OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mahmud Toir. So‘zdagi siyrat — so‘zdagi qudrat (2009)

Yaxshi so‘zga, tiniq tuyg‘uga, ilmu hikmatga ro‘baro‘ kelgan iymonli odam o‘z qalbini tafakkur tig‘ida o‘zi tilib yuboradi. Alalxusus, gulning ko‘pligi ko‘zga ziyon qilmagani kabi, dardga malham so‘zning ko‘ngil uchun ortiqchaligi yo‘q. Aksincha, bunday so‘zlar ko‘ngil ko‘zini ochadi. Inson esa qalb ko‘zi bilan olamni kengroq ko‘radi, uni o‘zgacha tasavvur qiladi.

Shu bois millat dardiga malham bo‘lishni istagan ijodkor uyg‘otguvchi nasimdek hamisha bedor bo‘ladi. Yurtboshimiz bejizga: «Adabiyotga e’tibor — ma’naviyatga, kelajakka e’tibor» mavzusida mustaqil yurt ijodkorlariga murojaat qilganlari yo‘q. Chunki xalq hamisha o‘z ijokorlarini yaxshi ko‘rgan, e’zozlagan, ulardan to‘g‘ri so‘z kutgan va ularning so‘ziga ishongan.

— Iste’dod insonga o‘zini emas, o‘zgalarni baxtiyor etmak uchun beriladi, — deydi Abdurahmon Jomiy. Shukurkim, betakror diyorimizda benazir iste’dod sohiblari azal-azaldan ko‘p bo‘lgan. Qaysi sohani olmang, dunyo ahlining e’zozu e’tirofida bo‘lgan o‘nlab bobokalonlarimizning, piru komillarimizning nomlarini tilga olish mumkin. Lekin endilikda maqsad faqat faxru iftixor emas. Mening o‘rnim, mening hissam, mening mas’uliyatim qaerda, nimada degan o‘y bizni bezovta qilib turishi kerak. Qolaversa, mustaqilligimizning 18 yillik balog‘at pog‘onasiga bir hatlab yetganimiz yo‘q. Kurashlar, og‘riqlar, azoblar, qurbonlar evaziga yetdik.

Savol tug‘ilishi tabiiy. Bugun ozodlik oromidan bahra olayotgan ijodkorlarimizning orzu-xayoli nimada? Yurt tinchligi, xalq farovonligi, Vatan ravnaqi yo‘lida ijod ahli hamdard, hamfikr, yakdilmi? Bu ezgu ishda ularga nima to‘siq bo‘lyapti? Og‘riq nuqtalari nimada?

Shu o‘rinda muhtaram Prezidentimizning Yozuvchilar uyushmasi faoliyati samaradorligini oshirish, milliy adabiyotimizni rivojlantirish to‘g‘risidagi fikr-mulohazalari bilan tanishgan har qanday inson yurt egasining tiyrak nigohiga, bizning dilimizdan o‘tib turgan o‘y-xayollarni to‘g‘ri his qilib turganiga tan bermay iloji yo‘q.

Hurmatli ijodkorlarimizga ushbu fikrlar yod bo‘lib ketgan bo‘lsa ham, ammo o‘zingga ko‘rsatilayotgan e’tibordan ko‘ksing tog‘dek ko‘tariladi. «Bizning bu boradagi barcha sa’y-harakatlarimiz, avvalo, Yozuvchilar uyushmasidagi muhitni yaxshilash, uni mavjud og‘ir vaziyatdan chiqarishdek muhim masalani hal qilishga qaratilishi zarur. Bu borada uyushma a’zolari, shoir va adiblarimizning o‘zlari nima ish qilishi, ayni paytda davlat, hukumat, Prezident tomonidan qanday yordam berishi kerakligini aniqlab olishimiz lozim».

Bizdan talab qilinadigani, avvalo, ijtimoiy faollik. Yaxshi niyatdan xush fikr tug‘iladi, ezgulik ezgulikka yo‘l ochadi. Ozod va obod Vatanning qadriga, eng avvalo, el-yurtning ziyolilari yetmog‘i kerak. So‘z aytmoqqa chog‘langan qalam sohibi dunyo ziynatiga emas, olam hikmatiga suyanmog‘i lozim. Demak asrlar osha ilmu hikmat, ezgulik, mehru ma’rifat yashab kelayotgan ekan, bizdan kelgusi avlodlarga qoladigani ham ana shu. Buning uchun esa yurtning shoir va yozuvchisi tinchlik, do‘stlik, birodarlik jarchisiga aylanmog‘i, Vatan qadriga qalqon bo‘lmog‘i, fidoyi oqimning oldingi safida yurmog‘i, dillarda ishonch va mehru muhabbat uyg‘otmog‘i, muhimi, ogoh bo‘lmog‘i lozim.

