Ming yillarkim, kurrai zaminda yashovchi jamiki odamzod, hatto qay birlari dunyoning qaysi burchagida joylashganini bilmasalar ham, Muhammad al-Xorazmiy bois, o‘zlarining talaffuzida Xorazmni, meditsina deya Ibn Sinoni tilga oladilar. Bu o‘zbek deb atalmish millatning g‘ururi, shuhratidir.
Bilhaq, sharqona madaniyat, ulug‘vor ma’naviyat, san’at, adabiyot, yozuv ham jahon miqyosida juda qadimiydir. Asrlar davomida sayqallashib kelayotgan madaniy mulkka vorisligimizni nechun boshimizni baland ko‘tarib aytmasligimiz kerak. Ming yillar muqaddam turkiyda ijod etgan zabardast shoirlarning davomchilari — Hofiz Xorazmiy, Qutb Xorazmiy, Sayfi Saroyi va boshqalar o‘zbek tilida barakali ijod etganlar. Demak, Xorazmiyning 1353 yili yozib tugallangan “Muhabbatnoma”sida:
Sening ishqingda Xorazmiy yo‘qoldi,
Va lekin Yer yuzinda oti qoldi. —
deya qayd etilganidek, ona tilimizdagi adabiyot ildizlari biz o‘ylagandan ham teran. XIV — XV asrlarda yashab ijod etgan shoirlar, ayniqsa, Alisher Navoiy hazratlarining mulkidan bahramandlik ila barakali ijod etgan shoirlar benihoya ko‘p. Darvishali Changiyning musiqa risolasida Xivada (XV asr) tug‘ilgan Devonai Hisobiydan ko‘pgina naqshlar, peshravlar va she’riy dostonlar qolgani ta’kidlanadi. Devonai Hisobiy Abdurahmon Jomiyga musiqadan saboq bergan ekan. Ham davlat arbobi, ham shoirlikda dong chiqargan bobokalonimiz Shermuhammad Munis, Ogahiy, Rojiy, Nishotiy, Ravnaq, Roqim va boshqalar o‘zbek adabiyotining yuksalishiga katta hissa qo‘shganlar. Ajdodlarimiz arabiy va forsiyda ham mukammal asarlar yaratganlar, ne-ne durdona asarlarni ona tilimizga o‘girganlar. Barcha xalqlarga nasib ham etavermaydigan noyob iste’dod — ijodda serqirralik bizga ota-bobolardan meros va bebaho mulk, uni biz hamisha mehr ila e’zozlaymiz.
Muhtaram yurtboshimiz I.A.Karimovning “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” kitobida ta’kidlanganidek, “Agarki mana shu muqaddas zaminimizda tavallud topib, voyaga yetgan, o‘z hayoti va faoliyati bilan nafaqat tarixda, ayni vaqtda bashariyatning bugungi taraqqiyot sahifalarida ham o‘chmas iz qoldirgan buyuk mutafakkir va allomalarimiz, aziz avliyolarimizni ta’riflashda davom etadigan bo‘lsak, o‘ylaymanki, bu borada uzoq gapirish mumkin.
Bizning o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadimiz esa, bunday ulug‘ zotlarning hayot yo‘li va qoldirgan merosini to‘liq tasvirlash emas, balki ularning eng buyuk namoyandalari timsolida ma’rifat, ilmu fan, madaniyat, din kabi sohalarning barchasini o‘zida uyg‘unlashtirgan xalqimizning ma’naviy olami naqadar boy va rang-barang ekanini isbotlab berishdan iboratdir. Bunday noyob va bebaho boylikni har tomonlama chuqur o‘rganish, uning ma’no-mazmunini farzandlarimizga yetkazish masalasi barchamiz, birinchi galda, ziyolilarimiz, butun jamoatchiligimiz uchun ham qarz, ham farz bo‘lishi shart, deb o‘ylayman. Nega deganda, o‘zimiz — bugun shu yurtda yashayotgan vatanparvar insonlar bu vazifani zimmamizga olmasak, chetdan kelib hech kim hech qachon bu ishni qilib bermaydi”. Yurtboshimizning bu da’vatlarini biz o‘zimizga dasturulamal qilib olmog‘imiz lozim.
Darhaqiqat, nazm gulshanining 22 janrida barakali ijod qilgan, qariyb 20 ming misradan ortiq nazm durdonalarini o‘zida jamlagan “Ta’viz ul-oshiqin” devonini, amakisi boshlagan “Firdavs ul-iqbol” va yana beshta mustaqil tarixiy asar yaratgan, 20ga yaqin asarlarni tarjima qilgan atoqli shoir, tarixnavis olim, mohir tarjimon, davlat va siyosat arbobi, Muhammadrizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy Yurtboshimiz nazarlarida tutgan xalqimizning buyuk namoyandalari sirasiga kiradi.
Muhammadrizo Ogahiy she’riyatining o‘q chizig‘i — oshiqlik, halollik, rostlik, elga-yurtga, Ollohga mehr-muhabbat, e’tiqod, iymondir.
Tangri tavakkul ahliga bo‘lg‘ay taraf bo‘lsa qachon,
Xayli tamavvul bir taraf, ahli tavakkul bir taraf.
