‘rkamlik kasb etib, Sharq tamaddunining iftixoriga aylandi. 
 

Hasan Qudratullayev,
filologiya fanlari doktori
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005 yil 27-sonidan olindi.

 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.