Ogohlik barcha-barcha uchun, shu Vatan havosidan, suvidan, nonu tuzidan bahramand bo‘layotgan, ayniqsa, tinchlik atalmish ulug‘ ne’matidan huzur topayotgan odamlar uchun zarur. Ularning oldingi safida esa ta’kidlaganimizdek, elning shoir va adiblari bo‘lmog‘i shart. Shu o‘rinda Rumiy hazratlarining quyidagi so‘zlari biz qalam ahliga aytilgandek:

— Maqsad — inson. Lekin har qanday, har nechuk inson emas. Yolg‘iz o‘z manfaati va ehtiyoji bilan band bo‘lgan, tirikchilik tashvishlaridan zir yugurib, ulardan baland ko‘tarila olmagan kimsa o‘z insoniy mohiyatini anglash yo‘lida o‘ziga parda bo‘ladi. Eslang: (sen hamma narsani unutishing mumkin, yolg‘iz bir narsani — nechun dunyoga kelgansen, shuni unutmasang bas, o‘zingni arzon sotmaysen, illo baxting baland!)

Ijodkorning baxti elning e’tirofida. Albatta, odamlarga ro‘baro‘ kelmay, el-yurtning yaxshi-yomon kuniga aralashmay, xilvatnishin bo‘lib ham jild-jild asarlar yozish mumkin. Ammo oddiy mehnatkash xalq o‘zi suygan shoir va yozuvchisini ko‘rishni, uning ovozini eshitishni istaydi. Qolaversa, qog‘ozdan boshingni ko‘tarib, odamlar ko‘ziga qarab she’r o‘qishning ham o‘z gashti bor. Eling seni xushlab tursa, avvalo, duosi yor bo‘ladi. Odamlarning ko‘zidan ko‘zingga, yuzidan yuzingga, dillaridan dilingga o‘tgan nur seni balqitadi. Sen ular mehrining og‘ushida yayraysan. O‘quvchi ko‘nglini topish izingga yoqilgan havas chirog‘idir. «Umringdan baraka top», desa, seni shoir qilib yaratgan egamga shukrona aytasan. Shukurli odamlarning esa ishida kushoyish bor.

Shundanmi, yurtboshimiz suhbatining boshidan poyonigacha ijod ahlini el ichiga chorlovchi da’vat bor. Keling, shu o‘rinda biz ijodkorlar ham o‘zimizga bir tanqidiy nazar bilan qaraylik. Odatda bizlar ko‘pincha g‘alvir suvdan ko‘tarilganda, ulkan-ulkan xirmonlar yaratib bo‘linganda, g‘oliblar oldingi safga o‘tganda, g‘alla bayrami, paxta bayrami nishonlanayotgan kezlarda davraga qo‘r to‘kib kirib boramiz. Yer egasining, mulk egasining sha’niga hamdu sanolar yog‘dirib, ikkita she’r o‘qib beramiz-da, shu bilan zimmamizdagi vazifani o‘rinlatib qo‘ygan bo‘lib, yana davradan xushhol chiqib ketamiz.

Xo‘sh, g‘allakor, paxtakor, sohibkor, chorvador yoki mashhur tadbirkor shu kunga yetib kelguncha boshidan nimalarni kechirdi? g‘alla, paxta ekish uchun tayyorlanayotgan qora shudgorning tepasida turganmizmi? Qatqaloq nima, sho‘r nima, g‘allaga tushayotgan zang, paxtadagi ko‘sak qurti, o‘rgimchak kana nima?.. Ularga qarshi kurashayotganda ohi olamni o‘rtab turganlarning chehrasiga boqqanmizmi? Bir boshoqdagi donni, bir tup g‘o‘zadagi shonani dehqon bilan sanashib ko‘rganmizmi? Umuman, katta xirmonga yetib kelguncha, paxtakoru g‘allakorlarning yuzlariga tabassum yoyilguncha o‘tadigan yo‘l nimaligini bilamizmi?

Ko‘pincha bu savollarni o‘zimizga bermaymiz-da, «men ijodkorman», degan iddaoni baland ovozda aytishni xush ko‘ramiz.

Ustoz Abdulla Oripovning «Oltin baliqcha» she’ridagi dard oqil odam dilini o‘rtab yuboradi. Zero, ostona xatlab ko‘chaga chiqolmagan inson to‘rt devor ichida bu olamni o‘zi xohlagancha tasavvur qilaveradi. Yurtboshimiz mustaqilligimizning dastlabki yillaridanoq ota-bobolarimizni butun dunyo bilishini, ularni ilm ahli o‘rtasda qadri, o‘rni borligini, avlodlar ham ajdodlariga munosib bo‘lishi kerakligini ko‘p bor ta’kidlaydilar.