Ahli tavakkul — Tangridan umidvorlar, xayli tamavvul — mulkdorlar, boylar. Aniq va tiniq ifoda — har qachon Tangri o‘ziga umidvorlar tarafidadir. Bu:
Bog‘ ichradur gul bir taraf, devona bulbul bir taraf,
Nozu tag‘oful bir taraf, faryodu g‘ulg‘ul bir taraf —
deya boshlanuvchi g‘azalning ichida tasavvuf ilmiga e’tiqod namunasi sifatida bitilgan, va yana, g‘azal oxirida shoir qo‘sh ma’nolik ila shunday deydi:
Gar so‘rsa holing, Ogahiy, yoring kelib ketgay edi,
Tandin takosul bir taraf, jondin takohul bir taraf.
Xuddi shunday, hazratning mashhur “Feruz” kuyi bilan aytiluvchi “ustina” radifli g‘azali:
Mushkin qoshining hay’ati ul chashmi jallod ustina,
Qatlim uchun nas keltirur nun eltibon “sod” ustina —
deb boshlanadi-yu, oxirrog‘ida shunday pandu nasihat yangraydi:
E shoh, karam aylar chog‘i teng tut yomonu yaxshini,
Kim, mehr nurin teng sochur vayronu obod ustina.
Chunki:
Xoki taning barbod o‘lur, oxir jahonda necha yil,
Sayr et Sulaymondek agar, taxting qurub bod ustina.
Va, eng hayratlanarlisi, bularni aytishdagi jur’atlilik dil tubidan otilib chiqqan vulqonga mengzaydi:
Ne jur’at ila Ogahiy, ochqay og‘iz so‘z derg‘akim,
Yuz hayli g‘am qilmish hujum ul zori noshod ustina.
Shoirning xalqchil, bir qarashda sodda va lekin tagma’noli, o‘ynoqi g‘azallari hamma davrda ham baland pardalarda jaranglayveradi. Ijodkor — zamon odami. U zamon nafasi bilan yashaydi, tiriklikning g‘amu shodmonlig‘iga vobasta umrguzaronlik qiladi.
Zaru xil’atdin etti Ogahiyni iydaro shodon,
Ilohi, shohga yetkur iki olamda shodonlig‘ —
deya hayit bayrami munosabati ila xalq shodmonlig‘iga qo‘shilib xursandchiligini izhor etadi. Hamda dunyoning pastu balandini, yorug‘-u qorong‘usini borliq vujudi ila idrok etganidan odam hayoti olam kengliklarida zarra yanglig‘ o‘tkinchiligiga iymon keltiradi.
Istabon aysh, Ogahiy, g‘am boshinga kelturmakim,
Dahr bazmu ayshi anduhi g‘amig‘a arzimas —
deyish bilan, kelgusi davr xushbaxtligiga ishonch shoirni boshqalardan ayri, ya’ni ulkan Shaxs maqomiga muqayyad etadi. Yaratganga iltijo va umidvorlik tuyg‘usi ufurib turgan g‘azallar hamma zamonlarda ham xuddi kuni kecha bitilganday iliq taxayyullarga tortaveradi:
Ey quyosh, yuzing ochkim, g‘am tunida zoringman,
Sidq ila nafas urg‘on subhi beg‘uboringman.
San jamolu hashmatda husn mulki shohisan,
Man malolu kulfatda bandai nazoringman.
Qilma ayb agar qilsam ishqing ichra ojizliq,
Qarilik yuki bosg‘on zoru bemadoringman.
Garchi o‘zgalar yonglig‘ aylay olmog‘um xizmat,
Lek olar qatorida bir umidvoringman.
Necha umrlardurkim furqating g‘ami ichra,
Yig‘labon kecha-kunduz zoru beqaroringman.
Marhamat ko‘zi birla holima nazar qilg‘il,
Ko‘ying ichra yer tutg‘on bir duoguzoringman.
Istasam aziz o‘lmoq tong yo‘q iltifotingdin,
Chunki Ogahiy yonglig‘ ishqing ichra zoringman.
Ogahiy hazratlari “Ta’viz ul-oshiqin” devoni debochasida shunday lutf qiladilar: “Emdi donishmand fuzalo va diqqatpayvand shuaroning lutf va muruvvatlaridan tarassud va tavaqqu’ (umid) ulkim, faqirning uzrig‘a quloq solib va holig‘a tarahhum qilib, aybpo‘shlig‘ ko‘rguzgaylar va bu nusxaning har satrida buzuq iborat ko‘rsalar, isloh berib, qoidag‘a muvofiq tuzgaylar va faqirni duoyi xayr bila yod va ruhimni hamul duo takroridin masrur va shod qilg‘oylar. Qit’a:
Har kim o‘qusa, duo bila yod etgay,
Ruhimni bu yod etmak ila shod etkay.
To Tangri aning bu karami borasida,
Joyini ikki jahonda obod etkay”.
“Debocha”dagi bu so‘zlarni qayta-qayta o‘qib, bundan qariyb 150 yil muqaddam sham yorug‘ida avlodlarga uzrxohlik ila qaydlarini tahriri raqam etayotgan holatdagi Ogahiy siymosi ko‘z o‘ngimda gavdalandi. Beixtiyor xayolimdan shoirning kamtarligi, duo istashi barobarida duogo‘yligi, sodda va faqirona iltijosida asrlar osha o‘quvchi ila hamsuhbatlik, hamnishinlik umidi qanotlandi. Bugungi qalam ahliga ham shu yanglig‘ kamtarlik saodatidan bahramand bo‘lishlikni tilagim, abadiyatga daxldor shoiri davron Muhammadrizo Ogahiy hazratlariga: “Ummon yanglig‘ to‘lqinli, chuqur falsafiy she’riyatingiz zamon adog‘igacha boqiy qolg‘usidir”, deya duolariga musharraf bo‘lgim keldi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 44-sonidan olindi.