Mazkur suhbatda ham o‘zbek adabiyoti dunyoga qanday chiqmog‘i kerak, degan savol bor. Biz dunyo adiblarini o‘qishimiz uchun Prezidentimizning o‘zlari «Jahon adabiyoti» jurnalini ochib berdilar. Jurnal chop etilayotgandan buyon dunyoga mashhur necha o‘nlab shoir va yozuvchilarning asarlari tarjima qilinyapti. Bundan barcha mamnun.

Biz dunyoga qanday chiqmog‘imiz kerak? Barcha ijodkorlar tan oladigan tarjima maktabini yarata olamizmi yoki bir-birimizga hamdu sano aytib o‘tiraveramizmi? Savol achchiq bo‘lsa ham haqiqatga tik boqadigan payt keldi. Albatta, bu o‘rinda ma’lum takliflar bildirilyapti. Ammo tashvishga solayotgan jihati shundaki, tarjima masalasida ham kitob chop etishdagi xatoga yo‘l qo‘ymasligimiz zarur. Demoqchimanki, hozir mablag‘i bor odam kitobini istagan shaklda, to‘g‘rirog‘i, tashqi qiyofasini oliy darajada chiqarish imkoniyatiga ega. Asarlar tarjimasida ham shu tariqa yo‘l tutilsa dunyo hamjamiyati oldida yuzimiz shuvut bo‘lib qolishi tabiiy.

Taklifim, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi tarjima kengashining tavsiyasi bilan millatga yuz bo‘ladigan, xalqqa g‘urur, Vatanga shuhrat keltiradigan asarlar tarjima qilinishi kerak.

Milliy universitetning filologiya fakultetida o‘qib yurgan kezlarda biz talabalar qozoq, turkman, tojik, avar, rus, qirg‘iz shoir va yozuvchilarining ijodini kuzatib borar, she’rlarini yod o‘qirdik. Adabiyotimiz darg‘alari G‘afur G‘ulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Zulfiya kabi ulug‘ yozuvchi, shoirlarimizning Mirzo Tursunzoda, Sobit Muqanov, Chingiz Aytmatov, Rasul Hamzatov, Konstantin Simonov singari o‘nlab adiblar bilan do‘stona aloqalariga, biri biriga mehmon, biri biriga mezbonligiga havas qilardik. Zero, qaysi tilda bo‘lishidan qat’iy nazar, adabiyotdan so‘z ochilsa, she’r o‘qilsa, qo‘shiq tinglansa, dillar dilga oqar suvdek yo‘l topadi. Shu nuqtai nazardan qardosh adabiyotlar bilan aloqalarni kuchaytirish bugun Yozuvchilar uyushmasining kun tartibidagi masalalardan biri bo‘lmog‘i kerak.

Aslida, har daryoning avvali irmoqlardan boshlanadi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining irmoqlari esa viloyatlardan, viloyatlardagi tuman va shaharlardan boshlanadi. Chunki respublikamizning chekka-chekka qishloqlarida hali azim poytaxt Toshkentni qo‘ya turaylik, o‘z viloyati markazini ham ko‘rmagan, ammo dilbar she’rlar bitib, yaqinlariga o‘qib berib, xush niyatda entikib yurgan talay-talay o‘g‘il-qizlarimiz bor.

Ularning qo‘lidan tutmoq, mashqiy bitiklari yuzidagi g‘uborlarni artmoq, qalblarida ishonch chiroqlarini yoqmoq uchun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limlarining ishini ham tubdan qayta qurmoq zarur. Zotan, bo‘limdagi birgina mas’ul kotib shtati bilan butun viloyat bo‘ylab ko‘zlangan maqsadga erishish mushkul.

Avvalo shuni komil ishonch bilan aytamizki, Prezidentimizning bu jonbaxsh suhbatlari uyushmaning viloyat bo‘limlari rahbarlarini behad quvontirdi. Chunki O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyati samaradorligini oshirish viloyat bo‘limlaridan boshlansa, shubhasiz, muammolarning ilk tuguni yechilgay. Biz esa bundan umidvormiz.

Eng muhimi, ota-bobolarimiz orzu qilgan hur zamon bizniki. Yilning to‘rt fasli ham to‘kis yuz ochguvchi jannatiy diyor bizniki. Biz oriyatli, oqibatli, zahmatkash xalqning kuychilarimiz. Oqibatli xalqning shoiru adiblari esa so‘z aytmoqqa chog‘langanda, qadr qayg‘usidan qalam yo‘nib, eli orini oq qog‘oz qilgaylarki, inshoolloh, toabad unga dog‘ tushmagay.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 37-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.